Mabodo, biz bugun siyosiy jihatdan tinchlikni asrab, ertangi kunda yashash huquqini qo‘lga kiritganimizda ham, indiniga havo, suv va zaminning zaharlanishidan qirilib ketishimiz mumkin.
Valentin RASPUTIN
Navoyga avtobusda borsangiz, Paxtachi nohiyasi Sultonobod posyolkasidan o‘tishingiz bilanoq, achqimtil havo birdan tomog‘ingizni, ko‘zlaringizni achita boshlaydi. Mabodo, poezdda borib, Navoiy shahar vokzaliga tushsangiz, o‘z o‘zidan nafas olishingiz qiyinlashadi, ba'zida ko‘nglingiz ayniydi. Tayyorada borilsa, yuqoridan shaharni turli-tuman tutunlar tumanidan zo‘rg‘a ilg‘aysiz. Sariq, kulrang, qo‘ng‘ir, oqish tutunlar zanjiri shahar osmonini ilondek o‘rab olgan. Men qadrdon shahrim Navoiyga borganimda, har safar shunday og‘ir holatlarga tushib, zaharli havo iskanjasida qiynalayotgan odamlarni, shaharni ko‘rib yuraklarim eziladi. Ko‘z oldimga kasalmand jnyanim (u nomini aytmasligimni iltimos qildi) kelaveradi: Hozir o‘sha bemor jiyanim yigirma besh yoshda. Bundan yigirma besh yil muqaddam esa Navoiazot (dastlab kimyo kbmbinati deb atalardi) ishlab chiqarish birlashmasining birinchi navbati ishga tushirilgan edi. Jiyanim tug‘ilganda, doya kampir: Iloyo, xudo umri bilan bergan bo‘lsin! Alpomishdek yigit, bo‘lib o‘ssin!, deya duo qilgan. Kampirlardan yana biri: Katta yigit bo‘lib, kimyo kombinatlarda ishlasin, deb qo‘llarini yuziga surgan (Hoynahoy, kampir kimyo kombinatini salkam jannatga o‘xshagan joy bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan, shekilli).
Onamga. ko‘maklashib-beshikdagi ukamni tebratish o‘rniga, qishloq bolalari bilan tomga chiqib, kombinatning bulutlarga yondosh trubasidan chiqayotgan sariq tutunni tomosha qilardik. Ba'zan tutun boshqa tomonlarga essa xafa bo‘lardik. Qishloq tomon oqib kelsa xursand bo‘lardigu, lekin ko‘zlarimiz yoshlanganini, achqimtil havodan ko‘nglimiz aynib, tomoqlarimiz achishib, rang-ro‘yimiz sarg‘aya boshlaganini bilmasdik. Asta-sekin bu sariq tutunga, tabiiy havo kabi ko‘nikib ketdik...
Oradan yillar o‘tib, kampirlarning niyatlari ijobat bo‘ldi. Jiyan xizmatni o‘tab qaytganidan so‘ng, birlashmaga ishga kirdi. Lekin uzoq ishlayolmadi. Yoshiga nisbatan, bir talay kasalliklarni orttirdi. Devday yigitning goh oyog‘i, beli, goh boshi, buyragi og‘riydi. Xotirasi nihoyatda zaif. Fe'li asabiy. Tez-tez yo‘taladi. Uylantiraylik desak, boshini xam qilib, yer chizadi. Ey, amakijon, tamom bo‘ldim, deydi nuqul xo‘rsinib, uning zahil yuzlariga, kundan-kunga kirtayib borayotgan ko‘zlariga, g‘arib gavdasiga qarasam, vujudim muzlab ketadi. Ko‘z oldimga birlashma trubalaridan chiqayotgan sariq tutun (iblis tutun) kelaveradi. Go‘yo jiyanimning ham rang-ro‘yi sarg‘ayib ketganga o‘xshaydi. Navoiyda esa unga o‘xshagan bemorlarni davolaydigan na kasalxona, na sanatoriy bor. Markazlarga borib davolanish uchun hamma ham yo‘llanma olavermaydi. Yo‘llanma olganlarning hammasi ham davolanishga borish uchun moddiy tomondan qiynaladilar. Axir, paxtakor qancha ish haqi olishini bilasizlar-ku! Bunday maosh bilan Navoiydan Samarqandga borish amri mahol...
