OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Ko‘rmaylik – kuymaylik (1924)

Bizning ota-bobolarimiz avliyo ekanmi yoki o‘z zamonlarida ularg‘a hazrati Xizr nazar qilg‘on ekanmikim, ularning davrlaridag‘i xayru barakot, omonliq, arzonchiliq bizning zamonimizda yo‘q. Yoki ularning qilib ketgan ishlarini va solg‘on imoratlarini bukun biz qila olmaymiz. Hatto ulardan nusxa-nishona qolg‘on katta binolarni toza saqlashdan ham ojiz qolamiz. Shundan bilinadirkim, rahmatlik ota-bobolarimizda biz bilmagan va ko‘rmagan biror xislat bor ekan...

Hali esimda borkim, bobomning vaktida bir mardikorning kunlik mehnat haqqi 40 pul, hunarmand va borib turgan ovozador bir ustaniki 2 tanga edi. U vaqtda choryak go‘sht tanga miri, bitta non uch pul edi. Qadoq-padoq degan narsa u zamonda yo‘q edi. Bunday chatoqlik toshlarning hammasini kofirlar chiqardi. Bizlar bobomiz zamonida chaqmoq chaqib olov yoqar edik. U vaqtning gugurdi bir turlik «jaydari» deyilgan gugurd edikim, musulmonoboddan qolg‘on eski baqqollarimizning do‘konida hali ham to‘da bo‘lib yotadir.

Rahmatlik otam aytar edi: Bolam, har zamonda arzonchilik va farovonlik o‘shal zamon podshohining adolatiga qaraydir. Insoflik, odil podshohning davri tinchliq va arzonchiliq bilan o‘tadir. Xizr nazar qilmagon va yo chiltonning a'zosi bo‘lmagon kishi podshoh bo‘la olmaydir. Demak, podshoh bo‘lmoqning bir sharti azimi valiy bilandir.

Bobomning so‘zlariga qarag‘onda, bukungi bolsheviklar ham chiltonlarning a'zosidir! Bularg‘a ham, albatta, hazrat Xizr nazar qilg‘ondir. Shunday bo‘lmasa edi, bular Turkistondek aziz-avliyolarning yurtida 7 yil hukmronlik qila olarmi edi!?

Maqsaddan uzoq ketdik. Bizning yuqoridag‘i sarlavhani qo‘yishdan maqsadimiz, bu maqolada ota-bobolarimizdan qolg‘on tog‘dek binolarning bukungi xaroblik holidan bir oz dard-hasrat qilish va shu munosabat bilan osori atiqa komissiyasini so‘kib o‘tish edi. Lekin nima bo‘ldiyu qalam qing‘irliq qilib boshqa tomong‘a burulib ketdi.

Shahrimizdagi eski binolarni butun va toza sakdash uchun ko‘pdan beri osori atiqa komissiyasi bor. Bu komissiya oyliqxo‘rliqqa va qo‘lig‘a pul tushg‘onda uni «yakdardil» hisobi bilan sarf qilishg‘a xeyli chechan, lekin eski binolarni remont qilish va ularni toza saqlashg‘a juda ham michaldir. Eshitganimizga qarag‘onda, osori atiqa komissiyasi shahar o‘rtasidag‘i katta binolarning axlat va odam porusi bilan to‘lg‘onini ko‘rub shu fursatdan bir muncha istifoda qilmoqchi bo‘lg‘on. Ya'ni taxminan yuz arobalik axlatni musulmon tabiblarig‘a va madrasalar ustidagi porularni obchakor dehqonlarg‘a batarxi tamom sotib, pulini o‘zining mayda-chuyda qilg‘on xarajatig‘a hisob etishga qaror qilg‘on.

Hol shunday ekan, duo qiling, o‘rtoqlar! Xudo boshimizdan yo komissiyani ko‘tarsun yoki shu binolarni... Toki ularni ko‘rmaylik-kuymaylik.

Boturbek

«Mashrab», 1924 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.