OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa’dulla Siyoyev, Murod Abdullayev. Buyruq bergan kim? (1990)

(Parkent voqealari xususida)

« O'zbekiston adabiyoti va san'ati» ro‘znomasi tahririyatiga!

1990 yil 3 mart kuni Parkent tumani aholisi bilan ichki qo‘shin askarlari va militsiya xodimlari o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda markaziy va ayrim jumhuriyat matbuotlari tomonidan berilgan xabarlar biryoqlama va noxolis bo‘lganligi tumanning ko‘p ming sonli va ko‘p millatli aholisini behad g‘azablantirmoqda. Hatto ayrim muxbirlar voqea sodir bo‘lgan joyga kelmasdan, odamlar bilan uchrashmasdan, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatishgacha borib yetdilar. Mehnatkash xalq sha'niga malomat yog‘diruvchi bunday kimsalarni sudga berishga qaror qildik.

Fojia sabablarini har tomonlama o‘rganish maqsadida, tuman ijroiya komiteti qoshida maxsus jamoatchilik komissiyasi tuzildi. Parkentda yuz bergan qonli fojia bilan bog‘liq tafsilotlarni aniqlash va halol yoritish uchun o‘z vakilingizni yuborishlaringizni iltimos qilamiz. Tahririyat xodimlari bevosita voqea sodir bo‘lgan joydagi guvohlar, qonli to‘qnashuv ishtirokchilari, yaradorlar, jamoatchilik komissiyasi a'zolari bilan uchrashib, ularning qo‘lidagi hujjatlar va ashyoviy dalillar asosida, xolis fikrga kelishi zarur, deb bilamiz.

Jamoatchilik komissiyasi a'zolari: Olimov, Hasanov, Nishonboev, Hojimatov va boshqalar. Jami 20 imzo.»

O'zbekistonda yana qon to‘kildi. Qo‘qondagi shahidlarning go‘ri sovumay turib, to‘rt yigitdan ayrildik...

Parkentda motam. Onalar ko‘k kiydi. Tojiqul Almatovning to‘rt yetimi chirqirab qoldi.

Xalq ko‘ksini alam o‘rtaydi.

Qariyalar qovog‘i soliq, bolalarning ko‘zlari jovdiraydi, kelinlik libosini qiyishga ulgurmagan lobar qizlarning diydasi to‘la yosh.

Militsiya binosi batamom yonib ketgan. Fojia yuz bergan soy bo‘yi bo‘m-bo‘sh. Bu joy bolalarning sevimli saylgohi edi. Qosh qorayguncha quvlashmachoq o‘ynashardi. Hozir u yerga hech kim bormaydi. Soy bo‘yida odam o‘ldi!

Xo‘sh, Parkentda nima yuz berdi? Uchinchi martdan beri tahririyat telefonlari tinimsiz jiringlaydi. Adabiy jamoatchilik, Parkent ahli «Adabiyot» gazetasi nega jim, haq so‘zni aytinglar, bo‘lgan ishni bo‘lganicha yozinglar», deb talab qilmoqda. Jumhuriyatimizning boshqa shahar va viloyatlaridan ham shu mazmunda qo‘ng‘iroqlar bo‘lib turibdi. Biz oqsoqollar, muallimlar, ishchilar, huquqshunoslar, talabalar, qalamkashlar, shifokorlar, bemorlar, rahbarlar, kolxozchilar bilan suhbatlashdik. Xalq komissiyasi a'zolari to‘playotgan hujjatlar bilan tanishdik. Ko‘z o‘ngimizda zohiran vahshiyona, botinan sir-asror to‘la mudhish bir manzara namoyon bo‘ldi.

