OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmudxo‘ja Behbudiy. Millatlar qanday taraqqiy etarlar? (1913)

Millatlar taraqqiyig‘a bir necha sabablar bo‘lub, tub sababi ulamo ila ag‘niyoning hamiyyat va g‘ayratlaridur. Taraqqiy qilg‘on va yo endi taraqqiy qilguvchi millatlar ahvolig‘a diqqat qilinsa, mazkur ikki sinf muhtaramni o‘z millatlarig‘a so‘z va oqcha ila xidmat etganlari favran zohir bo‘lur.

Har millatning ulamosi, ahli qalami, mutafakkiri o‘z millatining oyandasi uchun yo‘l ko‘rsatur, mashvarat berur, millat axloqining islohi uchun masjidlarda pand va nasihat berur, maktab va madrasalarda dunyo va oxiratda kerak ilm va fan, ta’lim berarlar, kitob va gazet ila ummatni muslihi uchun bahs va mukolamalar qilurlar.

Taraqqiy qilguvchi millatlarning ulamosi zamondin boxabar bo‘lib, o‘z millatining "masoliha zamoniyya"si uchun sa’y etar, millatni peshraftig‘a oqcha ila, hayrat ila iona qilmoqni millat boylarig‘a taklif etar, tashviq va tahris etar. Xulosa, har millatni ulamosi, ahli qalami millat uchun so‘ylar, yozar va havoiji milliya va zamoniyani o‘z millat mansubasig‘a bildirarlar. Zamona ag‘niyolari o‘z millatlarini zamoniycha kerakligi yo‘linda oqcha sarf etarlar, masalan, yangi usulda zamonaviy maktablar bino etib, zamoniycha odam tayyorlamoq uchun harakat etarlar.

Hukumatni o‘rta va oliy maktablariga o‘qiydurg‘on o‘z millat bolalarig‘a ionat etarlar. Va bechora hamjinslarini diniy va dunyoviy maktablarig‘a berub, o‘z xarajatlari ila o‘qutadurlar.

Rus, armani, yahudiy va boshqa Rusiyadagi vatandoshlarimizni boylari doimo o‘z millatlari uchun katta xayr va ehsonlar qiladurlar, inchunin, Qafkoz, Qirim, Qozondaki musulmon birodarlarimizni boylari, ulamosi va ahli qalami, sohibi fikri o‘z birodarlarig‘a mol, oqcha, qalam va ilm ila ko‘b iona qiladurlar.

Ammo bizni Turkistonda bu ishlardin so‘ylamoqqa hanuz navbat kelgan yo‘q. Har kim o‘z naf’i va o‘z shaxsiy ishi ila sargardon, umumiy yoinki diniy va milliy ishlarni oyandasi uchun, millatni zamona odamlaridek taraqqiy etmog‘i uchun, xaloyiqni isloh axloqi uchun g‘am tortuvchi va harakat etguvchi yo‘qdir.

Bir karra diqqat qilib, mahalla-ko‘y va qishloq xalqlariga qaralsun. Avomlik, beilmlik naqadar ko‘paygan. Biz musulmonmiz. Musulmonlikg‘a ilm lozim, amal lozim. O‘qumoq kerak, nima uchun boshqa millatlarda yuza bir nafar besavod yo‘q ekan, biza yuza bir nafar savodlik yo‘q?

Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe’ ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobe’dur? Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttuz sana so‘ngra yana yomonroq bo‘lur, musulmonlik, ilm va odob ila qoim millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur.

Bugun islohi maktab-madrasa, ya’ni islohi millatg‘a ko‘shish qilinmasa rabi asr so‘ngra diyonat barbod bo‘lur va aning javobi mas’uliyati bugungilarg‘a qolur, bu mas’uliyatdin qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fanlar o‘qumoq uchun targ‘ib qilmoq kerakdur. Diniy ilm va fanlarning o‘rni maktab va madrasadur.

Dunyoviy fanlarni o‘rni hukumat maktablaridur, ikkisig‘a o‘qumoq uchun oqcha lozimki, ul oqcha boylarni kissayi hamiyatidan chiqsa kerak.

Har zamon uchun asbobi isloh va taraqqiyi ionat boshqarur. Millatg‘a ionat etmoq uchun, islohi maktab va mudarris uchun, rusiy maktablarig‘a bola tayyorlamoq uchun, dehqon va san’atkorlarni rivoj bermoq uchun "hamiyyati xayriya", "nashri maorif", qiroatxonalar, fo‘ndlar, kurujuklar, jaridalar, majallalar, nashriyotlar... kerakdur. Millatlar taraqqiysi shul ila bo‘lur va bu ishlarg‘a oqcha kerakdur, oqcha boylarda va afrodda!

Maro ba tajriba ma’lum shud daro har kor,

Ki qadri mard ba ilm ast qadri ilm ba mol.

(Ma’nosi: menga tajribadan ma’lum bo‘ldiki, odamda qanchalik ilm bo‘lsa ham ilmning qadri moldadur).

"Samarqand" gazetasi, 1913 yil, 30 iyul.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.