OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. «Turon» teatri ochilishida so’zlangan nutq (1914)

(1914 yil 27 fevralda Toshkandda «Kolizey» teatri binosida «Turon» truppasining rasmiy ochilishi munosibatila so‘zlangan nutq.)

Jamoat!

Siz hurmatlularga tiyotr xususida bir necha so‘z aytmakka jasorat qilib, qarshularingizga chiqdim. Bu xususda manim gustohona harakatimni afu etmaganingizni ojizona rijo qilurman.

Bizni Toshkand shahrida bir necha martaba milliy tiyotrlar o‘ynalgan bo‘lsa ham, xolis Turkiston tilida hanuz bir tiyotr o‘ynalmag‘onlig‘i barchamizga ma'lumdir. Shul sababli ba'zi kishilarimiz tiyotrg‘a, ehtimolki, o‘yinbozliq yoxud masxarabozliq ko‘zlari ila boqurlar. Holbuki, tiyotrning asl ma'nosi ibratxona yoki ulug‘lar maktabi, degan so‘zdur. Tiyotr saxnasi har tarafi oynaband qiling‘on bir uyg‘a o‘xshaydurki, unga har kim kirsa, o‘zining husn va qabihini, ayb va nuqsonini ko‘rub ibrat olur. Va bu sahnada ko‘ziga yomon ko‘rungan past odatlardin va buzuq axloqlardin uzr qilmoqg‘a harakat qilur. Binoanalayh tiyotrni buzuq axloq kasallarining eng yoqimli davosiga o‘xshatgan kishi yolg‘onchi bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.

Tiyotr sahnasiga chiqib, yuziga un surtib, bir masxaraboz shakliga kirgon zotlar go‘yoki tabibi hoziq misolindadurlar. Bunlar achchiq roman[1]larni shirin davolari ila xalqg‘a yedirurlar va achchiq nasihatlarni suchuk so‘zlari ila xalqg‘a eshitdururlar. Biz shu zotlarga va tiyotrlarga qanday ko‘z ila boqmog‘imiz kerak? Muni o‘rganmak uchun biz o‘zimizdan boshqa mutaraqqiy mamlakatlarga boqaylik. Misli ustimizga hokim bo‘lub turg‘on ruslarga, turklarga, nemislarga, fransuzlarga, yahudiylarga va boshqalarga, ko‘b uzoq ketmayluk, eng yaqin qo‘shnilarimiz bo‘lg‘on Qofqoz musulmonlarig‘a. Bundan o‘ttiz yil muqaddam Qofqoz musulmonlaridin eng avval chiqib tiyotr kitoblari yozg‘an va yuziga un surtib tiyotr sahnasiga chiqg‘on, adibi shahid Mirza Fathali Oxundov janoblarig‘a xalq qanday ko‘z ila qaradi? Marhum Oxundov xalqning nuqsonini ko‘rsatg‘on, millat taraqqiysig‘a va mamlakat obodlig‘ig‘a xizmat qilgon, ismi har yerda haqorat ila zikr qilinurdi va o‘zidan har kim nafrat qilurdi. Lekin o‘ttiz yil o‘tgandin so‘ng marhum Oxundov janoblarining chekkan mashaqqatlari va tortgon zahmatlarini millat o‘ylab, taqdir qilub, oning xotirasi va ruhining shodligi uchun ulug‘ bir yubiley, ya'ni duo majlisi yasadilarki, hozirg‘a qadar bunday ulug‘ majlis musulmonlardin hech bir kishi uchun yasalg‘oni yo‘qdur. Marhum Oxundov tutgan yo‘lning ulug‘ foydalari hozirda ko‘rinmakda boshladi. Qofqoziyaning har bir yerida jamiyati xayriyalar ochilub, alarning tiyotru shu'balari tashkil topdi, bularning eng mashhurlari Bokuda «Najot jamiyati»durki, bu jamiyat tiyotr vositasila Qofqoz xalqining axloqini xiyla isloh qildi, g‘aflatdin uyg‘ontirdi, taraqqiy va maorifga havaslarin ortdirdi. Hozirda tiyotr vositasila har yil minglarcha aqcha jam' qilur. Yuzlarcha musulmon faqir va ojizlarga yordam berur. Qo‘lidan kelguncha millatining nomus va obro‘sini hifz qilur va shaharning atrofida bo‘lg‘on qishloqlarda o‘ttuzg‘a yaqin mak-tablar ochub, islom bolalarini tarbiya va ta'lim qilur. Yuzlarcha millat bolalarini tarbiya qilub, o‘qitub, haqiqiy millat va vatan xodimlari etib maydong‘a chiqarur.

Modomiki, bizim eng yaqin qo‘shnilarimiz va vatandoshlarimiz va dindoshlarimiz bo‘lg‘on totorlar va Qofqoz musulmonlari bu tariqa taraqqiy va tamaddunga qadam qo‘ydilar. Va yolg‘iz tiyotr vositasila o‘z millat va vatanlarina buncha xizmatlar ko‘rsatdilar. Biz, turkistonliklar na uchun onlardin ibrat olmaymiz? Na uchun o‘z tilimizda tiyotrlar yasab, oramizda bo‘lg‘on buzuq odatlarni yo‘q qilmoqg‘a harakat qilmaymiz? Na uchun Turkistonda birgina bo‘lg‘on jamiyatimizni va faqirlikdin inqirozga yuz tutgan maktab va maorifimizni obodlig‘iga sa'y va ko‘shish qilmaymiz?

Bizim Turkiston mamlakati tufrog‘, suv va havo jihatidin eng boy mamlakatlardin bo‘la turub, na uchun o‘zumiz bundan foydalana olmaymiz?

Mana, ketba-ket yetgan bunday savollarga javob bermak uchun nodonliq va olamdin xabarsizlik, demakdin boshqa chora yo‘qdur. Bu nodonliq va dunyodin xabarsizlik balosidan qutulmak uchun eng avval oramizda hukm surgan buzuq odatlarning buzuqlig‘ini bilmak va o‘rganmak kerakdur.

Bas, bizga bu bildurg‘uvchi va o‘rgatuvchi yolg‘iz tiyotr sahnasidur. Soniyan onlarni tark qilmak keraqdurki, oni tark qildiruvchi yana jamiyat va tiyotr vositasila ochilgon maktab va madarasamizdur. Shul sababli himmatli yoshlarimizdan va himmatli boylarimizdan bu tiyotrlarga faqat o‘yun va masxarabozlik ko‘zila boqmasdan, millat va axloq jihatidan eng ibratli bir manzara va ulug‘lar uchun ochilg‘on foydali bir maktab nazari ila boqmoqlarini ojizona arz va istirhom qilurman.

«Turkiston viloyatining gazeti», 1914 yil, 2 mart 

[1] Roman - axloq.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.