Toshkandda bo‘laturg‘on maorif qurultoyig‘a qo‘shulmoq uchun Samarqand anjumani maorif jamiyati tarafidan bormoqchi edim. 15 inchi iyulda Samarqand musulmon sho‘rosig‘a borib, Toshkandg‘a bormog‘imni bildurib, agarda g‘alla to‘g‘risinda menga biror ish tobshurilsa, bir joy(i) kegurishimni ifoda etdim. Musulmon sho‘rosi ham g‘allalarning zabti va qo‘lg‘a olinishig‘a muqobil ekan. Shuning uchun avvalo manim fikrimni eshitib, foydali bilib, so‘ngra man bilan Toshkanddaki Niyozuf otig‘a mandat (vakolatnoma) berdilar.
16nchi iyulda Toshkandga kirdim. Yo‘lda vago‘nda odam ko‘bligi uchun o‘turib bordik. Onda borib Niyozuf bilan birga hozirgi Turkiston "hukumatining raisi Tobulin afandi huzurig‘a kirdik. Va ushbu tubandagi mas’alalar to‘g‘risinda so‘ylashduk: 1) g‘alla; 2) askar olish; 3) tazminoti harbiya; 4) yer va suv mas’alasi.
Hozirgi hukumat va ham Turkiston musulmonlarining naf’i nuqtai nazaridan yuqoridagi mas’alalar xususinda e’tidol va oson yo‘llarni ko‘rsatib, taklif etdim va o‘zimni yigirma yillik muharrirlik va jurnalistlik, 25 yil xalq ishiga aralashib va bir necha daf’a sayohat etib, dunyo va musulmon, xususan, Turkiston musulmonlarining tirikchiligig‘a hosil etgan tajribam yuzasindan xulosa va salohiyati vatan va Turkistonning tinchlig‘i nomig‘a bir xeyli taklifotda bo‘ldum. Turkistonning hozirgi doxiliy va xorijiy dushmanlari ahvolini va xaloyiqning ahvoli ruhiya va e’tiqodiya va maishiyasig‘a bir oz bo‘lsa ham ahamiyat bermak va rioya qilmoq kerakligini bildirdim.
Tobulin afandi bu so‘zlarg‘a ahamiyat bergandek ko‘rundi. Niyozuf bilan Jo‘raboyuf afandilar ham hozir edilar va manim so‘zlarimni tahiyya etdilar. Yuqoridagi mas’alalar to‘g‘risinda takliflarimnnng xulosasi shu edi:
Birinchi, g‘allani tamoman va o‘zig‘a zaruridan boshqasini hukumat butun o‘z qo‘lig‘a olib, g‘alla olish va sotishni, g‘alla bozorini, hatto, xususiy nonvoyxonalarni man’ qilmoq va bu haqda loyiha tuzmak uchun mamlakat ozuqa komitetlari tarafindin siezd chaqirilg‘on ekan. Bul to‘g‘rinda manim taklifim shu bo‘ldiki. Bozor ochiq bo‘lsun, ammo viloyat va uezddan g‘alla chiqorilmasun va ombordorlarning g‘alla olishi man’ qilinsun. Taksa (qat’iy baho) aslo bo‘lmasun. Faqat g‘alla ekkan dehqonlar bir botmon ekilgan yerdan to‘rt pud g‘alla taksa yuzasindan bersunlarkim, bu ham, avvalo, daftar bo‘lub, so‘ngra berilsun.
Ikkinchi, askar mas’alasidirki, bu har narsadin muhim va muning umumiy bo‘lushi lozim. Ammo musulmonlar hanuz shunga o‘rganmagan va ham doxili fitnachilar qora xalqning fikridan foydalanib, ehtimolki, ba’zi bir fitnalarg‘a sabab bo‘lsalar. Va ham noma’lum va siyosatan fikri bilkulli noto‘g‘ri kishilar qo‘lig‘a yaroq o‘tub, ehtimolki, kutulmagan yomon hodisalar paydo bo‘lsa. Shuning uchun taklif qilamanki, to xalq o‘rganib, biroz ahvol o‘zgarguncha umumiy askar olinmay, ko‘ngilli tariqinda targ‘ib va tashviq bilan ham xalqning ahvolig‘a qarab olinsa edi. Chunki...
