OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ortiqboy Abdullayev. Turkistonning qora kunlari (1992)

O‘zingdan chiqqan yov yomon

Yillar o‘tadi. Dovullar tinadi. Jang-jadallar tarix qa’rida unutilib ketadi. Soxta haykallar ag‘dariladi. Qudratli saltanatlar yemiriladi. Yolg‘on g‘oyalar barham topadi. Ajdodlar ruhini yangidan-yangi avlodlar diliga joylab voyaga yetadi va jamiyatni poklash uchun, toptalgan adolatni, erkni, ezgulikni yana o‘z o‘rniga tiklash uchun kurash maydoniga chiqadi. Bu hol uzluksiz davom etaveradi. Hayot — abadiy. Oqib turgan daryoni hech kim to‘xtatib turolmaydi.

Pushkinning «Tiklanish» nomli she’ri bor. Daho tomonidan chizilgan nodir rasm ustiga iste’dodsiz rassom har xil bo‘yoqlar chaplab, o‘zicha mo‘‘jiza yaratadi.

Vahshiy rassom mudroq, beizn
Daho suratini buzadi
Va u surat ustiga o‘zin
Beburd suratini chizadi.
 
Lekin u yot bo‘yoqlar bir-bir
Ko‘chib tushar yil sayin ayon
Va ulug‘vor ijod bequsur
Avvalgidek bo‘lur namoyon.
 
Ana shunday ketar ezilgan —
Yuragimdan soxta tugunlar
Va shubhasiz tiklanar o‘tgan —
Ilk va toza musaffo kunlar.

(Turob To‘la tarjimasi)

Ana shunday. Vaqti kelib har qanday soxta bo‘yoqlar yo‘qolib ketadi. O‘tda kuymaydigan, suvda cho‘kmaydigan haqiqat esa o‘z qudrati va jozibasi bilan ko‘z o‘ngimizda qaytadan namoyon bo‘ladi. Tarix haqiqatini ham shunga o‘xshatish mumkin. Uni soxtalashtirish hech kimning qo‘lidan kelgan emas. Xalqimiz topib aytganidek. «Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi». Hech qachon!

Rus zobiti, chorizmning mustamlakachilik siyosatini Sharqda qon va qilich bilan joriy qilgan dahshatli generallardan biri Mixail Dmitrievich Skobelev haqida maqola yozarman deb sira o‘ylamagan edim. Sababi, davr allaqachon uning faoliyatiga baho bergan, o‘z shafqatsiz hukmini chiqarib qo‘ygandi. Inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq faqat chor generali Skobelevgina emas, uning hamtovoqlari —«yarim poshsho» Kaufmanlar, general-gubernator Kuropatkinlar, jallod Golovachevlar va boshqa zobitlar mehnatkash xalq g‘azabiga uchragani hammaga ma’lum. 20—30-yillarda bosilib chiqqan vaqtli matbuotdagi turli maqolalarda hamda tarixiy asarlarda chor zobitlarining bosqinchilik yurishlari, Turkiston xalqlarini qanchalik shafqatsizlik bilan qirib, qon qaqshatgani, talagani haqida ko‘plab yozilgan edi. Ayniqsa, Ulug‘ Vatan urushidan keyin bosilib chiqqan ikki jildli «O‘zbekiston xalqlari tarixi» asarining ikkinchi kitobidagi (Toshkent, O‘zFAN, 1947 y.) akademik Baxrushin tomonidan yozilgan boblarda chorizmning mustamlakachilik siyosati ko‘pdan-ko‘p hujjatlar, dalillar asosida fosh etilgandi. Bu ulkan tadqiqotni o‘qigan kishi yuqoridagi muammoga butunlay nuqta qo‘yilgan, degan xulosaga kelishi tabiiy. Ammo, yo‘q, yanglishgan ekanmiz. Tarix axlatxonasini titkilab, yangi «kashfiyotlar» topishga o‘ch «shinavanda»lar hali yo‘qolmagan ekan.

Bir vaqtlar — 60-yillarning oxirlarida Samarqand shahrida qurbon bo‘lgan chor askarlari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik qarovsiz qolib, yemirilib ketyapti, shoshilinch yordam kerak, degan mazmundagi xitob viloyatda chiqadigan ruscha gazetada bosilgani esimda. Shunda hamma g‘azablangan edi. Ko‘hna shahar — qadimiy poytaxtimiz Samarqanddagi buyuk obidalarni to‘pga tutib vayron qilgan, tinch aholini shafqatsizlik bilan qirgan (bu haqda boshqa bir o‘rinda batafsil gapirish niyatidamiz) mustamlaka qo‘shinlari xotirasini e’zozlash haqidagi gapning sovet matbuotida bosilishida katta mantiqsizlik bor edi. Axir biz chorizmni ag‘darib tashlagan va eski dunyo himoyachilarining hammasini bitta qo‘ymay qirib tashlashga ahd qilgan avlod farzandlarimiz-ku! Men bu gapni juda faxrlanib aytayotganim yo‘q, ammo, aslida tarix haqiqati shunday bo‘ldi-ku! Xo‘sh, podsho yomon, mehnatkash xalqning dushmani ekan, uning siyosatini qadam-baqadam amalga oshirib, zulm saltanatini himoya qilgan, boshqa xalqlarni kuch bilan, zo‘rlik bilan o‘ziga bo‘ysundirgan chor armiyasi-yu, uning mustamlakachi amaldorlari, qonxo‘r zobitlari yaxshi bo‘lib qoldimi?!

Keyinroq Bulg‘oriyaning usmonli turklar istibdodidan ozod bo‘lgan kunga 100 yil to‘lishi munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilayotgan kunlarda general M. D. Skobelev nomi yana markaziy matbuot sahifalarida ko‘rina boshladi. Uning mardligi, jasoratlari-yu, xizmatlari nohaq unutilib, kamsitilayotgani haqida nolib yozishdi. Ammo bu gal ham hushyor fikrli kishilar adolat tarozisini ushlab qoldilar. Sog‘lom mantiq ustun chiqdi: Skobelev singari zobitlarning faoliyatiga baho berganda bir tomonga og‘ib ketmaslik lozimligi, uning bulg‘or xalqini ozod qilishdagi jasoratlari qanchalik ulug‘lansa, Turkistondagi, ayniqsa, Qo‘qon xonligida, Turkmanistonda qilgan qonli qirg‘inlari shunchalik qoralanishga sazovor ekanligi alohida ta’kidlandi. Zero, adolat talabi shuni taqozo etadi.

Ammo, afsuski, allaqachon yechimini topgan bu masala, hech qanday zarurat bo‘lmagan holda, «Zvezda Vostoka» oynomasida (1990 yil, 3-son) bosilgan moskvalik tarixchi M. Popovning «Ak pashsha — belыy general» maqolasida qayta ko‘tarildi. Qizig‘i shundaki, bu maqolada general Skobelev rus xalqining fidoyi farzandi, uning iftixori, faxri-g‘ururiga aylangan shavkatli qahramon deb zo‘r berib ta’rif-tavsif etiladi, unga boshdan-oyoq madhu sano o‘qiladi-yu, loaqal biron-bir joyda u to‘kkan behisob qonlar, yovuzliklar tilga olinmaydi ham. Axir bu ochiqdan-ochiq biryoqlamalik, tarafkashlik, qolaversa, o‘sha mudhish yillarda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan mahalliy xalqlar — o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar, qozoqlarning hozirgi avlodlarini kamsitish, haqorat qilish emasmi? Xalqimizda: «Onangni o‘ynashi qozi bo‘lsa, dardingni kimga aytasan?»—degan o‘tkir naql bor. Nahotki hamon shunday bo‘lsa — adolat toptalib, yolg‘on gaplaru razolat tantana qilib qolaversa?! Yo‘q, unday emas! Hozir boshqacha zamon. Tarixga xolis baho beradigan mutaxassislar, hayriyatki, oramizda bor. Keyingi paytlarda mazmundor she’rlari va tarixiy mavzudagi maqolalari bilan matbuotda tez-tez chiqayotgan taniqli shoir Xurshid Davron «Bosqinchilik qahramonlik bo‘ldimi?» degan maqolasida general Skobelevning haqiqiy basharasini ochib tashladi. Ehtiros va chuqur mantiq bilan sug‘orilgan bu maqolada chor bosqinchilarining kirdikorlari hamda boyagi «qahramon» generalning uyushtirgan qirg‘inlari turli dalillar, hujjatlar asosida ancha keng bayon etildi. Muallif ma’lum darajada Skobelevning istilochilik faoliyatiga yoki boshqacha aytsak, tarixiy «xizmat»lariga to‘g‘ri baho berishga muvaffaq bo‘ladi.

Elliginchi yillarning o‘rtasidan boshlab bu mavzuga faqat bir tomonlama yondashib, uning «progressiv ahamiyati»ni ko‘rsatishga butun ijtimoiy fanlar safarbar qilingani ma’lum. Oqibatda chor bosqinchilarining yovuzliklari deyarli gapirilmadi, chet eldagi xolis tadqiqotlar esa yo qoralandi, yo butunlay chetlab o‘tildi. Ana shu sharoitda Xurshid Davronning matbuotdagi dadil chiqishi hamda professor Hamid Ziyaevning «Sharq yulduzi» oynomasida bosilgan «Chorizm bosqini» (1990 y., 7-son) nomli yirik maqolasi chinakam jasorat namunasi bo‘ldi. Qayta qurish ruhi bilan sug‘orilgan bu mazmundor maqolalar mazkur mavzuni yoritish yo‘lidagi ilk qadamlar hisoblanadi. Ammo ular qalin pardaning bir tomonini xiyol ko‘tardilar, xolos. Rus bosqinining dahshatli manzaralarini to‘la ko‘rsatish uchun esa hali o‘nlab yirik tadqiqotlar, kitoblar yozilishi zarur. Ayniqsa, men Moskva kutubxonalarida bir oz muddat ishlab, turli materiallar va hujjatlar bilan tanishgach, buni chuqur his etdim. Birgina general Skobelev haqida madhu sanodan iborat o‘nlab kitoblar yozilgan ekan. Ularning anchaginasi badiiy asarlardan iborat bo‘lib, qayta-qayta nashr etilgan. Maqsad xalq ongiga mazkur generalning «buyuk»ligi, «qahramon»ligini to‘xtovsiz singdirib borishga qaratilgan. Chorizm targ‘iboti harqalay bu vazifani «halol» bajargan ekan. Tarix allaqachon rad etgan bu «kitob»larning nomi va mualliflari bilan tanishing: Abaza K. K. «Oq» general (oqposhsho) Mixail Dmitrievich Skobelev. Sankt-Peterburg, 1905; Artomonov L. K. 1880—1881 yillarda general Skobelev qo‘mondonligi ostida rus qo‘shinlari tomonidan taka-turkmanlarning tor-mor etilishi, 3-nashri, Spb., 1898; Adam Juletta, General Skobelev, Spb., 1886; Artsishevskiy A. F. General Skobelevning 1880—1881 yillarda Axaltakada bo‘lishi. (Qahramon-daho vafotining bir yilligi munosabati bilan). Tiflis, 1883; «Oq general». Povest, M., 1899; «Oq» general. Askarlarning M. D. Skobelevga hamda rus-turk urushiga bag‘ishlangan jangovar qo‘shiq va she’rlar to‘plami. M., 1912; «Rus xalqining qahramoni — oq general M. D. Skobelev». 4-nashri, Spb., 1898, Grinev S. A. M. D. Skobelev, Kiev, 1894; Krasnitskiy A. I. Oq general. General M. D. Skobelev hayotiga doir. Povest-xronika, Spb., 1904; V. I. Nemirovich-Danchenko. Oq bahodir. M., 1912; Strusevich A. P. XIX asr qahramonlaridan biri. Ommabop ocherk. Spb., 1899 va hokazo.

Chor maddohlari biri olib, biri qo‘yib Skobelevni osmonu falakka ko‘taradilar. Biri uni afsonaviy qahramon sifatida ulug‘lasa, ikkinchisi Napoleonga tenglashtiradi. Sababi, u chor hukumati manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilgan edi-da! Istilochi rus generali fon Kaufmanning bevosita rahbarligida birgina Turkistonning o‘zida 5.380 kvadrat mil territoriya bosib olinib, Rossiya ixtiyoriga o‘tkazilgan. Bu yerlar Qo‘qon, Buxoro, Xiva xonliklari hududidan tortib olingan. Ana shu zo‘ravonlik siyosatini amalga oshirishda qilichidan qon tomgan Skobelev goh Qo‘qon, Farg‘ona qishloqlarini yondirib, goh turkman ovullarini yer bilan yakson qilib, qurolsiz aholini qirish hisobiga nom chiqargani ma’lum. Uning bu xizmatlariga olqish yog‘dirgan rus shovinistlari o‘sha davrda ham chor hukumati mislsiz adolatsizlik qilayotgani, o‘zga mamlakatlar hududiga bostirib kirib, begunoh odamlarni qirib o‘ldirib, zo‘ravonlik qilayotgani haqida lom-mim demaganlar. Bosib olingan yerlardan oqib kelayotgan behisob boylik, tekin daromad cho‘ntakka tushib turgandan keyin qalam ham shunga yarasha yo‘rg‘alaydi-da! Shuning uchun bu maddoh yozuvchilardan boshqa narsa kutib bo‘lmaydi.

