OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurali Qobul. Katta haqiqat nuri (1988)

http://ziyouz.uz/images/qayta-qurish.jpg

Yozmoqqa o‘tirdim deguncha beixtiyor asabiylasha boshlayman. O‘ylab ko‘rsam buning ikki sababi borekan. Birinchidan, jamiyatimizda, hayotimizdagi muammo, nuqson oxirigacha o‘ylanmagan va nomaqbul ishlarning ko‘pligi bo‘lsa, ikkinchidan oq qog‘ozga to‘kilgan dardlaringni o‘zing istagandek matbuot yuzini ko‘rmasligi, gapingni xalqqa yarim ovozda yetib borishidir. Ittifoq miqyosida qayta qurish g‘oyat qiyinchilik bilan bo‘lsa-da odimlamoqda. Hali katta ishlarni amalga oshira olmayotgan bo‘lsak-da, odamlar darajalariga qarab ichlarida yillar davomida yig‘ilib qolgan dardlarini aytmoqdalar. Besh-o‘n yil burun bugungi kundagidek ko‘nglingdagini aytish mumkin bo‘lishini ko‘pchiligimiz tasavvur ham eta olmas edik.

Primore o‘lkasidan, hamyurt soldatdan olgan maktubni o‘qib, yanada asabiylashaman... «Nima qilishni bilmay alamimdan sizga xat yozyapman. Meni partiya a’zoligiga nomzodlikka qabul qilmay, hujjatlarimni qo‘limga qaytarib berishdi... Boshlang‘ich tashkilotdan, polkdan o‘tgandim. Diviziyada qaytarishdi. «O‘zbeklar ishi... rashidovshina, odilovshina... Sizlarga ishonish qiyin. O‘z yurtingga borib o‘t, dedi formasiga zo‘rg‘a sig‘adigan aroqxo‘r general. Indamay boshimni egib chiqib ketdim. Xo‘rligim keldi. Agar bizda o‘sha shina-shinalar bo‘lgan bo‘lsa, u brejnevizmdan boshlanganini, bu narsa, o‘sha davr uchun tipik voqea ekanligini, menga nisbatan qilingan munosabat shovinizmning bir ko‘rinishi ekanllgini ayta olmadim. Aks holda hujjatlarimni bulg‘ab, yomonotliqqa chiqarishar edi. Biroq, meni ojiz yigit ekan deb o‘ylamang. Tirik ekanman haqiqat uchun kurashaman...»

— Dada, kommunizmda shakar yemaymizmi? — magazindan quruq non ko‘tarib qaytib kelgan o‘g‘lim hayratlanib, katta-katta ko‘zlarini menga qadaydi. — Magazinchi opa ayttila...

Ha, bola sotuvchining zaharxandasini tushunmagan albatta. Lekin biz — yoshi ulug‘lar shu paytgacha yuz bergan va berayotgan katta-katta jinoyat hamda nuqsonlar oldida mana shu boladek aldanib kelmadikmi? Aldanayotganimizni sezganda ham vijdonimiz ovoziga quloq solishdan o‘zimizni olib qochmadikmi?

Ha, ayrim joylarda qayta qurish shiori ostida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan noma’qul ishlar ham qilinmoqda. Har qanday tegirmonning do‘liga tushsa butun chiqa oladigan kishilar esa o‘zlarining sharti ketib parti qolgan qiyofalarini qayta qurish shiori ostida pardozlamoqdalar. Hozircha ularning ko‘pchiligi bu ishning uddasidan chiqa olishyapti. Chortoq sari uloqni eltayotgan tulporlar to‘dasida ular mingan qirchang‘i baytalning ham shalqoq yopishgan pahmoq dumi ko‘rinib turibdi. Baytal holdan toyib yiqilgach, balki u oyoqyalang bo‘lib chopar. Bu esa xavfli. Tulporlar oyog‘i ostida qolib ketishi mumkin...

Bir qur odamlarimiz esa odatdagidek sukut saqlab, qornilari to‘qligi-yu, ustilari butligiga mag‘rur bo‘lib, tomoshabinlik qilmoqdalar. Albatta bularni ham batamom qoralab bo‘lmaydi. Savob ish qilaman deb birovning ko‘zini chiqarib qo‘ygandan ko‘ra tek turgan ma’quldir balki. Uzoq yillar mobaynida bizning aldovlarimizni eshitaverib, ularning terilari qotib ketgan chamasi. Shu bois ayrimlar qayta qurishga navbatdagi yana bir targ‘ibot va tashviqot mavsumi deb qaramoqda. Ularning bunday xayolga borishlariga esa yana o‘zimiz sababchi bo‘lyapmiz. Agar xuddi ilgarigidek yon-verimizga qaramay yana bayroqni ko‘tarib chopishga zo‘r bersak, qayta qurishni qayta quritishga aylantirishimiz hech gap emas. Moskva matbuoti ta’kidlayotganidek, agar qayta qurish muvaffaqiyatsizlikka uchrar ekan, bunga unga qarshilar emas, uning tepasida turganlar aybdordir. Xalq bugun kechqurun «Vremya» programmasi orqali M. S. Gorbachevning og‘zidan bir gapni eshitsa, u yashayotgan rayonda mutlaqo bu gapning teskarisi qilinayotgan bo‘ladi. Bizda hali juda ko‘p rahbarlar (barcha bo‘g‘inda) qayta qurishni amalga oshirish nari tursin, hatto bu g‘oyani anglab yetganlari yo‘q va anglab yetolmasliklari ham mumkin. Partiya, davlat va hukumat organlarini hali zamon jamiyatni bugungi ahvolga olib kelgan kishilardan tozalab bo‘lmaydi va buning iloji ham yo‘qdir balki. Yosh avlod ham birdaniga mas’uliyatni bo‘yniga olishga tayyormikan?

