Bir yuz yigirma besh yildan buyon izchillik bilan mustamlakachilik siyosatini turli shakllarda amalga oshirib kelayotgan ulug‘ rus shovinizmining makkor mexanizmi g‘ildiraklari ostida ming yillik ma'naviy va moddiy qadriyatlari yanchilgan Turkiston zamini yana begunoh fuqarolar qoniga bo‘yaldi. Bir yuz yigirma besh yildan buyon harbiy, siyosiy, iqtisodiy, kimyoviy, ruhiy, ma'naviy zulmlardan ezilgan turkistonliklar qayta qurish, oshkoralik, demokratiya g‘oyalariga ishonib, endigina qaddi-qomatlarini tiklayotgan chog‘larida, beixtiyor, bir-birlari bilan to‘qnashib ketayotganlariga nima deylik?
Qayta qurishning oltinchi yilida, Farg‘ona fojialaridan roppa-rosa bir yil keyin, hali Bo‘kadagi, Parkentdagi qonga bo‘yalgan rasmiy ig‘vogarliklar ta'sirida gangib turgan o‘zbek xalqi boshiga yana bir musibat tushdi. Bu safar O'sh viloyati qirg‘izlari aroqqa qo‘shib berilgan milliy mumtozlik zahrg‘oyasidan bangilardek quturib, qurolsiz o‘zbek qardoshlari qonini to‘kdilar. G'aflatda qolgan o‘zbeklar esa partapparatning mitti dohiylari irodasiga, byurokratizmga qarshi kurash qanday dahshatli fojialarga olib kelishini qalb ko‘zlari, xotira ko‘zlari bilan ko‘rib qo‘ydilar!
Xo‘sh, O'shda nima bo‘ldi? Garchi fojialardan keyingi yarim yil davomida, mahalliy ham markaziy matbuotdagi yuzlab maqolalar orqali, odamni seskantiradigan darajadagi bu vahshiylik uzoq va puxta tayyorlangan stsenariy asosida amalga oshirilgan siyosiy jinoyat mahsuli ekanligi to‘g‘risida ayrim ma'lumotlar olgan bo‘lsak-da, O'shda nima bo‘ldi, degan savol hanuz ko‘nglimizdan ketmaydi. Bu safar ham millatlararo to‘qnashuvlar orqasida allaqanday g‘alamis to‘dalar, jangari norasmiylar, partapparatchilar, savdo xodimlari maxfiyasi (mafiyasi) turibdi, degan umumiy xulosalarni eshitdigu, ammo allaqachon siyosiy sahna ortiga o‘tib olgan asosiy aybdorlar nomma-nom aytilmadi. Bir parcha yerga doir ig‘vo bahonasida viloyatdagi 830 ming o‘zbek aholisini soddadil qirg‘izlar qo‘li bilan yoppasiga qatag‘on qilishni rejalashtirgan, mudhish jinoyatlar izlarini «millatlararo to‘qnashuvlar» degan alvon shiorlar bilan yopishga ulgurgan maxfiya peshvolari kimlar? Umuman, O'shda millatlararo to‘qnashuvlar bo‘lganmidi? Matbuot nazaridan chetda qolgan ayrim tafsilotlar, qo‘g‘irchoq hukumatning katta-kichik rahbarlari harakatlaridagi shubhali jihatlarni ko‘rib chiqsak, bu savollarga javob ham topiladi. Shubhasiz, navbatdagi «millatlararo to‘qnashuvlar» qanday tayyorlangani ham ravshanlashadi.
1990 yil 27 may kuni ertalab 12 ming «uysiz» qirg‘izni birlashtirgan «O'sh aymog‘i» jamiyati O'shga tutash Lenin nomidagi (aholisi o‘zbek) jamoa xo‘jaligiga qarashli 32 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egalladi. Jamiyat a'zolari daladagi ayollar qo‘lidan ketmonlarini tortib olib, notiqlarga xalaqit berayotgan traktorlarni to‘xtatib qo‘yib, nega o‘zbeklar shaharda, qirg‘izlar qishloqda yashashi kerak, nega qirg‘iz yerida qirg‘iz xo‘jayin emas, shahardagi hovlilar qirg‘izlar hisobidan qurilgan qabilidagi mitingni boshladilar. Shu kuni, bedapoya dalasidayoq, viloyat partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Usan Siddiqov boshchiligidagi byuro a'zolari, hali viloyat va shahar ijroqo‘mlari qarorlari bilan davlat mulkiga o‘tkazilmagan kolxoz mulkini, asosan, shaharda propiskasi bo‘lmagan olomonga bo‘lib berish to‘g‘risidagi qaror chiqardi. Qirg‘iziston Ministrlar Soveti raisi Jumag‘ulov, Siddiqov, viloyat ijroqo‘mi raisi Bekbolotov imzolagan g‘ayriqonuniy qaror ijroqo‘m hisobidan ikki ot, ikki qo‘y so‘yilib nishonlandi: Yer bo‘linib, qoziqlar qoqildi. O'sh shahar ijroqo‘mi ro‘yxatidagi turli millatga mansub 8 ming fuqaro boshpana (kvartira) yetishmaganidan yer olishga rozi bo‘lib turgan bir paytda, 1990 yil fevralda M. S. Gorbachyov imzolagan «Yer to‘g‘risidagi Qonun» asoslarining 1-bo‘limi 4-moddasini buzib, kolxoz yerini egallagan bu olomon, xuddi shu asoslarning 16-bo‘limi 53-moddasini buzib, yer bo‘lib bergan bu rahbarlarning «otalarcha g‘amxo‘rligi» tagida qanday maqsad bor edi?!
Maqsad ig‘vo bilan o‘zbeklarni qirg‘izlar egallagan xuddi shu bedapoyaga yig‘ib olishdan iborat bo‘lib, nihoyatda xatarli o‘yinni boshlagan fitnachi rahbarlar nishonga bexato urgan edilar. Shu kuniyoq uch-to‘rt yuz kolxozchi bedapoyaga yig‘ilib, qoziqlarni sug‘urib tashladi, o‘z-o‘zidan norozilik mitingi boshlandi. Bir tomondan o‘zbeklar: «Bu qanday bema'nilik, talabalargayam yer beriladimi, axir, ota-buvalarimiz peshona teri bilan obod bo‘lgan bu yerdagi mahallalarimizni yaqindagina korxona quramiz, deb buzishganda, davlatga kerak ekan dedik, suvsiz adirlarga ko‘chib, it azobida imorat qurdik; endilikda, kor-holimizga yarar, deb beda ekib qo‘ygan yerimizni bu xilda talon-toroj qilishga yo‘l qo‘ymaymiz. Axir, qachongacha qirg‘iz rahbarlarining telba-teskari ishlariga chidashimiz kerak», degan haqli e'tirozlar bildirdilar. Ikkinchi tomondan qirg‘iz yoshlari: «O'sh qirg‘izlarniki, o‘zbeklar O'shdan chiqib ketsin!» degan qat'iy talablar qo‘ya boshladilar. Vaziyat keskinlashganiga qaramay, shu yerda hoziru nozir bo‘lgan jumhuriyat, viloyat rahbarlaridan birortasi pinagini buzmadi. «O'sh aymog‘i» jamiyati a'zolarini bedapoyadan olib chiqib ketishga buyruq bermadi; aksincha, ularni shu kundan boshlab militsiya qo‘shini qo‘riqlay boshladi. Buni ko‘rgan o‘zbeklar, 28 may kuni ertalab, tag‘in bedapoyaga yig‘ildilar. Nihoyat, g‘ayriqonunny qaror avval kolxozchilarning Markazqo‘m kotibi Sherimqulov qatnashgan majlisida, shu kunning o‘zida shahar sovetining shoshilinch chaqirilgan sessiyasida bekor qilinib, yer kolxozga qaytarildi. Sessiyada qonunchilikni buzib, vaziyatni keskinlashtirgan «O'sh aymog‘i» jamiyati a'zolari bir ovozdan qoralandilar, biroq shahar ijroqo‘mi imkoniyatiga qarab, ularga boshqa joydan yer ajratishga qaror qilindi.
Bor gap shu. 27 maydan buyon O'shda «o‘ralashib yurgan» jumhuriyat rahbarlari olomonni bedapoyadan olib chiqib ketishga ko‘rsatma berganlarida, «millatlararo to‘qnashuv»ning oldi olingan bo‘lardi. Afsus, buni hech kim istamadi, aksincha, ig‘vo qat'iyat bilan davom ettirildi. Bedapoyani egallagan «O'sh aymog‘i» a'zolari maxsus avtobuslarda uzoq qishloqlardan, O'shdan qirg‘izlarga yer berilyapti, deb olib kelinayotgan olomon hisobiga ko‘payaverdi, melisa qo‘shini ularni qo‘riqlab turaverdi. Shu kuni, ya'ni 28 mayda shahar soveti sessiyasi g‘ayriqonuniy qarorni bekor qilganiga qaramay, Qirg‘iziston Ministrlar Soveti raisi Jumag‘ulov kolxoz raisi Qo‘chqorovga tazyiq ko‘rsatib, kolxozchilar nomidan yerni bo‘lib berish to‘g‘risida xufya qaror chiqarishga majbur qildi. Shundog‘am qoni qaynab turgan kolxozchilar bu xabarni eshitib, 29 mayda tag‘in bedapoyaga yig‘ildilar, ularga bedapoya atrofida bo‘layotgan nayrangni eshitgan shaharliklar qo‘shildilar. Uch kun miting qilib charchagan o‘zbeklar shu yerda hozir bo‘lgan Qirg‘iziston Oliy Soveti raisi muovini Qulmatov, Markazqo‘m kotiblari Chepelev, Sherimqulovlarga shahar soveti qaroridan keyin ham «O'sh aymog‘i» jamiyati a'zolari bedapoyadan olib ketilmaganidan norozilik bildirib, madaniy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy talablarini qo‘ya boshladilar. Bu talablar orasida milliy nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan viloyat partiya qo‘mitasi kotibi U. Siddiqovni vazifasidan ozod qilishdek masaladan tashqari, ikki siyosiy muammo, birinchisi, jamoat yerini istifoda qilishda qonunchilikka rioya qilish; ikkinchisi, O'sh viloyatini barcha sohalarda millatlarning teng vakolatini ta'minlaydigan alohida muxtor (avtonom) tuzilmaga aylantirish masalasi bor edi. Nihoyat, shu kuni viloyat rahbarlari o‘z xatolarini tan oldilar, Qulmatov taklifi bo‘yicha, talablarni aholidan yig‘ib, hukumat a'zolari bilan o‘rganadigan murosa komissiyasi tuzilib, shahar soveti deputatlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat bu komissiyaga Qirg‘iziston xalq deputati Davron Sobirov rais etib saylandi.