Xo‘sh, o‘tmishda-ku bu qahramon daho shunchalik madh etilgan ekan, keyingi yillarda u qanday baholandi? Bu borada M. Popov yolg‘iz emasdir? Mana shu xususda bosh qotirib, o‘ylab yurganimda yangi bir kitobga duch kelib qoldim. Ungacha Xurshid Davron yozgan maqola yetarli bo‘ldi, endi bu mavzuga qaytishga hojat yo‘q degan to‘xtamga kelgan edim. Chor-nochor qalam olishga majbur bo‘ldim. «Daho»ning faoliyati juda keng va rang-barang. Shuning uchun «oq» generalning faqat Turkistondagi harbiy harakatlariga to‘xtalib, ayrim mulohazalarim bilan o‘rtoqlashishga urinib ko‘raman.

Ma’lumki, Skobelev Turkistonda dastlab fon Kaufman qo‘l ostida xizmat qilib, Qo‘qon xonligini qonga botirgan edi. Keyinchalik u ana shu xizmatlari evaziga podshoh marhamatiga sazovor bo‘lib, vodiy gubernatorligini qo‘lga kiritadi. Uning mustaqil rahbarlik faoliyati 1880—1881 yillarda Axaltaka ekspeditsiyasi bilan bog‘liq. Zolim general Ko‘ktepa qal’asi himoyachilarini ayovsiz qirib tashlagani tarixiy hujjatlarda qayd etilgan. Bu shafqatsizliklar hatto xorijdagi olimlar tomonidan batafsil yozilgan, fosh etilgan. Eng muhimi, inqilobga qadar o‘z asarlari va xotiralarini e’lon qilgan rus harbiy zobitlari bu yovuzliklar haqida batafsil ma’lumot berganlar. Yovuzlikdan bezor bo‘lgan turkman xalqi bu generalga «ko‘zi qonli» deb laqab bergan. Ana shu asarlarni birgalashib kuzatsak, Turkistonning zabt etilishi manzaralari ham, rus zobitlarining chinakam qiyofasi ham ma’lum darajada ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Rus chorizmi manfaatlarini tish-tirnog‘i bilan himoya qilgan M. D. Skobelevning Turkistondagi har bir qadamidan qon hidi kelib turadi. Ammo bu zot ko‘hna Osiyo bag‘riga kelguncha ham farishta emas edi. Uning harbiy faoliyati zulmga qarshi bosh ko‘targan polyak vatanparvarlari isyonini qonga botirishdan (1864) boshlangan. Bu «xizmati» uchun u 4-darajali muqaddas Anna nishoni bilan taqdirlandi. O‘zini tezroq ko‘rsatish, shon-shuhrat orttirish talvasasi ayniqsa Xiva yurishi (1873) davrida avj oladi. U Xiva yurishi boshlanishidan oldin o‘rtoqlariga «Bu gal albatta Georgiy kresti olaman!» deb maqtangan edi. Rus qo‘shini Amudaryodan o‘tib, xonlikning yirik shahar va qishloqlarini birma-bir zabt eta boradi. Qarshilik ko‘rsatgan Xo‘jayli shahri va Mang‘it qishlog‘i kultepaga aylantiriladi. Janglarda ruslardan bir kapitan, sakkiz askar o‘lgani, o‘n kishi turli darajada jarohatlangani qayd etilgan. «Dushman nihoyatda katta talafot ko‘rdi» — deb yozilgan rus qarorgohi hujjatlarida.

Qiyot shahrida 10.000 ga yaqin Xiva qo‘shini parokandalikka uchraydi. Ruslar hech qanday talafot ko‘rmagan. Xivaliklardan qanchasi o‘lgani noma’lum. Ammo I. V. Kaznachevning «General-ad’yutant M. D. Skobelev» (Petrograd, 1916) kitobida yozilishicha, «tevarak-atrof murdaga to‘lib ketgan edi» (19-bet). Xiva yaqinidagi yana bir to‘qnashuvda musulmonlardan 400—500 ga yaqin odam qurbon bo‘lgani aytiladi.

Xiva xoni Muhammad Rahimxon general Kaufmanga chopar yo‘llab, taslim bo‘lganini bildirgach, harbiy harakatlar to‘xtatiladi. Shunga qaramay, polkovnik Skobelev va graf Shuvalov boshchiligida mingga yaqin rus qo‘shini Shoxobod darvozasini portlatib yo‘lda duch kelgan odamni qirib, xon o‘rdasiga bostirib boradilar. Zobitlarning maqsadi ko‘proq o‘lja va yuqori martaba, nishon olish edi. Ammo general Kaufman bu «zafarli hujum»ni qattiq qoralagani va o‘zboshimcha harbiylarga, ayniqsa, o‘zini qo‘yishga joy topolmay qolgan Skobelevga jiddiy tanbeh berishga majbur bo‘lgani ma’lum. Sharmanda bo‘lgan yosh zobit ahvolini o‘nglash uchun boshqa qaltis ishga qo‘l uradi. Hali rus qo‘shini qadami yetmagan noma’lum sahro yo‘llarini aniqlab, xaritaga tushirib keladi. Bu harakat Kaufmanga ham ma’qul bo‘ladi, albatta. Ammo bu qari tullak yosh zobit taltayib ketishini xohlamasdi. Shuning uchun u quruqqina qilib: «Siz ko‘z o‘ngimda avvalgi xatongizni to‘g‘riladingiz, lekin hali hurmatimni qozonganingiz yo‘q!»— degan edi. Bularning hammasi xotiralar va ilmiy kitoblarda batafsil yozilgan. Birgina misol: «...Poytaxtning taslim bo‘lganiga doir muzokaralar olib borilayotgan paytda Orenburg otryadi tomonida to‘p ovozlari gumburlab qoldi. Xivadan chopar kelib, ruslar yana jang boshlaganini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Skobelev Shoxobod darvozasidan yorib kirgan ekan. Bu o‘zboshimchalik tufayli Skobelevni uzoq vaqtlargacha kechirmay yurishdi. Hatto Vereshchagin ham Skobelevning bu qilmishini qoralab yozgan edi». (N. N. Knorring. «General M. D. Skobelev. Tarixiy etyudlar. Parij, 1939, 30-bet).

Qo‘qon xonligiga qarshi yurish general Skobelev hayotidagi eng qora sahifalarni tashkil etadi. Chorizm manfaati nuqtai nazaridan esa bu kunlar «oq poshsho»ning eng zafarli damlari sanalsa ajab emas. Shuning uchun ham 1896 yilda Sankt-Peterburgda bosilgan katta qomusda (17-jild, 480-bet) «Qo‘qon xonligini zabt etish chog‘ida (1876) uning (Skobelevning — O. A.) yuksak harbiy salohiyati yuqori darajada namoyon bo‘ldi»,— deb yozilgan edi. I. A. Kaznachevning aytib o‘tilgan kitobida esa general M. D. Skobelev «Xiva, Mahram, Andijon, Qo‘qon, Lovchi, Yashil tog‘, Sheynov (keyingi uchtasi Bulg‘oriyada — O. A.) hamda Ko‘ktepa janglarining qahramoni» sifatida ta’riflanadi. (7-bet). Ammo bu janglar tarixi bilan tanishsangiz, tish-tirnog‘igacha zamonaviy yarog‘-aslaha bilan qurollangan chor qo‘shini har doim pilta miltiq, qilich va nayza tutgan tartibsiz olomon bilan olishganini ko‘rasiz. Jang natijasi ham shunga yarasha. Jangovar miltiq va zambaraklar oldida qilich bilan nima qilish mumkin? Ular loaqal biron marta jiddiy harbiy qarshilikka duch kelishmagan. Shu tufayli Skobelevga o‘xshagan zobitlarning «yuksak harbiy zakovati-yu», mislsiz «jasorati» haqidagi uydirmalar hatto o‘z davrida ham chinakam Ovrupocha ta’lim olgan va jang ko‘rgan rus generallarining ensasini qotirib kelgan. Ayniqsa, Bulg‘oriyadagi rus-turk savashlari chog‘ida unga xushlamay qaragan, mensimagan zobitlar ko‘p bo‘lgan. Buni, ba’zan, 34 yoshli navqiron generalning muvaffaqiyatlarini ko‘rolmaslik, hasad deb talqin etganlar. Bo‘lsa bordir. Ammo ilg‘or fikrli zobitlar Turkistondagi harbiy harakatlar qay yo‘sinda kechganini yaxshi bilishar va Skobelev yengil shon-shuhrat qozonganidan batafsil xabardor edilar. U Bulg‘oriyaga qo‘mondon bo‘lib kelguncha Qo‘qon xonligini qonga botirib ulgurgan edi. Maqtanchoq generalning o‘zi chinakam urush dahshatini Bulg‘oriyada his qilganini do‘stlaridan biriga yozgan maktubida ochiq tan oladi: «Bir pud yoki undan og‘ir snaryadlar mendan 30 qadam narida portlar edi. Taassurotlar nihoyatda og‘ir, asablar zo‘rg‘a dosh beradi» (N. N. Knorring. Yuqoridagi asar, 77-bet). Bu izhori dil ham bizga ko‘p narsalarni oydinlashtirib beradi.

Aslini olganda, Qo‘qon xonligi bilan Rossiya orasida jiddiy harbiy to‘qnashuv bo‘lgan ham emas. Ayyor Kaufman u yerdagi ishlarni o‘ta ziyraklik bilan kuzatib, xalq qo‘zg‘olonlari hamda Qo‘qon va Buxoro o‘rtasidagi ziddiyatlardan ustalik bilan foydalangan. Oqibatda rus qo‘shini birin-ketin ko‘hna shaharlarni zabt eta borgan. 1866 yilda Xo‘jand, O‘ratepa, Jizzax qo‘lga olinadi. Taqdir hazilini qarangki, Xo‘jand ishg‘ol qilingandan keyin Xudoyorxon general Romanovskiyga elchi yuborib, uni g‘alaba bilan tabriklaydi. Rus zobitlari bu haqda istehzo bilan yozishgan. Sababi, Xo‘jand Buxoro xonligiga emas, Qo‘qonga tobe shahar edi! Uyga tushgan o‘g‘rini haydab chiqarish o‘rniga boshini silash hatto Afandining ham tushiga kirmagan bo‘lsa kerak. Bu haqda I. A. Terentevning «O‘rta Osiyoning zabt etilishi» asaridan (1-jild, 327-bet batafsil ma’lum olishingiz mumkin).

1868 yilda ruslar Samarqand va Qattaqo‘rg‘onni ishg‘ol etishadi. Qo‘qon xonligidagi fidoyi kishilar «Yer yuzining sayqali» bo‘lgan ko‘hna shaharni qaytarib olish uchun ruslarga qarshi jangga otlanishni talab qiladilar. G‘azablangan xalq oyoqqa turadi, ammo xon bu tashabbusni ma’qullamaydi. Aksincha, tabrik yorlig‘i bilan Hakimxon to‘rani rus qarorgohiga elchi qilib yuboradi. Mazkur elchi, ya’ni Hakimxon keyinchalik haqiqiy statskiy sovetnik unvoni bilan taqdirlanadi va Umidov familiyasini qabul etib, rus fuqaroligiga o‘tadi. Chor hukumati uni javohirlar qadalgan 2-darajali Anna nishoni bilan mukofotlaydi, xon esa javohir yulduz bilan ziynatlangan 1-darajali Stanislav nishoniga sazovor bo‘ladi. Bunday iltifotlardan erib ketgan xon Kaufmanga yozgan ilk maktublaridan birida (1868 yil, 29 yanvar) «ulug‘ rus podshohi bizga qo‘shni davlatlarda xon va xalq o‘rtasida nizo chiqishiga yo‘l qo‘ymasligiga ishonchimiz komil» deb yaltoqlangan edi. U chor hukumatiga sadoqat ramzi sifatida Qo‘qonga qochib kelgan shahrisabzlik jangovar beklar — Jo‘rabek va Bobobekni (oddiy mehmondo‘stlik an’analariga zid ravishda) tutib berishdan ham or qilmaydi. Xolbuki, o‘z kuchlarini takomillashtirish va qo‘shni davlatlardan madad olib, chegarani mustahkamlash lozim edi. Mazkur beklarning boy tajribasi, jangovar tabiati unga asqotishi mumkin edi. Buning o‘rniga xon Rossiyaga boshqa sohalarda ham yordam ko‘rsatib borgan. Bu haqda hatto rus zobitlari katta hayrat bilan qalam surishadi: «1871 yilda hosil bitmagani tufayli donning bahosi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilib ketdi, xon bizga bug‘doy yetkazib berib turdi va 1871 yilning yozida va 1872 yil davomida Qo‘qon chegarasiga tutash yerlarga joylashgan qo‘shinlarimizni g‘alla bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oldi» (Terentev, yuqoridagi kitob, 329-6.)

