Jiddiy g‘ayrat, samimiy harakat bo‘lg‘onda, har narsani yuqori ko‘tarish - tugallatish mumkin. Buning teskarisicha, parvosizlik va dangasalik orqasidan tuzukkina bir narsaning buzilib ketishi va ko‘tarilayozg‘on bir binoning qaytadan yiqilib qolishi belgilikdir.
«Zarafshon» gazetasi o‘zining ikki yillik davomi chog‘ida cheksiz g‘ayrat va mehnatlar orqasida tugallanib, bugungi holig‘a keldi. «Zarafshon»ning 1-soni bilan bu kungi 200-sonini bir-biriga solishtirib qarasangiz, mundarija va texnika jihatidan yerdan ko‘kkacha ayirma ko‘rasiz. Bu nimadan bo‘ldi? Ochiq suratda ma'lumdirki, bu zamon va turmushning talabiga muvofiq takomul (tugallanish) tomonig‘a intilishdan bo‘ldi.
Lekin hozirgi zamonimizning taqozosig‘a va ishchi-dehqon ommasining turlig‘ ehtiyojlarig‘a qarag‘anda, «Zarafshon»ning bu kungi holi ham qanoatlanarliq darajada emas. Chunki biz ilgari «So‘z va qaror» davrida bo‘lsaq, hozirgi vaqtda har bir maqsadni amalga qo‘yish davridamiz. Shuning uchun bunday muhim havoyi so‘zlar va aslsiz, juz'iy xabarlar bilan o‘zbek matbuotini to‘ldirish yaramaydi. Xalqimizning hozirgi cheksiz ehtiyoji bizdan qatiy so‘z va faoliyat so‘raydi.
Biz o‘zimiz hamma vaqt aytib turamiz va iqror etamizkim, matbuot elning tili, xalqning yo‘lboshchisi va turmushning oynasidir. Darvoqe shundaydir. Lekin biz bu gapni bilib turib o‘zimiz shunga keragicha amal qilmaymiz. Shuning uchun bizning ko‘p so‘zimizdan va ko‘p ishimizdan ozgina natija hosil bo‘ladi.
Matbuot, bir yoqdan, xalqning yo‘lboshchisi bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, hukumatning fikr tarqatuvchisidir. Shunday ekan, hukumatning so‘zlariga bizning ahamiyat berishimizdek, bizning dod-faryodlarimizg‘a hukumat idoralarining quloq solishi ham kerakdir. Holbuki, bu maqsadning ko‘pincha amalga chiqmay qolishini ko‘ramiz. Chunonchi, hukumatning maqsadiga muvofiq gazetalarimiz bir masala xususida tashviq yo‘li bilan xabar va maqolalar yozadir. Va uni ishga oshirish uchun tirishadir. Lekin oxirida shu ishni vujudga chiqarish yo‘lida ba'zi rasmiy idoralar va yoki ma'murlar tomonidan parvosizlik voqe' bo‘ladir. Yoki ba'zi vaqt gazeta o‘zi bir ishga ahamiyat berib yozg‘on narsasini hukumat ta'qib etmay turadur.
Shuning bilan u ish o‘zining tartibsiz holida davom etaberadir. Mana shunday ko‘ngilsiz shaylar doim ko‘rinib turadirkim, bundan keyin shunga ham diqqat etish va nihoyat berish lozimdir.
«Zarafshon» gazetasi bu ikki yil ichida o‘zini har jihatdan tugallatish uchun qo‘lidan kelganicha fidokorlik etdi. Lekin bu kungacha til va sheva masalasiga keragincha ahamiyat bermadi. Holbuki, bu birinchi navbatda turg‘on muhim masalalardan biri edi. «Zarafshon» boshqarmasi o‘zining ikki yillik davrida boshqa narsalar qatorida tilni soddalashtirish yo‘lida ham bir muncha ahamiyat bersa edi, bu kungacha bu to‘g‘rida ham zo‘r muvaffaqiyatlarga yetishgan bo‘lur edi. Biz gazetani xalq uchun chiqaramiz. Va har bir so‘zimizni xalqqa tushuntirmoqchi bo‘lamiz. Gazetamizning tilini xalq anglaydir deb ham o‘ylaymiz. Holbuki, xalqimiz gazeta so‘zlarining loaqal 15 foizini tushunmaydir. Gazetamizni o‘qib butun anglaydurg‘onlar esa juda ozdir. Mana shuning uchun ham chora ko‘rish kerakdir.
«Zarafshon» idorasiga lozimdirkim, bu muhim ish uchun ham kerakli tadbirlarni ko‘rgay. Hali «Zarafshon» boshqarmasida barcha materiallarni ko‘zdan o‘tkazib, ularni tuzatadurg‘on muayyan bir kishi yo‘qdur. Shuning uchun barcha maqola va xabarlar durustroq tuzatilmay, bosmaxonaga yuboriladir. Ba'zan hech bir ko‘rilmay to‘g‘ridan-to‘g‘ri gazetaga o‘tkazilgan narsalar ham uchraydir. Endi bundan so‘ngra «Zarafshon» boshqarmasi shu kamchilikni ham to‘ldirsa kerakdir. Yana bir masala bordir. Bunga ham «Zarafshon» idorasi lozimincha ahamiyat bermay keldi. Bu esa xurofotchi mulla va eshonlar bilan qattiq suratda kurashish ishidir.
Hali bizning ishchi-dehqon xalqimizning 95 foizi deyarlik o‘shal eskiparast unsurning ta'siri ostida yashaydi. Shul sababdan xalqimizning ko‘pchilik qismi yangi turmushg‘a, maorif va madaniyatga yaxshi ko‘z bilan qaramaydir. Mana shuning uchun eski turmush tarafdori bo‘lg‘on mulla va eshonlar bilan kurashish kerakdir. Bular bilan kurashish yolg‘iz hajviy jurnallarimizning kulgilik maqola va karikaturalari bilan bo‘lmas. Buning uchun gazetalarning hamma vaqt jiddiy tanqidlar yozib turishlari lozimdir. Hajviy jurnallarimiz bu to‘g‘rida o‘z vazifalarini bajarib turmoqda bo‘lsalar ham, lekin gazetalarimiz uchun ahamiyat bermay turadurlar. Shunga ishonish kerakki, xalqimiz unday zararlik unsurlarning changalidan qutulmag‘uncha yangi turmush sari bora olmas. Umid etamizki, «Zarafshon» gazetasi har jihatdan yuksala boshlag‘ani bois bu kamchiliklarni to‘ldirishg‘a ham tirishar.
«Zarafshon» gazetasi, 1924 yil, 27 oktyabr