«Noviy mir» oynomasi o‘zining 1991 yil 3-sonida yozuvchi Viktor Yaroshchenkoning «Bo‘linish quvvati» sarlavhali katta maqolasini chop etgan edi. Sobiq Ittifoqdagi ijtimoiy-siyosiy ahvol tahliliga bag‘ishlangan ushbu maqolada quyidagi so‘zlarni o‘qish mumkin: «Har qanday xolis tahlil jamiyatimizning siyosiy ongi juda xilma-xil ekanligini, uning aytaylik, demokratik imkoniyatlari bir xil emasligini ko‘rsatadi. Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari, Leningrad, Moskva, Novosibirsk, Sverdlovsk, Rossiya, Ukraina va Belorussiyaning yana bir nechta yirik shaharlari — bular, hozir aytish rasm bo‘lganidek, demokratik ijtimoiy tuzumning elektr motorli aravalaridir.
Kavkazortida o‘zgacha ahvol: bugun bu yerda hokimiyat tepasida demokratlar turibdi. Ertaga qirolni taklif etishsa, hech kim hayron bo‘lmaydi.
An’anaviy urug‘-aymoqchilik, oshna-og‘aynigarchilik, tabaqachilik tuzilishiga asoslangan O‘rta Osiyoda mutlaqo boshqacha vaziyatni kuzatish mumkin.
Qisqasi, kechagi Ittifoqning ulkan hududida voqealar tabiiy yo‘sinda rivojlanib borsa, xilma-xil regional yo‘lboshchilar — Gru Xarlem Brundtlanddan tortib Saddam Husayngacha paydo bo‘lishi mumkin».
Muallifning bu so‘zlari nahot haqiqat bo‘lsa? Nahot biz qordan qutulib, yomg‘irga tutilsak, ustimizdan Saddam Husayndek mustabidlar hukmronlik qilsa? O‘z hayotimizni dunyodagi eng ilg‘or xalqlar qurganidek qilib qurolmasak?
Umuman keyingi paytda Moskva matbuotida O‘rta Osiyo, xususan uning yetakchi jumhuriyati bo‘lgan O‘zbekistonning istiqboli haqida turli xil noxush fikrlar ko‘p aytilmoqda. Bu mening nazarimda, xuddi yaxshi sherigidan ayrilgan, uning ishi olg‘a bosib ketishi mumkinligini payqab, u haqda yomon gaplarni tarqatib yurgan g‘irrom odamning xatti-harakatlarini tashvishlanganini eslatadi.
Jahonda o‘z tarixini demokratik asosda boshlagan yakkayu yagona mamlakat — AQShdir.
Qolaversa, demokratiya har bir mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahvoli, milliy an’analari bilan uzviy bog‘langan murakkab jarayondir. Shunday bo‘lgach, ertaga Rossiyani nurli istiqbol kutadiyu, O‘rta Osiyoda hokimiyat tepasiga mustabidlar keladi, degan taxminiy gaplarni aytish to‘g‘ri bo‘larmikan? Sobiq Ittifoqqa kirgan jumhuriyatlar umumiy iqtisodiy va siyosiy buhronni boshdan kechirayotgan hozirgi paytda, bu qiyinchiliklarni birgalashib bartaraf etish uchun ko‘ngilni qoldiradigan gaplarni emas, hamjihatlikka, o‘zaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga undovchi gaplarni ko‘proq aytish maqsadga muvofiq bo‘lmasmikan? Lekin hamon bizga qarshi noxush gaplar aytilayotgan ekan, biz ham javob qilishga majburmyz.
Hozir sobiq Ittifoqdagi vaziyatga ob’ektiv qaraladigan bo‘lsa, demokratik yo‘ldan chekinish, ijtimoiy «portlash»lar ehtimoli O‘rta Osiyodan ko‘ra Rossiyada kuchliroq. Sababi, bu yerda hozir ijtimoiy-siyosiy tanglik darajasi O‘rta Osiyodagidan yuqori bo‘lsa yuqoriki, lekin kam emas.
Bir paytlar bir tarixchi olimdan: «Nega Rossiyada quldorlik jamiyati bo‘lmagan?» deb so‘raganman. U: «Quldorlik jamiyati tabiatan boy joylarda yashaydigan xalqlarda bo‘lgan; Rossiyaning tabiati esa kambag‘aldir, shuning uchun u yerda quldorlik jamiyati bo‘lmagan», deb javob bergan edi. Yetmish yillik totalitar tuzum ana shu tabiatini oziq-ovqat bilan ta’minlashni mushkul vazifaga aylantirdi. Bu esa bugungi kunda Rossiya bozorlarida oziq-ovqatni tobora qimmatlashtirib, ijtimoiy tanglikni kuchaytirmoqda. Ertaga bu yerda nima voqealar bo‘lishini esa hech kim bilmaydi.
Bu o‘rinda yana shuni aytish kerakki, Rossiya ham, O‘rta Osiyo jumhuriyatlari ham kommunistik totalitar tuzumdan meros qolgan ijtimoiy muhitda yangi demokratik jamiyat qurmoqdalar. Bugun bu jumhuriyatlarda xalqqa yetakchilik qilayotgan kishilarning aksariyati onasining qornidan demokrat bo‘lib tushmagan, balki partiya apparati qobig‘idan chiqqan, barcha qatori ular ham yangicha sharoitda ishlashga katta qiyinchiliklar bilan o‘rganayotgan, lekin niyatlari pok, xalqqa astoydil xizmat qilishga ahd qilgan odamlar ekanligi ham ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan haqiqatdir. Shunday bo‘lgach, eskicha ish usullari, odatlar, ko‘nikmalar ham ancha vaqtgacha sobiq Ittifoqning barcha hududlarida demokratik rivojlanish yo‘lidan olg‘a borishimizga xalaqit berishi tabiiy bir holdir.
Amerikaning taniqli davlat va jamoat arbobi Genri Kissenjer Los-Anjelesda chiqadigan ro‘znomada chop etilgan «Rossiya demokratiyani o‘zicha tushunadi» sarlavhali maqolasida quyidagilarni yozdi: «Garchi men Boris Yeltsinning kommunistik rejimga qarshi kurashdagi mardligi, uning hamdo‘stlikni tuzishdagi g‘ayrati va qobiliyati uchun chuqur hurmat qilsam ham, Rossiyaning chaqirtikanakli millatchiligi hali-veri so‘nmasligi ravshan bo‘lib turibdi... Gorbachev davri tugaganligi munosabati bilan millatchilik oldindagi qiyin sinovlar davrida birlashtiruvchi kuch bo‘la oladigan jozibali omilga aylanadiganga o‘xshaydi».