...3 mart. Shanba. Shahar odatdagidek gavjum. Parkentning yetti kentidan kelgan odamlar shaharni to‘ldirib, markaz orqali har tomon yo‘naladi. Birov bozorga yo‘rg‘alaydi, birov kasalxonaga, birov ishga oshiqadi, birov o‘qishga. Soat o‘nlarda, hammomga yetmay, katta ko‘cha bo‘yida odam to‘planib qoldi. Odamning esa fe'li ma'lum, to‘rtta kishi yig‘ilgan yerga, nima gap ekan, deb beshinchisi ham keladi. Xalqni bir yerga jam qilgan narsa - tepada, tuman partiya qo‘mitasi binosi oldida turgan oq qalqonli, dubulg‘a kiygan askarlar edi. Parkent ahli umri bino bo‘lib, bunaqa «temirtan»lilarni ko‘rmagan. Xo‘sh, raykom binosi oldida askarlar nima qilib turibdi?

Nohiya kasalxonasi jarrohlik bo‘limi mudiri Sobit Ikromov: -Ertalabdanoq hammayoq militsionerlar va askarlarga to‘lib ketdi. Nima gap, deb so‘rasak, «profilaktika» deyishdi.

Shu tariqa, shivir-shivir, mish-mish kuchaydi. O'tgan-ketgan to‘xtab, xalqqa xalq qo‘shildi. 50-60 chog‘li odam yig‘ilib qoldi. Tepadagi askar yigitlar shuni kutib turgandek, birdan pastga tusha boshladi. Ularni Parkentning qadrdon militsiya xodimlari boshlab kelardi. Qimdir, alhazar, degandek jo‘nab qoldi. Ko‘pchilik tarqalmadi. Askarlar qayga borarkan, degandek, hayratlanib ularga qarab turishdi. Bekorchiga tekin tomosha kerak edi.

- Askarlar saf tortib, ko‘cha betini egallashdi.- deydi Toshkentdagi 2-vagon deposi ishchisi Tohir Munavvarov.- Oldinga militsiya podpolkovnigi chiqdi. Qo‘liga megafon oldi.

- Xaloyiq! Darhol tarqalinglar! - dedi do‘q urib. - Uch minut vaqt beraman, yaxshilikcha tarqalmasanglar, ayamaymiz!

Odamlar: «Biz bu kishiga nima yomonlik qildik, indamay bir yerda turibmiz-ku», deb yelka qisdilar. Bir necha kishi to‘pdan chiqib keta boshladi. Shu payt podpolkovnik: «Bir, ikki, uch!» - dediyu ortiga o‘girildi, yelkasidan nafas olib, hujumga shay bo‘lib turgan harbiy ofitserga im qoqdi. Ofitser qo‘lini chulg‘adi: «Olg‘a!», deb baqirdn. Askarlar rezina kaltaklarini ko‘tarib, xalq ustiga tashlandi. Yosh demay, qari demay, yoppasiga savalay ketdi. Ularning vajohati yomon edi...

Odamlar soy tomonga qochdi. Askarlar hamon bostirib kelar, tik turganlarni ayovsiz urar, yiqilib yotganlarni tepib o‘tardi. Militsiya xodimlari esa qocholmay qolganlarni peshma-pesh mashinaga tiqib, hibsga jo‘natib turishibdi.

- Olomon chekinib, soy bo‘yiga yetdi, - deydi Parkent shahar ijroqo‘mi raisi Solijon To‘ychiev. - Ularni bu yerga urho-ur qilib taqashganidan so‘ng, yoshlar qo‘liga tosh oldi. Shunda men qo‘limni ko‘tarib, odamlar oldiga bordim: «Toshni tashlanglar, ular qurollangan», deb yoshlarni tinchlantirib, askarlar tomonga kelayotsam, o‘q otilib qoldi. Ulgurolmadim...

Askarlar: «Qurolga qarshi - qurol!» degandek, avtomatga qo‘l cho‘zdilar. Dastlabki o‘q Mirsoli Mirtursunovni yiqitdi. U oh deyishga ulgurmadi. O'q endigina yigirma oltiga qadam qo‘ygan yigitning miyasini teshib o‘tgan edn.

