G‘ozi Olim Yunusov — birinchi o‘zbek tilshunoslik professori, tarjimon, folklorshunos, oliy o‘quv yurtida fors va arab, o‘zbek va rus tillaridan dars bergan murabbiy hamda ajoyib tashkilotchi rahbarlardan biri edi. U 1929—1930 yillarda Leningraddagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim va ilmiy kotib lavozimlarida ishlab yurgan chog‘idayoq etnografiya va filologiya fanlaridan qator tadqiqotlar olib borib, o‘tkir sharqshunos sifatida tilga tushgandi. Jahon dunyoviy fanlarining atoqli namoyandalari — N. Ya. Marr, A. N. Korsh, Ye. M. Malov, A. N. Samoylich, P. M. Melioranskiy va Ye. E. Bertelsning tavsiyasi bilan unga 1930 yili «professor» degan yuksak unvon berilgan edi. Ammo adolat yer qa’riga ko‘milgan davrda qatag‘on qilingan bu ulug‘ zot hayoti va faoliyati haqida xalqimiz yarim asr oshdiki, tuzukroq ma’lumotga ega emas.
G‘ozi Olim Yunusov 1893 yilda Toshkent shahrining Shirinquduq mahallasida ishchi oilasida dunyoga keldi. Boshlang‘ich ta’limni birinchi bosqichli madrasada oldi. Rafiqasi Valentina Ivanovna Yunusova, 1925—30 yillar oralig‘ida tug‘ilgan Erk, Mira, Oskar va Komila ismli farzandlari davrning shafqatsizliklariga bardosh berib, tahqirlanayotgan ota dardiga sherik bo‘lib yashadilar.
U kishi ko‘hna turkiy adabiyotning o‘tkir bilimdoni edi. G‘ozi Olimning bobosi Abubakr Ahmadjon o‘g‘li hamda pochchasi Baxti G‘ani Ilkinlar folklorshunos, adabiyotshunos, etnograf sifatida taniqli edi. Ular arab, fors, nemis tillarini yaxshi bilardilar. G‘ozi Olim ana shunday oila muhitida voyaga yetgandi. Shu sababli u yoshlikdan ilm olishga mehr qo‘ygan edi.
Olimning umr yo‘ldoshi Valentina Ivanovna bizga quyidagilarni hikoya qilib bergandi: —U bir o‘qigan kitobi yoki dostonini boshqa takrorlamas, bir yo‘la yodda saqlab qolardi. Shu tufayli uyimizga tanish-bilishlari — rus, tatar, nemis, ingliz, o‘zbek va qozoq olimlari tez-tez kelib turardi. G‘ozi aka ana shu millat vakillari bilan o‘z tillarida erkin suhbat qurardilar. 1914 yili oliy madrasaning til va mafkura fakultetini bitirgach, uni axloq-odob, huquq va din muammolari mutaxassisligini egallash uchun Qohiraga o‘qishga jo‘natishdi. U yoqqa esa faqat o‘tkir zehnli talabalar yuborilardi. O‘z sohasiga oid arab, turk, nemis, inglizcha kitoblarni asliyatda o‘qib o‘rgangandi.
Tahsilni a’lo baholarda bitirgan G‘ozi Olimga Ota Turk nomidagi taqdirnoma beriladi va shu yerda o‘qituvchi sifatida qoldiriladi. Ammo qalbi o‘z vatani, qarindoshlarini qo‘msardi — biroz ishlab, tez orada qadrdon Toshkentiga qaytib keladi va turli oliy o‘quv yurtlarida ona tilidan dars bera boshlaydi.
1923 yilda u Birinchi Savdo jamiyati raisligiga tayinlanadi. 1924 yilning noyabrida mazkur jamiyat tugatilgach, u adliya xalq nozirligida huquq masalalari bo‘limini boshqaradi, qator qonun moddalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va mohiyatini ommaga yetkazishda olimning xizmati katta.
