Bismillahir rohmanir rohiym. Ulug‘ tangrimiz - Ollohga cheksiz shukrlar bo‘lsinkim, yaqin bir yarim asr davomida ozodlikning hayotbaxsh sharbatiga chanqoq Turkiston ahlining ko‘pchiligiga hurriyat nasib bo‘ldi.
Buning sharofatidan shonli tariximizni soxtalikning o‘laksa qobiqlaridan tozalay boshladik, ma'naviyatimizni yaxshi niyatlar-la taftish qilmoqdamiz, ulug‘larimiz merosidan chin insoniy qadriyatlarni ularga amal qilish uchun izlamoqdamiz. Bu sa'y-harakatlardan olinajak natijalar ma'naviy kamolotni xoh ongli, xoh ongsiz ravishda moddiy rivojlanishdan oliyroq deb tushunib kelgan bizning ixlosli xalqimiz uchun havo va suvdek zarur, shu bugunda. She'riy merosidan namunalar berilayotgan muallif - Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyati va ijodi bilan tanishuv ham mazkur fikrga aynan dalil bo‘ladi, inshoolloh! «Har ishga oxirida baho berilur. Barcha ishning asosi tuganchisidir», degan hadisi sharifning haqligiga tasdikan otamiz rahmatli haqida xalqimiz dastavval ul kishining ijodiy mehnatlari samaralari bilan tanisha turib, tasavvur hosil qila boshladi. Vaholanki, tarjimasi chuqur komusiy bilim va igna bilan kuduk qazishdek beadad sabrni talab qiluvchi Amir Temur Tarag‘ay Bahodir o‘g‘li kalamiga mansub «Temur tuzuklari», Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoe», Darveshali Changiyning «Musiqa risolasi» asarlarining o‘zbekchaga o‘girilishi ona Turkiston fozila madaniyatini saqlab qolish yo‘lida xolis bajarilgan ulkan xizmatning debochasi edi. Ulardan bahramand bo‘la olganlar, ushbu ishni eng oliy maqomda bajaruvchi faqat kuchli allomagina emas, balki zabardast tarixiy shaxs ekanligini payqay boshladilar. Bunday mushohadalarni qandaydir sirli qilib qo‘yayotgan sabablardan biri yana shunda ediki, muallif to‘g‘risida el orasida bir tomondan «komil diniy olim», «marshal ota», «xitoylik general», «uyg‘urlarning hibs qilingan podshosi» degan, ikkinchi tomondan «sovetlar dushmani», «panislomist, panturkist», «siyosiy kochoq», «Stalinning yaqini», «KGB bilan hamkor», «o‘zbek sovet razvedkachisi» kabi ovozalar yurardi. Hukumat idoralarida mas'ul bo‘lib ishlab yurganlar esa Alixonto‘ra haqida, odatda, sukut saqlardilar.
Alixonto‘ra faoliyati haqida AQSh, Turkiya, Xitoy, Rusiya kabi turli mamlakatlarda chop etilgan ilmiy-tarixiy asarlarda ancha ma'lumotlar keltirilgan. Ular, bizning bilishimizcha, yirik kamchiliklardan xoli emas. Haqqoniy va xolisona maqolalar so‘nggi 1-2 yil ichida O'rta Osiyo jumhuriyatlari, xususan, O'zbekiston vaqtli matbuotida e'lon qilina boshladi. Afsuski, ularda ham qator noaniqliklarga yo‘l qo‘yildi. «Tarix haqida qog‘oz qoralaganda, ilm odobiga ko‘ra bir og‘iz so‘z ham ortiqcha qo‘shmaslik yo kamaytmaslik farz», degan otamiz ko‘rsatmalariga rioya aylab hamda qayd etilgan qusurlarni bartaraf etishni ham ko‘zda tutib, quyidagilarni ma'lum qilishga kirishdim. Umid qilamanki, bul - otamiz hakida shu kungacha bizda e'lon qilingan tarjimai holiy maqolalarning to‘liqrog‘i bo‘lajak.
Tarixdan ma'lumki, 1881 yili Turkmanistondagi Ko‘k qal'a istehkomini konli janglardan keyin chor qo‘shinlzri ishg‘ol qildilar va bu bilan chorak asr, balki undan ham ko‘p, surunkali bosqinchilik urushlaridan so‘ng butun Turkiston mustamlakaga aylantirildi. Vatanimiz o‘z erkidan ajrab, qullik zulmatiga cho‘mgan xuddi shu davrda Qirg‘izistondagi To‘kmoq shahrida navro‘z kuni o‘zbek oilasida ikkinchi o‘g‘il - mening otam Alixonto‘ra tavallud topdilar. Onalarining ismi - Norbuvi, afsus, ular haqida bilganlarim hozircha juda oz.
Otalari Shokirxonto‘ra asli andijonlik, naqshbandiya sulukiga mansub diniy olim bo‘lib, Shokirxo‘ja eshon nomi bilan ham mashhur edilar. Katta buvamiz Muxammadxo‘ja, ularning otalari Mirniyozxo‘ja va shu yo‘sinda yigirma nechanchi buvamiz Qilich Burhon ekanlar, bularning maqbaralari hozir ham O'zgan shahrida qad ko‘tarib turibdi.
Ikki og‘iz so‘z To‘qmoq shahri haqida. Ushbu kent kadimiy turk beshiklaridan hisoblang‘an, qoraxoniylar davrida poytaxt bo‘lgan mo‘‘tabar Bolasog‘un shahri qalmoqlar bilan tengsiz qurashda xarob bo‘lgach, uning shundoq yonginasida barpo bo‘ldi. Go‘yo bevaqt vafot qilgan onasi tepasida qayg‘uga cho‘mgan hassakash farzand kabi. Otam o‘z shaharlarining o‘tmishdagi noyob va shonli tarixini chuqur bilgan holda, juda e'zozlardilar va uning tabarruk nomini keyinchalik o‘zlariga taxallus qilgandilar. Sovet sharqshunos olimlarlari «Bolasog‘un bormi yo yo‘qmi?» deb tortishib yurgan yillarda otamiz bizlarni o‘z ona shaharlarining xarobalariga olib borganlar, u yerlarni kezganmiz, 70 ming kishi shahid bo‘lgan ekan, ularning muborak qonlari to‘kilgan yerlarda tiz cho‘kib o‘tirib, qur'on tilovat qilib, baxshida qilganmiz. Kezi kelganda, shuni aytib qolmoqchimanki, biz o‘zbeklar, ya'ni, o‘zbek turklari 1924 yilda belgilab berilgan «iston»lar chegaralaridagina yashab kelmaganmiz, balki butun O'rta Osiyo kengliklari va undan tashqarida javlon urgan, ulug‘lik shan-shavkatidan baxramand bir xalqmiz. Agar sanay boshlasam, bizning hozirgi jumhuriyatimizdan sirtda bo‘lgan tarixiy shahar - kentlarimiz ichkaridagilardan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, oz emas, mashhurligi ham kam emas. O'zidan To‘qmoqni nishon qilib qoldirgan Bolasog‘un ham Tiroz (Avliyo ota), Turkiston, Forob, Xo‘jand, Hirot, Sayram (Saryom) kabi ana shunday turklik maskanlaridan edi.
Otamizning bolalik va o‘smirlik yillari... Buning bayonini bir lirik chekinish ruhida boshlash istagi tug‘ildi, zero o‘quvchilarga bu ma'qul bo‘lajak. Tasavvur qilaylik, o‘tgan asr oxiridagi sahni keng, bog‘-rog‘li o‘zbek hovlisi. Yer tandirga o‘t qalangan, buvimiz non yopish taraddudida, besh yashar o‘g‘illari - Alixonto‘ra ona atrofida uymalashib yuribdi. Ona bir zum uyga kirib chiqquncha go‘dak yo‘qoladi. Birdaniga tomirda qonni to‘xtatadigan faryod eshitildi:- «Voy dod, bola nobud bo‘ldi, kuydi!» Oyoq yalang yugurib chiqqan Shokirxonto‘ra yer tandir tomon otildi. Ko‘ziga go‘yo tush aralash qizigan tandir ichida, cho‘g‘ ustida tipirchilab turgan, g‘ujanak bo‘lib olgan farzandi ko‘rinadi. Tortib oladilar. Xoh ishoning, xoh ishonmang - bola soppa-sog‘, kuyganlikdan deyarli asorat yo‘q edi. Voqeaga shohid bo‘lgan oqsoqollar dedilarki:- «Karomat sodir bo‘ldi, inshoolloh! Bu o‘g‘il o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas Vatan o‘g‘loni bo‘lajak, g‘arib dinimizga quvvat bergusidir!»