Xo‘sh, do‘ppini yonga olib qo‘yib, o‘ylab ko‘raylikchi, bugungi inqilobiy jarayonda qanday shaxslar yalovbardor bo‘lishi kerak? Oliy ma’lumotli, turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan va Oliy partiya maktabini bitirgan kishi xalqni ortidan ergashtira oladigan rahbar ekanligiga kim kafillik bera oladi? Bularning bir qismi bugun bizga qo‘shilib Stalinning go‘riga g‘isht qalab turgan bo‘lsa-da (ular buni qayta qurish deb o‘ylasalar kerak) uning ruhi ko‘pchiligining qon-qoniga singib ketgan. Ular eslarini tanigandan boshlab bu e’tiqod onglariga qariyb xudo shaklida o‘rnashib qolgan. Ularni bu ixlosdan mosuvo etish oyoq-qo‘llarini kesish bilan barobardir balki. U bu ko‘r-ko‘rona sig‘inishdan xalos bo‘lmog‘i uchun balki qayta tug‘ilmog‘i kerakdir. U qaytadan tug‘ildi ham deylik, lekin unga kim saboq beradi. Chala mulla murabbiylarimizning o‘zi saboqqa muhtoj bo‘lsalar-chi?! Shuning uchun ham buyuklardan biri «xalq orzu qilgan hokimiyatga emas, o‘zi munosib hokimiyatga ega bo‘ladi», degan ekan. Xalq befarq bo‘ldi. Sovet Ittifoqidek yirik davlat tepasiga inqilob qilganlarni qilichdan o‘tkazib, Stalin chiqib oldi. Stalinning qonxo‘rliklarini ochganligi (garchi bunga o‘zi ham daxldor bo‘lsa-da) uchun odamlarning ko‘tar-ko‘taridan esi oqqan dovdir Xrushchev (aslida uning darajasi uzoq bilan oblijroqo‘m raisligi edi) xalqni yana tentiratdi. Undan so‘ng esa «Literaturnaya gazeta» ta’kidlaganidek aravani bir o‘zi olib qochmaydigan rahbar kerak bo‘ldi va bu barchaning aytganiga xo‘p deb, bilganidan qolmaydigan L. I. Brejnevning chekiga tushdi. Biz esa majlis zallarini to‘ldirib, gulduros qarsaklar ostida yashayverdik. (Ko‘pchiligimiz bu majlislarda uxlab o‘tirardik. O‘zkompartiya Markaziy Komitetining o‘sha vaqtdagi plenumlaridan birida raykom sekretarlaridan biri xurrakni baralla qo‘yib yuborib, oldingi qatorga ag‘anab tushgan edi. Kechasi bilan «Toshkent» restoranini tang qilib aroq ichib chiqqandan keyin ahvol shu-da). Respublikamizda esa ahvol yuqoridagidan besh battar edi. Men o‘sha paytda bizga aql o‘rgatib, rahnamolik qilganlarning deyarli aksarini oddiy bir qalamkash sifatida o‘rganganman va ko‘pchiligi uzog‘i bilan rayijroqo‘m yoki xo‘jalik ishchilar komitetining raisligi lavozimida ishlashga loyiq ekanligiga ishonch hosil qilganman.

Fojia shundan iborat ediki, o‘sha davr rahbarlarining birortasidan katta bir gap yoki hayratlanarli fikrni eshitish mumkin emas edi. Ularning barchasi to‘tiqushdek gazetaning siyqasi chiqqan jumlalarini takrorlar edilar. Biz aql-idrokimizni, dunyoqarash va fahm-farosatimizni ularnikiga moslashga, ulardan andoza olishga majbur edik. Aks holda esa o‘yindan chiqib ketib, bola-chaqani boqish ham mushkullashib qolardi. Yanada fojialiroq tomoni shundaki, har qanday sharoitda yaxshi kun ko‘rishga o‘rgangan va bunga jon-jahdi bilan tirishuvchi olomon esa sog‘lom fikrlay olmaydigan, siyosiy nodon rahbarlardan bir zumda «payg‘ambar» yasab qo‘yadi. Shu bois ham M. S. Gorbachev Toshkentda bejizga «Dohiybozlikka chek qo‘yaylik!» deya ta’kidlamadi.

