OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Xudoyberdiyeva. Ikki qo‘lda ham malham tutib (1990)

http://ziyouz.uz/images/kukuruznik.jpg

"Ayollar sharoitini, onalik va bolalikni muhofaza qilishni yaxshilash, oilani mustahkamlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar" haqidagi hujjatlarda ta’kidlanishicha, Ittifoqda tug‘ilish koeffitsienti 1989 yilda har 1000 kishi hisobiga 17,6 ni tashkil qildi. Bu 1971 yildan buyongi eng past ko‘rsatkichdir. Bu holning ildiz sabablari nimada degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sababi, biz hali yaratuvchi xalqimiz, jumladan hayotning boshi — muhtarama ayolga, onaga yashash, ishlash sharoitlarini ko‘ngildagiday yaratib berolganimiz yo‘q. Bu hol Ittifoqda va ayniqsa paxta yakkaziroatchiligi bois tuprog‘i, havosi buzilgan, ekologik sharoiti nochor bo‘lgan bizning jumhuriyatimizda yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.

Ekologik sharoitning yaroqsizligiga qo‘shimcha iqtisodiy yetishmovchiliklar, turmush darajasining pastligi, bundan kelib chiqadigan davosi topiladigan va bedavo dardlarning ko‘payishi ommaviy asabiylik, har kungi ko‘ngilxiraliklar zarbi hammaning va avvalo ayolning yuragini ishdan chiqaradi. Chunki biz hali zavodlarning havoga purkayotgan achchiq tutunlarini butunlay yo‘qotib yoki ichimlik suvni, yerni tozalab ulgurmadik. Paxta maydonlarini imkon qadar tez kamaytirgan, sochiladigan borki kimyoviy og‘ulardan butunlay voz kechgan taqdirimizdayam bu tozalanish jarayoni hali o‘n, o‘n besh yillarga cho‘zilishini olimlarimiz isbotlab berishayashi. Bugun teran tomirlari, qarqarali daryolari, sulaymon tog‘lari zavolga yuz tutgan ona tabiatimiz bois, uning uzilmas bir parchasi, bo‘lagi inson sog‘ligi, Ayol sihati ham tanazzulga ro‘baro‘ keldi. Ayolga bugun yordam kerak. Uning sog‘ligi ishdan chiqdi hisob. Orol bo‘yida yashovchi ayollarning ko‘krak sutidan toksidlar topilganiga ancha bo‘ldi, Sariosiyoda bolalarga ftor birikmalarining ashaddiy hujumi hali ular ona qornida ekanliklaridayoq boshlanadi. Oroldan ko‘tarilayotgan tuzlar, sezilib-sezilmay butun aholi, jumladan ayollar, bolalar sog‘ligini yemirib bormoqda.

Tong sahardan boshlab tun qorongusigacha jazirama oftobda alvon ko‘ylaklarining ranglari o‘ngib paxta dalasida mehnat qilayotgan paxtakor ayollar kun tig‘ida qovjirab, qurib borishayapti. Boshqa muammolar u yoqda tursin, jumhuriyatimizda ichimlik suv ham muammo bo‘lib turgan rayonlar bor (Qashqadaryoning G‘uzor rayonida har mashina ichimlik suviga 15—20 so‘m to‘lab tashib keltirishadi). Shunday joylarda istiqomat qiluvchi ayollar o‘zlari ichimlik suvga ham yolchimagan holda paxta yetishtiradilar, xo‘jalikning boshqa tarmoqlarida mehnat qiladilar. Hozirgi sharoitimizda agar odamning u uchini bu uchiga yetkazib bir navi yashashi uchun 85 so‘m kerak bo‘lsa, O‘zbekistonda kishi boshiga daromadi 50 so‘mdan ham to‘g‘ri kelmaydigan oilalar ishchi-xizmatchilar orasida 11 foiz, kolxozchilar orasida 25 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizdagi ko‘p bolali oilalarning uchdan bir qismi bizning jumhuriyatimizda yashaydi. Bulardan 40 foizi 7 va undan ortiq bolalilar.