Biroq shuncha gap-so‘zdan keyin ham vaziyat o‘zgarmadi. «O'sh aymog‘i» a'zolari melisa qo‘shinlari muhofazasida bedapoyani egallab turaverdilar. O'zbeklar 30 mayda yana bedapoyada yig‘ildilar, hukumat vakillarining aniq javoblari talab qilindi. Shu kuni Qulmatov «er masalasi ijobiy hal bo‘ldi, Masalievning muovini sifatida sizlarga aytaman, qolgan talablarga 4 iyun kuni kech soat 6 da javob eshitgani kelinglar», deydi. O'zbeklar «2 iyunda obkomning maydonida javob eshitaylik», deganlarida, Qulmatov «4 iyun kech soat 6 da qirg‘izlargayam javob beramiz, shu yerda ko‘tarilgan masala shu yerda tugasin, kelishib qo‘yganmiz», deb javob beradi...
4 iyungacha besh kun bor edi. Mana shu besh kun ichida shaharda ajabtovur voqealar yuz berdi. O'zbek xonadonlarida ijara turadigan jami 2372 qirg‘iz tashkiliy ravishda «turbaza»larga ko‘chirildi, bir qismi shahardagi olag‘ovur ta'sirida, vaqtincha, tumanlarga jo‘natildi va.... butun viloyatda «o‘zbeklar qirg‘izlarni O'shdan haydab chiqardi», degan yovuz mish-mish tarqatildi. Bu ig‘vo keyinchalik o‘zbeklarga qarshi «jazo otryadlarini» safarbar qilishni osonlashtirdi. Fojialardan keyin esa, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlarni oqlash uchun, Markazga yuboriladigan rasmiy hujjatlarga asosli dalil sifatida tirkaldi...
Bundan keyingi voqealar yanada shubhali kechdi. Shahar ijroqo‘mi raisi huzurida, 31 may kuni hukumat vakillari Qulmatov, Jumag‘ulov, Balakon (Jumhuriyat Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ raisi), Siddiqov va byuro a'zolari aholidan yozib olingan 17 masalaning 15 tasini ma'qullaganlarida, murosa komissiyasi a'zolari O'sh viloyatini muxtor tuzilmaga aylantirish masalasini muhokamadan olib qo‘yganlariga qaramay, Jumag‘ulov keyinchalik hukumatning rasmiy javobiga bu masalani» qo‘shib qo‘ydi». Xuddi shu majlisda ilgari bir necha bor «hal bo‘ldi», deb aytilgan yer masalasi yana hal bo‘lmadi. Jumag‘ulov, «baribir», «O'sh aymog‘i» bedapoyadan yer olishi kerak, deb Qulmatovning 30 maydagi va'dasini bekor qildi. Viloyat ijroqo‘mi 3 iyun qarori bilan «O'sh aymog‘i»ga boshqa joydan 350 gektar yer ajratganidan keyin ham, Jumag‘ulov aytganidan qolmaganini isbotlovchi hujjatlar bor. Murosa komissiyasi a'zolaridan biri Mirahmedov 4 iyun kuni, qon to‘kilishidan ikki soat oldin, Lenin kolxozi idorasida o‘zbek oqsoqollarnning hamma qizishib turganda shu ishni qilmang, yerni keyinroq davlatga o‘tkazib turib, bo‘lib bersangiz ham bo‘laveradi», deb yalinib-yolvorishlariga qaramay, Jumag‘ulov kolxoz raisi Qo‘chqorovga «hozir borib, yerni o‘lchab berasan», deb dag‘dag‘a qilgani, shu kayfiyat bilan mitingga borgani haqida gapiradi. Bundan o‘zbeklarni qatag‘on qilish uchun, bahona tarzida, yer masalasi ataylab uyushtirilganligi ko‘rinib turibdi. Umuman, hukumat rahbarlarining bunday shubhali harakatlarini deputat Davron Sobirovning yozma guvohligi yanayam oydinlashtiradi: «3 iyunda «O'sh aymog‘i» jamiyati joylashgan shahar arxitekturasi idorasi oldida jamiyat rahbari Bektemirov bilan gaplashdim. Nega a'zolaringni bedapoyadan olib ketmayapsan, deb so‘rasam, Bektemirov: «Qirg‘izlar, bari-bir, bedapoyadan ketmaydi, bunda kattalarning qo‘li bor, baribir, qon to‘kiladi, qon to‘kishga zakalat olgan odamlar bor. Men o‘yindan chiqdim, dedi. Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. Soat 12 larda viloyat Xavfsizlik Qo‘mitasi boshlig‘i muovini Vereshchagin telefon qilib, bedapoyada 30-40 o‘zbek to‘planganini aytdi, darrov borib, ularni tarqatib yubordim. O'sha yerda aylanib yurgan Vereshchagindan nega qirg‘izlar bedapoyadan ketmay, miting qilyapti, dab so‘rasam, Vereshchagin: «Men bunga javob berolmayman, kattalar biladi», deb gapni qisqa qildi. Tezda murosa komissiyasi joylashgan o‘zbek teatriga kelib, mahalla vakillarini yig‘dirdim, 4 iyunda bo‘ladigan mitingni to‘xtatmasa bo‘lmasdi. Shu kuni kechga yaqin Jumag‘ulov talabnomaga hukumatning rasmiy javobini topshirdi. Qizig‘i shundaki, birinchi majlisdayoq, o‘zimiz talabnomadan olib tashlagan muxtor tuzilma masalasi javobga kiritilgan edi. Bundan tashqari, Jumag‘ulov miting qilishga hojat yo‘q, dedi. O'zimiz ham shuning harakatini qilib yuruvdik, bo‘lmadi; Qulmatovning va'dasiga ko‘ra, baribir, odam yig‘ildi».
Demak, Jumag‘ulov 4 iyunda bo‘ladigan mitingni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, faqat nega ilgariroq harakat qilmadiykin, axir har korxonada besh daqiqalik majlis yig‘ib, miting bo‘lmasligini e'lon qilish qiyin emas-ku? Qolaversa, radio, televidenie, ro‘znomalardan foydalanish mumkin edi. Gap boshqa yoqda. Bo‘lajak qirg‘in oldidan Jumag‘ulov, ehtiyot shart, yana bir karra bo‘ynidagi mas'uliyatni soqit qilib olgan. Holbuki, 3 iyun kechasi o‘zbek xonadonlariga avtomat robotlar orqali, «ertaga soat 6 da bedapoyada miting bo‘ladi, hamma mitingga chiqsin», deb aytilganini eshitganlar bor. 3 iyun kuni «miting qilishga hojat yo‘q», degan Jumag‘ulov o‘zbeklar talabnoma bergan 29 dan 30 maygacha Frunze «OMON» otryadi (38 nafar), Frunze Ichki ishlar boshqarmasi otryadi (42 nafar), Frunze militsiya maktabi kursantlarini (154 nafar) O'shga keltirib qo‘ygan edi. Bundan tashqari, Jumag‘ulov fojia arafasida, har ehtimolga qarshi deb, 2 iyundagi ommaviy tartibsizliklar tufayli, Andijonda turib qolgan Toshkent militsiya qo‘shinini (193 nafar) bir kunga ijaraga olishni ham unutmagan edi...
O'sh fojialari puxta uyushtirilgan fitna mahsuli ekanligini tasdiqlovchi mana bu faktlarga e'tibor bering: Fojialar arafasida O'shda, O'zganda 2 ming dona qizil peshanabog‘ tikilgan; 2 iyunda O'shdagi araq zavodidan «Kamaz» (10-57 OShL) mashinasida vagonga yuklash uchun 254 yashik aroq jo‘natilgan, lekin mashina vagonga yetib bormagan. Qo‘limdagi besh kishi imzolagan arizaga ko‘ra, zavod rahbarlari oradan 3 kun o‘tgandan keyin ham «g‘oyib bo‘lgan» yuk bilan qiziqmaganlar; O'zgandagi tekis yo‘lga samosvallardan qo‘lga kirimli katta-katta toshlar to‘kilgan; viloyat, shahar rahbarlari oilalarini Frunzega jo‘natilgan, tog‘li joylardagi bolqutilarini, mulklarini xavfsizroq yerlarga ko‘chirishgan; 1, 2, 3 iyun kunlari O'sh shahriga 3 ming qirg‘iz qalbaki propiska qilingan. Endi 12 ming uysiz qirg‘izning to‘satdan paydo bo‘lgani, shahar soveti sessiyasi bekor qilgan g‘ayriqonuniy qaror Jumag‘ulov «tashabbusi» bilan 4 iyungacha o‘z kuchida turgani, bir kunda, bir soatda, bir joyda ikki miting a'zolariga javob berishga kelishilgani, muhokamaga qo‘yilmagan muxtor tuzilma masalasi rasmiy javobga tirkalgani va nihoyat, «O'sh aymog‘i» jamiyatining peshonasini qizil peshonabog‘ bilan tang‘igan 2 mingdan ortiq a'zosi, militsiya qo‘shini muhofazasida 27 maydan 4 iyun soat 6 gacha bedapoyada o‘tirganiga ajablanmasak ham bo‘ladi.