Yaqinda Jizzax oblasti rahbarlaridan biri (odamlar uning kimligini aytishdan cho‘chishdi) kattakon yig‘inda «o‘rtoqlar, yuqoridan ko‘rsatma bor. Endi to‘rttadan ortiq farzand ko‘rish mumkin emas. Oziq-ovqat, bog‘cha, maktab va kasalxona yetishmayotir!» debdi. Har bir masalaga qo‘zilatish kampaniyasiga qaragandek yondashadigan bunday kalla olarlardan xalq allaqachon charchagan. Xayriyatki bir onaxon chiqib, bu kaltabinning og‘ziga boplab uribdi. Oilani planlashtirish degan madaniyatsiz iborani o‘ylab topib, er-xotin yoki uzog‘i bilan ginekolog katbinetida hal bo‘ladigan g‘oyat nozik axloqiy ishni axloqsizlarcha gazeta sahifalariga va majlislarga olib chiqib, bilib-bilmay ota-onalarimizning izzat-nafsiga tegib qo‘ydik. Xalqimizda it bo‘l, qush bo‘l ko‘p bo‘l degan gap bor. Ko‘pchilik bo‘lish, hech qachon va hech bir zamonda, hech bir elga va xalqqa ziyon keltirmagan. Deylik Sovet xalqi yigirma million kishidan iborat bo‘lganida edi, Ulug‘ Vatan urushida hammasi qirilib bitgan bo‘lardi. Ittifoq bo‘yicha ishchi kuchi doimiy yetishmay tursa-da, biz odamlarga oilangni planlashtir deb tursak. Yoki mamlakatning bir burchagida ko‘p bolalik rag‘batlantirilsa-yu, ikkinchi burchagida buning aksi bo‘lsa. Bu diyonatdan emas axir. Buning o‘rniga xalqning madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa sanitariya madaniyatiga alohida e’tibor berish, akusherlik-ginekologiya xizmatini yaxshiroq yo‘lga qo‘yish kerak emasmi?! Obi-yovg‘on bilan tirikchilik qiluvchi kambag‘al oilalarga ko‘proq moddiy yordam bersak bo‘lmaydimi? Hammamizga ma’lumki, bugungi kunda respublikamizda 600 ta tug‘ruqxona yetishmas ekan, bu masalani zudlik bilan hal qilmoq kerak. Shu sohaga mutasaddi o‘rtoqlar bu fojiaviy ahvolni to‘g‘rilay olmas ekanlar, bir zum ham kechiktirmay iste’fo bermoqlari darkor. (Xayhotdek kabinetlardan iborat rayqo‘m va rayijroqo‘mlarning hashamatli binolari tug‘ruqxonalar uchun bo‘shatib berilsa, respublikaning deyarli barcha rayonlarida bu masala hal etilarmidi).

Bugungi kunda partiya Markaziy Komitetining qator qarorlari real imkoniyat va sharoitlar hisobga olinmay qabul qilinganini, qabul qilinganlari ham bajarilmaganini bir ovozdan (ilgari ham bir ovozdan ura-ura qilib ma’qullaganmiz) e’tirof etmoqdamiz. Xo‘sh, shu kabi nuqsonlar bugungi kunda takrorlanmayaptimi? Qarorlar va yuqoridan aytilayotgan gaplar xalqning yuragiga yetib boryaptimi? Eng muhimi bu tadbirlar xalqning og‘irini yengil qilyaptimi? Ko‘p gapirib yubormayapmizmi? Bu ahvolda yaxshi va haq gaplarimiz ham o‘z qiymatini yo‘qotib qo‘ymaydimi? Majlisbozlik, hali beri tugatilmaydigan qog‘ozbozlik va uzundan uzoq ma’ruzalar bilan hamon odamlarning hafsalasini pir qilmayapmizmi? Boshqarish uslubimizda sezilarli o‘zgarishlar bo‘layaptimi? Shu ahvolda ishlasak qayta qurish tomir otmasligini aytayotgan halol kishilarni qayta qurish muholiflariga aylantirib, yana jazolamaymizmi?

KPSS Markaziy Komitetining mehnatsiz daromadlarga qarshi qabul qilgan qarorini olib ko‘raylik. Bunday qarorni qabul qilmoq uchun eng avvalo ana shu daromadning o‘zi bo‘lishi kerak edi. Agar bo‘lsa kimda? Bu qarorni yuksak sur’atlarda «hayotga tatbiq etish»ga kirishgan Toshkent shahar partiya komitetining birinchi sekretari o‘rtoq Satin betakror, sharq obinoni tayyorlovchilarni quvg‘inga oldi. Oqibatda butun Toshkent hafta o‘n ko‘n yarim nonsiz qoldi. Yaxshiyamki bu xato shahar sharoitini yaxshi biluvchi kishilar aralashuvi bilan tuzatildi. Joylarda ham bunga o‘xshash yuzlab buldozerchilik harakatlari yuz berdi. Bu qaror bilan partiya aslida o‘zining kelgusidagi asosiy g‘oyalari — oilaviy pudrat, yakka tartibda mehnat qilish va kooperatsiyani rivojlantirilishiga qarshi faoliyat boshlab qo‘ygan edi. Biz eski, daqqiyunusdan qolgan odatimiz bo‘yicha ishni odamlarni ziqnovga olish va asossiz talab qilishdan boshlagan edik. Talab qilish oson. Biroq avval xalqqa erkin harakat uchun imkoniyat va sharoit yaratib berish kerak. Bizda yana bir yomon odat bor. Har qanday yangi ishga qanday bo‘lmasin o‘z manfaatimiz va tor aqliy fikrlashimizdan kelib chiqib yondoshamiz. U yoki bu ishning biz o‘ylaganimizdan mutlaqo boshqacha bo‘lishini, tasavvurimizdagidan o‘n barobar yaxshiroq amalga oshirish mumkinligi haqida astoydil bosh qotirib o‘tirmaymiz.

