OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. Nikoh to’g’risida (1906)

Janob muallif va muharriri «Taraqqiy»din iltimos qilurmankim, nikoh masalasi xususida mani bu besh-olti kalima so‘zimg‘a «Taraqqiy» sahifasidan joy bersalar.

Qola nabiyyi sallollohi alayhi vasallam nikoh sunnati «Faman rag‘ba an sunnati folis mani» mazmunicha bir oqil va bolig‘ kishiga tazavvij, ya'ni uylanmoq sunnat mua'kadalarini biri bo‘lmoqig‘a hech shubha yo‘qdur. Bunga binoan har kim o‘z kafuvvini topib, oli qadaral ol to‘y-tomosha qilib, imom afandilarimiz fasih va mavzun iboratlar birla aqdi shar'iy qilib, bir vajhi sunnat xutba o‘qilib, qizni kuyov qo‘lig‘a taslim qilurlar. Xo‘b yaxshi, ammo ikki-uch moddai muvassafasi bordurki, aning fasxiga ko‘shish qilmoq ulamoyi zulehtiromlarimizg‘a va ag‘niyolarimizg‘a vojib darajasida muhim va zarurdir. Birinchisi, qalmoq va xitoy toifalaridan qolg‘on bir rasmi qabihadurkim, nikohdan bir kun muqaddam besh-o‘n nafar sozanda va juvonlarni jam qilib, necha xil af'oli qabiha, g‘ayrimashru'lar birla o‘z yoru birodarlarig‘a bazm qilib ko‘rsatib, ofarinlar uyushtirar edilar. Bu ishni shar'an haromlig‘i izhori minal shamsdir. Ammo avomunnosg‘a chinon shoyi' bo‘lmishdirki, martabai istihloldin o‘tub, sunnat, balki vojib darajasig‘a yetubdur.

Zakot bermoq bo‘lg‘on holda bir boy zakot bermasa, hech kimning ishi yo‘q, ammo o‘g‘lini uylantirib, bazm bermasa, avomlar o‘rtasida malomatga mustahiq bo‘lur.

Ikkinchi nikoh kuni kelinni kuyov hovlisig‘a olib borurda ko‘riladirgon bir rasmi shani'adurki, bir arobag‘a kelinni solib, ul arobaning oldida ikki-uch nafar xotunlar beibo chirmanda chalib va hofizlik qilib bormoqlari. Agarchi kulliyatan bo‘lmasa ham aksar joyda ko‘rilmoqdadur. Bu badbaxtlarning avrat ovozini eshitib, ko‘p musulmonlar gunahkor bo‘lmoqdadur.

Uchinchi, dallol va yalochi masalasidurkim, muni haromlig‘idin ziyoda zararlari ham bor. Chunonchi bir hovlida yalochi o‘ynasa, jami' xotunlar ani atrofida turub o‘rtag‘a ma'jusiy otashparastlardek otash yoqurlar, ba'zi joylarda ul badkirdorlarning o‘yinini erkaklar ham bir tarafda turub tomosho qilurlar va ba'zi nodonlar qo‘llarig‘a tanga olib o‘yunchisini choqirib, bir a'lo fohishabozlik qilurlar. Bularning bu ishlarini bo‘lak mastura xotunlar ko‘rib tururlar. Mazkur erkaklarning bir ko‘zlari o‘yunchida bo‘lsa ham, bir ko‘zlari boshqa xotunlarda bo‘lur, hosili kalom, toqati islomiyatdan xorij bir xilof shar'idurki, buni shafe'i va davomi aholii islomni g‘ayrat va hamiyatdin butun-butun judo qilur. Bas, bu af'oli qaboyihlarni fasxiga ulamolar ko‘shish qilmasalar, bu ishlarni shar'an joiz ekonlig‘ini avomunnosg‘a bildurmasalar, avomunnos bul xilofi shar'iy ishlarni istihlol va istihfonida mudovomat qilsalar kerak va bul e'tiqod fosidalari bora-bora ulamolarg‘a ham ta'sir qilsa, bul xilofi shar'ilarda avomunnosg‘a mutobaat qilsalar kerak, balki mutobaatlari ham ko‘rinmakdadir. Hattoki ba'zi ahli ilmlar bu ishlarni javoziyat va shar'iligini tavajjuh qilmoqdadurlar. Yo rab, munday faso axloq va munday behamiyatlikdurki, shunday xilofi shar'ilarni man'ig‘a ellik-oltmish ming musulmondin bir g‘ayrat sohibi topilmas.