— Hukumatimiz bizni 1925 yili Samarqand shahriga ishga jo‘natdi, — deb eslashda davom etgan edi Valentina Ivanovna. — Bu yerda u kishi Xalq maorifi komissarligida ilmiy kotib lavozimida ishladi. Ikki yildan so‘ng, nozirlikning Til va atamashunoslik qo‘mitasiga o‘tib, ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘ldi, shogirdlariga umumiy tilshunoslik va siyosatdan saboq berib bordi. Talabalar bilan esa o‘zbek tilining tovushi va so‘z ma’nolari bo‘yicha, qolaversa, fors, arab va ingliz tillaridan mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Sobirjon Ibrohimov G‘ozi Olimning murabbiylik mahorati haqida shunday degan edi:
— Men o‘zbek imlosining ilmiy asoslari haqidagi nazariy ma’lumotlarni ilk bor 1929 yili Samarqand dorilfununida shu mo‘‘tabar domladan olganman. Bir gal G‘ozi Olim Pedakademiyaga kelib, o‘zbek yozuvi lotin imlosiga ko‘chayotgani, bu ishga Qori Niyozov asosiy mutassadi qilib belgilangani xususidagi xabarni aytdi. Bu «yangilik» amalga oshib qolsa yaxshi natija bermasligidan afsuslanganday bo‘ldi. Ustoz jumhuriyatimiz tasarrufidagi minglab joy nomlari, qabila va elat nomlari ma’nolarini aniqlash asosida o‘zligimizni, tariximizni chuqur o‘rganishimiz zarurligi haqida kuyunchaklik bilan gapirardi. Men ustozdan ilmiy ishda qo‘l keladigan tadqiq va tahlil usullarini o‘rganganman. Chunonchi, 1929-1930 yillarda xalq shevalari va og‘zaki ijodiyotini o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan Atamalar Qo‘mitasi tomonidan uyushtirilgan ilmiy safarlarda uch marta ishtirok etganman. Unga G‘ozi Olim Yunusov boshliq edi. Mazkur guruh tarkibida atoqli turkolog va sharqshunoslardan Ye. D. Polivanov, I. A. Batmanov, K. K. Yudaxin, A. K. Borovkov, V. V. Reshetov hamda iste’dodli tilshunoslar — N. Said, Q. Ramazon, Elbek, T. Ibrohimovlar bor edi.
Shogirdlar tomonidan aytilgan bu iliq fikrlar mashhur olimning insoniy qiyofasini ochib berishga yaqindan yordam beradi. Shuning uchun xotiralar — dil so‘zlarini keltirishda davom etamiz:
— 1930 yili Leningradda N. Ya. Marr nomidagi Til va falsafa oliy ilmgohida aspirantlik muddatini o‘tayotganimda ustoz bilan uchrashganman, — deb eslagandi taniqli tilshunos Safo Zufarov. — O‘shanda G‘ozi Olim Yunusov Sharqshunoslik oliy ilmgohiga ilmiy kotib bo‘lib ishga kelgan ekan. U kishi menga talay maslax,atlar berdi. Esimda, Polivanov, Batmanov kabi katta tilshunoslar ham G‘ozi og‘a bilan munozaraga kirishganda nihoyatda ehtiyot bo‘lishar, har bir so‘zini o‘ylab-o‘ylab gapirishardi.
O‘zbek milliy madaniyatini jahon miqyosiga ko‘tarib chiqish yo‘lida katta ilmiy-amaliy ishlar qilgan G‘ozi Olim Yunusov ko‘plab asarlar, o‘quv qo‘llanmalari yozib qoldirgan. Uning «Yuridik atamalar lug‘ati», «O‘zbek lahjalari tasnifida bir tajriba», «O‘zbek urug‘laridan qatag‘onlar va ularning tili», «O‘zbek tili grammatikasi» kabi kitoblari, «Bolalar adabiyoti to‘g‘risida bir fikr», «Alla» to‘g‘risida bir-ikki og‘iz so‘z», «O‘rta Osiyo turklarining yangi alifbosi», «O‘zbek tilining tovushlari» kabi ilmiy-uslubiy jihatdan baquvvat maqolalari hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas.
