OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Ilm va ijod martabasi (2000)

Qashqa vohasi azaldan ilm-ma’rifat maskanlaridan bo‘lib kelgan. Qadimiy Keshni Sharq fuzalolari “ilm va adab qubbasi”, deb ta’rif qilgan bo‘lsa, Nasaf O‘rta Osiyodagi to‘rtta hadisshunoslik maktablaridan (Marv, Buxoro, Samarqand) biri sanalgan. Rostdan-da, bu ma’voda Kasbi, Fazli, Fudina, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi, Qamashi singari shajarasi miloddan avval boshlanuvchi manzillar juda ko‘p. Nasafiylar Sharq ilm-faniga nechog‘lik katta hissa qo‘shganligini hali ko‘p bor iqror qilishga to‘g‘ri keladi. Xusrav Dehlaviy-u Mirzo Bedil, Ziyo Naxshabiy-u Sayido Nasafiy singari taniqli shoirlar ildizi shu yurtga borib taqaladi. Aytmoqchi bo‘lganimiz, sevimli Vatanimizning ajib va najib, farahli o‘lkalaridan bo‘lgan Qashqadaryo madaniyatimiz tarixi va rivojiga mudom zalvorli ulush qo‘shib keladi. Bu an’ana, istisnosiz, bizning kunlarda ham davom etayotirki, bundan g‘urur tuymay bo‘lmaydi.

Poyon Ravshanovning ismi-sharifi yurtimizda yaxshi ma’lum. Men u bilan kariyb qirq yildan buyon qadrdonman. Uning shaxsida ikki qirra, nazarimda, alohida ajralib turadi — ilm va ijod, ifodali qilib aytiladigan bo‘lsa, bular uning ikki qanoti. Adabiyotshunoslik sohasida o‘z yo‘liga ega bo‘lgan olim tarixni ham teran idrok eta olishi, aslida, hayratga bois bo‘lmasligi lozim. Nega deganda, bu xil fazilat olimlarimizga azaliy, bobomeros. O‘tmishda olim bo‘lmaganki, she’r bitmagan bo‘lsa. Ahli shoirlar orasida tarix va xotiranoma yozmaganlari kam topiladi. Poyon Ravshanov “Qashqadaryo tarixi”ni yaratib, insof yuzasidan aytish joizki, o‘ziga haykal tikladi. Bu salmoqli asar vohaning qariyb uch ming yillik kechmishini qamraydi. Bu xildagi kitoblarni yozmoq uchun bilimdan tashqari, katta qalb, yurtga buyuk muhabbat bo‘lmog‘i lozim, albatta. Do‘stimizda bular jamuljam. Uning matnshunoslik bobidagi izlanishlari ham havasga loyiqdir. “Turkiy qavmlar tarixi”, “Temurnoma”, “Amirlashkar Alimqul tarixi” singari noyob asarlarning nashr etilishi kuyinchak olimimizning sa’y-harakatlari natijasidir.

Ilmda o‘z yo‘li va munosib o‘rnini topgan Poyon Ravshanovning gapirsa arzigulik fazilatlaridan biri — uning badiiy ijod sohasidagi izlanishlaridir. U Samarqand Davlat universitetida o‘qib yurgan kezlaridan e’tiboran she’rlar, hikoyalar yozib keladi. Keyingi yillarda tarixiy mavzularda salmoqli asarlarga qo‘l urib, “Zavol”, “Amir Temur tug‘ilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi”, “Saidnabi qarovulbegi” singari qissalarni yaratdi. Temuriyzoda Mo‘min Mirzo timsoli sinfiylik talqinidan xoli, tarixan haqqoniy, qo‘lyozma manbalar asosida yaratilishi bilan alohida ajralib turadi. Qissaning o‘quvchilar ehtiromini qozonishi sababi ham shu bilan bog‘liq, albatta. “Zavol” qissasi muallifning murakkab tarixiy janrda yetarli tajriba ortgirganligini dalolat etdi.

Poyon Ravshanov yana bir tesha tegmagan mavzuda salmoqli asarni tugalladi. “Malika Kenagas oyim yoxud amir Nasrulloning o‘limi qissasi” deb nomlangan bu kitobda yaqin o‘tmishimizning eng mahzun voqealari qalamga olinadi. Bir butun o‘zbekni urug‘ va qavmlarga bo‘lib tashlash, hatto, buni davlat siyosati darajasiga chiqarish o‘ta salbiy oqibatlarga sabab bo‘lmay qolmasdi. O‘zbek qavmlari orasidagi nifoqlar, ayniqsa, mang‘it va kenagaslar timsolida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Adolat mezonining buzilishi, xudbinlik, uzoqni ko‘ra bilmaslik el jipsligi, taraqqiyot kishanlari edi. Shahrisabz mulklari ustiga qilingan mutgasil bosqinlar, oxir-oqibatda, amir Nasrulloning o‘ldirilishi bilan xotima topadi. Malika Kenagas oyim or-nomus, qon qaqshagan eli uchun o‘limga tik boradi.

XIX asrning 60-yillarida sodir bo‘lgan bu fojia Kenagas oyim nomini afsonalarga chulg‘aydi. Afsuski, bu haqda qo‘lyozma manbalarda deyarli hech narsa bitilmagan ekan. Poyon Ravshanov uzoq izlanishlar oqibatida Kenagas oyim va uning avlodi haqida, mang‘it va kenagas qavmlari ixtiloflari sabablari xususida ma’lumotlar jamlashga erishadi. Keltirilgan dalillar, tarixiy-badiiy chizgilar kitobxonni mushohada yuritishga, o‘tmishdan ibrat olishga da’vat etadi. Bu ibrat ma’nisi shulki, bo‘linish mamlakatni quvvatsizlantirib, bir otadan, bir onadan bo‘lgan farzandlar bir-biri bilan jiqqamusht bo‘ladilar-da, jahon taraqqiyotidan tamomila orqada qolib ketadilar. Buxoro amirlari o‘tkazgan siyosat buning achchiq misoli edi. Kenagas oyim xalqimiz xotirasida yorqin iz qoldirgan ayollardan biridir. O‘ylaymanki, bu asar mashhur xotin-qizlarimiz haqida hanuzga qadar kemtik bo‘lib kelayotgan mundarijani to‘ldirishga xizmat qiladi.

Poyon Ravshanovning nasridan-ku xabarim bor edi-ya, ammo shu yaqin orada she’rlariga ko‘zim tushmagandi. To‘rtliklarini o‘qidim va qoniqish hosil qildim. Haqiqiy olimona hikmat bilan sug‘orilgan satrlar diqqatni jalb etmay qolmaydi. To‘rtliklar yoxud ruboiylar deymizmi, bular uzoq vaqt muallifning o‘z mulki bo‘lib kelgan. Katta hayotiy tajribaga, keng qamrovli bilimga ega bo‘lgan shoirning nazmiyoti pinhon qolib kelishi ham kamtarlikdan emas. Nazmiy-falsafiy mushohadalar, shubhasiz, o‘z o‘quvchilarini topmay qolmaydi. Shu jihatdan, bu jur’atni qutlash joiz, deb bilaman.

Qadrdon do‘stimiz, taniqli olim va adib Poyon Ravshanov serqirra ijod sohibi. Uning fandagi va badiiyatdagi martabasini yozgan asarlarining o‘zi namoyish etib turibdi. Tilagimiz, ilm va ijoddagi martabangiz bundan-da baland bo‘lsin, aziz do‘stimiz!

2000 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.