Shu o‘rinda kooperativlar xususida bir og‘iz so‘z.

Shu ketishda hademay davlat korxonalarini ham sindirib tashlaydigan bu tashkilotlar yaqin o‘n yilliklarda xalqimizni ham ship-shiydon qiladi shekilli. Kooperativlardan o‘rnak olgan davlat umumiy ovqatlanish korxonalari ham xalq cho‘ntagini qoqishtirishning turli yo‘llarini o‘ylab topmoqdalar (Masalan «Zarafshon» restoranining hojatxonasiga kirish o‘n tiyin turadi). Yaqinda bir qulay joyda kooperativ oshxona ochish uchun talashgan ikki «uddaburro» kishining «jangi»dan xabar topdik. Mutaxassislarning fikricha bu yerda oyiga chorak million so‘mlik savdo qilish mumkin ekan. Oxiri ulardan biri ikkinchisiga «shu joydan kech, qirq ming beray» debdi. «Ellik ming beraman, sen voz kecha qol» deya javob qilibdi ikkinchisi. Masala kimning «tomiri» baquvvat bo‘lsa shuning foydasiga hal bo‘lar ekan...

Kishilarimizdagi loqaydlik, ortiqcha o‘zini urintirmaslik kasali aslida bizni bugungi mushkul kunlarga olib keldi. Biroq fe’limizdagi bu qusurlardan xali beri xalos bo‘ladiganga o‘xshamaymiz. Xalqimiz M. S. Gorbachevning respublika kishilari bilan muloqotini diqqat bilan kuzatib turdi, Bosh sekretar «Algoritm» zavodida bo‘lganida to‘planganlarga «Menga qanday istak va iltimoslaringiz bor?» deya murojaat qildi. «Yo‘q!», «Rahmat!», «Hammasi yaxshi!» deya javob qilishdi ishchilar. Eshityapsizmi? yigirma millionlik O‘zbekistonda, ikki millionlik Toshkentda hech qanday muammo yo‘q ekan!.. Nahotki odamlarimizni partiyaning yetakchi rahbariga aytadigan, biror og‘iz taplari bo‘lmasa?! Nahotki biror kishining tiliga «Orol!» degan so‘z kelmasa?!

(Eski vaqtlardagiga o‘xshab, rahbarlar bilan uchrashuvdan oldin ishchilar chig‘iriqdan o‘tkazilganmikan deya xayolga borasan beixtiyor).

Bu yarim andisha, yarim qo‘rquv va jur’atsizlikning orqasida boshqa narsa ham bor. Biz barcha sohalar bo‘yicha ishlab chiqarish planlari bajarilsa, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarimiz ham qoyilmaqom deya o‘ylab o‘z-o‘zimizni aldashga o‘rganib qolganmiz. Qaerda yopig‘liq qozonlar yopig‘ligicha saqlansa, o‘sha yerda ish yaxshi ketayapti deb o‘ylaymiz (Hatto hozir ham). Bir kun kelib bu qozonlar bir yo‘la portlab ketishini, O‘zbekistondagi monokultura, Qirg‘iziston yaylovlarining og‘ir ahvoli, Baykal vaOrollar paydo bo‘lishini o‘ylab o‘tirmaymiz. Biz o‘tkinchi haqiqatlarni deb, ko‘p hollarda dunyoviy haqiqatlarga ziyon-zahmat yetkazamiz. Va ming afsuslar bo‘lsinkim kalta o‘y va noqobilligimiz orqasida yo‘l qo‘ygan xato va jinoyatlarimizdan vijdonimiz unchalik azob ham chekmaydi.

Ichkilikbozlikka qarshi kurashni va bu haqdagi qarorni olib ko‘raylik. Axir ma’lum bir davlat hujjatini qabul qilishdan oldin xalq shu narsaga tayyormi yo‘qmi, o‘ylab ko‘rish kerak emasmi? Qaror boshqa narsa haqida edi, kurash esa o‘zga tomonga burilib ketdi. Hatto hushyorlikka chaqiruvchi masxaraomuz bir jamiyat ham tuzib, yana yuzlab nafar nonxo‘rakni ko‘paytirdik. Yevtushenko ta’kidllganidek ichkilikbozlik qolib ketib, shishaga tarmashdik. Ilgari ham ichuvchi odam to‘ygunicha ichardi. Hozir ham topgan to‘ygunicha, ayrimlar esa o‘lgunicha ichayotir. Bu orada xalqning madaniyatli va tartib-intizomli guruhiga og‘irlik tushdi. Bular ichimlik uchun navbatga turishga uyaladilar, samogon tayyorlash esa yetti uxlab tushlariga kirmaydi. Shunisi xayratlanarliki, umrida aroqni og‘ziga olmaydigan, uni ko‘rsa yuzini teskari buradigan kishilar ham bir kunimga yarab qolar degan o‘yda ikkita shishani olib qo‘yib, uch barobariga pullayotir. Biz bu bilan yuz minglab odamlarga boylik to‘plash va ma’lum muddatdan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortidish imkoniyatini yaratib berdik.