Rossiyada keyingi davrda bo‘layotgan voqealar Kissenjerning bu xavotirida asos borligini ko‘rsatayapti. Rossiyaning keyingi 70 yil mobaynida sovet xalqlarining bir necha avlodi mehnati bilan bunyod etilgan umumiy mulklarni barchaga baravar bo‘lishni istamayotganligi, quruqlikdagi harbiy kuchlarni, havo va dengiz flotini yolg‘iz o‘ziniki qilib olishga intilayotganligi, markazda bo‘layotgan yig‘inlarda rus harbiy ofitserlari jazavali nutqlar so‘zlayotganliklari, rus ma’murlari hududlaridan yuk olib o‘tayotgan jumhuriyatlardan insofsizlarcha boj olishga intilayotganliklari, mayda millatlarni (jumladan, nemislarni) kamsitish siyosatini yurgizayotganliklari Rossiya demokratiya va adolat yo‘lidan bormay, balki uch yuz yil davom etgan mustamlakachilik va zo‘ravonlik siyosatini davom ettirishni istayotganligini ko‘rsatmaydimi?
O‘rta Osiyodagi demokratiyaning taqdiri haqida ham oldindan bir narsa deyish qiyin, albatta. Lekin shu narsa aniqki, biz 130 yillik «tanaffus»dan so‘ng o‘z kunimizni o‘zimiz ko‘rmoqchi bo‘lib turibmiz, o‘zbekdan esa, insholloh, ilgari gadoy, daydi chiqmagan, bundan buyon ham chiqmasa kerak.
To‘g‘ri, qayta qurish boshlangan 1985 yildan beri mamlakatda bo‘lgan hodisalar Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari, Rossiya, Ukraina xalqlari demokratik o‘zgarishlarga nisbatan ancha tayyor ekanliklarini namoyish etishdi. Xo‘sh, bu nimalarda ifodalandi? Bu hodisa Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari, xuddi Sharqiy Ovro‘paning Chexoslovakiya, Vengriya kabi mamlakatlari singari «nafis» inqilob qilib, to‘la mustaqillikni qo‘lga kiritganliklarida ifodalandi, deb aytish mumkin. O‘tgan yil avgust oyidagi davlat to‘ntarishi Rossiyani fuqarolar urushi bo‘sag‘asiga olib borib qo‘ygan edi. Lekin Moskva, Sankt-Peterburg singari markaziy shaharlar aholisining reaktsion kuchlarga zo‘r birdamlik bilan qarshi tura bilganligi qonli to‘qnashuvlarning oldini olib, demokratlarning g‘alabasini ta’minladi. Buning sabablari nimada?
Boltiqbo‘yi xalqlari azaldan Ovro‘padagi demokratik an’analarga boy bo‘lgan mamlakatlar bilan yaqin aloqada yashashgan, bu yerdagi xalqlarning umumiy saviyasi ham nisbatan ancha yuqori. Rossiyada esa 1905-07 yillardagi burjua-demokratik inqilobi mobaynida chor hukumati tomonidan o‘ziga xos milliy parlament — Davlat dumasi tashkil etilgan edi. Unga glasniy (vakil)lar saylashda ma’lum cheklashlar bilan aholining deyarli barcha tabaqalari ishtirok etardi. Davlat dumasi 1906 yildan 1917 yilgacha mavjud bo‘ldi va o‘z faoliyatini tobora takomillashtirib borib, sekin-asta fuqarolik erkining mustahkam zaminini yaratayotgan edi. Lekin 1917 yil oktyabrda bolsheviklar amalga oshirgan davlat to‘ntarishi bu jarayonni 70 yilga to‘xtatib qo‘ydi. Bu demak, garchi Rossiya tarixan demokratik an’analarga boy bo‘lmasa ham, unda xalq hayotini demokratik asosda tashkil etish uchun 85-90 yil avval ijtimoiy-siyosiy zamin yaratilgan edi, deyish mumkin.
O‘rta Osiyoda esa qayta qurish boshlangandan beri Farg‘ona, O‘sh, Dushanbe, Parkent voqealari yuz berib, ko‘p odamlar qurbon bo‘ldi. Toshkentdagi Talabalar shaharchasida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuv ham butun jumhuriyatni larzaga soldi. Bu qonli to‘qnashuvlar xalqning eng ongli, ilg‘or qismi bo‘lgan demokratlarning da’vati bilan emas, balki xalq orasida xufyona ish olib borgan, jumhuriyatimizning mustaqilligini ko‘rolmaydigan qora kuchlarning ig‘vosi, qutqusi bilan ro‘y berdi.
Albatta, qora kuchlar Boltiqbo‘yi jumhuriyatlarida qilolmagan ishlarini O‘rta Osiyoda amalga oshirishga muvaffaq bo‘layotganliklarining ham o‘z sabablari bor. Biz uzoq davr xalqni qullik iskanjasida saqlagan feodal tuzum sharoitida yashadik. «Tariximizning eng qora, eng kir qismi bo‘lgan» xonlik davrlarini boshdan kechirdik. Keyin Turkistonni Rossiya bosib olib, xalq ikki yoqlama ezila boshladi.
Oktyabr to‘ntarishidan keyin Turkistonga «eksport» qilingan tuzum esa faqat bizni emas, sobiq Ittifoqning ulkan hududida yashagan barcha xalqlarni erkinliklar ma’nosida o‘rta asrdan ham nariroqqa itqitib yubordi. Sovet xalqi 70 yil demokratiya yo‘qligidan qiynaldi. Nima uchun? Shuning uchunki, kommunistik totalitar tuzum bilan feodal tuzumni taqqoslaganda, ikkinchisida demokratik erkinliklar ma’lum darajada mavjud edi, deyish mumkin. Sababi, feodal tuzum sharoitida barchaga baravar demokratiya bo‘lmagan taqdirda ham, feodal uchun ma’lum darajadagi demokratiya bor — u o‘z mulkida xohlagan ishini qila oladi. Kommunistik tuzumda esa deyarli hech kimga erkinlik yo‘q — «piramida»ning tubidan tepasigacha (jamoa xo‘jaligidagi oddiy brigadirdan Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibigacha) bir-biriga mute. Bunday sharoitda demokratiya haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas.