Ayollarning tungi smenalarda ishlashlari taqiqlanganiga 30 yildan oshganiga qaramay, bu hol davom etib kelayotgani hech kimga sir emas. Sanoatda ishlovchi ayollarning qariyb yarmi, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning qariyb to‘qson foizi og‘ir qo‘l mehnatini bajaradi. Zavod va fabrikalarda mehnat qilayotgan ayollarning 18 foizi tungi smenalarda ham ishlashga majbur. Kolxozchi ayollarimizning saraton jaziramasidagi mehnati dam olish kunlarisiz sutkasiga 13—14 soatlab davom etadi. Iqtisodiy nochorlik xalq turmushi va ayniqsa ayol hayotida o‘zining sezilarli, goho tuzatib o‘rniga keltirib bo‘lmas izlarini qoldirmoqdaki, bu haqda to‘xtalmay iloj yo‘q.

Ayollarimiz orasida kamqonlik, oshqozon-ichak, sariq, sil, rak, turli ayollar kasalliklari ko‘rsatkichlari kamaymayotganligi, bolalar, onalar o‘limi ko‘rsatkichlari Ittifoq miqyosidan anchagina yuqoriligi yurakni og‘ritadi. Ular orasida turli taraflama (dala, ro‘zg‘or, oila, bolalar, jamoat ishlari) ezilish oqibatida asabiylik, organizmning zaiflashuvi, yuqumli kasalliklarning keng tarqalayotganligi bugunning inkor qilib bo‘lmas achchiq haqiqatlaridir.

Jumhuriyatimiz bolalar o‘limi bo‘yicha Ittifoqda yuqori o‘rinda turadi. O‘zbekistonda bolalarning bog‘chalar bilan ta’minlanishi 34,5 foizni, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil qiladi. Shu mavjud bog‘chalarning ham qariyb yarmi gigiena talablariga javobbermaydi. Ularda kanalizatsiya tarmog‘i, issiq suvlar, isitish sistemalari yo‘q... Bu mushkulotlar yukiham avvalo bechora ayollar yelkasiga tushadi. Yashash uchun oddiy imkoniyatlarning yo‘qligi, ko‘rpasini boshga tortsa, oyog‘i ochilib qolayotgan bu nochor hayot, dardlar yig‘ila borib goho fojialarni keltirib chiqarayapti. Ayollar o‘limining sodir bo‘lib turganligi, ularning o‘zlarini yoqish faktlari kamaymayotganligi ham bugun hayotimizda bunday fojiali oqibatlarni keltirib chiqarayotgan sabablarning ildizlari juda chuqur ekanligini ko‘rsatmaydimi? Jamiyatdagi moddiy nochorlik ayolni asta-sekin ma’naviy qashshoqlik zanjirlari bilan ham chirmab oldi. Ular, ayniqsa qishloq ayollarining ko‘pchiligi o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilmaydilar. Mutasaddi mahkamalardan o‘z haqlarini undirib ololmaydilar. Buguni, kelajaklariga befarq yashaydilar. Ishga kirish zarurati bo‘lgan taqdirda ham rahbarlarimiz bolali, homilador ayollarga ro‘yxushlik bermay, to‘ralarcha munosabatda bo‘ladilar.

Jamiyat mana shunday, deyish mumkinki, inqiroz holatda turganida hukumatimizning yosh bolali hamda serfarzand oilalarga yangi imtiyozlar berish borasidagi bu urinishlari, qarorlari, shubhasiz katta gap. Ayollarimiz bola tug‘ib, tarbiyalaganlari uchun ham maosh olib yashashlari, qadrlanishlari mumkin bo‘lgan ezgulik davriga qadam qo‘yayapmiz.

