OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Sharafiddinov. Mustafo Cho‘qayev (1992)

http://n.ziyouz.com/images/mustafa-choqay.jpg

Qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonov «Az i Ya» kitobida akademik Grekovning «Kiev Rusi» asaridan bir parcha keltiradi: «Ham yozma, ham boshqa manbalar xizmatimizga muntazir. Ammo manbalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, faqat bir holdagina foydali bo‘lishi mumkin — tadqiqotchining o‘zi undan nima istashini yaxshi bilmog‘i kerak». O‘ljas Sulaymonov bu ko‘rsatmani keskin tanqid qiladi. Chindan ham, yuksak rutbalik rahbarlarning og‘ziga qarab ish yuritishni odat qilib olgan ancha-muncha «olimlar» taniqli akademikning bu gapini o‘zlari uchun muqaddas dasturil amal qilib oldilar. Ular turli-tuman asarlarida tarixni xolisona yoritish o‘rniga undan o‘z maqsadlariga mos keladigan hodisalar va faktlarni tanlab yoritish, qolganlarini esa xas-po‘shlash yoxud bilib bilmaganga olish yo‘lidan bordilar. Biroq gap faqat mashhur akademikning nazariy ko‘rsatmasida ham emas. Bu qo‘rsatmaning o‘zi mamlakatimizda 20-yillardayoq qaror topgan muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyatning samarasi o‘laroq maydonga kelgandi.

Ma’lumki, 1917 yildan keyin bolsheviklar barpo etgan yo‘qsullar hukmronligi saltanatida hukmron mafkura faqat bir maqsadga— yangi tuzumni har jihatdan oqlash va ulug‘lashga xizmat qildi. Bu yo‘lda u har qanday vositalardan, hatto zo‘ravonlikdan ham, oshkora yolg‘on, surbetlarcha soxtakorliklardan ham qaytgani yo‘q. Hukmron mafkura, ayniqsa, bolsheviklarning milliy siyosatini «ulug‘lashda» zo‘r jonbozlik ko‘rsatdi. «Oktyabr o‘tmyshda ezilgan xalqlarni ozodlikka olib chiqdi, ular ulug‘ og‘amizning yordami bilan baxtiyor hayot qurdilar, ular o‘tmishda xor va qashshoq edilar, faqat sovet davridagina madaniyatli, farovon turmush kechira boshla-dilar, buning uchun ular partiyadan har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Kimda-kim bu gaplarga qo‘shilmasa yoxud qarshi bo‘lsa, u g‘oyaviy mahdud, murtad, xalqning ashaddiy dushmani, razil millatchi!» — O‘nlab yillar davomida ana shu «haqiqatlarini xalq ongiga singdirishga harakat qilindi. Afsuski, ijtimoiy ilmlar turli tazyiqlar va ma’muriy jazolar ta’sirida mustaqilligini yo‘qotib, nobop tuzumning xizmatkoriga aylandi. Oqibatda olis o‘tmish ham, yaqin tariximiz ham butunlay soxtalashtirilib, buzib, yolg‘on-yashiqqa, uydirmalarga qoryshtirib talqin etila boshladi. Ayniqsa, XX asrda yashab o‘tgan, ilg‘or g‘oyalarni olg‘a surgan, bu yo‘lda qo‘lidan kelgan xizmatini ayamagan ziyolilar shafqatsiz tanqid ostiga olindi. Ularning olamdan o‘tib ketganlariga «jadid» degan muhr bosilib, yomonotliqqa chiqarildi. Ming xil chig‘iriqlardan o‘tib, 30-yillarga yetib kelganlari Stalin jallodlari tomonidan qatli om qilindi. O‘z vaqtida vatanini tark etib ulgurgan, muhojirlikning og‘ir, minnatli nonini yeb, o‘ta murakkab sharoitlarda jon asraganlarga esa «sovetlarning ashaddiy dushmani, vatangado xoinlar, aksilinqilobchilar, millatchilar» degan qora tamg‘a yopishtirildi. Ularni qoralashga rasman fatvo berildi. Tarixchimi, adabiyotshunosmi, iqtisodchimi, faylasufmi, xullas, olim zoti borki—hammasi ularning bironta asarini, biron maqolasiny o‘qimasa-da, hayot yo‘lini bilmasa-da, siyosiy, adabiy, falsafiy qarashlaridan bexabar bo‘lsa-da, qarshi chiqmog‘i, munozaraga kirishib, qarashlarini rad etmog‘i, behayo so‘zlar bilan so‘kib, loyga qorishtirmog‘i ham farz, ham qarz edi. Bunday olimlar rag‘batlantirilar, «mafkuramizni mustahkamlash ishiga hissa qo‘shgan qahramonlar» deb baholanardi. Buni qarangki, muayyan yillarda ana shunday «aksil targ‘ibotchilik», chet ellardagi o‘zbek muhojirlarini yoki boshqa millatlarga mansub sharqshunos olimlarni fosh qilish ayrim «olimlar» uchun tirikchilikning oson yo‘l aylandi. Ancha-muncha odamlar bu yo‘ldan borib, mansab pillapoyalaridan ko‘tarildilar va soxta shuhrat egalariga anlandilar. Bugun bularning hammasi yolg‘on bo‘lib chiqdi. O‘sha «fosh etilgan», urilgan, so‘kilgan sovetshunoslarning ko‘p gaplari to‘g‘ri ekan — ular chetdan turib, Turkistonning zavolli ahvoli, achchiq taqdiri to‘g‘risida bizga qaraganda to‘g‘riroq va teranroq fikr yuritishgan ekan. Zamon o‘zgardi, katta qiyinchiliklar, talafotlar evaziga bo‘lsa hamki, oshkoralikka erishdik, asta-sekin so‘z erkinligi kirib kelyapti. Bugun Vali Qayumxon, Boymirza Hayit, Buloqboshi, Temirxo‘ja kabi o‘zbek muhojirlarining nomini bemalol tilga oladigan, asarlarini chop etadigan bo‘lib qoldik. Hatto o‘zbek yozuvchilarining so‘nggi qurultoyida Boymirza Hayit yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi. Ana shu muhojirlar safida Mustafo Cho‘qay alohida o‘rin tutadi.

Mustafo Cho‘qay faqat turkistonlik muhojirlar o‘rtasidagina emas, balki G‘arbdagi, ayniqsa, Olmoniya va Turkiyadagi sharqshunos olimlar dunyosida katta obro‘ qozongan, yuksak nufuzga ega bo‘lgan bir zotdir. Alloma bu e’tiborga bir vaqtlar Turkiston muxtoriyatining boshida turgani uchungina emas, ikkinchi jahon urushi chog‘larida turkistonlik yurtdoshlaridan ancha-muncha odamni o‘lim changalidan tortib olib, asrab qolgani uchungina emas, balki Turkiston mustaqilligi yo‘lidagi fidokorona faoliyati tufayli, ko‘pgina teran va xolisona ilmiy asarlari tufayli erishgan. Chet ellarda uni «turklarning buyuk milliyotchisi va yurtsevarlaridan biri» deb e’zozlaydilar.