Oradan bir yilcha o‘tganda bo‘lgan yana bir voqea: Qurbon hayit bayrami kunlari edi. Bir to‘p bolalar quvonishib, shovqin-suron solishib masjid yonidan o‘tib borardilar. Guruhdan birgina bola ajrab, masjid darvozasi oldida taqqa to‘xtab qoladi. Ichkaridan «huv Olloh, huv» maqomida aytilayotgan haq taolo zikri uning borlig‘ini chulg‘ab olgan, butun vujudi bilan titrardi, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Shu ahvolda zikr davrasi tomon yaqinlashdi. Darveshlarning‘ keksasi buni ko‘rib turgan edi, bolani yerdan azot ko‘tarib, davra o‘rtasiga olib qo‘ydi. Shundagina u asta-sekin o‘ziga kelib, norasida ingichka ovozi bilan zikr oqimiga qo‘shildi.
Bolalikdan o‘chmas xotira bo‘lib kolgan boshqa bir voqea ham diqqatga molikdir. Shundoqki, otamiz 10-11 yoshlarida buvamizdan bir chiroyli qulun hadya olgan ekanlar. Uni mehr bilan parvarishlab boqib, yuvib-tarab, o‘stirib, toy bo‘lib qolgan kezlarda, bir kun bolalar yugurib kelib deydilarki: - «Alixon! O'tkinchi qozoq o‘rislari toyingni olib ketyaptilar». Bu o‘rinda shuni eslatib ketish kerakki, oq poshshoning erkalari hisoblangan kazaklar o‘sha vaqtlarda mahalliy xalqning xohlagan uyiga kirib, istagan narsasini tortib olaverardi, mol-chorvasiyu, yilqisini ham haydab ketaverardi. Ularning qilichi va o‘qidan, kaltagidan omon qolgan jabrlanuvchi esa dardini kimga aytsa aytaversin, baribir befoyda edi.
Buva-buvimizning «hay-hay»laganiga karamay, bunday zulmga chidayolmagan ota-miz, boshqa otga minasolib kazaklarni quvib yetadilar va jon holatda toychoqning bo‘ynidan mahkam quchoqlab oladilar. Bosh-ko‘zlari mo‘mataloq bo‘lib, qamchi zarbidan qon shar-shar okayotgan bo‘lsa-da, uni toychoqdan ajrata olmaydilar. Oxiri, kazaklar xaloyiq to‘planayotganini ko‘rib, qo‘l siltagancha o‘ljadan voz kechib, so‘kina-so‘kina jo‘nab qoladilar.
Otam rahmatlidan boshqa g‘aroyib kechmishlarni ham ancha eshitgandim. Biroq mazkur uch voqea mening tahlili ojizimga ko‘ra, bir mantiqiy butunlikka ega. Ya'ni, o‘sha, yurt boshiga qaro kunlar tushganda, ona Turkistonimiz bag‘rida o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas, dushmanga egilmas farzandlaridan birini yorug‘ dunyoga keltirdi.
Mana shunday muhit hukm surgan bir davrda, Shokirxonto‘ra tutkunlikning chirkin ruhi singib qolmasin, hamda ilg‘or islomiy tarbiya olishsin degan maqsadda ikki o‘smir o‘g‘illari Olimxon va Alixonni Makka shahriga olib ketib, u yerda o‘qishga joylab, o‘zlari ham muayyan muddat turib, qaytib keladilar. Tahsil yillari sermahsul bo‘ladi. O'sha vaqtlari ikki haramdagi o‘quv yurtlari mudarrislarining aksariyati turkistonliklar bo‘lib, otalarimiz musofirlikdan ko‘p ham aziyat ko‘rmaganlar. O'rni kelganda, aytib o‘tish kerakki, vatandoshlarimiz asrlar davomida butun arab olamiga bilim berib kelganlar va shu muborak an'ana hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Bu kabi ulug‘ darajada islom ma'rifatini taraqqiy ettirib, jahon madaniyatiga muttasil hissa qo‘shib kelayotgan ekanmiz, bundan hakli ravishda faxrlanmog‘imiz lozim. Padari buzrukvorimiz tug‘ma ilm oshig‘i bo‘lganliklaridan ikki haramdagi talabalik yillarida arab, fors, turk tillarini fasohat va balog‘at darajasida egallay oldilar. Ilohiyot ilmlaridan tafsir, hadis hamda fikh (islom huquqshunosligi), mantiq sohalarida ta'lim oldilar. Siyosat va harbiy ilmga qiziqish ham o‘sha davrlarda kamoliga yetgan bo‘lishi kerakki, dadamlar bo‘sh bo‘ldi deguncha usmonli turk harbiy qismlari joylashgan qarorgohga ketib qolaverar ekanlar, ba'zan ertadan - kechgacha askariy ko‘rik, harbiy mashqlar, to‘p, aslaha-qurollarga mahliyo bo‘lib qolib ketar ekanlar...
Arabistondagi tahsil ma'lum darajaga yetgach, buvamiz tashabbusi bilan shu ikki o‘g‘illari o‘kishni Buxoroning amir Olimxon madrasasida davom ettirishadi. Ilmga munosabat jiddiyligini shundan ham bilish mumkinki, uzoq yillar Vatanni ko‘rmagan ikki o‘g‘il uyga tushirilmayoq Toshkentdan Buxoroi sharifga olib ketiladi. Bu yerda yuqorida kayd etilgan bilimlar bilan bir qatorda otam she'riyat, musiqa, jug‘rofiya, handasa, falakiyot, tarix, tabobat ilmlarini qunt bilan o‘rgandilar. Talabalik yillarining serunum bo‘lganligining sabablari ustida to‘xtalsak, birinchi musabbib, albatta, Olloh bo‘lsa, keyingilari, bu ota-onaning o‘z farzandlarini Qur'oni karimning «Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farz», ko‘rsatmasiga astoydil amal qilgan holda, bilimga jiddiy rag‘batlantirish hamda buning samarali natijasi o‘laroq, otamizning o‘zlarigagina xos mutoala uslubi va sa'y-harakatlaridir. Olingan tahsilni fakat saharlab takror mashq qilish, dars tayyorlayotgan vaqtda qorinni to‘ydirib olmaslik, qiyin mavzularni o‘zlashtirishda yuqori saviyali talabalar bilan muhokama va munozara qilib haqiqatni aniqlash, mudarrislarga ularning ma'naviy pokligi, bilimining chuqurligi va o‘qitishda xolisligiga qarab baho berish, domlalarga sodiqlik, bir saboqni to‘lig‘icha tushunmay keyingisiga o‘tmaslik va shu kabi talablar, dadamning o‘z so‘zlaricha, mazkur uslubning koidalaridan edi. Vaholanki, faqat Shokirxonto‘ramgina emas, balqi aksariyat Turkiston ahli o‘sha vaqtda ziyosidan umid qilgan Buxoroi sharifda ta'lim-tarbiya ishlari o‘z zamonasiga ko‘ra juda ortda edi. Bu haqda o‘z xotiralarida shu mazmunda gaplar bor: «XX asr boshida Buxoroda amir tuzumi chirib kolgan bo‘lib, o‘quv-o‘qituv ishi o‘rta asrlardagidek edi. Ikki yuzdan ortiq madrasada dunyoviy fanlardan saboq berish yo‘lga qo‘yilmagandi. Bu sohalardagi mudarrislar o‘z uylarida bekitiqcha xususiy darslar berib, boshqa kasb-korlar bilan tirikchilik qilishga majbur edilar. Peterburgdagi amirning homiylarini xuddi shunday ahvol qoniqtirardi. Madrasalarda xujra sotib olib, nomigagina mullavachcha bo‘lish maishat qilishning bir turiga aylangandi. Ne-ne layoqatli Vatan bolalari o‘zlarining bebaho umrlarini zax va qorong‘u hujralarda sermashaqqat arab va fors tillarini o‘rganishgagina sarflab zoe ketkizardilar, chunki, barcha o‘quv qo‘llanmalarimiz shu ikki tilda yozilgandi. Asosiy bilimlar qolib ketib, ko‘pchilik talabalar fikh fanidan amal-taqal qilib tahsil olardilarki, bu bechoralarning so‘nggi maqsadi qozi bo‘lish va shu orqali osongina tirikchilik qilish edi. Biz bilan madrasadosh Sadriddin Ayniy ham «abadiy talabalar»dan bo‘lib, o‘qishdan hafsalasi pir bo‘lgandi, boy mullavachchalarga xizmatchi hujradosh edi. Og‘zidan papiros tushmas, sog‘lig‘ini yo‘qotgan, bo‘sh qoldi deguncha shaxmatdan nari ketmasdi...
