OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Qozi kaloni Shal va uning bolalari (1926)

(Adabiy taftishlar va tarjimai hol)

Bir vaqt Turkistonda va balki butun O'rta Osiyoda maorif va madaniyat o‘chog‘i bo‘lg‘on Samarqandning, o‘n ikkinchi asri hijriy o‘rtalarida (60-70 yil) o‘zaro urushlar natijasida xarobazor holida qolg‘onlig‘i tarixdan ma'lumdir. Shu xarobliq chog‘larida Samarqanddag‘i bir necha muhtasham binolar fatorat bo‘lg‘on va ko‘b qimmatlik nodir kitoblar, vaqfnomalar yo‘qolib ketgan. Hatto uzun zamonlar qimmatchiliq va qahatliq sababidan shahar ichi odamsiz qolib, dalalarda ham ekinchilik bo‘lmag‘on.

Mana shu xarobliq va buzg‘unliqlar, Movarounnahr hukumati mang‘itlar qo‘lig‘a o‘tgandan keyin bir muncha tuzala boshlag‘on, mang‘it amirlaridan Shohmurod o‘zining otasi Doniyol zamonida (1195 yilda) Samarqandg‘a hokim tayin etilgandan e'tiboran shaharni bir qadar tuzatishga va obod etishga kirishgan. Buzilayozg‘on madrasa va masjidlarni ta'mir (remont) qilg‘on. Samarqandning tashqi qal'asini qaytadan tuzatib, avvalgi holig‘a keltirgan. Shohmurod otasining taxtiga o‘tirg‘ondan so‘ngra (1199 yili), bir yoqdan, jiddiy suratda Samarqandni obod etishga bel bog‘lag‘an. Tevarakdan xalqni ko‘churib, shaharga o‘rinlashtirgan va qancha yangi guzar (mahalla)lar tashkil etgan. Ikkinchi yoqdan, vaqf ishlarini tartibga qo‘yg‘on. So‘nib qolg‘on maorif chirog‘ini yoqib, Mirabdulhay (Qozi Shal)dek olim bir zotni Samarqandg‘a qozi va mudarris belgilagan. Yolg‘iz Samarqandda emas, butun Buxoro va Turkistonda ilmu fazli bilan shuhrat chiqarg‘on Qozi kaloni Shal shu Mirabdulhaydir.

Qozi Shal bir tomondan, qoziliq vazifasini bajarib, boshqa tomondan, Sherdor madrasasini tuzatib, shunda darsgo‘ylik eta boshlag‘on. Bir necha yilda ko‘p olim va shogirdlar yetishturgon. Shu orada qozining tarbiyasi bilan o‘zining uch-to‘rt o‘g‘li ham mashhur olimlar qatorig‘a kirganlar. Qozi o‘zining umri oxirida ikki oyog‘i shal bo‘lg‘on esa ham, jim turmag‘on. O'n uch yillik shallik vaqtlarini ta'lif va tahrir bilan o‘tkazib, bir necha diniy-axloqiy asarlar yozgan. Qozi kaloni Shalning faqat o‘zi emas, uning ota-bobolaridan boshlab hozirgi zamonimizgacha yetib kelgan bolalari ham ilmu fazl oshiqi bo‘lib, maorif yo‘lida ishlab kelganlari uchun men ularning qisqacha tarjimai hollarini yozib o‘tmakchi bo‘ldim.

«Qozi kaloni Shal» laqabi bilan shuhrat topgan shayx ul-islom qozi Mirabdulhay Abulxayr A'lamning o‘g‘li va Mavlaviy Fayziyning nabirasidir.

Mavlaviy Fayziy o‘z asrida shuhratlik olimlardan bo‘lg‘on. Buning «Mulla Jamol» tatimmasiga yozg‘on arabcha sharhi Turkiston ulamolari orasida mashhur va maqbuldir. Qabri Shahrisabzda «Xo‘ja Amakana» degan mazoristondadir. Abulxayr esa Samarqandning mo‘‘tabar olimlarindan sanalib o‘z zamonida a'lam bo‘lib o‘tgan. Buning qabri Samarqandda «Xon Sayid Imom» qabristonidadir. Qozi Shalning ota-bobolari Samarqand tumanidagi «yori» jamoasidan (tojik) dir.

Qozi kaloni Shal Samarqandda 11b9nchi yidda dunyog‘a kelgan. Yigirma olti yoshida Buxoroda xatmi kutub qilg‘on. So‘ngra amir Shohmurod taxtga o‘tirishi bilan barobar (1199 yilda) uni Samarqandg‘a qozi kalon qilib yuborg‘on. Bundan boshqa amir tomonidan qozig‘a yurtni boshqarish va xalqni tinchitish uchun butun ixtiyor berilgan.

Qozi Shal Samarqandg‘a kelishi bilan barobar o‘zining bo‘ynidag‘i vazifasini bajarishga tirishadir. Bir tomondan, xalqning arzu dodini so‘raydir, boshqa yoqdan, buzg‘unliq zamonida buzulayozg‘on Sherdor madrasasini remont qilib, shunda talabalarg‘a turli ilmu fandan dars berishga kirishadir. O'qishga salohiyatlik kishilarni atrofiga to‘playdir. Kambag‘al mullabachchalarga moddiy yordam beradir. Shuning bilan qozining shuhrati Turkistonning har tomonida yoyiladir; har yoqdan talabalar kelib, qozi huzurida tilagan ilmu fanlarini o‘qiya boshlaydirlar. Samarqand bilim o‘chog‘ig‘a aylanadir.

Qozi kaloni Shal kerak amir qoshida va kerak xalq orasida boshqa kishilar ko‘rolmagan darajada zo‘r hurmat va e'tibor qozonadir. Davlat va sarvat egasi bo‘ladir. Ahroriy, Mirakoniy va Mahdumi A'zam xo‘jalaridan ham qorachadan qiz olib uylanadir. Katta oilalik bo‘ladir. Qozining xususiy ta'lim-tarbiyasi bilan o‘zining bir necha o‘g‘li ham turli ilmlardan xabardor bo‘lib yetishadirlar. Shuning bilan qozining xonadoni bu kungacha ilm oilasi bo‘lib keladir.