«Taraqqiy», 1906 yil, 3 fevral

Har besha gumon mubarki xolist, shoyadki palang xufta boshad[1]. Mazmunicha: g‘ayrat va hamiyat sohiblari alhamdulilloh mavjuddurlar. Chunki bundin muqaddam bazm va yalochilar haqida yozg‘on maqolamizni «Taraqqiy» sahifasida o‘qug‘on kishilar xattiki muhofizi shar'iyi sharif bo‘lg‘on qoziyi islomimiz bul to‘g‘rida izhori mamnuniyat qildilar. Ba'zi mahallalarda ijtimo' bo‘lib, har kim to‘yida bachcha va yalochi o‘ynatsa, mahallag‘a qo‘shilmasun va aralashmasun deb fotiha o‘qug‘onlari eshitildi. Bul janoblarning amsollari ko‘paymog‘ini samim birla vojibul vujuddin tilab va istido' qilib dermizki, borakolloh, yashosun g‘ayrat, yashosun hamiyat, olami islomiyat. Bul tariqa xilofi shar'ilarni man'ig‘a eng avval g‘ayrat qilg‘on janoblarni tabrik va tahsin qilib, boshqa mahallalarning ham bul janoblarg‘a lohaq bo‘lmoqlarini iltijo qilurmiz. Ammo fuqarolarni sohibi g‘ayratlari «palang xufta» manzallasidadurlarki, «palang xufta»ni quvvati hech yerga yetmas. Misola, bir mahalla imomi yo ellikboshisi bosh bo‘lib man' qilsalar, ikkinchi mahallag‘a ta'sir qilmas, ikkinchi mahallag‘a ta'sir qilsa, uchinchi mahallag‘a yo‘l topilmas va bul xilofi shar'ilar chunon shoyi' bo‘lmishdirki, ba'zi behamiyatlar mahallag‘a qo‘shilmaslikg‘a rozi bo‘lib, bazm va yalochini tarkig‘a rozi bo‘lmas, chunki ota-bobolaridin qolg‘on rasm emish, bas, bul rasmi qabihalarni man' va fasxi ulamoyi zulehtirom va quzzoti islom va hukumatdoron neknomlarimizg‘a lozimdurki, bul janoblar har bir ijtimo'larida ittifoq qilib, falon va falon ishlarni muxolifi shar'iyyi sharif bo‘lgon vajhidin man' qilduk va har kim qilsa falon jazog‘a mustahiq bo‘lur, deb hukm qilmoqlari birla bul xilofi shar'ilar butun oramizdin ko‘tarilib va bul ishlarni sababi birla dunyo'i va oxiratda sazovori oxiri azim bo‘lmoklarida shar'an va aqlan hech shubha yo‘qdir. Yahudiylar zabihni man qilmoq to‘g‘risida qilg‘on hamiyat va jasoratlari butun Turkiston mamlakatig‘a ta'sir qilg‘ondek buni ham ta'siri butun Turkiston mamlakatig‘a xususan, Farg‘ona muzofotlarig‘a ta'siri ma'lumimizdur. «Xayrun nos man yanfa'n nos» - hadisi sharif maolincha, sifoti xayrunnoslik birla mutassif bo‘lmoqlarida ham shak yo‘qdir. Zeroki, bul ishlarni man qilmoq - musulmonlarni din va dunyolarig‘a foyda yetkurmakdur. Dunyolarig‘a foyda shulki, bul xilofi shar'ilarini sababidin oxiratda tortadurg‘on do‘zax azoblaridin xolos bo‘lurlar, dunyolarig‘a foyda shulki, bachcha va yalochini bir kechalik muzdig‘a beradurg‘on o‘ttuz-qirq so‘mlari o‘z kissalarining manfaatig‘a qolur.

Hamadin bul moddasi ajabroqdurki, muxolifi shariat va bid'at bo‘lg‘on badbaxt va bachchalarni muzdlari o‘ttiz so‘m, qirq so‘m bo‘lib, kuyov-kelin qo‘shulmoqlarini xiltig‘a eng amada zarur bo‘ladurg‘on xutba o‘qug‘uvchi imom afandilarimizni muzdlari yigirma tiyin yo o‘ttiz tiyin birla bir o‘n tiyinlik dastruymoldir. Yo rab, munday betartib va benizomlik bo‘lurmu.