Men ayollarning yashash, ishlash sharoitlarini yaxshilash xususidagi SSSR Oliy Soveti qarori bilan sinchiklab tanishib chiqdim.

Ulardan "ishlamaydigan ayollarga ham oylikni eng kam miqdorining 50 foizi to‘lanishi" haqidagi bandiga qo‘shimcha mening shaxsiy fikrim shundan iboratki, bizda aksariyat oilalarda 5—6 tadan farzand borligi sababli ayollarimiz ishlamasligi tabiiy. Shuning uchun ham ularga ish haqining 50 foizini to‘lash — dengizdan tomchi degan gap. Menimcha, ularga kam ish haqi 100 foiz to‘lansa, ehtimol, ularning amal-taqal tirikchilik o‘tkazishlariga imkon yaratilar.

Qarorning quyidagi, ya’ni:

8-bandda: Davlat bolalar uylarida tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan undirilgan pulni voyaga yetguncha bankda, shu bolaning schyotida saqlanishi;

6-bandda: Homilador ayollarning tug‘uruq otpuskalarining uzaytirilishi;

9-bandda: Ayollarning va bolalarning yuk ko‘tarish normalarini, og‘ir va zararli korxonalarni, mutaxassisliklarni qayta ko‘rib chiqish;

Ayollarni tungi smenalardan ozod qilish, birinchi navbatda bolalari 14 yoshga to‘lmagan, yoki 16 yoshga yetmagan invalid bolalari bor asllarni ozod qilishning aniq muddati va tartibini aniqlash;

10-bandda: Ayollar va bolalar salomatligiga zararli ta’sirni oldini olish maqsadida tamaki yig‘ish va uni qayta ishlashning zararsiz texnologiyalarini va shunga muvofiq bo‘lgan mehnatni tashkil qilishning formalarini ishlab chiqishni va qo‘llashni Ittifoqdosh respublika Ministrlar Sovetiga topshirish kabi imtiyozlar xalqimiz hayotiga bir qatim nurday kirib keladigan, uning sog‘lig‘ini tiklash, hayotini izga solish maqsadida o‘rtaga tashlashga asosli fikrlar borki, ularni minnatdorlik bilan ta’kidlashimiz va hayotga tezroq tadbiq etishga kirishishimiz kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, mening fikrimcha, Ittifoqda ayollar, onalar ahvolini yaxshilash xususidagi bu hujjatga O‘rta Osiyo jumhuriyatlari, jumladan O‘zbekistonday qiyin sharoitli, birdan-bir ishongan ummoni — Oroli tuz purkab turgan, suvi, noni, havosigacha tarkibi buzilgan nochor ahvoldagi jumhuriyat ayollari turmushini yaxshilash masalasi alohida bo‘lim bo‘lib kirishi kerak edi.

Modomiki O‘zbekiston paxta bazasi bo‘lib qolaverar ekan, paxtakor ayollar (paxtada ishlaydiganlarning 90 foizi ayollar) hayotini chuqurroq o‘rganish va shu asosda ularga yordam berishning aniq, asosli yo‘llari ko‘rsatilishi kerak edi.

"Sovetskaya jenshina" jurnalidagi bir dalilga diqqat qildim:

"Mamlakatimizda o‘rtacha olganda yangi tug‘ilgan ming chaqaloqning 25 tasi nobud bo‘ladi. O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida bu raqam 45 taga teng. Bu yerda har yili to‘rt ming go‘dak nobud bo‘ladi..." Bu fikrlar Farg‘ona viloyatigagina xos emas.

