OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Ko‘ngildagi gaplar (1989)

Hamzaning nomini ilk bor qachon eshitganimni bilmayman, lekin uning nomi bilan turli yoshda turlicha g‘ururlanib yurganlarim esimda. Dastlab Hamzaday insonga vatandoshlik tuyg‘usining o‘ziyoq ko‘ksimni faxrlarga chulg‘ar edi. O‘sha paytlari to‘rtta tengqur davrasida undan gap ochilsa, oraga tug‘ilgan yurtini albatta qo‘shib turardim. Keyinroq bu tuyg‘u ustiga yangi bir tuyg‘u — bir o‘zi shuncha yumushni (shoir, dramanavis, bastakor, o‘z qo‘shiqlarining ijrochisi, o‘qituvchi, darsliklar muallifi va h.) eplaganidan cheksiz havaslanish qo‘shildi. Yana keyinroq, uning madaniyatimiz tarixida tutgan o‘rni (o‘zbek sovet adabiyotining asoschisi, o‘zbek teatrining otasi, birinchi dramanavis, birinchi bastakor, birinchi sharqiya (marsh) muallifi, birinchi... birinchi... birinchi...) bilan g‘ururlanadigan bo‘ldim. Lekin 1910—1930 yillar ijtimoiy hayotini, o‘sha davr adabiyoti tarixini o‘qib, o‘rganib, ustozlardan eshitganim sari ko‘ngilda g‘alati shubhalar uyg‘ona boshladi. «Nega?, «Nega?», «Nega?» degan savollar paydo bo‘ldi. O‘zimiz o‘lib-tirilib izchil realist deb atagan shoirni ideal darajaga ko‘tarib yuborganimizni his qildim. Sanoqsiz «Nega?»larga jo‘yali javob topolmagach, shubhalar asta-sekin norozilikka, norozilik esa goho ko‘r g‘alayonga aylanib bordi. Vaqtlar bo‘ldiki, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urib ham qo‘ydim...

Xayriyat, tezgina Hamzani shaxs va ijodkor sifatida tushunishimda yangi bir palla boshlandi. Keksalarning, ayniqsa, ayam bilan dadamning Hamza to‘g‘risidagi hikoyalari (taqdir taqozosiga ko‘ra, ayamning ota uylari shoir yashagan uyga qo‘shni bo‘lgan), uning boshqalarga, boshqalarning unga yozgan xatlari, ayniqsa, Hamzaning bir necha kunga yetarli non so‘rab O‘zbekiston prezidenti Yo‘ldosh Oxunboboevga yozgan o‘tinch xatiyu Prezidentning unga «hali uch-to‘rt oylik maoshimni ololganim yo‘q, o‘zim ham nochorman, uzr, Hamzaxon», degandek mazmundagi javob xatlari... mening avvalgi yaltiroq tasavvurlarimni parchalab yubordi. Nafaqat Hamza shaxsiyatiyu ijodiga, balki inqilob arafalari Turkiston milliy o‘lkasida boshlangan katta Uyg‘onishga, milliy ozodlik, jadidlik, ma’rifatchilik harakatlariga, turli oqim va yo‘nalishlarga, adabiyotchi va matbuotchilarning faoliyatlariga, xullas, butun o‘sha davrga qarashlarim tubdan o‘zgarishga yuz burdi. Balki bugungi kunda ro‘y berayotgan Uyg‘onish jarayonida 10—20-yillar uyg‘onishiga o‘xshash jihatlar borligi uchun ham u davrga qiziqish kuchaygandir, harholda, ko‘nglimda Hamzaga (va boshqa zamondoshlariga) xayrxohlik, o‘zgacha g‘urur uyg‘onayotganini sezaman. Va birdan anglaymanki, ancha yillar meni qiynagan shubhalar, noroziliklar va ko‘r ijirg‘anishlar haqiqiy «ega»siga qaratilmagan ekan. Shunda Hamzaga astoydil... achinib ketaman. Axir, u sho‘rlikda nima gunoh?! Xalqim deb jonini jabborga bergan bo‘lsa, yurtimning kamolini ko‘ray deb yelib-yugurgan bo‘lsa, tinimsiz yo‘l axtargan, buning uchun o‘zini har sohaga urib ko‘rgan bo‘lsa!.. Aksari adabiyotchilarda Hamzaning nomi (yashirib nima qilamiz) qarshi kayfiyat uyg‘otadigan darajaga yetgan bo‘lsak, ishonchim komilki, bunda Hamzaning aybi yo‘q. U o‘sha davr farzandi, shoiri, ilg‘or ziyolisi sifatida afsus chekmaydigan tarzda yashadi, ijod qildi, davr zimmasiga yuklagan vazifalarni ko‘plar qatori sidqidildan ado etishga intildi; o‘zi o‘sha davrga sig‘madi, shekilli, toshbo‘ron qilindi...

