OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vadud Mahmud. Kallami, kulohmi? (1925)

Eskidan «aql yoshda emas, boshda» degan otalar so‘zi yuradir. Yangi ijtimoiy ehtiyojlar taqozasidanmidir, nadandir, bu kungi Turkiya jumhuriyat hukumati yangi bir maqol o‘rtag‘a otmishdir. Uda «Asriylik kallada emas, kulohdadir!» Eski maqolning to‘g‘rilig‘ini kundalik hayotimiz bilan isbot qilinmoqda bo‘lsa ham, ajabo Turkiya hukumati bu qaziyasi uchun qanday dalil va isbot ko‘rsata oladir? Voqean Turkiya hukumati o‘zining bu tashabbusiga turli dalillar keltiradir. Avvalan, ovrupolarning tahqiridan qutulishi uchun ularning po‘stiga burunishi kerakligi, ikkinchi, mamlakatning asriy bir hayotga kirishi uchun ovrupoliqning qabuli! 
Bu masalalar, umuman sharq va xususan islom dunyosi uchun eng eski masalalardandir.
Sharq iqtisodiy jihatdan tubanlashib Ovrupo sarvatining qo‘lida qola boshlag‘on zamonlardan beri bu ikki masala chiqg‘on va ularni hal etishga ehtiyoj sezilgan edi.
Ovrupolilar bir mamlakatni istilo qilar-qilmas ikki jabhali bir vaziyat tug‘uladir. Bir yoqdan ovrupoli o‘zining irqining «najibligiga» tayanib mustamlaka bo‘lish jihatidan mag‘lub va shuning uchunda «zaril» xalqlarni tuban ko‘ra boshlaydir. Bu qarash avvalo shundan boshlanadirkim, u istilochi boydir, bular kambag‘al! Boy bilan kambag‘alning bir-birovi bilan munosabat va muomalasi ma’lum.
Ikkinchidan, ular g‘oliblardirlar, bular mag‘lub!
Sharqlilarda esa g‘oliblarning talashlari, jabr va zulmlariga qarshi bir dushmanlik tug‘ulg‘oni kabi, ularning qarashlarig‘a qarshi boshqa choralar bo‘lmag‘onidan yaxshi ko‘runmak va yaranmoq hislari paydo bo‘ladir. Ovrupolilarning galabasi ortgan sari nafratida ortadir, chunki bir yoqdan mamlukining kambag‘allana tushganidan «xo‘jasi»g‘a «taqdim» qilib, evaziga «marhamat» kutaturg‘on «matoi» kamayadir.
Ikkinchi yoqdan bu mag‘lubning bor va yo‘kini bersa ham, «marhamat» kutib yumruq (musht ma’nosida — B.K.) ko‘rganidan dushmanligi ortadir. Bu hol kundan-kun ortadir, sira to‘xtamaydir. Okibat ko‘rinadirki, vaziyat ikki yoqdan o‘zgarmaqda bo‘lsa ham, birisining foydasig‘a, ikkinchisining zarariga o‘zgaradir, foyda ko‘rgan tomon tabiiy o‘laroq qaqqaya (gerdayish ma’nosida — B.K.) boradir, mag‘lub taraf esa bunga bir chora axtara boshlaydir. Avval isyon qilmoq boshig‘a keladir va isyon ham qiladir, lekin och qolg‘onini va ochliq orqasida «o‘lum»ning kelganini ko‘rub qo‘rqadir, yana itoatga boshlaydir.
«Itoat» uchun esa «chidam-sabr» kerak bo‘ladir, holbuki ustidagi og‘ir yukka qarshi qo‘yulaturg‘on «toqat» bo‘lmag‘onidan va isyon bilan ham ish chiqmog‘onidan yana boshqa choralar izlay boshlaydir.
Umuman sharq, xususan bu kungi Turkiya mana shu vaziyatdadir. Hindda, Chinda, Eronda, Arabistonda ham shundaydir. Hindiston o‘zining firqa nizolari bilan bu vaziyatni ochiq ko‘rsatadir. Bir yoqdan taraqqiyparvar, liberal, ovrupoli ahmoq istaganlar yillardan beri tirishadirlar va o‘zining xo‘jalariga qarshi vaziyatlarini yaxshirtmoq istaydilar.