O'q tovushini eshitib, chor atrofdan odamlar yugurib kela boshladi. Xalq o‘zini himoya qilishga o‘tdi. Endi qochish navbati askarlarga keldi. Ular chekina-chekina raykom binosiga, so‘ngra yangi tushgan univermag ichiga kirib yashirindilar. Haqoratga chidamagan xalq raykom binosi tomon ko‘tarildi. Tinch aholiga o‘q otgan qonxo‘rlar sardorini talab qildi. Javob bo‘lmadi. Javob o‘rniga, eshik-teshikdan o‘qtalgan avtomatlar ko‘rindi. Odamlar bir necha oynani urib sindirib, iziga qaytdi. Shu ur-surda so‘qoqlik Tojiqul Almatov ham o‘qqa uchdi.

Melisaxona ro‘parasiga, tikuv fabrikasi darvozasiga bahaybat BTRni ko‘ndalang qilib qo‘ydilar. U o‘qtin-o‘qtin osmonga o‘t ochib, fabrikada ishlayotgan ayollarning, bog‘chadagi bolalarning o‘takasini yorib turdi. Xalq melisaxona oldiga to‘plandi. Bekorga kaltak yeb, hibsga tushgan farzandlarini talab qildi. Ichki ishlar xodimlari o‘z fuqarosining oldiga chiqib, odamga o‘xshab gaplashish o‘rniga, xonama-xona bekinib oldilar. Bu ham kamlik qilganday, goho derazadan o‘q uzib, bitta-yarimtani yarador qilib turishdi. Tabiiyki, bunaqa paytda xalqning qoni qaynaydi. Qo‘riqchilarning nomardligidan, zo‘rlikdan, haqoratdan siynasi chok bo‘lgan olomon melisaxonaga o‘t qo‘ydi. Biz bu ishni oqlamoqchi emasmiz, zulmning doyasi zulm, degan qo‘hna naqlni eslatmoqchimiz, xolos.

Osmonda harbiy vertolyot paydo bo‘ldi. Bu Parkentdagi «isyon»ni bostirish uchun yuborilgan qo‘shimcha kuch edi. Havoda dag‘daga qilib, ko‘zdan yosh oqizuvchi sertutun portlagichlar uchdi.

«Tartib» o‘rnatuvchilar shunchalik qizishib ketishgan ediki, hatto ko‘chama-ko‘cha yurib, «boshi buzuqlarni» izlay boshlashdi. Ularning nazdida, har burchakda bir «ekstremist» bekinib turgandek edi. Bo‘lmasa, Muzaffar Hamidovning o‘limini qanday izohlash mumkin? Uni uyining yonida otib ketdilar. Hamidovning uyi qaydayu melisaxona qayda! Orasi bir chaqirimdan ortiq. Shu yerda o‘rinli bir savol tug‘iladi. Nohiya rahbarlari qaerda edi? Ular fojianing oldini olisholmadilarmi? Nohiya rahbarlari junbushga kelgan olomonning ichida edi. Erkin Ro‘zmatov bir kungina avval nohiya ijroiya qo‘mitasiga rais etib saylangan. U kishi «hay-haylab», xalqqa peshvoz chiqdi, yoshlarni tinchitishga urindi, goho alamdiyda odamlar to‘dasini to‘sib goho harbiylar bilan tillashib, fojia o‘chog‘ini so‘ndirishga urindi. Shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Solijon To‘ychiev ham g‘azabnok olomon bilan tikkama-tikka gaplashdi. Oqsoqollar, tuman faollari, muallimlar, Parkentning nufuzli kishilari xalq talabini eshitib, ularni osoyishtalikka chorladi.