Kasalxonalardagi shart-sharoitlarning nihoyatda nochorligi, 2—3 o‘ringa 6—8 tagacha bemor bolalar joylashtirilgan, dimiqqan palatalar, oddiy dori-darmonlarning muttasil yetishmasligi va nihoyat bolalarni ham, kattalarni ham birday holdan toydirayotgan moddiy yetishmovchiliklar... Bularga qo‘shimcha bizning moddiy ahvolimizni o‘nglab ololmayotganligimizning yana bir jiddiy sababi ma’naviyatimizning u qadar butun emasligida deb o‘ylayman. Joylarda, viloyatlarda odamlar salomatligi, bolalar, ayollar sog‘ligini o‘ylab, aniq hisob-kitoblar asosida planlashtirilib, yetarli mablag‘ ajratilib bolalar kasalxonalari, poliklinikalari qurish o‘rniga ularga almisoqdan qolgan, mahkamaviy eski idoralar moslashtirib berilmoqda. Bu puturdan ketgan binolarni har yili, goho ikki martadan remont qilishga to‘g‘ri kelayotganini hisobga olsak, birinchidan, bu binolar o‘sha biz xarajatidan qochgan yangi binolarga ketadigan mablag‘dan ko‘prog‘ini allaqachon o‘marib ketayapti. Ikkinchidan, bu zax, to‘kilish arafasida turgan binolarning bemor bolalar sog‘ligiga ta’siri... Biz chuqur mulohaza qilmay ish yuritish, xo‘jalik yuritish jafolarini ko‘p tortdik. Endigi xatolarimiz, aytish kerakki, bizni yanada qashshoqlashtiradi.

Biz jumhuriyatimizning suvi, gili paxta yakkaziroatchiligi bois zaharlandi, dedik. Paxta dalasida ishlovchilarning 90 foizi ayollar, dedik. Demak, o‘sha ayollarning har birining sog‘ligida bu og‘ular o‘z ta’sirini bugun ko‘rsatayapti yoki ertaga ko‘rsatadi. Nohiyalar, viloyatlarimizda biz jurnalimizda e’lon qilgan sirdaryolik mexanizator Habiba Mirzaevadek 40—45 ga kirmay ranglari somonday sarg‘ayib 7—8 xil kasb kasalliklarini orttirib, qo‘llarida yarimjon, invalidlik qog‘ozchasini olgan va ololmay yurgan paxtakor mexanizator ayollarimiz ozmi? Poytaxtimiz Toshkentda shunday bemorlarni davolaydigan "kasb kasalliklari kasalxonasi" borliginiyu, bu dunyoga kelib ko‘rganiyu bilgani shu paxta orqasidan necha xil kasal orttirganini o‘zi ham bilmay dunyodan o‘tayotganlar yo‘qmi oramizda?

Televideniening Orol haqidagi ko‘rsatgan filmlaridan birida Qora o‘zakda tug‘ilgan har 10 bolaning 6—7 tasi olamdan o‘tayotgani haqida eshitganimda, yuragim orqamga tortib ketdi.

Muolaja stolida yotgan, ikki ko‘zigina yiltirab tirikligidan belgi berib turgan, eti borib suyagiga yopishgan... bu holdagi nogiron, majruh bolalarni urush kinolari, kontslagerlardagina ko‘rardik. O‘ylamay ish yuritish oqibatida boshimizga tushgan achchiq ko‘rgulik bu!

O‘layotgan senmisan, yo men farq qilolmayman,
Ko‘z yoshim dengiz, ammo o‘zni g‘arq qilolmayman,
Ortda jarlik, oldga ham bir qadam jilolmayman,
Arosat, oraliqda o‘lmasaydik, Orolim!

Bugun holdan toygan Orolni ham, ayolni ham qutqarish, dardiga malham bo‘lish uchun "Arosat oraliq"dan chiqish, depsinib turavermay yo‘l topib, imkon topib xalqning kosasini oqartirish, taraqqiyot mashinalarini oldinga jildirish kerak bo‘ladi. Turmush, tirikchilik yuklari ostida ezilgan ayolning nafas olishi yengillashadigan, bolalarining yuzlariga qon yuguradigan, rang kiradigan kunlarga bir kun bo‘lsa-da tezroq yetish uchun harakat, xalqning o‘zini tushungan holdagi ommaviy harakati boshlanmas ekan, bizning uzuq-yuluq, yakkam-dukkam harakatlarimiz natija bermaydi.