O'zim ham shular kabi chalamulla bo‘lib qolmaslik uchun madrasa saboqlarini to‘la o‘zlashtirish bilan bir qatorda boshqa fanlardan yetuk hisoblangan mudarrislarni topib, haq to‘lab, hususiy darslar oldim. Rasmiy va norasmiy ravishda man etilgan adabiyotlarni mutoala qildim, turk va tatar gazet-jurnallarini qo‘ymay o‘qib bordim. Shuni bildim va iqror qildimki, haqiqiy olim bo‘lish uchun beshikdan to lahadgacha bo‘lgan davr ichida tinmay o‘qimoq, o‘qimoq, o‘z ustida ishlamoq lozimdir».
Xullas, asrimizning o‘ninchi yillari boshida ikki aka-uka Buxoroda tahsilni nihoyasiga yetkazib, ustozlaridan oq fotiha oladilar. Otamiz, o‘rgangan bilimlaridan birini amaliy mutaxassislik darajasiga yetkazgandilar, u ham bo‘lsa mashhur sharq tabobati edi.
Bayonimizning shu qismini yuqorida qayd etilganlar bilan chegaralasak, Alixonto‘ra talabalik yillarida atrofidagi voqelikdan ajralib, faqat ilm o‘rganishga sho‘ng‘ib ketgan ekanlar-da, degan bir qadar noqis xulosaga kelish mumkin. Shuning uchun yana ilova qilardimki, mazkur davr ichida otam yosh bo‘lsalar-da, g‘ayratli ijtimoiy arbob bo‘lib yetishib qolgandilar. Masalan, ul kishining shaxsiy namunasi va tashabbusi bilan mullavachchalarning mudarrislar bilan muomalasi jiddiy yaxshilanib, ko‘pchilik madrasalardagi o‘zaro loqayd munosabatlar ijobiy tomonta o‘zgara boshladi. Bunga esa bir voqea turtki bo‘lgandi. Har kungi, odatdagi saboqlar tugash so‘ngida talabalardan birovi yetuk mudarrislardan birini ul kishi yo‘q paytda) ko‘pchilik ichida jismoniy nuqsonini pesh qilib «zanjiy» (negr, qora) deb mazax qiladi, haqoratlay boshlaydi. Otamiz buni tiyib qo‘ymoqchi bo‘ladilar. O'rtada qattiq mushtlashuv chiqib, ikkala mullavachcha qonga belanib, o‘lar holatga yetsalar ham tashlashaveradilar. Ularni ajratishadi. To‘polonni eshitib, bosh mudarris yana qayta keladi, shogirdlari jim turgan holda uning tanbehini eshitadilar. Nima sababdan urush chiqqanini mullavachchalardan biri «gullab» ko‘ygach, ul kishida bir o‘zgarish sodir bo‘ladi. Turgan joylarida tiz cho‘kib, mo‘matalog‘i chiqib ketgan shogirdi oldiga hammaning oldida tizzasida yurib kelib, uning qo‘llaridan o‘padi. Ko‘zlarida shashqator yosh, bo‘g‘iq ovoz-la, nido qiladi: «Alixon, buyuk olim bo‘lg‘usisen! «Qora bo‘lsa ham sevikli ustozim», deb, men uchun urishibsen. Mei sening ustozing emas, men sening qora qulingman!» Ustoz, shogird yig‘lashgan, to‘planganlar barchasi yig‘lab duoga qo‘l ko‘tarishgan. Shu kundan e'tiboran madrasada muhit sog‘lomlasha boradi...
Bundan tashkari otamiz Buxorodagi barcha sunniy mazhabdagi talabalarning tan olingan jasur yetakchilaridan ham ekanlar. O'sha vaqtlar amir a'yonlari doiralaridan boshlab ahli Buxoroga yoyilayozgan shialikka keskin ravishda barham berishda mullavachchalarnint chiqishlari hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘lib, otam rahmatli bu harakatning eng oldingi, hayotga xatarli saflarida bo‘lgandilar. Biroq, ko‘p o‘tmayok, mazhabchilik kurashlari musulmonlarni asosiy dushman oldida zaiflashtirishini anglab, bu boradagi ziddiyatlar kundalik siyosiy ahvol talablari oldida uchinchi-to‘rtinchi darajadagi masalalardan deb hisoblay boshladilar va musulmonlar birligini hammadan yuqori qo‘ya boshladilar. Mavjud siyosiy oqim va partiyalar dasturlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan bo‘lsalar-da, bironta-bir firqa yoki siyosiy tashkilotga a'zo bo‘lishdan o‘zlarini tiydilar. Yevrupoparastlikning ongli raqibi bo‘lganlikdan, umuman g‘arb sotsial-demokratiyasini va buning bo‘lshevistik rus shaklini eng zararli, Turkiston uchun yetti yot begona hisoblardilar.
Ona shaharlari To‘qmoqqa qaytib kelgach, keng diniy ma'rifatchilik faolnyati bilan xolisona shug‘ullanadilar. Tirikchilikni esa halol otameros kasb - dehqonchilik hamda tabibchilik bilan tebratib turadilar.
Bu orada birinchi jahon urushi boshlanib, chor ma'muriyati mahalliy aholini front ortida (yoki frontning o‘zida) ishlatish uchun mardikorlikka safarbar qila boshlaydi. Mana bu siyosatga qat'iy ravishda va ochiqdan-ochiq qarshi chiqib, aholini ommaviy tarzda bo‘ysunmaslikka, o‘z farzandlarini mardikorlikka bermaslikka chaqiradilar. Shu bahona bo‘lib, chor maxfiy politsiyasi tazyiq choralarini ko‘ra boshladi, biroq xalq ommasi g‘azabidan cho‘chib, otamizga zarar keltirolmadi, o‘shanda.
1916 yili esa Turkistonda oq podsho zulmiga qarshi qator xalq qo‘zg‘olonlari bo‘ldi. Otam qirg‘izlarning qurolli chiqishlarida faol qatnashdilar va ular shafqatsizlarcha bostirilgach, Qoshg‘arga siyosiy qochqin sifatida ketishga majbur bo‘ldilar. 1917 yilgi Uktabr to‘ntarishidan so‘ng, sho‘rolar butun dunyoga jar solib hurriyatlar xaqida bergan va'dalaridan umidvor holda, vatanga qaytdilar. Ammo, ko‘p vaqt o‘tmayok real voqelik butunlay boshqacha bo‘lib chikadi. Sinfiy kurash ta'limotining amaldagi ko‘rinishi bo‘lgan qizil terror dahshat solish) natijasida mahalliy aholining yoppasiga qirg‘in qilinishi, diniy va umuman o‘qimishli arboblarning muttasil ravishda yo‘qotilishi, sun'iy ocharchilik vujudga keltirib, aholini iqtisodiy tomondan yangi xokimiyatning huquqsiz qullariga aylantirilishi va shu kabi mudhish tadbirlarni ko‘rgan va eng asosiysi, aksariyat xalqdan farqli o‘laroq, buni chuqur tushungan Otamiz, o‘z-o‘zidan sovetlarning tabiiy dushmaniga aylanadilar. Mana o‘sha davrlarda kechmish-kechinmalarini xotirlab yozgan esdaliklaridan kichik lavha: «1919 yil oxirlarida Pishkakka qarashli Qorabolta, Oqsu bo‘lib, o‘n sakkiz rus qishloqlari birlashgan holda kommunistlarga karshi qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Boylikka botib yotgan Pishkak, So‘quluk dunganlari ham tushunmaslikdan bu ishga qo‘shilib qoldilar. Natijada tortqilik butunlay ular ustlariga tushib, eng og‘ir zarbalik kaltaklar boshlarida ushatildi. Shundoqki, besh yuz uylikka yetmagan Pishkak, So‘quluq dunganlaridan sakkiz yuz kishini haydab kelib, bozor o‘rtasida pulemyotga tutdilar. Bular ichidan o‘q tegmay kolgan yoki yarador bo‘lib joni chiqmay turganlarini qizil askarlar oralab yurib, nayzalab o‘ldirdilar. Qo‘zg‘olonchilar markazi bo‘lgan - besh ming chamali aholisi bor Oqsu qishlog‘i ruslaridan esa, ilgari-keyin bo‘lib, o‘lim jazosi ko‘rganlari o‘ttizdan oshmagan edi.