Xo‘sh, chor qo‘shini bunday g‘amxo‘rlik, yaxshilik evaziga nima berdi? Qulay imkoniyat (to‘g‘rirog‘i, bunday bahona ko‘pdan kutilmoqda edi) tug‘ilishi bilanoq xonlikni larzaga solgan xalq qo‘zg‘olonlarini bostirish niqobi ostida Qo‘qon hududiga bostirib kirib bordi. Kaltabin hukmdorlar bu siyosiy nayrang ekanini, saltanatning sanoqli kunlari qolganini xayoliga ham keltirishmagan. Rossiya esa xonlikni bosib olish uchun ko‘pdan qulay payt poylab kelar edi. Harbiy vazir D. A. Milyutinning «Kundaliklari»da (1-jild, M., 1947) bu haqda bir qator ma’lumotlar mavjud.

Rus imperiyasi uchun katta xizmatlar qilgan bu vazir Turkistonni to‘la zabt etish tarafdori (Tashqi ishlar vaziri M. A. Gorchakov bu harakatlarga qarshi bo‘lgan) va tashabbuskori edi. U ko‘pgina davlat sirlari, podshoh hamda boshqa yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan qilingan suhbatlar, mamlakatning tashqi ahvoli haqidagi mulohazalari, kuzatuvlarini batafsil yozib borgan. Uning qayd etishicha, rus imperatori Aleksandr II ham Sharqdagi harbiy yurishlarni hamisha ma’qullab, rag‘batlantirib kelgan ekan. «Kundalik»ning 1874 yilgi sahifalarida o‘qiymiz: «8 avgust. Juma. Qo‘qonliklar o‘z xonlari (Xudoyor)ga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targani haqida telegramma olindi, general Kaufman otryadni shaylamoqda (harbiy harakatlarning bo‘lishi muqarrarga o‘xshaydi). 18 avgust. Dushanba. Moskva. Ertalab Moskvaga kirish arafasida (suhbat poezdda ro‘y bermokda — O. A.) men vagonda ancha uzun doklad bilan murojaat qildim va gap orasida hukmdorga Klinda olingan general Kaufmanning telegrammasini ham o‘qib berdim. U bizning tasarrufimizdagi yerlarga bostirib kirgan qo‘qonlik beboshlar hamma joyda mag‘lubiyatga uchragani va otryadlarimiz ularni Qo‘qon hududiga ta’qib etib borayotgani haqida xabar bergandi. Kaufman yana bu ta’qib Qo‘qon xonligini zabt etish bilan nihoyasiga yetadi deb qo‘shib qo‘ygan va shuning uchun qo‘shimcha madad kuchlari yuborishni so‘ragan edi. Ish nihoyatda jiddiy — Osiyodagi siyosatimizda yangi chigalliklar yuzaga kelib, Angliyadagi baqiroqlarga yana xudo beradigan ko‘rinadi!

Hukmdor bu xabarlarni avvaldan kutilgan, ro‘y berishi zarur holat sifatida xotirjam tingladi va (zarracha) ikkilanmay, Turkiston o‘lkasiga qo‘shin jo‘natish uchun tayyorgarlik ko‘rishga ijozat berdi. Qarangki, Qo‘qon xonligini imperiya tarkibiga kiritish masalasi atigi besh minut ichida, hech qanday muhokama qilib ham o‘tirmay, hal etildi-qo‘yildi» (214—216-betlar).

Bu muammo imperator hazratlari doirasida ana shu tarzda nihoyasiga yetib, pishib bo‘lgan chog‘da Xudoyorxon va uning valiahdi Nasriddinlar, boshqa saroy a’yonlari va sarkardalar o‘z ayshu ishratlari bilan mashg‘ul edilar. Ishonchli qo‘shnimiz isyonchilarning adabini berib qo‘yadi. Ularning soyasida yana xotirjam hukm yuritib, davru davron suraveramiz degan ishonch hokim edi bu kaltabin odamlarda. Mamlakat sarhadlarini qo‘riqlagan sarbozlarni harb ilmiga tayyorlash, yangi zamonaviy qurollar sotib olish va ularni qo‘llash hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Ana shu xotirjamlik juda qimmatga tushdi — asrlardan beri ozod, erkin yashab kelayotgan ma’mur o‘lka qullik, tutqunlik iskanjasida qoldi. «Ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga» degan maqolni unutgan xalq va hukmdorning nasibasi shu bo‘lsa, ne ajab!

Tarixning taqozosini qarangki, Qo‘qon xoni o‘z kuni bitayotganini sezmay, Rossiya bilan «yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlar»-u, savdo aloqalaridan boshqa narsani o‘ylamagan, Toshkentning zabt etilishi, Xiva va Buxoro xonligidagi inqirozlar ham bu mag‘rur, maqtanchoq, izzattalab, kalondimog‘ amaldorlarning ko‘zini moshdek ochib qo‘ymagani g‘oyat achinarlidir.

O‘z vahshiy kuchlarini qo‘yishga joy topolmasdan shon-shuhrat orzusida yuragi kuyib yurgan M. D. Skobelevga o‘xshaganlarning kuni tug‘di. Chor qo‘shinlarining Qo‘qon xonligi hududidagi xatti-harakatlari bugun tarix mulkiga aylangan. Ularni kuzatib borish garchi ko‘ngilni vayron etsa-da, g‘oyat xayrlidir. Bu ishning boshida bevosita Skobelev turgani uchun uning «tarixiy xizmat»lari va «shavkatli qahramonliklari»ni bilib olsak, hadeb afsona to‘qishlarga o‘z-o‘zidan chek qo‘yiladi...

Qo‘qon xonligiga bostirib qirgan rus qo‘shinlarining soni 16 rota, 20 zambarak, 8 raketa uskunasi va 8 suvoriy yuzlik bo‘linmadan iborat bo‘lgan. Skobelev suvoriylar boshlig‘i etib tayinlangan. Kichik to‘qnashuvlarni hisobga olmaganda, poytaxt yo‘lidagi birinchi katta jang Mahram qal’asida bo‘lib o‘tadi. Bu qal’ada 60.000 atrofida sarboz bor edi. (Ba’zi manbalarda 30.000 va 50.000 raqami qayd etiladi). Qal’a devori pishiq, mustahkam ekanligiga qaramay, u bor-yo‘g‘i chorak soatda taslim bo‘ladi. Qochganlarni ayovsiz ta’qib qilib qirib borishgan. Yana bir sharmandali, noxush holat: allaqachon rus fuqaroligini qabul qilib chor zobitiga aylangan Bobobek va Jo‘rabeklar jangda qatnashib, o‘z «mahorat»larini namoyish etib ulguradilar. «Mahramda kazaklarning jangovar hujumi paytida Shahrisabzning ikki sobiq begi Jo‘rabek va Bobobek hamda qo‘shtutlik sobiq bek Saidbeklar o‘zlarini ko‘rsatish uchun ko‘p jonbozlik qildilar»,— deb yozilgan edi bu haqda «Voennыy sbornik» oynomasida (1876, 2-son, 193-bet).

Qal’a zambarak o‘qlari ostida 10 minutda vayron bo‘ladi. Jang qanday o‘tgani va qancha odam nobud bo‘lgani haqida yaxshisi guvohlar va hujjatlar tili bilan gapirgan ma’qul.

«Mahram atrofida dushman (o‘zbeklar — O. A.) qancha talafot ko‘rganini aniq raqamlarda ifodalash qiyin. To‘siqlar orqasida va Mahram qal’asi ichida 100 dan ortiq murda topilib, dafn etildi. Mahram orqasidagi maydonda kazaklarning qilichi bilan chopilgan 1000 dan ortiq murdani otryaddagi yigitlar yig‘ishtirib olishib, ko‘mishdi; general fon Kaufmanning qo‘riqchi bo‘linmasi daryo yoqalab qochayotganlarni quvib, 100 kishini qilichdan o‘tkazdi. Tog‘dan tushib kelib otryadlarimizga hujum qilgan chavandozlar ham ko‘p qurbon berishdi. Ulardan qanchasi o‘lib, qanchasi yarador bo‘lgani noma’lum. Juda ko‘p qo‘qonliklar Sirdaryoga cho‘kib ketdi. Ochig‘ini aytganda, shafqatsiz qirg‘in ro‘y berdi, chegaramizni buzishga jur’at etib, yerlarimizga bostirib kirishgani va bizga tobe odamlarning osoyishtaligini buzgani uchun munosib intiqom olindi». (A. Serebrennikov, 1875 yilda qo‘qonliklarga qarshi harbiy harakatlar). (Rasmiy ma’lumotlar asosida). «Voennыy sbornik», 1876, 2-son, 194—195-betlar).

«Raimxo‘janing hikoya qilishicha, Mahramni olish chog‘ida general Kaufman o‘zini juda xotirjam tutgan. Rus qarorgohi yaqiniga o‘qlar uchib kelib, to‘p o‘qlari yorilib, bir askar va bir yigit yarador bo‘lgan. Shundan keyingina Kaufman general Golovachevga qal’ani to‘pga tutishni buyurgan. Ikki zambarak qulay marrani egallab, yaqin masofadan qal’ani yakson qilishga kirishadi. O‘n minutdan keyin qal’a vayron bo‘ldi va rus askarlari hujumga o‘tdi. Yerlilarning juda ko‘pi o‘ldirildi, qo‘rquvdan o‘zini daryoga tashlab g‘arq bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Hujum tamom bo‘lib hammayoq tinchigandan keyin nihoyatda dimog‘i chog‘ Kaufman Raimxo‘janing oldiga kelib: «Rus askarlari qanday urushar ekan?»— deb so‘radi. «Yaxshi urishdilar, a’lo hazratlari»,— deb javob berdi Raimxo‘ja. General Kaufman bunga javoban: «Xudo xohlasa, butun Farg‘onani mana shunday jangovar harakatlar bilan bo‘ysundiramiz va qo‘shib olamiz»,— deb aytdi». («Konstantin Petrovich fonKaufman — Turkiston o‘lkasining bunyodkori». N. Ostroumovning shaxsiy xotiralari, 1877—1881 yillar. Toshkent, 1899, 211-bet).

Skobelevning ma’lumotnomasiga ko‘ra, jang maydonidan 2000 salla yig‘ib olingan; Vereshchagin buni ikkiga bo‘ladi, ammo «jang chakki bo‘lmadi» deb qo‘shib qo‘ydi». (M. D. Skobelev. Spb., 1894, 17-bet).

«Biz 39 zambarak (daryoga tushib ketgan to‘p bu hisobga kirmaydi), 1500 miltiq, behisob nayza, qilich, cho‘qmor, 50 dan ortiq tug‘, bayroq, nishonlarni o‘lja qilib oldik. Qal’ada o‘q-dori, snaryadlar va qo‘rg‘oshin hamda 1910 pud un, 837 pud guruch, 320 pud jo‘xori saqlanayotgan katta omborxonalar topildi, 224 ta ot qo‘lga olindi.

Ko‘rgan talafotimiz: 6 kishi o‘ldirildi (1 qarorgoh zobiti, 4 oddiy askar va bir yigit), 8 kishi yarador (bir qarorgoh zobiti va 7 quyi amaldagilar) bo‘ldi. Dushman talafotini 1200 kishi deyish mumkin.149 zambarak o‘qi, 29 raketa va 9.387 patron ishlatildi.

Jangdan keyin Kaufman Toshkent orqali Oliy hazrat janobi oliylari nomiga g‘alaba, qo‘lga tushgan o‘ljalar va qurbonlar soni ma’lum qilingan telegramma yubordi: «... dushman to‘la mag‘lub etildi; uning xonlik aholisiga ta’siri nihoyatda katta bo‘ldi, ammo Mahram jangining oqibatlari haqida oldindan bir narsa deyish qiyin. Xo‘janddan kutilayotgan qo‘shimcha ulov kelishi bilan Qo‘qon sari harakatni davom ettiraman. Sizga tobe ulug‘ imperator qo‘shinlari o‘z shuhratiga munosib mardona jang qildi. Vazifa a’lo darajada bajarildi» (I. A. Terentev. «O‘rta Osiyoning zabt etilishi tarixi», 2-jild, 358-bet).

