OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alisher Nazar. Minnatdan qo‘rqaman (1999)

Jurnalist tushunmagan haqiqatni militsiya tushunadimi?

“Tolstoy bo‘lsang o‘zingga, men ham shoirman”- degan ekan Tvardovskiy. Bu gap shoir Tvardoviskiyning shartakiligidan darak bermaydi. Aksincha, bu dunyoda faqat tolstoylar emas, tvardoviskiylar ham yashayapti, demoqchi shoir.

Demak, gap fikr haqida ketayapti. Aslida fikr aytgan kishining boshida sinadigan kaltaklarning eng yomoni ikki xil bo‘ladi: biri sening fikringni tushunmasligi, ikkinchisi, sening fikringni eshitadigan odamning bo‘lmasligi.

Bugun jamiyatimiz erkin fikr aytish maydoniga aylanib boryapti. Bu — yaxshilikdan nishona. Ammo bu “nishona”ning bitta ma’suliyati bor: gap, ana shu “maydon”ni “janjal maydoni”ga aylantirib qo‘ymaslik.

— Jamiyat fikr bilan “tuzaladimi”?

— Tuzaladi. Agar u shu jamiyat manfaati bilan uyg‘unlasha olgan bo‘lsa.

— Bizda fikrning qadr-qimmati qancha?

— ...

Bizning eng katta qusurimiz mana shu uch nuqtada.

“Hurriyat” gazetasining bir sonida yozuvchi Ismoil Shomurodovning “Noskash militsioner” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Gazetaning o‘tgan sonlarida chop etilgan “Shaxs erkin – jamiyat erkin” hamda “Poraxo‘rlik” sarlavhali maqolalariga munosabat tarzida yozilgan ushbu maqola nazdimda fikrga qarshi fikr emas, fikrga qarshi iddao, fikrga qarshi minnat bo‘lib tuyuldi. Maqola muallifi I. Shomurodov “Militsiya, sud, prokuratura organlari qoshidagi qo‘rquv bizning genlarimizga qachon singib ulgurgan?” degan savolga, “Bizning genimizda militsiyadan qo‘rqish jinoyat sodir etishni boshlaganimizdan keyin paydo bo‘lgan”, deya javob beradi. Agar shu javob to‘g‘ri bo‘lsa, bugun deyarli hamma jinoyatchi, jumladan, men ham. Sababi, men ham qarshimdan kelayotgan militsiyadan qo‘rqaman. Nega? Jinoyatchi emasman-ku! Chunki u meni hozir xuddi jinoyatchiday taftish qiladi.

— He, katta, — deydi pisanda qilib, — hujjatlarini qo‘rib qo‘ysak bo‘ladimi?

Agar shu vaziyatda biroz xayolingiz faromush bo‘lib uning gapini eshitmay qoling-chi, ahvolingiz nima kecharkin. Endi mening qo‘rquvimni tushungandirsiz. Men jinoyatchiligimdan emas, dilim xufton, ko‘nglim g‘ash bo‘lishidan qo‘rqaman. Hali bu militsiyadan qo‘rquvning birinchi ko‘rinishi.

Yaqinda uyimga Qarshidan mehmon keldi.

— “Otchopar”dan shu yerga yetib kelgunimcha olti marta militsiya ushladi. Bu qanaqasi? — dedi mehmonim uyga kirar-kirmas.

— Hushyorlik – davr talabi, — dedim mehmonning bir oz kayfiyatini ko‘tarish uchun, — bundan xafa bo‘lmaslik kerak.

— “Propiskang yo‘q ekan” deb, besh yuz so‘m pul olib qo‘yish ham davr talabimi? Yoki endi seni bir ko‘rib ketish uchun ham propiskamni ko‘chirib kelaymi?

Bu militsiyadan qo‘rquvning ikkinchi ko‘rinishi.

Yoki...

Keling, endi haqiqatni tan olaylik. Axir bu xil vaziyatlar hayotimizning odatiy ko‘rinishiga aylanib qolgan-ku.

Maqola muallifi odamlarning politsiyadan qo‘rquviga tabiiy hol sifatida qarar ekan, fikrini shunday jumlalar bilan isbotlamoqchi bo‘ladi: “Umuman, qaysi jamiyatda politsiyadan qo‘rqishmaydi. Dunyoning eng erkin jamiyati hisoblangan AQShdami? Bu yurtning ko‘pgina shtatlarida politsiya xodimi gumondor shaxsni qanday holatda otib tashlamasin, hech kimning oldida javob bermaydi. Shunday bir sharoitda politsiyadan qo‘rqmay bo‘ladimi?” Ehtimol, rostdan ham Amerikada shundaydir. Ammo, bu men uchun yangilik. Faqat birgina tashvishim bor, agar amerikalik politsiyachilar odamlariga shu alfozda muomala qilayotgan bo‘lsa, yangi asrning ikkinchi yarmiga borib Amerikada hech kim qolmaydi.

I. Shomurodov shaxs erkinligi, jamiyat erkinligi haqida yozar ekan, jamiyat erkinlashgan sari jinoyatchilik miqdori oshib borishini, bu hayotning oddiy qonuni ekanligini e’tirof etadi. Afsuski, bu hayotning emas, muallifning o‘ylab topgan qonuni, xolos. Muallif mulohazalarini davom ettirar ekan: “... ayrimlar o‘ylaganchalik, erkinlik berilgan sari odamlar aqlli bo‘lib ketavermaydi, balki ular o‘z holicha qolaveradilar. Erkinlik esa har kimga istagan narsasini amalga oshirish imkonini beradi”, deydi. Ana, xolos!