Uchinchi, tazminoti harbiya mas’alasidirki, bu Turkistonning har yerindin ziyoda Samarqandda hukm surdi va Samarqandning boylari boshqa joylardan oz bo‘lsa ham rus, yahudiy, musulmonlar yolg‘iz Samarqandda sakkiz milliyun qadar tazminot va uch-milliyun qadar ochliq solig‘i berdilar va bu qatorda ba’zi kambag‘al va past holli kishilar ham jabr ko‘rdilar. Muning taqsimi ustinda ba’zi bir odilsiz va insofsiz kishilar turub rishvatxo‘rliklar ham bo‘lib o‘tdi. Xulosa: har holda Samarqanddin yangidin tazminoti olinmasa edi. Chunki hozirda ma’ishat va siyosat osoyishtalikni talab etadur. Xalq ham ochliq va qimmatchiliq va shunga o‘xshash og‘irliqlardan horigan va asabiylashgandur. Oqcha kerak bo‘lsa, boshqa yo‘llar bilan solig‘ tariqinda to‘planmog‘i mumkindur.
To‘rtinchi, yerning taqsimi mas’alasidurki, ba’zi bir agarchi kichik dehqonlarniki bo‘lsa-da, taqsim qilinmoqchi va balki taqsim boshlanibdur. Ba’zi bir kichik dehqonlarning g‘allasini ham tamoman zabt qilmoqg‘a qaror qilg‘on joylar ham bor ekan. Holbuki bul bobda hanuz Markaziy Turkiston hukumatidan bir amr yo‘q ekan. Shuning uchun bu ishlarni Markaziy hukumatning chiqarg‘on qonunidan so‘ngra qilinsa edi. Mana ushbu ishlar ham hozirgi hukumatning siyosatig‘a zararlikdur. To ta’qiqlanib Turkistonning umum xalqi va yeri istatistiq hisobi-la ro‘yxat bo‘lib, qonuniy bir qaror chiqarilg‘uncha, kichik dehqonlarning va kichik tegirmon va kichik korxona va ustaxonalarning «notsiyolizatsiya» si (yoinki taqsimi) mavquf (to‘xtatib) qoldurilsa edi. Holbuki, Turkistonda, boxusus bizning Samarqandda yeri ko‘b kishi nihoyatda oz bo‘lub, yerlar aksariyati ila dehqon va mayda mulkdorlar qo‘lindadur.
Hozirgi hukumatning raisi Tobulin afandi bilan muzokaramiz ikki daf’a bo‘lub, bir soatdin ziyoda cho‘zildi. Tobulin afandi yuqoridagi mas’alalarning muhimlarini yozib olib, yaxshi va’dalar berdi. G‘alla ishi siezdida bo‘lur, dedi. Samarqandda askarning ko‘ngilli ravishda olinishig‘a va yangidin tazminot olinmasligiga va ham yer taqsimini mavquf qolishig‘a fikri birligini so‘yladi. Va bu to‘g‘rida tadbirlar ko‘rarg‘a va’da etdi. Va hozirg‘i taqsimning noto‘g‘riligini so‘yladi. Samarqanddagi doiralarg‘a bul tarzida qog‘oz yubormakni ham va’da etdi. Xulosa: so‘zimni yaxshi tingladi va yaxshi qaradi. Man shunday bildimki, ma’qul so‘zni bolshavik hukumati eshitar ekan, ayb o‘zimizdaki qo‘shulmaymiz va uzuluq yo‘riymiz.
G‘alla to‘g‘risindaki ishni tamom etmak uchun Niyozuf bilan «Turkiston o‘rtoq qurultoyi»g‘a bordik. Ko‘b muzokara va so‘zlardin ma’lum bo‘ldiki, bir qism a’zolarining fikri shulki: Turkiston butun g‘allalarni egasining va dehqonlarning o‘ziga kifoya qilaturg‘on ovqatindan boshqasini bir yerda jamlab, so‘ngra har kimga muqarraridek bir qadoqdin yakun va oz bermakchi va butun g‘alla bozorini, hatto, xususiy nonvoyxonalarni berkitmakchi ekanlarki, bu ishlarni avvaldan «palizatsiya» nomini eshitgandin ma’lum bo‘lub edi. Muning Turkiston ahlining ma’ishatiga to‘g‘ri kelmasligi va g‘allalarning yer ostig‘a kirib ketishi, Buxoro va boshqa tarafdin kelmasligi, xulosa: narx nihoyatda ko‘tarilib, kambag‘allarg‘a va balki butun xaloyiqg‘a zarar va mashaqqat bo‘lurg‘a muny bir necha daf’a taksa tayinlanganda natijasi ko‘ruldi. Agarda g‘alla olinmoqchi bo‘lunsa, uylar va hovlilar axtarilib ma’murlar bilan xalq orasinda ba’zi kutilmagan hodisalar chiqib qolsa ajab emasdur.