So‘quluk dunganlarining tuzlarini totib, yaxshiliklarini ko‘p ko‘rgan edim. Ularning ichida ishonchlik shogirdlarim va do‘stlarim ko‘p edi. Bunday vaqtlarda, borish xatarlik bo‘lsa ham, chidab turolmay, uch-to‘rt shogirdlarim bilan bir arava kishi bo‘lib, So‘kuluq tomonga yo‘l tortdim, yaqinlashib borgan sayin bundagi ko‘z ko‘rgan ko‘ngilsiz narsalarni til so‘zlab, qalam yozib chidayolmaydi. Mahalla ko‘chasidan o‘tayotganimizda, yo‘l bo‘ylab alan-bulan qoldiklari, sochilib yotgan narsalar, kuydirilib-yondirilgan imoratlar ichida vayron, talqoni chikib yotgan tomlari ko‘zga.... edi. Bularni ko‘rgach, ko‘zyoshimiz qurimasdan shu yurganimizcha, mazlumlar qonlari bilan bo‘yalgan So‘kuluk kishlog‘iga kirdik. Bu voqea o‘tib, ortidangina borganligimiz uchun musulmonlar otilgan-chopilgan ko‘chalardagi konlar tozalangan bo‘lsa ham, boshqa belgilari yo‘qolmagan edi. Soqchi kishilari bizni boshqa yoqdan kelganimizni ko‘rgach, oldimizdan to‘sib idoralariga boshladilar. O'lganlarning xotin-qiz, yetim bolalariga atalgan bir qancha buyum, kiyim-boshlarni ko‘rsatib, yordam uchun kelganimizni bildirdik. So‘ngra yo‘l xatlarimizni tekshirib, bizga ruxsat bergan bo‘lsalar ham, yana oramizda ishonmaslik paydo bo‘lib, anchagina so‘z o‘tmish edi, ma'lumdirki, mahkumiyatda ezilgan, qurolsiz, duduq yillar, g‘olibiyat zulmi bilan g‘ururlanib turgan, har birining tumshug‘idan to‘ng‘iz qurti tushgan qurollik shahdam yillar oldida nima deya olardilar?
Intizomlik askarlarga, kurolli kuchga, tili bo‘lak, dini bo‘lak bir yig‘indi, qo‘li kuruq kishilar qanday karshi tursinlar? Tabiat olamiga Ilohiy tomonidan yuborilgan ulug‘ payg‘ambarlar ham shu tabiat qonuniga bo‘ysunmasdan boshqa hech choralari yo‘kdir. .
Urush fanlarining konuni bo‘yicha askarning son-salmoqlari, kurol-jabduq va askariy intizomlari eng bo‘lmaganda dushmannikidan tuban va oz bo‘lmasligi birinchi shartdir. Agar shu sharoit qo‘lga kelar ekan, u holda diniy, milliy hakoratga bo‘ysunmasdan dushmanga qarshi kurolga qo‘l sunish, albatta, farz bo‘lur. Bunday bo‘lmagan taqdirda, o‘zini o‘tga o‘rinsiz urishdan saqlanib, vaqtincha sabr qilishdan boshqa chora yo‘qdir.
Shu bilan g‘olib dushman oldidan qandaydir qutulib chiqqanimizdan so‘ngra yordamga keltirgan ozdir-ko‘pdir narsalarimizni tarqatdik. O'lganlar oilalariga ko‘z yoshimiz bilan Qur'on o‘qib, ko‘ngil aytdik. Bu foydasiz fitnada mening o‘z shogirdlarimdan yigirmadan ortiq kishi shahid bo‘lmish edilar. Ulardan eng kattalarining yoshi o‘ttizdan oshmagan edi...» Tabiiyki, o‘lka xalqlari nomidan hokim bo‘lib olganlarning qahrli nazari tez orada otamizga ham tushdi. «Qora ro‘yxat»ga olinganlari ma'lum bo‘lib qolgach, yaqin do‘stlari va mahalla ahlining maslahati bilan yana Qoshg‘orga hijrat qilishga to‘g‘ri keldi. Taxminan bir yildan so‘ng qaytib keldilar. Buning sababini tushuntirib o‘zlari shunday yozadilar: «Endi bu yerda qancha turgan bo‘lsam, menga hamkor bo‘lgudek, kelajak uchun qayg‘urgan bir kishi bo‘lsin, ko‘ra olmadim. Afg‘oniston, Hindiston chegaralari bo‘shligidan foydalanib u tomonlarga o‘tishimni o‘ylagan bo‘lsam ham, yolg‘iz bosh qayg‘usida, bola-chaqalardan ajrab, suyukli vatanimni dushman ko‘liga tashlab ketishni o‘zimga loyiq topmadim. Shuni bilmak kerakkim, Qur'onning hukmiga, Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, ikki dunyosidan ajrab o‘z vatanida xorlik bilan yashagan yolg‘on musulmonlardan ilm-fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur. Bu kun Uyg‘uristonni qoplagan ongsizlik ofatini ko‘rgach, u yerdan umidim uzilib, nochor, yangidan o‘t olayotgan fitna o‘chog‘i ichidagi o‘z yurtim To‘qmoqqa qaytib keldim. Qarasam, soyasidan qo‘rqqan quyondek har yerda qochib-pisib yurib kun ko‘rayotgan haqsiz kishilar ham oz emas ekanlar. Shular qatori men ham shahardan chetroq Sho‘rtepa degan dunganlar qishlog‘ida turib, dehqonchilik bilan kun kechirmoqchi bo‘ldim».
Biroq ancha kuchlanib olgan sho‘rolar (Qirg‘izistonga nisbatan aniqrog‘i, qizil bo‘lib olgan o‘rislar) hokimiyati ostida aholi turmushining muttasil tubanlashib, ayanchli holga kelishi otamizni yana tengsiz va xatarli qurashuv girdobiga tortdi. Bu boradagi faoliyatlarining menga asosan ikki yo‘nalishi ma'lum. Birinchisi - qog‘ozda bo‘lsa ham tan olingan vijdon erkinligi huquqidan foydalanib, Islom dini va madaniyatini davlat siyosati maqomidagi jangovor ateizm deb atalgan yovvoyi dahriylikning surbetlarcha xurujidan hmmoya etish edi. Buni amalga oshirish uchun naqshbandiylik suluki talabalaridan vaqtincha istisno qilib, xalq talabiga binoan To‘qmoq katta masjidiga imom bo‘lib o‘tadilar va ko‘p mashaqqat, tazyiqlarga qaramay katta hududda Islom ta'sirining kuchayishiga erishadilar. Ayni paytda, Rasuli akram ko‘rsatmalariga og‘ishmay rioya qilgan holda o‘z davrlaridagi ijtimoiy ahvolni sinchkovlik bilan tahlil qila borib hamda minbar imkoniyatlaridan yaxshi foydalanib, axoli siyosiy ongini yoritish yo‘lida tinmay sa'y-harakatda bo‘ldilar. Xususan, Qo‘qon muxtoriyati tuzilishi va uning bo‘lsheviklar tomonidan zo‘ravonlarcha yo‘q qilinishi, bosmachilik deb atalib qolgan xalq qurolli harakati haqida tarixiy faktlar bilan dalillangan yozma xotiralari hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Otamiz fikrlaricha, ko‘zg‘olonchilarda, afsuski, mustaqillikka kurashishning aniq rejasi bo‘lmagan, yo‘lboshchilar aksariyatining siyosiy saviyasi kuyi edi va buning natijasi o‘laroq ozodlik harakatida birlik-jipslik mavjud emasdi. Okibatda sovetlar o‘z qo‘limiz bilan o‘zimizga kishan urdirishga erishganlar.
