OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. O’zbekistonda vaqf (1924)

Faqat O'zbekiston jumhuriyatida vaqf bor, boshqa yoqlarda yo‘qdek.

O'zbek xalqi o‘ziga ayrim katta bir jumhuriyat bo‘lib tuzilgandan keyin vaqf ishlari yana ham ahamiyat kasb etadir.

Bosh vaqf idorasi vaqfni keng doirada idrok qilish uchun tuzgan loyihasi 15 dekabrgacha Inqilobqo‘m hay'at ra'iyasiga taqdim qilsa kerak. Bu loyiha Sho‘rolar Markaziy Ijroqo‘mi tomonidan ham tasdiq etiladir. Shu vaqtg‘acha ayrim bo‘lgan Buxoro, Xorazm jumhuriyatlaridagi vaqf mulklari juda sustlik bilan kelgan, ko‘p mulklar ro‘yxat qilinib, ro‘yxatga olish ham vaqf qaramog‘idagi eski-yangi maktablarni qanday hisoblash va boshqalar uchun Bosh vaqf idorasi tomonidan bir ta'limot yuborildi.

Xorazm, Buxoro jumhuriyatlaridagi vaqf mulklari 1925 yil birinchi apreligacha ro‘yxat qilinub bo‘lg‘usidir.

Milliy jumhuriyatlarga bo‘linish munosabati bilan O'zbekiston jumhuriyati doirasidagi vaqf mulklaridan foydalanish Qozog‘iston, Qoraqirg‘izga o‘tib ketadir. Mana bu masala jumhuriyatlar tuzilib bitguncha idora qilish tegishli hukumat idoralarining qo‘lida bo‘ladir.

Vaqf mulki bo‘libda hozirgacha boshqa hukumat idoralarining tasarrufida bo‘lgan joylar 25-yilning birinchi apreligacha Bosh vaqf idorasiga o‘tkazish uchun tegishli idoralar bilan chorasi ko‘rilur.

Buxorodagi vaqf mulklari mamlakatning to‘rtindan birini, Xorazm vaqf mulklari mamlakatning uchdan birini tashkil etgani holda o‘shal jumhuriyat komxozlarining qo‘l ostida idora qilinib keladir, desak, xato bo‘lmas. (Bundan oz bir qismi vaqf idoralarida tasarruf qilinadur.) Vaqf yerlaridan dehqonlarga bo‘linib berilmagan bog‘lar, chorvoqlar bordirki, bular har kimlarning qo‘lida yotadir. Shularni Bosh vaqf idorasiga o‘tkazish chorasi ko‘rilmoqda va loyihalari tayyorlanmoqdadir.

Bosh vaqf idorasi O'zbekiston doirasidagi vaqf sarmoyalarini xususiy fondda saqlash harakatida. Bosh vaqf idorasining hozirg‘i sarmoyasi 700 ming so‘mdir, agarda mamlakat mulklari ro‘yxatga olinib bo‘lsa, vaqf daromadini o‘n martaba orttirish kutiladir.

Hozir vaqf ta'minotida, Xorazm va Buxorodan tashqari, 85 boshlang‘ich maktab, 6638 o‘quvchi, 2-3 bosqich maktab, 400 o‘quvchi, 10 savodsizlar kursi, 6 ta'lim-tarbiya kursi bor. Bundan boshqa vaqf shefligida klub, qiroat-xona, xotin-qiz bilim yurti ham 25 stipendiya olg‘uvchi bor. Demak, Bosh vaqfning umumiy daromadidan 89 yarim prosenti ilmiy ishlarga sarf bo‘lib, qolgani idora ishchilariga ketadir.

Bosh vaqf idorasi o‘zining keyingi planida ko‘rsatilgan ishlarni bajarib, butun vaqf mulklarini inventarga olsa, undan chiqodirg‘on daromadga qilinadurgan ishlar juda ko‘p. Buxoro va Xorazmda ta'lim-tarbiya kurslari ochish, yangi maktab binolari solish ham chetlarda o‘quvchi talabalarga ko‘prak yordam berish birinchi vazifalardandir. Shuning bilan birga daromad manbalarini ko‘payti-rib, buzilgan do‘kon, saroylarni tuzatish kerak.

«Qizil O'zbekiston» gazetasi, 1924 yil, 11 dekabr

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.