Turkchaning shu’ba va shox(a)lari bo‘lgan o‘zbek-chig‘atoy, totor, ozarbayjon, qozoq va turkman lahjalarindagi yangi matbuotning eng ahamiyatlik masalalaridan biri, albatta, sheva, lahja, imlo masalalaridur. Yuqoridagi lahjalarg‘a so‘ylayturgon turk bolalari bir-ikki ming sanadan beri Eron xalqining alarg‘a va yo alarni eroniylarg‘a istilo etganlari sababidan fors madaniyati va adabiyoti va lug‘atlari nufuzig‘a mahkum bo‘lub, fors tilidan bir xeyli lug‘at va jumlalarni xohu noxoh abadiy va doimiy suratda olganlarki, u jumla va lug‘atlardan bir qismini turkiy lahjalardan chiqorib tashlamoq go‘yo mumkin emasdur. Va bir qismini murodifi turkchadan topilmaslik darajada g‘oyib bo‘lgandur.
Balki... biz turkchag‘a bugun iste’mol qilinaturgon ba’zi forsiy so‘zlarimizni muqobil va murodofi xalq tilidan va adabiyotidan yo‘qolgandur. Masalan, shanba, yakshanba, dushanba, seshanba, chahorshanba, panjshanba, odina kunlarining oti kabi... Hol shunday ekan, yana yuqoridagi turkiy lahjalarning xalqi o‘n ikki asrdan beri din manbaimiz va Qur’oni karim tili bo‘lgan arabiyning nufuzig‘a uchrab, tabarrukan va majburan ko‘p lug‘at va jumlalarni yanadan oldilar. Va ba’zi ifrotparastlar tarafidan yangidan bukung‘acha yana olinmoqdadur.
Turklarning ba’zi toifasi forsiy va arabiyni u qadar ko‘p oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qo‘shulub, «usmonli tili» ataldi. Ushbu uch tilni adabiyot va qoidalaridan boxabar bo‘lmaguncha usmonli shevasinda yozmoq mumkin emasdur. Usmonli shevasig‘a yozaturgonlarda oxirgi sanalarda o‘z sahvlarini bilib, forsiy va arabiysini ozroq aytib yozmoqdadurlar. Azbaski, usmonli shevasinda yozilgan asarlarning aksarini usmonli turklarning kamsavodi anglamaydur. Turk qavmining Kafkoz, Eron va Qirimdagi qismlarining tiliga arabiy va forsiy jumlalar usmonlichadan ko‘ra xeyli oz bo‘lub, ammo turkiy tillarning boshqa shsvalaridan ko‘ra usmonlichag‘a eng yaqinidur. Chunonchi, bukungi Qafkoz va Qirim matbuotining o‘qub anglaydurgon kishi usmonlichani, albatta o‘qub fahmlaydur. Chunki orasindagi farq juda ozdur. Xususan, oxirgi sanalarda arabiy va forsiylarini ozayturub yozilgan usmonlicha va yoinki turkcha Qirim va Qafkoz shevasidan oz farqlikdur.
Totorcha yoinki no‘g‘oycha atalaturgon shevag‘a kelsak, Qirim va Qafkoz shevasidan ko‘ra oz arabiy va forsiylik bo‘lub, bovujud shul bu kungi totor matbuotining hech bir stuni, balki hech bir satri xati forscha va yo arabchadan qutulolmaydur. Hatto, sirfi totorcha yozmoq tarafdori bo‘lgan matbuot va muharrirlari-da, arabiy va forsiysiz bir nimarsa yozolmaydurlar.