I. Shomurodov o‘zi jamiyat erkinligi deganda nimani tushunyapti? Axir jamiyat erkinligi degani o‘g‘irlik qilganning boshini silash degani emas-ku! Yoki odam o‘ldirganga shunchaki dakki berib qo‘yish kerak degani emas-ku!

Odamlar o‘z huquqini qancha ko‘p bilsa, shuncha erkinlashadi. O‘z huquqini bilgan odam - erkin odam. Xuddi ana shunday sharoitda jinoyatchilik o‘z-o‘zidan kamayadi. Endi hech qaysi mirshab olis bir qishloqdan bolasini ko‘rgani kelgan dehqonning yoqasidan tortib “otdel”ga boshlay olmaydi. Chunki u mirshab tahqirlangan dehqon o‘z haq-huquqini talab qilib qolishidan qo‘rqadi.

Umuman, muallif maqolasida “jamiyat erkinlashga sari...” degan jumlani hech o‘ylamay ishlatgan. Chunki jamiyat o‘z-o‘zidan erkinlashib qolmaydi. Jamiyatni biror qaror bilan yoki muayyan ko‘rsatma bilan ham erkinlashtirib bo‘lmaydi. Jamiyat erkinlashuvi tabiiy jarayon.

I. Shomurodov “hanuzgacha jurnalistlarimizning bir oddiy haqiqatni tushunishni istamayotganliklaridan” hayratlanadi. Ya’ni “... deylik, har qanday rahbar, har qanday hokim ham ko‘chaga chiqqandan keyin, oddiy fuqaro(!), shaxs. Militsioner esa bunday emas, u qaerga bormasin, formada ekan, militsionerligicha qoladi”. Mana nihoyat, muallif o‘zi bilmagan holda bor haqiqatni tan oldi. Har qanday hokim ko‘chaga chiqqandan keyin fuqaroga aylanar emish. Xonasida-chi, xonasida boshqa mavjudotga o‘xshab o‘tiradimi? Shunisigayam shukr. Chunki militsioner qaerga bormasin militsionerligicha qolaverar ekan. Demak, uni yelkasidagi formasini yechib olmaguncha u oddiy fuqaroga aylanmaydi. Lekin shu o‘rinda boshqa bir haqiqatni ham eslab qo‘ysak chakki bo‘lmaydi. Militsiyaning formasi oddiy fuqarodan ustunlik vakolatini yoki istagan odamning nafsoniyatiga tegish huquqini ham bermaydi.

Men bu bilan militsiya ko‘chadagi odamlarning hujjatini tekshirmasin demoqchi emasman. Bu ularning ishi. Faqat bir narsani, mayli, o‘zi militsioner bo‘lsa ham, qarshisidagi odam ekanini unutmasa bo‘ldi.

I. Shomurodov poraxo‘rlikning ildiziga Ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki orqali bolta urish mumkin, degan fikrga shunday munosabat bildiradi: “Ommaviy axborot vositalarining xodimlari huquqni himoya qilish idoralari xodimlaridan ko‘ra, pokroq va tozaroqmi?”

Endi birodar, bu masalani siz bilan biz hal qila olmaymiz. Bu masalada shunchaki bashorat ham qilib bo‘lmaydi. Faqat bir  gapni aytmasam bo‘lmas. Mana, mening qo‘limda o‘ndan ortiq xat. Hammasida huquqni himoya qiluvchi idoralar ustidan shikoyat qilingan. Bilasizmi, ushbu maktublarning barchasida bitta jumla bor: “Iltimos, yordam beringlar. Bor umidim sizlardan”. Nega ular bunday yozishyapti? Yoki bu tasodifmi?

Men fikrim ibtidosida I. Shomurodovning ushbu maqolasi bir oz minnatdek bo‘lib tuyuldi, dedim. Nima uchun? Muallif yozadi: “... qanchalar so‘kmaylik va qanchalar yomon bo‘lmasin, tinchligimiz, osoyishtaligimizni militsiyadan boshqa hech kim kelib himoya qilib bermaydi”. Bu gap to‘g‘ri. Shuning uchun hech kim militsiyani so‘kayotgani yo‘q. Militsiya degani osmondan oyog‘ini osiltirib tushib kelgani yo‘q. Yoki hech kim foydali qazilmadek yerdan qazib ham olayotgani yo‘q. Militsiya ham odam, birovmizning akamiz, birimizning ukamiz. Hech kim o‘z akasini yoki ukasini haqorat qilmaydi.

Ammo bu o‘rinda faqat bir mulohaza bor. Qiziq-da, qachon militsiya haqida ozgina yomon fikrlasang darrov xalqning tinchligi, osoyishtaligi ro‘kach qilinadi. Haqli savol tug‘iladi: o‘sha xalq – kim? O‘sha xalq – militsiyaning o‘zi  emasmi? Qolaversa, militsiya xalqning tichligini ta’minlab berayotgan ekan, tekingami?! Balki o‘sha xalq peshona teri bilan orttirayotgan daromadining bir qismini shu osoyishtaligi uchun sarflayotgandir. A, labbay?!

Aloha, bugun insoniyat tarixida o‘xshashi, andozasi bo‘lmagan murakkab bir davrni boshimizdan kechirayotgan ekanmiz, shunday bir vaziyatda har birimiz o‘z xatomizni tan olib, bir-birimizga ibrat bo‘lmog‘imiz ham shu kunning talabidir.

“Hurriyat” gazetasida chop etilgan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.