Xo‘sh, tuman partiya komitetining birinchi kotibi-chi? U yo‘qmidi? Bor edi. Pastda o‘nlab odam yarador bo‘lib, shahidlarning qoni to‘kilib yotganda, Ismoil Salimov tepada, o‘z kabinetida o‘tirardi. Ehtimol, u xotirjam o‘tirmagandir, ehtimol, voqeaning borishini kuzatib, g‘alayonning tinchishini kutib turgandir? Yoki xalq oldiga tushgani cho‘chigandir? Aql bovar qilmaydigan holat! Bu yoqda 84 ming aholining taqdiri hal bo‘layotgan bo‘lsa-yu, birinchi kotib xalq oldiga otlanish o‘rniga, kabinetidan chiqishni o‘ziga lozim ko‘rmasa! Axir, uni parkentliklar yaqindagina jumhuriyat xalq deputatligiga saylagan edilar.

Nihoyat, birinchi kotib jur'at qilib, olomon oldiga keldi. Biroq endi kech bo‘lgan edi. Melisaxona yongan, askarlarni olib kelgan avtobuslar yoqilgan, o‘ladigan o‘lib, yaradorlar soni o‘ttizga yaqinlashib qolgan edi. Tushdan keyin xalq biroz tinchidi. Jumhuriyat hamda viloyat rahbarlari ko‘magida qo‘shin olib chiqib ketildi...

Necha kundirki, Parkentda osoyishtalik hukmron. Shaharda bitta ham militsioner zoti ko‘rinmaydi. Tumanni xalqning o‘zi boshqarmoqda. Xalqning ishonchli, nufuzli farzandlaridan iborat komissiya ishlab turibdi. Unga yangi saylangan raykomning birinchi kotibi Erkin Ro‘zmatov rahbarlik qilyapti. Xalq orasidan chiqqan ko‘ngilli posbonlar ko‘chalarni, do‘konlarni, bank, idora, kasalxona, bog‘cha, maktab kabi jamoat mulkini tunu kun qo‘riqlab turibdilar. O'tgan kunlar ichida bironta tartibsizlik, o‘g‘rilik ro‘y bermadi. Parkent xalqi oriyatli, mehnatkash xalq. Sabrli, insofli. Shuning uchun hukumat rahbarlarini ishontirdi. O'z nohiyamiz sha'nini o‘zimiz himoya qilamiz, boshimizda kaltak o‘ynatib, miltiq o‘qtalish shart emas dedilar. So‘zlarining ustidan chiqishdi.

Parkent soyi ikki kun loyqalanib, yana tingandek bo‘ldi. Keling, biz ham (oliy martabali nosihlarimiz aytmoqchi!) ehtirosga berilmay, bir mulohaza qilib ko‘raylik. Fojianing oldini olish mumkinmidi? Mumkin edi. Hamma baloning boshini mesxeti turklariga olib borib taqashadi. To‘g‘ri «Kumushkon» sanatoriysiga olti yuzga yaqin turk joylashtirilgan edi. Biroq ularga hech kim tegmadi.

- Mesxet turklaridan biror kishi bizga, tibbiy yordam so‘rab, murojaat qilgani yo‘q, - deydi nohiya shifoxonasi bo‘lim mudiri Sobit Ikromov.

Parkentliklar sabr qildilar. Vaqti-soati bilan ketishar, deb o‘ylashdi. Turklar shaharga tushib, do‘konlarda savdo qilar, Parkentni bemalol aylanib yurardi. Hech kim ularga ozor bermadi-ku! Hatto o‘sha to‘s-to‘polon kuni turklarni junbushga kelgan xalq orasidan namoyishkorona olib o‘tishganda ham, na bir yomon so‘z aytildi, na yong‘oqdek tosh otildi. Bu gapimizni istagan parkentlik tasdiqlashi mumkin.

Xo‘sh, shunday ekan, ichki qo‘shin askarlari va militsiya qo‘shimcha kuchlari Parkentga nima maqsadda olib kelindi. Bunga kim buyruq berdi? Xalq mana shuni bilishni istaydi.