Xulosa: ko‘b so‘ylanganum so‘ngra bizning taklifimiz biroz o‘zgartirilib ikki kungi majlisdan so‘ngra shul ravishda qabul qilindi. Chunonchi, bir disatin (ya’ni- to‘rt tanob) g‘acha ekin ekkan kishi hech nima bermaydur. Bir disatindin o‘n disating‘acha har disatinasidan to‘rt puddin beradur. O‘n disatindin 50 disating‘acha ekkanlar har disatinasidan sakkiz puddin, yuz disatindin ortuq ekkanlar har bir disatindan 10 puddin berarlar. Va bu oling‘on g‘allalar muft—tegin olinmaydur, balki taksa tayinlanib pul to‘lab olinur. Ushbu taklifim unga maqbul 37 kishining tovush va ikki kishining betarafligi ila qaror berilur. Narxiga kelguncha ixtilof bo‘ldi. Boshqalar 30 so‘mdin 15 so‘mg‘acha taklif etibdurlar va ehtimolki har viloyatning taksasi boshqa bo‘lsa va mahalliy sho‘rolarg‘a taksa ishi havola qilinsa. Mana birodarlar, Toshkandg‘a borib qilg‘on ishimiz shudir. Bu mayda-chuyda g‘allalarni rozilik bilan bersak kerak. O‘shandoq onbordorlarning g‘alla olmoqidin o‘zlarini saqlamoqlari kerakdur. Chunki onbordorlarning g‘allasini, ehtimolki, tamoman zabt qilinsa.
Manim yuqoridagi taklifim butun Turkiston uchun qabul qilindi va o‘z fikrimcha, Turkistonli vatandoshlarimning buni jon va dildin qabul etib, tezlik bilan berishlari lozimdur. Agarda umumdan g‘allani olmoqg‘a qaror bo‘linsa edi, man xalqning ustig‘a bo‘laturg‘on kulfat va og‘irliqdin nihoyatda qo‘rqar edim. Har kimning uyi oxtarilur edi va balki yomon hodisalarg‘a sabab bo‘lub, moli va joni ko‘b zarar bo‘lishini o‘ylardim. Lekin, alhamdulilloh bu taklif qabul qilindi va Turkiston uchun milliardlarcha zarar va balki bizning andoza fikriyamiz ham tashqari zarar va kulfatlarning yo‘lini bu taklif va qaror bog‘ladi. Agarda umum tarafindan bu taklif va qaror yaxshiliq bilan qabul etilib, kam va ziyodasiz ijro qilinsa, o‘zimni xushbaxt sanar edim. Muhtaram ulamo, hazrati va ahli fikr bu taklifni ahli xalqg‘a tushunturub tezdan o‘rung‘a keltirmaklikning naf’ini xaloyiqg‘a onglatsalar edi. Shuni ham bilmak kerakkim, bir desatin, ya’ni to‘rt tanobg‘acha ekilgan g‘alladan hech bir narsa olinmaydur. Meva va bedazor, yer olmasi (kartoshka), sabzi va boshqa shularg‘a o‘xshash narsadin olinmay, faqat g‘alla, ya’ni doni ekilgan yerlardin olinadur. Turkistonning ba’zi yerlarinda bir desatin 4 tanob va ba’zi yerlarda 6 tanob hisoblanadur. Ammo hozirg‘i qoidag‘a desatin hisobi ila ya’ni bir tanobni 300 sorjin hisoblab olinur. Bir tanob 400 sorjinlik joylar bir yarim tanobg‘a bir pud g‘alla termarlar. Bir desatin 3400 murabba’ (kvadrat) sorjundur.