Bu — birinchi yirik to‘qnashuvning ayrim tafsilotlari. Tish-tirnog‘igacha qurollangan rus armiyasi va ibtidoiy pilta miltiq tutgan, qilichu nayza ushlagan tartibsiz olomon yuzma-yuz olishgan. Qurbonlar sonini ko‘rganda vujudimiz larzaga tushadi. Bu — munosib raqiblar jangi emas, rasmana shafqatsiz qirg‘in edi! Skobelev ana shu Mahram jangining «qahramoni» degan sharmandali nomni ko‘tarib yurishdan or qilmagan. Rahm-shafqat nimaligini bilmaydigan qonxo‘r kazaklarni jangga boshlab kirgan «oq general» deyarli qurolsiz olomonni o‘n besh chaqirimgacha quvib borib, bearmon qirgan. Maddoh qasidanavislar bu savashda Skobelev boshdan-oxirigacha qatnashgani-yu, boldiridan yaralangani haqida og‘iz ko‘pirtirib yozishadi.

Mazkur jang tafsilotlari haqida o‘ylaganimda meni boshqa narsa qattiq qiynaydi. Yuqorida tilga olingan Raimxo‘ja shafqatsiz kazaklar qilichi bilan o‘zbeklarni nimtalab qonini to‘kayotganiga, moldek qirayotganiga qanday qilib indamay qarab tura oldi ekan? Bir vaqtlar yurtning faxri va iftixori bo‘lib yurgan Jo‘rabek va Bobobeklar o‘z xalqiga qarshi qilich ko‘tarishga qanday jur’at etdi ekan? Ularning ta’masi, muddaosi nima edi? Yurt taqdiri, xalqning hayot-mamoti hal etilayotgan paytda yov safida turib, unga madad berish, o‘z odamlarini o‘ldirish... «O‘zingdan chiqqan yov yomon» deb shuni aytishadi-da!

Keyingi janglar ham ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan dahshatlarga to‘la. Ularning tafsiloti bilan tanishganing sari biridan-biri mudhish savollar qarshisida qiynalib ketasan. Og‘ir o‘ylar odamni o‘rtab yuboradi. «Isyon»ni bostirishu, «tartib va adolat» o‘rnatish uchun o‘zga mamlakat hududiga kirgan bu shafqatsiz to‘da nega begunoh xalqni bu qadar qonga botirgan? Bunday qattiqo‘l, yovuz siyosat yurgizish uchun uning biron-bir ma’naviy haq-huquqi bor edimi? Butun-butun qishloqlarni yoqish, yondirish, kultepaga aylantirish yo‘li bilan intizom o‘rnatiladimi?! Axir butun bir xalq, butun bir yurt boshdan-oyoq isyonchiga aylanmaydi-ku! E’tibor bergan bo‘lsangiz, chor qo‘shini «isyonchiilarni emas, aksincha, so‘rab-surishtirib o‘tirmay, butun boshli tinch aholini qirish bilan shug‘ullangan. Bu yovuzlik esa quyidan tortib, eng yuqori rahbarlar va hukmdorlar tomonidan rag‘batlantirib turilgan. Bunday dahshatli qatli-omni oqlab bo‘ladimi? «Yarim yovvoyi osiyoliklarni» «madaniylashtirish» usuli-yu, Rossiyaning Sharqdagi ijobiy xizmatlari deb atash mumkinmi buni?! Zamona zo‘rniki bo‘lgandan keyin dodingni kimga aytasan?!

Yana eng ayanchlisi, yurtni boshqarishi, o‘z xalqini asrab-avaylashi lozim bo‘lgan xonlar va yuqori mansabdagi boshqa amaldorlar, to‘ralar bu adolatsizlikka, yovuzlikka chidab, bemalol tomoshabin bo‘lib qarab o‘tirishganiga nima deyish mumkin?! Xalqiga xiyonat, yurtiga sotqinlik bundan ortiq bo‘ladimi?! Xo‘sh, bu xoinlik evaziga ular nima oldilar, qanday martabaga erishdilar deysizmi? Qo‘qon xonligi yo‘q qilinadi. Xon, Abdurahmon Oftobachi va yana o‘nlab mansabdorlar Rossiyaning turli viloyatlariga har xil bahonalar bilan jo‘natib yuboriladi. Kaltabin xukmdorlar ham yurtidan, ham molu davlatidan mahrum bo‘lib, qafasdagi qush kabi tutqunlik va zabunlikda umr o‘tkazishga majbur bo‘ladilar.

(Shu o‘rinda beixtiyor bugungi fojialar yodimga tushadi. Afg‘onistonga «tinchlik va osoyishtalik» olib kirgan sovet urdusi ham o‘z erki, mustaqilligini himoya qilgan fidoyilarni «dushman» atab, ayovsiz qirmadimi? yoki 1918 yildagi Farg‘ona qismati-chi? Arman dashnoq to‘dalari va Qizil askarlarning dastidan ozmuncha begunoh odam nobud bo‘ldimi? Bularning hammasi shuni ko‘rsatadiki, bosqinchi har doim bosqinchiligini qilar ekan. Axir «oq it, qora it — baribir it», deb bejiz aytilmagan-ku! Muqaddas tuprog‘imizga qurol ko‘tarib kirganlarning kirdikorlarini oqlash, ayniqsa, «madaniyat olib keluvchilar» sifatida talqin qilish ana shu yillarda erk va mustaqillik yo‘lida kurashgan behisob qurbonlar xotirasini kamsitish, tahqirlashdan boshqa narsa emas!)

Qo‘qon yo‘lida yurishda davom etamiz.

«Aderkas (chor zobiti — O. A.) Qashqar qishlog‘ida dushmanning ot-aravalar bilan kelayotgan to‘dalariga duch kelib qoldi. Ko‘cha butunlay chang-to‘zon bilan qoplangandi. Kazaklar chang to‘dasiga qarata miltiqlardan o‘q uzib, so‘ng hujumga o‘tishdi. Oqibatda to‘rt bayroq, 25 miltiq, behisob qilich va nayza, bir qancha ot va yuk ortilgan 10 arava o‘lja olindi. Biz talafot ko‘rmadik. 40 ga yaqin dushman o‘ldirildi» (365-bet).

«Dushman (Namanganda — O. A.) Skobelevning hisobiga ko‘ra (basurmanlar uchun qog‘oz ham hayf!) 3.800 kishini yo‘qotdi. Uch kun ichida bizning talafotimiz: quyi amaldagilardan olti kishi o‘ldi, 29 kishi yarador bo‘ldi, 3 zobit yaralandi» (385-bet).

«...Baliqchi shahriga yorib kirib, dushman lageri va ko‘chini egalladilar. Tong otgandan keyin artilleriya kechuvdan o‘tib, shaharga o‘q ota boshladi, shu zahoti Skobelev 2-yondosh batal’onga qarashli 2-rota va ellikta kazak otliq o‘qchilari bilan hujumga o‘tdi, dushmanning chekinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun butun otliq askarlarni zambaraklar bilan shaharning orqa tomoniga yubordi. Jangga kirgan bo‘linmalar uchta istehnomni majaqlagandan keyin bozorni ishg‘ol qildilar va shu yerda tor ko‘chadan kelayotgan qipchoqlarning katta otliq olomoniga duch kelib qoldilar... Dahshatli ur-yiqit ichida merganlarimiz do‘ldek yog‘dirayotgan o‘qqa uchgan qipchoqlar bor-yo‘g‘i 20 qadam narida to‘da-to‘da bo‘lib yiqilar, ko‘cha yuzi ularning o‘ligiga to‘lib ketgan edi. Bu dahshatli jahannamdan bir amallab qutulib chiqqanlar narigi yonboshda poylab turgan kazaklarning changaliga tushar edi. Ularni ikki chaqirim joygacha quvib borib, hech qanday rahm-shafqat qilmay qilichdan o‘tkazishdi.

Biz tomondan bir quyi amaldagi kishi o‘lib, 8 ta yarador (shundan uchtasi og‘ir), uch kishi kontuziya olgan edi. Skobelev dushmanning talafotini 2000 kishi deb hisoblaydi» (386-bet).

«Safarga otlanishdan oldin Skobelev atrofni har xil shaykalardan tozalamoqchi bo‘ldi. Buning uchun Meller-Zakomelskiy Chustda, Pichugin Oqjarda, Skobelevning o‘zi Namanganda ishga kirishdi. Pichugin 18 noyabr kuni tog‘lar orasidagi Oshoba qishlog‘ida bir guruh shaykaga duch keldi va uni batamom qirib tashladi» (388-bet).

Xo‘jand atrofidagi mazkur tog‘li Oshoba qishlog‘i aholisining jasoratiga maxsus to‘xtalish zarur. Ana shu qirg‘in kezlarida polkovnik Pichugin yetakchiligidagi askarlar bir necha qishloqni yondirib, kulini ko‘kka sovurgandan keyin birinchi marta Oshoba qishlog‘ida qattiq qarshilikka duch keladilar. Jang uzoq davom etadi. Jangari tog‘liklar taslim bo‘lishni xohlamaydilar. Navoiy bobomiz aytgandek, harbga imkoni bor odamning hammasi maydonga tushadi. Vatan tuprog‘i daxlsiz, aziz. Uni murdalarni yanchib, bosib o‘tgandan keyingina olish mumkin. Qishloqdagi qariyalaru kampirlar, xotinlar, hatto yosh bolalargacha qarshilik ko‘rsatadilar. Qurol yo‘q. Miltiqlar olov purkab, ajal urug‘ini sochib turibdi. Ana shu tengsiz jangga ayollar pichoq, otashkurak, kosov; chollar panshaxa ko‘tarib tushadilar. Hech kim tirik taslim bo‘lishni xohlamaydi. Ko‘chalaru uylar o‘z erki, nomusi, orini, aziz xonadonini saqlab qolish uchun maydonga chiqqan qishloq ahlining murdalariga to‘lib ketadi. Yov ustun chiqadi. G‘azablangan qo‘shin oxirgi ifloslikdan ham qaytmaydi. Qishloqni butunlay yondirib, murdalarni ham bitta qo‘ymay kuydirib yuboradi. Bu haqda chor zobiti A. Serebrennikov «Qo‘qonga yurish tarixi» nomli asarida batafsil hikoya qilgan. Agar Turkistondagi har bir qishloq, har bir shahar muqaddas Vatan tuprog‘ini hamda o‘z qadr-qimmatini ana shu oshobaliklardek himoya qilolganida, yurtimizning qismati hozirgidek xarob ahvolga tushib qolmagan bo‘lardi.

Biz o‘zbek xalqi istilochilarga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib borganini umumiy tarzda tasavvur etamizu, ammo janglarda qahramonlik ko‘rsatgan, yov bilan yakkama-yakka olishgan ming-minglab odamlarning ismi, nasl-nasabi haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Maktabda esa polyak bosqinchilarini o‘rmonda adashtirib halok etgan rus dehqoni Ivan Susaninning jasorati haqida gapiramizu chor qo‘shinlariga qarshi kurash qanday kechgani haqida lom-mim demaymiz. Bu ham o‘ziga xos adolatsizlikdir.

Shu yillarda istilochilarga qarshi kurashgan noma’lum qahramonlarning ismi-sharifini tiklash, xotirasini e’zozlash burchimizdir. Ana shundagina farzandlarimiz Vatan qadrini, Mustaqillik ma’nosini teran anglaydigan, lozim bo‘lsa uni himoya qiladigan bo‘ladilar. Shu jihatdan tarixchi olimlarimiz, ziyolilarimiz, ma’murlarimiz hech bo‘lmaganda Oshoba fojiasini mukammal o‘rganib, mazkur tengsiz jangda qahramonlik ko‘rsatgan aziz vatandoshlarimiz xotirasiga yodgorlik tiklashni o‘ylab ko‘rishsa, yomon bo‘lmasdi.

