OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Botirxon Valixo‘jayev. Navoiy Samarqandda (1988)

Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodiy faoliyati navoiyshunoslikda ustod Vohid Abdullaevning (1912—1985) xizmatlari tufayli keng yoritildi; shu mavzudagi risola bir necha marta qayta nashr etildi.

Bu mavzuga yana murojaat etishning ehtiyoji bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bizningcha, bu mavzu eskirmaydigan va hamisha izlanishni talab qiladigan mavzulardandir.

Samarqand... Mo‘‘jizakor mehnatkash insonning teran fikri, mohir qo‘llari bilan bunyod etilgan me’morlik obidalari bilan mashhur, ne-ne olimu adibni, shoiru nosirni, mutafakkiru muarrixni, rassomu xonandani, zarrinqalam kotibu maftun etuvchi navozandayu sozandalarni yetishtirgan tabarruk shahar. Samarqandning tarixiy yodgorliklari ko‘rilar ekan, shaharning qadim ko‘chalaridan yurilar ekan, ularda Jomiy va Navoiy ovozlari eshitilgandek bo‘ladi, tabarruk loyqadamlarining izlari tasavvur etiladi va bu zaminda yurish naqadar sharafli ekanini his qiladi kishi.

Abdurahmon Jomiy Samarqand muhitida barkamollikka erishishga naqadar intilgan bo‘lsa, ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodiyotining yuqori zinalarga qadam qo‘yishida Mirzo Ulug‘bek yaratgan ilmiy-adabiy muhit ta’siriyu ustoz Abullaysiylar xonadonining sabog‘i ham shunchalik sezilarli va samarali bo‘lgan.

Alisher Navoiy 24-25 yasharligida — Xurosonda shoir sifatida tanilgan vaqtda Samarqandga kelgan. Albatta, bu vaqtgacha unga Mirzo Ulug‘bek nomi ham, Samarqand shuhrati ham ma’lum edi. Ayni choqda Alisher Navoiyning nomi ham Samarqand adabiy muhitiga notanish emasdi. Ammo u Samarqandga Xuroson hokimi Abu Said Mirzo tomonidan surgun qilingan ediki, buning sabablari shodravon Vohid Abdullaev risolalarida asosli bayon etilgan. Qizig‘i shundaki, Navoiy tug‘ilishidan 14 yil oldin Shohruhmirzo mashhur Qosim Anvorni ham Samarqandga surgun qilganda Mirzo Ulug‘bek uni tantanali tarzda kutib olib, izzat-hurmat qilgan. Ammo Alisherni izzat-hurmatla kutguvchi Mirzo Ulug‘beklar olamdan ko‘z yumgan edilar. Shuning uchun surgun qilingan musofir tarzida Samarqandga kelgan Alisher avvallari ancha qiynalib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, u Samarqand muhitida o‘z talanti, ilmga chanqoqligi bilan dastlab mashhur olim Fazlulloh Abullaysiy diqqatini tortgan bo‘lsa, keyinchalik Samarqand olim va adiblari nazariga tushib, hatto shahar hokimi, shoirtabiat Ahmad Hojibek Vafoiy e’tibori va hurmatiga ham sazovor bo‘lgandi. Alisher Navoiy Fazlulloh Abullaysiy xonadonining sevimli farzandi sifatida bu mashhur olim madrasasida fiqx ilmi, tilshunoslik va adabiyotshunoslik qoida-qonunlarini chuqur o‘rgandi. Ulug‘bek madrasasining mudarrislari Mavlono A’loi Shoshiy, mavlono Olim Samarqandiylardan ta’lim oldi. Samarqandning o‘sha davrlardagi boshqa madrasalari — Firuzshoh madrasasi, Ahmad Hojibek madrasasi, Bibixonim madrasasi, madrasai Safidi olim va ilm toliblari bilan yaqin aloqada bo‘ldi, Ulug‘bek qurdirgan mashhur rasadxonani ko‘rdi, falakiyot ilmi sohasida qo‘lga kiritilgan ilmiy kashfiyotlari bilan tanishdi, shoirlari (masalan, Mirzobek), hunarmandlari (masalan, Bobur) bilan do‘st tutindi. Samarqandning ko‘rkam manzillaridan bo‘lmish Ko‘hakni (Cho‘ponota), Konigil va undagi dilrabo bog‘-rog‘larni zavqu shavq bilan tomosha qildi, “Ko‘hak suyi”ning (Zarafshon daryosi) manzaralaridan bahramand bo‘ldi.

