BUXORO VAZIRI NASRULLOHBEY PARVONACHI AFANDI HAZRATLARINA OCHIQ MAKTUB[1]
(Ey Vazoratpanoh[2], biz tartiboti jadidaga muhtojmiz)
Aniqdirki, hech qaysi millat hech bir zamonda bizda bo‘lganidek yurti xaroblik, xalqi falokat, ayonlari pastkashlik, idora ahli fasod, zolimlarning qon so‘rishi, ajnabiylar kalakalari, istiqbolining mushkulligi kabi illatlarga mubtalo bo‘lmagan! Butun mamlakat va millatni shu ahvolga keltirib qo‘ydikki, dunyodagi eng qiyin va tashvishli kunlarda yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga ma'yus tortib, qon yig‘lamoqdalar. Har qancha ko‘z va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham bu qadimgi islom millatining faryodi va bu muqaddas mamlakatimizning xarobligiga achinmay turolmaysiz. Lekin bu jimgina achinishdan ne foyda? Bu ketma-ket kelayotgan musibatlararo Siz kabi komil shaxsning harakatsiz achinishi va sukut holati qachong‘acha davom etadi? Bu kun mazlum islom millatining eng oydin fikrli ziyolilari jaholat va g‘aflatning ikki otiga minib o‘z kamsitilishining payini qirqish uchun chopmoqdalar. Muqaddas va mehribon ona vatanimizning o‘z haqini tanigan farzandlari zulm temir panjasidan tortib uni fano sahrosiga[3] tomon tortmoqda. Bu kun zalolat va gumrohlik zanjirining asiri bo‘lgan bizning holimizg‘a Hazrati Rabb' ul-izzatning[4] rahmi bo‘lib yuborilgan Sizsiz va bizning tojdor oliy hazrat padari mehribonimizni[5] hozirgi va kelgusi mushkulliklardan Sizgina xabardor eta olasizki, (amir) bizning ishlarimizni nazoratiga Sizni jalb etgan. Ya'ni Hazrati Xoliqning karami va adolatparvar podshohimizning lutfi Sizni nafaqat bu umri parishon va istibdodpesha bo‘rilarga o‘lja bo‘lib, qo‘ruvchisiz qolg‘an qo‘ylarg‘a mehribon cho‘ponlikka emas, balki ularning ishlarini tanzim qilish[6], tartibga solish uchun yuborg‘andir. Biz Sizning ishga tayinlangan kuningizni o‘z hayotimizning muqaddimasi deb bildik va ishga ma'mur bo‘lib kirishgan kuningizni o‘z milliy bayramlarimizdek nishonladik. Taassufki, bugunga qadar intizor ko‘zlarimizni qanchalar tikmaylik, istiqbolimizning saodati uchun tashabbus bo‘ladigan biror ishni Sizdan ko‘rmadik.
Ey, mehribon ona Vatanning barkamol farzandi!
Ey, Buxoro ezilgan millatining besabot tarafdori! Siz umr bo‘yi o‘zining noz va tantanalarga boy og‘ushida Sizni tarbiyalagan aziz va muqaddas vataningizning ishlarini xaroblik va parishonlikning qora kunlariga uloqtirib qo‘yib, uning ostidan o‘t yoqib kelayotgan balolarga mubtalo qilib, nega jim o‘tiribsiz?! Hamisha haq dinimiz va shar'iy Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning adolatlari soyasida tinchlik o‘rnatib kelingan vatanimiz kimsasizmi yo xarob holdami qoldi! Ming xil xavfu xatarlarga duchor bo‘ldi! Soatma-soat Sizga umidvor tikilgan ko‘zlarimiz yumilmoqda. Sizdan yordam va najot amallarini kutishdan tolmoqda. Siz nega jim o‘tiribsiz? Shu mazlum islom ummatining umidi, hayotimizning barakoti Sizning say'-harakatingiz va himmatingizdir. Bu baxtsiz islom millatining xizmati va muqaddas shar'iy Dinimizning mustahkamlanishi, albatta, Sizdan lozimdir. Bu