Tabiiyki, bu qahramonlarning nomini bugun qaerdan topamiz degan savol tug‘iladi. Buning ham iloji bor. Tarixiy asarlar (o‘zbek mualliflarining shu davrga doir o‘nlab qo‘lyozma asarlari mavjud. Ular deyarli o‘rganilmagan), rus zobitlarining esdaliklari, arxiv hujjatlari hamda mahalliy aholi orasida saqlanib qolgan xotiralar hali bizga ko‘p narsalarni so‘zlab beradi. Shu jumladan, A. Serebrennikov tilga olingan maqolalar turkumida «shayka» boshliqlari sifatida bir qancha odamlarning ismini keltiradi. Ular qaroqchilar to‘dasi emas, bosqinchilik va zo‘ravonlikka qarshi dadil kurashgan va zulm, istibdod ostida ojiz qolib, maqsadiga erisha olmagan asl vatanparvarlar ekanini sezish qiyin emas. Mana, ayrimlarining ismi-shariflari bilan tanishing: Tanaberdi (tog‘li Obliq qishlog‘idan), qipchoq Botirqul (Sarboq qishlog‘idan), tojik Ismandiyor (Asht atrofidan), Koltir-Sun (matnda shunday yozilgan. Keltirsin bo‘lsa kerak. Oshobolik), Mulla Qo‘shoy (marguzorlik), qirg‘iz Eshbo‘ta (matnda Ish-Puta yozilgan). Shuningdek, maqola davomida Botir to‘ra, Valixon to‘ra, G‘oyib Eshikog‘asi, Xoshimxon to‘ra, Abulg‘ozi, Suvon (Toshkent uezdidan qochib, uzoq vaqt chor qo‘shinlariga qarshi kurash olib borgan. Keyinchalik qo‘lga olinib, otib tashlangan). Bularning hammasi hurmat bilan tilga olishga, e’zozlashga loyiq fidoyi farzandlardir.

«9 noyabrda, razvedka paytida qishloqlardan birida qurollangan bir ayg‘oqchi ushlab olindi va u Skobelevning buyrug‘iga muvofiq shu zahotiyoq osib o‘ldirildi. Ko‘kragiga: «Dushmanga xizmat qilayotgan va qo‘lida qurol bilan rus tuprog‘iga o‘tgan har bir kishi shunday o‘limga mahkum» degan yozuv ilib qo‘yildi» (385-bet).

«...Yigitlar ot choptirib qochib ketayotgan bir qirg‘izni ushlab olishdi. U asli quramalik bo‘lib, Botir to‘raning xitobnomasini tarqatib yurgan ekan. Skobelev shu zahotiyoq bu vatanparvarni osib o‘ldirish va bo‘yniga yuqoridagidek yozuvni ilib qo‘yishga buyurdi, hukm ijro etildi» (386-bet).

Keltirilgan birinchi parchadagi «rus tuprog‘iga o‘tgan» degan ifodaga e’tibor bering. Voqea hozirgi Namangan shahri yaqinidagi Norin atrofida ro‘y bergan. Bu joylar, umuman, butun Turkiston hech qachon Rossiya hududiga kirgan emas. Bosqinchi general uchun bosib olingan yerlarning hammasi «rus tuprog‘i» hisoblanadi. Xuddi bu tuproqni u jomadonga solib, orqalab ko‘tarib kelgandek bemalol gapiradi. Mana shu lavhaning o‘ziyoq general Skobelev kimligini, uning haqiqiy ma’naviy qiyofasi qandayligini yaxshi ochib beradiki, bunday fosh etuvchi dalil-isbotni hatto qasddan o‘ylab topish ham mushkul.

«Skobelev yo‘lda kelar ekan, sanasini ko‘rsatmay, Kolpakovskiyga telegramma jo‘natdi, u 7 fevralda egasiga kelib tegdi. Unda Andijonda hamma narsa joyida ekanligi, aniq ma’lumotlarga qaraganda, shahar to‘pga tutilgan paytda xarobalar orasida 20.000 kishi halok bo‘lganligi aytilgan edi» (407-bet). Barcha ko‘chirmalar I. A. Terentevning yuqorida tilga olingan kitobidan olindi.

«Imperator hazrati oliylari qo‘qonliklarga qarshi muvaffaqiyat bilan jang qilayotgan qo‘shinlarimizdan bag‘oyat mamnun ekanligini, bu gal ular yuksak ishonchni oqlaganligini bildirdi va qo‘qonliklarni namunali tarzda jazolashni davom ettirish lozimligini ta’kidladi».

«To‘raqo‘rg‘onliklar ham bizga qarshi kurashganiga ishonch hosil qilgan Skobelev ularni jazolashga qaror qildi va qishloqqa har tomondan o‘t qo‘yib yuborishni buyurdi».

«Baliqchi qishlog‘ining daryoga tutash qismi yer yuzidan butunlay supurib tashlandi».

«Asosiy vazifa isyonda qatnashganlarni jazolash bo‘lgani uchun polkovnik Fride otryadni olg‘a boshlab ketar ekan, orqada qolgan kazaklarga qo‘zg‘olonchi qipchoqlarga qarashli to‘rtta qo‘rg‘onchani yoqib yuborishni buyurdi».

«Bu qishloq (Xo‘jaobod qishlog‘i — O. A.) aholisi bizga qarshi kurashdi, ulardan 50 ga yaqin odam o‘ldi, biz tomondan faqat bir kazak yaralandi. Mazkur qishloqni hamda boshqalarini yondirib, yo‘l-yo‘lakay juda ko‘p qoramol podasini o‘lja qilib, polkovnik baron Meller-Zakomelskiy otryadi Cho‘ja qishlog‘idagi qarorgohiga qaytdi».

«Boytuq qishlog‘i aholisi otryad qarshisiga qo‘l qovushtirib sadoqat izhor qilib chiqdi. Ammo bu qishloqning Ikki suv orasi atrofidagilarga ta’siri kuchli edi. Shuning uchun u yem-xashak yig‘ishga borgan polkovnik baron Meller-Zakomelskiy boshchiligidagi otryad tomonidan yondirib yuborildi».

Yana bir parchaga e’tiboringizni tortaman: «Andijonliklar qattiq qarshilik ko‘rsatdilar: ular har bir to‘siqdan foydalanar edilar, tomlar ustidan turib o‘q otishar, ko‘chalar, hovlilar, uylar, machitlar ichida yuzma-yuz olishardilar. Ularning qarshilik ko‘rsatishlari oldinda hujum qilib borayotganlarni g‘azablantirar, tobora junbushga keltirardi. Bozor maydonida Skobelev kolonnasi yirik xarilardan qilingan to‘siqqa duch kelib qoldi. Zambaraklarimiz oldinga o‘tkazildi va bir necha o‘q uzilgandan keyin dushman tumtaraqay bo‘lib ketdi. Turkistonliklar beshta istehkomdan tashqari, mustahkam qo‘rg‘onchaga aylangan uylarni ham jang bilan qo‘lga kiritdilar. Nihoyat, har uchala kolonna o‘rdaga yetib keldi va saroyni isyonchilardan tozaladi. Qisqa muddatli hordiqdan so‘ng manzilgohga qaytildi, darvoqe, yo‘l yoqasidagi imoratlarning hammasiga o‘t qo‘yib borildi. Old qismlar qaerda ketayotganini yong‘inga qarab bilib olish mumkin edi. Otishmalar hali tinmagan, andijonliklarning harbiy uroni — «Ur!», «Ur!» sadolari eshitilib turardi. Andijonni butunlay vayron qilish uchun general Troitskiy Skobelevga oltita zambarak berib, shaharni to‘pga tutishga, bozor va yong‘in bo‘layotgan tomonlarni nishonga olishga buyruq berdi». (M. D. Skobelev xotirasi, Toshkent, 1907, 15-bet).

Mana bu ko‘chirma ham diqqatga sazovor: «Jang qilishga qodir olomon yana birikib qolmasin deb ko‘p sonli aholi yashaydigan shaharni batamom qirib yuborish maqsadida general Skobelev artilleriya boshlig‘i podpolkovnik Obrompolskiyga shaharni to‘pga tutishni buyurdi. Tushdan keyin soat 3 larda boshlangan va barcha zambaraklar ishga solingan artilleriya otishmasi tongga qadar davom etdi. Asosiy zarba bozorga, har ikki o‘rdaga hamda Shahrixonsoy va Asaka yo‘li tomonga qaratilgan edi». («Voennыy sbornik» oynomasi).

Bular Skobelev o‘tgan yo‘llardagi ayrim manzaralar, xolos.

Polkovnik Pichugin va polkovnik baron Meller-Zakomelskiylar boshchiligidagi ikki otryad ham tog‘ qishloqlarini birma-bir yanchib, o‘t qo‘yib, yondirib borishgan. Bu qonli voqealar A. Serebrennikovning «Voennыy sbornik» oynomasida bosilgan «Qo‘qon jangi tarixi» nomli turkum maqolalarida batafsil yoritilgan. Afsuski, hozir ularni birma-bir keltirishga imkon yo‘q.

Sanalgan misollarning o‘ziyoq rus qo‘shini va ayniqsa, general Skobelev Farg‘ona vodiysiga qanchalik «madaniyat» olib borganini ochiq ko‘rsatadi. «Otangni o‘ldirganga onangni ber» deganlaridek, bir vaqtlar o‘lkamizda bu bosqinchi zobit nomiga shaharlar qo‘yib, unga haykallar tiklanganiga nima deysiz? Bu haykallar allaqachon buzib tashlangan. Biroq shu bilan adolat tiklanib qoladimi? Qo‘qon xonligi yo‘q bo‘lgan kun — Turkiston xalqlarining ozodligi, erkinligi tugatilishi va istibdod tunining boshlanishi hisoblanadi. (Buxoro va Xiva xonliklari yarim mustamlaka holida saqlab qolingan.). Shunday ekan, bu achchiq sana — 19 fevral O‘zbekistonda Milliy motam kuni sifatida nishonlanishi zarur. Yurt mustaqilligi yo‘lida o‘z aziz jonlarini qurbon qilib shahid ketgan behisob qurbonlarni eslash, har yili ularning xotirasini bir karra yodlab, e’zozlash bugungi ozod O‘zbekiston uchun qutlug‘ an’anaga aylanishi zarur.

Qo‘qon xonligi bosib olingach, yangidan tuzilgan Farg‘ona viloyatiga Skobelev gubernator qilib tayinlanadi. Oradan ko‘p o‘tmay uni boshqa vazifaga — Bulg‘oriyada turklarga qarshi kurashayotgan chor qo‘shinlari qo‘mondonligiga o‘tkazishadi. Uning Bolqondagi faoliyati tadqiqotimiz mavzusiga kirmagani uchun bu haqda to‘xtalmaymiz va o‘quvchidan uzr so‘rab, bir necha yil keyinga — 1881 yildagi Turkmaniston voqealari bayoniga o‘tamiz.

Sahroyi turkman qabilalarini rus tobeligiga o‘tkazish osonlik bilan kechgan emas. Bu o‘lkada ham daryo-daryo odam qoni oqizilgan. General Skobelevning Turkistondagi qora qilmishlaridan biri Axaltaka qumliklari bag‘riga qon va ko‘z yoshlari bo‘lib singib ketganki, ularni hech qachon o‘chirib ham, unutib ham bo‘lmaydi.

Inqilobdan oldingi rus muarrixlari Skobelevning ana shu mudhish safarini madh etuvchi jild-jild kitoblar bitganini aytgan edik. Ulardagi po‘choqdan iborat bo‘lgan «qasida» qismini tushirib qoldirib, haqiqat mag‘izini ajratib olsak, ko‘z o‘ngimizda dahshatli generalning chinakam aft-basharasi bekami-ko‘st gavdalanadi. Buning uchun rassom bo‘lib, qilqalam ushlashimiz shart emas.

Darvoqe, rasm. «Skobelev xotirasiga» kitobining 22-betida noma’lum rassomning (balki V. V. Vereshchagindir) «1881 yil 12 yanvarda Ko‘ktepaga hujum» deb nomlangan surati ilova qilingan. Orqa fonda o‘tov, qum tepaliklar tasviri. Qilich yalang‘ochlagan darg‘azab rus otliq kazaklari va nayzali miltig‘ini o‘qtalgan piyodalar hujumga o‘tgan. Hammayoq ostin-ustun. Tala-to‘p. Bir qancha turkmanlar yer tishlab o‘lib yotipti. Qo‘lida yog‘och panshaxa ushlagan oqsoqol turkman otliqlar oldida qochib ketayapti. Yuzida dahshat qotib qolgan. Kuni bitganini o‘zi sezib turibdi. Chap tomonda o‘liklar orasida chaqaloq ko‘targan turkman ayol yugurib kelmoqda. Uning ham, chirillab yig‘layotgan chaqaloqning ham ko‘zlari qinidan chiqib ketay deb turibdi... Bu rasm faqat urush dahshatini jonlantiribgina qolmaydi. Uning mazmuni nihoyatda teran. U chor mustabidlarini fosh etadi.