ASARLARI

Qozi Shalning nabirasi bo‘lgan Abutohirxo‘ja o‘zining «Samariya» degan forscha tarix kitobida, bobosining shallik vaqtida yozg‘on asarlarini shu tartibda ko‘rsatadir:

1. «Bayzoviy» tafsirining havoshiysi.

2. «Sahihi Buxoriy»ning forscha sharhi.

3. «Zabur»ning forscha sharhi.

4. «Axloqi Bahodurxoniy».

5. «Hidoya» sharhining sharhi («Bali'» kitobidan oxirig‘acha).

Marhum Vasliy afandining so‘ziga qarag‘onda, qozi Shalning bulardan boshqa forscha va arabcha tillarida yozg‘on «Muqaddimat ut-tafsir» ismli asari bor ekan. Taxminan uch yuz betdan iborat bo‘lg‘on bu kitobda tafsir ilmini bilmak uchun bir necha ilmdan xabardor bo‘lishning kerakligi bayon etilgan emish. Vasliy afandi shu kitobda Buxoroda qozi Shalning avlodidan bo‘lg‘on Abdusamadxo‘janing qo‘lida ikki nusxa borlig‘ini gapirgan edi.

Vasliyning rivoyatiga ko‘ra, qozi Shalning asrida Hindistonda o‘zining bir necha asari bilan shuhrat chiqarg‘on «Bahr ul-ulum» degan bir olim Buxorog‘a kelib, undagi ilm kuchlarini sinamakchi bo‘lg‘onida, uning ko‘ziga maqbul bo‘larliq biror olim ko‘rinmagan. So‘ngra amir Shohmurod shu olim bilan munozara qildirish uchun qozi Shalni Buxorog‘a chaqirg‘on. Qozi borolmay, o‘zining boyog‘i «Muqaddimat ut-tafsir» kitobini yuborg‘on. «Bahr ul-ulum» bu kitobni ko‘rib qozining fazlu kamoliga qoyil bo‘lg‘on.

Samarqandda bu kunlarda barhayot bo‘lib, 85 yoshlarg‘a kirgan mulla Odil muftining aytishiga ko‘ra, qozi Shal tomonidan Qur'onning taxminan oxirgi uchdan bir bo‘lagi forscha va arabcha tillarida tafsir qiling‘on ekankim, buni mulla Odil: «Men uni juda shavq bilan mutolaa qilg‘on edim. Shu kitob samarqanddik Mirzo Homidiy Ko‘knoriyning qo‘lida bor edi» deydir[1].

Qozi kaloni Shal bulardan boshqa «Tavrot»ni ibroniy tilidan va «Injil»ni arabchadan forsiyga tarjima qilg‘on. Hatto Samarqand juhudlari «Tavrot»ni uning oldida o‘qur ekanlar. «Tavrot»ning ibroniy nusxasi bilan birga forsiycha tarjimasi bu kunlarda samarqandlik mirzo Muhammadquli Nizomiddin o‘g‘lining qo‘lida bor. (Kitob arab hurufi va ibroniy tilida yozilg‘on. Har bir satrning ostida forsiycha tarjimasi bor).

Men o‘zim «Zabur»ning forsiycha tarjimasini mulla Faxriddin Rojiyning qo‘lida ko‘rub, kitobning muqaddimasini yozib oldim. Qozi Shal bu kitobning muqaddimasida samoviy kitoblardan bo‘lg‘on «Tavrot», «Injil» va «Zabur»ni tekshirib, bulardan faqat «Zabur»ning uzoq o‘zgarganligini, boshqalari butunlay taxrif topg‘onlig‘ini yozadir va bu to‘g‘rida o‘zining «Kitobi Shofifiy fi sharhi tafsiri Bayzoviy» ismli asarining muqaddimasida uzun ma'lumot berganligini aytib o‘tadir. «Zabur»ning forsiycha tarjimasini Samarqandda Said Ahmadxo‘ja Naqibning amri bilan yozg‘onlig‘ini ifoda etadir.

«Zabur»ning tarjimasi ta'liqxati bilan yozilg‘on, 284 sahifadir. Kitobning oxirida tarixi yozilg‘on bo‘lmasa ham, 50 - 60 yil ilgari asli nusxasidan ko‘churilib yozilg‘onlig‘i gumon qilinadir.

SHAJARASI

«Samariya»ning qo‘lyozma bir nusxasida qozi Shalning shajarasi shunday yozilg‘on: Xo‘ja Abdulfayz imom Kozim naslidan bo‘lg‘on Jaloliddin Bag‘dodiy bin Said Muhammad Muslimning qizi bilan uylandi. Undan Xo‘ja Abdulboqiy tug‘uldi, undan Xo‘ja Said Ashraf, undan Xo‘ja Said Nizomiddin, undan Xo‘ja Said Ali, undan Xo‘ja Said Imo-diddin, undan Xo‘ja Shamsiddin, undan Mirshahobiddin, undan Xo‘ja Mirabdulboqiy, undan Xo‘ja Mirboqiy, undan Xo‘ja Abdulmo‘min, undan Xo‘ja Abdulfattoh, undan xo‘ja Shohmirxo‘ja, undan Mohpora begim degan qiz tug‘uldi.

Ushbu Mohpora begim mavlono Fayziy ibn mavlono Orif bilan uylandi. Mana shulardan Mirabulxayrxo‘ja tug‘ildi. Bundan Mirabdulhayxo‘ja dunyog‘a kedtsi. Bu shaja-ra «Samariya»ning 1904nchi yilda Petrogradda bosilg‘on nusxasida yo‘qdir.

