OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vadud Mahmud. Maorif ishlarimiz (1923)

Bizning eng katga dardlarimizdan biri shu bahosiz jaholat dardidur. Boshimizga har balo kelsa, shu bilmasligimizdan keladur. Biz har musht yesak, shu bilmasligimizdan yeymiz. Bolalarimizning tarbiyasi qancha zarur bo‘lsa, kattalarimiz shuncha johildir, xotinlarimizning tarbiyasi shuncha noqisdur. Buning ustiga eski tarbiyaning ta’siri juda kuchlidur. 
Hol shunday ekan, butun Turkistonimizda barmoq bilan ko‘rsatilurliq bir maktabimiz yo‘qdur; bizda tarbiya ishlarimiz shunday muhim ekan, bilim yurtlarimiz xarob; bizda o‘qug‘on kishilar qancha bo‘lmasa, fakultetlarimiz shuncha buzuq. Hozir biz tartiblik suratda o‘qituvchi chiqara olaturg‘on bir ilmiy muassasaga ega emasmiz. Hozir hech bo‘lmasa, ta’lim-tarbiya ishlariga rahbarlik qila olaturg‘on bir jurnalimiz yo‘q. Ochiqcha aytganda, bizda hali asoslik bir narsa yo‘q...
Barchag‘a ma’lumki, Turkistonning ahvoli va tabiati boshqachadur, bundaga ishlarini olib bormoq uchun o‘z tabiatiga muvofiq ishlab chiqarmoq arur. Bo‘lmasa, shu necha yildagi tajribalarimizning ko‘rsatkani kabi, natijasiz qoladur. Tuzukkina bir o‘qituvchimiz yo‘q ekan, ibtidoiy maktab uchun tuzilgan pro‘g‘rammda 15 turlik fan kirgizamiz, ish talab qilamiz; hali maktabda talaba yo‘q ekan, biz Amriqo usuli bilan ta’lim yo‘llarig‘a mashg‘ul bo‘lamiz. Bu ishlarning hammasi bizdagi maorif ishlarining bir markazga bog‘lanmagoni va shu ishlarni ishlab chiqoraturg‘on bir muassasamizning bo‘lmag‘onidir.
Shu haqiqatlarini anglab bo‘lsa kerak, «maorifga muttahid fro‘nt» tashkil etmakchi va «Nashri maorif» uyushmalari tashkil qilinmoqchidur. Biz bu harakatlarni olqishlaymiz va boshqa ishlarimiz kabi susayib qolmasligini kutamiz. Fakat shu to‘g‘rilarda o‘z fikrimizni ham aytib o‘tmakchi bo‘lamiz.
Turkistonda iqtisodiy va ijtimoiy foydasig‘a ishlatmak va natijalik ishlar maydonga qo‘ymoq uchun shu mamlakatning ahvoli va ruhiga muvofiq harakat etish qancha kerak bo‘lsa, maorif ishlarining jiddiy, Turkiston boshliq — rahbarlarga muhtojmiz.
Hozirgacha qo‘rib kelgan ishlarimiz, o‘tkargan hollarimiz bizga shuni zarur topadur. Bizdagi ishlarini «nari yoq» gazi bilan o‘lchamak to‘g‘ri emas.
Yolg‘iz maorif ishlarini emas, yoshlar uyushmalarini ham shu ko‘zqarash bilan tekshirsak, bu kungi yoshlar uyushmalarining o‘tkan yillardan ko‘ra xaroblig‘ining sababini shundan topa olamiz. Bizda yoshlarning tarbiyasi muhim. Holbuki, bunint birdan-bir tashkiloti bo‘lg‘on joy kundan-kun ruhsiz, kundan-kun buzilmoqda. Bunga ham jiddiy boqmoq abas emasdur. Biz bir vaqt bo‘lsa-ku, shu asoslarni ishlab chiqsak va shular bilan ishimiz bitsa... Bu ham to‘g‘ri emas; shu o‘zimiz yashag‘on asoslarni yo‘l yuritmak uchun o‘z qo‘limiz bilan olib bormog‘imiz lozim.
Biz tag‘in shu so‘zni takror qilamiz; biz o‘z kishilarimizga ishonch yo‘q, o‘z kishilarimizni tanimaymiz, ahamiyat bermaymiz. Go‘yo bizning kishilarimiz hech narsani bilmaylar, go‘yo biz bir ishni qo‘lg‘a olsaq, bajara olmas ekanmiz!
Boshqalar olim-fozil, ularning qo‘lidan har ish kelar emish, ular bilib ish kilar emishlar!
Mana bu e’tiqod buzuq, quruq da’vo.
Bizning kishilarimiz o‘zimizga qarab, boshqalardan ko‘ra puxta yetishkan kishilar. Bizning kishilarimiz nazariy emas, amaliy ishchilar.
Xayr, biz o‘z kishilarimizni uncha ma’lumotlik deb ham aytmaylik. Shu holda biz da’vo qilamizki, shu kishilarimiz boshqalarining olim, fozillaridan ko‘ra bizga ko‘brak foyda yetkiza oladur. Chunki bizning holimizni, ruhimizni biladur.