Afsuski, ana shunday inson haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. To‘g‘rirog‘i, bilganimiz — hukmron mafkuraning bu odam haqida miyamizga quygan yolg‘on-yashig‘idan o‘zga narsa emasdi. Mustafo Cho‘qayning nomi 20-yillarda ko‘p tilga olinardi. Ammo har xil qurultoy, mafkuraviy anjumanlarda, inqilobiy mavzularda yozilgan risola va kitoblarda u ashaddiy xalq dushmani, milliy burjua mafkurasining yetakchi namoyandasi, sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan, bosmachilik harakatini uyushtirgan bir kimsa sifatida ta’riflanadi. 30-yillarning o‘rtalarida ham turli munosabatlar bilan Mustafo Cho‘qay tez-tez tilga tushib turdi. Jumladan, 1930 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudining sobiq raisi Sa’dulla Qosimov ustidan bo‘lgan sud jarayonida davlat qoralovchisi R. Katanyanning ayblov nutqida yoki O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov so‘zlagan ma’ruzalar yoxud nutqlarda shunday bo‘lgan. Biroq 1937 yildan keyin xuddi birov buyruq berganday, Mustafo Cho‘qay nomi matbuot sahifasidan butunlay o‘chib ketadi, go‘yo bu odam, umuman, hech qachon yashab o‘tmagandek, uning to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi. Faqat 1985 yildan keyingina olim haqidagi gaplar yana tiklandi, biroq bu gal yangi asosda, yangicha munosabat bilan tiklandi; ba’zi asarlari matbuotda e’lon qilina boshlandi.

Mazkur ish Mustafo Cho‘qay haqidagi ilk maqola. Afsuski, qo‘limda uning chet ellarda bosilgan ko‘pgina kitoblari va tadqiqotlari yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, Mustafo Cho‘qayning Turkiyada bosilgan «1917 yil xotira parchalari» degan kitobi hamda unga bag‘ishlangan albom asosida va gazetada chop etilgan «Turkiston Sho‘rolar hokimiyati davrida» degan maqolaga suyanib, uning hayot yo‘li va ijtimoiy-siyosiy qarashlari to‘g‘risida fikr yuritmoqqa jazm qildim. Shoyadki, Turkiston mustaqilligining atoqli kurashchisi sifatida dong taratgan yurtdoshimiz haqida ilk tasavvur beruvchi bu maqola bugungi o‘zbek kitobxonlari uchun foydadan xoli bo‘lmas.
Mustafo Cho‘qay 1890 yilning 17 yanvarida (bu yerda tug‘ilgan kun sanasi eski hisobda keltirilmoqda)  Oqmachit shahrida tug‘ilgan. Oqmachit hozir Qizil O‘rda viloyatining markazi. XIX asr o‘rtalarida bu shahar Qo‘qon xonligiga qarar, uning chegarasida joylashgan ovloq bir qal’a hisoblanardi. Olmaotada istiqomat qiluvchi rus zabon yozuvchi Anov «Oqmachit» romanida bu shaharning rus qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilinishi voqealarini batafsil hikoya qilgan. Cho‘lpon ham «Kecha va kunduz» romanida Oqmachitga doir latifanamo bir gapni keltiradi. Roman qahramonlaridan biri Noib to‘ra Miryoqubga deydi: «…Senlarning Xudoyorxoningga «o‘rislar Oqmachitni olib qo‘ydi» deganlar. Xudoyorxon «u yurtim necha kunlik yo‘lda?» deb so‘ragan, «bir oylik yo‘lda» deganlar. «Unday bo‘lsa, menga unaqa olis yurtning keragi yo‘q. Olsa olabersin» degan…» (Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent—1991, 144-bet.)

Inqilobdan oldin Oqmachit yana bir jihati bilan mashhur bo‘lgan — ovloq joy bo‘lishiga qaramay, Oqmachitdan juda ko‘p tilmochlar chiqqan. Yaxshisi, bu xususda so‘zni Mustafo Cho‘qayning o‘ziga beraylik:
«Eski Turkiston viloyati doirasidagi shaharlar orasida Oqmachitning ba’zi o‘ziga xosliklari bor edi… Ulardan biri, balki eng muhimi, bu doirada faoliyat ko‘rsatgan tilmochlarning ko‘pchiligi Oqmachitdan chiqqani edi. Yolg‘iz Sirdaryo viloyati hududidagina emas, Samarqand va Farg‘ona viloyati shaharlarida ham gubernator, politsiya mahkamalarida oqmachitlik qozoq tilmochlari xizmat qilardi… Oqmachit shahri kotib va tilmachlar yetishtirib beruvchi bir makon bo‘lib qolgandi.» (Mustafo Cho‘qay. «1917 yil xotira parchalari». Anqara. yosh Turkiston nashriyoti — 1988, 16-bet.)

Mustafo ana shunday muhitda dunyoga kelgandi. Otasi Cho‘qaybey To‘rg‘ay Dodho o‘g‘li (1811—1918) o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan arboblaridan bo‘lgan. U o‘g‘lini ilmli, ma’rifatli qilib tarbiyalash yo‘lida qo‘lidan kelgan ishni ayamagan. Mustafo boshlang‘ich ma’lumotni Oqmatchitda ona tilida eski maktabda oladi. O‘g‘lidagi iqtidorni va ilmga havasni payqagan ota eski maktab ta’limi bilan cheklanish mumkin emasligini yaxshi tushunadi va uni Toshkentga yuboradi. Bu yerda Mustafo gimnaziyada rus tilida tahsil ko‘radi. Uni a’lo bahoda bitirgach, Peterburgga yo‘l oladi. Mustafo Peterburg dorilfununining huquq kulliyotini ham zo‘r muvaffaqiyat bilan tugatadi. Dorilfununda o‘qir ekan, Mustafo faqat huquqshunosliq ilmlariga qiziqish bilan kifoyalanmay, ayni choqda, til o‘rganish bobida ham favqulodda iqtidor egasi ekanini namoyish etadi. Mustafo Cho‘qay ham bevosita siyosiy faoliyat maydoniga kirib qoladi. Tabiiyki, yosh Mustafoni hammadan avval ona yurt taqdiri qiziqtirar edi. U Turkistonni mustamlaka kishanlaridan xalos ko‘rishni istar, o‘lka xalqlari o‘z taqdiriga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan holda taraqqiyot yo‘liga chiqib, boshqa ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini xohlardi. U inqilob arafalarida yozgan maqolalarida Turkiston mustaqilligi uchun kurash g‘oyalarini keng targ‘ib eta boshladi. Shunday qilib, Mustafo Cho‘qay Turkiston manfaatlarini chuqur tushunadigan ilg‘or fikrli ziyolilarning oldingi qatoridan o‘rin egallaydi. Fikri teran, qalami o‘tkir bo‘lgani uchun uni hatto Rossiya Dumasiga ishga olishadi.

«1917 yil inqilobi boshlangan kezlarda,— deb yozadi Mustafo Cho‘qay «1917 yil xotira parchalari» kitobida,— men Peterburgda edim. U zamonda men Rossiya Dumasi (parlamenti) Musulmon fraktsiyasi qoshidagi byuroda Turkiston vakili edim. Turkiston haqida materiallar to‘plar va davlat dumasidagi musulmon millat vakillariga Turkiston bilan bog‘liq masalalar haqida kerakli materiallarni hozirlab berardim». 1917 yil fevral inqilobi amalga oshib, podsho taxtdan voz kechishi haqidagi Manifestni e’lon qilgan kuni Mustafo Cho‘qayni Toshkentga taklif etadilar. Biroq Toshkentdan kelgan telegrammada 1917 yilning aprelida Orenburgda Umumqozoq Kongressi bo‘lishi ma’lum qilingan va unda Mustafo Cho‘qayning Turkiston vakili sifatida qatnashishi iltimos etilgandi. Mustafo Cho‘qay Orenburgga yo‘l oladi, biroq manzilga yetguncha yo‘lda — Penzada to‘xtab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Penzadagi voqea Mustafo Cho‘qayning ona yurtga muhabbati mazhum narsa emas, balki vatanning xo‘rlangan, qiynalgan, ezilgan farzandlariga chinakam g‘amxo‘rlik tarzida namoyon bo‘lganini ko‘rsatadi. Mustafoning o‘zi quyidagicha yozadi: «Yo‘lda Penza shahrida turkistonliklarimizga duch keldim. Bu yerda Turkiston ishchilari to‘la o‘nlarcha vagon bir chekkaga chiqarib qo‘yilgandi… Bu bechoralarning turmushi va oqibatidan xabar oladngan biron kimsa yo‘q edi. Shu tarzda unutilgan turkistonliklar nima qilishlarini bilmay nochor ahvolda qolgan edilar.» Mustafo Cho‘qay Turkiston vakili sifatida bekat boshlig‘iga murojaat qiladi, undan ish chiqmagach, viloyat komissari bilan gaplashadi. Bundan ham natija chiqmaydi. Ishga viloyat ishchi-askar deputatlari sho‘rosi aralashadi va Mustafoning qiyin-qistovi bilan turkistonlik ishchilar tushgan vagonlar ona yurt tomon yo‘l oladi.