* * *
Bugungi kunda Yaponiya Osiyoning taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri ekanligi hammaga ravshan. Ammo Yaponiya o‘tgan asrning ikkinchi yarmigacha chet elliklar bosqinidan qo‘rqib, 200 yil tashqi dunyodan ajralib yashaganligini, mamlakatga hatto missionerlar ham kiritilmaganligini, bu esa mamlakatning har jihatdan orqada qolib ketishiga sabab bo‘lganligini ko‘pchilik bilmaydi. Yaponlar tashqi dunyodan uzilib yashash millat uchun halokatli ekanligini bilib qolishgach, chet elliklar uchun darvozalarini keng ochib, birinchi navbatda Ovro‘paning ilg‘or mamlakatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishdi.
Shoira Zulfiya 60-yillarning boshida Yaponiyaga safar qilgan. O‘shanda uning huzuriga «Lenin uchquni» ro‘znomasi muxbiri borib, ko‘chada qolgan, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yapon bolalarining og‘ir ahvoli haqida gapirib berishni iltimos qilibdi. Shoira esa kulib: «Sizga bu haqda aytadigan gapim yo‘q, ukam,— debdi.— Yaponiyadagi bolalarning ahvoli yaxshi. U yerda o‘qimaydigan, ko‘chada qolgan bolaning o‘zi yo‘q. Mamlakatda savodsizlik bundan yuz yil avval tugatilgan, industrlashtirish o‘tgan asrning saksoninchi yillarida, elektrlashtirish to‘qsoninchi yillarda nihoyasiga yetkazilgan».
Men Yaponiya tarixini o‘ylasam, beixtiyor xayolimga o‘z tariximiz keladi. Chunki biz ham tariximizning ancha katta qismida tashqi dunyodan ajralib yashadik, bu esa bizning bugungi kundagi ijtimoiy-siyosiy qoloqligimizning asosiy sabablaridan biridir. Yaponlar bu ishni o‘z ixtiyorlari bilan qilishgan. Bizda esa bunga ma’lum tarixiy hodisalar sabab bo‘ldi.
Masalaga yuzaki qaragan kishiga bundan ming yil avval insoniyatga Abu Ali ibn Sino, Al Beruniy, Al Xorazmiy, keyinroq esa Ulug‘bek singari ilm-fan daholarini bergan, ming yil avval fuqarosi qanot yasab osmonga uchgan, Buxorodagi mashhur Minora, Ismoil Somoniy maqbarasi singari mo‘‘jiza inshootlarni qurgan xalq hayotida o‘rta asrdan so‘ng turg‘unlik va inqiroz davri boshlanganligi hayron qoldirishi mumkin. Ba’zilar bunga islom dini aybdor, deyishadi. Bu fikr mutlaqo asossiz. Aslida o‘rta asrdan keyin Turkistonda yuzaga kelgan turg‘unlik Ovro‘padagi uyg‘onish davri hodisalari bilan bog‘liqdir. Bu davrda Ovro‘pada buyuk olimlar va sayyohlar dunyoga keldi. Ular Amerika qit’asini kashf qilishdi, Xitoyga, Hindistonga olib boradigan suv yo‘llarini topishdi. Bu esa o‘z navbatida O‘rta Osiyo orqali o‘tgan, Sharq xalqlari tarixida juda katta o‘rin tutgan Buyuk ipak yo‘lining ahamiyatini susaytirdi. Buning oqibatida qit’a ichkarisida joylashgan, dengiz yo‘llariga ega bo‘lmagan O‘rta Osiyoning tashqi dunyo bilan aloqasi birmuncha murakkablashdi. Rossiyaning Turkistonni bosib olishi esa Turkistonning sharqiy va janubiy sarhadlariga «temir panjara» o‘rnatish, o‘lkani chor Rossiyasining «chekka mustamlaka o‘lkasi»ga aylantirish bilan tugadi. Mustamlakachilar faqat shu bilangina cheklanmadilar. Xalqni ongsiz, huquqsiz qilishga intilib, milliy maktablarda aniq fanlarning o‘qitilishini taqiqladilar. Farzandlariga aniq fanlarni o‘qitishni istagan kishilar ularni rus-tuzem maktablariga berishlari mumkin edi. Bundan kutilgan maqsad esa xalqni ruslashtirishdan, o‘tmishidan mahrum qilishdan iborat edi.
T. N. Qori-Niyoziy o‘z esdaliklarida yozishicha, kunlardan bir kun Farg‘onaning mashhur pedagogi A. V. Yaxontov Marg‘ilon madrasalaridagi ishning ahvoli bilan tanishib, Farg‘ona viloyati harbiy gubernatoriga ulardagi og‘ir ahvol haqida yozadi. Gubernator A. V. Yaxontovni chaqirib, va’z o‘qiydi va uning e’tiborini «shunday bo‘lishi lozimligiga, chunki bu imperator hazratlarining siyosatiga muvofiq kelishiga» qaratadi.
Mustamlakachilarning qabih maqsadlarini birinchi bo‘lib jadidlar angladilar. Shuning uchun ham asr boshida rus-tuzem maktablariga qarshi o‘zlarining «usuli savtiya» maktablarini tashkil etdilar. Chor amaldorlari esa bu maktablarni yopib, Munavvar qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy singari taraqqiyparvar kishilarimizni ta’qib ostiga oldilar.
* * *
1. Yaroshchenkoning maqolasida yana quyidagi so‘zlarni o‘qish mumkin: «Alvido, Samarqand, alvido Buxoro! Vereshchagin porox tutuni ostida bu shaharlarning bosib olinishi tarixini yozgan edi. Rossiya Angliyaning izidan borib, dunyoni taqsimlashda ishtirok etdi va Afg‘oniston, o‘tgan asrda bo‘lganidek, ikki davr va ikki dunyoni bir-biridan ayirib turgan sarhadga aylandi. 1989 yil 15 fevralda afg‘on urushi tugab, general Gromovning Termiz yaqinida Amudaryo ustiga qurilgan ko‘prikdan o‘tishi menga katta va qiyin, hatto o‘n yil davom etgan, lekin muqarrar yurishimiz — uyimizga qaytishimizning nihoyasi emas, balki debochasidek bo‘lib tuyulayapti. Ruslar bu yerga qo‘llarida qurol bilan kelishgan edi. O‘zgalar qonini va o‘z qonlarini bearmon to‘kishdi, dardga chalinishdi, davolanishdi, qurishdi, kanallar qazib, Orol fojiasini yaqinlashtirishdi, shaharlar bunyod etishdi, avlodlar bu ko‘hna zaminga o‘z hayotlari, nafratlarini va muhabbatlarini bahshida qilishdi.