Yigirma besh yildirki, jiyanimga o‘xshagan bemorlar soni yil sayin ko‘payib boryapti, nihoyatda zaharlanib, ifloslanib borayotgan havo suv, yer, odamlarning, ayniqsa, ayollarning tinka-madorini qurityapti. Bu yerda tug‘ilayotgan go‘daklarning aksariyati kasalmand, nimjon. Onalarda sut yetishmaydi. Bolalar o‘smasak bo‘lib qolyapti. Ekin yerlarining quvvati kamayib, hosil olish qiyinlashib boryapti. Navoiyliklar uzoq yillardan buyon qovun, tarvuz, pomidor, o‘rik, olma, uzumning ta'mini bilmaydilar. Ular xuddi uvadaga o‘xshaydi. Azbaroyi yerlar zaharlanib ketganidan, qishda o‘ralarda sabzi, sholg‘om, kartoshkani uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi, chirib ketadi.
Yigirma besh yil orasida Navoiy shahrida yirik tog‘-kon metallurgiya (ma'dan) kombinati, GRES, kimyo-elektr va tsement zavodlari qurilib, katta quvvat bilan ishga tushiriladi. Bu esa faqat shaharda emas, balki uning atrofidagi nohiyalar, qator xo‘jaliklar, Qarnab, O'rtacho‘l, Nurota yaylovlarida ekologik muvozanatning jiddiy buzilishiga olib keldi. Qishloq xo‘jalik ekinlari bilan birga, chorvachilikdan ham putur ketdi. Xullas, bu yerdagi ekologik ahvol yildan-yilga og‘irlashib, yanada murakkablashib boryapti. Keling, bu fojialar to‘g‘risida Navoiyliklarning o‘zlaridan eshitaylik. Axir, dardni dardmandlar yaxshi bilishadi-da!
Nurmamat Xolmurodov, Toshkent politexnika oliygohi Navoiy filiali direktori o‘rinbosari, kimyo fanlari nomzodi:
- To‘g‘risi, shahar ichkarisida kimyo korxonalari noto‘g‘ri qurilgan. Bu loyihachi-arxitektorlarning katta aybi. Biz ularga loyiha uchun yuksak mukofotlar berdik. Ular esa mukofotlarni olib, xursand bo‘lib, shaharni zaharli tutunlar girdobida qoldirib, hikoyada aytilganidek qaydasan, Leningrad? deb jo‘nab ketishdi. Endilikda, noto‘g‘ri loyihalar asosida qurilgan shahar, ekologik halokat arafasida turibdi. Masalan, Navoiazot ishlab chiqarish birlashmasi trubalaridan azot to‘rt oksidi chiqadi. Tabiatga jiddiy ziyon yetkazishdan tashqari, inson organizmiga yomon ta'sir qilib, tomoq yo‘llarini, o‘pka va jigarni shikastlaydi. Xlor gazlari sochni sarg‘aytirib yuboradi. Havo tarkibida rangi ko‘rinmaydigan, hidi bilinmaydigan yana qancha zaharli gazlar bor. Birlashmaning hozirgi texnologik jarayonida tutunni na to‘xtatib, na yo‘qotib bo‘ladi. Yangi ishga tushirilgan elektrkimyo zavodi qishloq xo‘jaligini yovvoyi o‘tlardan tozalash, hashoratlarni yo‘qotish uchun o‘ta zaharli gerbitsydlar, pestitsidlar ishlab chiqaradi. Lekin yer bu zaharli o‘g‘itlarning hammasini o‘ziga sin$dira olmaydi-ku! Zavodning kimyoviy moddalar saqlanadigan katta idish (tsisterna) lari allaqachon ishdan chiqib, chirib ketgan. Hozir zaharli suyuqliklar yerning ostiga yuborilyapti. Bu esa yerosti suvlariga qo‘shilib uni zaharlaydi. Umuman, Navoiy shahri atrofidagi yer osti suvlarini mutlaqo iste'mol qilish mumkin emas. Masalan, Qarnabdagi kondan har yili yer ostiga sakson tonna sulfat kislota yuboriladi. O'n yillardan so‘ng, bu qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi ma'lum. Nahotki, bila turib, fojianing oldini olmasak?!