Otamizning qayd etilayotgan davrdagi faoliyatlari, faqat din himoyasiga qaratilgan har qalay ochiq bajarilgan ishlar bilan chegaralanib qolmagan, albatta. Marhum Azizaposhsha opam menga so‘zlab bergandilarki, otamiz qosimovchilar harakati deb nomlangan vatanlarvarlarning yashirin faoliyatida ham qatnashib, ushbu tashkilotning Pishkak, To‘qmoq tomonlardagi vakili bo‘lgan ekanlar. Men mazkur harakat rasmiy adabiyotda aksilinqilobiy deb baholanishini va chekistlar tomonidan tor-mor etilgan deb qayd qilinganliginiyoq bilganimdan hamda otamning bu tashkilot doirasida olib borgan ishlaridan yetarli ma'lumotim yo‘qligidan, bu o‘rinda taxminiy so‘zlar bilan ortiqcha qog‘oz qoralashni ep ko‘rmadim. Faqat ta'kidlamoqchi edimki, otamiz mustaqillik uchun kurash deganda, aniq maqsadli yaxshi tashkil etilgan, muayyan intizomli va jonfidolik ruhi bilan sug‘orilgan harakatni tushunganlar va buning imkoniyati bo‘lar ekan, hech vaqt chetda sukut saqlab qarab turmaganlar.
O'ttizinchi yilga kelib oltinchi marta hibsga olinadilar. Avvallari qisqa muddatli bo‘lsa ham, bu so‘nggisi o‘n yillik qamoqqa hukm bilan tugaydi: O'sha vaqtlarda, Solovki, Arxangelsk tomonlardagi borsa-kelmas hibsxonalarga jo‘natishdan avval hukm etilganlar Toshkent chekkasidagi kontsentratsion lagerga tiqilar ekan. Ana shu yo‘nalishda etap qilinishlariga sanoqli kunlar qolganda, Olloh yordami bo‘lg‘aykim, Pishkak turmasidan qochishga muvaffaq bo‘ladilar. Yashirinib yurib, ko‘p azob-mashaqqatlar chekkan holda, yana chegaradan Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston)ga o‘tib ketadilar. Xitoy davlatiga qarashli bu o‘lkaning G'ulja shahrida turib, ma'lum vaqt o‘tgach, yana do‘stlar yordamida katta pul evaziga oilalarini ham chaqirtirib oladilar. Asl niyat - shuncha azoblardan keyin, Turkistondan, umuman, Arabiston tomonlarga ketish bo‘lsa-da, bu yerdagi siyosiy ahvol yomonlashib, chegara yo‘llari taqa-taq bekilganlikdan turg‘un bo‘lib kolishga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, o‘shal vaqtdagi SSSR rahbarlari jahon proletar inqilobini orzu qilibgina qolmay, balki uni sun'iy ravishda boshqa mamlakatlarda keltirib chiqarish siyosatini amalda qo‘llardilar. Maydoni O'zbekistondan kamida ikki baravar katta Sharqiy Turkiston Xitoyning chekka, sovetlarga ko‘shni g‘arbiy o‘lkasi o‘laroq, ushbu siyosat sinalayotgan tajriba maydoniga aylangandi. Yerli hukumat markazni g‘aflatda qoldirgan holda, SSSRda yashirin o‘qitib tayyorlangan yoxud qizil mafkurada bo‘lgan sovetparast kimsalar qo‘liga o‘tib qolgandi. Bu yerning barcha do‘kon va bozorlari arzon va asl sovet mollari bilan liq to‘ldirilgan, hamma joyda SSSRdagi misli jannat kabi hayot tarzi hakida tashviqot kuchaygandi. Ayni shu vaqtda esa, jahondagi birinchi proletar davlatida kahatchilik va ocharchilik bo‘lib turgandi.
Nima bo‘lsa-da, otamiz tez orada ilmiga amal qiluvchi allomaligi, halolligi, jasur inson va hojatbaror shifokor - tabibligi tufayli ko‘pchilik o‘rtasida obro‘-e'tibor qozona oldilar. Ayniqsa, o‘zbeklarga yaqinlikda tengi yo‘q qardosh uyg‘ur xalqi o‘zining chin ixlosini darig‘ tutmadi, balki boshlariga ko‘tardi. Dadamning mavqelari, xususan, barcha musulmrnlar va boshqa millatlar o‘rtasida, ham o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda ko‘rsatgan fidokorliklari natijasida juda xam kuchayib ketdi. Shu maqomga yetishgach, omma oldidagi chiqishlarida hurriyat uchun kurashga ko‘tarilish g‘oyalarini ochiq targ‘ib qila boshladilar. Xuddi shu sababli dadamlar 1937 yili Uyg‘uristonda diktator bo‘lib olgan, aslida sovetlarning qo‘g‘irchog‘i, avantyurist xitoy generali Shen Shitsay tomonidan hibsga olinib, sudsiz - hukmsiz umrbod qamoqqa tashlanadilar. oilaga katta zulm qilinib, uy-joy musodara bo‘ladi.
Mushtariylarni «1937 yil» sanasi sergaklantirdi-yov! Ha-da, inqilobni eksport qilish birinchi navbatda kizil terrorni yo‘naltirish orqali boshlangan. Repressiya apparati shunday yaxshi ishlardiki, Sharqiy Turkistondagi shogirdlariga Maskovdagi GPU (Glavnoe politicheskoe upravlenie) ya'ni, Bosh siyosiy boshqarma, chekistlar idorasining‘ o‘sha vaqtdagi nomi) otilishi-chopilishi lozim bo‘lgan «Xalq dushmanlari»ning ro‘yxatini tayyorlab berib, uni ijro qilishning namunalarini joylarga borib ko‘rsatganlar. Ana shu tizimda faqat G'ulja shahri bo‘yicha ikki yuzdan ortiq baxtiqaro sovet Turkistonidan kochqin muhojirlar bo‘lgan. Bir kechada hammalari hibsga olinib, ro‘yxatga solishtirilsa bir odam yetishmagan. U ham bo‘lsa bizning otamiz bo‘lib, bu jallodlar kelishidan bir necha daqiqa avval, katta akam Asilxon sabab bo‘lib uydan ich kiyimda qochgan ekanlar. Butun o‘lka bo‘ylab kidiruv e'lon qilinib, ma'lum vaqtdan so‘ng chekka bir shaharchada ayg‘okchilar tomonidan qo‘lga olinadilar, Shunda ham kamoqqa kela kelgunlaricha, yo‘l-yo‘lakay orkalaridan to‘pponcha va miltiq tirab keltirishgan ekan. Bir chinakam turish qilgan o‘zbek o‘g‘lonidan dushmanlarning cho‘chishini karang!
Xullasi kalom, 1941 yil o‘zini uncha-muicha o‘nglayozgan markaziy xitoy hukumati tomonidan o‘tkazilgan adliyaviy taftishlar natijasida otamiz turmadan chiqib keladilar, Xaloyiq ularni po‘lat irodali qahramon sifatida kutib oladi, chunki otamiz hurriyat uchun kurash yo‘lidan zarracha chekinmagandilar.
