Xalqimiz ilm va maorifning haqiqiy qimmatini o‘lchay olmasa-da, maktabdan asl maqsad nima ekanligini durust tushunmasa-da, «maktab degan o‘quv yurti bor, unda bolalar borib o‘quydilar» deb bilalar, ixtiyorli, ixtiyorsizmi bolalarini maktabga yuboralar.
Ammo «Bolalar bog‘chasi» degan so‘zni eshitmagan odamlar ko‘bdir. Shuning uchun bu to‘g‘rida bir oz ma'lumot bermak, bu kunlarda ochilgan «Bolalar bog‘chasi»ga aholining diqqatini jalb qilmoq munosib ko‘ruladi:
«Bolalar bog‘chasi» shundoq bir binodirki, anda o‘quv yoshiga yetmagan 4-6 yashar bolalarni yig‘ib asraydirlar. «Bolalar bog‘chasi» shaharning eng yaxshi va xushhavo yerinda, bog‘chalik bir binoda bo‘ladir.
Bolalar bog‘chasinda bolalarning sonlariga qarab uch-to‘rt nafar bola tarbiyasini yaxshi biladirgan tarbiyachilar qo‘yulalar. Bolalar kunda soat sakkizdan ikki yoxud to‘rtgacha u yerda asralanalar.
Tarbiyachilar bolalarni har qismi oddiy o‘yunlar bilan o‘ynatalar, kog‘oz, loy va cho‘bdan har narsaning suratini va namunasini yasatalar. Qalin kogozdan kesilgan yoxud cho‘bdan yasalg‘on harflarni bolalarning qo‘llarig‘a berib, o‘yun yo‘li bilan harflarni tanitalar. Bolalarning o‘z a'zolari va ko‘zlariga ko‘runib turyun narsalarning otlari va sifatlarindan qisqa-qisqa so‘zlar yasab, bolalardan aytiralar. Shul vosita bilan bolalarni to‘g‘ri va usta so‘ylamakka o‘rgatalar. Bolalarni birga o‘ynatib, birga o‘turtub, birga turg‘uzub jamoat bilan ishlamak, jamoat bo‘lib tirikchilik qilmoqg‘a odat qildiralar. Bolalarning tez-tez och qolishlarini e'tiborga olib, bolalar tabiatiga muvofiq yengil-engil yemaklar yeguzalar. Bolalarni pokizalikga odat qildiralar. O'yun vaqtinda, tamaq vaqtinda kiyimlarini, qo‘llarini bulg‘otdirmaydirlar. Bolalarga qisqa-qisqa she'rlar o‘rgatib, musiqiy havosi bilan o‘qutub, ruhlarini tarbiya qilalar. Bolalarning esonliklarini saqlamoq, gavdalarini o‘sdurmak uchun tabiblar so‘zlari bo‘yincha har qism harakat qildiralar. Xulosa, bir tarbiyali onadan ortuqroq bolaga qarashalar va asraydirlar.
Madaniy millatlar ichinda «Bolalar bog‘chasi» ko‘b zamonlardan beri bor. Va bolalar maktabdan burun u yerdan tarbiya olalar. Sho‘rolar hukumati soyasinda bolalar bog‘chasi Turkistonda ham ko‘paymoqladir. Eski Toshkandda musulmonlarning bir necha bolalar bog‘chalari bo‘ldi.
Samarqandda o‘tgan yil ruslar uchun sobiq g‘ubirnatur bog‘inda, yahudiylar uchun qizlar gimnaziyasi yonindagi binoda «Bolalar bog‘chasi» ochilib, milliyunlar sarf qilinmoqdadir.
Ba'zi maorif sho‘‘balarinda qotishib yurgan maorifparvar o‘rtoqlarning ko‘shishlari bilan o‘tgan bahor eski shaharda Xayrobod qitasinda Quliboybachcha hovlisinda musulmonlar uchun ham bolalar bog‘chasi ochilib edi. Lekin bolalar bog‘chasi nima ekanligini xalq anglamadi, bolalarini yubormadilar. Bir talay xarajatlar bo‘shg‘a ketdi, tarbiyachilik uchun Toshkanddan kelturulgan, bolalar bog‘chasi kursig‘a o‘qug‘on tatar hamshiralarimiz bola yo‘qlig‘idan zerikib yana qaytib Toshkandg‘a ketdilar. Lekin eski shahar maorif sho‘‘basi bolalar bog‘chasining kerakligini, bola tarbiyasi uchun lozumini ko‘zga olib mazkur Quliboybachcha uyinda yana «bolalar bog‘chasi» ochdi. Emdi xalqimiz mundoq tarbiya uyindan istifoda qilmoq uchun 4-6 yashar bolalarini bu yerda yuborsalar edi.