Bir vaqglar «ahvoli ruhiyachi» deb so‘kish ham ko‘b odat bo‘lg‘on edi. Biroq, taassubka qarshi shu ahvoli ruhiyani rioya qilishga majbur ekanimizni bu kun e’tirof qilishga to‘g‘ri kelur. Chunki bizning o‘zimiz chopib bir yoqqa ketmakchi emasmiz, xalqimizni olib bormoqchimiz, shuning uchun xalqning ruhini o‘rganmak, tekshirmak va so‘ng ishlamak kerakdir.
Maorif ishlarimizni yo‘lga ko‘ymoquchun bizda «Nashri maorif» ochildi. Buning bo‘yniga olg‘on vazifasi juda katta, juda zo‘r. «Nashri maorif» to‘g‘risida yozilg‘on bir maqola xususiy jamiyatlarning bu maydonda ahamiyati ko‘b deb aytadur va xususiy jamiyatlarning boshqa mamlakatlardagi ishlari ko‘rsatiladir. Bu bir jihatdan to‘g‘ri. Ya’ni qaysi mamlakatdaki, uyushmak, ishlamak umumiy va xalq ko‘brak uyushgan va shu uyushmaning orqasida maorifni eng qorong‘i nuqtalariga eltmak oson joylar uchun munosibdur. Fakat o‘shal yerda ham hukumatdan ortiq ta’sir beradur, deb aytib bo‘lmaydir. Ayniqsa, bizning jumhuriyatdaki, xususiy maktablar ochmoq mumkin emasdur va har bir tarbiya muassasasi hukumat karamog‘ida bo‘lishi lozimdur. Bu xususiy jamiyatning ro‘li ikkinchi darajada qolur.
Holbuki, bizda birinchi darajada ishlamak uchun maydon zarur.
«Nashri maorif» uyushmasi o‘zining nizomnomasida juda ko‘b ishlarni yozg‘on, ko‘zini yumub ustiga yuk ortg‘on (ta’bir ma’zur ko‘rilsun).
Biz shu ishlarning barchasini xususiy jamiyat orqali emas, hukumat vositasi bilan olib bormog‘imiz mumkindur va osondur.
Bu kun maktab ishlarimiz barbod deymiz, o‘z jumhuriyatimiz bo‘lgon Turkistonning ijtimoiy tarbiya sho‘‘basida o‘z kishimiz yo‘q. Men undagi ishchilarni ayblamak istamayman; har qancha ishchi kishi bo‘lsalar ham bizcha foydaliq ish qila olmaylar. Chunki bizni bilmaydurlar.
Bilim yurtimiz buzuq ekan, shularni idora eta turg‘on kasabachilik maorif idorasiga bir kishimizni qo‘ya olmaymiz. O’zbek ilmiy hay’ati ish qilmoq istaydur, lekin qila olmaydur. Chunki yolg‘iz. Qisqasi, kishimiz yo‘q. Ishimiz yurmaydur.
Bultur aytilar edi: Toshkentning yangi shahar maktablari yaxshi ta’min etilgan, eski shaharga kimsa qaramaydur.
Samarqandning hunar maktabi mudiriga qancha mukofot berilar ekan, o‘lka o‘zbek bilim yurti ikki oydan beri oyliq olmaydur. Yangi shahar fakulteti yaxshi ta’min etilgan, bizningcha — eski tos!..
Mana bu hollarni tuzatish xususiy jamiyat tuzish bilan bo‘lmaydur, yana bo‘lmaydur!
Hukumat idoralari orqali ozg‘ina g‘ayrat bilan bularni tuzatish mumkin. Qalam uchi bilan bu hollarni o‘zgartish oson. Bizning har ishchimiz shuni eta olur. «Nashri maorif» shu hollarg‘a qanday chora ko‘ra olur. Hali bu ma’lum emas. Qilsa — maorifka doqlad qilar; nari yog‘i tag‘in ma’lum emas! Eski vaqtda hukumat bizni «o‘gay» der edi, hozir biz o‘zimizni o‘gay qatorida tutamiz. Bir oz o‘zimizcha jasorat kirgiza olmaymiz, tashqaridan turib boshimizni eshikdan chiqib qaraymiz-da, kirib o‘ltirmaqqa jur’at eta olmaymiz. Holbuki, eshik biz uchun ochiq. Istasak, joy ham bizga hozir.
Menga qolsa, bizning «Nashri maorif» ta’sis etishimiz ishdan uzoqroq borishdur. Markazdagi maorif ishchilarimiz va hukumat boshliqlarimizning kichkina, arzimas bir g‘ayrat va tashabbuslari orqasida maorif idorasini nashri maorif ruhiga aylantirmak mumkin-dur va o‘zimizni o‘gayliqdan chiqarmog‘imiz osondur. Faqat bir oz g‘ayrat, bir oz jasorat lozim...
V. M. Samarqand.
Idoradan: bu maqola mubohasa yo‘li bilan bosildi.

Bu maqola «Turkiston» gazetasining 1923 yil 25 mart sonida e’lon etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.