Olim tabiatan millatsevar bo‘lib, o‘z xalqini nihoyatda qadrlardi. O‘ zukko etnograf, sinchkov folklorchi ham edi. 1922 yilda yirik o‘zbek dostoni — «Alpomish»ni Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan birinchi bo‘lib yozib olgan edi. Doston mohiyati, mazmuni va nusxalari haqida muxtasar maqola yozib, uni 1923 yili «Bilim o‘chog‘i» jurnalining 2-sonida chop ettirgan. Gapning indallosini aytganda, o‘zbek folklorshunosligining poydevori shu ulug‘ zot tomonidan qo‘yilgan edi. U H. Zarifga o‘xshash iste’dodli yosh xodimlarni tarbiyalagan. G‘ozi Olimning «O‘zbek lahjalari tasnifida bir tajriba» risolasi xalqimiz shevalari birinchi bor etno-lingvistik nuqtai nazardan tasnif qilingani bilan muhimdir. Unda muallif professor Ye. D. Polivanovning o‘zbek shevalari tasnifida yo‘l qo‘ygan qator kamchiliklarini ko‘rsatgan, ular qay jihatdan tekshirilishi, tasnif qilinishi maqsadga muvofiqligini lo‘nda bayon etgan: o‘zbek lahjalarining bir-biridan o‘zaro farklanuvchi tovush, so‘z tarkibi va ma’no xususiyatlarini aniqlagan.
Olim o‘zbek shevalarini dastlab uch guruhga: o‘zbek-qipchoq, turk-barlos va Xiva-Urganch lahjalariga ajratib tekshiradi. Bu lahjalar, uning ta’kidlashicha, o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi, birinchi qism qirq, jaloyir-laqay, qipchoq, gurlan, ikkinchi qism Sayram-Chimkent, Toshkent-Xovos, Andijon-Namangan shevalaridan iborat.
Ijodi ayni kamolga yetib, to‘lishgan paytda ustozning boshiga og‘ir kulfat tushdi — omonsiz tuhmatga duchor bo‘ldi.
— O‘ttiz yettinchi yil aprel oyining yigirma uchinchi kuni bo‘lsa kerak, — deya nadomat bilan xotirlagan edi Valentina Ivanovna, — yarim kechada eshigimiz taqillab qoldi. Ikki kishi taklifimizni kutmayoq ichkariga bostirib kirib, «Biz NKVDdanmiz» deyishdi. Kelganlarning biri rus, ikkinchisi o‘zbek edi. Ulardan biri uydagi hujjatlardan tortib, kitob, gazeta-jurnallargacha olib ketajaklari to‘g‘risida qo‘pol ohangda gap qotdi. Ikkinchisi esa derazaga yaqinlashib, ko‘cha tomon imo qildi. Shu zahoti yana uch kishi kirib keldi. Ular tintuvni boshlashdi. Biz er-xotin qimirlamay turdik. Topshiriq shunday edi. Shunda G‘ozi Olim bo‘layotgan adolatsizlik, qo‘pollikka toqat qilolmay, ruschalab gap qotdi: «Nima gunoh qilibman, nega bunchalar quyushqondan chiqyapsizlar?» «Yuring, siz bilan o‘sha yerda gaplashamiz», deya gapni qisqa qildi NKVD xodimi.
Shunday qilib, mashhur olim zamon o‘zboshimchaligi, adolatsizligi girdobiga tortildi. Panturkist, aksilinqilobiy millatchi degan mash’um atamalar o‘ylab topilib, ilmu ma’rifatga tashna kishilarning peshonasiga yopishtirila boshlandi.
O‘zSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi hujjatgohida saqlanayotgan 4269-raqamli «Ish»ni ko‘zdan kechirganimizda, olimga tergovchi Agabekov va Zagvozdinlar tomonidan quyidagi ayblar taqilgani guvohi bo‘ldik: «G‘ozi Olim Yunusov aksilinqilobiy millatchi tashkilotning a’zosi, O‘rta Osiyo jumhuriyatlarini Sovet Ittifoqidan ajratib olib, burjua milliy davlatini tuzishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yganlardan biri; chet el bilan aloqa bog‘lash maqsadida tashkilot a’zolarini qo‘poruvchilik ishlariga jalb etgan; tashkilotga tortish uchun yoshlar orasida aksilinkilobiy ruhda ish olib borgan, aksilinqilobiy targ‘ibot ishlarini yuritgan».
G‘ozi Olimning haqiqiy siyrati bir kecha-kunduz qiynoqdan keyin tergovchiga bergan javoblarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Mana undan namunalar:
— Panturkistlar harakatiga qachon qo‘shilgansiz?