Davron Aslonov - Navoiy nohiyasi Kommunizm jamoa xo‘jaligi a'zosi, Ulug‘ Vatan urushi veterani:
- Mana o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Navoiazot uyimizdan bir yarim kilometr narida. Tunu-kun shovqin eshitilib turadi. Yozda supada o‘tirib bo‘lmaydi. Shamol essa, nafas olish qiyinlashadi; bosh og‘riydi, ko‘ngil ayniydi, ko‘zlar yoshlanadi. Qurib ketgur tutun oqshomlari zo‘rayadi. Eshikni zichlab yopib olsak ham foyda qilmaydi. Ahvolimiz og‘ir, uka!..
Ziyodulla Ro‘ziev, Yaigiariq qishloq sho‘rosi kotibi:
- Qishloq Sho‘romizga Kommunizm va Lenin yo‘li jamoa xo‘jaligi kiradi. 3234 ta oila bor. Ikki jamoa xo‘jalik ham birlashmaga chegaradosh. Ayniqsa, Ayronchi, Temirshayx, Yangiariq, Chorrovot, Arg‘un, Qiziltom, Beshkent, Luvaton, Talqoq qishloqlarining aholisi jabr tortmoqdalar. Masalan, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi to‘xtamayapti. 1986 yilda 53 ta, 1987 yilda 49 ta, o‘tgan yilning o‘n bir oyida 21 ta bola nobud bo‘ldi. Ular asosan o‘pka shishi, miya shishi, havo yetishmovchiligining o‘tkir shakli bilan xastalangan. Bunday noxush holatlar kattalar, ayniqsa, onalar orasida ro‘y berayotganligi kishini tashvishga soladi.
Qilich Rajabov, Toshkent politexnika oliygohi Navoiy filiali o‘qituvchisi:
- Shahrimiz va uning atrofi ekologik xavf ostida. Navoiazot birlashmasi bahaybat trubalar orqali havoni so‘rib olib havo tarkibidagi azotdan foydalanadi. Bu jarayonda inson hayoti uchun zarur bo‘lgan kislorod ham so‘rilib ketadi. So‘ng u kimyoviy jarayonda qatnashib, tabiat va hayot uchun zararli birikmalarga aylantirilib, chiqarib tashlanadi. Aslida sariq tutun - azot, vodorod, kislorodniig birikmalaridan iborat bo‘lib, kimyoviy jarayonda parchalanishi kerak. Lekin birlashmada uni parchalaydigan mexanizm yo‘q. Yoki tog‘-kon metallurgiya (ma'dan) zavodini olib ko‘raylik. U asosan Uchquduqdan qazib olib kelinayotgan tog‘ rudalarini ishlaydi. Chiqindilari jamoa xo‘jaliklarining yerlariga chiqarib yuborilmoqda.
Endi ikki og‘iz tsement zavodi haqida. Fan tsement zavodlarini surunkali yomg‘ir yog‘adigan joylarga qurishni tavsiya qiladi. Yilning ko‘p oylari qurg‘oqchilik keladigan O'zbekistonda bunday zavod aslida qurilmasligi kerak. Afsuski, kelib-kelib, Qizilqum dashtida tsement zavodi qurilishi inson bolasining aqligi sig‘maydi. Birgina tsement zavodida ishlab turgan to‘rtta pech bir kecha-kunduzda 12 tonna chang, ya'ni oliy nav tsementni havoga chiqarib yuboradi. Hozir, zavodni texnologik jihatdan atrof muhitga zararsiz holatga keltirish uchun tubdan rekonstruktsiya qilinishi lozim bo‘lgan bir paytda, uning uchinchi navbati qurilayotganligini nima bilan izohlash mumkin?
Toshpo‘lat Suvonov, Navoiazot ishlab chiqarish birlashmasi medsanchasti bosh vrachining mehnat-ekspert bo‘yicha o‘rinbosari:
- Bu yerda mehnat qilayotganlarning salomatligi og‘irlashib, turli xil o‘tkir kasalliklar soni ko‘payib boryapti. Masalan, har 100 ishchi hisobiga olib qaraganda, o‘tgan yili 8039 ta hodisa, ya'ni kasallik ro‘y berdi, 76854 ish kuni yo‘qotildi. Bu 1987 yilga nisbatan ancha ko‘p. Ishchilar o‘rtasida o‘tkir yuqumli kasalliklar, suyak miningiti, buyrak, sariq kasalligi, o‘pka xastaligi, qon bosimi va qator xotin-qizlar kasalliklari ko‘paymoqda. Ularni davolash qiyin kechyapti. Shaharda kasalxona, davolash profilaktoriyalari yetishmaydi. Ayollarda uchrayotgan ba'zi kasalliklar, ulardan tug‘ilayotgan bolalarga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti. Turli ruhiy kasalliklarning ro‘y berayotganligi ham tashvishli hol. Birlashmaning ammiak, Nitron, kattalizator tsexlaridagi ahvol og‘ir. Qanday yo‘llar bilan bo‘lmasin, zaharni kamaytirmasak, bu yerdagi murakkab ahvol o‘zgarmaydi.