— Bitta novvosning puliga zo‘rg‘a bir yashik aroq oldim-a! O‘lsinki shuyam tirikchilik bo‘lsa! — deydi jig‘ibiyron bo‘lib bir hamqishlog‘im.

Biz shishadagi og‘ugaki xalqning ko‘zini och qilib qo‘ysak!.. Bu narsa olib keladigan ma’naviy ziyonni va tartibsizliklarni o‘ylab ko‘rdikmikan? Biz uni ichishni suiiste’mol qilgan, ichib ko‘chada ag‘anab «yotadigan va hech qachon odam bo‘lmaydigan, xullas ichkilikbozlarga qarshi qattiq kurashishimiz, qo‘limizdan kelsa tarbiyalashimiz kerak edi deb o‘ylayman. Bundaylarga qarshi har qanday jazo qo‘llanishiga ham xalq rozi edi. Puxta o‘ylanmagan bu ishimizning zamiridan shunday ma’no chiqib qoldi: bu xalq shunaqa, oldidagi yemishini olib qo‘ymasang yeyaveradi!... Bunday qilmoqlikka esa bizning haqimiz yo‘q edi. Tabiatan xalq bolaga o‘xshaydi. Bolaga nimaniki qilma desang, aksini qiladi. Agar hozir aroqni ko‘paytirib qo‘ysangiz ham endi — odamlar o‘zlari o‘rgangan arzongarov qo‘lbola aroqlaridan voz kechmasliklari mumkin. Biz o‘zimiz sezmagan holda xalqni qariyb unutayozgan tirikchiligi bilan shug‘ullanishga majbur qildik. Endi esa oxir-oqibatda turli ichimliklar ichishdan halok bo‘lganlarning hisob-kitobini qilib o‘tiribmiz. Nisbatan spirtli-ichkiliklar kam iste’mol qilinadigan O‘zbekistonda o‘tgan yil mobaynida shu sabab bilan 600 nafar kishi halok bo‘libdi. Axir bu odamlarning oilasi, bola-chaqasi bor-ku!.. Usiz ham har yili Ittifoq bo‘yicha 40 ming nafar bolaning yetim qolishi (buning ko‘pchiligi tirik yetimlar) bizga, yetib ortadi-ku! (Yetim o‘sgan bolada vatan tuyg‘usi sust rivojlanadi yoki umuman bo‘lmaydi).

Baxmal va Bulung‘ur rayonida yuzlab gektar uzumzorlarni yo‘q qilib tashlashganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, tepaning buyrug‘i bilan ishlaydigan mexanizm hali hanuz baquvvat ekanligiga menda hech bir shubha qolmadi. Bu mexanizmni sindirmoq uchun qayta qurishning necha yili ketishini tasavvur eta olmayman.

— Bir haftadan beri yuqorining ko‘rsatmasi bilan XIX partiya konferentsiyasiga delegat izlaymiz. Otasiyam, o‘ziyam kommunist, oilaviy pudratda ishlaydigan odam bo‘lsnn deyishyapti. Mana bizning demokratiya! Joylardan ko‘rsatilgan munosib odamlar esa anketa ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tmayapti, — deydi sobiq hamkasbim, Baxmal rayon partiya komiteti partiyaviy-tashkiliy ishlar bo‘limining mudiri Xudoyberdi Esonov, — Ilgariyam shunday edi, hozir ham shunday bo‘lyapti. Shuning uchun odamlar bizga ishonmaydilar.

Necha o‘n yilliklar mobaynida bizda barcha sohalarda jumladan rahbarlikda ham antidemokratik uslub va metodlar paydo bo‘ldikim, bilmadim bunga chek qo‘ymoq uchun nima qilish kerak? Kechasi soat o‘n ikkigacha hashamatli kabinetini tark etmay qog‘ozbozlik va qo‘ng‘iroqbozlik bilan mashg‘ul bo‘ladigan mas’ul rahbarlar hali-hanuz o‘zlarini xalq uchun jon fido qilyapman deya o‘ylasalar kerak. Respublika miqyosidagi bitta rahbar kechasi bilan kabinetida o‘tirsa unga taassub qilib, o‘zini kechayu kunduz ishlayotgan ko‘rsatib, oblast, rayon va xo‘jaliklarda qancha odamlar stolga qadalib o‘tirishi, telefondan uzoqlashmasligi kerak. Antigumanistik bu ahvolga barham berishning allaqachon vaqti yetgan. Ish vaqtida funktsiyasini eplay olmagan odam, ishdan keyin ham tegirmon toshini joyidan jildirmaydi. Kechayu-kunduz odamlar orasida bo‘lish va ularning dardini eshitish, yaxshi-yomon kunidan xabardor bo‘lishining esa yo‘rig‘i boshqa. Kabinetida uzoq o‘tiradigan odam buyruqboz va ma’muriyatchi bo‘lib qolganini, o‘ziyam sezmay qoladi. Bu narsa esa beixtiyor byurokratik ish uslubini shakllantiradi. Ulug‘lardan biri esa bejizga: «dunyoni ikki narsa — atom bombasi yoki byurokratik idora uslubi yo‘q qilishi mumkin» demagan.