Mustafo Cho‘qay xotiralarida keltirilgan bu voqea uning tabiatini, g‘ayrati ichiga sig‘maydigan faoliyat kishisi ekanini, yurtdoshlarining taqdiriga hech qachon loqayd tomoshabin bo‘lib qaramaganini ko‘rsatadi.
Mustafo Cho‘qay Orenburgda bir necha kun bo‘ladi. U yuqorida zikr etilgan xotiralarida Birinchi umumqozoq qurultoyi g‘oyat baland ruhda o‘tganini yozadi. Qurultoy qozoqlarning milliy uyg‘onishida katta ahamiyat kasb etishi bilan birga, barcha turkiy xalqlarni Turkiston mustaqilligi g‘oyasi atrofida birlashishiga ham yordam bergan. Qurultoy ishida Fotih Karim, Munavvar qori Abdurashidov kabi taniqli ziyolilar ishtirok etgan. Ularning nutqlari qurultoy ahlida katta taassurot qoldirgan. Mustafa Chuqay buni ham yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi:

«Munavvar qorining «O‘zbek qardoshlaringizdan salom keltirdim» deya boshlangan tabrik so‘zlarini qozoq bo‘zqirlaridan kelgan vakillarda uyg‘otgan tuyg‘ulari, chuqur ta’siri men uchun unutilmas bir xotiradir. Munavvar qorining ilk jumlasini oyoqqa turib qarshilagan majlis ahli unga uzoq olqishlar bilan javob berdi. Ko‘pgina yosh vakillar uni ko‘z yoshlari bilan tingladilar. Qozoq bo‘zqirlarining olis go‘shalaridan kelgan vakillar «endi biz ham qon va jon birligimizni, qardoshligimizni ochiqcha so‘ypay oladigan bo‘ldik» deyaroq ko‘zlari yoshlandi. Orenburg va umum turq-tatarlar nomidan Fotih afandi Karimiy qurultoyni qutladi. Shunday qilib, qurultoy buyuk Turq xalqining uch kuchli qo‘li orasidagi mustahkam bogliqlikni namoyish etgan bir sahnaga aylandi.»

Mustafo Cho‘qay Orenburgdagi ishlarini bitirgach, Toshkentga keladi. 1917 yilning bahor kezlarida Toshkentdagi siyosiy hayot qaynab turgan qozonni eslatardi. Kurash jabhasida har xil ijtimoiy toifalar manfaatiga xizmat qiluvchi siyosiy kuchlar faoliyat ko‘rsatardi. Toshkentda ham qo‘sh hokimiyatchilik davom etar, yurtni Muvaqqat hokimiyat komissari bilan bir qatorda ishchi va askar deputatlari Soveti ham boshqarardi. Sovetning tarkibi xilma-xil bo‘lib, unda eserlar, kadetlar, bolsheviklar va musulmonlar fraktsiyasi mavjud edi. O‘rtada inoqlik yo‘q edi. Shuningdek, shaharning siyosiy hayotida yana ikki tashkilot — «Ulamo jamiyati» bilan «Sho‘roi islomiya» ham katta rol o‘ynardi. Biroq bular ham ahil bo‘lib ish tutish o‘rniga o‘zaro nizolarga berildilar va ko‘p o‘tmay, ixtiloflar oshkora kurashga aylanib ketdi. Bundan foydalangan bolsheviklar ularni tor-mor keltirdi va 1917 yilning o‘rtalarida boshqa partiyalarni Toshkentdan quvib yuborishdi. Shu tarzda Mustafo Cho‘qay Qo‘qonga keladi va siyosiy-inqilobiy faoliyatini davom ettiradi. Bu paytda u musulmonlar o‘lka sovetining («Sho‘roi islomiya») raisi edi. Qo‘qonda biroz bo‘lgach, vaziyatni o‘rganish, xalq kayfiyatini bilish uchun Marg‘ilonga boradi. Turkiston o‘lkasining Andijon, Toshkent, Samarqand, Chimkent, Avliyo-ota kabi shaharlari bilak yaqindan aloqada bo‘ladi. 1917 yilning 31 oktyabrida bir guruh bolshyoviklar Toshkentda hokimiyatni qo‘lga kiritishadi va Turkistonda sovet hokimiyatini e’lon qilishadi. O‘lkada siyosiy vaziyat favqulodda tus oladi. Bunday sharoitda O‘lka musulmonlar Soveti ham o‘z faoliyatini kuchaytiradi.

1917 yilning 9 dekabrida ertalab soat 10 da Qo‘qon shahrida o‘lka musulmonlarining favqulodda qurultoyi ochiladi va Turkiston muxtoriyati e’lon qilinadi. Qurultoyda muxtoriyatni idora qiluvchi Xalq Kengashi saylanadi. Kengash o‘z navbatida Muxtoriyat hukumatini saylaydi, Uning birinchi raisi taniqli jamoat arbobi, Alash O‘rda partiyasining rahbarlaridan biri Tinishboev bo‘lgan edi. Ammo u bori-yo‘g‘i bir hafta raislik qildi. Hozircha bizga noma’lum sabablarga ko‘ra u iste’foga chiqadi, o‘rniga Mustafo Cho‘qay tayinlanadi. Biroq uning hukumati ham uzoq yashayolmaydi — oradan uch oy o‘tar-o‘tmas bolsheviklar tomonidan tor-mor etiladi. Shu yerda andak to‘xtab, boshqa bir masalaga e’tiboringizni jalb qilamiz.