— Vyat gubernasining Bubi qishlog‘ida o‘qib yurganimda taniqli panturkist Abdulla Bubi va Gubaydulla Bubi hamda Turkiyada mashhur turk namoyandalari bilan hamfikr bo‘lganman. Turkiyaga 1909 yilda ketgandim. So‘ngra Qohiraga jo‘nadim. U yerda «Azhar» oliy madrasasida o‘qidim. Jahon urushi boshlanib qolgach, Toshkentga qaytdim. Shu davrlarda panturkistlar tarbiyasini oldim. Biroq ularning tashkilotiga aralashmaganman.
— Bu davrda Turkiyada siz kimlar bilan birga o‘qigansiz?
— Turkiyada Fitrat, buxorolik qushbegining jiyani Muqomiddinbek, Ma’zar Burhonovlar bor edi; Bekjon Rahmonov, Shohid Eson Musaev, Homid Said, Ota Xo‘jaev — buxorolik Ahmadjon Maxzullaning o‘g‘illari mendan so‘ng borishdi.
— Siz turkistonlik talabalar Istambulda panturkistlarning Turkistonda qanaqangi tashkilotini tuzishni maqsad qilib qo‘ygan edingizlar?
— Istambulga kelgach, u yerda «Turon nashri maorif» jamiyati bor ekanligini bildim. Bu «Ittihod va taraqqiy» bilan bog‘langan bo‘lib, unga Fitrat, Ma’zar Burhonov va Abdulaziz Quljavi boshchilik qilar ekan. Mazkur jamiyat yana «Turk o‘chog‘i» jamiyati bilan ham bog‘liq ekan. Ushbu jamiyatlar a’zolari turkistonlik talabalarni o‘qishga joylash bo‘yicha Turkiyaning mas’ul vakillari ekanlar.
— Turkistonga qachon qaytdingiz va qanday panturkistik ishlar olib bordingiz?
— 1914 yilning iyul oyida, Turkiyaga yana qaytib ketish sharti bilan keldim. Biroq xalq ta’limi ministrligidagi Rif’atboy va Azizboylar meni Germaniyaga o‘qishga yuborishga va’da berishgandi. Lekin jahon urushi to‘sqinlik qilib qolib ketdim. Toshkentda Abdulla Avloniy va Nizomiddin Xo‘jaev bilan hamkorlikda «Turon» jamiyatini tuzdik. Maqsadimiz panturkizm harakati asosida xalqqa ma’rifat tarqatish edi.
— Inqilobdan so‘ng qanaqangi aksilinqilobiy harakatlar olib bordingiz?
— 1918 yili Qo‘qon muxtoriyati ta’sis s’ezdida deputat sifatida qatnashdim. Bu yerda kadetlar va Dutov jamiyati tuzumiga qarshi so‘zladim. Ular Turkiston xalqiga milliy erkinlik berishni istamas edilar. Siyosatdagi bu g‘ariblikni tanqid qildim.
— Yana qanaqangi aksilinqilobiy ishlarni amalga oshirdingiz?
— Toshkentda «Turk o‘chog‘i» jamiyatini tuzdim va boshqardim. Shuningdek, yoshlardan panturkist kadrlar tarbiyaladim va «Ishchilar to‘dasi» jamiyatini tuzdim.
— 1918 yilda Turkiyaga nima maqsadda borgan edingiz?
— Nuriddinbek Xudoyorxon bilan birga Turkiya partiyasi va hukumatining «Ittihod va taraqqiy» jamiyatidan Sovet Rossiyasining Turkiston bo‘limiga qarshi kurash uchun yordam so‘rab bordik.
— Turkiya arboblari bilan sizlarning suhbatlaringiz qanday natija berdi?
— Bu yerda Turkiya xavfsizligi vaziri Azizboy orqali Tal’at podshoh bilan uchrashdim. U menga Said Nosir Mirjalolov bilan Jenevaga borishni taklif etdi. Bu yerda millat boshlig‘i bilan Turkistonni Rossiyadan ajratib olish xususida fikrlashib olish kerak edi. Men bunday safardan bosh tortdim.
— Sizning aksilinqilobiy faoliyatingizda Musbyuroda qanaqangi gap-so‘zlar bo‘ldi va u qanday yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi?