Bu vaqtga kelib, SSSR hayot-mamot urushi bilan band, o‘lkada iqtisodiy va siyosiy inqiroz, Shen Shitsay ma'muriyati zil ketgan, xalq junbushga kelib, qurolli chiqishlar bo‘lib turgan edi. Otamiz tarafdorlarini maxfiy «Ozodlnk jamiyati» tevaragida to‘plab, vatannarvarlarning harakat birligiga erishadilar. Ushbu jamiyat rahbarlik qilgai 1944 yil 7-10 noyabr qurolli ko‘zg‘oloni natijasida G'ulja shahri ozod qilinadi. Ikki kun o‘tiboq Sharqiy Turkiston Islom jumhuriyati barpo etilganligi tantanali e'lon qilyndi. Otamiz o‘n ikki vazirlikdan iborat inqilobiy hukumat raisligiga yakdillik bilan saylanadilar.
Endi, sovet hukumatining ham munosabati o‘zgargandi. Sharqiy chegaralariga o‘sha og‘ir davrda chankayshichi xitoylar tomonidan xavf tug‘ilib qolmasligi uchun, yangi barpo bo‘lgan musulmon davlatini bekitiqcha qo‘llab turish siyosatiga o‘tdilar. Jumhur rais o‘laroq dadamlar yetuk ijtimoiy va davlat arbobi sifatida ish yurgizdilar. Ul kishi boshchiligidagi tom ma'nodagi milliy hukumat qisqa vaqt ichida mustaqillikdan umidvor xalq manfaatlariga mos bo‘lgan yirik tadbirlarni amalga oshirdi. Irq, millat, jins, e'tiqoddan qat'i nazar har bir kishiga erkinliklar berilishi, ijtimoiy tashkilotlar tuzilishi, aholidan olinadigan soliqlarning ikki baravar qisqartirilishi, sobiq hokim millat vakillari iqtisodiy negizining tugatilishi shular jumlasidandir.
Otamiz 1945 yil 8 aprelda barpo qilingan Sharqiy Turkiston milliy armiyasining bosh tashabbuskori edilar. Demak, G'ulja qo‘zg‘olonidan besh oy o‘tib, tarqoq, olomon partizan to‘plari asosida muntazam armiya tuzilishiga erishildi. Xalqning milliy ozodlik ruhi o‘z raislariniki kabi yuqori ediki, ommaviy safarbarlik e'lon qilingan kunning ertasiga yaqin yuz ming kishi askarlikka yozilishga hozirlanib keldilar: Bularning ko‘pchiligi otliq bo‘lib, urush jamolg‘asini ko‘rib kelgandilar. Qurol-aslaha O'zbekiston, Qozog‘iston orqali yarim yashirin holda SSSRnnng tegishli idoralaridan naqd oltinga va molga-mol tarzida sotib olina boshladi. Xitoy qo‘shinlari bilan dastlabki janglardan so‘ng ko‘plab tusha boshlagan harbiy o‘ljalar evaziga navqiron milliy armiyani qurollantirish muammosi ham ancha yengillashdi. Ushbu inqilobiy qo‘shin o‘z ichidan G'ani botir (uyg‘ur), Fotik botir (totor), Usmon botir, Akbar botir (ikkovloni ham qozoq), general Palinov (o‘ris) kabi qator dovyurak, jasur va mohir askarboshilarni yetishtirib chiqdi, raziyalohu anhu.
Alangali qo‘zg‘olonlar davrida va muzaffariyatni mustahkamlashda harbiy iste'dodlari tan olingan otamiz jumhuriyat qurolli kuchlarining suyangan tog‘i bo‘lib, milliy armiya jangovar qobiliyatini, ayniqsa, ma'naviy ruhini ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Bevosita ishtiroklarida tuzilgan harbiy operatsiya rejalari muvaffaqiyatli bajarilardi. Bu o‘rinda otamizning yana bir noyob xususiyatlarini zikr etib o‘tmoqlik lozimki, ul kishi o‘z davrlarining misli ko‘rilmagan notiqlaridan edi. Arab, fors, turkiy tillarining har bir shevayu lahjasida bulbul kabi fig‘on-nola qila olardilar yoki arslon kabi na'ra torta olardilar. Ayniqsa, ona tillarining hali biz tagiga yetolmagan beadad imkoniyatlaridan foydalanib shundayin silliq uslubda so‘zlar ekanlarki, millatidan kat'i nazar, bir oz turkiydan xabari bor tinglovchi bemalol tushunaverar ekan. O'sha suronli davr voqealarining ko‘pgina shohidlari, jumladan, uygur yozuvchisi Abduqodir Zunnun shunday gapirib bergandi: «To‘ram nutqlarini tinglash uchun odatda ko‘p minglab odamlar yig‘ilishardi. So‘z boshlaganlarida pashsha uchsa eshitiladigandek jimlik cho‘kardi. Mavzuni tinglovchilarga darrovoq ayon qilib, uning asl hakiqatini o‘z bilganlaricha yoki hukumat farmoniga ko‘ra emas, balki Qur'oni karim oyatlari hamda Payg‘ambarimizning hadisi shariflari asosida isbotlardilar. Yana buni o‘tmish va yangi tariximizdan rad qilib bo‘lmaydigan dalillar keltirib mustahkamlardilar va mavzuni, albatta, kundalik voqelikning dolzarb masalalariga, jumladan, nutq mavzuiga bevosita bog‘lardilar. Aniq vazifalarga o‘tib, ularni muvaffaqiyatli bajarish yo‘llarini ko‘rsatalardilar va bunga tinglovchilarni ko‘tarinki bir ruh bilan ishontirardilar. O'rtada, istiqlol yo‘lida jonbozlik qilgan va qilayotganlarning sharafli nomlari, albatta, qayd etilar va eshituvchilar bundan qattiq ta'sirlanardilarki, bolaxonalarga, daraxtlarga, simyog‘ochlarga chiqib olgan tinglovchilar hissiyot zo‘ridan o‘zlarini tashlab yuborardilar».
Yigirma bir sovet harbiy nipyunlari kavaleri, o‘sha paytda, Sharqiy Turkistonga harbiy mutalassis bo‘lib borgan toshkentlik Tolibjon aka Obidov aytadilar: «Alixonto‘ram janoblari jang boshlanishidan avval askarlar oldida nutq so‘zlaganlarida, yigitlar ko‘zlaridan o‘t chaqnar, nutq tezrok tugasayu jangga otlansalar. Hujumga ko‘monda bo‘lgancha ularni zo‘rg‘a to‘xtatib turardik. Jangovar ruh va g‘alabaga ishonch juda ko‘tarilib ketardi. To‘ra otam okop ko‘rgan haqiqiy askarboshi edilar va men havas qilgan tomoni - bunday rahbarlarning baxtlisi edilar. Chunki, har bir askar u kishini cheksnz sevardi, hurmatlardi, hatto ilohiy quvvat egasi deb chinakamiga ixlos qo‘yib ezozlardi».
Xullas, milliy armiya shiddatli janglarda ketma-ket g‘alabalarga erishib, shon-shavkatga burkandi. Jumladan, 1945 yili ushbu ko‘shin qismlari son jihatdan deyarli uch baravar oz bo‘lishiga qaramay, markaziy Xitoy hukumati tomonidan yuborilgan, yaxshi qurollangan sakson ming kishilik armiyasini butunlay tor-mor etdi. Xalq va armiya oldidagi xizmatlari uchun Sharqiy Turkiston hukumati qaroriga binoan otamizga marshal unvoni berildi. Tez orada ularni butun o‘lka xalqi «Marshal ota» deb atay boshladi.
Endi, Sharqiy Turkiston voqealarining dostoni uzun bo‘lganligidan gapni muxtasar qilsak, ish shu bilan tugadiki, «Uch viloyat inqilobi» deb nomlangan otamiz rahbarligidagi milliy ozodlik harakati Sintszyan (Sharqiy Turkistonning xitoycha nomlanishi, «Yangi yer» demak)ning qolgan qismida ham tezda g‘olib bo‘lajagidan cho‘chigan Chan Kayshi hukumati tinchlik muzokaralari olib borishga majbur bo‘ldi, Biroq, voqealarning bunday ketishi, ya'ni, bir mustaqil Turkiston davlatining qurilib qolishi yangidan hokimiyatga kelayotgan Mao Sze Dun kommunist hukumatiga va bularni o‘stirib yuzaga chiqargan, uzoqni ko‘rolmagan sovetlar mamlakatidagi piri-ustozlariga yoqmadi. Natijada, xoinona tuzilgan mash'um rejaga ko‘ra otamizni 1946 yil iyunida avval aldov, keyin esa qurolli tazyiq ostida G'uljadan olib chiqib ketdilar. Pinhona yo‘q qilib yuborish mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bu ishdan Xudo asrab, ikki yil davomida uy nazarbandisi holatida saqladilar. Keyinchalik bilsak, milliy armiya qismlari dadamlarning qaytarilishlarini talab qilishibdi. Ayniqsa, qozoqlardan iborat qo‘shinlar bunda qat'iylik ko‘rsatganlari, Usmon botir boshchiligida ancha vaqt qurolli qarshilik qilganlari bizga keyinroq ma'lum bo‘ldi. Otamiz ruhi va zurriyotlari nomidan o‘sha tengsiz kurashga kirgan va bu yo‘lda qurbon bo‘lgan qahramon qozoq birodarlarimizga kech bo‘lsa-da, abadiy minnatdorligimizni izhor qilib, hotiralari hurmati-haqqi mangu bosh egamiz.
