O'sha mudhish kunda u, ikki dunyo bir tutam bo‘lib, olamga keltirgan jigarporalarini - Mirodiljonni, Manzuraxonni, Mansurbekni va Nargizani o‘z qo‘li bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi.
Xonadagi to‘rt polopon, qafasga tushgan qushdek, najot istab to‘rt tarafga tirqirab qochdi. Ammo sovuq devorlar shafqat qilmadi: Bir oniy jaholatdan telbalangan, hayotning beayov zarbalaridan qalbi nuqul o‘chhissi bilan to‘lgan ayol qo‘liga gul bo‘yi taralib turgan chechaklarni - uning o‘z bolalarini hech ikkilanmay topshirdi!.. Ona qo‘llaridan yolg‘iz panoh ko‘rib o‘rgangan go‘dak, tanidan sut hidi anqib turgan bir yarim yoshli Nargizaning hech narsadan bexabar munchoq ko‘zlaridagi iltijo yoshlari azobli chinqiriqqa aylandiyu mijjalarida qotib qoldi...
O'sha kun... dunyoning sochlariga oq tushdi.
O'sha kun olamning yuragiga so‘roq tushdi: Mudhish qotillikdan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bunday qotillikdan daryolar o‘zanidan chiqquday to‘lg‘ondilar, ona zamin ko‘ksini g‘ijimlab yorilgisi keldi, osmon qulab tushishni ixtiyor qildi, quyoshning qonli ko‘z yoshlari ufq etagiga tomib ketdi, oyning yuzidagi dog‘lar ko‘paydi, yulduzlar jovdirab, ko‘z yoshlarini artolmadilar...
O'sha - dunyoning yuragiga armonli og‘riq kirgan baxtsiz tongda Andijonning Janubiy Olamushuk qishlog‘i qabristonida to‘rt mo‘‘jaz qabr do‘ppaydi...
Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyat yana bittaga ortdi.
Mahkumalar soni bittaga ko‘paydi...
Rasmiy hujjatdan: 1988 yilgi jami jinoyatlarning 14,6 foizi ya'ni 7311 tasi ayollar tomonidan sodir etildi. Jumhuriyatimizda 1989 yilda 84 459 ta yoki o‘tgan yilga nisbatan, qariyb o‘n besh mingta ko‘p jinoyat sodir bo‘ldi.
Qotilliklar, tan jarohatlari yetkazish, yirik ko‘lamdagi o‘g‘riliklar, davlat mulkini talon-toroj qilish, giyohvandlar, daydilar, fohishalar (ularning 1150 dan ziyodi hisobda turadi) haqidagi xilma-xil xabarlar endilikda ko‘pchiligimizni hayratga solmay qo‘ydi.. Ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar iil asayin bolalab bormoqda.
- Men, Teshaboeva Zamira, Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida tug‘ildim. Onadan uch opa-singilmiz. O'gay ota qo‘lida tarbiyalandik. Opam o‘z ixtiyori bilan turmush qurdi. Ularning oilasida tez-tez janjal bo‘lib turgani uchun, uydagilar kimni loyiq ko‘rsalar, o‘shanga rozi bo‘ldim. 1981 yil yanvarida to‘yimiz bo‘ldi. Ilich davlat xo‘jaligiga kelin bo‘lib tushdim. Erim Teshaboev Ibrohim sartarosh edi. Yaxshigina pul topardi. Biroz durust yashadik. Ko‘p o‘tmay, u ichkilikka mukkasidan ketdi. Menga umuman kun yo‘q edi. Bo‘lar-bo‘lmasga rashk qilaverardi. Biror narsani bahona qilib, urmagan kuni kam bo‘lardi. Yuz-ko‘zlarim hamisha ko‘karib yurardi. Biror joyga shikoyat qilib borishni o‘zimga nomus deb bildim. Najot istab qayga boray? Bizni ne azoblarda o‘stirgan onamning boshigami?!