— Bizning aksilinqilobiy faoliyatimiz Musbyuro tasdiqlagan Risqulov ma’ruzasida o‘z aksini topgan. Unda quyidagi talablar bor edi; «Turkiston iqtisodiy, harbiy, moliyaviy hamda tashqi siyosat tomonidan mustaqil bo‘lish uchun milliy chegaralanishni o‘tkazish — milliy mustaqil bo‘lish g‘oyalari ilgari surilgan. Musbyuroning bu xulosalari VKP(b)ning Turkkomissiyasidagi o‘zboshimcha, bebosh a’zolari Eliava, Frunze, Kuybishev va Rudzutaklar tomonidan yo‘qqa chiqarildi.
— Yashirin aksilinqilobiy tashkilot va u bilan teng bog‘langan legal tashkilotlarning a’zolari haqida ma’lumot bermaysizmi?
— Yashirin tashkilotning borligi haqida hech nima bilmayman va bor bo‘lsa ham unga qatnashmaganman...»
O‘zSSR Ichki ishlar xalq nozirligi Davlat xavfsizligi qo‘mitasining 3-bo‘lim boshlig‘i leytenant Zaturanskiy va shu bo‘lim boshlig‘ining yordamchisi serjant Akjigitov. 1937 yil, 25 aprel».
37-yilda ko‘zga ko‘ringan ziyolilarimiz turkparastlik aybi bilan qamoqqa olinayotgandi. Turkiy xalqlarning madaniy birligi, ilmiy-adabiy hamkorligi uchun yaxshi niyatda ish boshlagan jamiyatlarga ham siyosiy yorliqlar, jinoiy ayblar taqala boshlandi. Stalincha siyosat hatto o‘z millati bilan faxrlanish tuyg‘usiga ham tish-tirnog‘i bilan qarshi turardi. Ular barcha xalqlarni doimo mazlumlikda saqlash tarafdori edilar.
30-yillardagi do‘zax o‘tida kuyib, yarim nogiron bo‘lib chiqqan atoqli murabbiy va ma’rifatchi, marhum Shorasul Zunnun bilan 1989 yil, 21 fevral kuni qilingan suhbatdan bir lavha keltiramiz.
«Savolingizga hozirgi kunda ham javob berishga qo‘rqaman. Chunki shu kunlarda ham sotqin, chaqimchi, ikkiyuzlamachilar to‘lib yotibdi. O‘sha 1937 yilning iyul oylari edi. Meni izolyatordan sarg‘ishdan kelgan, o‘rta bo‘yli, bilaklari yo‘g‘on, ko‘zi ko‘kimtir, dumaloq burunli Akjigitov so‘roq xonasiga olib chiqdi; oldimga Botu va Munavvar qori haqida yozilgan «Milliy ittihod» faoliyati, uning boshliq va a’zolari xususidagi aksilinqilobiy panturkistik iboralar izohlangan, umrim bino bo‘lib eshitmagan gaplar yozilgan «So‘roq ma’lumotnoma»sini qo‘ydi. Ko‘z yugurtirdim. Rus tilini yaxshi bilmaganim uchun ancha vaqt hijjalab o‘qishga intildim. Sabri chidamagan haligi betoqat tergovchi «tayyor hujjat»ni qo‘limdan tortib olib, o‘zi o‘qib berdi va imzo chekishimni talab etdi. Men bosh tortdim. Munozara kechgacha davom etdi. So‘ng Fitrat bilan G‘ozi Olim Yunusov to‘g‘risida savollar bera boshladi. Men ularni yaxshi tanishim, ba’zi masalalarda hamfikrligimni aytdim. Xullas, maqsadiga erisha olmaganidan keyin yerto‘laga olib tushdi. U yerda yelkam va o‘ng oyog‘im ishdan chiqdi, baquvvat yigitning zarbli mushtlari, ayovsiz tepkilari Akjigitovni ilhomlantirardi. Yetti kundan so‘ng yana navbatdagi so‘roqqa chaqirishdi. Trig‘ulov savolga tutdi. U ham Akjigitov tayyorlagan «So‘roq ma’lumotnoma»sini imzolashga uzatdi. Bo‘yin tovlamoqchi bo‘lib turgan edim, xuddi osmondan tushgandek meni kaltaklagan yovuz tergovchi paydo bo‘lib qoldi. U o‘zini muloyim ko‘rsatardi. Trig‘ulovga qarab: «Yaxshi bo‘lib qoldi, qo‘l qo‘yadi», dedi. U menga qarab «Tezroq qo‘l qo‘y, bo‘lmasa o‘zing bilasan», degandek imo qildi. Agar takror yerto‘laga tushsam, qayta sog‘ chiqmasligimga aqlim yetardi. Shunday qilib, «Javoblarimni o‘qib eshittirishdi, imzo o‘zimniki», degan jumla tagiga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lganman».