Bugun u o‘zini himoya qilolmaydi. Shuning uchun unga (umuman, o‘tgan barcha iste’dodli ijodkorlarga) munosabatimizni belgilashda aslo yengiltaklikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Menda negadir aniq bir ishonch bor: biz bugungacha nomiga zo‘rlab yopishtirib kelgan juda ko‘p sifatlashlarning («asoschi», «birinchi» va b.) Hamzaga keragi yo‘q, u o‘z she’rlari, tomosha asarlarini, aslida, bular uchun yozmagan yoki shu sifatlashlarni olayin deb sira intilmagan. Aksincha, u o‘ziga halovatsiz turmushni tanladi, romanlardagidek yo kinoepopeyalardagidek emas, oddiy, lekin buyuk maqsadlar tashvishiga ko‘milib yurdi, o‘sha tashvishlar ichidan halovat qidirdi, aksari hollarda topdi ham. U o‘ziga hech qanday imtiyoz, soxta shon-shuhrat yoki izzat tilamadi, orzu qilgan yagona imtiyozi — xalqining kamolotini ko‘rish edi. U haqda ellik-oltmish yildan beri yozilayotgan («hamzashunoslik») asarlarning juda ko‘p sahifalaridan uning ruhi xijolat chekib yurganiga shak-shubham yo‘q.

Keyingi ikki-uch yildan buyon adabiy davralarda 20-yillar adabiyoti keskin munozaralar qo‘zg‘amoqda. Soxta bahonalar bilan xalqdan yashirilib kelgan nomlar qiyinchilik bilan bo‘lsa ham qayta tiklanmoqda. Ayni choqda, Hamza nomi tevaragida yana bahslar kuchaya boshladi. Ora-orada: «Nega u asoschi bo‘larkan, ana, falonchi undan zo‘r, o‘sha bo‘lsin-da» yoki «U kim bo‘pti, she’rlari bir tiyinga qimmat» yoki «Falon asarini o‘zi yozmagan, pismadonchi yozgan» degandek gaplar quloqqa chalinib turibdi. Rostini aytganda, bu noroziliklarda har qancha haqiqat bo‘lmasin, adabiyotchilarimiz orasidagi bunaqa kayfiyat odamda noxush taassurot qoldiradi. Albatta, adolatni tiklash, adabiyot qasrida har bir ijodkorni o‘z o‘rniga qo‘yish kerak, ammo bu degani kimni shoh, kimni vazir, kimlarni devonbegiyu eshikog‘a qilib qo‘yish kerak degani emas. Zero, taxt mavjud ekan, uning uchun kurash bo‘laveradi. Menimcha, adabiyot qasridan taxt va taxtchalarni (rasmiy mavqelarni) olib tashlashga erishish lozim. Axir, chuqurroq o‘ylab ko‘raylik, «asoschi» degan martaba o‘zi qayoqdan paydo bo‘ldi? U adabiyotga shu qadar kerakmi? Aslida, Cho‘lpon bir yo‘nalishning, Qodiriy bir yo‘nalishning, Hamza bir yo‘nalishning, Fitrat boshqa bir yo‘nalishning (va h.) asoschilari bo‘lishi, har birining yo‘ldoshlari va izdoshlari bo‘lishi tabiiy va ma’qul emasmi? Nega biz ijodiy martabalar uchun emas, rasmiy martabalar uchun kurashamiz doim? Yana, «sotsialistik realizm» rasmiy tushunchasini olib ko‘raylik (buning ham har bir milliy adabiyotda bittadan «asoschi»si bor). Bu atama topilganidan keyin unga munosib temir qonunlar bichila boshladi, o‘ziga xos «ustav»lari, «programma»lari yaratildi va u bora-bora... yovuz mezonga aylanib, adabiyotimizning juda ko‘p iste’dodli vakillarining boshiga yetdi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, So‘fizoda (va boshqalar) nimaning orqasida azoblanishdi? Nima ularni hayotdan olib ketdi? Shaxsga sig‘inish... chaquv... dushmanlari... dersiz. Albatta, bular ham. Lekin asosiysi bular emas. Aslida, ular shaxsan va ijodan «sotsialistik realizm» qolipiga sig‘madi, ular adabiy johillikning qurbonlari bo‘lib ketishdi. (Shu ma’noda, chaqimchilarning o‘zlari ham qurbondirlar.) Rost, Hamza 1929 yili halok bo‘ldi, lekin adabiy davralarda bir gap yuradiki, agar 37-yillargacha yashaganida, shubhasiz, u ham otilib ketardi... Nachora, bu taxmin harholda Hamzaning obro‘yini bir qadar ko‘taradi!

Demak, hamma gap «hamzashunoslik»da. Kelgusi vazifa shu paytgacha boshi bilan turgan bu sohani oyoqqa qo‘yish, to‘g‘ri yo‘lga solishdan iborat. Bu vazifani ado etish uchun hamzashunos bo‘lish shart emas, adabiyotning jonkuyari, muhibi bo‘lish kifoya. Hamzani ortiqcha maqtovlardan ham, yerga urishlardan ham himoya qiladigan payt keldi.