Faryod az zamonai bemehr kaj harom,
Xunrezi jonistoni g‘amangez benizom[2].

«Taraqqiy», 1906 yil, 7 fevral

O'zing bedor qil, yo rab, bizni bu xobi g‘aflatdan,
Hidoyat qil tariqi haq sori rohi zalolatdan.

1905 nchi, 17 nchi oktyabrda berilmish manifest, ya'ni hurriyat jumla Rusiya fuqarolarini asirlik zindonidan ozod qilib, o‘z huquqi diniya va dunyaviyalarini talab qilmoqda va o‘z mamlakatlarini islohida va o‘z maktab va madrasalarig‘a tartib va nizom ijro qilmakda. Hurlik, muxtorlik ato qilindi va bul hurriyat vositasi va soyasida jumla Rusiya fuqarolari oli alalxusus necha zamonlardin beri har go‘shada siqilib yotqon musulmonlar qafasdin ozod bo‘lg‘on qushlardek har tarafg‘a parvoz qilib, o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida chunon g‘ayrat va hamiyat qila boshladilarki, yolg‘uz musulmonlardin Peterburg‘ shahrig‘a yuborilgan arizalar 500 din ziyodag‘a bolig‘ bo‘ldi. Hech bir shahar, viloyat qolmadiki, davlat Dumasig‘a musulmonlar tarafidin vakillar saylanmoqqa maslahat va mashvarat qilinmag‘on bo‘lsa va hech bir viloyat qolmadiki, islohi mamlakat va ijroyi ahkomi shariat xususida majlis-mushovaralar qurulmog‘on bo‘lsa. Ammo biz Turkiston viloyatining musulmonlari hanuz asirlik zindonida tufrog‘ yemakdamiz. Jumla viloyatlardin millati-millati sadolari eshitilmakdadur. Ammo bizning viloyatimizda nafsi-nafsi navolari tarannum etilmakdadir. Hammada izhori haqqoniyat, bizlarda isrori nafsoniyat, hammada g‘ayrat va hamiyat zuhuri, bizlarda ixtilof va g‘aflat huzuri.

Biza nechun ittifoq o‘rnig‘a odati ixtilof o‘lmish,
Magar bizlarg‘a ro‘zi o‘lmamish millatda g‘ayratdan.

Hammaning maktab va madrasalari murattib va munzim, bizlarg‘a usul va tartib makruh va mahrum, oli alalxusus biz Toshkand musulmonlarig‘a sunnat o‘rnig‘a bid'at, ufoq o‘rnig‘a nifoq, va'z va nasihat o‘rnig‘a jang va shikoyat, g‘ayrat va hamiyat o‘rnig‘a xavfu g‘aflat. Iste'moli majlislarimizning eng amada zaruriyotidin o‘lmish ibodat uchun bino qiling‘on masjidlarimizning darvozaxonasi shikoyatxonag‘a mubaddal o‘lmish. Vaholanki, shikoyatni ramlig‘ida shak va shubha yo‘qdir. Imomlarimizning vazifalari qavmlarig‘a va'z va nasihat birla ahkom shariatni bildirub, g‘ayri-mashru' ishlardin qaytarmoq bo‘lg‘on holda o‘z vazifalarini ado qilmoqqa to‘y va ma'raka axtarmoqdin qo‘llari bo‘shamas. Agar qavmlarini oldig‘a tushub to‘y va ma'rakag‘a yurmasalar o‘shal kuni imomatdin ma'zul bo‘lur emishlar. Chunki avomunnosning e'tiqodida imomlik qavmning oldig‘a tushub to‘y va ma'raka axtarmoqdin iboratdur va a'yoni qavmg‘a xushomad qilib, girdin ekmakdan kinoyatdur.