Abutohirxo‘janing «Samariya»da yozg‘onig‘a ko‘ra, qozi Shal Samarqandda qirq yil qoziliq qilg‘on. Bunga qarag‘onda, qozi Shal o‘zining vafotidan to‘rt yil ilgarigacha qoziliq qilg‘on bo‘ladir. Chunki ul o‘ttiz yoshida qozi bo‘lib, 74 yoshida vafot etgandir. Lekin Samarqandning eski olimlaridan bo‘lg‘vn qozi Isaxonning so‘ziga ko‘ra, qozi Shalning qoziliq muddati qirq yilga yetmaydir. Chunki amir Shohmurod (1216nchi yilda) o‘lgandan keyin uning o‘g‘li amir Haydar o‘zining podshohliq vaqtida qozi kaloni Shalni bekor kilib, Buxorog‘a chaqirtirib oladir. Buning o‘rniga o‘zining xotuni tomonidan qarindoshlig‘i bo‘lg‘on Mirakoniy xo‘jalardan Abdulbarakot degan bir kishini qozi kalon qilib Samarqandg‘a yuboradir. (Amir Haydar 1244nchi yilda vafot etgan.) Bunga qarag‘anda, qozi Shal necha yil Buxoroda qolgon. Buning qoziliq zamoni ham qirq yilga yetmagan bo‘ladir.

Qozi Shal to‘g‘risida xalq ichida, ayniqsa, mullalar orasida turli hikoyat va rivoyatlar juda ko‘bdir. Ulardan ba'zilarini bu yerda naql qilib o‘tamiz. Qozi Shal katta davlatlik bo‘lg‘on. Uning bog‘-er va uskunalari juda ko‘b ekan. Ul qozi Isoxonning bolalaridan bo‘lg‘on Nosirxo‘janing ko‘b yer va bog‘larini ozgina haq berib olg‘on emish. Hatto, vaqfnomalari yo‘qolg‘on ba'zi vaqf yerlarini (yasama vasiqalar chiqarib) egalik qilg‘on emish. Buning uchun Ahroriy xo‘jalar bilan uning orasida anchagina janjal va anglashmovchilik chiqqan emish...Mana, qozi Shal haqida shunday «emish-mimish»lar juda ko‘b eshitiladir. Bu so‘zlarning qanchasi to‘g‘ri va qanchasi noto‘g‘ri ekanligi bizga ma'lum emasdir. Harhodda, bu mojarolardan qozining bir muncha dunyog‘a haris ekanligi anglashiladir. Lekin shuni ham aytib o‘tish kerakkim, qozi Shal mol topishqa qancha tirishqan bo‘lsa, o‘shancha marhamat va shafqatli, xayru ehson egasi va olihimmat bo‘lg‘on. Beva-bechoralarg‘a, ayniqsa, kambag‘al mullabachchalarg‘a hamma vaqt moddiy ko‘magini ayamag‘on. Hatto qozining «xotiningiz o‘g‘ul tug‘di», deb yaxshi xabar keltirgan bir kishiga «sevinchlik» uchun bog‘ini vasiqalab berganligi rivoyat etiladir.

BOLALARI

Qozi Shaldan olti o‘g‘ul va bir necha qiz qolg‘on. O'g‘ullari:

1.Abusaidxo‘ja.

2. Ma'sumxo‘ja.

3. Eshonxo‘ja.

4. Buzrukxo‘ja.

5. Shirinxo‘ja.

6. Mirsulaymon maxdum esa qorachadandir.

Bulardan Shirinxo‘ja bilan Buzrukxo‘jasi ilmsiz qolib, boshqalari olim bo‘lg‘onlar. Qozi Shalning eng fozil o‘g‘li bo‘lg‘on Abusaidxo‘ja (Marjoniyning ustozi) Mirakoniy xo‘jalardan bo‘lib, Buzrukxo‘ja Ahroriylardandir. Mirsulaymon maxdum esa qorachadandir.

VAFOTI, QABRI

Umrining oxirlarida o‘n uch yil shal bo‘lg‘on qozi kaloni Shal bu kasalidan qutulmoq uchun ko‘b doru davolar iste'mol qilgon bo‘lsa ham, shifo topmag‘an. Hamma vaqt ikki oyog‘i surunigacha og‘rib, kuyar darajada qizir ekan. Faqat oyoqlarini sut ichiga solib tutish bilan dardi bir muncha taskin topar ekan. Shunday bo‘lsa ham, qozi Shal bekor turmagan. Din va millatga xizmat etish ishki uni o‘lganigacha ishlab turishg‘a majbur etgan. Ul ko‘prak asarlarini shallik chog‘larida yozgan. O'lganidan bir necha yil ilgari qozini zoiqa bitib, ul taom-mevaning achchiq-chuchukligini sezmay turg‘on holda qolg‘on bo‘lsa ham, ilmiga va aqlig‘a futur kelmaganligini rivoyat etadirlar.

Qozi Shal 1243nchi yilda 74 yoshida vafot etgan. O'ligi Xo‘ja Ahror qabristonining yonida, o‘zi tomonidan sotib oling‘on bir maydonda dafn qiling‘on. O'g‘ullari, xotin-qizlari va bir qism avlodining qabrlari ham o‘zining tevaragidadir[2].

Qozi Shalning qabri atrofida sakkizta g‘ishtlik sag‘ana va qirqtacha oddiy qabr borkim, hammasi ham xarob holidadir. Qozining so‘l tomonidag‘i bir qabrning ustidagi uzun toshda arabcha: «Bu qabr Hidoyat poshsha qozi Abdulhayxo‘ja qizining qabridir. 1277», deb yozilg‘ondir. Yana so‘l tomondag‘i buzulg‘on bir sag‘ananing bosh tarafida ganch ustiga siyoh bilan arabcha: «To‘ra poshsha Buzrukxo‘ja qizining qabri», degan mazmunda bir satr xat zo‘rg‘a o‘qiladir. Bu xatning boshqa o‘runlarini o‘qub bo‘lmadi. Tarixi ham bilinmadi.