Qachonki odamlar bizning hatti-harakatimizda o‘z orzu umidlarining aksini ko‘rsagina, biz ularning istaklariga qanot baxsh eta olsakgina gapimizga ishonib, ortimizdan ergashadi. Biz uzoq yillar mobayiida kishilarni Amudaryoga olib borsak ham suvsiz qaytarib olib keldi! Endi u uncha-buncha gapga ishonmaydi. Buni hisobga olmaslik ommaning ongli fikriga tayanmay turib, xalq kuchini ezgu ishlarga yo‘naltirib, katta ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi.

Xalqda dunyo ko‘rgan odam degan gap bor. «Musofir bo‘lmasang musulmon bo‘lmaysan» — degani esa yurt kezib, odam tanimaganing, odam bo‘lmaganing degani ekanligini izohlab o‘tirish shart emas. Demak, elga bosh bo‘lmoq uchun el ko‘rgan, dunyo aylangan bo‘lish darkor. Biz esa necha o‘n yilliklar mobaynida o‘z qobig‘imizga o‘ralaverib, burnimizdan narini ko‘rmaydigan bo‘lib qolganmiz. Umr bo‘yi qishlog‘idan chiqmay, yumaloq yostiq qilib oliy o‘quv yurtini bitirgan, go‘shtni katta-katta chaynab, aroqni simirib yotgan qorindor raisni o‘ylamay-netmay raykomning birinchi kotibligiga tavsiya etamiz. Ilgari kolxozni yeb yotgan (hammasi emas albatta) bu odam endi butun boshli rayonni yotqizib turg‘azadi.

Chet ellarda esa kishilarni muddat davomida, qunt bilan rahbarlikka tayyorlaydnlar. Kerak bo‘lsa bu soha bo‘yicha u o‘nlab mamlakatlardagi ish uslublarini o‘rganib, o‘nlab kurslarda o‘qiydi. Bizda esa davlat ishi yuzasidan Hindistonga borib kelishdan ko‘ra kosmosga uchish osonroqdir. Men bu gaplarni o‘z tajribamdan kelib chiqib yozmoqdaman. Allaqachonoq sharq mamlakatlariga bir oy sarsonu-sargardon bo‘lib Moskva orqali emas, Toshkentdan uchsa bo‘ladi. Moskvaga bir marta borib kelguncha Dehliga uch marta borib kelish mumkin-ku axir. Jamiyatimizda insonni insonga ishonchi mutlaqo yo‘qolganda edi, bu boshqa gap... Lekin hozircha hech kim bu narsalar haqida o‘ylab ko‘rmayotir chog‘i. Bugungi kunning rahbari (nafaqat rahbarlar, hammamiz ham) jahon iqtisodi, madaniyati, ijtimoiy-siyosiy ahvolining barcha qirralaridan xabardor, yetakchi davlatlar turmush tarzi va ishlab chiqarishini mukammal biladigan, bir so‘z bilan aytganda tom ma’noda ma’rifatli, komil va fozil inson bo‘lmog‘i kerak emasmi?

Ishlab chiqarish kishilarini qo‘ya turaylik, dunyo kezmagan, odamning yaxshi-yomonidan boxabar bo‘lmagan yozuvchi va rassomning ahvolini ham bir o‘ylab ko‘ring-a?! Dunyo ko‘rmagan, dunyoni bilmagan odam dunyoviy asar yarata oladimi? (Markes yoki Aytmatovni olib ko‘ring; bormagan yerlari qolmagan). Lekin biz yozuvchilarga ham tashqi muloqot uchun yo‘llar berk. Moskvalik shoir tanishim bir yil mobaynida olti kapitalistik mamlakatga borib keldi. U borganlarini emas, endi qaysilari qolganini hisoblaydi (Ko‘p joylarga bir necha martaba borib kelgan). Bizdagi yozuvchilarning arizalari esa tegishli byurokratik idoralarda, birinchi galda SSSR Yozuvchilar soyuzida yillab yotadi. Bir necha yil burun O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga sazovor bo‘lgan taniqli shoirni chet elga chiqarishmadi. Aybi qatog‘on (repressiya) yillari qamalgan emish... Menimcha, bu inson huquqi va g‘ururini xuddi o‘ttiz yettinchi yillardagidek oyoq osti qilish, usiz ham xor bo‘lgan odamning yarasiga tuz sepishdan bo‘lak narsa emas. Bu kishining xalq yozuvchiligi qaerda qoldi deng?

Rahbarlikning barcha bo‘g‘inlarida kadrlarni (kadr so‘zi asli arabcha qodir so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, biror ishga qodir odam degani) yoshartirish kerak deb o‘ylayman. Odam yoshligida qanchalik tashabbuskor va ishchan bo‘lmasin, umr bir joyga borib qolgach, o‘zi sezib-sezmay konservator va pedantlik sari yuz tutadi. Hatto jazoga munosib kishilarning ham burnini qonatgisi kelmaydi. Dunyoda uchta eng yosh hukumat (Temur, Napoleon va Lenin tuzgan) bo‘lib, bular, tarixda iz qoldira olgan. Shu bois yosh kuchlarni partiya va davlat ishlariga jalb etish, ularga ishonch bildirish va eng og‘ir uchastkalarni ularga topshirish ishimizda burilish yasashi mumkin.