Xo‘sh, a'zolari militsiya qo‘shini muhofazasida bir hafta davomida bedapoyada miting qilib o‘tirgan «O'sh aymog‘i» qanday jamiyat? «Komsomolskaya pravda» ro‘znomasi muxbiri K. Bayalinovning «O'sh-1990» (22.09.90) maqolasidan: «O'sh aymog‘i» - qirg‘iz yoshlarinnng xususiy uy-joy qurish bo‘yicha ixtiyoriy uyushmasidir. 1990 yil 10 martda tuzilib, o‘zida 12000 uysiznn birlashtirgan bu tashkilot viloyat kompartiyasi qo‘mitasining arzandasidir. Bu jamiyat sardori Bektemirov bo‘yniga olib, menga aytdiki, «biz 4 iyungacha viloyat kompartiyasi topshirig‘ini quloq qoqmay bajarib keldik», deb. Balki, shuning uchun xam, xali ro‘yxatga olinmagan norasmiy jamiyat obkom rxbarligidagi telefon, mebel, xizmat xonasi, «RAF», «GAZ-24» mashinalari, 27 maydan esa 5 ta «LAZ» avtobusi bilan ta'minlangandir. O'sh shahar ijroqo‘mi raisi muovini Altibaev tavsiyasiga ko‘ra (rasmiy xat №1I17. 18.05.90), jamiyat rahbari Bektemirov, maoshi saqlangan holda, bir oy muddatga nasos zavodidagi ish joyidan ozod qilinganini bilgach esa, jamiyatning norasmiy emas, balki partapparat qo‘lidagi «rasmiy» jamiyat - quroli ekaniga ishonch hosil qildik. Fojialardan keyin, bu jamiyatni astoydil himoya qiladiganlar ham topilib qoldi. «Qirg‘iziston» demokratik harakati rahbarlaridan biri, yozuvchi K. Akmatov «Qirg‘iziston madaniyati» haftaligida (13.09.90) bosilgan «Qog‘ozga o‘ralgan o‘t» maqolasida «O'sh aymog‘i» jamiyati faqat yer olib, uy olish uchungina uyushgan, u hech qanday siyosiy tashkilot emas», degan oqlov gaplarni ko‘tarib chiqdi. To‘g‘ri, bu jamiyat a'zolari 1990 yilniing yanvar oyidan boshlab, O'shdagi o‘zbeklarga qarashli uylarni ro‘yxatga olish payti kelgach, ya'ni fojialardan keyin, qaysi o‘zbekning uyiga qaysi qirg‘iz ko‘chib kirishigacha aniqlab qo‘yganini, «O'sh aymog‘i», «Qora shoro» kabi faqat qirg‘izlardan iborat mavzelar qurish bahonasida O'shni batamom egallashni rejalashtirganini aytmay qo‘yaqolaylik. Lekin nima uchun ichki ishlar boshlig‘i X. Toshmatovni, tekstil kombinati direktori Z. Yusupovni so‘roq qilgan ekan? Axir, bu odamlar viloyat rahbarlarining qiyin-qistovi bilan norasmiy jamiyat rahbariga so‘roq berganlar. Bu jamiyatning yana boshqa siyosiy vazifalarniyam bilamiz, ammo asosiy, stsenariyda belgilangan vazifasi 27 maydan 4 iyun kechki soat 6 gacha bedapoyada, militsiya qo‘shini muhofazasida «qattiq turib berish» edi. Tabiiyki, bundan g‘azablangan o‘zbeklar xuddi shu bedapoyaga yig‘ilishi, ijtimoiy-siyosiy talablarini aytib, mitinglar o‘tkazishi, ma'lum soatda jumhuriyat va undan tashqaridagi fitnachi rahbarlarning diqqat markazida turgan ko‘pgina muammolarni o‘z-o‘zidan hal qilvoradigan «millatlararo to‘qnashuv» sodir bo‘lishi kerak edi! 4 iyundan boshlanadigan dahshatli fojialar viloyatning O'shdan uch-to‘rt yuz chaqirim naridagi qirg‘iz qishloqlarigayam, O'zbekistoning chegaraga tutash tumanlaridagi qirg‘iz aholisigayam oldindan ma'lum edi. Faqatgina o‘zbeklar g‘aflatda qoldilar. Qirg‘indan ikki oy keyin o‘sha Jumag‘ulov, O'sh fojialari bo‘yicha jumhuriyat favquloda komissiyasi raisi sifatida, shunday deydi: «Qonli voqealarning oldini olish mumkinmidi? Mumkin edi, deb hisoblayman. Viloyat rahbarlari, umuman, hammamiz, shu jumladai, men ham viloyatdagi ahvoldan xabardor bo‘lishimiz lozim edi. Biz undan bexabar qoldik, Viloyat rahbarlariga ishonib juda kech keldik». (O'sh viloyat partiya qo‘mitasi Plenumi materialidan. 11.08.90).
4 iyun kuni soat 5 larda oq kiyingan qariyalar, o‘spirinlar, bola ko‘targan juvonlar, chor atrofdagi mahallalarning tomoshatalab bolakaylari, xullas 10-15 ming aholi talablarimizga ijobiy javob berilar ekan, deb xursandchilik, karnay-surnay bilan bedapoyaga yig‘ildilar. Hozircha shahar telefonlari uzilgani, ko‘pqavatli uylar oralarida qirg‘iz melisalari himoyasida so‘yil, armatura bo‘laklari bilan qurollantirilgan qizil peshanabog‘ichli to‘dalar turgani, o‘zbeklar qochadigan ko‘chalarga xarita bo‘yicha pistirmalar qo‘yilgani, 40-50 kishilik to‘dalar baland uylar tomlariga tosh yig‘ib, ishora kutayotganlarini hech kim bilmasdi. Gap-so‘zga sabab bo‘lmasin deb hamisha belimizda turadigan pichoqlarniyam uyga tashlab borgan ekanmiz, deydi keyinchalik o‘zbeklar... Soat 6 dan 10 daqiqa o‘tganda miting boshlanadi. Garchi 2 mingdan ortiq qirg‘iz yoshlari 800 metr narida turgan bo‘lsalar ham, o‘zbeklardan 20 qadam narida armiya va militsiya qo‘shini saf tortdi. Xuddi shu «ehtiyot chora» o‘zbeklarning nafsoniyatiga tegdi. G'alag‘ovur ko‘tarildi: «Qo‘shin bedapoyadan olib chiqib ketilsin, axir urushgani kelmaganmiz, javob eshitib, ketamiz», degan baqiriqlar yangradi. Qo‘shin bedapoyadan chiqib ketdi, talabnoma bo‘yicha, hukumat vakilining har javobi qarsak bilan qarshilandi. Xuddi shu o‘rinda, muxtor tuzilma muhokamaga qo‘yilsin, degap talabga atayin norozilik qo‘zg‘otish maqsadida, muxtoriyat bo‘lganmas, bo‘lmaydiyam, Siddiqov ham ishdan ketmaydi», deb javob qilindi. Minbarning chap yonidagi yuzga yaqin olomon muxtoriyat - «avtonomiya, avtonomiya», deb baqirdi. Shular orasidan «O'zSSR», deb yozilgan bir quloch qog‘oz ko‘tarildi. Olomon ikki daqiqa guvillab turgan bir paytda, 800 metr naridagi «O'sh aymog‘i» a'zolariga yordamga kelgan uch avtobus qirg‘izni melisalar to‘xtatib qoldilar. «Bizga yordamga kelganlarni bedapoyaga o‘tkazishmayapti, deb o‘ylagan 200 ga yaqin o‘smir, olomondan uzilib chiqib, qo‘shin tarafga o‘n qadam yurdi. Allaqachon bedapoyada tizilgan qo‘shinning birinchi qatoridagi askarlar osmonga, ikkinchi qatordagi melisalar esa to‘ppadan-to‘g‘ri odamlarga qarab o‘q uzdi. Shu yerdayoq 7 o‘zbek o‘ldi, 20-30 tasi yaralandi. Shu payt, kimdir «shaharda uylaring yonayapti», deb baqirib kelganida, o‘zbeklar uch-to‘rt kishilashib, o‘lgan va jarohatlanganlarni ko‘targancha, Uchko‘cha va Yoshlar mahallalari oralab shahar markaziga yugurdilar...
Ig‘vo to‘la amalga oshdi! Endi qochayotgan o‘zbeklarni «ommaviy tartibsizliklar» keltirib chiqarganlikda ayblab, bemalol qatag‘on qilish mumkin edi. Ko‘p qavatli uylar oralaridan o‘tmoqchi bo‘lganlar «pistirma»ga yo‘liqdilar. Yarador bo‘lib yiqilib qolganlarni qizil peshanabog‘ichli «jazo otryadlari» armatura bo‘laklari bilan urib o‘ldira boshladilar. Qochishdan to‘xtaganlar, orqaga qayrilib qaraganlar izma-iz kelayotgan melisalar o‘qiga uchdilar. «Qirg‘iziston» ko‘chasining har ellik metrida bittadan o‘zbek otildi, deydi bu dahshatni ko‘rganlar. Xuddi shu ko‘chaning besh-olti joyida melisalar muhofazasidagi qurollangan «jazo otryadlari»ning ig‘vogarona hujumlari uyushtirildi.. Boshqa tomonda esa bedapoyadagi qizil peshanabog‘ichli 3 mingga yaqin olomon qo‘zg‘olib, tekstil kombinati atrofidagi o‘zbek mahallalariga, ko‘pqavatli uylardagi ilgaridan shartli belgi qo‘yilgan o‘zbek xonadonlariga «o‘zbekni yo‘qot, o‘zbekni o‘ldir, O'sh qirg‘izlarniki!», degan hayqiriqlar bilan hujum boshlab yubordi. Shaharning boshqa tomonlarida qurolsiz aholi nomersiz mashinalardan o‘qqa tutilgan. 5 iyunga o‘tar kechasi mahallalarga melisa muhofazasidagi talabalar hujumlari uyushtirilgani, 4-5 iyunlarda melisa boshchiligidagi to‘rt tomondan shaharga kirishga harakat qilgan «jazo otryadlari» bir yoqda qolib, qizil vertolyotlar o‘zbeklarni uylaridan chiqarmaslik, biron joyda yig‘ilmasliklari uchun, xonadonlar, mahallalar ustidan shu qadar pastlab uchganki, hayratdan yoqangni ushlaysan. 4 iyunda boshlangan qora qirg‘in (terror) 5 iyun peshingacha davom etgan. Bu paytga kelib, kasalxonadayoq 35 o‘zbek o‘ldi, 363 tasi yaralandi, 31 uy, 7 ob'ekt, 12 mashina yondirildi!
Rejaga ko‘ra, kamida 3 soatga cho‘ziladigan miting 35 daqiqada to‘zg‘ib ketdi. Soat 8 larda, ya'ni qorong‘i tushishi bilanoq, bedapoyaga yetib kelishi kerak bo‘lgan «jazo otryadlari»ni shaharning to‘rt tomonida aholi to‘xtatib qoldi. Puxta tayyorlanganiga qaramay, millatlararo to‘qnashuv amalga oshmay qoldi. Ya'ni, bir tomonlama qirg‘in (terror) ro‘y berdi. Kirg‘in izlarini yashirish uchun 5 iyun kuni ertalab aroqqa to‘ydirilgan olomonning bir qismi O'shga tutash Kalinin jamoa xo‘jaligi Sarmozor mahallasiga tashlandi. O'zganda ig‘vogarlik bilan janjal chiqarilib, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiy jinoyatlar uchun zamin yaratildi.