So‘nggi 75 yil davomida Turkistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, bu yerdagi bosqinchilik harakati, fuqarolar urushi, Qo‘qon muxtoriyati haqida yuzlab asarlar bitildi. Shunisi qiziqki, ularning hammasida muxtoriyatni tor-mor keltirgan bolsheviklar va qizil askarlar Turkiston xalqiga beqiyos yaxshilik qilgan buyuk qahramonlar sifatida ta’riflanadi, Qo‘qon muxtoriyati esa eng yaramas, eng zararli bir hodisaday talqin etiladi. Men bu o‘rinda faqat tarixshunos olimlarning asarlarini ko‘zda tutayotganim yo‘q. Biz adabiyotshunoslar ham tarixni buzishda ulardan qolishgan emasmiz. Adiblar, shoirlar, dramaturglar, kinochilar ham aynan sho‘ hodisalarni o‘ta soxtalashtirib tasvirlaganlari, «Yasha sho‘ro!» deb hayqirishdan nariga o‘tmaganlari busun hammaga ma’lum. Gina-kuduratlarni qo‘yayligu boshqa bir savolga javob izlaylik: nima uchun mana shu asarlarning hammasida Mustafo Cho‘qay yakdillik bilan qoralanadi? Nazarimda, sho‘roning nonini yeb ulg‘aygan olimu fuzalo, adibu shuaro Mustafo Cho‘qayning inqilobgacha bo‘lgan faoliyatida ortiqcha salbiylikni ko‘rmaydi-yu, lekin muxtoriyat hukumati raisligiga saylanganligini sira-sira kechirolmaydi. Buning boisi shundaki, umri qisqa Qo‘qon muxtoriyati o‘lka hayotida biron-bir sezilarli burilish yasab ulgurmay tarix sahnasidan chiqib ketgan esa-da, u Turkiston mustaqilligi yo‘lida yoqilgan so‘nmas yulduz — xalq qalbida yongan umid chirog‘i edi. Uni yoqqanlardan biri Mustafo Cho‘qay edi. Shuning uchun ham hukmron kommunistik mafkura uni sira kechira olmadi va Qo‘qon muxtoriyatini 20-yillardan beri muttasil qoralab, «fosh qilib» keldi. Uning bo‘yniga taqilgan tavqi la’natlar esa o‘sha-o‘sha eski gaplar — muxtoriyat aksilinqilobiy hokimiyat, go‘yo butun Turkiston Oktyabrni quvonchdan ko‘zda yosh bilan chapak chalib kutib olgan-u, muxtoriyatchilar xalq irodasiga qarshi borib, burjua hukumatini tuzgan. Bu — boshdan-oyoq tuhmat. Firqa tarixchilari 20-yillardayoq Turkistonda mahalliy aholi inqilobdan mutlaqo uzoq bo‘lganini ochiq aytishgan edi. Birgina misol keltiraman. Turkiston tarixiga oid bir qator asarlar e’lon qilgan P. Alekseenkov «Qo‘qon muxtoriyati» kitobida mahalliy ishchilarning inqilobga munosabati haqida yozadi: «Ishchilar sinfining milliy tabaqalariga nisbatan shuni aytish kerakki, ularning bir qismi ishlab chiqarishdagi o‘rni va saviyasining o‘ta pastligi vajidan sovet hokimiyatini yetarli darajada faol qo‘llab-quvvat-lamaydi, boshqa qismi esa, hatto betaraflik yo‘lyda turadi».

Dehqonlar ham ulardan o‘tib ketgan emas: «Ishchilar sinfi tomonida turib (ya’ni, inqilobchilar tomonida, deyilmoqchi —O. Sh.) faol va qat’iy chiqish uchun uchta narsa yetishmasdi:
1) o‘zining asosiy iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini bilmaslik;
2) faoliyat uchun zarur bo‘lgan uyushqoqlik;
3) ishchilar sinfini yetarli tushunish va dehqonlarni faol kurashga jalb qilish lozimligini anglamaslik.»
Xo‘sh, milliy Ziyolilar-chi?
«Milliy ziyolilar Oktyabr inqilobidan keyin burjuaziya bilan birga ketdi». (P. Alekseenkov. Kokandskaya avtonomiya. T.—1931, 14, 15, 16-betlar.)

Demak, ishchilar sinfi ham, dehqonlar ham, ziyolilar ham Oktyabr inqilobini amalga oshirishda faol qatnashmagan. Endi o‘zingiz o‘ylang — na ishchilar, na dehqonlar, na ziyolilar qo‘llab-quvvatlamagan hodisani «xalq inqilobi» deyish mumkinmi? Xalqning unga ijobiy munosabati qanaqa bo‘ladi? Sovetparast olimning o‘zi tan olgan dalillar Oktyabr inqilobi Turkistonga chetdan keltirilganini yaqqol isbot qilmaydimi? Bas, shunday ekan. Qo‘qon muxtoriyati mahalliy xalqning inqilobiy xohishiga zid o‘laroq maydonga kelgan, deb da’vo qilish borib turgan bir uydirma, xolos. Bil’aks, dalillar va hujjatlar shundan dalolat beradiki. Turkiston muxtoriyati bu yerda yashovchi mahalliy xalqlarning eng teran orzu-havaslariga to‘la mos bo‘lgan.

Ko‘p yillar mobaynida rasmiy kitoblarimizda: «Muxtoriyat mahalliy burjua millatchilarining hokimiyatidir. U Rossiyaga qarshi, ruslarga qarshi qaratilgan, Turkistonni Rossiyadan ajratib olishga intilgan,» degan aqidalar oldinga surib kelindi. Biroq bu da’volar ham puxta zaminga ega bo‘lmagan, puch va uydirma gaplardir. Buni isbotlash oson. Avvalo, muxtoriyat parlamenti — «Xalq kengashiining milliy tarkibiga e’tibor qilaylik. Unda o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar bilan bir qatorda ruslar, ukrainlar, yahudiylar, armanlar va boshqa millat vakillari ham bor edi, Unga 54 kishi saylangan: 36 kishi mahalliy, 18 kishi Ovro‘po millatlariga mansub bo‘lgan. Shuning o‘ziyoq muxtoriyatni barpo etgan odamlarda baynalmilalchilik ruhi ancha yuksak bo‘lgani, haqiqiy demokratiyani ancha chuqur tushunganini ko‘rsatib turipti. Shunday ekan, bu muxtoriyatni «mahalliy burjua millatchilarining hukumati» deb atash tarixiy haqiqatni soxtalashtirishdan boshqa narsa emas. Turkistonni Rossiyadan ajratib olish masalasiga Mustafo Cho‘qay xotiralaridan olingan bir jumla bilan javob berish mumkin. U yozadi: «Biz Rossiyadan ayrilmoqni talab etmadik. Faqat muxtoriyat e’lon qildik. Natija esa ma’lum…»

Aslida Turkiston muxtoriyatining barpo bo‘lishiga inqilob samarasi sifatida qarash kerak. Ma’lumki, yangi hokimiyat ilk formonlaridayoq Rossiya tasarrufidagi xalqlarga ozodlik va’da qildi, ularning o‘z taqdirini o‘zlari belgilash huquqiga egaligi, hatto Rossiya tarkibidan ajralib chiqishlari mumkinligi e’tirof etildi. Bundan tashqari, yangi hokimiyat boshlig‘i V. I. Lenin Oktyabr inqilobidan bir oy o‘tar-o‘tmas Rrssiya va Sharqdagi barcha musulmon mehnatkashlarga murojaat qildi. Uning maktubida shunday gaplar bor edi: «Bundan buyon sizlarning urf-odatlaringiz, sizlarning milliy va madaniy muassasalaringiz ozod va daxlsiz deb e’lon qilinadi. O‘z milliy hayotlaringizni erkin va bemalol uyushtira beringiz, sizlarning bunga haqqingiz bor… Sizlar o‘zlaringiz o‘z vataningizning hokimlari bo‘lishingiz lozim. O‘z rasm-rusmlaringizga binoan hayotingizni uyushtirishingiz lozim. Sizning bunga haqqingiz bor, chunki sizlarning taqdiringiz — o‘zlaringizning qo‘lingizda.» («Sharq yulduzi» oynomasi, 1991, 3-son, 168-bet.)

Turkistondagi milliy-ozodlik harakatining rahbarlari, shu jumladan, Mustafo Cho‘qay ham bu gaplarga chippa-chin ishonib, laqqa tushdilar. Ular bolsheviklar siyosati birinchi qadamdanoq riyokorlik asosiga qurilganini, og‘izda balandparvoz va’dalar berib, amalda odamlarning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldiraverishlarini xayollariga ham keltirmagan edilar. Lenin ham shunday qildi: boyagi murojaatnomadan keyin ko‘p o‘tmay, Turkiston xalqlarining qarshiligini o‘ta shafqatsizlik bilan bostirish haqida «dohiyona» ko‘rsatmalar berib, baland rutbalik vakillarini bu yerga jo‘natdi.