Kelayluk Turkiston va yoinki Osiyoi Vasati xalqlarining til va shevalarig‘a: Turkistonning o‘zig‘a tegishli shevasi turk tilining chig‘atoy lahjasi bo‘lub, «Navoiy» kitobi bu lahjaning go‘yo muhim kitobidur. Ammo ko‘pdan beri Turkistonda madaniyat va saltanat va adabiyot tadanniy etgani uchun xalq bu lahjani buzganlar. Buzmoq nari tursun, Turkistonning har bir shaharining va hatto, ba’zi bir qasaba va ko‘ylarining shevasi boshqadur. Masalan: anda, munda, shundani — ul yerda, bul yerda, shul yerda; o‘tda, bo‘tda, sho‘tda; etta, betta, shetta; o‘rda, bo‘rda, sho‘rda; o‘ra, bo‘ra, sho‘ra kayfiyatinda so‘ylaydurgan shaharlar bo‘lub, munday buzuq so‘zlarni nav’i va adadi juda ko‘pdur. Turkiston turkchasig‘a forsiy va arabiyni qo‘shulgani ham barcha yerda bir holda bo‘lmay, balki mavqe’i jug‘rofiyasig‘a qarab har navdur. Chunonchi, Buxoro amorati va Samarqand viloyatining turkcha tilig‘a forsiy va arabiy ko‘b qo‘shulgandur...
Farg‘onaning Ho‘qand va boshqa shaharlarida ham forsiy rivojda bo‘lub, ulamo va mashoyixni forsiyg‘a mayli ko‘pdur. Tabiiydurki; forsiy ko‘b yoyilgan yerlarda arabiyni hukmi ziyodadur. Forschani hukmi Toshkand shahri va Sirdaryo muzofotig‘a ozayib, forsiy bilaturgan kishi, ehtimol, mingda bir ham topilmasa. Farg‘ona viloyatining Ho‘qand va boshqa shaharlarinda bukun fors tilinda yerli shoirlar-da mavjuddur.
Ho‘qand xoni Umarxon janoblarining «Devoni Umar-xon»ig‘a forsiy abyotlar inshod qilingonig‘a qaraganda qadimdan beri Farg‘onada forsiy tilni joriyligi ma’lum bo‘lur.
Turkiston sharqida forsiyning hukmi ozayib, bovujud shul ulamo orasiida oz bo‘lsa-da, so‘ylanur. Turkiston janubi va Turkistoni Afg‘oniyga bo‘lsa, turkiy va forsiy tili go‘yo barobardur. Turkistonning Movarounnahr, Xazar qismig‘a aksariyat ila turkman shevasi hukmfarmo bo‘lsa ham, Eron va Afg‘oniston va Buxoroning hamsoyaligi sababidan yana forsiyning nufuzidan qutulub bo‘lmaydur. Xivaga kelgancha, muning tili yana usmonlichag‘a yaqin bo‘lub, faqat arabiy va forsiy qo‘shimchalari ozdur. Xulosa shulki, nafsi Turkiston, Buxoro, Xiva, Turkiston Afg‘oni va Qoshg‘ar o‘lkalarindagi turkcha shevasi doxilan o‘n qadar buzuq va tuzuk lahjag‘a ayrilib, ammo bu lahja ila so‘ylayturgonlarning har biri boshqasini so‘zig‘a tushunadurlar. Kitobatg‘a kelsak, bukung‘acha Turkiston, Buxoro va Xivada har kim o‘z lahjasig‘a muvofiq yozsa ham, bir-birig‘a qaribdur. Chunki kotiblarni muallimlari mavjud turkcha va forscha nazm va nasr kitoblar bo‘lub, Bahri Xazardan to Qoshg‘ar va Turkiston Afg‘onig‘acha qadim maktablarda «Navoyi», «Fuzuliy», «Sabotul ojizin», «Hikmat», «Huvaydo» va boshqalari, forsiydan «Chahor kitob», «Xoja Hofiz», «Bedil», «Sa’diy» va boshqalari o‘qulurki, bu kitoblar ahli savodni til birligig‘a sabab bo‘lur. Ammo avomlarni so‘zi taxti tahrirg‘a kirmaydir.
* * *
Avvalgi maqolada turkcha tilning ahamiyatlik sho‘‘balarini qisqalik bilan yozib edim. Endi tilni butun soddalashturub indurmoq va yoinki adabiylashturub taraqqiy qildurmoqdan betarofona yozarman.