Bir qismini O'shdagi qirg‘izlarga yordamga, bir qismini harbiyga borishdan oldingi tayyorgarlikka deb yig‘ilgan, yo‘l-yo‘lakay aroq bilan to‘ydirilgan qirg‘iz yoshlarini kimlar yomonlikka boshladi? Furqat mahallasidan, shaharga kirolmasdan, 4 iyundayoq talonchilikni boshlab yuborgan qirg‘izlarni «shaharda o‘zbeklar qirg‘iz ayollarining ko‘kraklarigacha kesib bo‘ldi, nega bu sartlarga rahm qilasan», deb battar jazavaga solganlar. Ikki kun ichida Furqat mahallasida 51 xonadon talandi; qo‘y-mollari so‘yib yeyildi, kiyim-kechagi yirtildi, idish-tovog‘i sindirildi, unlarga shisha talqoni, moylarga kir poroshogi aralashtirildi; Qur'on kitoblari hojatxonaga tashlandi, eng xunugi, ota-onalarning tomog‘iga pichoq qadab turib, besh-olti xonadon ayollari, qizaloqlarigacha ommaviy zo‘rlandi. SSSR prokuraturasi tergovchisi Sulaevning aytishicha («Lenin yo‘li», 29.08.90), harbiylar bu yovuzliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, ammo yuqoridan buyruq bo‘lmaganligi uchun, reyd o‘tkazib, olomonni ogohlantirish maqsadida osmonga o‘q otish bilangina cheklangan. Uch kun davomida olomonga shahardan non, oziq-ovqat, nohiyalardan esa aroq tashigan avtomobillarga maxsus militsiya mashinalari sarbonlik qilgani to‘g‘risida hujjatlar bor. O'zgan shahar me'morlik bo‘limi boshlig‘i A. Tursunboev bunday deydi: «5 iyun kuni ertalab ikkita avtobusda kelgan qirg‘iz yoshlari O'zgan bozorini vayron qilib, bir o‘zbekni o‘ldirdilar. Bezorilar shahardan haydab chiqarildi, melisaga ushlab berilganlari qo‘yib yuborilgach, o‘z-o‘zidan, o‘zbeklar yig‘ildilar. Soat birlarda mirzakalik va cheryomushkalik qirg‘izlar hujumi qaytarildi. Bir soat o‘tmay, ular qochgan tomonga vertolyotdan qurol-aslaha tashlandi. Kechga yaqin O'zganga Ilichevka yo‘lidan 1,5 ming odam, Mirzaka yo‘lidan avtomat, kesma miltiq (obrezka)lar bilan qurollangan 5 mingga yaqin olomon shaharga bostirib kirdi. Sanoqli daqiqalarda, birgina Yassi ko‘chasida, 190 xonadon yondirildi. Bu uylardan qochib chiqqan ayollar, bolalar o‘ldirildi; bir qismi mashinalarda toqqa olib ketildi. Bir oydan keyin, Qoradaryodan it xazar qilarli haqoratlar izi qolgan jasadlar oqib keldi. 6 iyun kuni saharda O'zganga 6 ta zirhli harbiy mashina (BTR)da qo‘shin kirib, raykom binosini o‘radi. Qo‘shinga «o‘zbeklar qirg‘izlarni haydab, raykomga hujum qildi», deb uqtirilgan ekan. O'zgandagi yovuzliklarni odam bolasi qilganiga aqlim yetmaydi. Bu vahshiyliklar tasviri tushirilgan videofilmdagi bir ayol qo‘lida qotillar ishlatgan oq niqobni ko‘rib qirg‘iz olomoniga qamoqxonalardagi mutaxassis qotillar aralashtirilmaganmikin, deb uyladim. Ammo bir narsa ravshan. O'zgandagi qirg‘inda raykom kotiblari Asanov va Bo‘ronboeva bevosita aybdordirlar. O'zgan ko‘chalarida anchagacha «Millatchi Bo‘ronboevaga o‘lim!» degan shiorlar osilib turgani bejiz emas!
Ikki kun ichida O'zganda 200 ga yaqin o‘zbek o‘ldi, 1200 tasi yarador bo‘ldi, 92 xotin-qiz zo‘rlandi, (bedaraklar to hanuz aytilmaydi). 343 xonadon avval talanib, keyin kuydirildi; jami 503 xonadon, 88 avtomashina, 36 ob'ekt, 212 qora mol yondirildi! Zarar - 4 milyon 587 ming so‘m. Iyun oyidayoq O'zgan shahridagi 5 ming jinoyat bo‘yicha tergov boshlangan. Biz bu ro‘yxatga O'zgan atrofidagi qishloqlarda sodir etilgan jinoyatlarni qo‘shmadik. 4 iyunda O'shda yoqilgan fitna alangasi O'zganni kul qilib, 6-7 iyunlarda viloyatning o‘zbeklar yashaydigan barcha tumanlariga yoyilgancha, chinakamiga millatlararo to‘qnashuvga aylana boshladi. Qirg‘izistonning Masaliev boshliq hukumati qaerga qaradi dersiz? 5 iyun kuni O'zgandagi ajabtovur vahshiyliklarni Amerika va Ovruponing barcha telekompaniyalari zo‘r shov-shuv bilan ko‘rsatayotgan bir paytda, Qirg‘iziston Kompartiyasining navbatdagi Plenumini ochgan Masaliev O'sh va O'shga tutash nohiyalarda vaziyat keskinlashgani to‘g‘risida qisqacha axborot berish bilangina cheklanib, jumhuriyat kommunistlarining faol ishtirokida «Qayta qurish va jumhuriyat partiya tashkilotining galdagi vazifalari»ni xotirjamgina muhokama qila boshladi. 6 iyun kuni kechqurun Masaliev Frunze televideniesi orqali qirg‘iz xalqiga murojaat qilib, bunday deydi: «Men O'zbekiston rahbariyati, prezident Karimov bilan bir necha bor suhbatlashdim. Qo‘rqmanglar, qirg‘izlar, Andijondan, Namangandan, Farg‘onadan bu yerda yashayotgan birodarlarini himoya qilib hech kim kelmaydi» (Jurnalist. M. Mirzarahimov ma'lumoti). Qirg‘iz xalqi bu oqsoqolning gapini, qo‘rqmasdan o‘zbekni o‘ldiraver», degan ma'noda tushundi. Xuddi shu murojaatda Masaliev, mitnng fojiasini sharxlay turib, «O'shda o‘n ming o‘zbek bilan ikki ming qirg‘iz orasida to‘qnashuv bo‘ldi, ikki olomon urushdi», degan gapni qirg‘iz xalqi qulog‘iga quyib qo‘ydi. Bu -2 ming bechora qirg‘izni 10 ming zo‘ravon o‘zbekdan himoya qilishga, millatlararo to‘qnashuv aybdorlarini ana shu 10 ming o‘zbek orasidan qidirrshga da'vatdir. Ochiqroq aytganda, bu da'vat avtomat og‘zini kimga to‘g‘rilash kerakligi to‘g‘risidagi ko‘rsatma edi. Xuddi shu kunlari vaziyat og‘irlashdi. «Frunze shahri do‘konlari ilgari sotish cheklangan aroq-vino mahsulotlari bilan to‘ldirildi. Peshonasiga oq durra bog‘lagan o‘n minglab qirg‘iz studentlari Qirg‘izistondan o‘zbeklarni haydab chiqarishni talab qilib, maydonlarni larzaga keltirdi. (KirTAG axborotidan. 6.06.1990). Bu ig‘vo mahsuli edi. Darvoqe, bunday ig‘volar, fojialardan keyin ko‘p ishlatildi. Taxminan 13-14 iyunlarda O'zgan atrofidagi qirg‘iz aholisi xavfsizroq joylarga tashkiliy ravishda ko‘chirildi. K. Bayalinovning «5 ming kishi tog‘larga ko‘chdi» maqolasida («Komsomolskaya pravda». 21.06.1990.), millatlararo to‘qnashuvning endilikda partizanlar urushiga aylanishi oqibatida, o‘n minglab qochoqlar paydo bo‘ldi, faqat O'zgan nohiyasidan 5 ming kishi oilasi bilan toqqa ketdi, degan xabar berildi. Keyinchalik, bu aholiga jumhuriyat hukumati «qochoqlik statusi» olib bermoqchi bo‘lganda, navbatdagi ig‘voning misi chiqib qoldi. Nizomga ko‘ra, qochoqlik statusi berilgan har bir kishiga o‘n ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi lozim edi.
Shunday qilib, 4 iyunda Qirg‘iziston Oliy Soveti raisi muovini Qulmatov ruxsati bilan yig‘ilgan o‘zbek aholisi otildi, tag‘in 36 soat davomida qatag‘on qilindi. SSSR Ichki Ishlar Vazirligi «O'sh viloyatidagi voqealar to‘g‘risida»gi hujjatida «o‘zbeklar militsiyaga tosh, shisha idishlar otdi, uchli kaltaklar bilan qirg‘izlarga hujum qilmoqchi bo‘ldi» deyiladi. «Komsomolskaya pravda» ro‘znomasida (6.06.1990) esa «yonilg‘i to‘latilgan shisha otildi», deb aytiladi. Bu bo‘htonlarni mitingda qatnashgan o‘zbek deputatlari inkor etdilar. Qo‘llarida hech narsa bo‘lmagan o‘spirinlar militsiya safidan o‘n qadam narida otilganini xuddi shu lahzalar tasvirga tushirilgan videofilm ham isbotlab turibdi. Ko‘zni yoshlantiruvchi gaz, suvsepar mashinalar, rezina kaltaklar ishlatilmadi, bunga asos ham yo‘q edi. Yuqorida Masaliev O'shda o‘n ming o‘zbek bilan ikki ming qirg‘iz to‘qnashdi, fojialar mitingdan boshlandi, deb aybni kimga ag‘darish haqida ko‘rsatma berganini aytdik. Birinchidan, 4 iyun kungi mitingda, kutilganidek to‘qnashuv ro‘y bermadi, unda qurolsiz o‘zbeklar otildi, xolos. Mabodo, to‘qnashuv bo‘ldi, deb faraz qilsak mitingdan 8 soat avval O'shdan 80 chaqirim naridagi G'ulchada nuqul o‘zbeklar o‘ldirilib, uylar yondirilganini qanday izohlaymiz? Besh jumhuriyat rahbariyatining Olmaotadagi uchrashuvida Masaliev, «o‘zbek aholisi avtonomiya masalasini qo‘ydi», deb jinoyatga siyosiy to‘n kiydirdi. Xo‘sh, o‘shliklar avtonomiya so‘rab qirilgan ekan, unda o‘zganliklar avtonomiya so‘ramagani uchun qirildimi?! Bir parcha yer bilan bog‘lab ig‘vogarona qo‘zg‘atilgan o‘zbeklar noroziligi zamirida ko‘p yillik qing‘ir siyosatning «xizmati» yo‘qmikin?