Qozi Shalning qabridag‘i toshtaxtalar buzilib, sinib, ko‘bisi yerga tushgan. Qabrning bosh tomonidag‘i yozuvli tosh ham sinib pastga tushgan. Bu toshdan faqat ikki parchasini topib qabrning yonig‘a qo‘ydim. Bu tosh parchalaridagi xatda qozi bilan otasining ismlari ko‘rinadir.

«Maorif va o‘qutg‘uvchi» jurnali,

1926 yil, 11-12-son

(davomi)

O'tgan maqolamda qozi kaloni Shal (Mirabdulhayxo‘ja)ning yordamig‘a muhtoj bo‘lg‘on yo‘qsul talabalarga hamma vaqt moddiy ko‘mak etib turg‘onlig‘ini yozg‘on edim.

Bunga misol uchun shu voqeani ko‘rsatish mumkindirkim, qozi Shal zamonida Muhammadzamon degan kambag‘al bir mullabachcha «Sharhi Mullo»xonliq chog‘ida ehtiyojning majburiyati bilan ba'zan mardikorlik qilib kun ko‘rmakda ekan. Bir kun shu mullabachcha qozi Shalning uyig‘a mardikorlik sifati bilan kelib loy ishlarida mashg‘ul bo‘lg‘on. Shul choqtsa qozi Shalning oldig‘a bir jamoa talaba kelib dars o‘qushg‘a kirishgan. Boyag‘i Muhammadzamon bu talabalarning dars ustidagi mubohasasiga bir oz muddat quloq solib turg‘on. Oxiri, qiziqib loy ichidan chiqib qozining oldig‘a kelgan va darsga oid bir masala to‘g‘risida o‘zining fikrini so‘zlagan. Qozi mardikorning zehnlik bir mullabachcha bo‘lib, faqat muhtojliqdan mardikorlik etishga majbur bo‘lg‘onlig‘ini sezib darhol uni ishdan ozod etgan. Muhammadzamonga yangi bosh-oyoq kiyim berib, uni hammomga yuborturg‘on. Shu kundan boshlab uni o‘z huzuriga olib o‘qutib tarbiya qilg‘on va xatmi kutub qilg‘onig‘acha uning maishatini ta'min etib turg‘on. Mana shu Muhammadzamon o‘z zamonining eng fozil ulamolaridan bo‘lib umrining oxirig‘acha Samarqandning shahar va tumanlarida mufti, mudarris, rais va qozi bo‘lib turg‘on. O'zi shoir ham ta'lifot egasi bo‘lg‘on (Muhammadzamonning tug‘ilishi 1203da bo‘lib, vafoti 1266nchi yildadir).

Muhammadzamonning hamma bolalari olim va shoir bo‘lib kelganlar. Uning o‘g‘li Muhammadziyo mashhur shoirlardan bo‘lib, o‘z zamonida qoziliq etgan.

Muhammadziyoning o‘g‘li Muhammadsolihdirkim, bu ham shoir va devon egasidur. Buning devoni ash'ori yo‘qolg‘on bo‘lsa-da, hozir bir muncha she'rlari bor. Samarqandning bu kungi muqtadir shoirlaridan bo‘lg‘on Qori Masih (Tamhid) shu Muhammadsolihning o‘g‘lidir.

Qozi kaloni Shalning asrdoshi bo‘lg‘on urgutlik shoir qozi Jumaquli (Xumuliy) o‘zining «Tarixi Xumuliy» otli forsiycha qo‘lyozma asarida qozi Shalning Muhammad Lutfullaxo‘ja (laqabi Boboxo‘ja) degan bir yaznasi (singlisining eri) to‘g‘risida anchagina ma'lumot beradir. Qozi Jumaquli Lutfullaxo‘janing shogirdi bo‘lib, undan ko‘p istifodalar qilg‘onlig‘i uchun tarixchasida uning haqida va bolalari to‘g‘risida xeyli gaplar yozadir. Bu ma'lumotni qozi Shalning zamoniga ham tarjimai holig‘a munosabatli bo‘lg‘oni uchun qisqa suratda yozib o‘tamiz:

Lutfullaxo‘ja turli ilmu fanlardan xabardor, xatmkarda bir mulla bo‘lg‘onlig‘i uchun uni amir Shohmurod 1204nchi yillarda Buxorodan Samarqandning Tillakori madrasasiga mudarris etib yuborgan. Samarkand muftiligi bilan Dahbed kentining raisligini ham shunga topshirgon. Lutfullaxo‘ja darsgo‘ylikga havasli va talabalarga marhamatli, parhezkor va axlokdi bir zot bo‘lg‘oni uchun oz bir zamonda uning shogirdlari ko‘paygan, xalq orasida shuhrat va e'tibori ortqon. Shu yilda qozi Shal bilan uning ora-sida bir turli muxolifat va anglashilmovchiliq chiqqan. Natijada, Lutfullaxo‘ja haqida hukumatg‘a qarshi bir muncha noloyiq gaplar ovoza bo‘lg‘on. Samarqand hokimi muhokamasiz, dag‘al muomalali, zolim bir odam bo‘lg‘oni uchun Lutfullaxo‘ja uning siqishidan qo‘rqub, oilasi bilan Shahrisabz tomong‘a qochib ketgan. U vaqtdag‘i Shahrisabz hokimi Niyozali devonbegi (kenagas) bu kishini g‘oyat ehtirom bilan qarshi olib, Kitob shahrida o‘rnashtirgan. Uning maishatini ham ta'min etgan. Lutfullaxo‘ja shu yerda bir necha yil darsgo‘ylik bilan mashg‘ul bo‘lg‘on.