Otamizning so‘nggi o‘ttiz yillik umrlari Toshkentda o‘tdi. Siyosiy ishlardan majburiy ravishda chetlashtirilgan bo‘lsalar-da, ilmiy, ijodiy va ijtimoiy faoliyatni sobitqadamlik bilan davom ettirdilar. Maqolamiz boshida qayd etilganlardan tashqari mashxur venger sharqshunosi Hermon Vamberi asari «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi»ni usmonli turkchadan o‘zbekchaga uyg‘unlashtirib o‘girdilar. «Tarixi Muhammadiya», «Turkiston qayg‘usi» kabi katta asarlar yaratdilar. Mazkur asarlar kelajak avlod ma'naviyatini tanazzuldan asrash, fozila madaniyatimizdagi azaliy qadriyatlarni islom ma'rifati va yaqin tarix saboqlari vositasi-la saqlab qolish yo‘lida qilingan ulkan jihod deb qarashni taqozo etadi. Yana bir o‘z asarlari «Shifo-ul ilal» («Kasalliklar davosi») sharq tabobati ko‘p yillik tajribasi asosida 1937 yilda yozilgan bo‘lib, qancha-qancha musodaralardan omon qolgan biz uchun topildiq risoladir. Vatan ahli duoda bo‘lib turishlaridan umidvormizki, boshqa ilmiy, ijodiy meroslari kabi ushbu kitobchani ham chop ettirib, xalqimizga yetkazajakmiz.
Otamiz umrlarining so‘nggi kunlarigacha ustozlik faoliyatini to‘xtatmadilar. Qizil mafkuraga xizmatkor bo‘lgan o‘shal davr konunlariking ta'qibiga qaramay, insoniy jasurlik, islomiy ijtihod, pir-ustozlariga bergan va'dalariga vafodorlik ko‘rsatib, diniy va shuningdek, dunyoviy bilimlar o‘kitishni yo‘lga ko‘yib yubordilar. Shogird tanlamadilar, shu uchun bo‘lsa kerak, otamizning ko‘llarida bir vaqtning o‘zida hali xarf tanlamagan talaba bilan bir qatorda, ilmli yoki dunyoviy fanlar nomzodi, doktori kabi tinglovchilar ham ta'lim olaverardilar. Bir universal o‘qituv uslubining sohibi edilar. Bu harakatlari zoe ketmadi. Oq fotiha olgan shogirdlari o‘z Vatanlariga (ya'ni, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Dog‘iston, O'zbekiston shahar-qishloqlariga) qaytgach, ustozlarining ishini davom ettirib, diniy maktablar ochib, ma'rifat tarqata boshladilar. Shu bugungi O'zbekiston Islom dunyosining yetakchi namoyondalari safida otamizning shogirdlari haq din tantanasi yo‘lida xolisona xizmat qilmoqdalar. Dunyoviy bilim sohiblari ichida, otamizdan ta'lim olgan ixlosmandlar orasida geolog olimlar ko‘proq edi. Akademik G'ani Mavlonov, hozirda fan doktori Saidorif Qosimov, qozoq akademigi Oqjon Mashanov janoblarini yaxshi eslayman. Dastlabki zikr qilingan ikki ustoz - shogird o‘zbek olimlari haqikiy millatparvar, o‘z sohalarida sezilarli yangiliklar kirgizgan ilm egalari bo‘lsa, Okjon og‘a forobiyshunoslikdan kerakli yo‘l-yo‘riqlarni olib ketib, qozoq fani taraqqiyotida ovrupoparastlikka chek qo‘yilishiga erishgan ajoyib ilmiy arbobdir. Otamizning sharq tabobati borasida yetishtirib chiqargan hozir mashhur, iqtidorli shogirdlaridan Abdullo Boboev hamda Aben Sariog‘ochiy nomlarini ham tilga olmaslikning iloji yo‘q...
Otamiz tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan me'morchilik obidalarimizni saqlab qolish harakatining jonbozlaridan ham edilar. Mening yodimda qolgani shuki, 50-yillar so‘ngida yo 60-yillar boshida, Toshkentdagi, hozirgi yangi Eskijo‘va bozori o‘rnidagi yerda, yaqin 500 yil avval bino etilgan mo‘‘tabar Xo‘ja Ahror Vali masjidi bo‘lib, shuni gumrohlarcha buzdilar. Bu kabi noxush ishlar boshqa joylarda ham boshlanayotganidan tashvishlanib, dadamlar ahboblaridan (yaqin do‘stlari shunday nomlanardi) Karimboy aka Saxiboevni chaqirib maslahat soldilar. Bu zot sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning‘ tog‘alari bo‘lib, huquqshunoslikning piri edilar. Qaror shu bo‘ldiki, Maskovdagi tegishli rasmiy idoralarni xatlar bilan «bombardimon» qilmoq lozim. Bu tadbir g‘arbda ham qo‘llanilishini keyin bildim - «paperkanono», ya'ni; «qog‘oz bilan o‘qqa tutish» degan maxsus atama ham bor ekan. Bu harakat darrov natija bermagan bo‘lsa-da, har qalay, bor masjid, madrasa, xonaqoh va shu kabilarning navbatdagi buzish kompaniyasini to‘xtata oldi.
Ushbu, daryodan qatra kabi maqolam so‘nggi qismini padari buzrukvorimni oddiy inson hakida tavsiflovchi xususiyatlariga bag‘ishlasam. Shaxsiy hayotda misli tarki dunyo kamtar edilar. Toshkentga kelgach, ne-ne koshonalar taklif etilsa-da, ikki og‘iz xonasi bor mo‘‘jaz bir hovlini - «kulbai g‘arib» qilib ixtiyor qildilar. Biz ham turmush faqat shunday bo‘lishi kerak ekan deb o‘sdik, bilsak, Rasululloh sallollohu alayhi vassalamning «Faqriy - faxriy» (ya'ni, «Faqirligim faxrimdir») hadisi shariflariga amal qilar ekanlar. Umr bo‘yi sovetlarning bir tiyinini ham olmadilar, hukumat nafaqa tayinlaganda, o‘sha zahoti Toshkent yetimxonalaridan biriga o‘tkazib yubordilar. Hatto, turgan hovlimiz u kishining nomida emas, ijarador maqomida ekanmiz. Hozirgacha ahvol shu-shu, o‘zgargan emas.
Saxovatli edilar. «Ikkita choponim bo‘lsa, bittasini, unda ham yangirog‘ini birovga kiygizsam», deb ko‘p aytardilar. Qarz so‘rab kelganlarni hech quruq qaytarmaganlar, ularning nomlarini eslab qolish yo yozib ko‘yish u yoqda tursin, unutib yuborardilar.
Rahmdil bo‘lib, kek saqlamas edilar. Bir misol. O'sha 1938 yil otamizni tutib, ortlaridan mauzer nuqib qamoqqa topshirgan ayg‘oqchi «Uch viloyat inqilobi» vaqtida qo‘lga tushadi. Sud uni o‘limga hukm qilib, xaloyiq «Alqasosu minal haq» deb turgan-da, otamiz avf qilganlar. «Besh bolasi yetim qolmasin, yana buning onasi tuqqanida yaxshi niyat bilan Muhammad deb nom ko‘ygan ekan», deb dalil keltirgan ekanlar. «Kechiruvchilarni Olloh ham avf qilg‘usidir», hadisiga shunday amal qiladilar.