Vaholanki, imomlar noibi Rasulluloh sallollohu alayhi vasallamdurlar. Olloh taoliy anbiyo alayhim-us-salomg‘a o‘z ahkomlarini bandalarig‘a yetkuzmakni va'z va nasihat birla odamlarni dinga va yaxshi amallarg‘a dalolat qilmakni amr qildi. Ul janoblar har qaysilari ma'mur bo‘lg‘on vazifalarini ado qilmak uchun o‘z nafslarig‘a turluk-turluk jafolarni ravo ko‘rdilar. Hargiz va va'z nasihatdin zaboni muboraklarida qusurlik ko‘rulmadi, xususan, hazrat Rasuli akram sallallohi alayhi vasallamning dahani muboraklaridin to‘ti ruhlari parvoz qilg‘uncha «ummatim», «millatim» kalimalarini zaboni muboraklaridin qo‘ymadilar. Qani bizlarda ul janoblarg‘a mutobaqat, qani ul janoblarg‘a muvofaqat. Qachonki ul janob «Kulli nafsi zoiqatul mavt» mazmunicha dorulfanodin dorulbaqog‘a rihlat qildilar. Umuri hidoyat va muhofazatdin va millati xulafoyi roshidin alayhim ar-rizvonni vazifalari o‘ldi. Ul janoblar ham har qaysilari o‘z zamonlarida millat uchun chunon g‘ayrat va jasorat ko‘rsatdilarki, butun Fors va Turkiston balki, aksar Hindiston mamlakatlari bul janoblarning zamonlarida sharafi Islom birla musharraf bo‘ldi. Hammalari o‘zlarini millatg‘a qurbon qildilar. Bas, bul janoblarni noib va vorislari ulamoyi kirom va umaroyi zulehtiromlar o‘ldilar.

Bul janoblarda ham yaqin zamonlarg‘acha o‘zlarig‘a lozim bo‘lg‘on vazifalarni adosida qusurlik ko‘rilmadi. Ammo bul zamondin yuz yildin ziyodroq muqaddam zamondin boshlab ohista-ohista millat devorining har tarafig‘a rahnalar paydo bo‘ldi. Munga sabab ulamo va umarolarimizning o‘z nafslarini rioyasida harakat qilmoqlari bo‘ldi. Podshoh va xonlarimiz bo‘lsa, millatg‘a qilg‘on xizmatlari tanho xotun olmoq va kuchuk urushtirmoq va beg‘ayrat va haqqoniyat dindor kishilarni badarg‘a qilmoq va tutub o‘ldirmoq bo‘ldi. Millat nima, shariat nima, bilmadilar va qaramadilar. Shuning uchun millat devorini rahnalari tobora ziyoda bo‘ldi. Bo‘zaxo‘rlik, qimorbozlik, bachchabozlik, bazm qilmoq va yalochi o‘ynatmoq, erkakni xotun qilmoq va xotunni erkak qilmoq, zino qilmoq, shikoyat qilmoq va bir-birlarini haqorat qilmoq, xususan, og‘izga haqorat qilmoqkim, kufri sarihdur va shularg‘a o‘xshash harom amallar o‘rtalarida chunon shoyi' bo‘ldiki, haromlig‘i hech kimning dilidin xatir qilmadi. Bu ishlarni alhol bizlarning ota-bobolarimiz rasmlaridur, deb iste'mol qilmoqdadurlar, hattiki ba'zi mo‘yisafedlarimiz bizlar yigitlik vaqtimizda munday ishlarni qilar erduk va munday bazmlarni qilur erduk, bizlarning bachchalarimiz munday o‘yunchi erdi, qani ul bachchalar, zamona fosid bo‘ldi, yigitlar xotun bo‘ldi, deb o‘tgan zamonlarg‘a faxr va bu zamong‘a afsus va nadomat qilurlar. «Innolloha yag‘irmo ba qavmi yag‘ir mo ba nafsihum». Mazmunicha: oxirul amr bu af'oli qabihalarimizni sababidan mulk-mamlakatimiz tag‘ayyur va tabaddul bo‘lib, asir-u, xor-u zalil bo‘lduk.

Vaqtiki hukumatdorlarimiz bizlarni bul tariqa g‘aflatda va jaholatda topdilar. Millatimiz devorining qolg‘on yerlarig‘a rahna solib, shariatimizni obodlig‘ina eng amada sabab bo‘ladurgon masjid va madrasa vaqflarini tavaqquf qilinib, qozilarimizning nomlarini «narodniy sudya» nom qo‘yilib, uch yuz so‘mdan vasiqa qilmoq qozilarimizdin olindi. Qozilarimiz hukmlarini polojeniega muvofiq qilmoqqa majbur bo‘ldilar va soira-soira rahnalar paydo bo‘ldi. Ammo o‘z hukumatdorlarimizning ko‘zlarini g‘aflat chunon qoplamishki, hanuz o‘z nafslarining foydasini axtarmoqqa mashg‘uldirlar va ul foydadin millat va shariatg‘a xoh foyda o‘lsun, xoh zarar o‘lsun har bir harakatlaridin manfaati shaxsiyalari maqsuddir. Va har fikrlarida rioyani nafslari mavjuddir.