Inqilob bizning birgalikdagi tariximizga yangi shafqatsizliklarni olib kirdi. Biz o‘zimizni ham, ularni ham baxtli qilolmadik».
Juda to‘g‘ri so‘zlar bu. Menga ushbu so‘zlardan chiqadigan, aslida allaqachanoq hammaga ma’lum bo‘lgan ma’nodan ham ko‘ra, uni Moskvaning nufuzli oynomasida taniqli rus publitsisti —sobiq bosqinchilarning bugungi avlodi vakili bo‘lgan, rus xalqining (va o‘zga xalqlarning ham) bebaxtligini — har bir rus xonadonida qora qozonni qaynatish bugungi kunda mushkulotga aylanganligini, Rossiya hukumati esa o‘zgalardan sadaqa so‘rashga or qilmay qo‘yganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib-bilib turgan odam yozayotganligi qattiqroq ta’sir qildi. Menimcha, Rossiyaga «ixtiyoriy ravishda qo‘shilib, o‘zlariga yorqin istiqbol yo‘lini belgilab olgan» Turkiston xalqlarining kechagi tarixidan dissertatsiya yozib professor bo‘lgan «akaxon»larimizning riyokorligini fosh etish uchun bundan ortiq dalil topilmasa kerak. Ha, V. Yaroshchenko bu o‘rinda Rossiyaning buyuk xatosini to‘g‘ri tan olayapti. Bu xatoda Rossiya oddiy fuqarolarining (o‘tgan asrda yashaganlarining ham, bugungi zamondoshlarimizning ham) hech bir ayblari yo‘qligini ta’kidlagan holda shuni aytish kerakki, ruslar yurtimizni bosib olib, bizga bir yuz o‘ttiz yil xo‘jayinlik qilib, bizlarni ham, o‘zlarini ham baxtli qilolmadilar. Chunki, o‘zbek xalqida, qalb qozoni qaynamas, qaynasa ham quyilmas, degan maqol bor. Kishi egri niyat bilan ish boshlasa, bu ishning pirovardi ham yaxshi bo‘lmasligi haqida insoniyat tarixidan juda ko‘p misollar keltirish mumkin.
Endilikda Rossiya ham, uning sobiq «chekka mustamlaka o‘lkalari» ham o‘z kunlarini o‘zlari ko‘rishi kerak bo‘lgan davr boshlanayapti. G‘arbiy Germaniyaning taniqli siyosiy arbobi Shtraus 80-yillarning boshida Sovet Ittifoqida bo‘lganida shunday degan ekan: «Sovet Ittifoqini yaxshi kosmik texnikasi bor. Qolgan texnikasi esa bir pulga qimmat. Agar kosmik texnikasi bo‘lmaganida, Sovet Ittifoqini rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shish mumkin bo‘lar edi».
O‘zbekiston bugungi kunda ana o‘sha «bir pulga qimmat» texnikaga ham ega emas, deyish mumkin. Chunki, biz sobiq Sovet Ittifoqidagi sanoat mahsulotining uch foizdan sal ko‘prog‘ini ishlab chiqaramiz, buning ham asosiy qismi keng iste’mol buyumlaridan iborat. Bu ham mayli. Bizga kommunistik totalitar tuzumdan qurigan Orol, zahar bosgan dalalar, poraxo‘rlik, o‘g‘irlik beqiyos gullagan ijtimoiy muhit meros qoldi. Har yili O‘zbekistonning o‘zida 240 mingga yaqin odam sariq kasal bilan og‘riyapti, bolalar o‘limi, ayollarning kamqonli kasali miqdori bo‘yicha esa Afrikadagi eng qoloq mamlakatlardan ham yuqorida turamiz. Qishloqlarimizda og‘zi oylab go‘shtga tegmaydigan oilalar tobora ko‘paymoqda. Shunday sharoitda biz bundan buyon baxtli bo‘lamiz, deb ayta olamizmi? Umuman bebaxt rus xalqidan bebaxt o‘zbek xalqining nima farqi bor? Yoki bebaxt o‘zbek xalqidan, aytaylik, baxtli yapon xalqining qanday ortiq tomonlari bor? Nazarimda biz bugungi mustaqilligimiz sharoitida olg‘a borish, hayotimizni yaxshilash uchun o‘tmishni xolis tahlil qilishdan tashqari, umuman xalq sifatida qanday fazilat va kamchiliklarga ega ekanligimiz haqida ham ochiqchasiga fikr-mulohaza yuritishimiz kerakka o‘xshaydi.
O‘zbeklar O‘rta Osiyoning boy madaniy merosga ega bo‘lgan qadimiy xalqi ekanligini, bizning mehnatkashligimizni, mehmondo‘stligimizni, yaxshi odamdan so‘nggi burda nonimizni ham ayamasligimizni, insonparvarligimizni bugungi kunda dunyo biladi. Lekin... Bir kun buyuk rus yozuvchisi A. Chexov M. Gorkiy bilan suhbatlashib o‘tirib, shunday degan ekan: «Rus kishisi — juda g‘alati narsa! Unda g‘alvirdagidek, hech narsa turmaydi. Yoshligida u qalbini qo‘liga nima tushsa, o‘sha narsaga yuxtoblik bilan to‘ldiradi, o‘ttiz yoshdan keyin esa unda qandaydir bir eski-tuski lash-lushlargina qoladi. Yaxshi, odamday hayot kechirish uchun ishlash kerak-ku! Ishtiyoq, ishonch bilan, astoydil ishlash kerak. Bizda esa unday qilolmaydilar. Me’mor ikki-uchta durustgina bino qurganidan keyin, karta o‘ynagani o‘tiradi, bir umr o‘ynaydi, yoki teatr sahnasi ortida ivirsib yuradi. Doktor, agar uning tajribasi bo‘lsa, fanni kuzatishni bas qiladi, «Novosti terapii»dan boshqa hech narsani o‘qimaydi va qirq yoshida ham shamollash — hamma dardlarning boshidir, degan gapni jiddiy turib aytaveradi».