Yana bir gap. Keyingi paytlarda professor Norboy Xudoyberganov Hamza bahonasida bir-ikki hamzashunosga munosabat bildirish uchunmi yoki o‘sha bir-ikki hamzashunos bahonasida Hamzaning o‘ziga munosabat bildirish uchunmi, ishqilib, bir qator maqolalarida (jamoatchilikka ma’lum ular) noroziliklarini oshkor aytib turibdi. Lekin, afsuski, bu tanqidchimiz ham qandaydir rasmiy martabalarni undan tortib olib boshqaga berish uchungina kurashayotganday taassurot uyg‘otadi. Fikrlar ochiq aytilmasa ham, gap paynovi aylanma-chiyrilma yo‘llar bilan «birovning chorbog‘i»ga to‘g‘rilab qo‘yilayotganini sezib turasiz. Bu yo‘l samarasiz. Hamza asarlarining qaysi jihati zo‘r, uning ulug‘ligi nimada ekanini hamzashunoslardan «konkret misollar bilan» isbotlab berishni talab qilgan yaxshi, lekin ularda bu isbotni topmadikmi, modomiki bu mavzu bizni qiziqtirayotgan ekan, o‘zimiz o‘sha ishni bajarishga urinib ko‘raylik. Axir, ILM rad qilish bilangina shug‘ullanmaydi. Ilm o‘rganadi. O‘rganib tasdiqlaydi, o‘rganib rad qiladi. Martabalar ulashish, taxt uchun kurashish ilmning yo‘li emas. Maqsadi ham emas. Bu bilan rasmiy idoralar shug‘ullanaversin. Biz esa ketma-ket maqolalarimizda bir narsani talab qilavermasdan, bitta maqolamizda nimanidir tadqiq qilganimiz yaxshi. Shunday qilsak, har qanaqa shubha-gumonlarga ham o‘rin qolmaydi, o‘rganilayotgan har bir ijodkor o‘z o‘rnini topib ketaveradi. Madaniyatimizni yaxlit sevishni o‘rganaylik.

Shaxsan men «Ko‘nglini bir olay deb, ey yor, xush kelibsiz» singari nihoyatda o‘zbekona, go‘zal satrlarni ko‘rsam, ko‘nglim yayraydi, Hamzaning baribir yaxshi shoir ekaniga iqror bo‘laman; «Olovli yo‘llar» kinotarixini ko‘rganimda esa ichim achiydi, sho‘rlik vatandoshim uchun xijolat chekaman; mahallaning ikki-uchta qizalog‘ini qand-qurs bilan aldab-suldab uyiga olib kirib, Karomatxon xotiniga ovunchoq qilib qoldirib, o‘zi uy eshigini ham, ko‘cha eshigini ham ustidan qulflab, erta ketib-kech qaytishlari, Karomatxon kennoyi esa qizaloqlarga ertaklar aytib, xamirdan shakllar yasab, zeriktirmay o‘tirganlari to‘g‘risidagi hikoyalarni eshitganimda shoir siymosini yanada to‘laroq tasavvur eta boshlayman; «aksari asarlari aslida boshqacha bo‘lgan, keyinchalik atay buzib tahrir qilingan» deganday gap-so‘zlar chiqqanida, adabiy johiliyatdan kuyinaman; hozir hatto qishloq bog‘chalarida tarbiyachilar zo‘r berib o‘rgatayotgan «Qo‘g‘irchog‘im Natasha,Yeb qo‘yibdi ko‘p kasha» singari jo‘n, go‘zallikdan mahrum tizmalarning o‘rniga Hamzaning «To‘g‘riso‘z bola» (va b.) she’rlari yodlatilishini juda-juda orzu qilaman...

Hamzaning tug‘ilganiga yuz yil, halok bo‘lganiga oltmish yil to‘ldi. Kelinglar, 100 raqamli dovon Hamza ijodini o‘rganishda tub burilish dovoni bo‘lsin. Shu paytgacha qanchalik undan uzoqlashgan bo‘lsak, bundan bu yog‘iga Hamzaga peshvoz yuraylik. Yo‘limiz kesishsa zora. Hamza asrimiz boshlaridagi Uyg‘onish davrining farzandi, asrimiz qariyotganda yana o‘shanday, hatto ancha salobatli Uyg‘onish jarayoni boshlanyapti. Biz — saksoninchi yillar qalamkashlari qatorimizda cho‘lponlar, qodiriylar, hamzalar, fitratlar, usmon nosirlar, oybeklar, qahhorlar... turishini istaymiz. Ularning hayotidan, ijodiy taqdirlaridan, o‘zaro munosabatlaridan o‘zimizga saboqlar chiqargimiz keladi. Ular yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamay, ruhlarini shod qilishni, tariximizning boyligidan, rang-barangligidan g‘ururlanib yurishni xohlaymiz.

Nurullo OTAXONOV

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.