Ulug‘ Vatan urushi nogironi Arslon Azimxo‘jaev:

- Men ikki marta melisalar oldiga borib, bu qurollangan askarlarni kim boshlab keldi, olib ketinglar, dedim. Lekin ular quloq osmadilar. O'sha kuni halok bo‘lgan militsiya xodimi, avval o‘t ichida qolib, so‘ngra o‘zini ikkinchi qavatdan pastga tashladi. U otgan o‘qlardan odamlar yaralanib, bir yigit nobud bo‘lgani uchun ayab o‘tirmadilar.

Parkent shahar ijroqo‘mi raisi Solijon To‘ychiev:

- Odamlar umuman majlis o‘tkazish uchun yig‘ilishmagan edi. Miting o‘tkazish haqida tuman va shahar ijroqo‘mlariga birorta ariza tushgani yo‘q. Bunga harakat ham bo‘lgani yo‘q. Men qonli fojialar ro‘y bergan joyda edim. Shu narsa ajablanarliki, miting o‘tkaziladigan joy boshqa, odamlar otilgan, kaltaklangan joy boshqa. Hayronmiz...

Biz Parkent tuman kasalxonasida yotgan yaradorlar bilan ham suhbatlashdik.

Nishonboy Habiev, «Navbahor» sovxozi ishchisi: - O'sha kuni Parkentning markaziy ko‘chasidan tug‘ruqxonaga, ko‘zi yorigan ayolimni ko‘rgani o‘tayotganimda o‘q tegdi.

Mirkomil Sobirov: - O'sha ko‘chadan kasalxonada yotgan otamga ovqat olib o‘tayotganimda yarador bo‘ldim.

Faxriddin Ermatov (o‘qituvchi): - Yonayotgan bino ichidan otilgan o‘q sonimdan teshib o‘tib ketdi...

Ha, o‘sha kuni 24 kishi militsiya va ichki qo‘shin askarlari otgan o‘qlardan yaralandi. Dastlabki kuni ulardan uch kishi hayotdan ko‘z yumgan edi. Yetti kundan so‘ng, og‘ir yaralangan o‘smirlardan yana biri- 16 yoshli Zuhriddin Eshmatov ham kasalxonada jon berdi. Shifokorlar yana 20 dan ortiq yigitning hayoti uchun kurashmoqda. Ular orasida yengil jarohat olganlar ham, tayoqlar zarbidan yer tishlaganlar ham, hayoti qil ustida turganlar ham bor. Ha, shunday, to‘pponchalar, avtomatlardan otilgan o‘qlar bu yigitlarning oyoq va qo‘llariga tegdi. Ammo xalqning nafrati o‘q uzganlarning yuragiga tegishiga shubha yo‘q.

Parkent ahli tuman partiya komitetidan, xususan, uning birinchi kotibi I. Salimovdan qattiq xafa. Axir, bir kun oldin, 2 martda Parkent chetiga yuzdan ortiq jangovar askarlar olib kelinib, hunar-texnika bilim yurtiga joylashtirilganidan u xabardor edi-ku? O'sha kuni raysovetning sessiyasi bo‘ldi. Ammo I. Salimov sessiya ishtirokchilariga yoki byuro a'zolariga buni bir og‘iz bildirib qo‘ymadi. Byuro a'zolari xabar topganlarida, sahar ko‘chaga chiqishmasmidi, askarlarning oldini to‘sib, xalqni o‘limdan, jarohatdan va eng xunugi, uzoq yillik badnomlikdan asrab qolishmasmidi?

Muvaqqat xalq vakillari komissiyasi a'zosi, tuman ro‘znomasi muharriri Mahmudjon Toirov dardchil, ammo to‘g‘ri bir gap aytdi: «O'zbekistonning suvini ichib, nonini yeb katta bo‘lgan ba'zi qalamkash «do‘stlarimiz» yana yolg‘on-yashiq narsalarni yozib, o‘zbeklarni butun dunyoga yomonotliq qilishmoqda. Ularga, hay, deydigan odam yo‘qmi?»