Mashhur sharqshunos V. V. Bartold «Ko‘ktepa» («Geog-tepe») nomli maqolasida shunday yozadi: «Rus qo‘shini 8000 kishidan iborat bo‘lib, 70 dan ortiq zambarakka ega edi. Yigirma kunlik qamaldan so‘ng 1881 yilning 12 (24) yanvarida (Tasodifni qarangki, men shu satrlarni qog‘ozga tushirayotgan payt 12 yanvarga to‘g‘ri keldi. Qattiq ta’sirlandim — O. A.) Ko‘ktepa qal’asi shturm bilan ishg‘ol qilindi; so‘ng talon-taroj qilish uchun askarlar ixtiyoriga to‘rt kungacha tashlab qo‘yildi. Qal’ani qamal qilish va zabt etish chog‘ida 6000—8000 kishi halok bo‘ldi. O‘rta Osiyodagi boshqa janglarga qiyoslasak, ruslar katta qurbonlar evaziga g‘alaba qozonganini ko‘ramiz, ular o‘lgan va yaradorlarni birga hisoblaganda 1000 dan ortiq odamini yo‘qotdi. Bundan tashqari, Ko‘ktepa jangida Turkistonda birinchi marta ruslarning bayrog‘i va zambaragi o‘lja olingandi» (Asarlar, 3-jild, 399-bet).

Turkiston tarixi bo‘yicha o‘nlab xolis tadqiqotlar yaratgan muallif bu o‘rinda ham tarix haqiqatiga sodiq qoladi. Ro‘y bergan voqealarni lo‘nda qilib aytadi, andavalab, suvab o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Sababi, u chinakam olim edi. Bir kun emas, bir kuni kelajak bilan yuzma-yuz kelishini, o‘z yozganlari shafqatsiz vaqt va avlodlar sinovidan o‘tishini, adolat tarozisi hamisha haqiqat uchun xizmat etishini qalbdan his qilardi. Shu tufayli u rost so‘zlashdan qochgan emas. Afsuski, bunday olimlar hozir ham nihoyatda kam uchraydi.

Axaltakadagi urush qatnashchilaridan biri bo‘lgan chor zobiti K. Geynsning (u Buxoro xonligiga qarshi janglarda ham o‘zini ko‘rsatgan. Bu haqda rassom V. Vereshchaginning «1868 yilda Samarqand» xotiralarida yozilgan) maqolasida Ko‘ktepa jangi manzaralari ancha batafsil yoritiladi: «Qirg‘in boshlandi... charchash nimaligini bilmaydigan dragunlar birinchi uzun hovlini turkmanlar qoniga g‘arq qildilar. Olishuv uzoq cho‘zilmadi, dushman jasurona kurashsa-da, oxiri dosh berolmadi: qarama-qarshi tomonga, baland devor yoqalab Ichki qal’aga qarab chekindi, ammo fursat boy berilgandi. Otryadimizda mardligi bilan nom chiqargan knyaz Golitsinning kazaklari va poruchik Naxichevanskiyning 1-eskadroni dragunlari jarlikdan chiqib, ularning yo‘lini to‘sdilar. Chorasiz ahvolda qolganlarini sezgan taka-turkmanlar qo‘llaridagi yatag‘onlarini o‘ynatib... raqibga tashlandilar. Ammo devor orqasidan deyarli yonma-yon turib otilayotgan miltiq o‘qiga uchib, ketma-ket qulay boshladilar. Qal’a bilan paxsa devor orasi murdaga to‘lib ketdi». (Axaltaka otryadining jangovar hayoti lavhalari, «Voennыy sbornik» oynomasi, 1882, 6-son, 27-bet).

Ko‘ramizki, turkmanlar o‘z mustaqilligi, erki uchun qattiq kurashganlar. Ammo «osmon yiroq, yer qattiq» deganlaridek, kuchlar, qurollar nisbati tengsiz edi. Qilich (yatag‘on») ko‘targan dovyurak taka-turkmanlar rus qo‘shiniga tayyor «go‘sht» bo‘lgan. Tarixning bu shafqatsiz haqiqatini bo‘yamasdan ochiq gapiraverish kerak.

Endi general Skobelevning yaqin xeshlaridan bo‘lgan Adam Jul’etta Lamber qalamiga mansub «General Skobelev» (Spb., 1886) kitobidan ham ayrim parchalarni o‘qiylik: «Janob Marvin bilan suhbat chog‘ida general Skobelev Markaziy Osiyoni bo‘ysundirish haqida o‘z qarashlarini ochiqdan-ochiq quyidagicha ifodaladi:

— Gap shunday, janob Marvin, faqat bularni gazetangizda bosib chiqara ko‘rmang. Jahon ligasi nazarida g‘irt yovvoyiga aylanib qolishni istamayman. Mening aqidam shunday: Osiyoda osoyishtalik o‘rnatish masalasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarning qancha ko‘p qirilishiga bog‘liq. Zarba qanchalik kuchli bo‘lsa, dushman shunchalik tez bo‘ysunadi. Biz Ko‘ktepada 20.000 turkmanni o‘ldirdik. Tirik qolganlar bu saboqni bir umr unutmaydigan bo‘ladi.

— Umid qilamanki, bu aqidalaringizni bosib chiqarishimga ruxsat berasiz. Rasmiy axborotingizda Siz hujum va ta’qib paytida har ikki jinsga mansub 8.000 dushman o‘ldirildi, deb yozgansiz. Shu to‘g‘rimi?

— To‘ppa-to‘g‘ri. Ularni sanashganda roppa-rosa 8.000 odam chiqdi.

— Bu ma’lumot Angliyada juda ko‘p shov-shuvga sabab bo‘ldi, sababi, Sizning askarlaringiz erkaklar bilan bir qatorda ayollarni ham o‘ldirishgan ekan.

Bu xususda shuni aytishim lozimki, Skobelev men bilan suhbat chog‘ida «Ko‘plab ayollar o‘ldirildi. Askarlar duch kelgan odamni qilich bilan chopib tashlayverishdi», deb tan olgan edi. Skobelev o‘z diviziyasiga ayollar va bolalarga tegilmasin deb buyurgan edi, uning oldida ularni o‘ldirishmadi. Ammo boshqa diviziyadagilar hech kimga shafqat qilishmadi: askarlar xuddi mashinadek ishlab xaloyiqni rosa qilich bilan burdalashdi. Kapitan Maslov buni ochiqchasiga e’tirof etadi. U «Axaltakaning bo‘ysundirilishi» nomli asarida hujum bo‘ladigan kuni—erta tongda hech kimni asir olmaslik haqida buyruq bo‘lgan edi, deb guvohlik beradi.

— Bu ham mutlaqo to‘g‘ri, — dedi Skobelev, — o‘lganlar orasida ko‘plab ayollar bor edi. Yolg‘on gapirish tabiatimga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun axborotimda har ikki jinsga mansub deb ochiq yozganman» (16—17-betlar).

Kapitan A. Maslov rus askarlarining yovuzliklarini «detallashtirib» ko‘rsatadi.

Ular qarshilik ko‘rsatayotgan yoki jonini asrash uchun qochib ketayotganlarning qovurg‘asiga, qorniga nayza sanchishar, tikkasiga otishar yo boshiga qo‘ndoq bilan tushirishar ekan. Hatto ko‘pchiligining ko‘ndog‘i yorilib ketgan edi...

Skobelev dahshatli qirg‘in bo‘lishini oldindan yaxshi bilgan va bunga puxta tayyorgarlik ko‘rgandi. Yurishga otlanar ekan, u bosh qo‘mondonlik oldiga: «Bironta jurnalist safarda qatnashmasligi shart», — degan talabni qat’iy qo‘yadi va bunga to‘la erishadi.

Skobelevni «jallod», «qonxo‘r», «kallakesar» deb atasak, ayrim rus do‘stlarimizga malol kelishi tabiiy. Ammo yuqoridagi parchani o‘qigandan keyin unga va umuman bosqinchi rus qo‘shiniga qanday baho berish mumkin?

Ko‘ktepa qirg‘ini manzarasi yanada aniq bo‘lishi uchun rus zobitlari asarlaridan ham bir-ikki parcha keltiramiz. A. N. Kuropatkin yozadi: «Qal’a ichiga qarash dahshatli edi. Behisob o‘liklar bir necha kundan beri uyilib yotardi. Ba’zi kulbalar murdaga to‘lib ketgandi».

Turkman xalqini «er yuzidagi qora dog‘» deb hisoblagan kalondimog‘ zobit N. I. Grodekov qo‘shimcha qiladi: «Dushman qamal paytida miltiq va zambarak o‘qlaridan qay darajada dahshatli talafot ko‘rganini qal’ani egallaganimizdan keyin bildik.

Qal’a ichidagi ba’zi uylarda hatto o‘n beshtagacha o‘lik bor edi...» (Ko‘chirmalar turkman akademigi M. A. Annanafasov maqolasidan olindi. Bu haqda alohida to‘xtalamiz.)

Jang arafasida Skobelev: «To‘kilgan har tomchi rus qoni uchun dushman qonini daryodek oqizaman», — deb maqtangan ekan. Bugun biz, oshkoralikka o‘rganayotgan avlod janob generalni savolga tutishga haqlimiz. «Xo‘sh, muhtaram «oq poshsho», «shavkatli qahramon», Turkistonga sizni kim taklif etdi? Bironta o‘zbek, qozoq, qirg‘iz yoki turkman sizning yurtingizga qilich ko‘tarib bostirib kirdimi? Qishloqlaringizni talab, uylaringizni yondirib, odamlaringizni qirpichoq qildimi? Nega buncha jazavaga tushasiz? Nega askarlaringiz bu qadar odam o‘ldirishda kim o‘zarga poyga qilishadi?

Nega ularni kallakesarligi uchun rag‘batlantirasiz? Vijdoningiz azoblanmaydimi?»

Bu dahshatli savollar bizning yuragimizni o‘rtaydi, xolos. General va uning bugungi maddohlari uchun esa ular bir tiyinga qimmat. U Ko‘ktepada o‘z vaqtida jon berayotgan mullaning «8000 begunoh odamni o‘ldirganing uchun vijdon azobida qolmaysanmi?!» — deb bergan savoliga yuzsizlik bilan: «Yo‘q! 80.000 bo‘lmaganiga achinaman!» — deb javob bergan edi.

Aziz o‘quvchi! Men bugun tarix mulkiga aylangan noyob asarlardan erinmay parchalar keltirdim. Ular cho‘zilgan bo‘lsa, uzr so‘rayman. Maqsadim xolis bo‘lish, haqiqatni to‘g‘ri anglashingiz uchun ko‘maklashish. Chamamda ancha narsa oydinlashdi. Skobelevning surati bilan bir qadar tanishdik. Endi uning siyratiga ham razm solaylik. Shundagina biz chizayotgan «portret» mukammal bo‘ladi. Bu borada bizga generalning o‘z so‘zlari yordam beradi. Uning dil e’tiroflari, iqrorlarida ham o‘ta yovuzlik hukmronki, o‘qiganda beixtiyor yuraginingiz orqaga tortib ketadi.

«Ochig‘ini aytsam, — deydi u Adam Julettaga, — urushni yaxshi ko‘raman. Har bir millat o‘z hududini tabiiy chegaralargacha kengaytirish huquqiga ega va bu qonuniydir.

Biz slavyanlar, albatta Bosfor va Dardanelni egallashimiz zarur, aks holda har qanday «tarixiy ahamiyatimizni» yo‘qotamiz. Agar qo‘limiz bu bo‘g‘ozlargacha yetmasa, yerlarimiz qanchalik cheksizligiga qaramay, biz halok bo‘lamiz».

«...Men buni ko‘rib, his qilib turibman, bashorat qilib aytamanki, slavyanlar bir kuni Germaniyani yeydi».

«Nemislarga aslo toqat qila olmayman».

«Buyruq bo‘lsa, xuddi taka-turkmanlarni qanday o‘ldirgan bo‘lsam, ryazanlik mujiklarni ham shunday xotirjamlik bilan otib tashlayveraman».

«Rus bosqini toshqin daryodek oqib, quturib, hamma yoqni toptab bormoqda. Asriy saltanatlar yemirilmoqda: bir tomonda Eron, bir tomonda Turkiya qaltirab turibdi. Bu qudratli bosqinni to‘xtata oladigan mo‘‘jizaviy bir kuch olamda bormikin?»

Karomatgo‘y general adashdi. Uning «orzulari» amalga oshmadi. Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Hindistonni bosib olishga chor Rossiyasining «qudratli» kuchi yetmadi. Aksincha, uning iflos kirdikorlari jahon afkor ommasi orasida sharmanda bo‘ldi. Qilich va zambarak bilan o‘rnatilgan yovuzlik imperiyasi chok-chokidan so‘kilib ketdi. Slavyanlar Germaniyani ham «eb» qo‘ya olmadi. Bugungi kunda hatto nemis kuxarkalari ham qudratli Rossiyaning vorislariga — Moskva qashshoqlariga xayru sadaqa ulashmoqdalar. Har bir narsaning ibtidosi va intihosi bor...