Ha, xuddi shunday.
Atoqli o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning 1937 yil 10 avgustda Akjigitovga bergan G‘ozi Olim haqidagi dalillarida ham shu narsa yaqqol aks etgan. Va buni Cho‘lponning «sotqinligi» deb tushunmasliklaringizni juda-juda istardim.
Mana, tilshunos olimga qo‘yilgan aybnoma: «O‘zbekistonda aksilinqilobiy panturkistlar tashkilotining faollari va a’zolaridan biri G‘ozi Olim Yunusovdir. U Turkiyada o‘qigan: «Turk o‘chog‘i» tashkilotini tuzgan; faol aksilinqilobchi. U «Chig‘atoy gurungi» aksilinqilobiy jamiyatida ham qatnashadi. Bu jamiyatni 1919 yilda Fitrat tuzgan. Mazkur jamiyat panturkizm g‘oyalarini adabiyot orqali xalqqa targ‘ib qiladi: tashkilotga xodimlar tayyorlaydi.
1920 yilda Fitrat «Tong» oynomasi tashkil etib, unga Elbek va G‘ozi Olim Yunusovni tortgan...
1928—1929 yillarda atamashunoslik va imloga bag‘ishlangan anjumanda panturkizm g‘oyalarini faol tashviq qilishda G‘ozi Olim Yunusov, Botu, Fitrat, Bo‘lat Soliev, M. Rahmonov, Bekjon Zokiriy va boshqalar qatnashgan...»
Millatchi sevish (ularning ta’biricha, «millatchilik») qatag‘on davrida eng og‘ir jinoyat hisoblanardi. Vatanparvar ziyolilar bunday «gunohini bo‘yinlariga oshkora olishdan qat’iy bosh tortganlar. Natijada xavfsizlik qo‘mitasi tergovchilari ularni ayovsiz iskanjaga solishar, hammaslaklarni bir-biriga chaqimchi qilib ko‘rsatardilar.
Tergov jarayonidagi uzluksiz azoblardan so‘ng olim o‘zining «gunohi»ni «tan olish»dan boshqa chora topolmaydi, 1937 yilning 5 oktyabrida u tergovchi Trig‘ulov savollariga shunday javob beradi:
«Men, tilshunos professor, haqiqatan ham millatchilik ruhidagi kitoblarni g‘oyaviy-madaniy jabhada, shuningdek til qurilishi sohasida o‘zbek tiliga ag‘darganman... Men aksilinqilobchi millatchi tashkilotning rahbarlaridan biri sifatida jumhuriyat fan komiteti, atamakom va boshqa ilmiy tashkilotlar bilan (Fitrat, O. Hoshimlar birgalikda) guruhning aksilinqilobiy ishlarini boshqardim...»
SSSR Oliy sudining sayyor Harbiy hay’ati 1938 yilning 4 oktyabridagi (rais Alekseev, a’zolari — Zaytsev, Boldirov, Batner hamda qoralovchi yordamchisi Shults qatnashgan) yopiq majlisida professor G‘ozi Olim otuvga hukm etildi.
Kech bo‘lsada, ijtimoiy haqiqat tantana qildi. SSSR Oliy sudi Harbiy hay’ati bu adolatsiz hukmni bekor etib, 1957 yilning 27 iyunidagi 4n02—5571 raqamli ajrimi bilan taniqli professor faoliyatida jinoyat yo‘q, deb topadi va uni to‘la oqlaydi.
O‘zbek xalqining atoqli tilshunos olimi, tarjima san’atining mohir ustasi, turkiy va fors adabiyotining benazir tadqiqotchisi, o‘zbek folklorshunosligining boshlovchisi, katta murabbiy, milliy istiqlol yo‘lida jonini qurbon qilgan G‘ozi Olim Yunusovning porloq xotirasi ozod o‘zbek eli dilida barhayot yashashga haqlidir.
Islomjon Tursunov, Haydarali Uzoqov,
fan nomzodlari
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 1-son