Bundan tashqari, muxtoriyatning vujudga kelishiga yangi sovet hokimiyati birinchi qadamlaridanoq milliy siyosat bobida mudhish xatolarga yo‘l qo‘ygan, mahalliy xalq-nimensimay, huquqlarini poymol etgani, shovinistlarcha muomala qilgani ham sabab bo‘ldi. Buni isbotlaydigan dalillar ham ko‘p. Oktyabr inqilobidan keyin Turkistonda tuzilgan birinchi srvet hukumati tarkibida bironta ham mahalliy millat vakili yo‘q edi. Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining tarkibida ham dastlabki bosqichda mahalliy millatlarga o‘rin ajratilmadi. Inqilobiy rahbariyatning ayrim xodimlari 1917—1918 yillar mobaynida turli yig‘inlar va anjumanlarda sira tor-tinmay yerli xalq sha’niga tahqirli gaplar aytishgan. Masalan, Turkistondagi hokimiyat a’zolaridan biri K. Ya. Uspenskiy 1918 yil yanvarida o‘lka sovetlarining qurultryida so‘zlagan nutqida shunday degan edi: «O‘rtoq musulmonlar! Shuni bilingizkim, biz sizlarning katta og‘angizmiz. Siz kichiksiz va, tushunarliki, bizga bo‘ysunishingiz kerak» (O‘sha joyda).

Sovet hokimiyatining dastlabki davrlarida bolsheviklar milliy siyosat sohasida jiddiy shovinistik xatolarga yo‘l qo‘yishgani 20-yillarda e’lon qilingan ko‘pgina tadqiqotlar va kitoblarda ochiq tan olingan. Jumladan, P. Alekseenkov yuqoridagi asarida shunday yozadi: «Oktyabr inqilobi davrida va undan keyingi dastlabki oylar mobaynida Turkiston partiya tashkiloti milliy masalada qator xatolarga yo‘l qo‘ydi… Madaniy jihatdan qoloq va siyosiy jihatdan yetarli darajada balog‘atga yetmagan mahalliy aholi inqilobda faol ishtirok etolmasligiga amin edik. Shuning uchun inqilobni ularsiz davom ettirishga qaror qildik.» (51—52-betlar.)
Mana shunday kamsitishlar va tahqirlar oqibatida 1917 yilning 11 dekabr kuni o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Binobarin, muxtoriyat bir «hovuch fitnakorlarning xuruji» tufayli emas, mahalliy xalqlarning ko‘pdan davom etib kelayotgan orzu-istaklarining natijasi, Oktyabr inqilobi davridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mahsuli sifatida maydonga keldi. Maydonga keldi-yu, ko‘p o‘tmay, bolsheviklar tomonidan kunfayakun qilindi.

Ko‘p yillar mobaynida sovetparastlik ruhi bilan sug‘orilgan asarlarimizda Mustafo Cho‘qay Turkistonda bosmachilik harakatining ilhomchisi va tashkilotchisi sifatida qoralab kelindi. Biroq bu ayblov ham hech qanday zaminga ega bo‘lmagan havoyi gap. To‘g‘ri, Mustafr Cho‘qay hukumat boshlig‘i sifatida harbiy vazir Ubaydulla xo‘ja Asadullaxo‘jaev bilan birga muxtoriyatni qizil qo‘shin xurujidan himoya qilish uchun ba’zi tadbirlarni ko‘rgan. Jumladan, ular mudofaa ishlarini uyushtirishni Qo‘qon militsiyasining boshlig‘i Ergashga topshirgan, Ergash esa o‘z navbatida uncha ko‘p bo‘lmasa-da, qurollangan dasta tuzib, Sovetlarning harbiy kuchlariga qarshi jang qilgan. Shunga asoslanib, Mustafo Cho‘qzyni bosmachilik harakatining asoschisi sifatida qoralash mumkinmi? Holbuki, rasmiy hujjatlarda, ko‘pgina asarlarda «bosmachilik» degan tahqirli nom olgan, aslida esa mohiyat e’tibori bilan mustamlakachilik siyosatiga qarshi qaratilgan milliy-ozodlik kurashi bo‘lgan bu ommaviy harakatni tug‘dirgan o‘ziga xbs sabablar bor edi. Bularning eng asosiysi hokimiyat vakillarining mahalliy xalqlarga mensimay qarashi, uning milliy tuyg‘ularini, insoniy g‘ururini tahqirlashi, urf-odatlari va rasm-rusmlarini oyoqosti qilishi edi. Shu bilan birga, sovetchilar aksilinqilobchilarga qarshi kurash niqobi ostida mahalliy xalqqa nisbatan shafqatsiz qirg‘inni amalga oshirdilar.

Tinch aholini qatag‘on qilish Qo‘qonda fevral oyining 17-kuni boshlandi. Sovetparast tarixchilarning tadqiqotlarida ko‘rsatilishicha, o‘sha kezlarda uch kun davomida Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Yangi hokimiyat Qo‘qonni talon-taroj qilish uchun dashnoqlarga to‘la erk berib qo‘ydi. Birgina Qo‘qonning o‘zida 10000 dan ortiq odam o‘ldirildi. Qirg‘in shu bilan tugagani yo‘q. 1918 yilning birinchi yarmida Marg‘ilonda 4500 odam o‘ldirildi. Shu jarayonda 180 qishloqqa o‘t qo‘yildi. Minglab oilalar xonavayron bo‘lib, boshpanasiz qoldilar. (Sh. Shama’diev. Ocherki istorii grajdanskoy voynы v Ferganskoy doline. T., 1961. 54—60 s.) Bunday mislsiz vahshiylik, quloq eshitib, ko‘z ko‘rmagan zo‘ravonlik susayish o‘rniga borgan sari kuchayib bordi. 1919 yilda ham, undan keyingi yillarda ham «bosmachilik harakatini» bostirish uchun kelgan Qizil Armiya qismlari, jumladan, qonxo‘rligi bilan dong chiqargan Budyonniyning Birinchi otliq armiyasi bosmachilar qolib, tinch aholini qirish, ayollarni tahqirlash, hatto go‘daklarni chavaqlab, nayzalarga ilish bobida mislsiz «qahramonlik» namunalarini ko‘rsatdilar. Bu vahshiyliklarni hatto hozir ham ba’zi qariyalar eslab qolishsa, qaltiroq bosib, ranglari o‘chib ketadi. Xullas, Farg‘ona vodiysi 1918 yilning boshlaridanoq qonga belanib, xarobazorga aylandi. Buni ko‘rgan har qanday insofli odam dahshatga tushib, yoqa ushlamasligi, «Go‘zal Farg‘ona, senga ne bo‘ldi?» deya fig‘on qilmasligi mumkin emasdi. Ayni choqda, bu yovuzliklarga qarshi harakat — isyon tug‘ilishi, xalq «bir boshga bir o‘lim!» deb oyoqqa turishi tabiiy hol edi. Xalq isyonining haqiqiy sababi mana shunda! Mustafo Cho‘qayga o‘xshash ayrim odamlarni «bosmachilik harakatining asosiy sababchisi» qilib ko‘rsatish esa ommaning diqqat-e’tiborini tarix haqiqatidan chalg‘itishdan boshqa narsa emas. Bu masalada ham hukmron kommunistik mafkuraning o‘z dushmanlarini yomonotliq qilishda hech narsadan qaytmasligi, yolg‘on-yashiq gaplarni va uydirmalarni bemalol ishga solaverishi, ikki yuzlama siyosati yaqqol ko‘rinib turipti.