Ulamolarimizda hukumat yo‘qki, millat devorini rahnalarini isloh qilsunlar va hukumatdorlarimizda g‘ayrat yo‘qki, bu islohda ulamolarimizg‘a yordam bersalar, alalxusus, har millat sohiblari o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida hur va muxtor bo‘lg‘on bu zamonda va har viloyatda islohi mamlakat uchun majlis, mushovaralari qurulg‘on bu asrda bizning Toshkand shahrida islohi mamlakat xususida na bir ijtimo'imiz bor va na bir maslahatimiz bor va na huquqi diniya va dunyaviyamizni talabida bir ariza berduk va na davlat Dumasig‘a vakil saylamoq xayolimizg‘a kelur. Yolg‘on bo‘lmasun, mundin bir-ikki oy muqaddam ulamo va hukumatdorlarimizning g‘ayrat to-murlari harakatga kirib, o‘z huquqlarini talabida ariza bermoq uchun ikki-uch bor ijtimo' qildilar. Afsuski, ul ijtimo'lari ham yolg‘uz palov va ziyofatxo‘rlik birla nafsoniyatdin iborat bir majlis bo‘ldi. Ariza bermoq munda tursun, arizani tartibig‘a ham ittifoq qila olmadilar. Chunki har kim o‘z manfaati shaxsiyasini mulohazasida so‘z so‘zladi.

Qo‘rqurmanki, biz bechoralar shul g‘aflat va shul ixtilof va shul nafsoniyat soyasida hama mustafid bo‘lg‘on hurriyatning ne'matlaridin ham mahrum qolmasak deb. Agar shundan ham mahrum bo‘lsak, millatimizning devorig‘a solingan rahnalar tobora ziyoda bo‘lmog‘ida hech shubha yo‘qdir. Agar shul hol birla ketsak, tongla qiyomatda biz, ahli islomni qo‘llarimiz kimning yaqolarida bo‘lsa kerak.

Biz fuqarolar, qo‘ydek musulmoniya, amaldorlarimiz cho‘pon misllik bo‘lib, tongla bizlarning ahvolimiz borasida mas'ul bo‘lsalar kerak. «Kullikum rao' va kullikum mas'ul an raiyata», oramizda bo‘lgan rahnalarni islohi hukumatdorlarimizning quvvat va g‘ayratlari birla mumkindir. Loaqal shunga ham bir g‘ayrat qilmasalar, misola bu rahnalarni bir nechasi bachcha va yalochilarni o‘ynatmoqdurki, mundan muqaddam gazetlarda yozilib erdi va ul gazetalarni o‘qug‘on kishilar g‘ayrat va hamiyat qilishib, necha yerlarda bu ishlarni man'ig‘a fuqarolarni o‘zlari ko‘shish qilishlari, ammo yerlarda man'ig‘a muvofiq o‘lsalar ham ba'zi joylarda qo‘llarida hukumat bo‘lmag‘on vajhidin man' qilmoqqa qodir bo‘lmadilar. Agar hukumatdorlarimiz bul ishlarda ulamo va fuqarolarga yordam berib bosh qo‘shsalar erdi, butun Turkiston viloyatidin bu ishlarni barham bermoq mumkin erdi. Bas, bu ishlarni to‘g‘risidin qiyomatda savol o‘lsa, kimning domanin tutarmiz. Ikkinchi do‘xtur masalasidurki, boqiyasi bor[3].

«Taraqqiy» gazetasi, 1906 yil, 7 mart

 


[1] O'rmonni tinch deb o‘ylama, shoyadki bir yo‘lbars uxlab yotgandur.

[2] Bemehr, harom, jonlar qonini qonunsiz to‘kib, g‘amga botiruvchi zamondan faryod.

[3] Gazetada Munavvar qorining do‘xtirlarga bag‘ishlangan maqolasi bosilmagan.- S. A.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.