Biroq hamon o‘zimiz bilgan, ko‘rsatmalarimizni qosh qayirmay bajaradigan, shov-shuvsiz tinchgina ishlaydigan silliqqina kishilarni tanlab, mas’ul lavozimlarga tavsiya etyapmiz.

Bizda hali juda ko‘p, ilgarilari gapirish va yozish mumkin bo‘lmagan tarmoqlardagi muammolar o‘z yechimini kutib yotibdi. Turma va lagerlardagi inson huquqlarining oyoq osti qilinishi, u yerlardagi poraxo‘rlik, zo‘ravonlik va noinsoniy munosabatlarni ko‘plar eshitgan. Bu yerda bo‘lgan to‘qson to‘qqiz foiz kishilar tuzalish o‘rniga yanada beshbattar buzilib, jamiyatga dushman bo‘lib chiqadi. Yaqinda nohaq qamalib chiqqan rahbarlardan biri bilan suhbatlashdim.

— Kaltafahmlik va vijdonsizligimiz uchun bu kunlar ham kamlik qiladi bizga uka! U yerda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan, aytishga til ojizlik qiladigan noma’qulchiliklarning shohidi bo‘ldim. Qarindosh urug‘ingiz bilan uchrashish uchun yuz so‘m berishingiz kerak. Podvaldagi kameradan birinchi etajga chiqish ham yuz so‘m. Cho‘ntagingizda lezviya olib yurishga ham ellik so‘m berishingiz kerak. Buning hammasi u yerda ochiq savdo. Yo‘lini topgan kishi millioner bo‘lishi hech gap emas. Haqiqatchi, to‘g‘ri bo‘laman degan esa o‘lib ketishi mumkin. Qayoqqa borayotganimizga aqlim yetmaydi. Noilojlikdan o‘zimga yetti marotaba suiqasd qildim, o‘z xohishing bilan ertaroq o‘lganingga ham qo‘yishmaydi...

Bir narsa xususida doim o‘ylayman. Nahotki defitsit (kamyoblik) degan g‘ayriinsoniy holat manguga sotsializmning yo‘ldoshi bo‘lsa, «09—Jigulining old oynasini 1600 so‘mga sotib oldim. Mashina minmay o‘lib ketgan ma’qul ekan. Bu pulga ozgina qo‘shsa yana bitta mashina beradi-ya» deydi qo‘shnimiz yig‘lamoqdan beri bo‘lib. «Volga»ning bahosi chayqovda 50 ming ekanligini hamma biladi, biroq nega shundayligini hech birimiz chuqurroq o‘ylab ko‘rib, tashvish chekmaymiz. Hatto kap-katta akademik va yozuvchilarimiz veteran va pensionerlarimiz «Volga» bilan chayqovchilikni odat qilib olganlar. Yuqori tashkilotlarda so‘zlariga quloq solganlari uchun hech bo‘lmaganda eski «Volga»sini o‘g‘li yoki kuyoviga sovg‘a qilib, o‘zi yangisini oladi. Qarabsizki, shu alpozda bir oilada uchta «Volga» bo‘lsa, uning qo‘shnisida shalpangquloq eshak ham yo‘q. Shuning uchun qayta qurishni eng avvalo oq qorani tushunadigan, o‘zini xalqning vijdoni sanab yurgan ziyoli va rahbarlardan boshlamoq kerak. Bu borada Moskva Toshkentga, Toshkent esa Samarqandg‘a o‘rnak bo‘lmog‘i lozim. Ming afsuski haligacha biz buni ko‘rayotganimiz yo‘q. Biz qanchalik yuqorilashganimiz sari sotsial adolat shunchalik toptalib borayotir.

Hech qachon va hech bir rahbarlik paytida aptekalarimizda dori-darmonlar taqchilligi, shifoxonalarda joy yetishmasligi, bu sohadagi davlat jinoyatchiligi darajasidagi chayqovchilik barham topmayotir. Axir qachondir va kimdir bu yarim qotillikdan iborat nomz’qulchiliklarga barham berishi kerak emasmi? O‘nglanmayotgan va o‘nglanishi hali-beri sezilmayotgan bu kabi o‘nlab sohalarni ko‘rib turib, qayta qurishga bayroqdor bo‘lish uchun kurashayotgan juda ko‘p va yirik rahbarlarning o‘zi unga tayyor emas shekilli, degan xayolga borasan kishi.