Ko‘pincha, erim meni bo‘g‘ib, og‘zimdan ko‘pik chiqquncha urganda ham, bolalar ko‘rmasin, bu narsa ularga yomon-ta'sir qiladi, deb yolvorardim. Ammo u: Yo‘q, bolalar ko‘rsin, atayin qilyapman, deb baqirardi. Bora-bora, bolalarim ham, o‘zim ham yuragimizni oldirib, jonsarak bo‘lib qoldik. Hadeb tomog‘imga tirab, seni so‘yib tashlayman, deb qo‘rqitadigan katta pichog‘ini militsiya olib qo‘ygandan keyin, dandon sopli yana ikkita pichoq keltirib, oshxonadagi stol tortmasiga solib qo‘ydi. Ajaling mening qo‘limda, derdi doim. Oxiri, o‘rinsiz rashk, kaltaklar, tinimsiz kelishmovchiliklardan to‘yib ketdim. Usti-boshim bilan, to‘rtta bolamga to‘rtta ko‘rpa bersangiz bo‘ldi, dedim. Ajralishdik ham... Ammo nafaqaga qaror chiqqandan keyin, u negadir bezovtalanib qoldi. Kel, yaxshisi, yarashaylik, men avvalgi qiliqlarimni qilmayman, uyga qayt, deb keldi. U ham yetim edi. Bir tomoni shuni o‘yladim, ikkinchi tomonidan: Nima qilganda ham bolalarimning otasi-ku, insofga kelib qolar, degan xayolga bordim. Uyga qaytib borganimdan so‘ng esa avvalgidan ham battarroq kunlarga qoldim. U meni hammaga o‘ynash qilib chiqdi. Bilmadim, fashist ham bunchalik bo‘lmas. O'z bolalariga zarracha ham mehri yo‘q bunday odamni yer qanday qilib ko‘tarib yurganiga hayron qolardim. Ko‘pincha bo‘ynimga kamar solib bo‘g‘ar, bolalarning oldida u uydan bu uyga sudrab yurardi. O'g‘illarimga: Qani, senlar ham sudralaring, deb majbur qilardi. Keyin ularning oldida behayo qiliqlar qila boshlardi...
O'sha mudhish kundan bir kun avval u meni, opamnikiga borib kelganim uchun kechasi boshimga yostiqlar yopib, bolalarimning oldida karovatga yotqizib bo‘g‘gan, og‘zimdan ko‘pik kelgach: Bolalar qo‘rqadi, ursangiz boshqa uyda uring, dedim. Yo‘q, - dedi u, - hozir ko‘z oldingda qizingning nomusiga tegaman!..
O'shanda qo‘rquvdan adoyi tamom bo‘ldim. Nima bo‘lsa ham, bu yaramas dunyodan bolalarim bilan barovar ketishim kerak, degan fikr miyamga mixlanib qoldi. Sabr kosamga so‘nggi tomchi allaqachon tomib bo‘lgan edi. Nima bo‘lganini, o‘z bolalarimni qanday qilib bo‘g‘ib, o‘ldirganimni haligacha bilmayman. Ularni o‘ldirib, o‘zimga ikki marta pichoq uribman!..
Qamoqxona kursisida g‘ujanak bo‘lib, bir hovuch suyakka aylanib o‘tirgan Zamira ko‘z yoshlarini shashqator qilib so‘zlayverdi, so‘zlayverdi. Ko‘z yoshlari oqib, bo‘ynidagi pichoq izini yuva boshladi.
Men bo‘lsam... tirik haykalga aylanib, ro‘paramda o‘tirgan onaga - to‘rt karra qotil onaga dahshatga tushib qarayman. Nazarimda, to‘rtta polopon hanuz uning tegrasida hayratga tushib charx uradilar, o‘z onalari sodir etgan jinoyat mohiyatini hali hanuz tushunolmaydilar. Ularni yo‘qlik dunyosi sari jo‘natib, bugun qamoqxonada bo‘zlab o‘tirgan qotil onani tushunish mumkin emas! Men yana ko‘zlarimga ishonmay unga qarayman, ona, har qanday holda ham, o‘z farzandlari qotiliga aylanishi mumkinmi, deb o‘zimdan so‘rayman... So‘rayman-u, bu jumboq sirini yechishga qodir biror zot bu dunyoda topilmasligiga ishonaman.