Masalaga chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, 50 yillar oxirlarida Jalolobod viloyati, 80 yillardan keyin esa Tolas, Chotqol, To‘qtag‘ul, To‘g‘izto‘ra nohiyalari qo‘shib berilgach, umumiy maydoni 78 ming kv. kilometrga yetib, jumhuriyat hududining 59 foizini tashkil etgan janubiy Qirg‘izistondagi yagona viloyat markazi -O'sh shahrida sun'iy muammolar yaratildi. Birinchidan, ishlab chiqarish vositalari haddan tashqari markazlashtirilgani tufayli, nohiyalardan migratsiya kuchaydi; turarjoy tanqisligi paydo bo‘ldi; yoppasiga ko‘pqavatli uylar qurilishi oqibatida qadimiy shahriston vayron bo‘ldi; shahristonning tub aholisi - o‘zbeklar shahar tashqarisiga ko‘chirildi. Ikkinchidan, keyingi 20-30 yil ichida partiya, sovet tashkilotlari, sud, prokuratura, ichki ishlar bo‘limlaridan o‘zbek kadrlari chetlashtirildi. Bugungi kunda, butun viloyat bo‘yicha, bitta o‘zbek prokurori borligi bu fikr dalilidir. Bundan tashqari, madaniy-ma'rifiy sohalarda ham o‘zbeklarning ahvoli yaxshi emas. Har yili maktablarni bitirayotgan o‘n minglab yoshlarning ishga, o‘qishga joylashishi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ayniqsa, qayta qurish siyosati boshlangandan buyon, azaldan o‘zbeklar yashaydigan shaharlarni, tashkilot va korxonalarni sun'iy ravishda qirg‘izlashtirish jadallashib ketdi. Birgina misol, keyingi 20 yil ichida O'shda nega o‘zbek ko‘p, degan omiyona siyosat bilan, shahar markazidan 55 ming aholi 9-10 chaqirim naridagi suvsiz, yaydoq adirlarga ko‘chirildi. Hatto shahar xaritasiga ham kiritilmagan bu adirlarda o‘zbeklar bir mashina suvni 20 so‘mdan sotib olib, hozirgacha imorat qurish bilan band. Shaharda qirg‘izlar miqdorini ko‘paytirish maqsadida, 2-3 yil avval 10-12 chaqirim naridagi qirg‘iz qishloqlari shahar hududiga qo‘shib berildi. Holbuki, shundoqqina obkom idorasidan bir chaqirim naridagi o‘zbek mahallalari, mavzelari 25 chaqirim olisdagi Qorasuv tumaniga qaraydi! Hozirda O'shda 55 foiz o‘zbek, 23,7 foiz qirg‘iz (ko‘pchiligi talabalar), Jalolobodda 39 foiz o‘zbek, 21,3 foiz qirg‘iz, O'zganda 83 foiz o‘zbek, 12 foiz qirg‘iz bo‘lgan holda, shahar mahkamalarida o‘zbeklar 8-10, ichki ishlar bo‘limlarida esa 16 foizni tashkil etadi. O'sh shahridagi 680 militsiya xodimidan 22 tasi o‘zbek ekani ahvolni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Faqat savdo, transport, umumiy ovqatlanish tarmoqlarida o‘zbeklardan 50 foiz atrofidadir. Ahvol shunday bo‘lsa-da, o‘zbeklar hokimiyat talashmadi, biror marta qirg‘izlar bilan men senga bormadi, bor yo‘g‘i, 12 ming propiskasiz olomonni «ishga solgan» hukumatdan adolat talab qildi, xolos. Buni tushunish uchun, qurol emas, aqlni ishlatish lozim edi! Ammo aql ishlatishni lozim ko‘rmagan Jumag‘ulov, Masaliev bilan bamaslahat, mitingdan bir soat oldin, har qanday rasmiy jinoyatni oqlaydigan favqulodda holat joriy etilganligini miting qatnashchilaridan atayin yashirdi. Bu xabar kechki soat sakkizlarda Frunze televideniesidan aytilguncha, favqulodda holatdan hukumat boshlig‘idan tortib, melisagacha, ayrim qirg‘iz vrachlaridan tortib, oddiy qirg‘iz «jangovar» fuqarosigacha uddaburonlik bilan foydalanib qoldilar. 4-5 iyunlarda Novqat ko‘chasida, Sarmozor mahallasida «jazo otryadlari»ni shaharga o‘tkazmagan o‘zbeklar vertolyotdan o‘qqa tutilgani, bostirib kelgan qirg‘izlar qo‘yvorilgan holda, uylaridan kuch bilan olib ketilgan yuzlab o‘zbeklar uch kungacha maxsus izolyatorlarda kaltaklangani, suv so‘raganlarida, ularni melisalar peshob ichishga majbur etganlarini Jumag‘ulov qanday izohlarkin? Endilikda bu arbob, 5 iyundan boshlab O'shga armiyaning 2147 kishilik qo‘shini, 196 zirhli texnikasi, Ichki ishlar vazirligining 1171 kishilik qo‘shini, 21 zirhli texnikasi va bundan tashqari, chegara qo‘shinlari ham kirganiga qaramay, Furqat mahallasidagi yovuzliklarni to‘xtatish uchun nega loaqal o‘n nafar askar ajratolmagani, nega o‘zganliklar qurolli qirg‘iz olomoni taloniga ikki kun qo‘yib berilgani, aldangan olomonni qurol, transport, ot-ulov, benzin, aroq, oziq-ovqat bilan kimlar ta'minlagani, kimlar jazosiz jinoyatga yo‘l ochib bergani kabi savollarga javob berishi lozim. O'sh viloyat ro‘znomasi muharriri O. Obidov bunday deydi: «Oloy nohiyasi Saritosh, Sarimo‘g‘ul, Daravotqo‘rg‘on qishloqlariga borib, aholi bilan uchrashdik. Hamma bir ovozdan: «Qishloq sovetlari raislari O'shda o‘zbeklar qirg‘izlarni qirib tashlayapti, yordamga boringlar», deb mashinalar, benzin, uch kunlik ovqat berdi. Biz qattiq sel kelgani uchun yarim yo‘lda qolib ketdik. Yetib borolmadik, deyishdi».
Xo‘sh, O'shda 4 iyun kuni o‘zbeklar qirg‘izlarni qirib tashlagan ekanmi? Viloyat kasalxonasining uncha to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatidagi 136 odamning 127 tasi o‘zbek, shundan 70 tasiga o‘q tekkan, qolganlariga «razrыv pecheni» (jigar so‘kilishi) «zchmt» diagnozlari qo‘yilgan. Mitingdan otilgan 7 kishidan tashqari, kasalxonada ham 29 o‘zbek o‘ldi, yana 30 tasi o‘lim holatida keltirilgan. O'shdagi 6 ta kasalxonada yaradorlarga joy yetishmagani, otilganlarning bir qismi uylariga, Andijon viloyati kasalxonalariga olib ketilgani, qaydsiz, ko‘milganlarni, o‘likxonalardagi o‘zbeklar qo‘lidagi nomerlarni (masalan, murda O. Sultonovning nomeri 136!) hisobga olsak, O'shda faqat 4 va 5 iyunga o‘tar kechasi 140-150 o‘zbek o‘ldi, degan gap tasdiqlanadi. Qirg‘iz millatiga mansub militsiya va prokuratura xodimlari qo‘riqlagan o‘likxonalardan o‘zbeklarning jasadlari yo‘qotilgan (ularni olib ketgan mashina nomerlari SSSR prokuraturasiga yozib berilgan). Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, shu kungacha yuzga yaqin odamning topilmayotgani ham bejiz emas! O'shda qurbon bo‘lganlardan tashqari, 700 chaqirimli O'sh - Xorug‘ trassasida yuk tashiydigan haydovchilar, tog‘lardagi asalarichilar, o‘zbekistonlik cho‘ponlar orasidayam nobud bo‘lganlari, daraksiz ketganlari anchagina. Xunuk ovozlar ko‘payganidan, O'zbekiston hukumati 6 iyunda O'shga bir guruh o‘zbek vrachlarini jo‘natmoqchi bo‘ldi. Ammo Qirg‘iziston hukumati 11 iyungacha bunga ruxsat bermadi. Besh kun mobaynida yolg‘iz xudo biladi! Shahar bosh vrachi Supanaliev suhbatidan («Leninskiy put» 6.06.1990): «Fojialar ro‘y bermasdan bir necha kun oldin shahardagi barcha tabobat tashkilotlarida to‘la tayyorgarlik ko‘rildi. Bu tayyorgarlik behuda ko‘rilgan emas. Shifoxonalarga 200 dan ziyod yarador joylashtirildi. 11 kishi o‘ldi... Ammo bu raqam ko‘p ham bo‘lishi mumkin...» Mana shunday tayyorgarlikdan keyin ham, shahar bo‘yicha 50 foiz vrach ishga chiqmagan. Viloyat kasalxonasini dori-darmon bilan ta'minlaydigan apteka mudirasi «yo‘qolib» qolgan. Shahar shifoxonasi yo‘laklarida o‘zbeklar qonsirab yotganda, jarrohlik xonasining kaliti uch soat qidirilgan. Ko‘chada boshlangan jinoyat kasalxonalarda davom ettirilganiga 4 iyunda jarohatlangan X. Raimberdievning bo‘g‘ib o‘ldirilgani, sonidan jarohatlangan A. Usmonovning, yelkasidan jarohatlanib, o‘z oyog‘i bilan jarrohlik xonasiga kirgan O. Sultonovning shubhali o‘limi dalildir. SSSR prokuraturasi tergovchisi Kalinichenko suhbatidan: «Xavfsiz jarohatlar bilan kasalxonalarga olib kelingan uch fuqaroning nobud bo‘lganligini hujjatlar aniq ko‘rsatib turibdi. Alohida tergov guruhi bu ish bilan shug‘ullanyapti» («Lenin yo‘li» 6.07.1990).