muqaddas xizmat yo‘lida bir dam bo‘lsin sustkashlik qilishga Sizning haqqingiz yo‘q! So‘zingizning nufuzi va ulug‘vor ta'siri bo‘lgani holda bu kufroni ne'mat xabaridan ojizligingizning ma'nosi nima? Nima sababdandirki, siz o‘zingizdan lozim xizmatlarni oshkor, ochiq qilmaysiz? Turli firqalar orasida ulug‘ ishlarning tashabbuskori bo‘layotgan o‘sha himmat arboblarining Sizdan ne ustunligi bor? Ne mone'lik borki, tartiboti jadida vositasi bilan milliy saodatimizning yangi istiqbolli yo‘llarini ochib, qadrimiz va taqdirimizni a'lo darajada sharaflay olmaysiz? Bir zoti komilning haqqi uchun Vatanimiz hamdo‘st va hamdin kishilarga to‘la bo‘lsa qanchalar savob?! Bir millatning hayoti uchun qayg‘urub, Allohning fazlu karamiga sabab bo‘lmoqdan qaysi shuhrat ortiqroqdir? Raiyat orasida Sizga nisbatan ixlos va muhabbat bor, bu Yaratganning karamidirki, Sizni favqulodda nufuz sohibi qilib boshimizga yubordi. Oliy hazrat tojdor padari buzrukvorimiz, adolatparvar podshohimiz bizni tarbiyat va tanzim[7] etmak amrini Sizga bergan. Ne to‘siqki, Sizni bu muqaddas xizmatdan qaytarsin?! Magar boshqalar g‘aflatda qolg‘an bo‘lsalar, Sizda g‘aflat qilmang. Boshqalar g‘aflatining tashvishi Sizning g‘aflatingizchalik bo‘lmaydi. Nauvzibilloh[8], bunday muqaddas vazifani bajarishda sustkashlik qilsangiz ertaga intiqom olg‘uchi Allohning huzurida nima deb javob berasiz?!
Nushiravon[9] namo‘rd ki nomi neku go‘zosht (Nushiravon o‘lmadi, chunki yaxshi nom qoldirdi).
[1] Fitratning bu maktubi ilk bor 1910 yili Istanbulda chiqadigan «Ta'rufi muslimin» («Musulmonlar ta'riflari») nomli «diniy, siyosiy, tarixiy, falsafiy va ahvoli olam»dan bahs qiluvchi haftalik majalla sahifalarida, (1328/1910 yil, 25-adad, 2-jild; 8 dekabr, payshanba) e'lon qilingan. Maktub Amir Olimxon Buxoro taxtiga o‘tirgandan keyin Nasrulloh Parvonachining bosh vazir lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan yozilgan. Fitratning Istanbulda chop etilgan ilk asarlari kabi bu maktub ham fors tilida bitilgan. Garchi majalla turk tilida chiqib turgan bo‘lsa ham Fitratning bu maktubini ayni holda, ya'ni fors tilida chop etgan. Asar fors tilidan tarjima qilinib, e'lon qilinyapti. Dastlab, «O'zbekiston adabiyoti va san'ati»ning 1996 yil 9 may sonida e'lon qilingan (mutarjim H. Boltaboev).
Fitratning boshqa jadidchilik ruhiga hamohang bo‘lgan bu maktub ulug‘ adibimiz salohiyatining yangi qirralaridan kitobxonni xabardor etadi deb ishonamiz.
[2] vazoratpanoh - vazirlarni panohiga olgan. Bu yerda: bosh vazir lavozimi.
[3] fano sahrosi - yo‘qlik girdobi.
[4] Hazrati Rab'u-l-izzat - Allohning sifatlaridan biri bilan uning muborak nomi tilga olinyapti.
[5] Padari mehribonimiz - Buxoro taxtiga yangigina chiqqan Amir Olimxon nazarda tutiladi.
[6] tanzim qilish - nizomga, tartibga solish.
[7] tarbiyat va tanzim - tarbiya va tartib.
[8] Nauzibilloh - Alloxdan panoh so‘ramoq.
[9] Nushiravon yoki Anushirvon - mashhur Eron (sosoniy) hukmdorlaridan bo‘lib, istibdodpesha sarkardalar orasida faqat yaxshi nom bidan, ya'ni adolatli podshoh sifatida tarixda qolganiga ishora.