- Tirik qolganim uchun o‘zimni kechirolmayman... Bu yerda ham o‘zimni ikki marta o‘ldirmoqchi bo‘ldim... Ammo uddalay olmadim; Yaqinda bolalarimning suratini olib kelishgan edi, - dedi u so‘zining oxirida. - Yuragim chidamadi, qaytarib berib yubordim...
(Ro‘y bergan bu mudhish jinoyatni Zamiraning eri qanday sharhlagan bo‘lardi? Jinoyat ildizlari yolg‘iz ungagina taalluqlimidi? Biz u bilan suhbatda bo‘lmaganimiz uchun, masalaning bu tomoni qorong‘iligicha qoldi).
...Sud Zamira Teshaboevani o‘n yil, uning erini besh yil muddat bilan ozodlikdan mahrum qildi.
Zamira bilan xotin-qizlar axloq tuzatish va mehnat koloniyasida olib borgan suhbatim hali hanuz dahshatli, sira tuganmas tushga o‘xshaydi. Unga nisbatan mening ham o‘z hukmim bor. O'zim ona ekanman va bu dunyoning ma'naviy poydevori ona-bola mehriga asoslangan ekan, bu hukmni hech qachon o‘zgartirmasam, aniqrog‘i, o‘zgartira olmasam kerak. O'z farzandlarini bo‘g‘ib o‘ldirgan mudhish qo‘llarni, turmaning o‘n yillik azoblaridan keyin ham, kaftlarim orasiga olmasam kerak. Ammo hayotning murakkabligini qarangki, Zamiraning qiyofasi menga qotildan ham ko‘ra, ko‘proq mehrga muhtoj odamni eslatadi. Nazarimda, ayol iltijosi hayotning tosh devorlariga urilib qaytavergan, qaytavergan!.. Doimiy tazyiq, vahshiylarcha tahqirlash, mutelik, oxir oqibatda, jamiyat uchun yana bir jinoyatchini - qotilni tug‘dirdi. Butun jamiyatni chirmovuqday o‘rab olgan loqaydlikning, bag‘ritoshlikning qurboni bo‘ldi u. Yillar mobaynidagi oilaviy mojarolardan atrof, mahalla faollari, boringki, qo‘shnilari voqif emasmidi? Shunchaki tomoshabin bo‘lib, oida xususiy ish, degan xulosaga tayanib, yaqin-atroflarida kechayotgan voqea-hodisalarni bilib-bilmaslikka olib yurganlarning fojiasi emasmi bu aslida? Avvallari bitta bolaga yetti mahalla otalik qilardi. Ikki qo‘shni tortishsa, qolganlari uni insofga chaqirardi, harom yo‘lga yurganlarni mahallani nahsga bostirasan, deb badarg‘a qilishardi. Shu o‘rinda, rahmatli adibimiz, O'zbekiston xalq yozuvchisi Nazir ota Safarovning so‘zlarini eslayman: Qizim, - degan edilar u kishi kuyunib. - Xalqimiz hech qachon eshik, darvozasiga qulf solgan xalq emas edi. Juma namozi kunlari rastalardagi hamma narsa shundoqligacha qolaverardi. Qani unga biron kishi qo‘l tegizib ko‘rsin-chi? Mabodo, kimdir o‘g‘rilik qilsa, eshakka chappa mindirilib, yuziga qora surtilib, sazoyi qilinar, hamma uning yuziga tupurar, shu tariqa, o‘g‘ri hech kimga ko‘rinmay badar ketardi... Hali ham kech emas, jamiyatimizda ildiz otib ketayotgan yomon illatlarni tugatishda xalqning sayqalidan o‘tgan qadimgi usullarimizga, ibratli usullarimizga tayanishimiz kerak.