Mustafo Cho‘qay Turkistonda «bosmachilik harakatini» yana shuning uchun uyushtira olmas ediki, u 1918 yilning o‘rtalaridayoq Turkistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgandi. U bir necha muddat Kavkazda Tiflis shahrida turadi, keyin xorijga ketadi. Chet elda Mustafo Cho‘qay Parij va Berlin shaharlarida istiqomat qilgan, Turkiyaga tez-tez borib-kelib turgan. U muhojirlikda 20 yildan ortiqroq hayot kechirdi. Bu davrda samarali ijod qildi va ko‘pgina ilmiy maqolalar, bir qator tadqiqotlar yaratdi. Mustafo Cho‘qay Turkistondaligidayoq o‘tkir maqolanavis sifatida keng tanilgan edi. Dastlab u «Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasida faol qatnashadi. Bu nashr 1917 yilda Toshkentda «Yashasin millatlar muxtoriyati!» degan shior bilan chiqqan va u «xalqining yuzdan to‘qson sakkizi musulmon bo‘lgan Turkiston o‘lkasida xalq idorasining xorij-dan kelgan askar va ishchilar qo‘liga o‘tishiga turkistonliklar rozi bo‘lmayajaklar» deb yozgandi. Mustafo Cho‘qay shu ro‘znomaning eng mumtoz mualliflaridan biri edi. 1917 yilning o‘rtalarida Toshkentda «Birlik tuvi» degan gazeta ham chiqa boshlaydi. Men salkam qirq yil muqaddam aspiranturada o‘qib yurgan kezlarimda V. I. Lenin nomidagi Davlat kutubxonasining qiroatxonasida o‘tirib, bu ikki ro‘znomaning ayrim sonlarini varaqlab ko‘rgan, hatto «Ulug‘ Turkistonvdan Hamzaning «Turkiston mo‘xtoriyatiga» degan katta manzumasini to‘la ko‘chirib olgan edim. O‘shanda bu ro‘znomaning sarg‘ayib ketgan sahifalaridan olis 1917 yilning ola-g‘ovur sadolari kelayotganday tuyulgandi menga.

1918 yilda Toshkentda yana bir nashr paydo bo‘ldi. Bu — «Svobodnыy Turkestan» degan ruscha ro‘znomadir. Muhimi shundaki, bu ro‘znomaning moddiy ta’minoti ham Mustafo Cho‘qay zimmasida edi. U turli taxalluslar ostida rus tilida maqolalar yozib, mazkur nashrda muntazam qatnashib turgan. 1942 yilda Mustafo Cho‘qay vafotining bir yilligi munosabati bilan Istambulda Namuna matbaasida albom chiqargan doktor M. Delil uning maqolanavislik faoliyati to‘g‘risida g‘oyat qimmatli ma’lumotlar beradi. Uning ko‘rsatishicha, adib 1919—1920 yillarda Kavkazda kamida to‘rtta nashr chiqishida qatnashgan. Bular — 1919 yilda rus tilida Tiflisda chiqqan haftalik «Volnыe gortsы» nashri — unda Mustafo beyning Turkiston masalalariga doir maqolalari bor; «Na rubeje» — bu ro‘znoma emas, majmua. U Tiflisda Turkiston va Ukraina milliy markazlarining moddiy yordami bilan chiqarilgan. Ruscha majmuada Mustafo bey «M. Chanay» va «Jalil» degan nomlar bilan maqola yozgan. Yana— «Yangi dunyo» — 1920 yilda Shimoliy Kavkaziya milliy tashkiloti bilang Turkiston milliy markazi birlashib chiqargan ro‘znoma. «Shafaq» ro‘znomasi ham Tiflisda Mustafo beyning bosh muharrirligida chiqarilgan. Tabiiyki, bularda ham uning maqolalari muntazam bosilib turgan. 20-yillarning oxirlarida Istambulda «Yangi Turkiston» degan oylik majmua chiqa boshlaydi. U 1927 yildan 1931 yilning iyuligacha nashr etildi. So‘ngra Mustafo beyning bosh muharrirligi va siyosiy rahbarligi ostida Berlinda 10 yil mobaynida (1929—1939) chiqib turgan majallani eslamoq darkor. Doktor M. Delilning tasdiqlashicha, bu majalla «Cho‘qayning milliy mafkurasini va Turkiston turkligi milliy harakatini g‘oyatda oydin bir suratda aks ettira bilmishdir».

Mustafo Cho‘qayning Turkiston tarixi, milliy uyg‘onish hamda ozodlik harakatining dolzarb Muammolari haqida bahs yurituvchi asarlari frantsuz, ingliz, polyak tillarida ham bosilgan. Uning maqola va risolalari Turkiston haqida shu qadar muhim ma’lumotlar berganki, bu o‘lka hayotini tadqiq qiluvchi olimlar uni chetlab o‘tolmaganlar. Masalan, 1942 yilda nemis tilida «Turkiston» degan hajman yirik bir asar chop etiladi. Mualliflari R. Oltssha va G. Klaynovlarning ta’kidlashicha, 434 sahifalik bu asarning 363—409-betlari Mustafo Cho‘qay qalamiga mansubdir. Bulardan tashqari, «1917 yil xotira parchalari» kitobidagi izohlarda Kaliforniyadagi Statford universiteti qoshidagi Rus inqilobini o‘rganish markazi «Turkistonda inqilob va Sovet hukumatiga qarshi xalq ko‘tarilishlari» degan majmua tayyorlayotgani, shu munosabat bilan Mustafo Cho‘qayga murojaat qilingani, u esa «Turkistonda inqilob va Qo‘qon muxtoriyati» degan maqola yozib bermoqchi bo‘lgani aytiladi. Aftidan, bu maqola 1937 yilning boshida yozilib, Kaliforniyaga yuborilgan bo‘lsa kerak.
Ko‘rinib turiptiki, Mustafo Cho‘qay muhojirlikda yurganida ham biror daqiqa bo‘lsin Turkiston mustaqilligi g‘oyasidan chekingan emas. U yuzlab maqolalarida bu g‘oyani targ‘ib etgan, bir kun kelib, Turkiston osmonida ozodlik quyoshi nur sochajagiga ishonishdan to‘xtamagan. Biroq ming afsuski, biz bu ulkan zotning hamma asarlarini bilmaymiz. 1950 yilda Istambulda «Yosh Turkiston» nashriyotida doktor A. Oqtoy tug‘ilgan kunining 60 yilligi munosabati bilan «Turkiston milliy harakati va Mustafo Cho‘qayev» degan kitob chiqarishgan ekan. Biz hatto shu kitob bilan tanishish imkoniga ham ega emasmiz. Lekin shunga qaramay, men yana bir bor Mustafo Cho‘qayni o‘tkir nigohli tadqiqotchi, hayotni yaxshi biladigan, voqealar zamiridagi haqiqatni ko‘ra oladigan, mantiqi chuqur, qalami o‘tkir bir olim deb hisoblayman. Uning «Turkiston Sho‘rolar hukumati davrida» degan maqolasi shundan dalolat berib turibdi.

Avvalambor, maqolanyng ijodiy tarixi diqqatga sazovor. 1927 yilda Oktyabr inqilobining 10 yilligi munosabati bilan Moskvaga frantsuz ishchilari delegatsiyasi keladi. Uning bir qismi O‘zbekistonga safar qilib, bir necha kun respublika hayoti bilan tanishadi. Bu yerda frantsiyalik vakillar «Turkiston milliy jumhuriyatlaridagi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan» o‘zgarishlardan hayratlanib hayajonga tushadilar. Ularning nazarida Turkistonda hamma yoqda erkinlik saltanati barpo etilgan, milliy masala uzil-kesil hal etilgan, xalq farovon va baxtiyor hayot kechiradi, har qanday siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy muammolar tegishli yechimini topgan. Delegatsiya a’zola-ri «Pravda Vostoka» gazetasining 1927 yil 30 noyabr va 2 dekabr sonlarida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadilar. Masalan, janob Shelino shunday deydi. «Biz shunga ishondikki, yosh sovet O‘zbekistonini mahalliy xalqning o‘zi boshqaradi. Bizga berilgan ma’lumotnomalarda davlat organlarining rahbar qismi asosan mahalliy aholi vakillari ekanini ko‘rdik…»

Delegatsiya rahbari janob Gashe deydi: «Bizni buyoqqa jo‘natgan frantsuz ishchilariga sovet davlatida millatlar tengligi qaror topgan hayotni ko‘rdik deb yetkazamiz. Mening o‘zim bunga sirayam shubha qilmayman».
Frantsuz delegatsiyasi O‘zbekistondan jo‘nab ketish oldidan deklaratsiya tayyorlaydi. «Pravda Vostoka» gazetasining 1928 yil 20 yanvaridagi sonida e’lon qilingan bu deklaratsiyada «mahalliy o‘rtoqlarning milliy sohadagi yutuqlari» birma-bir sanab o‘tilgan.

