Bir vaqtlar chor hukumati va uning xoin missionerlari qo‘l ostida juda og‘ir hollar kechirgan Turkiston maorifparvarlari, sho‘rolar hukumati davrida xiyla keng plan va g‘oyalar bilan ishga kirishgan edilar: besh yil inqilob davrining avvalgi yillarida maorif ishlarimiz g‘oyat yorug‘ va zo‘r umidlik bir holga kira boshlagan va bu yo‘lda asosli bir zamin hozirlana boshlagan chog‘da maorif birdan turg‘unlik va tushkunlikka yo‘liqib qoldi.
Buning sabablari juda ko‘p bo‘lsa ham, kattaroqlari - maorif ishlarida ko‘rpaga qarab oyog‘ uzatmaganimiz, maorif ahllarining xalqdan uzoqlashganliklari, maorif ishlarida Turkiston xalqining Ovrupo gazi bilan o‘lchaganligi, kilo kabi xususiy va fanniy ravishda hal etiladigan masalalarda Turkiston yoshlarining o‘zaro ixtilof qilib, har turli araz va sitezlar bilan bir qadar vaqt maorif ishlaridan chekkaga chiqqanliklari va, bularning ustiga, Samarqand va Farg‘onada besh yildan beri davom etib kelgan «bosmachilik harakatlari»dir. Buning ustiga, yangi iqgisod siyosati orqasida ko‘p maktablarimizning ta'minoti mahallalardagi mablag‘larga va mahalliy xalqning o‘z erkiga qoldiriddi.
Bu haqiqatlarni ko‘ra va bila turib shu yuqoridagi sabablar bilan kurashmasak va o‘zaro janjallarimizni bir tarafga tashlab qo‘yib, qo‘l-qo‘lga berishib, butun tish va tirnog‘imiz bilan maorifga yopishmasak, Turkiston maorifi o‘ldi va Turkistonning porloq kelajagidan umid uzuldi, demakdir. Chunki, Turkistonning porloq kelgusi, balki hayoti va qo‘rqinchli qorong‘iliqdan qutulishi faqat maorifgagina bog‘liqdir. Turkiston xalqi maorif va ma'naviyat narvonining birinchi poyasiga endigina qadam bosdi.
Bu to‘g‘rida hali qilinadigan xizmatlar juda ko‘p, ko‘zlangan maqsad juda uzoqdir. Moddiy va ma'naviy tomondan ishlanmagan ishlarning hali mingdan biri ham ishlangan emas. Maorif va madaniyat yo‘lida hali bizning tilimizga olinmagan, balki, xayolimizga ham kelmagan buyuk xizmatlar va yechilmagan masalalar bor - fanniy va ilmiy tadqiqot va mubohasalar bir tomonda tursin, ibtidoiy maktablarni bir yo‘lga qo‘yish uchun ham kerakli choralarni hanuz topa olganimiz yo‘q. Til va adabiyot masalasida esa, haligacha uning boshlag‘ichi bo‘lgan yozuv va imlo to‘g‘risida asosli bir yo‘l topolmasdan, turlimiz turli tomonga tortishib, ko‘zlangan maqsaddan chekkaga chiqib ketdik. Shu sanalgan kamchiliklarni qancha og‘ir bo‘lsa bo‘lsin, iqror qilmoq bilan birga biz, Turkiston maorif xodimlari, ustimizga tushgan g‘oyat muhim va mas'uliyatli vazifalarni - qancha og‘ir bo‘lsa-bo‘lsin, komil sabot va matonat, ulug‘ qahramonlik va olijanoblik bi-lan iyfo qilishimiz lozim, buni inkor qilib bo‘lmas. Mana shu hollarni e'tiborga olib, Toshkentning butun o‘zbek maorifparvar yoshlari va mas'ul maorif-madaniyat ishchilarining umumiy yig‘ini.Turkistonda maorif ishlarining susayishi va maorif xodimlari orasidagi janjallarning sabablarini yaxshi anglab bilmakni lozim topib, shunga maxsus bir hay'at sayladi. Bu hay'atning bir necha kunlik faoliyati natijasida maorif ishchilari orasidagi butun anglashmovchiliklarning bartaraf qilinganligi to‘g‘risida o‘zaro birlik yasalib va ahdnomalar tuzuldi. Maorif ishlarimizning eng og‘ir va buhronlik bir vaqtida shu ishni pastlash va yo‘qolishdan qutqarib qolmoq uchun birlashgan Toshkent o‘zbek maorif-madaniyat xodimlari, butun o‘lkadagi maorifparvar o‘zbek shovvozlari shu birlashmani samimiy bir tantana bilan e'lon qilmoq barobarida, ularga quyidagi takliflarni qiladi:
1) Butun o‘lkadagi o‘zbek maorif-madaniyat xodimlari o‘z oralaridagi barcha janjal va bitishmasliklarni tashlab, qo‘l-qo‘lga berilib, maorifning yuksalishi uchun ortiq darajada zo‘r g‘ayrat bilan ishlasinlar.
2) Xalqni maorifga va maorifni xalqqa yaqinlashtirmoq uchun qo‘llaridan kelgan har bir choraga kirishsinlar.
3) Samarqand va Farg‘onada xalqning butun xo‘jalik ishlarini va buning orqasida maorif ishlarining barbod bo‘lishig‘a sabab bo‘lgan bosmachilik bilan kurashish ishida bor kuchlari bilan hukumatga yordam bersinlar.
4) Turkiston o‘zbeklarning maorif va madaniyat ishlarini to‘g‘ri bir yo‘lga qo‘ymoq uchun Toshkentda «Nashri maorif» isminda bir jamiyat ochish harakatiga kirishildi. Shu jamiyat rasmiylashgandan so‘ng matbuotda e'lon qilinishi bilan darhol shu jamiyatning har yerda sho‘‘balarini ochishga kirishsinlar. Yerli xalqning maorif ishlarida bizda muttahidi front tashkil etilmoqdadir. Shunga yaqindan aralashmoq va umumiy dushmanimiz bo‘lg‘on jaholat bilan kurashmakka barcha o‘zbek maorif-madaniyat xodimlarini da'vat qilamiz.
Munavvar qori Abdurashidxonov
Mannon Ramz Shokirjon Rahimiy
Zahiriddin a'lam Elbek
Shahid Eson
Salimxon Tillaxonov
Hamid Sulaymon
Xolmuhammad Oxundiy
Majid Qodiriy.
«Turkiston» gazetasi, 1923 yil, 1 yanvar