Jinoyat shu bilan tugamaydi. O'sh fojialari bo‘yicha jumhuriyat favqulodda komissiya raisi Jumag‘ulov axborotidan: «Uncha to‘liq bo‘lmagan ma'lumotga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 230 kishi o‘ldi, 1371 kishi jarohatlandi, 88 kishi bedarak yo‘qoldi; 411 uy, 54 ob'ekt, 89 mashina yondirildi, 557 transport shikastlandi, 222 mashina o‘g‘irlandi, 225 uy talandi, xalq xo‘jaligiga 80-85 milyon so‘mlik zarar yetdi». (O'sh viloyat partiya qo‘mitasi plenumi materialidan. 14.08.1990). Ajab?! Jumag‘ulovning 4 iyundan 11 avgustgacha qamragan axborotida o‘lganlar 230 ta, SSSR prokuraturasi tergovchisi Kalinichenko qo‘lidagi hujjatda esa faqat 4 iyundan 8 iyungacha o‘ldirilganlar soni 309 tadir! 8 iyundan keyingi ommaviy bo‘lmagan qotilliklar bilan mahalliy tergovchilar shug‘ullangani va ularning qo‘lida ham «uncha to‘liq bo‘lmagan ma'lumotlar» borligini nazarda tutib, fojialar ko‘lamini tasavvur qilish qiyin emas. Holbuki, 8 iyundan iyul oyi o‘rtalarigacha, ancha jinoyatlar sodir bo‘lgan. Yana bir «chalkashlik»: «804 bedarak yo‘qolgan kishidan 385 tasining turgan joyi aniqlandi», deyiladi «Lenin yo‘li» ro‘znomasida (30.06.1990). Jumag‘ulovning ro‘znoma xabaridan o‘n kun keyingi axborotida esa bedarak yo‘qolganlar soni 88 taga tushirilgan! Demak, 4 iyundan 30 iyungacha topilmagan 419 odam darrov topilgan ekan-da! Endi Jumag‘ulov axborotidan ikki oy keyingi ma'lumotga e'tibor bering: «... ro‘yxatga olingan qabrlardan va boshqa joylardagi jasadlardan 93 tasining shaxsi aniqlandi. Hozir 22 jasad shaxsi aniqlanmoqda» («Lenin yo‘li». 9.10.1990). Bu xabardan bir oy keyin ham, O'zgandagi ommaviy ravishda ko‘milganlar qabrlarini ochish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tugamagan edi. 4 iyunda o‘lganlarning yuz foizi, 5 iyunda o‘lganlarning to‘qson besh foizi o‘zbeklar. Nobud bo‘lganlarning millati yashirilayotgani, shu kungacha deputatlar komissiyasi tuzilmaganining boisi shunda emasmikin?! Nihoyat, avji fojialar bo‘lib o‘tgan iyun oyida xalq xo‘jaligining umumiy zarari 40-50 milyon so‘mlik edi, ajabki, nisbatan tinch, keyingi bir oyda bu raqam 80-85 milyon so‘mga yetgan! O'zbeklar kulfati bahonasida, davlatdan ko‘p yillik qarzini uzolmagan xo‘jaliklar o‘zini o‘nglab oldi, deyishga asoslar bor!!
Bordiyu, fojialar tasodifiy bo‘lsa, unga siyosiy baho berilishi, tashkilotchilar, ijrochilar jazolanishi kerakmasmi?! Biroq Qirg‘iziston Kompartiyasining XIX s'ezdi bu jinoyatga siyosiy baho bermadi. O'shliklar umidvor bo‘lgan KPSS XXVIII s'ezdida, milliy masalalar bo‘yicha sektsiyani aynan Masaliev boshqardi!.. Bunday siylovlardan boshqalar ham quruq qolmadilar... Ilgari, viloyat partiya qo‘mitasi birinchi kotibligida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Qirg‘iziston Oliy Soveti raisi muovini Qulmatov iste'foga chiqarildi; ammo ko‘p o‘tmay, u Qirg‘izistonning Moskvadagi vakolatxonasiga rais etib tayinlandi. Viloyat ijroqo‘mi raisi Bekbolotov jumhuriyat agrosanoatining qurilish bo‘yicha vazirligiga, O'zgan tumani partiya qo‘mitasi kotibasi Bo‘ronboeva viloyat «Bilim» jamiyati raisligiga tayinlandi. Siylanganlar ro‘yxati bu bilan ham tugamaydi... Bundan norozi bo‘lgan o‘shliklar ish tashladilar... Jalolobod g‘alayon ko‘tardi... O'zganni armiya «bosib» turdi! Arzimas vaj bilan o‘zbeklarga ming so‘mdan jarima solina boshlandi. Jismoniy terrordan so‘ng, iqtisodiy terror kuchaytirildi. O'sh viloyat partiya qo‘mitasining avgust oyi plenumida qatnashgan KPSS MK kotibi Girenko bor aybni norasmiylarga, xususan, qirg‘izlarning «O'sh aymog‘i», o‘zbeklarning hali dasturini shahar ijroqo‘miga berishga ham ulgurmagan, nomi boru o‘zi yo‘q «Adolat» tashkilotiga to‘nkab, partapparat aybini xaspo‘shlaganida, Kremlning makkor siyosatga asoslangan munosabati fosh bo‘ldi!..
O'zbeklar qurollanyapti, degan gaplar ko‘paydi. Men bunga ajablanmadim-u, shuncha hunrezlikdan keyin ham ko‘zi ochilmagan, radio-televidenie, ommaviy axborot vositalari orqali qirg‘inlarni millatlararo to‘qnashuv deb, qirg‘iz bilan o‘zbekni urishtirib qo‘yib, o‘zi tomoshabin bo‘layotgan shovinistlar tegirmoniga suv quygan ayrim qirg‘iz ziyolilariga hayron qoldim. Ch. Aytmatov «Literaturnaya gazeta»dagi «Qayta qurish taajjubotlari» maqolasida ikki jumhuriyat orasidagi chegara buzilmasligini ta'minlaydigan Xelsinki bitimidek bir shartnoma tuzish lozimligini ta'kidladi; «Qirg‘iziston madaniyati» haftaligida oqsoqol yozuvchi T. Qosimbekov «muxtoriyatchilarning popugi pasayib qoldi», deb ichqoraligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, shu haftalikda bosilgan (13.09.1990) kechagi ashaddiy kommunist. endilikda, «Qirg‘iziston» demokratik harakati rahbarlaridan biriga aylangan K. Akmatovning «Qog‘ozga o‘ralgan o‘t» degan maqolasida Andijon va O'sh viloyatlari chegarasida pasport rejimi joriy qilish tavsiya etiladi. «O'zbek millatida, - deydi K. Akmatov,- 1989 yili Farg‘ona, Andijon (?), Bo‘ka, Parkent tumanlaridagi mesxeti turklari va boshqalarni (?) haydab chiqargandan keyin, mahalliy o‘zbek shoviiizmi bosh ko‘tardi. Klerikal ong-tuyg‘usi kuchaygan O'shdagi o‘zbek xalqi Sulaymon tog‘idagi Bobur uyini, qirg‘izlarni qo‘shmasdan, o‘z xarajatiga qurdi, machitlarni qaytarib olib, boshqa xalq madaniyatini mensimay qo‘ydi». Birinchidan, K. Akmatov Farg‘ona fojialari, xuddi O'sh fojialaridek, fitna mahsuli ekanligini bilishni istamaydi. Ikkinchidap, Bobur uyini qurishda besh-olti yuz qirg‘iz talabalari ham qatnashganliklarini hisobga olmaydi. Uchinchidan, o‘shlik o‘zbeklar qaysi xalq madaniyatini mensimadiykin? Gap qirg‘iz madaniyati to‘g‘risida ketayotgan bo‘lsa, O'shda qadimiy qirg‘iz madaniyatiga doir biror belgi bormi? Umuman, bu shaharda ilgari qirg‘izlar yashaganmi? Bu alohida mavzu talab qiladigan masala. Ammo, ayni paytda, suverenitet haqidagi gaplar ta'sirida, «o‘zbeklar kelgindi xalq, qirg‘iz yeridan chiqib ketsin», degan rasmiy va norasmiy shiorlardan xabarimiz borligi uchun ham, 1987 yili Frunzedagi «Ilm» nashriyotida chop etilmish «Qadimiy O'sh» kitobidan bor-yo‘g‘i, uch lavha keltirish bilan kifoyalansak. «XVII-XVIII asrlarda qalmiq xonligi Mo‘g‘ulistondan qirg‘izlarning bir qismini Farg‘ona vodiysiga, bir qismini Tiyonshon va Yettisuvga surib chiqargan». Balxlik sayyoh Ibn Vali (XVII asr) ma'lumoti: «Har zamonda bir, O'sh atroflariga qirg‘iz qabilalari ko‘chib keladi, bu to‘polonchi qozoqlar (daydilar ma'nosida - Sh. R.), bo‘rilarday izg‘ib, musulmonlarni talaydi». 1908 yil aholi ro‘yxatiga ko‘ra, O'shdagi 43433 aholidan 39787 tasi sart (o‘zbek), 7 tasi qirg‘iz bo‘lgan. Bu ma'lumotlarni keltirdim-u, o‘shlik, frunzelik qirg‘iz do‘stlarimni o‘yladim. Ammo nachora, endilikda suverenitet haqidagi gaplardan boshi aylanib, «O'sh qirg‘iz yeri» deya qirg‘iz xalqi miyasini zaharlayotgan ziyolilar 1924 yili RSFSR tarkibida tuzilgan qoraqirg‘iz muxtor viloyatiga Jalolobod shahri 78 foiz, 1936 yili O'sh shahri 88 foiz, O'zgan shahri 90 foiz o‘zbek aholisi bilan, Turkistondan ajratib berilganini bilarmikinlar?