Matbuot maydonig‘a bizdan muqaddam otilgan va do‘stlar ila jarida va majallalarg‘a sohib bo‘lgan ichkari Rusiya va Kafkoz musulmonlarini matbuot tili va ham ko‘cha tilig‘a diqqatlik kishig‘a ma’lumdurki, matbuotlari ko‘cha tilidan necha daraja oliydur. Va kundan-kun yana oliylashmoqdadur. O‘ram tili tarafdori yoinki sodda til tarafdori bo‘lgan ba’zi totor matbuoti yildan yilg‘a adabiyg‘a aylanmoqdadur. Masalan, «Vaqt», «Sho‘ro», «Yulduz» jaridalarining avvalgilari ila hozirgisini taftish qilinsa, hozirgilarini adabiyligi zohir bo‘lur. Qafqoz matbuoti avvaldan adabiy bo‘lub, o‘n sanalardan beri matbuot, kog‘az ustindagi adabiy tilni, xalqni til va so‘zig‘a ta’sir etib o‘tkardiki, bul o‘shal viloyatlarda diqqat etganlarg‘a ma’lum bo‘lur.
Hech bir firqa va yo lahjaning avom tili matbuotg‘a kirmaydur. Kirsa-da, maktab risolalarig‘a va fanniy kitoblarg‘a kirmaydur. Azbaski, fanniy, adab, ta’lim, tarbiya va diniy kitoblarni sirf avom tilig‘a yozmoq mumkin emasdur. Hatto, bu zamonda fan va hunar taraqqiy etgani uchun va yangi chiqgon begona lug‘atdagi ismlik nimarsalarg‘a turkiy ism taqadurgon jamiyatlar barpo etib, turkiy tilimizg‘a xizmat etaturgon kishilarni bizg‘a yo‘qligi uchun begona tildagi ismlar ila ko‘p nimarsalarni yozmoqg‘a majbur bo‘larmiz. Hatto, mundan taraqqiy etgan millatlar-da qutulgan yo‘q. Masalan, arabiy ilm «Aljabr»ni bukun taraqqiy etgan millatlarda «Aljabr» va alarda «j» yo‘qligi(dan) «Algebra» derlar.
Bu til masalasi Rusiya musulmonlari matbuotig‘a bir xeyli bahs bo‘lub, faalan va amalan avom tili va yoinki sodda til tarafdorlarini mag‘lubiyati ila natijalanmoqdadur. Bizning Turkiston matbuotida, tabiiy, bu masalani boshidan o‘tkarur. Shuning natijasi va navbati bo‘lub mo‘‘tabar «Sadoyi Turkiston» rafiqimizda til masalasi maqolalari yozilmoqdadur. Ba’zi afandilar mehmonni «qo‘noq» deyilsun deb taklif etarlar. Holbuki qo‘noq deganda, bir turk fahmlaydur. Mehmon deganda, turk fahmlagani ustida, yana bir forsiy musulmon qarindoshimizda anglaydur. «Tilimizdan forsiy va arabiyni quvayluk», bu ko‘p yengil orzu, ammo ijrosi mumkin emas orzulardandur. Masalan, muning tarafdori bo‘lgan mo‘‘tabar «Sadoyi Turkiston»ni «Turk eli dovushi» lozim bo‘lur. Turkistonni «Turk eli» yoxud «Turk yeri» yozmoq kerak bo‘lur.
Toshkand, Ho‘qand va boshqa minglar ila jug‘rofiyoviy ismlarni rajoli tarixiya va yoinki tarixiy voqealarni mahalliy va mashhur odamlari va oy ham yili, kuni va ...larig‘acha tag‘yir berib, turkiy ismlar toqib, alarg‘a, yangi lug‘atlar tayyorlab, yangidan tadvin etmoq lozim kelur. Va o‘shal holdagina turk tilini arabiy va forsiy lug‘atlardan ajratib bo‘lurki, munga hama ishni qo‘yub, hamma birdan harakat etsa, ehtimolki, bir necha yuz sanalarda xayolan zo‘rg‘a voqe’ bo‘lsa. Holbuki, bul, ijrosi mumkin emas quruq xayoli fosid-ginadur.
