Namangon uezdida To‘raqo‘rg‘on qozisi as-sayyid-ul-haj Ishoqxon to‘ra afandi bir haqiqiy musulmoni komil ekanini o‘z hamqaryalari bilib turub, ba'zi afkori sodiqona tarafdori o‘ldug‘i uchun qozi afandi xiroji vos-vos deb taajjublanub, ta'n yetkuradurlar. Lekin biz o‘z fikri qosironamiz birla tafakkurot edub, u janob qozini jumla harakotu aqli pisandonasini ma'qul topmoqdin boshqa yo‘limiz yo‘q. Albatta yo‘q. Chunki Bokuda Husaynzoda janoblari bir fikri sodiqonada bir go‘shaya cheqdi. Ishoqxon to‘ra janoblari esa bu go‘shaya chekmoqni ham boshqa fikr ila mardud edur. Chunki aqli komil inson dunyoning sonsiz mehnat va anduhlarindin va charxi kajraftor ta'nalarindin bir zarra qadar o‘lsa-da maluliyat hosil edmaz.
Ishoqxon to‘ra sayyidzoda ham hoji va olim va fozil bir zoti oliy o‘lub, bu turfa fazoyili insoniyaya molik ham xattoti azimdur. Chunki musulmoncha xat yozmoqdin o‘n yetti nav' yozuv birla qalam yurguzurlar. Bu osori qalamiya va aqliyasinda namunai zotiy demakka shoyon bir san'ati o‘tgan yil 1907 yilda janob Turkiston generol gubernatorig‘a taqdim qilinub, shoyistalig‘ig‘a ikkinchi daraja pochotnoy xalat olgon edilar. Mazkur fazoyili insoniyadin moada qozi to‘ra janoblari arabcha, turkcha, forscha, hindcha, ruscha lison bilub, yana ruscha, frantsuzcha, armanicha va boshqa xatlar yozmoqqa yana mohirdurlar. Ba'zi ixtirolari ham bordur. Bu so‘zumdin murod Ishoqxon to‘rani elg‘a tanitmoq yoki xushomad qilmoq emas. Balki shul qadar insoniya jam' bo‘lgan bir odamni mamnu'i butun viloyatda bo‘lunmagani uchun insoniyatda adm ul-misol ekanini madaniyat hurmati uchun yozmoq qalamimga malol kelmadi va muncha fazoyili insoniyasi orasindagi oshiqona va haqirona va giryaxezona she'rlarini ta'did qilmoqqa husulim bo‘lmadi. Yo‘qsa, bir necha gazetag‘a yozsam-da, hanuz itmomig‘a yetkuzmoq mumkin bo‘lmaz. Mana islom e'tiqodi, farang fikrli, ovrupo qiyofali, mo‘min inson. Rahmat ango!
Agar Ishoqxon to‘raga tobe qishloq fuqarolari, ya'ni To‘raqo‘rg‘on bo‘lusti aholisi mundoq qoziyi insoniyatparvarni bilmasalar, minba'd avsoli badaxloq, nafs ovorasi, majnundin xarobroq qozig‘a uchrab, falokat ostida ezilmoqlari haqiqiydur. Qozi to‘rani(ng) fuqaroparvar va insof doirasinda haqshunoslik ila shirin va beozor xalqullohg‘a qilgan muomalai komilonalarini yozmoqqa majbur o‘ldum. Hamda yozmoq sha'niga loyiq bir ishdur.
Xo‘qand, Davron
Ushbu maqola birinchi o‘zbek fotografi, shoir, publitsist, ma'rifatparvar Mira'zam Ibrohim o‘g‘li - Ibrohim Davron (1874-1922) qalamiga mansub. Maqolada Ishoqxon Ibratning hayoti va ijodi, ma'-rifatparvarlik faoliyati to‘g‘risida qimmatli ma'lumotlar berilgan.