Asfandiyor Aloviddinov, Toshkent politexnika oliygohi Navoiy filiali direktori, kimyo fanlari doktori,
- Shahrimiz Ittifoq bo‘yicha 9 ta ekologik holati nihoyatda og‘ir shaharlar orasida 6-o‘rinda turadi. Geologlar, konchilar Navoiy atrofidagi yaylovlarni, sanoat korxonalari esa ekin yerlarini batamom izdan chiqarishmoqda. Ular hech kimdan ruxsat so‘rashmaydi.
SSSR Mineral o‘g‘itlar vazirligi rahbarlarining navoiyliklar arziga e'tibor bermay qilayotgan o‘zboshimchaligi ajablantiradi. Umuman, qayta qurish talablaridan kelib chiqib, Navoiydagi sanoat korxonalarini jumhuriyat vazirliklari ixtiyoriga o‘tkazish lozim. Chunki, ular bevosita Moskvaga bo‘ysunishlarini ro‘kach qilib, yerli hukumatning e'tirozlariga quloq solishmayapti. Masalan, uch-to‘rt yildan buyon ekologik muhit haqida yig‘inlarda gapiriladi. Lekin hech narsa o‘zgarmaydi.
Yana bir taklif. Shahardagi korxona, zavod va boshqarmalarga ko‘proq mahalliy, yerli aholidan yetishib chiqqan kadrlardan rahbar qilib qo‘yish kerak. Sababi, mahalliy kadr o‘z yerining qadrini yaxshi biladi. Har qalay, ekologik nosozliklarga qarshi kurashadi...
Yuqorida iztirob bilan aytilgan fikr-mulohazalarni, o‘rinli takliflarni, hayajonli raqamlarni birma-bir sharxlamoqchi emasman. Bu dardli gaplardan bor haqiqat ayon bo‘lib turibdi. Haqiqatni ro‘yobga chi-qarish esa ko‘proq Navoiy shahar partiya. va sho‘ro tashkilotlari, jumhuriyat tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi rahbarlari vijdoniga havola. Qolaversa, har bir vijidonli odam masalaning mohiyatini chuqur anglab yetib, ekologik tanglikka qarshi o‘zini safarbar, deb bilsin.
Bular turg‘unlik yillarining xunuk, kishini g‘azablantiradigan lavhalari, albatta. Birgina O'zbekistonda bir nechta kimyo zavodi, birlashmasi qurilganligini nima bilan izohlash mumkin? Samarqand, Qo‘qon, Farg‘ona, Navoiy, Chirchiq shaharlaridagi kimyo korxonalari trubalaridan tinimsiz oqib kelayotgan turfa rangdagi zaharli tutunlar birlashib, go‘yo ro‘y berishi mumkin bo‘lgan falokat qo‘ng‘irog‘ini chalayotganga o‘xshaydi. Pestitsidlar bilan ishlovchi o‘n kishidan bittasi jiddiy kasallik orttirdi. Eng ko‘p kasallanish Moldaviya, Tojikiston va O'zbekistonda qayd etilgan, O'zbekistonda ba'zi nohiyalar aholisining 40 foizida asab sistemasi va jigarda buzilishlar borligi aniqlangan. (O'zbekiston kommunisti, 1989 yil, 1-son).
Falokat qo‘ng‘irog‘i! Bu qo‘ng‘iroq ayniqsa, Navoiyda ekologik muhit nihoyatda og‘irlashib borayotganidan ogoh etib, qayta-qayta sado beryapti. Yerimiz, havomiz, suvimiz, dala-dashtlarimiz, bog‘larimiz doimo musaffo bo‘lishiga, kelajak avlod taqdiriga befarq qaramaslikka chorlayapti. Loqaydlik, beparvolik, bo‘lar-bo‘lmas va'zxonlikdan ko‘ra, amaliy ishlar qilishga da'vat etyapti!