Bir necha ming sanadan beri forsiy va arab tili va madaniyati va saltanati ta’siri ostida qolgan turkiyni yana bir necha ming sanada bularni ta’siridan chiqarmoq nari tursun, balki ma’nan va moddatan va fannan mahkum millatlarni tili bo‘lgan tilimizg‘a yana taraqqiy etgan millatlarni lug‘atlari hujum etar.
Turkiston xalqining maktab va madrasasindagi kitoblarg‘a, jarida va majallasindagi maqolalarg‘a sirfi forsiy va arabiyni qo‘ymas tarafdori kishilarni o‘ylovlarig‘a, to‘g‘risi, shosharmiz.
Masalan, maktab, madrasa, jarida, majalla, kitob — hammasi arabniki. Ismimizni o‘ndan to‘qquzi arabiy. Endi, bu nihoyasiz nimarsalarni hammasig‘a turkiydan ism oxtaribmi, dunyodan o‘tarmiz?
Muhtaram A. Muzaffar afandi 63-raqam «Sadoyi Turkiston»da handasadagi arabiy istiloh va ismlarg‘a turkiy muqobillar ko‘rsaturlar. Anga qaraganda, handasani o‘ziga «andoza» forsiyning muarrabi va yoinki buzulg‘onidur. Anga ham turkcha va barcha ulum va funun va Qur’ong‘a ham turkcha ism qo‘ymoq lozim kelur. Holbuki, ba’zi bir nimarsani ismi, lug‘atan musammasining ma’nosig‘a dalolat qilmay, ammo istilohan, ta’liman va tarixan va yoinki zamonan anga ism va alam bo‘lub qolgandur. Chunonchi «vohid qiyosi» ma’noyi fanniysini «solishtirish o‘lchovi» ado etmaydur. Bo‘lsa-bo‘lmasa, bu bir istiloh bo‘lub, «solishtirish o‘lchovi», ya’ni vohid qiyosi deyilmaguncha fahmlanilmas. Avom uchun bu so‘zlar yozilaturgon bo‘lsa, ul ikkisini-da fahmlamaydur. Agarda maktab talabalari uchun bo‘lsa, Turkistonda yo‘q turkiy handasa kitobimizdan muqaddam bir-da loyatinoho yangi istilohi turkiya lug‘ati chiqormoq lozim kelur.
Fikrimcha, bu o‘ylovlar fazladur. To‘g‘ridan-to‘g‘ri demoq kerakki, baqadri imkon arabiy oz yozulsun. Arabiy ismlik nimarsalar jamlanganda, turkcha jamlansun. Masalan, ulum, funun, ulamo, quzzot va ...demoq yerinda fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar va... lar yozingiz. Yoinki mo‘‘tabar «Sadoyi Turqiston»ning 64-raqamindagi «Til masalasi»da «Kurrai arzda yashamakda bo‘lgan har millatni o‘ziga maxsus bir lisoni milliysi vordur» jumlalarni bir oz turkcha yozmoq kerakligig‘a mashvarat bermoq lozim. Ammo butun fanniy va ilmiy va diniy istiloh va iboratlarg‘a muqobil turkchadan ism ta’yin qilmoq fikrig‘a cho‘mmoq o‘zni charchatib va matbuotnn zoe’ qilmoqdan brshqa nimarsa emasdur.