Endi, bu gaplarni ham qo‘yaturib, «millatlararo to‘qnashuv» tarzida talqin etilgan O'sh fojialari zamiridagi asosiy sabablarni tahlil qilaylik.
So‘nggi to‘rt yil davomidagi «millatlararo to‘qnashuvlar» shuni ko‘rsatdiki, qaerda buyuk imperiya siyosatiga, shovinizm va partapparat izmidagi byurokratizmga qarshi kurash kuchaysa, bu rus xalqiga qarshi kayfiyat sifatida baholanib, o‘sha yerda tinch-totuv yashab kelayotgan boshqa qandosh millatlar orasida beixtiyor qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Qayta qurish siyosati boshlangandan buyon, rus, ukrain, belaruslardan tashqari, deyarli barcha katta xalqlar bir-birlari bilan to‘qnashib bo‘ldilar. Rossiyada demokratlar, monarxistlar, anarxistlar, xristian demokratlar, millatchilar, qoraguruhchilar, kashandalar, piyonistalar, fohishalarning yuzlab mitinglari, namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ammo biror kishi ekstremizmda, nashavandlikda, millatchilikda ayblanmadi!.. Endi 1986 yil dekabr oyida Olmaotaning Brejnev maydonida bo‘lib o‘tgan, keyinchalik «millatlararo to‘qnashuv», deb e'lon qilingan qonli voqealarni eslang. O'shanda, shundog‘am ruslashib bo‘lgan jumhuriyat rahbari D. A. Qunaev markaz irodasi bilan, 18 daqiqalik plenumda ishdan olinib, o‘rniga Kolbin tayinlandi. Shovinizm tomonidan qozoq xalqi nomiga shunchaki «rasmiylashtirilgan» jumhuriyatning batamom assimilyatsiya - qo‘shib yuborilishiga qarshi tinch namoyishga chiqqan 5 mingdan ortiq qozoq yoshlari ichki qo‘shinlar, armatura bo‘laklari bilan qurollantirilgan rus, ukrain ishchilarining «jazo otryadlari» yordamida qonga botirildi. To‘rt yildan keyin, qozoq parlamenti o‘sha jinoyat izidan tushganida, ushbu hujjatga duch keldi: «Muddati o‘tganligi munosabati bilan, amaliy kuchini yo‘qotgan «Quyun» («Metel») yuperatsiyasi harakat plani kuydirib yo‘q qilindi». (Ichki xizmat podpolkovnigi Kalinin. «Komsemolskaya pravda» 2.09.1990). Shu ro‘znoma xabariga ko‘ra, bu operatsiya plani tayyorlanayotgan shtabga KPSS Markaziy Qo‘mitasi, SSSR Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi (DXQ), SSSR Ichki ishlar vazirligi (IIV), SSSR prokuraturasi, Qozog‘iston DXQ va IIV vakillari yig‘ilgan.
Farg‘ona fojialari tagidayam shovinizmga aloqador sabablar bor. Rashidov o‘limidan so‘ng, uzoq yillar davomida, baribir, ruslashmay qolgan kuchli jumhuriyatni talon-toroj qilish, har tomonlama o‘zlashtirish imkoni paydo bo‘ldi. Markaziy matbuotning «rashidovchilik», «o‘zbek ishi», «paxta ishi» kabi sun'iy g‘avg‘olaridan gangitilgan jumhuriyatning yangi rahbarlari «iltimoslariga ko‘ra», Rossiyadan yuzlab chalasavod rahbarlar «desanti» O'zbekistonga tashlandi. 1988 yil oxiriga kelib, to‘rt yilda 58 ming milliy kadrni badnom qilib, yarmini qamatib yuborgan «desantchilar» siyosati fosh bo‘la boshlagach, endi o‘zbek xalqini millatchilikda ayblash kerak bo‘lib qoldi. Yarim yillik tayyorgarlikdan keyin, chet el radiosi xabariga ko‘ra, 45 yil davomida SSSR oliy organlaridan Mesxetiyaga qaytarishni 154 marta talab qilaverib charchagan, may oyida, nima qilib bo‘lsayam, Mesxetiyaga ketishni rejalashtirgan turklarning faollashuvidan, yana xuddi shu oyda ijtimoiy-siyosiy talablar bilan namoyish o‘tkazishga tayyorlanayotgan Farg‘ona yoshlari harakatining kuchayishidan ustalik bilan foydalanildi. Bir to‘da jinoyatchi unsurlar vositasida, ikki dard bilan lovillab turgan o‘zbeklaru turklar to‘qnashtirildi. Oqibatda, sho‘rpeshona turklar Rossiyaning bo‘m-bo‘sh qishloqlariga mardikorlikka olib ketildi. Allaqachon ekstremizm va nashavandlikda ayblangan farg‘onalik yoshlar ijtimoiy-siyosiy talablariga qo‘shib Qo‘qonda otildi! Bu ikki harakat, ya'ni o‘zbeklar va turklarning faollashuvida, ruslarga qarshi kayfiyat bor, deb taxmin qilinganinini aytib o‘tish shart. Bunday taxmin 1989 yil 20 maydagi O'sh voqeasidan keyin (O'sh fojialaridan rosa bir yil ilgari!) paydo bo‘lib, xuddi shu voqea Farg‘ona fojialarini jadallashtirib yuborgan.
O'sha 1989 yil 20 mayda qanday voqea bo‘luvdi? Avval O'sh viloyat DXQ boshqarmasi raisi Mameevni eshitaylik: «Millatlararo nosog‘lom munosabat Farg‘ona fojialaridan keyinoq paydo bo‘ldi. Ruslar bilan qirg‘izlar urusharmish, degan vahimali mish-mishlar shu ko‘yga olib keldi...» («Leninskiy put» 12.07.1990). Masala ravshan!.. Biroq bu «vahimali mish-mishlar» Farg‘ona fojialaridan keyin emas, biroz oldin tarqalgan. 1988 yili O'shning Pattrest degan joyidagi Lenin haykali boshiga qoramoy paqirini kiydirib, haykal poyiga qizil bo‘yoqda «eng xavfli jinoyatchi», deb yozgan qirg‘iz yoshlari haqida gap-so‘z chiqdi. Bu ishni qirg‘izlar qilganmidi yoki Qirg‘iziston demokratik harakatining O'shda kuchaygan qanotiga zarba bermoqchi bo‘lgan qora kuchlar qilig‘imi, bilmadim! Biroq 1988-89 yillari, O'shda qirg‘izlar hujum qilarmish, degan mish-mishlar ko‘payganidan, bayram kunlari namoyish o‘tkaziladigan asosiy ko‘chalarda harbiylar, ichki ishlar xodimlari ko‘paytirilganini, qirg‘iz talabalari bayramlar arafasidayoq uylariga jo‘natib yuborilganini aytib o‘tish kerak. Nihoyat, 1989 yil 20 mayda O'shda To‘qtag‘ul bog‘i etagidagi ko‘prikda yuzlab qirg‘iz bilan o‘ris mushtlashgani, qonli to‘qnashuvni militsiya qo‘shini osmonga o‘q otib tarqatgani, xuddi shunday voqealar Jaloloboddayam sodir bo‘lganini eslatsak, O'sh fojiasi sabablaridan birining ildizi ochiladi. Demak, fojiadan bir yil avval qirg‘izlardagi ruslarga qarshi yoki aksilrus kayfiyat o‘zbeklarga qaratilgan, deb xulosa chiqarish uchun asosli dalil bor. Bunga zarurat bormidi? Bor edi, albatta. Roppa-rosa bir yillik dahanaki jangdan keyin 1989 yili partapparat qarshiligini sindirib, bir paytlar yovuzlik bilan buzilgan o‘zbek shohi va shoiri Boburning uyi tiklandi: Jalolobodliklar 1989 yil oxirlarida, 1924 yil milliy chegaralanishidagi xatoliklarni tuzatish to‘g‘risida M. S. Gorbachyovga xat yozdi; viloyatning o‘zbeklar yashaydigan joylarida machitlar tiklana boshlandi, islomiy harakat kuchaydi. O'shlik ziyolilar bunday deydi: «Qonli fojialarga jumhuriyat rahbariyati bir yil tayyorgarlik ko‘rdi. Millatchi Rispaev (nashriyot va matbaa davlat qo‘mitasi raisi) ishni matbuot, televidenie orqali O'zbekistondagi, xususan, Baxmaldagi qirg‘izlarni qul qilib ishlatishyapti, deb uydirma tarqatishdan, O'zbekiston rahbarlariga tuhmat yog‘dirishdan boshlagan». Qiziq gaplar... Adashmasam, xuddi o‘sha paytlarda Farg‘ona viloyat «Kommuna» ro‘znomasida beshta SSSR xalq deputati imzosi bilan, «o‘nta Nishonovdan bitta Rashidov chiqmaydi», iborasi ila mashhur maqola chop etilgan... Nazariy ko‘rinishdagi bu xarakat 1990 yil yanvar oyida jadallashib, amaliy tus ola boshladi. «Komsomolskaya pravda» ro‘znomasida (07.1990) Qirg‘iziston bo‘yicha muxbir Bayalinovning «Miltiq - ehtiyot quroli» maqolasi e'lon qilindi. Maqolada 1988 yili 2068, 1989 yili 2280 ta qurol sotilgani, tashkilotlardagi 12 ming qurolni qo‘shib hisoblaganda, umuman, Qirg‘izistonda 20-25 ming kishi qurollangani to‘g‘risida shubhali xulosalarga olib boradigan xabar bor. Aynan ana shu yanvar oyidan boshlab, viloyat o‘zbeklaridan ov miltiqlarini, o‘zbek maktablaridan o‘quv miltiqlarini yig‘ib olishdi; aksincha, tog‘larda bo‘ri ko‘payib ketdi, degan bahonada, viloyatning aholisi faqat qirg‘iz bo‘lgan Sovet, Oloy tumanlariga ko‘p miqdorda qurol, o‘q-dori sotildi. SSSR Ichki ishlar vazirligining fojialardan keyingi xulosasidan: «1990 yil yanvaridan fojiagacha partiya-sovet organlariga qirg‘izlar va o‘zbeklar orasi keskinlashgani to‘g‘risida 11 marta xabar berilgan». Xuddi shu hujjatda ahvolning keskinlashuviga 1990 yili (oy-kuni ko‘rsatilmaydi) O'zganda ota-bola qirg‘izning o‘ldirilishi, Qorasuvda 4 kishilik o‘zbek oilasining, O'shda - jamoat transportida bir qirg‘izning o‘ldirilishi sabab bo‘ldi, deyiladi. Chindan shundaymikin? Surishtirdim. 