Qozi Jumaquli yozadir: Men bu ustozning ilmidan ko‘p foydalandim. O'zga talabalar peshqadam bo‘lg‘on vaqtlarida o‘quytirg‘on ba'zi ilmu fanlarni ustozim menga pastqa-damlik holimda o‘rgatdi. Men «Kofiya»xonliq chog‘imda bu kishidan aruz, qofiya, she'r, masohat va faroiz kabi ilmlarni o‘rgandim. Bir kuni ustozim menga bir maktub berib, «shuni Samarqandg‘a eltib, qaynonamg‘a (ya'ni, qozi Mirabdulhayxo‘janing onasig‘a) topshir ham javobini keltir», deb xizmat buyurdilar. Xatda ustozim avvalgi mansabini olib berish uchun qayin onasining vositachiliq qilishini o‘tingan edi.

Men Samarqandg‘a borib, ustozimning maktubini qozi Mirabdulhayxo‘janing onasig‘a topshirdim. Ikki-uch kundan keyin bu xotindan maktubning javobini olib Shahrisabzga qaytib keldim. Shundan bir necha vaqt o‘tgach, 1210nchi yilda qozi Shalning ikkinchi yaznasi (ustozining bojasi) bo‘lg‘on Shayx ul-islom Xonxo‘ja bilan onasining harakati natijasida ish bitdi. Shundaykim, Buxoro hokimining maktub orqali xabar berishi bilan ustozim Lutfullaxo‘ja Samarqandg‘a ko‘chib borib yana avvalgi mansablarini qo‘lg‘a oldi va amir Shohmurodning vafotigacha, 1216 yilgacha shu xizmatlarini bajarib turdi.

Qozi Jumaquli shu munosabat bilan Lutfullaxo‘ja ila qozi Shal orasida bo‘lib o‘tgan qiziq bir voqeani hikoya etadir. Ustozim amir va hokimlarga xushomad qilmayturg‘on haqgo‘y va jasoratlik edi. Bir kuni Sherdor madrasasida tuzilgan ulug‘ bir majlisda Samarqandning xeyli akobir va ulamolari, umaro va fuzalolari bor edilar. Shunda Samarqand hokimi bilan qozi Shal bir-biriga yaqin o‘lturg‘on edi. Ikkalasi bir-birining qulog‘ig‘a yoshirin suratda anchagina gapirishdi. Ustozim Lutfullaxo‘ja ularning bu nomunosib harakatiga qarshi «musulmonlar majlisida ikki kishining bir-biriga maxfiy gapirishi shar'an tuzuk emas, ajabo sizlar islom qozisi va hokimi bo‘la turib shunday yaramas ishni irtikob qilasizmi», deb tanbeh aytdi. Hokim gapirmasdan jim turdi. Qozi Shal «Istasangiz, siz ham cho‘zilib, so‘zimizga quloq soling», deb javob qaytardi. «Bu kishi juda qiziq odam ekan. O'zi irtikob etgan mazmum ishga o‘zgalarni ham qo‘shmoqchi bo‘ladir», deb qattiq muqobala qildi. Shuning bilan qoziyu hokim yoshirin gapirishdan to‘qtaldilar.

Qozi Jumaqulining yozg‘oniga ko‘ra, amir Shohmurod o‘lganidan keyin uning o‘g‘li amir Haydar Lutfullaxo‘jani oilasi bilan Buxorog‘a ko‘chirib, katta bir madrasada mudarris qilg‘on. Buxoro tumanlarida ham qozi etib qo‘yg‘on. Bir necha yildan keyin Hisor hokimi va amir Haydarning qaynotasi bo‘lg‘on Sayidotaliq (yuz) amirning ruxsati bilan Lutfullaxo‘jani Hisorga ko‘chirub olib borg‘on va shunda qozi-mudarris belgulagan. Lutfullaxo‘ja Hisorda bir necha yil turib, 1238 yidda o‘lgan.

Lutfullaxo‘janing xotuni (qozi Shalning singlisi)dan Shirinxo‘ja, Ofoqxo‘ja va Qozixo‘ja degan uch o‘g‘ul qolg‘on. Qozi Jumaquli bulardan Shirinxo‘jani qo‘brak maqtaydir. «Bu kishi aqliy va naqliy ilmlarni tahsil etgan; ash'or, aruz, handasa, musikiy va inshoni biladir», deb yozadir.

IZOH VA TASHIH

Avvalgi maqolamda qozi kaloni Shal Nosirxo‘janing ko‘p bog‘-erlarini arzon baho bilan sotib olg‘on, deb yozg‘on edim. Unda Nosirxo‘janing ismi xato ketgan, to‘g‘risi Mirabunasrxo‘ja bo‘lib, qozi Mirmuazzamxo‘janing o‘g‘lidir (bular hozirgi qozi Isoxonning katta bobolaridirlar). Voqea mana shunday:

Amir Shohmurod taxtga o‘lturg‘onidan keyin Samarqand qozi kaloni bo‘lgon Mirmuazzamxo‘jani barcha aqrabo va oilalari bilan Buxorog‘a ko‘chirib, Vag‘onziyning g‘arb tomonida bo‘lyun Xo‘ja Soktare degan mavzeda o‘rinlashdirg‘on. Qozi Muazzamxo‘janing fakat Mirabunasr degan o‘g‘li Samarqandda qolgon. Bu kishi juda soddalavh va no‘noq bo‘lg‘oni uchun amir unga tegmagan. Mana shu Abunasrxo‘ja o‘z ovqatini topishdan ojiz bo‘lg‘oni sababli ota-bobolaridan qolgon ko‘p yer va bog‘larini sekin-sekin qozi Shalga sotib yegan.

Amir Haydar zamonida Mirmuazzamxo‘janing oilalari yana Samarqandg‘a ko‘chirilib yuborilgan. Shuning uchun qozi Shalni «mirakoniy xo‘jalaridan uylandi», deyish to‘g‘ri bo‘lib chiqmaydir, balki uning o‘g‘li qozi Abusayidxo‘ja mirakoniylardan uylangandir.

