OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Tabiiy ishlar (1924)

Bizning yurtimiz, elimiz va hatto rasmiy idoralarimizda g‘ayri tabiiy qiliqlar, ishlar qancha ko‘b bo‘lsa, tabiiy ishlar ham o‘shancha ko‘bdir.

Bulardan g‘ayritabiiylarini yozmay o‘tsaq, albatta, «Mashrab» qo‘rqdi, yoki mudohana yo‘lini tutdi deb haqqimizda «husni zan» qilg‘uvchilar chiqib qolishi tabiiy bo‘lg‘onidek, yozg‘onimiz taqdirda boshimizning qalamdek kesilishi ham tabiiydir. Shuning uchun bu daf'a yolg‘iz tabiiy ishlardan bir nechtasini ko‘rsatib o‘tish maslahat ko‘ruladir.

Biz hamma vaqt har yerda hukumat idoralarini yerlilashdirish - tubjoylashdirish uchun kuchimiz boricha hayqiramiz, qichqiramiz. Bu yo‘dda bor dovshimizni bitirib o‘zimiz charchab qolg‘onda, chala xat-savodliq bir mo‘ltoqni olamiz-da, zo‘r bilan uni bir idoraga tiqib yuboramiz. Quloch-quloch qarorlar yozib bo‘lg‘ondan so‘ng «qani pul!» deganda jonimiz chiqadir... Mana, tubjoylashdirish to‘g‘risidag‘i ishimiz shu hodda ekan, inshoolloh qiyomat yaqinlashqonda, to‘rtinchi osmondan hazrati Iso tushib, bu muhim vazifamizni bajarib berishi tabiiydir.

Ulug‘ vazifalarimizdan biri xurofot bilan kurashish edi. Xudoga shukrki, bu ishimiz ham o‘zining tabiiy yo‘lig‘a tushib borayotibdir. Chunonchi, biz eshonlardan qancha uzoqlashsak va ularni qabih alfoz bilan so‘ksak, ular bizga shuncha yaqinlashadirlar va hatto go‘sht-po‘stimizga kirib boradir. Biz ularni qancha ezsak, ular ishchi-dehqonlarimizni shuncha ezadirlar. Biz bu hollarni ko‘rib, «ko‘zim ko‘rmasin, go‘shtimni bo‘ri yesin», deymizda o‘zimizni bilmaslikka sola beramiz. Bu ishimiz ham shu tusda ekan, yoqamizni hali beri xurofot changalidan qutqara olmaslig‘imiz tabiiydur.

Bizning hayot-mamot masalalarimizdan birtasi, shubhasiz, oliq-soliq ishidir. Bu ish ham «mo favqa at-tabiiy» yo‘lig‘a tushib ketayotibdir. Rasta-bozorlardagi soliqlarimiz juda tartiblikdir. Bu yerda pashshaning ham «g‘ing» ztishini ko‘ra olmaysiz. Ya'ni hamma rozi, ishlar o‘z joyida. Eng ichidagi olish-berish bozori juda chaq-chaq. Birov bir daqiqada boy, boshqasi bir soatda gadoy bo‘lmoqdadir. Soliq ishlari ham shu yo‘l bilan keta bersa, do‘konlarning og‘zi ochilib qolishi va shuning bilan hamma boychalarimizning ishchi-dehqon sinfiga kirib ketishi tabiiydur.

So‘zimizning adog‘ida shahrimizdagi qiziq bir manzarani ham ko‘rsatib o‘taylik: Samarqandda Zarafshon degan bir daryo bor. Buning ustiga bir emas, ikkita ko‘prigi ham

bor. Ishning qizig‘i shundakim, bizning nodon xalqimiz shaharga borish-kelishi uchun shunday ko‘priklardan o‘tmay, suvda bir sho‘ng‘ib ertasi Buxorodan chiqadirlar... Bu qatnashlar ham shunday davom etabersa, qishg‘acha barcha ishchi-dehqonlarimizning Buxorog‘a o‘tib ketishlari tabiiydir.

Boturbek

«Mashrab», 1924 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.