Bu o‘rinda Chexov o‘z xalqining dunyoga ko‘pdan beri ma’lum bo‘lgan kamchiliklarini to‘g‘ri ko‘rsatgan. Men yozuvchining shu so‘zlarini o‘qiganimda o‘zimga o‘zim: «Biz o‘zbeklar ham shundaymizmi?» deb savol berdim va o‘ylab-o‘ylab: «Yo‘q, biz unday emasmiz», dedim. O‘zbek xalqi mehnatkash, tinib-tinchimaydigan xalq. Chunki xalqimiz qadimdan o‘z farzandlarini, qo‘ling mehnatda bo‘lsin, Olloh dilingda bo‘lsin, deb tarbiyalagan. Bekorchidan xudo bezor, degan maqolni ham o‘zbek xalqi yaratgan. Biz mehnatkashligimiz bilan yaponlarga o‘xshab ketamiz, deb bemalol ayta olamiz. Xo‘sh, unday bo‘lsa, nega biz yaponlar yoki qavmimiz turklarday dunyoning ilg‘or xalqi emasmiz? Bunga birinchidan, yuqorida aytganimizdek, uzoq vaqt mustamlakachilar qo‘li ostida ezilganligimiz, ikkinchidan, kommunistik totalitar tuzum aybdorligi hammaga ayon.
Odamlar Yaponiya mo‘‘jizasi haqida gap ketganda yapon xalqining g‘oyat mehnatsevarligini, ilmga chanqoqligini ta’kidlashadi. Menimcha bugungi kunda har bir xalq yuksak taraqqiyotga erishmog‘i uchun faqat shu fazilatlarning o‘zi yetarli emas shekilli. Men «Hashoratlar hayoti» kitobini o‘qiganimda o‘zini dunyodagi barcha jonzotlardan ustun qo‘yadigan insonning ba’zi bir hashoratlarga nisbatan takomillashmagan tomonlari bor ekanligini bilgan edim. Masalan, juda g‘aroyib hashoratlar sanaladigan asalari va chumolida insondan farqli ravishda kollektivizm instinkti kuchli. Yaponlar esa aynan shu fazilatlari bilan boshqa xalqlardan hiyla ajralib turadilar.
Biz esa bunday fazilatimiz bilan maqtana olmaymiz. O‘n beshtamizni bir joyga to‘plab qo‘yishsa, kamida uch bo‘lak bo‘lib olishga intilamiz. Bir-birimizga nisbatan kechirimli emasmiz. Axir nega unday qilamiz, jahon miqyosida olib qaralganda «to‘rttagina» xalqmiz-ku! Nahotki, ayrilganni bo‘ri yer, degan maqolni o‘zimiz to‘qib, o‘zimiz shunga teskari ish qilsak.
Bundan bir necha yil muqaddam Otaboy aka degan bir keksa odam bilan shifoxonada yotgan edim. U menga to‘rt yil frontda bo‘lganligini, urush tugagach, ikki yilcha ichki ishlar qo‘shinlarida xizmat qilib, Qarag‘anda yaqinida konda ishlagan yapon asirlarini qo‘riqlaganligini gapirib berdi. Men undan:
— Yaponlar qanday xalq bo‘larkan, kuzatdingizmi? — deb so‘radim.
— Juda mehnatkash ham adolatsizlikka toqat qilmaydigan xalq bo‘lar ekan, — dedi u. — Bir kun bizning odamlar lagerda bir yapon asirini noto‘g‘ri jazolashganda, yigirma sakkizta yapon bu adolatsizlikdan noroziligini bildirib, qornini yorib tashladi... Shundan keyin hech kim ularga nisbatan nojo‘ya xatti-harakat qilishga jur’at etmadi.
— Mana, buni xalq desa bo‘ladi!—dedim men hayajonimni yashira olmay.— Aytingchi, Otaboy aka, agar shu yerda yaponlar o‘rnida bizning o‘zbeklarimiz bo‘lishganida nima qilishardi?
— Menimcha, ukam, o‘zbeklaringiz hech narsa qilmasdi. Nari borsa, chekkaroq joyga chiqishardi-da, bu ishdan norozi ekanliklarini bir-birlariga gapirib qo‘yishardi... Otangni o‘ldirganga onangni ber, degan maqolni ham o‘zbek to‘qigan, ukam...
Masalaga chuqur qaraladigan bo‘lsa, bu «mo‘min»ligimizning ham o‘z tarixiy ildizi bor. Yaponiyani ko‘pming yillik tarixi mobaynida hech kim bosib olib, o‘zining quliga aylantirmagan. Bizning yurtimizga esa kimlar bostirib kirmadi?..
* * *
Xrushchev 60-yillarning boshida yigirma yilda mamlakatda kommunistik jamiyat qurishni va’da qilgan edi. Lekin o‘shanda aqlli kishilar bu amalga oshirib bo‘lmaydigan reja ekanligini aytishgan edi.
20 yillik dasturda birinchi o‘n yillikda oziq-ovqat ishlab chiqarishda eng ilg‘or kapitalistik mamlakat bo‘lgan AQShga yetib olish, keyingi o‘n yillikda esa kommunistik jamiyat uchun zarur ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, o‘z davrida ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bu dasturning bajarilishiga N. S. Xrushchevning o‘zi ham ishonmagan ekan.
Akademik Said Usmonov 1963 yilda Kubaga qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib borayotganida, Xrushchevning qabulida bo‘lgan. Nikita Sergeevich shu suhbat asnosida: «Ana u yerda (ya’ni Kubada — A. E.) AQShni quvib yetish masalasini hal qilish mumkin», degan ekan.
Shundan beri o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida biz ham, Kuba ham AQShni quvib yetish u yoqda tursin, oziq-ovqat masalasini dunyoning o‘rtacha bir mamlakati darajasida hal qila olmadik. K. Marks dunyoda nuqsonsiz jamiyat barpo etish orzusida o‘z ta’limotini yaratgan edi. Biz ulkan bir mamlakatda bu ta’limotga «og‘ishmay amal qilib», qayog‘iga qarasangiz, o‘sha joyida qusuri bo‘lgan mujmal bir jamiyat qurdik. Ha, bizning yetmish yillik tajribamiz benuqson odam bo‘lmaganidek, benuqson jamiyat qurish ham xayoliy ish ekanligini butun dunyoga namoyish etdi. Bu esa o‘z navbatida sobiq Ittifoqda tub qayta qurishni taqozo qildi.
Jamiyatda chinakam demokratiyaga zamin yaratish uchun avvalo iqtisodni demokratlashtirish zarurligi haqidagi fikrlar batamom o‘rinli. To‘g‘ri, bizda bu borada ma’lum ishlar qilinayapti, lekin ularni yetarli deb bo‘lmaydi. Jumhuriyatda ishlab chiqarish monopoliyasi hamon davom etayapti.
O‘zbekiston agrar jumhuriyat sanaladi. Shunday bo‘lgach, iqtisodiyotni demokratlashtirishni yerni dehqonlarga bo‘lib berishdan boshlash kerak. Nainki, dehqon yollanma qul emas, yerning haqiqiy egasi bo‘lmog‘i kerak.