Adib bu gaplarni aytganiga necha yillar bo‘ldi. Ammo hech nima o‘zgarmadi. Aksincha, jinoyat daraxti chuqurroq ildiz otdi, xolos!
Rasmiy hujjatdan: Spirtli ichimliklarni muttasil iste'mol etish oqibatida, ayollar tomonidan jamoat joylarida tartibni buzish hollari ko‘plab qayd etilmoqda. 1988 yilda bezorilik bilan shug‘ullangan 1619 ta ayol qo‘lga tushdi. Ulardan 314 tasi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Jinoiy xatti-harakatlar Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Muxtor Jumhuriyati, Toshkent viloyati, Andijon, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari ayollari orasida ko‘plab kuzatilmoqda. Masalan, Toshkent shahrida 1988 yilda 242 bezorilik, 136 shaxsiy buyumlarni o‘g‘irlash, 5 qotillik, 5 yo‘lto‘sarlik, 28 talon-torojlik, 24 qalloblik, 22 qonunsiz ravishda spirtli ichimliklar tayyorlash jinoyatlari sodir bo‘lgan. 898 ayol davlat va jamoat boyliklarini talon-toroj qilish ham o‘zlashtirishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jumhuriyatimizda yagona hisoblangan xotin-qizlar axloq tuzatish va mehnat koloniyasida saqlanayotgan ayollar taqdiri ham jinoyatchilar xaritasidagi azobli nuqtalardan. Koloniya boshlig‘i Valentina Semyonovna Polonskayaning hikoya qilishicha, ulardan 125 tasi, ya'ni 29,6 foizi og‘ir jinoyatlar - qotilliklar qilgan, tan jarohatlari yetkazgan. Mahkumalarning o‘ttiz foizi o‘zbek millatiga, qirq foizi rus millatiga, 16,6 foizi tatar millatiga mansub bo‘lib, to‘qqiz foyzi daydilar, qolgani retsidivistlar ekan!
O'n sakkiz yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan mahkumalar 24,4 foizni, qirq yoshgacha bo‘lganlari 54,9 foizni tashkil etarkan.
Har bir joyning o‘z qonun-qoidasi bo‘lgani kabi, bu yerda ham o‘ziga xos ichki qonuniyatlar mavjud. Mahkumalarning o‘zlarini o‘ksik sezmasliklari uchun zarur sharoitlar yaratishga bo‘lgan urinish ko‘zga tashlanib turadi. Yotoqxonalardagi o‘ta ozodalik, bolalar yaslilaridagi barcha mukammal sharoitlar...
Sinf xonalariga, o‘quv ishlab chiqarish xonalariga qo‘yilgan ma'yus gullar... Dam olish xonalaridagi televizorlar... Bularning barchasi panjara ortidagi hayot bekalarining kemtik ko‘nglini to‘ldirish uchun!
Mahkumalar tikkan jajji ko‘ylakchalar, kostyumlar, ajib nusxali kashtalardan sog‘inch hidi ufuradi. Uyga, katta hayotga tezroq qaytish ilinji bilan yashaydi ular... Ammo, quyoshning haqiqiy nurlariga yuzini chayib sof havodan to‘yib-to‘yib nafas olish Zamira kabilarga juda uzoq muddatda nasib bo‘ladi, xolos.
Biz Valentina Semyonovna bilan o‘tib borar ekanmiz, mahkumalarning yuz-ko‘zlarida g‘alati, tasvirlab bo‘lmaydigan ifoda muhrlanib qoladi. Ba'zilari shosha-pisha salom beradi, o‘tirganlari sapchib o‘rnidan; turadiyu tezroq, uzoqlashish harakatiga tushadi...