Shunday rivoyat bor: emishki, bir tabib zotni yorib ko‘rsa, qush yuragining bir joyida kattagina dog‘i, yarasi bor ekan. Qushning yuragidayam dog‘ bo‘lar ekan-da, deb hayratlangan tabib boshqa bir qushning ham ko‘ksini yoribdi, ko‘rsaki, uning ham yuragining ikki-uch joyida dog‘. Bu — endi rivoyat-da. Jumbushga kelgan tabib mingta zog‘ning ko‘ksini yorib ko‘rgan emish. Birortasining ko‘ksini dog‘dan xoli ko‘rmagan tabib shunday xulosa qilgan ekan:

"Ki bu dunyoda bir zog‘i-bedog‘ yo‘q".

Oramizda bugungi ahvolimizning g‘oyat mushkulligini tushunmagan, bugungi muammolar ta’siridan yuragiga larza, dog‘ tushmagan odamning o‘zi yo‘qdir balki. Ittifoqdan tashqari, jumhuriyatimiz rahbariyati ham bugun xalqning ahvolini chuqur his etib, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, unga yordam berish yo‘llarini qidirmoqda, topmoqda.

Yetmish yil davomida ishlab, yelkasi yag‘ir bo‘lgan dehqonning bugunga kelib yerga ega bo‘lishi kichkina gap emas. Kasalvand, homilador ayollarga davlat hisobidan mablag‘ ajratilishi, bolalarning bepul ovqatlantirilishi, Prezidentimizning dastlabki ezgu ishlaridan bo‘lgan onalarga to‘lanadigan nafaqalarning ikki hissa oshirilishi kabi ko‘pgina xalq taqdirini o‘ylab qilinayotgan ulug‘ ishlar borki, bu bizni yaxshi kunlar kelayotgani, ahvolimizning o‘nglanajagidan umidvor qiladi.

Shu bilan birga, yana o‘sha ota-bobolarimizning "etti o‘lchab, bir kes" maqoli juda teranligi, kun tartibi, yashash tarzidan hech qachon tushib qolmasligi haqida o‘ylayman. O‘nglamoq uchun hamma nuqtada, hamma sohada kompleks tarzda yetti o‘lchab tadbirlar belgilanmas ekan, ishda siljish bo‘lishi qiyin. Bolalarni bahorgi armiyaga jo‘natish kunlarida ko‘pgina bahslar, tortishuvlar bo‘ldi. Shunday suhbatlarning birida o‘rtaga tushgan “Butunlay sog‘lom bo‘lmagan bolalarni armiyaga bermasak-chi” — degan fikr vrachlarni ham o‘yga toldirdi. Shunday, butunlay hamma a’zolari soppa-sog‘ bolalarimiz bormi o‘zi, bo‘lsa ular bolalar orasida necha foizni tashkil qiladi?

Biz bugun ko‘pgina ko‘ngilsizliklarimizning boshi, yerimiz, suvimiz, tuprog‘imiz, havomiz tarkibining buzilishi, aholi orasida turli xil yuqumli kasalliklarning ko‘payishi kabilar paxta yakkaziroatchiligi, yerimizga tashlangan kimyoviy dorilardan kelib chiqayotganligini tushunib turibmiz. Axir har gektar haydaladigan yerga solinadigan zaharli kimyoviy dorilar AQShda 2 kilogramm, Ittifoqimizda 3, O‘zbekistonda 54,4 kilogrammga to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda kasallik ko‘pligi, o‘lim ko‘pligidan ajablanishning o‘zi kulgili emasmi?! Bizning bu holatimiz ildizi qirqilgan daraxtni, ildizi qirqilganini esdan chiqarib, uning so‘lib borayotganiga hayron bo‘lib qarash, achinib qarashga o‘xshab ketmaydimi?