«Til masalasi» muharrirlaridan biri der: «Tillar zamon ila isloh bo‘lur, birdan isloh etilmaslar». Sodda til nima uchun kerak? Atrofindagi qavmu qarindoshi ilan so‘ylashmoq uchun. Adabiy va ilmiy til nimag‘a kerak? Mavjud ilmu fan va tarixni bilmoq va alardan foydalanmoq uchun. Endi bizg‘a lozimki, atrof, ya’ni tevaragimizni adabiylashtursak, munavvarlashtursak, ya’ni ilmu fan ila yorutsak. Ilmu fan bo‘lsa, bizni tilg‘a tobe’ bo‘lmay, balki bizni o‘zig‘a jabran tobe’ etar. Endi bu sodda tilni bizni har qishloq va mahallada bir-biridan farqi bordur. Ammo ilmiy va adabiy tilni har bir qishloq va ko‘ydagi onalarni tilinda bo‘lmoqligi va alardan boshlanmog‘i mumkin emasdur. Ore, anglis va fransuz onalari va va o‘qug‘on rus va usmonli onalarini(ng) tili matbuot va maktabdagi adabiy va ilmiy tilni ayni va xud o‘zidur. Ammo alar bir necha yuz sanadan beri, qorindan qoring‘acha o‘qub kelgan onalardur. Bizni mazlum onalarimiz batanan ba’d batan[1] o‘qumay kelganlar. Endi u mazlumlarg‘a handasaning turkcha istilohlarini yutdurgon ila ona tili bo‘lub turub, avvalan ul onani o‘zig‘a anglashilmaydur. Modomiki, bizg‘a ilmu fan kerak va modom(iki), turk tilining ba’zi sho‘‘ba va lahjalarig‘a zamoniy, fanniy, diniy, tarixiy har nav’ kitoblar bordur. Ani o‘qub fahmlamoqig‘a g‘ayrat etishimiz lozimdur. Masalan, Kafkoz va Qirim lahjasini bilaturgonlar bu kungi dunyomizda mavjud aksar, balki hama ilmu fanlarni turkcha tilda bilurlar.
Dunyomizni ilmu fanidan xabardor bo‘lmoq uchun rus, nemis, fransaviy, anglis, itoliyoli, arabiy, jopuniy tillaridan birini bilmoq kerak va alarni bilmaganda Kafkoz va yo Qirim lahjai adabiyasini bilgan kishini dunyodan xabarlik bo‘lushig‘a vosita bo‘lur. Ammo qadim chig‘atoycha, mo‘g‘ulcha, o‘rxo‘ng‘cha va sahroyi tillarni tirguzgon ila na foyda? Va u tillarga qayu ilmu fanlar bor? Hozirgi so‘zimizg‘a qo‘shulgan forsiy va arabiy so‘zlar bizni arabu forsg‘a bir daraja yaqin etar. Ilmu fan kitoblarig‘a yaqinlashmoqimizg‘a vosita bo‘lur. Ba’zi birodarlarimizni sof ona tili bor. Ammo ona tilida maktab, madrasa, fanniy va ilmiy kitoblar ta’sis etolmaydurlar. Chunki so‘z yetishmaydur. Agarda alar taraqqiy etsa va madaniy bo‘lsa, hukman hozirgi tilni o‘zgartirib bo‘lur. Hamda ming yil avvalgi tilg‘a qaytmoq qonuni tabiatg‘a muxolifdur. Chunki moziyg‘a ruju’ mumkin yo‘q. Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur. Anglischani arabchadan so‘ngra eng boy til derlar. Maa fihi, o‘n minglar ila begona lug‘atlarni majburan olganligini yozarlar.
Xulosa fikrimiz shuki, yalg‘uz turkcha so‘ylamak va yozmoq abadan mumkin yo‘q. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluq. Barcha ilmu fan istiloh va lug‘atlarig‘a turkchadan muqobil oxtarib vaqtni zoe etmayluk. Taraqqiy etgan turkiy shevadagi ilmiy va fanniy kitoblarni anglamoqg‘a sa’y va g‘ayrat etayluk. Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas. «Ona tili, ona tili», bu yaxshi orzu. Ammo tilsiz onalar tilig‘a maktabiy kitoblar yozila bersa, Turkistonda adadsiz buzuq ona tillar shevasig‘a adadsiz kitoblar yozmoq lozim kelurki, Andijonda yozilgani Buxoroda, Avliyootada yozilgani Qarshida anglashilmaydur. Chunki bu onalarni tili bir-biridan farqlikdur. Taraqqiy etgan millatlar onalari o‘qutar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandur. Binobarin, baqadri imkon oz arabiy va forsiy, oddiy, turkiy lug‘at ila hozirgi shevalarcha yoza bermoqdan boshqa iloj yo‘qdur.
«Oyna» jurnali, 1915 yil, 11—12-sonlar. 274—277, 306-311-betlar.
[1]Batanan ba’d batan — avloddan avdodga.