Eskidan beri xalqimiz bolalarni to‘rt-besh yasharligidan maktabga eltalar, domlog‘a aytadurgon so‘zlari: «Taqsir, o‘qumasada, aldab-suldab maktabda saqlang, uyda sho‘xliq qilib, onasini bezor qiladir. Ish kuchidan qoldiradir, ko‘chalarda, noqulay yerlarda o‘ynaydir. Biron o‘sal bo‘lmasin deb qo‘rqaman. Maktabda tursa, man bozorda, onasi uyda xotirjam bo‘lamiz...» Ana shu hollar ko‘rsatadirki, yosh bolalarni asramak va yomon o‘yunlardan, noqulay ishlardan saqlamoq uchun bir yer kerak ekan. Boshqa munosib bir yer yo‘qlig‘indan otalar bolalarini yosh chog‘indan xotirjam bo‘layluk deb maktabga eltalar. Lekin yosh bolalar-ni maktabga yubormak va o‘quydirgon bolalar qatorinda o‘tquzmoq bolaning esonligig‘a ko‘b zararlikdir. Bola yosh chog‘inda ko‘ngli xohlamaydirgon biron ishga majbur qilinsa, badani oruq bo‘ladir. Dimog‘ va miyasiga xalal keladir, qoni buziladir, a'zosi o‘sishdan qoladir va boshqa kasallarga uchraydir.
Ko‘chada, uyda o‘z holicha qo‘yulsa, yomon o‘yunlar o‘ynaydir, ko‘cha bolalari bilan yoqalashib, urushib axloqi buziladir, yoshlikdan ayg‘oqliqni, oliftalikni o‘rganadir. Ko‘chada ot va aroba ostinda qolib, yoki tom va yog‘och ustindan yiqilib, biron o‘sal bo‘lmog‘i ham mumkindir. O'sal bo‘lmasa-da, o‘z boshiga o‘ynab yurgan bolani «Nima bo‘ldi?», deb ota-onaning yuragi titraydir. Mana, «Bolalar bog‘chasi» shu hollarning borisiga choradir.
«Bolalar bog‘chasi»ning birinchi foydasi bolalarni mazkur hollardan, ota-onani behuda tashvishlardan qutqarmoqdir. Ikkinchi foydasi bolalarni yaxshi tarbiya qilib, lozim ishlarga o‘yun yo‘li bilan o‘rgatib, maktabdan burun maktabga hozir qilmoqdir.
Bu xulosalarni xalqimiz durust anglab, minglarcha xalq aqchasi sarf bo‘layotgan bu ishlardan istifoda qilsalar edi. Anglag‘on kishilarga lozimdirki, anglamagonlarga tushuntirsunlar. Muni yaxshi bildirsunlarki, maorif sho‘rosi, xalq hukumati bu ishlarni o‘yun uchun yoxud o‘zi uchun qilmaydir. Balki xalq aqchasindan bir qismini xalq manfaatig‘a sarf qilmoqchi bo‘ladir. Bizga lozimdirki, go‘sht do‘koninda navbat ko‘zlab turgandek, maktab va bog‘chalardan ham birimizdan birimiz burunroq navbat olmoq va istifoda qilmoq uchun yugursak.
So‘z oxirinda shuni esga tushurub o‘tamizki, yahudiy vatandoshlarimiz ahmoq kishilar emaslar. Balki bularning ziyrakliklariga barchamiz qoyilmiz. Bular hunar maktabi ochdilar, eskidan savdogar bo‘ldiqlari holda o‘n qo‘l bilan yangi hunar, yangi ishlarga yopishdilar. Bolalar bog‘chasi ochib bolalar bilan to‘ldirdilar, hosili qancha mumkin bo‘lsa, shuncha foyda olayotibdirlar.
Holo biz bolalarimizni oxiri soldat qiladir deb qo‘rqmoqda, xayolot bilan ovora bo‘lib, istifoda yo‘llarindan mahrum qolmoqdamiz.
«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1919 yil, 3 noyabr