O‘tgan yili Farg‘onada bo‘lib, bir qator xo‘jalik rahbarlari bilan gaplashdim.
Bir jamoa xo‘jaligi raisi menga shunday dedi: «Siz yozuvchilar keyingi paytda paxtakor mehnati qiyinligi haqida juda oshirib-toshirib yozishni odat qilayapsizlar. Aslida ahvol sizlar yozganchalik emas. Paxtakorlar bahorda yerga chigitni qadab olishda bir qiynalishadi, keyin g‘o‘zani ikki marta chopiqdan chiqarishda qiynalishadi, u yog‘iga asosiy ishni suvchi qiladi. Boshqalar esa dalaga soat 9.30-10 da borib, kun issig‘ida tutning soyasida dam olib, domino o‘ynab, kun botarda daladan qaytishadi. G‘o‘za parvarishi paytida jonini koyitib mehnat qiladigan odam kam bo‘ladi».
Mana shu gapning o‘zi dehqonlarning aksariyatida egalik hissi so‘nganligi, loqaydlashganliklari, ularda ishning pirovard natijasidan manfaatdorlik yo‘q bo‘layozganligining yorqin dalili emasmi?
O‘zbek dehqonidagi ichki «energiya»ni harakatga keltirish, uni hozirgi qullik holatidan jamiyatning erkin, teng huquqli fuqarosiga aylantirish uchun yerlarni bo‘lib berish kerak. Ba’zilar bunga yerning ozligini bahona qilishadi. Bizda yerning ozligi Xitoydachalik emasdir. Hech bo‘lmasa, ishchi kuchlarini jalb etish qiyin bo‘layotgan Mirzacho‘l va Jizzax dashtidagi xo‘jaliklarda Xitoy variantini joriy etib ko‘raylik. Xitoyda yerning dehqonlarga bo‘lib berilishi 4-5 yil mobaynida barcha ekinlar hosildorligini qariyb iqki baravar ortishiga olib kelgani haqiqat-ku. Yerni dehqonga sotmaslik kerak, balki shartnoma asosida 15—20 yilga berish kerak. Chunki kommunistlar bu yerlarni bundan 60 yil muqaddam dehqonlardan tortib olishgan.
Hozir jamiyatda bu chorani mutlaqo xohlamaydigan, yumshoq kursisidan ayrilib qolishidan qo‘rqadigan tabaqa bor. Lekin hayot ularni bugun bo‘lmasa ertaga shu yo‘lga rozi bo‘lishga majbur qiladi. Sababi, erkin narx sharoitida texnika, mineral o‘g‘it, qurilish materiallari va boshqa buyumlar narxining osmon baravar sakrab ketishi ko‘pgina jamoa va davlat xo‘jaliklarini iqtisodiy jihatdan o‘tqazib qo‘yadi.
— Jamoa va davlat xo‘jaliklarini yo‘q qilmay turib bozor iqtisodiyotiga o‘tish, terakka anorni payvand qilib, hosil olaman deyishday gap, — dedi iqtisod fanlari doktori, professor Abdumannop Egamberdiev. — Yer, ishlab chiqarish davlat monopoliyasi bo‘lib turar ekan, raqobat bo‘lmas ekan, bozorda narxning tushishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Urushdan keyingi yillarda hozirgi Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi bizning Xonobod qishlog‘imizdagi jamoa xo‘jaligi sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. O‘sha paytlarda odamlar jamoa xo‘jaligi dalasida yil bo‘yi ishlashardiyu, lekin haqiga deyarli hech narsa olishmas edi. Odamlarning birdan-bir tirikchilik manbai tomorqasi, sigir-buzog‘i edi. Shu boisdan qishlog‘imizda tomorqasini yashnatib qo‘ymagan oila deyarli bo‘lmas edi. Xo‘jalik ma’murlari shuni ham ko‘rolmay, jamoa xo‘jaligidagi ishni yolchitmagan xonadonlarning tomorqasini qirqib, ekiniga plug solishardi, o‘z vaqtida bozor-o‘charini qilishga imkon berishmasdi.
Keksa dehqon bo‘lgan otam jamoa xo‘jaligidagi egasizliklarni ko‘rib, xafa bo‘lganidan derdi:
— Yakkaxo‘jalik davrida biz o‘rtahol dehqon sanalardik. Ammo bizning dalamizning o‘zidan har kuni bozorga ikki arava qovun borardi. Hozir butun kolxoz dalasidan har kuni ikki arava qovun uzib berisholmaydi.
— Nega bunday?
— Ey o‘g‘lim, biz qattiq ishlardik-da, qovunni qo‘mma qilib ekib, har bir xanjuvarga bir qopcha go‘ng solardik. Kolxozda esa ketmonchi kam-ku, xo‘jayin ko‘p. Hamma ishlari yuzaki...
Hozir ba’zilar yer odamlar qo‘liga topshirilsa, yer oldi-sotdisi boshlanib ketadi, umumxalq mulki bo‘lib turgani yaxshi, deyishadi. Bunga javoban shuni aytish mumkinki, biz yerni xususiylashtirishni emas, balki odamlarga shartnoma asosida ma’lum muddatga berish haqida gapirayapmiz. Ikkinchidan, bizda yer hech qachon umumxalq mulki bo‘lgan emas, aksincha boshqaruv apparatining mulki bo‘lib keldi, hozir ham shunday. Yer oldi-sotdisi esa yirik shaharlar atrofidagi xo‘jaliklarda Stalin vafot etganidan beri davom etayapti, deyish mumkin. Xo‘sh, qanaqasiga deysizmi? Bizda qishloqdan yer olaman degan shaxs yoki tashkilot xo‘jalik yoki tuman rahbarlarining ko‘ngliga yo‘l topsa bas. Rais yoki direktorga qarindosh bo‘lgani, ularning mansab zinasidan ko‘tarilishlariga ko‘maklashganligi, farzandini o‘qishga kiritib qo‘ygani yoki pora berib xo‘jalikdan yer olgan yoki olayotganlarning juda ko‘pini xalq gapirib yuradi. Bunday ishlarni «qonuniy asosda» qilishning yo‘llari ham ko‘p. Masalan, direktor bo‘sh-bayov, yetoviga yuradigan xo‘jalik ishchisini topib, unga uchastka uchun yer beradi. U bu yerga poydevor quradi-da, biroz vaqt o‘tgach, «qo‘li kaltalik qilib» sotadi. Qarabsizki, poydevor bilan birga yer maydoni ham shaharlik chayqovchiga sotilib ketadi. Yoki shaharlik uchar shu xo‘jalikda olti oy-bir yil ishlaydi-da, uchastkali bo‘lgach, juftakni rostlaydi. Yoki xo‘jalikka u-bu darajada dahli bo‘lgan tashkilot rahbarlarining iltimosnomalariga binoan ham pravlenie yoki direktsiyaning qarorini chiqarib, yer maydonlari berilaveradi. Ayni choqda ko‘pgina xo‘jaliklarda oddiy dehqonlar voyaga yetgan farzandiga uy qurish uchun direktsiyadan olti sotix yer undirolmay, yaqin vaqtgacha ham qiynalib yurishdy. Shunday bo‘lgach, yer umumxalq mulki, degan aqidaga ishonib bo‘ladimi?