Go‘yo ular:
Mening dunyom qani,Ey, yorug‘ dunyo!..Taskin yo‘qdir na gullarning rivoyatida,G'am qo‘lida umrim mening maydayu mayda.Bahor yo‘qdir qaldirg‘ochning qo‘sh qanotida,Men osmonni, hur osmonni sog‘inmay-da,-Osmon yo‘qdir. - Osmon, mening osmonim qayda?.. - deyayotgandek...Mahkumalar - yurak osmonlarining cheksizligini, begardligini yo‘qotgan, endilikda hayot degan ulkan ummon qo‘ynida najot istab, osmon parchalariga yopishgan 4 gunohkor jonlar...
Ana shunday gunohning azobli mevalari - yig‘ilari bu joylarga sira-sira yarashmayotgan go‘daklar - murg‘ak chaqaloqlar panjara ortida dunyoga keladilar. Ular ikki yoshgacha shu yerda tarbiyalanishadi. Ona diydoridan bahramand bo‘lishadi. Keyin esa go‘daklar mahkumaning qarindosh-urug‘lariga, ular yo‘q bo‘lsa, Yunusobod mavzeidagi bolalar uyiga topshiriladi.
...Belanchakda chirqillab yotgan bu chaqaloqning ismi Kristina, u endigina bir oylik bo‘libdi. Onasi - hali balog‘atga yetmagan mahkuma, bolasi diydorini ko‘rishdan bosh tortgan! (Odatda, ayol yukli paytida jinoyat sodir etgudek bo‘lsa, hukmdan so‘ng, u bola tug‘ilguncha bo‘lgan muddatni ushbu koloniyada o‘taydi. Barcha jinoyatchi mahkumalar singari homilador mahkumalar ham bu yerdagi qonun-qoidalar bian hisoblashishga majburdirlar). Hozircha Kristinaning enagalari - oppoq xalatli, mehribon xizmatchi ayollar. Yana bir go‘dakning onasi- O'g‘ilbayram turkmanistonlik. 160-modda bilan to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Chaqalog‘i endi bir yarim oylik bo‘libdi.
Xonada o‘ynab turgan bolalar, munchoq ko‘zlari jovdirab, shu uyning mudirasi, shifokori Lyudmila Maksimovna Davidovichga talpinadi. faqat sochlari qop-qora bir qizcha bizdan ko‘zlarini uzmay, joyidan qimirlamay o‘tiraverdi. Bir yarim yoshli bu norasidaga qarab, beixtiyor, yuragim zirqirab ketdi: Go‘yo ko‘z o‘ngimda najotsiz Nargiza - o‘z onasi bo‘g‘ib o‘ldirgan go‘dak turganday bo‘ldi!..
Ma'naviy qashshoqlik, ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklar bugungi kun ayolining ko‘pchilik hollarda yuz tuban ketishiga sabab bo‘lmoqda. Teng huquqlilik tushunchasining ayol zarariga hal bo‘lishi, jamiyatda erkaklar rolining birmuncha pasayishi... Oramizdan ko‘tarilayotgan insof, diyonat, halollik tuyg‘ulari... Yuraklarni zarpechakday bo‘g‘a boshlagan meshchanlik, molu dunyoga hirs qo‘yish kabi harom tuyg‘ular... Shular emasmikan ayolni jinoyat jari yoqasiga olib borib, zulmat tubiga itarib yuborayotgan kuchlar?
Mana, oldimda bu yerga beshinchi bor mehmon bo‘layotgan ayol - Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi Drujina Hasanova.