U chinakam yovuz odam edi. Shovinist edi. Bosqinchi edi.

Uni ulug‘lash ham, kamsitish ham kerak emas, o‘z nomi bilan atash kifoya.

Bir vaqtlar general Duxovskiy Madali eshon isyonida qatnashgan fidoyilarga qarab: «Sizlarning yuzingiz shunchalik qora bo‘ldiki, uni hech qachon yuvib ketkaza olmaysizlar!» — deb ta’na qilgan edi. Charxi kajraftor ekan-da! Bu achchiq so‘zlar Skobelev siymosiga aynan mos keladi. U Turkiston zaminida asrlar osha yuzi qora bo‘lib qolaveradi.

Shuning uchun ham uni bir vaqtlar ko‘klarga ko‘tarib olqishlagan D. A. Milyutin qarib-qartaygan vaqtida — 1911 yilda M. D. Skobelevga haykal qo‘yilishini qattiq qoralagan va uni Suvorov, Kutuzov singari sarkardalarga aslo tenglashtirib bo‘lmaydi, deb xitob qilgan edi. (D. A. Milyutin. «Kundaliklar», 68-bet). Afsuski, bu fikrlar e’tiborsiz qolib ketdi.

OYNI ETAK BILAN YOPIB BO‘LMAYDI!

Turg‘unlik davri orqada qoldi. Ularga hadeb tosh otaverganimizdan foyda yo‘q. Buning o‘rniga chinakam tarix haqiqatini gavdalantirgan haqqoniy asarlar yaratish yo‘lidan borganimiz ma’qul. O‘tmishdagi xatolarni endi kim takrorlaydi? Haqiqatni yozamiz, rost gapni aytamiz desak, bugun kim qo‘limizdan ushlaydi? Axir oshkoralik, hur fikrlik zamoni keldi-ku! Ana shu shirkun tasavvurlar og‘ushida Moskvadan olib kelingan hujjatlarni tarjima qilish rejasini pishitib yurganimda qo‘limga yana bir qalingina kitob tushib qoldi. U 1990 yilda Moskvada «Patriot» nashriyotida bosilgan. Nomi... «Skobelev» deb ataladi. Muallifi — Boris Akimovich Kostin. Shosha-pisha varaqlayman. Zora bu yozuvchi o‘tmish sahifalarini to‘g‘ri bayon qilgan, asl haqiqatni yozgan bo‘lsa deb. Ammo ilk satrlardayoq boshim toshga tekkandek ko‘zlarimdan uchqun chiqib ketdi. Ichki varaqdagi ilk so‘zlarni o‘qiganimdayoq hafsalam pir bo‘ldi. Mana nashriyot tomonidan yozilgan ma’lumotnoma: «Chinakam faktlar va hujjatlarga asoslangan mazkur kitobda mashhur rus sarkardasi — general M. D. Skobelevning hayot yo‘li va harbiy faoliyati hikoya qilinadi. Harbiy san’atni puxta bilishi, askarlarga doimiy g‘amxo‘rlik va g‘olibona jang sahifalari Rossiyada hamda chet ellarda unga katta shuhrat keltirgan edi». Masala ravshan. Bu kitob ham eski qo‘shiqni takrorlaydi, eski afsonani davom ettiradi. Bizga malol keladigan g‘alati nuqta shundaki, rasmiy Moskva shuncha gap-so‘zlardan keyin ham loaqal zarracha fikrini o‘zgartirmadi. Qog‘ozda xalqlar do‘stligi, internatsionalizm, qardoshlik haqida lof urib yozilsa-da, amalda hamma narsa «ulug‘ rus xalqi» manfaatlarini targ‘ib qilishga bo‘ysundirildi. Birgina misol. Turkiston xalqlari, jumladan o‘zbeklarning madaniy tarixi ko‘p ming yilliklar bag‘ridan boshlanadi. Yangi eradan avvalgi xunlar, yuechjilar, usunlar, Xorazm, Parfiya, Kangyuy (Qang‘), Kushon, Baqtriya, Eftalit, Qadimgi turk davlatlarini eslash kifoya. Ular o‘ziga xos boyliklar yaratganlar, Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq, Kavkaz, Yunonistondagi qadimgi xalqlar bilan savdo-sotiq va boshqa madaniy aloqalar o‘rnatganlar. Bu davrlarga oid ko‘pgina osori-atiqalar, ko‘hna, ulug‘vor inshootlar saqlanib qolgan. Shunga qaramay, maktabda «SSSR tarixi» fani «Kiev Rusi» davlatini o‘rganishdan boshlanadi. Go‘yoki undan oldin sobiq SSSR hududida Kiev Rusidan boshqa ulkan saltanatlar bo‘lmagandek. Bu soxta tasavvur murg‘aklikdan boshlab bola miyasiga quyiladi. Shu misolning o‘ziyoq boshqa ko‘hna madaniyatga ega bo‘lgan xalqlarni kamsitish, mensimaslik, ruslar tarixini esa ko‘r-ko‘rona ulug‘lash hukmron mafkura zo‘ravonlik siyosati yurgizganini («Chidasang shu, chidamasang qo‘lingdan kelganini qilaver») ko‘rsatadi. Ana shu aqidaga ko‘ra Qozon xonligini zo‘rlik bilan bosib olgan va minglab begunoh tatar musulmonlarning qonini to‘kkan Ivan Grozniy bosqinchi sifatida qoralanmadi. To‘g‘ri, uning siyosatdagi zolimligi, qonxo‘rligi aytildi, ammo o‘zga yurtlarga tajovuzi adolatsizlik, bosqinchilik ekanligiga deyarli ahamiyat berilmadi. Yoki Pyotr I faoliyatini eslang. Uning Boltiq dengizi, Qora dengiz hududlariga chiqish uchun olib borgan kurashlari (aspida boshqa xalqlarga qarashli yerlarni kuch, zo‘ravonlik bilan bosib olinishi) ruslarning qonuniy, tabiiy harakati sifatida ulug‘landi. Ayni zamonda Turkiston zaminidan chiqqan Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk zotlar faqat bosqinchi, zolim hukmdorlar sifatida qoralandi. Ularning markazlashgan davlat tuzgani, iqtisodiy islohotlar o‘tkazib, savdo-sotiqni, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirgani, adolatli qonunlar chiqargani kabi o‘nlab ijobiy xizmatlari esa shunchaki tilga olindi, xolos.

Bir xalqning yuksalishi yoki jahon kengliklariga chiqishi hech qachon boshqa xalqlar, xususan, mayda, zaif millatlarni ezish, qirish, ularning qonuniy manfaatlarini yo‘q qilish, arboblarini qasddan kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak. «Dunyodagi eng odil, eng xalqchil», «tenglik, totuvlik, do‘stlik» asosiga qurilgan «buyuk tuzum» mafkurachilari esa bu oddiy haqiqat bilan hisoblashib o‘tirmadilar. Faqat Rossiya manfaatlari uchun xizmat qilgan, boshqa xalqlarni kishanga solib, bo‘yniga zulm bo‘yinturug‘ini ilgan tarixiy shaxslarni faqat «qahramon», «ulug‘», fidoyi vatanparvarlar deb bir tomonlama ko‘kka ko‘tarish, ularning yovuz kirdikorlarini xaspo‘shlab o‘tish mazlum millatlar qalbida tabiiy norozilik, nafrat, qahr-g‘azab tuyg‘ularini uyg‘otadi. Ivan Grozniy, Petr I, Yermolov, Kaufman, Skobelev, Golovachev va boshqalar chor Rossiyasi va faqat Rossiya uchun xizmat qilganini, ularning faoliyati, bosgan har bir qadami boshqa mustaqil qo‘shni mamlakatlar uchun qullik, tutqunlik, zulm va dahshat eltganini aslo unutish mumkin emas.

O‘zbekistonda Skobelev haqidagi munozara 1990 yilda bo‘lib o‘tdi. Kostinning kitobi esa ancha oldin yozilib, nashrga topshirilgan, muallif bu bahsni xayoliga ham keltirmagan-ku, deb ta’na qilishingiz mumkin. Ammo bu holat ham yozuvchini oqlay olmaydi. Sababi, qo‘liga qalam olishga jur’at etgan kishi har qanday yolg‘ondan hazar qilishi, samimiy bo‘lishi lozim. Afsuski, mazkur kitobda buning teskarisini ko‘ramiz.

Skobelevning Turkistondagi ilk «jasorati» Xivani zabt etish chog‘ida namoyon bo‘lgani bizga ma’lum. Xo‘sh, bu haqda B. Kostin «hujjatlar va faktlar» asosida nimalarni yozdi ekan? «Xivaliklar ruslar ustiga do‘ldek o‘q yog‘dirdilar,— deb yozadi muallif.— To‘p o‘qlari yorilib, qumlarni ulkan fontandek osmonga otardi. Ammo rus batareyalari aniq nishonga urib, raqib zambaraklari unini o‘chirdi. Shoxobod darvozasi qo‘porilgandan keyin ichkariga birinchi bo‘lib Skobelev yorib o‘tdi. Uning izidan ikki rota ilg‘or jangchilar qal’aga kirdi va qisqa muddatli olishuvdan keyin devor va minoralarni egalladi. Shundan keyin Skobelev o‘z otryadi bilan ko‘cha-ko‘yda ayovsiz jang qilib, xon saroyigacha bostirib bordi. 1873 yil 29 may kuni Xiva taslim bo‘ldi» (24-bet).

Yozuvchi hatto chor zobitlaridan ham tubanda turadi. Chunki ular Skobelevning Xiva ostonasidagi shuhratparastlik, takabburlik va yovuzlikdan iborat qilmishini qattiq qoralab, bu sharmandali hodisa haqida ro‘yi-rost gapirganlar. Rassom V. V. Vereshchagin o‘z do‘sti ko‘rsatgan bu keraksiz «jasorat»ni tanqid qilgani bizga ma’lum.

Darvoqe, Vereshchagin siymosi ham o‘ta murakkab. U Turkistondagi qora yurishlarning deyarli hammasida qatnashgan va rus bosqini manzaralari hamda oqibatlarini ko‘pdan-ko‘p badiiy polotnolarida tasvirlab bergan edi. Bundan tashqari u bir qancha adabiy asarlar, xotiralarini ham e’lon qilgan. Muhimi shundaki, rassom o‘zi ko‘rgan voqealarni va yovuzliklarni yashirmasdan ochiq yozgan. Bu jihatdan ayniqsa uning «1868 yilda Samarqand» nomli xotiralari diqqatga sazovor. (Mazkur asar «Sharq yulduzi» oynomasi, 1991 yil, 4-soni orqali o‘zbek o‘quvchisiga yetkazildi. Shuningdek, rassom xotiralarini «Zvezda Vostoka» oynomasida (1991 yil, 11-son) ham e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldik. Unda Vereshchagin Samarqand shahrida ma’lum muddat qamalda qolgan oz sonli rus qo‘shini o‘z ona yurtini bosqinchi yovdan ozod etish uchun Shahrisabz va Kitobdan kelgan o‘zbek vatanparvarlarini qanchalik qirganini maroqlanib tasvirlaydi. Bu muxorabada shaxsan qatnashgan rassom ikki o‘zbekni «professorlarcha» otib o‘ldirganini, polkovnik Nazarov tinch aholi yashaydigan uylarni, ko‘hna masjid va madrasalarni ayovsiz yondirganini, gunohsiz odamlar behuda qirib yuborilganini batafsil yozishdan tortinmaydi. Realist ijodkorning bu fazilatiga ham tan berish kerak. U o‘z «tarixiy xizmatlari»ni tiriklik chog‘idayoq halol baholab qo‘ygan. Afsuski, sovet davrida rassom ijodi haqida yozilgan kitoblarda bu masala ham faqat bir yoqlama yoritiladi, rus chorizmi manfaatlari uchun qanchalik o‘lib-tirilib harakat qilganligi esa doim chetlab o‘tiladi. Misollar keltiraman. 1990 yilda Moskvadagi «Sovetskaya Rossiya» nashriyoti V. V. Vereshchaginning «Povestlar, ocherklar, xotiralar» kitobini 100.000 nusxada bosib chiqardi. Hajmi 31.71 taboq. Havas qilsa arziydigan mo‘‘tabar nashr. (To‘plab nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi mualliflari V. A. Koshelev hamda A. Chernovlar.) Bu kitob haqida yosh o‘zbek jurnalisti J. Yusupov «Xalq so‘zi» ro‘znomasida bosilgan (1992 yil, 14 yanvar) «Vereshchaginning ikki qiyofasi» nomli maqolasida jiddiy fikrlar bildirdi.) Kitobda rassom qalamidan chiqqan bir qancha yirik asarlar va kichik-kichik lavhalar mavjud. Ammo to‘plovchilar rassomning «1868 yilda Samarqand» asariga o‘rin bermaganlar. Shuningdek, muallifning o‘z yovuz tabiatini rosmana fosh etgan «Andreapol bosqini» («Russkaya starina» oynomasi, 1888, 11-son) xotiralari ham to‘plamga kiritilmagan. Albatta, bu oddiy anglashilmovchilik yoki beparvolik oqibati emas. To‘plovchilar buni ongli ravishda, to‘g‘rirog‘i, ommadan, ayniqsa, sobiq mazlum millatlardan yashirish uchun ataylab qilganlar. Rus chorizmi manfaatlarini hamda chor zobitlari ma’naviy qiyofasini to‘g‘ri ochib bergan asarlar soxta internatsionalistlarga foyda emas, aksincha zarar yetkazadi-da! Ular buni juda yaxshi x,is qilganlari uchun imi-jimida ish bitirishni afzal ko‘radilar.