Hamul pushtaekim Ko‘hak topti ism,
Ne pushta jahon ganji uzra tilism.
Ushoq tosh ango la’lu inju kibi,
Yashil sabzasi charxi minu kibi.
Ki mansub erur anga Ko‘hak suyi,
Nedinkim erur joriy andin quyi.

Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodi haqida so‘z ketganda xususan Abullaysiylar xonadonining e’tibori va ahamiyati alohida ta’kidlanadi. Chunki Navoiyning o‘zi ham asarlarida bu xonadonning zabardast vakili Fazlulloh Abullaysiyni, uning farzandlari Xoja Xovand Abullaysiy, Xoja Abulqosim Abullaysiylarni nihoyatda hurmat bilan eslaydi, keyinchalik Hirotga borgan o‘g‘illarini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada Xoja Abulqosim Abullaysiy ancha taniqli adabiyotshunoslardan biriga aylanadi.

Alisher Navoiy Samarqandda ilm o‘rganish, shahar obidalarini ko‘rish, odamlari bilan tanishish jarayonida o‘zining badiiy ijodini ham davom ettirib, o‘zbek va fors-tojik tillarida g‘azalu muammo, qasidayu masnaviylar yaratdi, mushoiralarda qatnashdi, o‘qish-o‘rganish barobarida she’r ijodi bilan ham mashg‘ul bo‘ldi. Bu davrda yaratilgan asarlari ko‘zdan kechirilar ekan, ularning usluban tiniqlashganini, mazmunan teranlashganini, mantiqan asoslanganini sezish qiyin emas. Bunday asarlar keyinchalik Navoiyning o‘zi tuzgan birinchi devoni «Badoe’ul bidoya»ga va «Devoni Foniy»ga kiritilgan edi. Shulardan A’loyi Shoshiy va to‘n tikuvchi hunarmand Bobur haqidagi muammolarni, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yo‘llagan masnaviy — nomasini, bir necha g‘azallarini, Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan «Hiloliya» qasidasini eslatish mumkin. Ayniqsa, keyingi asarda Alisher Navoiyning Samarqanddagi ilmiy-adabiy muhitdan bahramand bo‘lgani, xususan Ulug‘bek ilmiy maktabining ta’siri ko‘rinib turadi. Bunda falakning Atorudi va Bahromi, Kayvonu Zuhallari, Oyu Quyoshi shunchalik tasvirlanganki, bu tasvir riyoziyot fanidan xabardor bo‘lgan kishini hayratlantiradi. Shu davrda yozgan ikkinchi asari — Sayid Hasan Ardasherga she’riy maktubi esa, ko‘pgina fazilatlari bilan birga yana bir muhim tomondan ahamiyatli. Samarqandda 1466—1467 yillarda yozilib, Hirotga jo‘natilgan masnaviyda Alisher Navoiy o‘zining ijodiy rejalari haqida, ya’ni o‘zbek tilida katta hajmdagi epik asarlarni yozish ehtiyoji tug‘ilib qolsa, uni bajarishga tayyorligini aytgan. Bu mulohazalar quyidagi baytlarda juda tiniq va aniq bayon etilgan;