Fikrimcha, lozimki har daha va qishloq uchun maxsus komissiya saylanub, har kimning necha tanob yerda nima ekkani, avvalo, ro‘yxati va o‘lpon soliq daftaridek ro‘yxat bo‘lub, uezd komissoriyaning va bu to‘g‘ridaki alohida bosh komissiyaning mustahkam etishidan so‘ngra, g‘allani yig‘ishturub, har bir dehqong‘a maxsus daftarda bosma sanad (hujjat) berilsa edi. Toki, xiyonat bo‘lmasun. Albatta, bu ish to‘g‘risinda har uezd va viloyat uchun alohida bosh komissiya tayinlansa lozim. Har vo‘lustning g‘allasi o‘zinda to‘planib kerakincha boshqa joylarg‘a olinur.
Biz hozir bo‘lg‘on Toshkanddagi Turkiston o‘lkasi o‘rtoq qurultoyig‘a har uezd sho‘rolaridin uch nafardin kishi chaqirilg‘on ekan. Sirdaryo va Farg‘onadin bir necha nafar musulmon bor edi. Ammo bizning Kattaqo‘rg‘on, Xo‘jand, Jizzax va Samarqand uezdindin birgina nafar ham musulmon yo‘q edi. Demakki, hanuz xalqimiz uyquda bo‘lub, o‘z naf’i va zaruri uchun qayg‘urmay, bolta kelguncha kundadek yotadur. Ustig‘a bir yuqni qo‘yg‘ondan keyin dod deyurga ul vaqtda ish o‘tgan bo‘lur. Bu yomon odatni tashlamoq kerak. Zamon boshqa zamondur.
Toshkandning barcha rasmiy komissoriyati va hukumat doiralari hozirda qaynaydur. Har birinda Turkiston uchun zokun (qonun) loyihalari tuzilmoqdadur. Bir necha majlisg‘a kaminani taklif etdilar. Ba’zisig‘a boroldim. Musulmon tilini rusiy hukumat tili etmak majlisig‘a va ham Turkiston uchun milliy komissoriyatlar qonunining muzokarasi majlisig‘a bir necha daf’a bordim va loyihalari bob-bob o‘qulub, bizning taklif va tashihlarimizdin ba’znsi qabul qilindi. Agarda odam bo‘lsa, millat naf’ig‘a ishlanaturg‘on ishlar ko‘b ekan.
Turkiston maktab va madrasalari, vaqf va qozixonalar uchun loyihalari tuzilmakdadurki, bizning ahli fikr va donishlarimizning ishtirok etmaklari lozimdur. Musulmon sho‘rolarimizg‘a vojibdurki, shunday ishlar uchun odam — delegat talab qiling‘onda salohiyatlik va munosib kishilarni saylab yuborsalar. Hozirgi hukumatga odam kerakdurki, muni ish ustundagilar ham sezibdurlar. Chunonchi, hukumat a’zolarining bir majlisinda Eron va Afg‘oniston davlatlarig‘a ko‘nsul yubormak mas’alasi qo‘zg‘olib, ba’zi rus va musulmonlar bu xizmat uchun mani munosib ko‘rub yubormakchi bo‘lg‘onlar ekanki, man buni eshitib, noxushligim uchun safar mashaqqatini ko‘tara olmasligimni bayon etdim. Zotan men maktab va madrasalar uchun bo‘laturg‘on qurultoyg‘a borgan edim. Yo‘llarning bog‘lang‘oni uchun qurultoy mavquf qoldi. Bovujud shul bulturg‘idagi komissiyagabordim. Madrasalar pro‘g‘rommasini ko‘rub bir oz zichlashtirmoqg‘a taklif etdim. Chunki mutasarruf pro‘g‘romdaki darslarni madrasalarg‘a kirguzmak bilan unday darslarni aytaturg‘on mudarrislar yo‘qdur... Fanning ibtidoiy ta’limini ko‘rmagan kishiga kirguzub ta’lim bermakdin foyda chiqmaydur. Oxirinda shuni mo’al-taassuf iqror etamanki: siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yo‘llarda zamon bizdin ko‘b ishlar talab etadur va bu ishlar chun zamonimiz musoiddur. Ammo bizda ishlayturg‘on odam nihoyatda oz va bori ham ishlamaydur va yoinki egri ketadur. Bu fursatlar o‘tganlaridek o‘tub ketar. So‘ngra pushaymonlikdin boshqa qo‘lda bir narsa qolmas, masalan, hozirda askariy va ilmiy ishlardan qochamizkim, bu, bir bolaning maktabdin qochg‘onining o‘zginasidur.
«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 2 avgust.