Qirqilish, o‘lish oldida turgan ildizni asrash uchun avvalo tuproq, suv, havoni tozalash kerak, bizda esa Arkadiy Marning yozishicha, ("Sharq yulduzi", 3-son) "Keyingi sakkiz yil mobaynida O‘zbekistonda rak bilan og‘rish 16,5 foizga ortdi. Har yili jumhuriyatimizda 13800 kishi rak bilan og‘rib nobud bo‘lmoqda. Zaharli kimyoviy moddalarni ishlatish yildan-yilga ortib bormoqda. 1987 yilda SSSR chet eldan 500 million so‘mga yoki ikki yil avvalgidan uch barobar ko‘p pestitsid sotib oldi. Bu zaharning asosiy qismi O‘rta Osiyo o‘lkalari yerlariga sepiladi. Masalan, O‘zbekistonda 1989 yilda avvalgi yildagidan 15 ming tonna ko‘p pestitsid sarflandi. Bu zaharli moddalar paxta navini, uning foydali xususiyatlarini ishdan chiqarayapti, tuproq tarkibini buzayapti, undagi foydali tarkibiy qismlarni qirayapti. Qolaversa, o‘zimiz ham "zahar yutishga majbur bo‘layapmiz".

Shunday. "Yetti o‘lchab, bir kesish" hamma nuqtalarda qatiy qoida bo‘lmas ekan, biz ming azobda bir nuqtadan topgan imkon, shifo, malhamlarimiz bilan boshqa nuqtadagi yo‘l qo‘ygan xatolarimizni yuvish, dardlarimizni davolashga majbur bo‘laveramiz.

O‘zimizni o‘z ildizimizga bolta urishdan tiyib farosat bilan ish yuritishimizga to‘g‘ri keladi. Ishlab chiqarishni to‘g‘ri rejalashtirmas, keskin choralar ko‘rib kasallik tarqatuvchi manbalardan zudlik bilan voz kechmas ekanmiz, xalq tili bilan aytganda, ko‘p yeyman deb uringan bilan boridan ham ajrab qolavsramiz. Kasallik tarqatuvchi manbadan qutulmas ekanmiz, bizning kamqon, bemor ayollarga yordam tariqasida ajratayotgan mablag‘larimizga o‘xshash juda ko‘p xayrli tadbirlarimiz suvga oqizilganday izsiz ketaverishi tabiiy. Biz yo‘l topib, imkon topib elga kasallik purkovchi mana shu kimyoviy zahar nomli yuhoni bartaraf qilmasak, elimizga uzatilgan ikki qo‘limizning birida shifo, malham, birida zahar turaveradi, degan gap bo‘ladi. Vaholanki, yeri, suvi, havosi zaharlangan, go‘daklari nimjon, ayollari kasalvand elni ikki qo‘lda ham shifo, malham tutmay davolab bo‘lmaydi. Davolab olmaslikning hech iloji yo‘q. Chunki ayollar shu bugun, shu bemador holda ham qo‘llarida, yuraklarining ostida avaylab kelajakni, shu yurt kelajagini ko‘tarib yuribdilar.

Biz o‘tamiz. Bu O‘zbskiston degan ekologik sharoiti uvada, ko‘ksi ming joyidan yarador, to‘kilay-to‘kilay deb turgan qal’a qoladi. Vatan qoladi. Biz ulgurmagan ishlarni amalga oshirish, bu har bir toshi tabarruk Vatanni tiklash, butlash ishlari yana shu, bugungi jabrdiyda ayolning qo‘llarida, yuragining tagida ulg‘ayayotgan nimjongina bolalar zimmasiga tushadi. Ularni turli kasallik, balo-qazolardan asrashimiz, topilmas javharday jonu imonimiz kaftida asrashimiz o‘zimizning xalq sifatidagi davomimizni asrashimiz emasmi?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.