* * *
1967 yilda bo‘lsa kerak, «Sirdaryo haqiqati» ro‘znomasida ishlab yurgan paytlarim edi. Muharrir meni huzuriga chaqirib, Yangierdagi qurilish-montaj boshqarmasidan bir buldozerchi KPSSning navbatdagi s’ezdiga delegat etib saylanganligini, shu odam to‘g‘risida ro‘znomaning navbatdagi sonlaridan biriga material tayyorlash zarurligini aytdi.
Yangierga borib, qurilish boshqarmasi partiya tashkiloti kotibiga uchrashdim.
U rus odam ekan, «delegatimiz ikki kundan beri ishga kelmayapti, yuring, uyiga boraylikchi», dedi. «Gazik»ka o‘tirib, delegatning uyiga bordik. Lekin uni uyidan ham topolmadik. Rafiqasi: «Shanxayda (Yangierning eski qismiga xalq shunday nom qo‘yib olgan — E. A.) Pavlik degan o‘rtog‘i bor, o‘shanikida bo‘lsa kerak», dedi. Pavliknikiga bordik. Haqiqatda uni shu yerdan topdik, ichib, karaxt bo‘lib yotgan ekan. Kotib uni bu ahvolda ko‘rib, so‘kib ketdi...
O‘sha kuni men qahramonimdan intervyu ololmadim. Ko‘chaga chiqib, mashinaga o‘tirarkanmiz, kotibga, nega bunday ichkilikboz odamni shunday mo‘‘tabar anjumanga delegat etib sayladinglar, boshqa odam quriganmidi, dedim. U: «Afsuski, bu masala bizning ixtiyorimizda emas-da, —dedi. — Bo‘lajak delegat yoki deputatning yoshi, millati, kasbi yuqoridan belgilab beriladi».
KPSS XXIV s’ezdiga Toshkent viloyati Orjonikidze tumanidan bir sog‘uvchi delegat bo‘lgan. S’ezd tugagach, men shu sog‘uvchi haqida ocherk yozish niyatida u ishlaydigan xo‘jalikka borib, partiya tashkiloti kotibiga uchrashdim. Kotib menga bu ayol haqida yozmaslikni maslahat berdi. Sababini surishtirsam, u kulib, «qovun tushiribdi», dedi. Keyin bo‘lgan voqeani gapirib berdi.
Partkom kotibining aytishicha, sog‘uvchi yettinchi sinf ma’lumotiga ega bo‘lgan, rus tilini bilmaydigan ayol ekan. Unga Moskvadagi S’ezdlar saroyida eng oldingi qatordan joy tegibdi. O‘n kun mobaynida notiqlarning tushunarsiz nutqlarini tinglayverib zerikibdi. Shuning natijasi bo‘lsa kerak, beixtiyor oyog‘ini likillatib o‘tirgan ekan, bir poy tuflisi uchib borib, L. I. Brejnev nutq so‘zlayotgan minbar yaqiniga tushibdi. Bu hodisani jumhuriyat rahbari rayosatda o‘tirib, ko‘rib turgan ekan, tanaffusda ayolni huzuriga chaqirib koyibdi.
Ertasi yana shu ayol yonidagi dugonasi bilan S’ezdlar saroyidagi bufetga kirsa, toza shokoladlardan sotilayotgan ekan. Sababi tirikchilik, ko‘zi ochlik qilib, to‘rt xilidan uch kilodan olib, bir quchoq konfet bilan zinadan tushib kelayotganda, yana jumhuriyat rahbariga duch kelib, dakki eshitibdi...
Qizig‘i shundaki, ayolni Moskvadan qaytganidan keyin tuman partiya qo‘mitasi byurosiga chaqirib, s’ezd taassurotlarini gapirib berishni iltimos qilishsa, biz yuqorida hikoya qilgan voqealarni gapirib beribdi. Byuro a’zolari esa, qorinlarini ushlab rosa kulishibdi.
Lenin bir paytlar kelajakda kuxarka (oshpaz)lar hukumatni boshqaradigan bo‘ladi, deb bashorat qilgan edi. Keyingi yetmish yil bu bashorat, Leninning boshqa ko‘pgina bashoratlari singari, xomxayolligini, oshpazdan, sog‘uvchidan hukumatni idora qiladigan kishi chiqmasligini (ular o‘z o‘rinlarida aziz ekanliklarini inkor etmaymiz), har ishni shu sohaga layoqati bo‘lgan kishilar bajarishi lozimligini ko‘rsatdi. Lekin bu haqiqatni bizda hali hamma tushunib yetmagan ko‘rinadi.
Bir tanishim o‘tgan yil avgust oyida Moskvada muvaffaqiyatsizlikka uchragan isyondan keyin bo‘lgan O‘zbekiston Oliy Kengashining navbatdagi sessiyasini televizor orqali tomosha qilgach, «Jumhuriyat parlamenti sessiyasi turg‘unlik davridagi Oliy Kengash sessiyalaridan endi bir qadar farq qilyapti», dedi. Darhaqiqat, parlament rasman kommunistik tuzum davrida ham bor edi. Lekin u aslida parlament emas, balki Kompartiya qo‘lidagi «ovoz beruvchi mashina» edi, tayyor qonun loyihalarini, farmonlarni tasdiqlashdan boshqa ishni qilmasdi. Jumhuriyat Oliy Kengashi Rayosati raisidan Kompartiya Markaziy Ko‘mitasi oddiy kotibining mavqesi yuqoriroq sanalardi.