Delegatsiya a’zolari Parijga qaytgach, bu taassurotlarini jamoatchilikka izhor etganmi-yo‘qmi — ma’lum emas. Lekin muhojirlikda yashasa ham Turkiston hayotini sinchkovlik bilan kuzatib borgan Mustafo Cho‘qayev mazkur fikr-mulohazalardagi bir tomonlamalikka sira toqat qilolmagan. Natijada u «Turkiston Sho‘rolar hokimiyati davrida» degan kattagina maqola yozadi va uni 1928 yilda e’lon qiladi. Maqolaning Parijda frantsuz tilida chop etilgan nusxasiga taniqli jamoat arbobi Per Renodel so‘zboshi yozgan. Per Renodel Mustafo Cho‘qayev bilan 1920 yilda Tiflisda tanishgan ekan. O‘shandayoq Mustafo bey frantsuz arbobining nazarida o‘z yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun kurashuvchi izchil demokrat sifatida taassurot qoldirgan.

Per. Ryonodel maqolani qisqacha tahlil qilib, lo‘nda-lo‘nda jumlalarda fazilatlarini sanab, yuqori baho beradi va uni Turkistondagi haqiqiy ahvolni ochib beruvchi qimmatli hujjat deb hisoblaydi. Maqolaning ahamiyati haqida Per Renodel yozadi: «Bu risola ming-minglab turkistonliklar mustabid to‘zum qurboni bo‘lganligi to‘g‘risida guvohlik beradi; bu risola butun mamlakatni jaholat boshqarayotgani, shu ma’noda, ayrim bolsheviklarning o‘zlari ham e’tirof etganlari kabi, marksizm-leninizm deb atalmish ta’limog, faqat sarob-nayrang ekanligi to‘g‘risida guvohlik beradi, bu risola agrar revolyutsiya niqobi ostida qishloq xo‘jaligini yoppasiga jamoa-jamoa qilib, yoppasiga majburiy ekspluatatsiyaga tayyorlayotgani, butun iqtisodiyot faqat aldovga va tashib ketishga mo‘ljallanayotgani to‘g‘risida guvohlik beradi. «Bu so‘zlar bugun emas, kecha emas, 63-yil avval — 1928 yilda yozilgan. Bugun esa biz bu gaplarning mutlaqo haqiqat ekani tarix tomonidan to‘la tasdiqlanganyga guvoh bo‘lib turibmiz.

Mustafo Cho‘qayev maqola boshida vakillarning «safarimizda to‘la erkin bo‘ldik, qaerni istasak, shu yerni borib ko‘rdik, kim bilan istasak, shu odam bilan suhbatlashdik» degan gaplari aoossiz ekanini isbotlaydi. U delegatsiya a’zolarining birontasi mahalliy tillarni bilmasligini, hamma joyda tilmochlar orqali ish yuritishganini aytadi. Shunday ekan, tilmochlar maxsus tayyorlangani, har xil tashkilotlardan mufassal yo‘riqlar olib ishlagani aniq. Yoxud ular o‘sha tashkilotlarning maxfiy xodimlari bo‘lishlari ham mumkin. Mafkura muassasalari bu tashkilotlar, bilan birga har qanday hollarda ham yo‘qni bor, oqni qora, qorani oq qilib ko‘rsatish havosini olgan. Aslida hayotga chuqur nazar tashlansa, o‘sha yillarda Turkiston hayotida na milliy erkinlik, na inqilobiy farovonlik yo‘qligi yaqqol ko‘rinadi-qoladi.

Shunisi muhimki, Mustafo Cho‘qayev bu fikrlarini dalillar ekan, faqat partiya hujjatlariga, s’ezdlar, plenumlar konferentsiyalarning qarorlariga, sovet hokimiyatining ishonchli odamlari aytgan va sovet partiyaviy matbuotida e’lon qilingan materiallarga tayanadi. Masalan, «Turkiston sovetlar davrida chinakam erkinlikka erishdi, bu yerda milliy masala uzil-kesil hal qilindi» degan fikrni rad etar ekan, unga qarshi «Toshkentlik bolsheviklarning o‘ziga xos hokimligi ostida Turkistonda mustamlaka rejimning davomi o‘laroq yangi davr boshlandi…» degan fikrni olg‘a suradi. Bu da’vo partiyaviy hujjatlardan va sovet matbuotidan olingan dalillar bilan chuqur isbotlanadi. Ma’lumki, sovet hokimiyatining dastlabki yillarida Turkistonda dahshatli ochlik yuz bergan, oqibatda, sovet matbuotining xabar berishicha, 1 114 000 odam o‘lgan edi. Mustafo Cho‘qayev bu ochlikni bolsheviklar ongli suratda uyushtirganini va «dunyoning hech bir burchagida bunday mudhish tarzda sinab ko‘rilmagan «ochlik siyosati» orqali milliy ozodlik harakatiga zarba bermoqchi bo‘lganini isbot qiladi.

Buning uchun u o‘sha paytda katta mansablarda xizmat qilgan Turor Risqulov kitobidan parcha keltiradi: «Turkistondagi Oktyabr to‘ntarishining rahbarlaridan biri Tobolin Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi majlislaridan birida to‘g‘ridan-to‘g‘ri «qirg‘izlar iqtisodiy qoloq bo‘lganlari uchun ham, ular baribir, qirilib ketishga mahkumdir. Shuning uchun inqilob butun kuchini ochlikka qarshi kurashga emas, yaxshisi frontni mustahkamlashga qarshi qaratish kerak» degandi. Millionlab odamlarning qirilayotganini, butun o‘lka alamli faryodlardan bo‘g‘ilib yotganini ko‘ra-bila turib shunday demoq uchun odam mutlaqo vijdonsiz, o‘ta behayo bo‘lmog‘i kerak. Faqat o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zini dunyoning ustuni deb bilgan, boshqa xalqlarni mensimaydigan ashaddiy shovinistgina shunday qilishi mumkin. Bunday sharmandali qarashlar sovet yoki partiya tashkilotlari tomonidan va o‘sha kezlarda, na undan keyin qoralandi. Aksincha, Tobolin o‘lgandan keyin uning nomi abadiylashtirildi. Tarix kinoyasini qarangki, Toshkentning shundoqqina biqinida, Chimkent viloyatining Sariog‘och rayonidagi kattagina qishloq hozir ham Tobolin nomida atalib kelinmoqda.

Turkistonda inqilobning dastlabki yillaridanoq mudhish mustamlakachilik siyosati olib borilganidan Lenin ham, partiya Markaziy Qo‘mitasi ham yaxshi xabardor bo‘lgan, biroq ular bunga chek qo‘yish borasida qo‘lini sovuq suvga urgan emas. Aksincha, bu hodisani e’tirof etish bilan cheklanishgan. Mustafo Cho‘qayev buni RKP Markaziy Qo‘mitasining 1920 yil 29 iyunida qabul qilgan ыaroridan olingan parcha bilan isbot qiladi:
«Mustamlaka psixologiyasi bilan zaharlangan, rus ishchilari qo‘lida bo‘lgan Turkistondagi Sovet hokimiyati davrida kelgindi yevropalik aholi bilan mahalliy xalq o‘rtasidagi munosabat yaxshi tomonga o‘zgardi emas, balki yana ham keskinlashdi. Chor hukumati davrida amaldorlar mahalliy xalqni asoratga solish uchun qanday yo‘l tanlashgan bo‘lsa, bugungi «kommunistlar» ham xuddi shunday yo‘l tanlashmoqda».