1989 yil may oyida O'zganda ayollarga shilqimlik qilgan qirg‘izlar bilan o‘zbeklar orasida mushtlashuv bo‘lgani rost. Ammo na O'shda, na Jalolobodda qirg‘iz bilan o‘zbek urushmagan. Aksincha, kimdan so‘ramayin, hamma, shu paytgacha qirg‘izlar bilan o‘rislar orasi keskinlashib kelgan, degan gapni tasdiqlaydi. O'sh viloyat DXQ boshqarmasi raisi Mameev rasmiy hujjatidan: «1990 yil yanvaridan fojiagacha obkom va jumhuriyat DXQsiga vaziyat keskinlashgani (kimlar orasida?) to‘g‘risida 9 marta xabar berilgan». («Sovetskaya Kirgiziya» 23.09.1990). Aksar matbuotda e'lon qilingan Cheunday hujjatlarda qirg‘iz bilan o‘zbek munosabati keskinlashgani to‘g‘risida ma'lumotlar yo‘q. Masalan, Mameevning 1990 yil 20 apreldagi hujjatidan: «...Viloyat tipchini, vaqti-vaqti bilan milliy tortishuvga aylanadigan, o‘smirlar va talabalar o‘rtasidagi bezorilik to‘qnashuvlari buzib turgan». («Sovetskaya Kirgiziya» 23.09.1990). Mameev bunga misol tariqasida, 1990 yil 28 yanvarda Sulaymon tog‘i tagida 20-30 o‘smir boshlagan «ko‘ngilsiz» hodisani keltiradi. Birinchidan, 20 apreldagi xujjatga 28 yanvardagi xodisaning tirkalishi qiziq. Ikkinchidan, 28 yavarda 20-30 o‘smirmas, mingdan ortiq, yana bir ma'lumotga ko‘ra, uch mingdan ziyod yosh o‘zbek namozxonlari ilgari inqilob muzeyiga aylantirilgan Abdullaxon masjidini to‘polon bilan qaytarib olganlar. O'zbeklarni qatag‘on qilish bo‘yicha tayyorgarlikning 1990 yil yanvar oyidan jadallashgani sababi endi ayonlashdi!.. Yana bir sababi bor, uyam bo‘lsa, xuddi shu yanvar oyida Qirg‘iziston Oliy Keigashining mulkchilik masalasi ko‘rilgan sessiyasida, ayrim deputatlar o‘z ma'ruzalarida «mulkchilik to‘grisida qonun qabul qilolmaymiz, chunki, shaharlarni mehmonlar (ya'ni, o‘zbeklar) egallab olgan», deganlar. Xullas janjal kerak edi! Jumhuriyat rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi bilan, obkom panohida keyinchalik provokatsiya quroli sifatida ishlatilgan «O'sh aymog‘i» jamiyati yaratildi. Aprel- may oylarida bu jamiyatning ochiq chiqib faollashuvi o‘zbeklarga qarshi qo‘yilgan jazo apparatlari to‘la ishga tushganidan dalolat berardi. Viloyat DXQ boshqarmasi raisi Mameevning 1990 yil 25 maydagi (fojia arafasidagi) hujjatida («Sovetskaya Kirgiziya» 23.09.1990) «O'sh aymog‘i» jamiyati a'zolari 27 may kuni egallaydigan (qarang-a, ikki kun oldin hammasi ma'lum ekan!) Lenin nomidagi jamoa xo‘jaligi yerida qirg‘izlar bilan o‘zbeklar to‘qnashishi mumkinligi, aholining ayrim qismida O'sh viloyatini O'zbekistonga qarashli muxtor viloyatga aylantirish niyati borligi ma'lum qilingan! 1989 yili SSSR Oliy Sho‘rosining muxtor va milliy tuzilmalariga doir qonuniga ishonib, M. S. Gorbachevga xat yozgan, ammo ma'nili javob ololmagan jalolobodlik oqsoqollar 1924 yilgi milliy chegaralanish siyosatini qayta ko‘rib chiqish yoki o‘zbeklarga muxtoriyat (avtonomiya) berishni so‘rab, M. S. Gorbachevga ikkinchi marta xat bitib, bir nusxasini BMTga yuborgan ekanliklarini yuqorida aytdik. Bu masala Jaloloboddan O'shga ko‘chirilib... davlat idoralarida rasmiylashganidan keyin, jumhuriyatning Masalievdan bo‘lak barcha rahbari O'shga yig‘ilib, bir parcha yer bahonasida o‘zbeklarni «qo‘zg‘agani» ham ma'lum. Qo‘lida IIV, DXQ kabi qudratli tashkilotlar bo‘lgan Jumag‘ulovdek rahbar uchun bir to‘da «qonuniy jinoyatchi yoki qimorvoz»ni, «Avtonomiya!», deb baqirtirish, «O'zSSR» so‘zi yozilgan bir quloch qog‘ozni ko‘tartirish muammo emas edi!.. Aks holda, Jumag‘ulovning boshdan oyoq shubhali harakatlarini qanday izohlash mumkin? Lekin izohlasa bo‘ladi...
Qirg‘iz hukumati rahbariyati 20 milyonli o‘zbek xalqining bir bo‘lagini, markazga suyanmasdan dadil qatag‘on qilishdek jinoyatni amalga oshirishi mumkinmidi? Aslo! Yuqorida fitna iplari 1990 yil yanvar oyiga bog‘langanini ko‘rdik. Demak, «millatlararo to‘qnashuv» yanvar oyidan 4 iyungacha nazoratda turgan. Axir, O'shda qon to‘kilishi 29 maydayoq, Kremlga ma'lum bo‘lgan! Boz ustiga, millatlararo nizoni keltirib chiqarayotgan rahbarlarning kirdikorlari to‘g‘risida O'sh aholisi nomidan SSSR Oliy Sho‘rosiga telegrammalar ham jo‘natilgan. Fojialardan buyon, oradan yarim yil o‘tdi, katta-kichik rahbarlarning bo‘lib o‘tgan ishlarga sirli munosabatidan beixtiyor quyidagi xulosalarga keldik: Albatta mulkchilik to‘g‘risida qonun qabul qilishdan avval, viloyat shaharlarini «egallab olgan» o‘zbeklarni O'zbekistonga haydab chiqarish kayfiyatida yurgan rahbarlar niyati amalga oshmay qoldi. Lekin fojiadan ko‘zlangan mayda niyatlar ham bor edi... Ammo fojiadan ko‘zlangan asosiy maqsad-birinchidan, hokimiyat masalasi: Demokratiya sharoitida ham, hokimiyat jilovini ma'muriy-byurokratik apparat qo‘lida saqlab qolish, keskin o‘zgarishlarni talab qilayotgan demokratik harakatga zarba berish, o‘zbek aholisining ma'muriyatchilikka qarshi kurashishini, islomning faollashuvini to‘xtatish edi; ikkinchidan, siyosiy va iqtisodiy mustaqillikni tanlagan, birinchi bo‘lib prezidentlik boshqaruvini joriy etgan, mustaqillik deklaratsiyasini qabul etayotgan O'zbekiston hukumatiga ham tashqaridan zarba berish bo‘lsa. uchinchidan, chet ellarda va Uzbe-kistonda kuchayib ketgan Turkistonni tiklash g‘oyasi, turkiy xalqlarning birlik sari intilishini barbod etishdan iborat edi.
Bordiyu, xulosalarimiz taxminga yo‘yilsa, ushbu savollarga javob izlashimiz kerak: Nega fojianing dastlabki kunidanoq, SSSR Oliy Sho‘rosi favqulodda hodisalar bo‘yicha komissiyasi tuzilmadi? Nega SSSR Oliy Sho‘rosi qoshidagi Millatlar Kengashi favqulodda majlis chaqirmadi? Nega SSSR Oliy Sho‘rosi Millatlar Kengashining O'sh fojialari bo‘yicha qarori fojialardan 4 oy keyin qabul qilindi?! Nega bu qarorning 3-bandidagi «Qirg‘iziston Oliy Sho‘rosiga O'sh viloyatida ro‘y bergan voqealarga printsipial baho berish taklif etilsin», degan ko‘rsatma ijrosi nazorat qilinmadi?! Tergov deyarli to‘xtab qolgani, jinoyatchilarga yengil-elpi jazo berilayotgani nega markazni qiziqtirmayapti?! Nihoyat, DXQning har xil nizolarni uyushtiruvchi maxsus bo‘limi borligini oshkor qilgani uchun general Kalugin unvonlarini maxsus farmon bilan bekor qilgan prezident yosh bolalar, ayollar, yuzlab odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgan «to‘qnashuvlar» matbuotda fosh etilganidan keyin ham, loaqal ta'ziya bildirmadi?!..
Nachora, da'volarimizdan ko‘ra, savollarimiz ko‘p! «Qandaydir, ko‘zga ko‘rinmas, qo‘lga tushmas maxfiy guruhlar»ning fitnalaridan tobora mujohidlashayotgan fuqarolar tilida qotib qolgan bu savollarga hech javob topa olamizmi?! Kavkaz musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda 1990 yil 21 yanvarda, Bokudagi qirg‘in munosabati bilan, M. S. Gorbachevga yuborgan murojaatnomasida bunday degan edi: «O'zining mustamlakachilik maqsadlari yo‘lida millatlararo nizolarni bartaraf etish o‘rniga, uni o‘t oldiradigan mamlakat sharmandalikka mustahiqdir. Bunday mamlakat o‘z armiyasini o‘z fuqarolarining qotiliga aylantiradi; bunday mamlakatda inson, haqiqiy hayotdan ko‘ra, ko‘proq o‘limga mahkumdir. Biroq xalq bilan, jumladan, ozar xalqi bilan ham, qurol tilida so‘zlashish mumkin emas. Bu, Afg‘onistondagi kabi, ehtimol, o‘n yil, ehtimol, o‘n kun. davom etar. Ammo ertami, kechmi haqiqat, baribir qaror topadi!..»
Men bu chin musulmon so‘zlarini xayolimning eng yorug‘ yerlariga yozib qo‘ydim...
Shavkat Rahmon
O’sh — Toshkent,
Noyabr — dekabr, 1990 yil
«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.