- Men voyaga yetgan oila o‘ziga to‘q, fayzli xonadon edi, - deydi u.-Ota-onam ziyoli, ichki ishlar bo‘limida xizmat qilishardi. Militsionerga turmushga chiqdim. Oilamiz buzilib ketdi. Men savdo sohasiga ishga kirdim. Ikki yil ishlab, davlatdan 1700 so‘m qarzdor bo‘ldim. 1974 yilning yanvarida birinchi marta qamaldim. Bir yil o‘tirdim. May oyi umumiy afvga ilindim. Beshta bolam bor. Ikki marta daydiligim uchun qamaldim. Hamma mendan yuz o‘girdi. Chiqqanimdan keyin, ko‘chada qoldim. Mening ahvolimga achinadigan kimsa topilmadi. 1983 yili Andijondagi restoranni ko‘pchilik bilan o‘marishda ayblanib, yana uch yilga qamaldim. Yigirma ikki yashik Beliy aist konyagini bolalar o‘g‘irlashgan ekan, bir joyda yeb-ichib o‘tirganimizda tutib olishdi... O'shanda, yettinchi noyabr, bayram edi. Hozir esa o‘g‘rilik uchun yana uch yilga kesilganman. Agar shu gal eson-omon chiqib ketsam, umrimning qolganini falaj bo‘lib yotgan sobiq umr yo‘ldoshim bilan o‘tkazmoqchiman. Xudo haqi, ishoning menga. Qaytib bu yerlarga kelmayman deb, o‘zimga so‘z berdim. O'ylab ko‘rsam, umrimning eng yaxshi damlari qamoqxonada o‘tibdi. Endi qancha pushaymon bo‘lmay, baribir, foydasi yo‘q. Hozir ellik yoshdaman!.. Undan: Ayolning jinoyatga qo‘l urishini qanday izohlaysiz?, deb so‘rayman.
- Har qanday odam, jumladan ayol ham jinoyatga ongli ravishda qo‘l uradi, - deydi u xotirjam. - Jinoyat qilish-qilmaslik uning o‘z qo‘lida. Nazarimda, gunohlarimni yuvish uchun tavba qiladigan vaqtlar ham keldi...
Haqiqiy tavba, - yomon fe'llar tufayli keladigan azob-uqubatlarning oldini olmoqdir va haq madadi bilan u fe'llardan chekinmoqdir.
Tavba - gunohkor bandaning ko‘ngil ko‘zgusini gunoh zangidan tozalaydi: Avf sayqali bilan u ko‘zguning yuzini yoritadi. Tavba - baxtsizlik yo‘lining oxiri va to‘g‘rilik yo‘lining boshlanishidir; u takabburlik g‘aflatidan seskanmoq va g‘aflat uyqusidan uyg‘onmoq va o‘zining noloyiq ahvolini anglamoq va behuda fe'llarini tashlamoq... qabih ishlar, sharmandalik va rasvogarchiik tufayli, xijolatga qolishdan ogoh bo‘lmoqdir. Tavba - insonga xos sarkashlikdan voqif bo‘lmoq, kishini to‘g‘ri yo‘ldan ozdiruvchi nafs fasodidan va ko‘ngil itoatsizligidan nafratlanmoqdir, - deb yozadi ulug‘ Alisher Navoiy Mahbubul qulub asarida.
Ellik yoshgacha turma eshiklarida suyagi qotgan bu ayolning tavbaga moyilligi kishini chuqur o‘ylashga majbur etadi. Xatolari nega endi uni umr shomida o‘ylantirib qo‘ydi? Aslida, u yo‘l qo‘ygan xatolar bizning umumiy xatolarimiz emasmi? Ilk qadamidagi xatosi uchunoq, undan yuz o‘girganlarning hissasi yo‘qmi bunda?
Tan olishimiz kerak, biz o‘z qobig‘imizdan tashqariga chiqmay qo‘ydik. Balog‘at ostonasida turgan, bir og‘iz shirin so‘zga muhtoj o‘ksik dillar loqaydligimiz, tepsa-tebranmasligimiz, xudbinligimiz tufayli, jinoyat chohiga qulab tushmoqda. O'zlariga o‘t qo‘ymoqdalar, sirka ichmoqdalar, jinoyatga qo‘l urmoqdalar...
Ko‘zlarining oqini ham begona nigohlardan qizg‘anib, unga surma tortgan Sharqning mo‘min, oqila ayoli bugungi kunga kelib, o‘z bolalarining qotiliga aylanayotganini tarix kechirarmikan? Yo‘q, aslo! Chunki, o‘tmish ayoli turmaning zax va qo‘lansa isi nimaligini tasavvur ham qilolmasdi. O'sha biz qoralagan o‘tmishda turmalar bugungi kundagidek minglab mahbuslarga to‘lib-toshib yotarmidi?