Inglizlar esa - har qancha oriy irqni maqtasalar ham, hindlarga kelganda maqtovlar toqchada qoladir va vahshiyat kundan-kun ortadir. Huquqsizlik kun sayin qattig‘ bir tus oladir.
Chindagi kapitalisun masalalari, ajnabiylarning yerlariga qaraganda ayri huquqqa molik bo‘lishlari, bu kungi Chin buhronlari bularning shohididir.
Ovruponing iqtisodiyoti orqasida vujudga kelgan sharqdagi bu ijtimoiy harakatlar turlicha jarayonlar tug‘diradir.
Hindiston o‘zining Gandi va Togurlari bilan iqtisodiyatda bo‘lg‘oni kabi barcha ijtimoiy muassasalarda, falsafada, axloqtsa, odatda — ovrupolilarga qarshi tushadir.
Gandi va Togurlarcha Ovruponing dini-da buzuq, dunyosi-da! Na uning falsafasi haqiqatga yetadir, na axloqi saodatga erishdiradir.
Ovrupo bir «mashina»dir va uning temir, qora chambaraklari, panjalari «insonliq» vijdonining eng imonsiz dushmanidir. Shuning uchun undan hazar etmak, qochmoq lozimdir. Shuning uchundirki Togur o‘zining «hofizona» va «bedilona»— hayyomona emas! — nazm va nasr-la sharqning qadim ruhini kuylay boshlaydir. Gandi, Ovrunoning mol va matoga qarshi ko‘blashib kuydirish va shahar korxonalarini tashlab qishloqlarga chekinishlari bilan birga o‘zining yurish-turishi bilan eski «budda»lik va «baraxman»likini boshlaydir.
Eronda, hatto, Eronning islomlarida ham — eski zardushtlikka tomon jidtsiy mayl borligi bukun ko‘zga urulmoqdadir. Turkiyada ham bu qadimga berilish jarayoni yo‘q emasdir. Ba’zi parchalari-la Yahyo Kamol, nasrlari-la Yoqub Qodiriylar bu maktabning boshliqlaridan sanalsalar mumkindir. Lekin bu kungi Turkiya jumhuriyat hukumati bu jarayonga qarshi yuqorida ko‘rsatganimizcha tamom ma’nosi-la ovrupolik jarayoni tarafdoridir. Faqat tom ma’nosi-la emas, qo‘rqoqcha bir ovrupoliq tarafdoridir.
Chunki: Ovruponing falsafa va fanini qabul qilar ekan qo‘rqoqligi bo‘lmasa, Ovrupo ilm va fanining chiqarg‘on so‘siyolizm va uning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgon kommunizmga karshi bu kadar qattiq harakat nechundir. Voqean bu bir tarafdan mayda burjuaziyaning manfaat taqozosi kabi iZoh etilsa ham uning asosida o‘shal qo‘rqoqliq turmaydirmi? «Ilm va fan»ning haqiqatlariga qarshi manfaat qo‘rqoqligi! Mantiqan qarangiz! Salla o‘rnida shapka kiyilsa ovrupolashgon bo‘lur ekanlar va ovrupolilarning tahqiridan qutulur ekanlar. Bu qo‘rqoqliq emas, kulunch bir maymunlikdir. Bu aql va mantiqingiz bilan qishdan qanday chiqdingiz, o‘rtoqlar?
Bu ko‘rsatadirki: avvalo Turkiya jumhuriyat hukumati ijtimoiy masalalarni izoh qilish yo‘lini anglamaydir va ijtimoiy tazhurotga ahamiyat bermaydir.
Ikkinchidan, mamlakatning iqtisodiy manofeini aslo ko‘z oldig‘a keltirmaydir. Unga yolg‘iz ovrupolilarga yoronmoq lozimdir.
Ovrupolilarning bu kungi shapkalari buyruq ostida tug‘ulmag‘on kabi, musulmon va sharqlilarning kiyimlarida hech bir xon va avliyoning talqini bilan bo‘lmag‘ondir. Bu bir ijtimoiy muassasadirki, muhit va zamon ta’siri ostida tug‘uladir va yashaydir.