Yana o‘tgan maqolamda «qozi Shal Injil va Tavrotni ham forschaga tarjima qilg‘on», deb yozilg‘on edi. So‘ngg‘i tekshirish natijasida bu ham to‘g‘ri chiqmadi. Qozi Shal yolg‘iz Zaburni arabchadan forschaga tarjima qilg‘on. Tavrotni esa uning o‘g‘li qozi Abusayidxo‘ja eroniy tilidan forschaga tarjima qilg‘on. Tarjima ishiga Samarqand ju-hudlaridan bir necha mullalar kelib yordamlashg‘on. Buni esa hozirda sakson yoshlarda bo‘lg‘on qozi Isoxon o‘zining otasidan naql qilib gapiradir, «Samariya» kitobidagi ma'lumot ham shuni taqviya qiladir.

QOZI ABUSAYIDXO'JA

Qozi kaloni Shalning eng fozil, mutabahhir va mutafannun o‘g‘li Abusayidxo‘jadir.

Amir Haydar zamonida qozi Shal (1243 yidda)ning o‘rnida Abusayidxo‘ja Samarqandda qozi kalon tayin etilgan. Qozi Abusayidning o‘g‘li Abutohirxo‘ja o‘zining «Samariya» otli forscha tarix kitobida otasi haqida shu mazmunda bir necha satr yozib o‘tadir:

«Shayx ul-islom mavlono Abdulhayning vafotidan keyin barcha aqliy va naqliy bilimlarni bilaturg‘on o‘g‘li mavlono Abusayidxo‘ja qozi kalon bo‘ldilar. Aksar avqot amir Haydar bu zotni o‘zi bilan birga Buxorog‘a eltib, Buxoro ulamolari bilan munozara va mubohasa qildirar edi. Aqliy ilmlarga «angushtnamo» bo‘lg‘onliqlari uchun hamma bu kishining ilmu fazliga qoyil edi (47-bet). Bunga qarag‘anda qozi Abusayid amir Haydar zamonida bir yilgina qoziliq qilg‘on bo‘ladir. Chunki amir Haydar 1244 yilda o‘lgandir. Bundan keyin amir Nasrullo zamonida qozi bo‘lib turadir. Amir Nasrulloning qozi Abusayidni qanday xizmat va sharoit bilan o‘z o‘rnida qoddirg‘onlig‘i to‘g‘risida shunday rivoyat bor:

Ma'lumdirkim, amir Haydarning o‘lgan vaqtida uning o‘g‘ullaridan Nasrullo Qarshida hokim, Husayn Buxoroda va Umarxon Karminada edilar. Husaynning tarafdorlari uni otasining taxtiga o‘tquzdilar. Ikki yildan keyin amir Husayn o‘lib, uning taxtini birodari Umarxon egalik qildi. Bu orada Nasrullo ham Qarshida jim turmadi. Saltanatni qo‘lg‘a olish uchun turli chora va tadbirlar izladi. O'z tarafdorlarini ko‘paytirish harakatida bo‘ldi. Qarshi va Miyonkolotni o‘ziga qaratdi. Samarqand xalqini ham o‘ziga iyartish maqsadi bilan qozi Abusayidga yoshirin xat yuborib, agar Samarqand xalqini o‘ziga itoat qildirish xizmatini bajarsa, qozig‘a umrlik Samarqand qozi kalonligini berishga va'da etdi.

Qozi Abusayid shu xizmatni bajarish uchun tirishdi. Samarqandning shahar va tumanlaridagi barcha el-urug‘ boshliqlarini va oqsoqollarini oldig‘a chaqirtirub, ularga maqsadni tushuntirdi, mansablar va'da qildi. Ularning so‘zini olg‘ondan keyin taxminan ikki yuz kishining ro‘yxatini Nasrulloga yubordi. Nasrullo tomonidan shularning nomlariga yuborilgan ikki yuzta yorliqni egalariga topshirdi. Shuning bilan Samarqand xalqi Nasrulloni amir bilib, unga bay'at qilg‘on bo‘ldi. Tezdan uni Qarshidan Samarqandg‘a keltirib, tantana bilan Ko‘ktoshga o‘tquziddi.

Shundan keyin Nasrullo Qarshi, Samarqand va Miyonkolotdan askar to‘plab Buxorog‘a hujum qildi. Buxoroni yetmish kun muhosara qilgandan so‘ngra shaharga kirib, saltanat taxtini qo‘lg‘a kirgizishga muvaffaq bo‘ldi.

Mana, amir Nasrullo o‘zining va'dasiga muvofiq Abusayidni (xizmatining mukofoti uchun) Samarqandda umrlik qozi kalon qilib qo‘ydi, lekin qozi Abusayid o‘lgandan keyin qoziliqni mirakoniy xo‘jalarg‘a berdi. Shuning bilan barobar qozi Abusayidning o‘g‘illarini ham Buxorog‘a ko‘chirib yubordi (bu qozi Esonning rivoyatidir).

QOZI ABUSAID VA MARJONIY

Qozi Abusaid bir yoqdan qoziliq, ikkinchi yoqdan Sherdor madrasasida darsgo‘ylik etib turgon. Undan ko‘b shogird-lar yetishgan. O'zining o‘g‘li va nabiralarini ham o‘qutg‘on va boshqa olim kishilarga o‘qutdurgon. O'g‘ullaridan Abutohirxo‘ja tib va tarix ilmlariga, Umarxo‘ja hay'at ilmiga mutaxassis bo‘lgonlar. Totorlarning mashhur mujaddidi bo‘lgon Shihobiddin Marjoniy 1259nchi yilda Buxorodan Samarqandg‘a kelib, qozi Abusaidning halqai tadrisida ikki yil chamasi mulozamat kilgon. Qozining ilmidan va boy kutubxonasidan cheksiz foydalang‘on. 1333nchi yidda Qozonda bosilgon «Marjoniy tarjimai holi» ismli ulug‘ bir asarda Marjoniyning Samarqand safariga 15 betlik o‘run berilgan. Shu kitobda yozilg‘onig‘a ko‘ra, Marjoniyning «Marjoniy» bo‘lishig‘a, uning e'tiqodi iztirob va shubhalardan qutulib aniq bir ideya (mafkura) egasi bo‘lmoqig‘a qozi Abusaidning tarbiyasi va kutubxonasi sabab bo‘lg‘on. Qozi Abusaidning haqiqiy tarjimai holini bilmak uchun Mar-joniyning «Vofiyat ul-aslaf» ismli asaridagi shu so‘zlarini aynan naql qilamiz:

Qozi Abusaid binni Abdulhay binni Abulhayri Samarqandiy hazratlari vaqtidag‘i Movarounnahr ulamosining eng buyuklaridan bo‘lib, hamma ishlarda basiratli, diqqatli muhaqqiqlarning va salaflarning juda ko‘b kitoblarini mutolaa etib, juda ko‘b to‘g‘ri ma'lumot hosil etgan muhibbi haqiqat bir alloma edi. Tarixni, xalqning ruhini, ahvoli olamini hamda hisob, xabar, muqobala, handasa, hay'at, jug‘rofiya va bulardan boshqa aqliy va naqliy fanlarni bilar, faqat faroiz ilmidagina ma'lumoti noqis edi.

Tavoze'li, javonmard, xushxulq, xushmajlis, insofli, har kimni darajasiga ko‘ra ehtirom va taqdir etar, Movarounnahr ulamosi kabi xudbin, boshqalarning qadr-qimmatini bilmayturg‘onlardan emas edi.

Men Samarqandda uning huzurida turg‘onimda, namoz o‘qushda hamma vaqt meni imom etar, ba'zi vaqt yo‘lda yoki bog‘chada namoz o‘qumoq to‘g‘ri kelib qolsa, o‘ziga «joynamoz» yoki kiyim bersalar, «bunga imom mustahiqroq» deb menga berar, o‘zi yerda namoz o‘qur edi.

Bir vaqt Samarqand hokimi oldida meni ortiq maqtab «bu yigit ilm to‘g‘risida katta kitoblar yozgon burung‘i musanniflardan ham yuqori» deb gapirdi.

Qozi Abusaid kitob to‘plashga juda haris bo‘lib, o‘zida bo‘lmag‘on bir kitob ko‘rsa, ikki bahosini to‘lash bilan bo‘lsa-da, sotib olar, har fanda juda ko‘b aziz va qimmatli kitoblari bor edi.

Ahli tariqat va mashoyixni ehgirom etar, chet mamlakat odamlariga uchrag‘onda, sunniy-shia bo‘lishig‘a qaramasdan, yordam va hurmat etar, viloyatlaridagi olimlaridan, adiblaridan, mamlakatlarining ahvolidan so‘rashar edi. Shuning uchun turli mamlakatlarga va ulamolarga oid ko‘b ma'lumot hosil etgan edi.

O'zi juda boy bo‘lib, joylarda yerlari, boqchalari, havlilari bor edi. Otasi vafot etganda, merosidan hech narsa olmadi. Boshqa vorislariga taqsim etdi. Qozilig‘i ustiga Samarqandning bir necha madrasalarida mudarris edi. Men ham Samarqandda turg‘onimda kitoblarini oriyatga olib, ko‘b istifoda etdim. Boshqa yerlarda topilmayturg‘on nodir va nafis kitoblaridan ko‘rib, ko‘b narsalar ko‘chirib ham oldim. Menim tarix bilan mashg‘ul bo‘lishimga, tarix kitoblari mutolaa eta boshlag‘onimg‘a bosh sabab shu qori Abusaid hazratlari bo‘ldi.

Xulosa, Movarounnahrda ushbu zot kabi ma'lumotli, insofli, to‘g‘ri fikrli odam ko‘rmadim. Bu zot ilm xonasidan bo‘lib, ota-bobolari ham ulug‘ va mashhur ulamodandir. Qozi Abusaidning «usuli fiqh», «kalom» fanlarida ba'zi asarlari ham bor. Yoshi yetmishlardadir. 1265nchi yil 1bnchi shavvolda (1849 yil 23 avgustda) vafot etdi. «Ustozi zamona» so‘zining harflari jam' qiling‘onda vafot ta'rixi chiqadir (Marjoniy, bet: 48-50). Marjoniy tarjimai holida yoziladir: «Chin ilm va taraqqiy yo‘liga kirgan kishilar, qo‘b vaqt o‘zlariga birar kishini yo‘lboshchi etib, ko‘b ishlarida shuning yo‘li bilan harakat etadirlar». Marjoniyning tarjimai holini tadqiq etganda ko‘b o‘runlarda ushbu qozi Abusaid yo‘li bilan harakat etganligi, qozining kamolotiga maftun bo‘lib, ko‘b jihatlardan ushbu qozig‘a o‘xsharg‘a tirishqonlig‘i qo‘rinadir.

Marjoniy «Vofiyat ul-aslaf» va birinchi qism «Mustafod ul-axbor» kitoblarida qozi Abusaiddan Movarounnahr ulamosi va amirlari haqida ko‘b ma'lumot va uzun muhokamalar rivoyat etadir. Marjoniyning rivoyat etgan so‘zlarig‘a qarag‘anda, qozi Abusaidning keng ma'lumotli, to‘g‘ri muhokamali, atrofli tushunguvchi, ulug‘ muarrix ekanligi ko‘rinib turadir (Marjoniy, 51-bet).

Qozi Abusaid Marjoniyni o‘zidan foydalandurg‘onidek, o‘zining o‘g‘ul va nabiralarini Marjoniyg‘a o‘qutdirib undan ham foydalang‘on. Samarqanddan ketish vaqtida Marjoniyg‘a (ilmiy kuchi haqida) rasmiy shahodatnoma bergan.