Otamiz taqdirning ne-ne sinovlaridan o‘tib, barakali, serunum va mazmundor umr ko‘rdilar. 1976 yil Toshkentda 91 yoshda vafot topdilar. So‘nggi maskanlari, vasiyatlariga binoan, Shayx Zayniddin bobo qabristoni bo‘ldi, raziyallohu anhu. XX asr mazlumlari - Turkiston ahli istiqloli, Islom dini tantanasi yo‘lida qilgan ulkai xolisona tarixiy xizmatlarini va valiy kabi siymolarini xalq chuqur hurmat, faxr va minnatdorlik bilan yodda tutib kelmoqda.
Esdaliklarida qalb titratar shunday satrlar bor: «Men bu dunyoga islomparastgina emas, balki insonparast bo‘lib keldim va hayotim davomida shunga sodiq bo‘lib qoldim». Ushbu zot shonli hayot yo‘llari bilan tanishar ekanmiz, bunga iqror bo‘la turib, Alixonto‘ra kelajagi porloq ikki Turkistonning g‘ururi, jasur milliy qahramoni ham edi, degimiz keladi...
...She'riyat ilmidan xabardor va nazm qobiliyatidan buyurgan bo‘lgandagina, bu sohada tahlil yo‘sinida ish qilish mumkin, deb hisoblaganim uchun, oynoma sahifalarida berilayotgan she'rlarga baho berish vazifasidan uzoqligimni bildirib, uzr so‘rayman. Ayni paytda, ushbular haqida anchagina qiziqarli sharhiy ahamiyatga molik ma'lumotlar mavjud bo‘lganligidan, ularni mushtariylarga bildirib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmas deb hisobladim.
Otam rahmatlining ukubatli o‘ttizinchi yillar voqealarini tasvirlab, vatandan oxirgi hijrat qilib ketishlari sabablarini ko‘rsatib yozgan xotiralarini ko‘zdan kechira turib, unga ilova qilingan bir she'rni o‘qib qoldim. Mazkur she'r so‘roq - iltijo ohangida «Bormisan?» deb nomlangan edi. Tasavvurimda: zindonga tushib kolgan, tashqi yorug‘ dunyodan butunlay ajratilgan, boshiga Ko‘hi Kofdek g‘am ag‘darilgan bir oddiy inson gavdalandi. Yolg‘iz bir yo‘l qolgan - yaratganning o‘zidan najot tilash, bizga quvvat ato qilsinkim, o‘z qo‘limiz bilan shu «zulm kopusin» (darvozasin) buzib, ozodlikka chikaylik degan orzu-niyat bor, bu murojaatda. Taxminimcha, mazkur she'r 60-yilda oqqa ko‘chirilgan bo‘lsa-da, asli ancha ilgari yozilgan.
«Uyg‘on», «Elingni kutqar», «Vatan va ilm» kabi she'rlarining yozilishi sanalari haqida ham gap shu. Bular ancha ko‘tarinki ruh bilan sug‘orilgan, alangali da'vat singari yangraydi. Istiqlolga birinchi navbatda imonni salomatlab hamda ongni ilm birla ziyolaganda erishish mumkinligi bot-bot ta'kidlanadi. Otamiz, «Noumid - shayton» degan aqidaga bir umr rioya qilib kelganliklaridan o‘z kelajagiga ishonmagan, halol-haromni ajratmagan, e'tiqodga beparvo, o‘zligini tanishni ietamay, hatto bolalarini o‘tmish tarixidan, ildizidan bebahra qilganlarni yomon ko‘rardilar. Ayniqsa, bundaylar ziyolilar orasidan chiqqan bo‘lsa, nafratdan qaynab ketib, shunda ham tushungan-bilgan kishining achinishi bilan:- Eh, bunday olimlarga havas qilgan xalqimizning sho‘ri qursin! Bu kabi ziyolilarning ishi qiyin, chunki ular Ibn Sino iborasi bilan aytganda, «murakkab johillar» guruhiga kiradi, o‘zlarining johilligini anglashni xohlamaydilar,- derdilar. Shu uchun mushtariyga qarata aytilgan «Dema: «O'zgarmas olam, ish bitibdur, na bo‘lg‘ay ertagi kun kim bilibdur?» satrlar bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan karasak, bashoratga o‘xshaydi.
Insonning fundamental huquqlari atamasida bir ajoyib tushunchalar majmui mavjud. Bu demak, insonning insonligini belgilovchi huquqlarki, bularsiz odam bolasi tilsiz, ongsiz hayvonga mengzab, ko‘rinishdagina odam suratida bo‘lgan maxluqqa aylanadi. O'z vataniga o‘zi ega bo‘lish, maskan tutish, o‘zgalarga qaram bo‘lmaslik, egadorlik, vijdon erkinligi huquqlari shular jumlasidan bo‘lib, bularni talab qilish ruhini padarimizning «Har o‘g‘il voris bo‘lur qolg‘on otaning moliga, qaysi millat ustidan boshqalar hokimlik qilsa, bundan o‘lim yaxshiroq, Vatanni sevmaganlar musulmon emas», kabi qalb qo‘zg‘atar fikrlaridan anglash mumkin. Ayniqsa, vatanparvarlik mavzui naqadar kengligi, uning o‘z tarixiga, ona tiliga, tabiatga mehr bilan bog‘liqligi «Temur tuzuklari» tarjimasi so‘zboshida keltirilgan «Tarjimondan», «Til haqida» she'rlarida hamda «Qatralar»da lo‘nda iboralar bilan tasvir etilgan. Amir Temurdek buyuk zotni tanqid qilishni (aniqrog‘i, unga tuhmat toshi otishni) o‘ziga kasb qilib olgan, shonli tariximizni yerga urish bilan qorin boqqan ba'zi «olimlar»ga qarata, otamiz sohibqironni «Birov yaxshi dersa, birov der yomon, ulus so‘zidan kim qolubdur omon?» deya, baribir haqiqat yuzaga chiqishini ta'kidlaganlar.
Imon sog‘ligi, ma'naviyat pokligi, oliy axloq va shu kabi qadriyatlar abadiyligini kuylash, ulardan bahramand bo‘lishga da'vat ijodlarining muhim qismini tashqil etadi. Bu orada otamiz ilhomining bitmas-tuganmas manbai Qur'on ta'limotiga asoslangan Islomiy madaniyat durdonalari bo‘lgan. Mazkur fikrga uyg‘un «Marsiya baytlari»ga diqqat qilaylik. Islom falsafasi aqidasiga binoan, dastlabki satrlardayoq hayot olami baqosizligi eslatilib, imkon bor ekan, «el yaxshiligin izla» deb da'vat qilinadi. Qadriyatlar qiyosida buning «yashab qol», «hayotdan o‘marib qol» qabi g‘ofillar turmush tarziga poydevordek bo‘lib qolgan qoidalardan naqadar ustun ekanligini isbotlashga hojat bo‘lmasa kerak. Yana shuni ilova qilardimki, ushbu «Marsiya baytlari» dadam pinhona tutqunlikda turgan va hali qatl bo‘lish xavfi boshlaridan arimagan bir paytda, katta onamiz Tojiniso ayamlarning fojiali bir ahvolda vafot etishlari munosabati bilan yozilgandi.
So‘nggi so‘zim, bobokalon shoirimiz Mashrab Namangoniy muborak kalamiga mansub «Me'roj» (yoki «Rasululloh keladi») she'ri haqidakim, bu uzoq vaqt mobaynida mafkura zo‘ravonligi natijasida man etilib, qatag‘onga uchragan ijod mevasidir. Unga xalqimiz ajoyib kuy ham bastalagan. Otamiz kelajak avlodga saqlab qo‘yaylik deb, uch aka-uka hofiz So‘fixonovlarni chaqirtirib kelib, ular ijrosida magnitafonga yozdirgandilar. Mana endi, uni egalariga topshirmoqdamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun yaratganga shukrlar bo‘lsin.
"Sharq yulduzi" jurnali, 1992-yil, 7-son