Rasmiy hujjatdan: O'tgan yili yuz bergan 84459 ta jinoyatning 4224 nafari balog‘at yoshiga yetmagan o‘smirlar tomonidan amalga oshirildi. Hech qaerda ishlamaydigan va o‘qimaydigan namanganlik Masalieva Ch. (1970 yil tug‘ilgan) ko‘ngilxushi A. Burhonovdan bo‘lgan besh oylik bolasini rashk qilib, sirka esentsiyasi berib zaharlagan va jinoyati uchun uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ko‘ngil ko‘zlari ko‘r bo‘layozgan, hayotni yolg‘iz mayda-chuyda tashvishlardangina iborat, deb bilgan xotin-qizlarimizni ko‘proq ilm emas, uqubatga aylanayotgan turmush o‘z domiga tortib ketyapti. To‘rt bolasini sovuq qabrlarga ishongan Zamiraning ham to‘ygacha ko‘rgani paxta dalalari bo‘lgan. So‘ngra ro‘zg‘or tashvishlari, bolalarining o‘sishi, unishi bilan bog‘liq azoblarga uymalashib, o‘zi xususida o‘ylashga vaqti ham bo‘lmagan. Zardobga to‘la yuragini bo‘shatguvchi bir g‘amguzor topilmagan. Orzularidagi go‘zal dunyodan shu taxlit juda olislashib ketgan bu ayol qanday qilib bolalarining qotilnga aylanib qolganini o‘zi bilmaydi. Chunki, u kasalxonada o‘ziga kelib, atrofidagilarga aytgan birinchi so‘zi: Bolalarim qani?, degan savol bo‘lgan!..
Din - poklikdir, deb asrlar davomida insonni ezgulikka da'vat etib kelgan ruh ilmini beshafqatlarcha poymol etganimiz, uni turli yo‘llar bilan ta'qiqlaganimiz, undan ongli ravishda yuz o‘girganimizning oqibati emasmi, bularning bari?
Qadimgi yunon faylasufi Suqrot: Dunyoda bitta ezgulik bor - bilim. Bitta yovuzlik bor - nodonlik, deganida ming bor haq edi. Jamiyatning uzoq yillar uyqudagi ko‘zlari nodonlik mevasi - jinoyatlar hisobiga birozgina ochila boshladi. Biroq, millat qadri, ayollarni asrash, ularga kam ish soatlari belgilash haqidagi ezgu o‘ylar hamon orzuligicha qolib ketmoqda.
Men mahqumalar saltanatida turli toyfadagi jinoyatchilarni uchratdim. O'z ishidan pushaymonlik hissi yurak-bag‘rini o‘rtayotganlarni ham, yoshgina qizaloqni o‘ldirib, bugun bemalol jurnal varaqlab yotganlarni ham ko‘rdim!
Biz o‘tmishda shunday xalqmidik?!
Nima bo‘lgan o‘zi bizga?!
Changakli sim bilan ihotalangan devor ostida yo‘qlama boshlandi. Ularning safida turgan Zamiraning jiqqa yosh ko‘zlari meni ancha joygacha jimgina kuzatdi. Unga so‘nggi bor o‘girilib qarar ekanman, har bir sodir qilinajak jinoyat eng avvalo inson qalbida qaror topib, so‘ngra jamiyatning azobli mevasiga armanishini angladim. Shunda borliqni bexos ulug‘ shoirning necha asrlar osha aytgan so‘zlari tutib ketgandek bo‘ldi:
Iloho, insof shamoli esib, yo‘ldan ozganlarni yomon holatdan ogoh etgay. Ogoh bo‘lgach, o‘z qilmishidan hijolat tortib, dumog‘idan uyat dudi chiqqay va bu kabi ishlardan ibo etib, afv so‘rab, nojo‘ya ishlaridan tavba qilib, o‘rinsiz fe'lini o‘zgartirgay va adashgan yo‘ldan chiqib, to‘g‘ri yo‘lga kirgay...