Haq gap. Markaziy matbuot, markaziy radio, televidenie xodimlari tag‘in jamoatchilikka uydirma tarqatdi. Biz esa, taqdirga tan berib, tag‘in miq etolmay turibmiz. Parkentda miting 40-50 kishi yo‘l bo‘yida to‘planib, umrida ko‘rmagan sovutli askarlarni tomosha qilsa-shu mitingmi? Miting bo‘lsa, nega shahar ijroiya qo‘mitasi, boshqa mutasaddilar bilishmaydi?

Telefon simlari uzilib, simyog‘ochlar qulatilgan emish. G'irt yolg‘on! Bitta ham dalil yo‘q.

«Boshi buzuqlar» raykom binosini egallamoqchi bo‘lganmish. Tuhmat bu. Xalq istasa, hammayoqni vayron qilishi mumkin edi. Holbuki, kichkina suv do‘koniga ham shikast yetmadi. Faqat o‘z xalqini o‘zgalarga bog‘lab bergani uchun odamlar militsiyaga g‘azabini sochdi.

Parkent tuman partiya komitetining shu voqealardan so‘ng saylangan birinchi kotibi Erkin Ro‘zmatov:

- O'sha kuni biz parkentliklar uchun ichki qo‘shin askarlarining ham, qo‘shimcha militsiya kuchlarining ham keragi yo‘q edi. Basharti biron yig‘in bo‘lgan taqdirda ham, biz o‘z xalqimiz bilan osoyishta gaplashishga tayyor edik. Aslida esa odamlar yig‘ilib miting o‘tkazadi, degan bironta ishonchli gap yo‘q edi. Mish-mishlar bo‘lsa bo‘lgandir. O'sha kuni askarlar va militsiya qo‘shimcha kuchlari tashlanishiga buyruq bergan odamda biror «xavf» to‘g‘risida ma'lumot bor ekan, nega tuman va shahar ijroqo‘mi rahbarlari bundan o‘z vaqtida ogoh etilmadi?

Nima maqsadda bu narsa sir tutildi? Tushunolmayapmiz. Odamlar yig‘ilib biron joyga hujum qilsa ekan, ehtiyot chorasi ko‘rildi deb bahona qilish mumkin edi. Boringki, biror xavf-xatar oldidan askarlar va qo‘shimcha militsiya kuchlari olib kelinsin ham deylik. Baribir, o‘q uzishni oqlab bo‘lmaydi. Ruxsat etilmagan mitinglar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi farmonda ham jamoatga qarab o‘q otilsin, ular kaltaklansin, deyilmagan-ku? Markaziy matbuot yolg‘onni yozdi. Biz 4 martda motam yig‘ilishimizda odamlar bilan 6 soat gaplashdik. Birontasidan na hukumat, na rahbarlar sha'niga haqoratli gap chiqqani yo‘q. Nega tumanga askar kiritildi? Tinch aholiga o‘q uzishga kim huquq berdi? Xalq mana shuni aniqlash uchun komissiya tuzdi. Xalqqa haqiqat kerak? Elni tinchitish, osoyishta va xotirjam etishning bundan o‘zga yo‘li yo‘q.

... Biz borgan kuni Parkentda jala yog‘di. Jala do‘lga aylandi. Parkentliklar tabiatning bunaqa nag‘masiga o‘rganib ketishgan. Ammo 15 kundan beri zahmatkash, sodda xalq boshiga yog‘ayotgan malomat toshlariga ko‘nikolmay hasratda. Qariyalarning soqolida yosh, bolalarning boshi xam, onalar ko‘k libosda. Xalq amri - vojib; Unga quloq solmaslik bugungi kunda xiyonatdan boshqa narsa emas!

1990 y.

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.