Lev Deminning «Molbert bilan yer shari bo‘ylab» (Olam V. V. Vereshchagin nigohida) nomli ulkan kitobi ham rassom V. V. Vereshchaginga bag‘ishlangan. Hajmi 37,92 bosma taboq. Moskvadagi «Mыsl» nashriyotida (1991 y.) 50.000 nusxada bosilgan. Unda rassomning Turkistonda kechgan hayoti haqida batafsil gapiriladi-yu, ammo chor bosqinlari, ayovsiz qirg‘inlar va ularda V. V. Vereshchaginning bevosita ishtiroki haqida loaqal bir og‘iz gap aytilmaydi. Afsuski, bu kitoblarni nashr etgan o‘rtoqlar bugun sharoit o‘zgarganini, oshkoralik sharofati tufayli yuz yillab qulflanib yotgan po‘lat sandiqlar ochilib, yashirib kelingan ko‘p narsalar xalqqa yetib ulgurganini hisobga olmaganlar. Va eng muhimi, ular tarix yolg‘onni hazm eta olmasligini, haqiqat baribir ro‘yobga chiqishini nazar-pisand qilmaganlar. Bugun biz ularga bemalol ta’na qilaolamiz: Chuchvarani xom sanabsizlar, janob mualliflar!

Xullas, Vereshchagin singari siymolarning hayotidagi har ikki qutb batafsil va ro‘yi-rost ko‘rsatilmasa, bu mavzuga qo‘l urgan kishi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, badnom bo‘lishdan qochib qutula olmaydi.

B. Kostinning kitobiga qaytaylik. Muallif Skobelev qiyofasiga tirnoqcha gard yuqtirgisi kelmaydi va uni Xiva urushining chinakam qahramoni sifatida bizga taqdim etadi. «Xiva yurishida qatnashish Skobelev uchun jiddiy harbiy maktab bo‘ldi, u ham jismoniy, ham ma’naviy sinovdan sharaf bilan o‘ta oldi. Hatto jang chog‘ida o‘qqa uchgan turkistonliklar orasida turgan paytda ham u hayratomuz vazminligi va jasurligi bilan ajralib turardi. Tashabbuskorlik, ishning ko‘zini bilish, zudlik bilan bir qarorga kela olish kabi fazilatlari tufayli yosh zobit hammaga o‘rnak edi. Skobelev eng mushkul va xavfli topshiriqlarni tirishqoqlik va uddaburonlik bilan qotirib bajarardi. Boshliqlar unga to‘la ishonar edilar» (26—27-betlar).

Bir odam. Ikki xil qiyofa. Ikki xil talqin.

Kimga ishongan ma’qul? Voqealarning bevosita ishtirokchilari, guvohlari bo‘lgan chor zobitlarigami yoki oradan yuz yil vaqt o‘tgandan keyin afsona to‘qiyotgan B. Kostingami?! Insof ham kerak-da!

Kitobni o‘qishda davom etamiz. Navbat Qo‘qon yurishiga keladi. Mahram jangi tasvirida ham Skobelev jasoratlariga hamdu sano o‘qiladi. Hatto 20 ming tinch aholisi o‘ldirilgan Andijon qirg‘ini rus qo‘shinining porloq g‘alabasi deb ta’riflanadi (29-bet).

Nima ham deymiz? Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, totuvlik, qardoshlik haqida gap sotish boshqa-yu, amaliy ish, oqibat boshqa narsa ekan-da! Kim bilsin, sobiq SSSRning parchalanib ketishiga ham ayni shu narsa — so‘z va amaliy ishning boshqa-boshqaligi, hukmron mafkura hamma yerda YOLG‘ON, ALDOV, ZO‘RAVONLIK, TALONCHILIK siyosati olib borganligi, haqiqatdan qo‘rqqanligi sabab bo‘lgandir? Agar yozuvchida loaqal ozgina vijdon, halollik bo‘lganda mazkur kitobni o‘qigan o‘zbekning dilini og‘ritib, izzat-nafsi, g‘ururini poymol qilib qo‘ymasmikanman, degan andishaga borar edi. Yo‘q! Bunday nozik insoniy tuyg‘ulardan, afsuski, muallif mahrum. Shuning uchun ham u qonli Ko‘ktepa jangi haqida gapirganda turkmanlar nima uchun Skobelevga «ko‘zi qonli» degan laqab qo‘yganligiga tushunmaganligini aytib, ajablanadi. Holbuki, buning sababi muallif «sinchiklab o‘rgandim» deb da’vo qilgan hujjatlarda batafsil yozib qo‘yilgan. Ularga hech qanday qo‘shimcha yoki izohning hojati yo‘q.

Shunday qilib, o‘zbek va turkman xalqlarini shafqatsizlarcha qirib, tarixda yomon nom qoldirgan Skobelev B. Kostin talqinida daho insonga, ruslarning milliy qahramoni, faxri va iftixoriga aylanadi. Jo‘shib ketgan yozuvchi inqilobdan keyingi dastlabki yillarda (1918 yil 1 mayda) Moskvada o‘rnatilgan Skobelev haykali buzib tashlangani haqida ko‘z yoshi to‘kib yozadi: «Qisqa, ammo porloq umrida Vatan uchun munosib xizmat qilgan insonning nomi o‘n yillar mobaynida rus tarixidan chiqarib tashlandi».

Muhtaram yozuvchi bu yerda ham yanglishadi. Skobelev — tarixiy shaxs. Tarix sahifalaridan uning nomini hech kim supurib chiqarib tashlay olmaydi. Bu — mumkin emas. Turkiston xalqlari uchun u yovuzlik timsoli bo‘lib qolaveradi. Xuddi Gitler kabi, Stalin kabi.

Skobelevning xizmatlari munosib baholanmayapti deb nadomat chekadiganlar orasida, ming afsuski, mashhur yozuvchi, marhum Valentin Pikul ham bor edi. Adib «Eslab yurishimiz lozim» nomli tarixiy lavhasida «oq general» siymosini o‘ziga xos tarzda madh etadi. U tarixchi olim V. N. Masalskiy Skobelev haqida tadqiqot yozib, nashr etolmay yurganidan ajablanadi. Noshirlar, qarangki, Skobelev O‘rta Osiyoni zabt etuvchilardan bo‘lgani uchun u yerdagi jumhuriyatlar xafa bo‘ladi, deb kitobni chiqarishdan voz kechishgan ekan! Mashhur yozuvchi bu hodisani o‘ta adolatsizlik deb baholaydi. Sababi: chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning bosib olinishi «progressiv hodisa»! «Bu hech kimni ajablantirmaydi, albatta,— deb yozadi V. Pikul.— Agar Rossiya O‘rta Osiyo vohalari va qishloqlariga o‘z qo‘shinini kiririb, Kushkada mustahkamlanib olmaganda, u bilan Angliya mustamlakalari o‘rtasidagi chegara qaysidir uzoq manzildan emas, balki Orenburg atrofidan o‘tgan bo‘lardi. O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishiga doir siyosiy va iqtisodiy mayllarni «Temir kantslerlar jangi» nomli romanimda batafsil bayon qilgan edim, haligacha biron tarixchi menga e’tiroz bildirgani yo‘q.

Aslini olganda, inqilobdan 35 yil oldin o‘lib ketgan Skobelevning Sovet hukumati oldida qanday aybi borligini men yaxshi tushunmayman. Shunga qaramay, ayrim hadiksirovchi va qo‘rqoq kimsalar yozuvchilarga:

— Yaxshisi, Skobelev haqida yozmaganinglar ma’qul,— deb nasihat qiladilar.

Biz esa qo‘rqmay yozaveramiz, sababi, uning nomi biz uchun Sheremetev, Saltikov, Suvorov va Kutuzov nomlari qatorida turadi...»

Yezuvchi masalani mana shu tarzda ko‘ndalang qo‘yadi. Uning mavzuga «o‘ziga xos» «teran» yondashuvi o‘z navbatida bizni ham hayratda qoldiradi. Demak, Rossiya O‘rta Osiyoni Angliyadan qo‘rqqani, chegara chizig‘i nariroqdan o‘tishini xohlagani uchungina bosib olgan ekan-da! Qarang, o‘ta g‘alati, aql bovar qilmaydigan mantiq! Mashhur tarixiy romanlar yozgan adib bu gaplarni aytganiga hatto ishonging ham kelmaydi. Ammo na iloj!

V. Pikulning «Xiva, darvozangni och!» nomli boshqa tarixiy lavhasida esa rus qo‘shinlariga berilgan kutilmagan ta’rifga duch kelamiz:

«Rus askari chaqirilmagan joyga aslo borgan emas. U faqat o‘zini xaloskor deb kutganlarning oldigagina borgan.

U qozoqlar, turkmanlar, o‘zbeklar bilan hech qachon jang qilmadi. Rus askari jazirama sahrolarda kezib o‘rta asr mustabidlarini — xonlar, sultonlar, beklarni — Temurlang zamonidan beri barxanlar bag‘riga singib ketgan butun sharqona razillik va iflosliklarni taxtdan ag‘dardi. Biz og‘ir mashaqqatlarga chidab, Rossiyani ko‘pmillatli buyuk mamlakatga aylantirgan ajdodlarimizni aslo unutmaymiz!»

Yozuvchining barcha mulohazalari va chegara xususidagi tashvishlari o‘rinli deb hisoblay qolaylik. Unda Farg‘onadagi qishloqlar, shaharlar, turkman ovullarining ayovsiz talangani, yondirilgani, qirg‘in qilinganini qanday baholash kerak? O‘z chegarasini mustahkamlash uchun, ozodlik olib borish uchun butun-butun xalqlar qonga botiriladimi, yo‘q qilinadimi? Buni adolatsizlik, bosqinchilik emas, tabiiy va qonuniy hodisa deb atash mumkinmi? Nega hurmatli yozuvchi muammoning bu tomoni haqida o‘ylashni xohlamaydi, xayoliga keltirmaydi?

Sababi oson. Buyuk millatchilik, o‘z xalqi manfaatlaridan boshqa hech narsani tan olmaslik, mensimaslik og‘usi uning butun vujudiga singib ketgan. Shuning uchun u tarix haqiqati bilan hisoblashmasdan, o‘z nuqtai nazarini bepisandlik bilan taqdim etaveradi. Ammo yozuvchi qanchalik harakat qilmasin, uning niqobi baribir yirtilib ketdi, haqiqiy basharasi o‘z-o‘zidan fosh bo‘ldi. «Xalqlar turmasi»ga aylangan Rossiya imperiyasi tarix qa’riga ko‘milib ketdi, «ko‘p millatli xalqlar do‘stligi» niqobi ostida unga merosxo‘r bo‘lib chiqqan SSSR qanchalik parchalanganiga, xudoga shukur, guvoh bo‘lib turibmiz. Zo‘ravonlik, bosqinchilik-ku uzoqqa bormaydi, ammo sho‘ring qurgur maddohlarga qiyin. Ularning sharmandasi chiqib, yuzi qaro bo‘lib qolaverar ekan.

Tarix jumboqlari bizni hamisha o‘yga toldiradi.

M. Popov, B. Kostin, V. Pikullar uchun Skobelev — tengi yo‘q daho, shavkatli sarkarda.

Bulg‘orlar uchun xaloskorlik ramzi.

Turkiston xalqlari uchun esa yovuz istilochi, mustabid jallod. Uning qora qilmishlari shunday baholash uchun bizga qonuniy huquq beradi. Bunga butun tarix guvoh bo‘lib, chirqirab yig‘lab turibdi. Boshiga tushgan qora kunlardan hamon qutula olmay, qon va zardob yutayotgan ona Turkiston chor jallodlarining qonli jinoyatlarini hech qachon kechirmaydi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 12-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.