Men ulmenki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak ko‘rmadi mei kibi nodire,
Nizomiy kabi nazm aro qodire.
Ne nazme der ersam meni dardnok,
Ki har harfi bo‘lg‘ay aning durri pok.
Yetar tengridin ancha quvvat manga,
Ki bo‘lmas bitiriga fursat manga.
Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur,
Ki gar kelsa Rustam javobin berur.
Raqam qildi farxunda «Shohnoma»e,
Ki sindi javobida har xomae...
Dedi o‘z tili birla ul koni ganj,
«Ki, sisol burdam ba «Shohnoma» ranj.
Ani derga bo‘lsa qachon rag‘batim,
Erur oncha haq lutfidin quvvatim.
Ki har necha nutq o‘lsa kohil saroy,
Bitigaymen o‘ttuz yilin o‘ttuz oy.
Agar xossa ma’ni, gar ihom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.
Vale, ayt deb kim menga tutti yuz,
Ki men yuz uchun demadim ikki yuz...

Alisher Navoiyning Samarqand davri faoliyati shoirning keyingi davrdagi asarlarida, jumladan «Xamsa» dostonlarida, «Majolisun nafois»ida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Natijada Samarqand va uning atrofidagi joylar tasviri, Mirzo Ulug‘bek, Riyoziy Samarqandiy, Mirzobek Samarqandiy, Fazlulloh Abullaysiy, Xoja Xovand Abullaysiy, Muhammad Olim Samarqandiy va boshqalarning zikrlari samimiyat bilan ta’kidlanadi.

O‘zining iborasi bilan aytganda, «Samarqandi firdavsmonand» ham Alisher Navoiyni hech vaqt unutmadi. Jumladan, XVII asr olimi Sayid Sharif Roqim Samarqandiy o‘zining «Tavorixi kasira» («Ko‘p sonli tarixlar») nomli asarida Alisher Navoiyni «so‘z mulkining sultoni» deb ardoqladi, XIX asr kotiblaridan Mullo Muqimxon, Mir Abulhay, Said Abdusalom maxdumlar Navoiyning turli asarlarini («Xamsa», «Xazoyinul maoniy») mahorat bilan ko‘chirib, shoir ijodining muxlislariga taqdim etgan edilar. Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozma nusxalarining ko‘pi Samarqanddagi she’r shinavandalariga ma’lum. Hatto uning hayotligi vaqtida kutubxonasida ishonchli kotibi Abduljamil 1484 yilda ko‘chirgan «Xamsa»si ham Samarqand navoiyshunoslariga ma’lum bo‘lib, uni 1930 yilda mashhur sharqshunos Ye. E. Bertels shahardan topib, o‘sha vaqtda Samarqandda bo‘lgan ilmiy tadqiqot instituti fondiga topshirgan edi («Xamsa»ning bu eng qadimiy va nodir nusxasn hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda). U kitobning Navoiy kutubxonasidan qanday qilib va qachon Samarqandga kelib qolishi tarixining o‘zi qiziq bir sarguzasht qissa bo‘lmog‘i mumkin.

Ma’lumki, Alisher Navoiy Samarqandda uch-to‘rt yil yashab ijod etdi. Keyin ham bu shahar bilan aloqasini uzmadi, uni doim yodida tutdi. Shularni hisobga olgan holda Samarqandda, xususan Fazlulloh Abullaysiy madrasasi joylashgan Faqeh Abulays mahallasida Navoiy muzeyini tashkil etish masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish darkor. Bu muzeyda «Navoiy va Samarqand», «Navoiy va Abullaysiylar xonadoni» mavzui keng yoritilsa, hamda, umuman Samarqand va Navoiy bilan bog‘liq mavzu — Samarqandniig navoiyshunos olimlari, rassomlari, mug‘anniy va xonandalari, Samarqandda Navoiy nomi bilan atalgan joylar tarixi, Navoiy an’analarini davom ettirgan samarqandlik shoirlar, Navoiy asarlari Samarqand sahnalarida kabi masalalar hozirgi zamon talablari asosida namoyish etilsa, Navoiy tug‘ilgan kunning 550 yilligiga arzigulik bir sovg‘a bo‘lur edi.

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.