Marjoniyning Samarqandg‘a kelgan yilida Orifjonboy degan bir xayrot egasining masorifi bilan Samarqandda yangi bir madrasa bino etilmakda ekan. Bu madrasaning ko‘brak ishlari qozi Abusaid ixtiyorida bo‘lg‘onidan qozi Marjoniyg‘a: «Bu yil ham Samarqandda qolingiz. Madrasaning binosi tamom bo‘lg‘onda, hujralariga talaba o‘runlashdirish menim ixtiyorimda bo‘ladir. Shu madrasadan sizga ham bir hujra beraman. Shunda o‘rinlasharsiz. So‘ngra istagan vaqtingizda hujrani sotib ketib, pulig‘a Buxorodan o‘zingiz uchun yaxshi bir hujra olarsiz», deb gapirgan. Marjoniy qabul etib, madrasaning binosi bitgandan keyin bir hujrasiga o‘runlashib tura boshlagon. Lekin bir necha vaqtdan so‘ngra Marjoniy bilan madrasaning bir mudarrisi orasida nizo chiqib, hujrani sotib Buxorog‘a ketishga majbur bo‘lg‘on. Ushbu voqeadan keyin Marjoniy «Shu badbaxt mudarris bilan nizoimiz bo‘lmag‘onda, men Samarqandda qolib Buxorog‘a qaytmas edim. Menim uchun Samarqand foydali edi», deb gapirar ekan (Marjoniy, 60-bet).

Qozi Abusaid Samarqandda taxminan yigirma ikki yil qoziliq va mudarrislik etgan. Uning Tavrotning forscha tarjimasidan boshqa usuli fiqhga oid «G'oyat ut-tahqiq» ismli arabcha bir asari bor ekankim, qozi Isoxon «Men bu kitobni o‘qub juda xushlagan edim. Bu asar buxoroli Abdulaziz maxdumning «Kashf ul-asror» otli kitobidan foydalanib yozilg‘on», deb so‘zlaydir.

MUHRI

Qozi Abusaidning bir muhrida shu forscha bir bayt yozilg‘on:

Qoziyi shahri Samarqand ast v-az aqron farid,
Al-Toho, nasli Yosin, bin Abdulhay Abusaid[3].

1222-1225nchi yillarda yozilg‘on forsiycha vasiqalardagi davra muhrining atrofida shu so‘zlar bor: «Al-muta-vakkil ‘alalloh muhibb ul-ulamo, xodim ul-fuqaro, muxlis ul-urafo»[4]. Muhrning o‘rtasida: «Qozi ul-quzzot Mirabusaidxo‘ja qozi kalon ibn Mavlaviy Mirabdulhayxo‘ja Shayx ul-islom», deb yozilg‘on. Shulardan ham bilinadurkim, qozi Abusaid umrining oxirig‘acha Samarqandda qozikalon bo‘lib turg‘on. Shunga ko‘ra, «Tarixi amironi Mang‘itiyai Buxoro» ismli kitobdagi: «Amir Nasrullo qozi Abusayidni Buxoroga ko‘churub, xonanishin qildi», degan so‘z to‘g‘ri bo‘lsa kerak.

MUNOZARA VOQEASI

Mang‘it amirlaridan ko‘bisi, ayniqsa, amir Haydar bilan amir Nasrullo hamma vaqt mashhur mullalarni bir-biri bilan munozara qiddirishib yurar, munozarada g‘olib bo‘lgon mullalarg‘a holig‘a qarab mansab berar edi. O'z zamonlarida qozi kaloni Shal bilan uning o‘g‘li qozi Abusaid ham shunday munozaralarda hamma vaqt g‘alaba qilib turg‘onlar. Amir Nasrullo bir daf'a Buxorodan mashhur munozarachi olimlardan xo‘jandlik mullo Hojiboyni o‘zi bilan birga Samarqandg‘a keltirib, Tillakori madrasasida qozi Abusaid bilan munozara qiddurg‘on. Shunda qozi jim turib, o‘zini «mulzam» vaziyatida ko‘rsatgan. Qozidan: «Nega sukut qildingiz?» deb so‘ralg‘onda, u «uch sababdan sukut etishni maslahat bildim: 1) mulla Hojiboy shahrimizda musofirdir, musofir kishini xafa qilishni munosib ko‘rmadim; 2) bu pastqadam bir mulladir, bunday odam bilan munozara qilishqa tanazzul etmadim; 3) Amir uni o‘zi bilan birga keltirgan. Amirga malol kelmasin deb, uni mulzam qilmadim», deb javob bergan.

Bu voqeadan qozi Abusaidning amir Nasrulloga qarshi qanday murosa yo‘lini tutqonlig‘ini anglamak mumkindur.

Qozi Abusaidning qabri o‘z otasining qabri yonida bo‘lsa kerak, faqat ustida yozuvli toshi bo‘lmag‘oni uchun qabrini ajratib bo‘lmaydir.

(Bitmadi).

«Maorif va o‘qutg‘uvchi» jurnali,

1926 yil, 11-12-son

 


[1] Shu kitob tafsiri Bayzoviy sharhining bir bo‘lagi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaymiz. Chunki qozi Shalning tafsir yozg‘onlig‘i xabari bu kungacha hech kimdan eshitilmadi.

[2] 1868nchi yilda ruslar Samarqandni olg‘ondan keyin qozi Shalning nabiralari bo‘lgon Abdulhayxo‘ja, Maxdiyxo‘ja va Abutohirxo‘jalar Buxorog‘a ko‘chib ketib shunda qolg‘onlar.

[3] Samarqand shahrining qozisi zamonasining yaktosi edi, uning nomi Al-Toho, Yosin avlodidan Abdulhay o‘g‘li Abusaid.

[4] Olloh taologa tavakkal qiluvchi va ulamolarni yaxshi qo‘ruvchi, fuqarolarga xizmat qiluvchi va orif insonlarning muxlisi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.