Mustafo Cho‘qayev maqola davomida sovet hokimiyati Turkistondagi mustamlakachilik siyosatini inqilobning dastlabki yillaridan keyin ham izchillik bilan davom ettirganini ta’kidlaydi. Muallif keyingi yillardagi ayrim tadbirlarni tahlil qilar ekan, ular go‘yo «yaxshi niyat bilan», kambag‘al va qashshoq dehqonlarga qayishganday tuyulsa-da, aslida mehnatkash xalqni yanada asoratga solajagini bashorat etadi. Masalan, maqolada yer islohotining mohiyati ochib berilgan — hukumat asbob-uskunasiz; ot-ulovsiz dehqonlarga majburan yer berib, ularni yanada qaram qiladi. Ular yoppasiga paxta ekishga majbur bo‘ladilar, bu esa g‘alla ekinlarining kamayi chorvachilikning qisqarishiga olib keladi. Oziq-ovqat ta’minotida dehqon to‘laligicha chetdan keladigan mahsulotga qarab qoladi, uning turmush darajasi benihoya tushib ketadi. 1928 yilda aytilgan bu gapni O‘zbekistonning keyingi 60 yillik tarixi to‘la isbotladi.

VSSPS O‘rta Osiyo byurosining 1927 yil sentyabrida bo‘lgan plenumida so‘zlagan notiq «Ilich» nomli zavod ma’muriyati «shtat qisqarganini e’lon qilib, ayni paytda Rossiyaning ichki muzofotidan yangi ishchi kuchlari chaqirib kelishganini» aytadi. Holbuki, xuddi shu paytda O‘rta Osiyo bo‘yicha 28 625 ta ishsiz bor edi. Biz bu Siyosat ham faqat 20-yillarda amalga oshirilgan o‘tkinchi tadbir emasligini yaxshi bilamiz. Bugungi kunda shu siyosat tufayli butun O‘rta Osiyo iqtisodiyoti juda nochor ahvolga tushib qoldi, O‘zbekistonda esa millionlab odamlar juda faqir va qashshoq hayot kechirmoqdalar.

Mustamlaka siyosatining yana bir jihati kadrlar masalasi bilan bog‘liq. Mustafo Cho‘qayev frantsuz delegatsiyasining «O‘zbekistonda hamma muhim lavozimlarni milliy kadrlar egallab turipti» degan gapini ham juda asosli rad etadi. U buning uchun partiya XVI s’ezdi materiallariga murojaat qiladi. Unda Orjonikidze boshqa masalalar qatori O‘zbekistonda boshqaruv apparatining milliy tarkibi haqida gapirgan ekan. Uning hisobiga ko‘ra apparatda ruslar 61,9 foizni, yerli millat vakillari esa 24,7 foizni tashkil qiladi. Biroq yerli millat vakillarining malakasi va sifati masalasi juda nochor ahvolda bo‘lgan. Mustafo Cho‘qayev buni ham «Za partiyu» jurnalida bosilgan (1927 yil 3-son) Xonsuvorovning maqolasidan olingan quyidagi parcha yurqali dalillaydi: «Okrug ijroiya komitetlari prezidiumi a’zolari va raislari , arifmetikaning oddiy to‘rt amalini ham bilishmaydi, hatto o‘z tillarida ham qiynalib yozadilar, Parij va London shaharlari qaysi mamlakatning poytaxtlari ekanini ham bilishmaydi, partiya tarixidan mutlaqo bexabar, partiya dasturini o‘qib ham ko‘rishmagan. Savol tug‘iladi: nahotki, 20-yillarning o‘rtalari yoxud oxirlarida, shuningdek, keyingi yillar mobaynida butun jumhuriyat hududida saviyasi baland, yuksak madaniyatli, rahbarlik ishlariga iqtidori zo‘r odamlar topilmasa? Nahotki, xalq ichidan chiqadigan iste’dodlar bulog‘ining suvi tortilib qolgan bo‘lsa? Yo‘q, unday emas, albatta. Biroq mustamlakachilik saltanatining o‘z qonun-qoidalari, o‘z mantiqi bor. Unga ko‘ra kadr tanlashda bilimning ko‘pdan ahamiyati yo‘q, yuqori mansabni egal-laydigan, nomenklaturaga kirishga da’vogar odam yuqoriga sadoqatli bo‘lsa, buyruqni lom-mim demay bajarsa, bo‘lar-bo‘lmas savollar berib, masalalar qo‘yib, boshni qotirmasa bo‘ldi.

Bolsheviklarning ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biri Georgiy Safarov 1921 yildayoq mustamlakachilarning kadr tanlash mezonini juda aniq tasvirlab bergan. U:, «Mustamlaka inqilobi. Turkiston saboqlari» degan kitobida yozadi: «Mustamlakachilarga yerli aholidan chiqqan rahbar, o‘zlari bilan bir safda turadigan teng huquqli o‘rtoq kerak emas edi. Ularga tilmochlar va ijrochi mirshablar zarur edi».
Bu parcha ham Mustafo Cho‘qay tadqiqotidan olindi. Bunday misollarni yana keltiraverishga hojat yo‘q. Yuqoridagilarning o‘ziyoq mazkur maqola naqadar kuchli mantiqqa egaligini ko‘rsatib turipti. U sho‘rpeshona Turkiston Sho‘ro hukumati qo‘li ostida yanada mudhish asoratga tushib qolganini, o‘lka boshidagi bulutlar yanada quyuqlashganini, xalq tobora qashshoqlashib, huquqlari poymol etilib, tarixiy merosidan, yozuvidan, tilidan mosuvo bo‘layotgnini puxta dalillar asosida isbotlab berdi. Shu birgina maqolaga qarab olimning qalami nechog‘liq o‘tkirligi, tafakkuri qanchalar teranli gisa amin bo‘lish mumkin. Eng muhimi, Mustafo Cho‘qayev bu va boshqa asarlari bilan jahon xalqlarini Sovet Ittifoqidagi mustabidlik saltanatida sodir bo‘layotgan jinoyatlardan, o‘zboshimchaliklardan ogoh qilib turdi. Ehtimolki, xuddi shu xizmati bilan Mustafo Cho‘qayev bugungi istiqlol kunlarining yaqinlashishiga hissa qo‘shgandir.

Qadimiy Berlin shahrining ozoda va osuda ko‘chalaridan birida qabriston joylashgan. Uni Turk-islom qabristoni deyishadi. Unga sevimli vatani —Turkiston mustaqilligi yo‘lida kurashmoqdan tolmagan, o‘z vatandoshlariga qo‘lidan kelgan yaxshiligini ayamagan bir muborak zot — Mustafo bey Cho‘qayevning jasadi ham qo‘yilgan. Hatto uning vafoti ham yurtiga, vatandoshlariga muhabbatidan nishona bo‘ldi. 1941 yilda fashistlar Sovet Ittifoqiga hujum boshladi. Urushning boshlaridayoq yuz minglab sovet kishilari fashistlar tomonidan asir olindi. Bu kezlarda Mustafo Cho‘qay Parijda yashardi. Fashistlar uni zudlik bilan Berlinga olib kelishadi va asir tushgan turkistonliklardan harbiy qismlar tuzishni talab qilishadi. Mustafo Cho‘qay bu taklifni qat’iyan rad etadi, biroq asirlikdagi yurtdoshlari bilan ko‘rishib, qandaydir yo‘llar bilan ularning qismatini yengillatishga yordam beradi. Shu uchrashuvlarda u sil kasalini , yuqtirib oladi. Kasal zo‘rayib, 1941 yilning 27 dekabrida Mustafo Cho‘qayev olamdan ko‘z yumadi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.