Juda katta fojialar odatda oddiy voqea va hodisalardan boshlanadi. Deylik tushlik qilish uchun «Toshkent» yoki «Zarafshon» restoraniga bir kirib ko‘ring. Eshik oldidagi oddiy insoniy, madaniyatdan yiroq shveytsar otasining tomorqasiga kiritayotgandek ho‘mrayib, qo‘lingizga qaraydi. Joy bo‘lsa-bo‘lmasa nafsoniyatingizni yerga urib, kuttirib qo‘yadi. Chet ellik mehmonlarga esa uy itlaridek pildirab borib joy ko‘rsatadi. Xudoning oldida yalangoyoq qochgan ofitsiantkalarning yuzi ijirg‘anishdan tuzlangan teriday burishadi. Sizdan besh-o‘n so‘m undirishga ko‘zi yetmaguncha yeb tashlagudek bo‘laveradi. Kafanligiga yaragur shu summani olganiga yarasha ko‘ngildagidek xizmat qilsa ham mayli edi. Sizning bu yerdan qorningiz to‘lib (to‘yib emas) biroq dilingiz xufton bo‘lib, insoniy g‘ururingiz toptalib chiqasiz (Kechqurungi muzika shovqinida esa kun bo‘yi uloq chopgan otdek adoyi tamom bo‘lasiz. Shu bois ma’rifatli odamlar bizda restoranlarga borishmaydi). Eng yomoni qay bir sohaga bosh urmang, mana shu ahvolga duch kelasiz. Bo‘ladigan gapni aytganda, odamlarimizning Moskvaga komandirovkaga borishga yuragi bezillab qolgan. Samolyotga o‘tirishdan tortib, taksigacha, xullasi mehmonxonaga joylashgunga qadar nafsoniyatingiz yerga urilishga chidash kerak (Joy buyurib qo‘ymagan bo‘lsangiz, vokzal yoki aeroportda tunaysiz). Oddiy odam uchun anchayin tirikchilik ham osonlikcha bitmaydigan bo‘lib qolgan. Kamdan-kam odamlar bugungi kunda ham talabalarning oliy o‘quv yurtlariga pulsiz kirganiga ishonadi. (Aniq ma’lumotlarga qaraganda respublikada institutlarga kirishning «bahosi» oshgan). Porasiz tuzukroq kvartira olganingizga ham ko‘plarni ishontira olmaysiz. Buning sababi nimada? Yolg‘onchining rosti ham yolg‘on degandek, o‘tmishdagi qilmishlarimiz, yarim haqiqat va aldoqchi haqiqatchalarimiz bugungi kunda yo‘l qo‘yayotgan xatolar va shoshma-shosharligimiz endilikdagi yaxshi ishlarimizga ham soya solmoqda. Bu soyalarni yo‘qotmoq uchun esa katta, dunyoviy haqiqatlarning yorqin nuri kerak. Buning uchun esa bizga, ana shu haqiqatni ko‘ra oladigan o‘tkir ko‘zlar, tom ma’noda ziyoli va ma’rifatli shaxslar kerak. Aks holda biz yana izdan chiqib ketishimiz mumkin...

Yuqorida aytganimdek, Afg‘oniston, Chernobil, Admiral Naximov, Orol, Qorabog‘ va Sumgait... Bular bizning kalta o‘ylashimiz tufayli uzoq vaqt saqlagan ahmoqona sukutimiz, puxta o‘ylanmagan chala haqiqatlarimizdir. Yarim haqiqatlar esa insoniyat tarixida doimo fojeaviy oqibatlarga olib kelgan.

Stalinning xato va jinoyatlarini butun jahon bundan ellik yil burun million marotabalab aytgan hamda yozgan. (Biz esa hamon bahslashib yuribmiz). Biroq uning bedodliklarini fosh etgan shaxs — Xrushchyovning o‘zi ham beburd odam bo‘lib chiqdi. (Xalq buni odatdagidek kech bildi). Shu bois xalq uning Stalin haqidagi gaplariga ham ishonib-ishonmadi va bu xato tufayli «dohiy» haqidagi gaplarga hozir ham ishonqiramay turibdi.

Yetmish yildan buyon xalq bir narsaga tushunmaydi va bizning eng katta fojialarimiz ham aslida mana shunga borib taqaladi. Neajabki, barcha bo‘g‘inlarda to‘qson foiz qodirlarimizning faoliyati salbiy yakun topadi. Huquq-tartibot organlarida esa obro‘ e’tibor bilan pensiyaga chiqqan odamni kamdan-kam uchratasiz. Nima, bizda umuman elga aql bo‘la oladigan, butunroq odamlar yo‘qmi yoki nuqul ish bilmas, xalqqa to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olmaydiganlarni tanlab rahbar qilamizmi? Uzluksiz takrorlanadigan bu ahvolga qarab turib, qadimiy xalq qo‘shig‘ida katta ma’no borligiga ishonch hosil qilasan kishi.

O‘sal[1] bo‘lsang bosarlar,
O‘sar bo‘lsang osarlar,
O‘rta bo‘lg‘il, o‘rta bo‘lsang,
El og‘asi yasarlar...

Shu paytgacha bizning so‘zimizni xalqimizga yarim ovozda yetkazib kelgan matbuot nashriyotlarimizdagi o‘rtoqlar insofga enib, (ular odamlarni fikrini qirqish yoki silliqlash bilan demokratiya va qayta qurishga xizmat qilayapmiz deya o‘ylasalar kerak) inson so‘ziga vijdonan munosabatda bo‘ladilar deb o‘ylayman. Arz-dodimizga quloq solishlari kerak bo‘lgan ko‘pchilik rahbarlarimiz hamon dolzarb mavzulardagi muhim maqolalarni o‘qishga vaqt topolmaydilar. Bir qism arboblarimiz esa ona tilida kamdan-kam o‘qiydilar yoki umuman o‘qimaydilar.

Imoni butun odam uchun Vatan ham, haqiqat ham bittadir. Bu ilohiy tuyg‘ularni oyoq osti qilgan inson esa avlodlar qahri va la’natiga sazovordir.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil 15 iyun

_________________

[1]O‘sal — bu yerda kamtar ma’nosida N. Q.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.