So‘ngra ovrupolining salla o‘ragoni bilan musulmon bo‘lmag‘oni qancha aniq bo‘lsa bir sharqlining shapka kiyishi bilan amerikalicha tushuna olmaslig‘i va o‘zining ayri xususiyatlarini doimo saklayturg‘onlig‘i badihdir. Yoronmoq - xush ko‘rinmoq masalalariga kelganda ham hol aynidir. Modomiki, Turkiya va sharq, Ovrupo va Amriqo sarvatdorlarining manfaatlariga qarshi kurashadir va ularning jigariga suqulgan panjalarini arralaydir, yuz out taqqan bilan, ming karra kalisoga kirgan bilan, xudoni uch emas, o‘n mingta demak bilan ham yoronmaydi, suyulmaydir.
Qandayki bugungi Ovrupo va Amriqoning ishchisi shapkasi, dini va odatlari bilan bir rangda bo‘lsa ham yana ularning o‘gay o‘g‘lidir.
Bu haqiqatlar ko‘z oddida ekan, bu harakatlar ijtimoiy hayotni anglamasliq emasda nadur? Yuqorida ko‘rsatilgan kabi manfaati bo‘lmag‘on tashabbus va harakatning ayri bir iqtisodiy zarari bordir.
Turkiya ikki-uch asrlik kapitalisun vaziyati va yarim asrlik uzulmay kelgan urushlar bilan talang‘on va yiqilgon vayronadan boshqa bir narsa emasdir. Iqtisodiy jihatdan tuzatish uchun hali eng kami chorak asrcha bir muddat tinch turishi kerak bo‘lgon bir mamlakat uchun — ayniqsa, Turkiya kabi mayda hunar mamlakati uchun — bir kiyimni o‘zgartirishning majburiy bo‘lishi ozmi zarar beradir.
12—15 milyo‘nliq fabrikasi bo‘lmag‘on bir mamlakatning «kiyimlik»larini tayyorlamoq uchun qancha odam mashg‘ul bo‘lg‘on bo‘lur va tushunmagan bir buyruq ijrosi bilan qancha kishi ishsiz qoladir, bir o‘ylash kerak emasmidir?
Buning ustiga bir oz shaxsiy hurriyatni ham ilova qilaylik, bu bir bug‘ov va zanjir bo‘lmay—nima bo‘la olur?
Tehronda chiqaturg‘on «Oyanda» jurnalida ham Eron hukumatiga mamlakat islohati uchun qilingon takliflar orasida Eron millatining bir fo‘rmada bo‘lishi taklifi kirgiziladir. Buda turkiyalilar kabi tushunishdan kelgandir.
Maqolamizning oxirida shuni aytib o‘taylikki: Sho‘roviy o‘lkalarda — dushmanlarning butun noroziliqlarig‘a rag‘man — bir hol ko‘rsatadirki, uda ijtimoiy hayotning sirlarini anglashg‘a qo‘shnilardan ko‘ra jiddiyroq va chuqurroq o‘ylashdir. Bir tantanali suratda jahonga e’lon etmak bilan faxr etmak mumkindir.
Sho‘ro hukumatida eng asosli ijtimoiy masalalar islohi uchun kirishiladir. Kundalik yorimchiq - ahamiyatsiz, mayda-chuydalardan umr zoe qilinmaydir.
«Kiyim-kechak» deb yurishdan ko‘ra qishloq xo‘jaligini yaxshirtish, maktablar ochish masalalari mavzui bahs etiladir. Chunki dehqonning kissasiga pul kirsa, boyisa, o‘qish-yozishni o‘rgansa, madaniy hayotga yoqlash o‘z-o‘zidan kiyimi tozalanadir, o‘zgaradir. Uylarda terazalar quruladir.
Diniy masapalarda ham shundaydir. Sho‘ro idorasida dinlarga ham tom ma’nosida hurlik bershshb, Turkiyada bo‘lg‘oni kabi xonaqohlarni yopmay, dinning asosiy xurofatig‘a qarshi ilmiy, tarbiyaviy kurashlar olib boriladir.
Qo‘shnilarimiz bu harakatlarni bizdan ibrat olsalar, tilaklariga yana tezrak yetar edilar.

___________
«Kallami, kulohmi?» Turkiya ijtimoiy hayotidagi voqelikka bag‘ishlangan bu maqola «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 10-sonida bosilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.