Lekin shu narsa aniqki, parlamentda deputatlar hukumatni tanqid qila boshlashi hali parlament to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayapti, degan so‘z emas. Sababi, davlatni parlament usulida idora qilishda ham demokratiyani cheklab qo‘yishning juda ko‘p yo‘llari borligi bugungi kunda ko‘pchilikka sir emas. Bunday nojo‘ya xatti-harakatlarga imkon bermaslik uchun esa ijrochi organ bo‘lgan hukumat qo‘lida katta vakolatlar to‘planib qolishiga va u ko‘ngliga kelgan ishini qilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda parlament muhim davlat ishidan chetlashtirilib, uning asosiy vazifasi hukumat tadbirlarini, takliflarini tanqid qilishdan yoki ma’qullashdangina iborat bo‘lib qolishi mumkin.
Qonunlar qabul qilish «sahna ortida» faoliyat ko‘rsatadigan komissiyalarning emas, har bir deputatning jonajon ishiga aylanishi lozim. Buning uchun esa parlamentga deputat qilib, qo‘lingni ko‘tar, desa ko‘tarib, tushir, desa, tushiradigan chalasavod kishilarni emas, o‘z sohasining yirik mutaxassisi bo‘lgan yuristlar, iqtisodchilar, davlat va jamoat ishlarida ko‘p yillar ishlab, katta tajriba orttirgan siyosiy arboblar, ziyolilar saylanishi kerak. Bundan ham muhimi, bu kishilar ertaga amalidan ayrilib qolishidan, mavqelari pasayishidan qo‘rqmaydigan, «masjid uchun ishlaganday», xalqqa xolis, beminnat xizmat qiladigan kishilar bo‘lishlari kerak.
Parlament deputati shuning uchun ham o‘z mavqeiga munosib kishi bo‘lishi kerakki, u parlamentga deputat etib saylangandan keyin o‘z saylov okrugining emas, balki butun millat, xalqning vakiliga aylanadi. Uning har bir nutqi, xatti-harakatini zangori ekran orqali millionlab kishilar kuzatib turadilar. Bundan tashqari hozirgi davrdagi parlamentdagi siyosiy kurash juda qiyin ish hisoblanadi. Sessiyalarda turli xil masalalarning ko‘rilishi, qonunchilik ishlarining murakkabligi, chigalligi deputatdan bilim doirasi keng, aqlli va tajribali bo‘lishdan tashqari, mardona va yuksak madaniyatli kishi bo‘lishni ham taqozo etadi.
Hozir jumhuriyatimiz parlamenti juda yaxshi qonunlar qabul qilayapti, prezidentimiz xalq ommasining keng qatlamlari ma’qullab kutib olayotgan farmonlar chiqarayapti. Bu qonunlar va farmonlarni hayotga joriy etishdagi deputatlarning ishtiroki yanada faollashsa yaxshi bo‘lur edi, afsuski, unday bo‘lmayapti. Parlament qabul qilgan yaxshi qonunlarning, prezidentimiz chiqargan farmonlarning ijrosi joylarda hamon byurokratlashgan apparat — «tanglayi» turg‘unlik yillari pora bilan ko‘tarilgan rahbar xodimlar qo‘liga o‘tib ketayapti. Ular joylarda sho‘ro tashkilotlariga rasmangina itoat etadilar, aslida esa xalq ustida turib, bilganlarini qilishayapti. Hozir shunday bir zamon bo‘lib qoldiki, puldor chayqovchi yoki o‘g‘ri xohlasa qasr quradi, xohlagan narsasini qiynalmay topadi, bu ishlarni qanday qilayotganligini undan hech kim so‘rab-surishtirmaydi ham. Oddiy mehnatkashning esa mingta g‘isht yoki ellikta shifer ololmay, rayijroqo‘m eshigiga qatnab, kovushi yirtiladi.
Yoki prezidentimizning qishloqda yashaydigan oilalarning tomorqasini kengaytirish haqidagi farmonini olaylik. Bu farmonda qishloq oilalariga eng yaxshi ekin maydonlaridan 25 sotixgacha tomorqa berish aytilgan. Aslida esa bir qator joylarda oilalarga eng yomon, suv bormaydigan joylardan 7—8 sotixdan yer berildi. Faqat shugina emas, bu masalada har xil qalbakichiliklar ham qilindi. Masalan, Jomboy tumanida hukumat qarori chiqqanidan keyin aholiga tomorqa sifatida berish uchun 2593 gektar yer ajratilgan — qishloq sho‘rolari ixtiyoriga berilgan edi. Qishloq sho‘rolari esa bu yerlarni taqsimlab bo‘lgach, ma’lum sabablar bilan ortib qolgan qismini xo‘jaliqlarga qaytardi. Xuddi shu yerda qalbakichilik ro‘y berdi. Ya’ni xo‘jaliklarning ekin ekish oboroti rejasidan chiqarilib, qishloq sho‘rolariga o‘tkazilgan, lekin aholiga taqsimlanmay xo‘jalikka qaytarilgan yerlarga qayta hujjatlashtirilmay ekin ekilaverdi. Bu yerlarga bir joyda paxta ekib, hosili umumiy ko‘rsatkichni oshirish maqsadida rejadagi gektarlar ustiga sochib yuborila boshlandi. Boshqacha aytganda, ko‘zbo‘yamachilik bilan mavjud gektarlar hosildorligi oshirildi. Boshqa ekinlar — poliz, chorva uchun ozuqa, meva-cheva, zig‘ir ekilgan joylarda esa yerdan olingan daromad kimlarningdir cho‘ntagiga tusha boshladi. Mana shunday hisobga kiritilmay arosatda foydalanilgan yerlar tuman bo‘yicha 1000 gektardan ortiqroqni tashkil etgan.
Xullas, biz kommunistik totalitar tuzumdan yangi mustaqil hayotga oyog‘imizdagi «botqog‘imiz» bilan o‘tayapmiz. Bu demak, mustaqil, demokratik hayot qurishni har birimiz o‘z xatti-harakatlarimizga tanqidiy qarashdan, nuqson va kamchiliklarimizni tugatishdan boshlashimiz lozim. Demokratiya esa faqat namoyishlarda, yig‘ilishlarda va’z aytish, o‘zgalarni «do‘pposlash» erkidan iborat emas. Demokratiya — bu mas’uliyat hamdir. Har birimiz faqat o‘zimiz, oilamiz yoki qishlog‘imiz manfaatlarinigina emas, birinchi navbatda butun millat, yurt manfaatlarini o‘ylab ish qilishga qancha tez o‘rgansak, shu darajada tez erkin rivojlanayotgan demokratik jamiyat quramiz.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 10-son