OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad. Davr, Mafkura, Shaxs (1989)

http://ziyouz.uz/images/stalin_voroshilov.jpg

I

Inson ichki dunyosining Qal’asi bo‘lmish «men» tinimsiz shakllanib, yuksalib, boyib va vaziyat taqozosiga ko‘ra yemirilib turadi. Bunday jarayonlarning tez yo sust kechishi ko‘p omillarga bog‘liq. Jamiyat «men»ida shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotgan — bir-biridan chigal muammolar ko‘ndalang bo‘layotgan, xilma-xil yangiliklar oqimini malakali idrok etish uchun tafakkur tarzini tinimsiz chiniqtirish zarurati tug‘ilayotgan hozirgi sharoitda esa shaxs «men»ida to‘fonlar, portlashlar, qaynab-toshishlar, zid-iyatli evrilishlar kuzatilishi juda tabiiy holdir.

Oshkoralik va qayta qurishning sharofati, avvalo axborot oqimining keskin ortib ketganida o‘z ifodasini topmoqda. Informatsiya qahatchiligida tanbal va loqaydlashgan tafakkurlar tog‘-tog‘ bo‘lib yopirilib kelayotgan axborot bo‘ronini hazm qilib ulgurmayapti. Yangiliklar to‘kinligi, xabarlar ma’murligi yozuvchi I. Drutse so‘zi bilan aytganda «oddiy kishilarni ham uyg‘otib yubordi».

Ha, inson omilini oshirishga kirishilgan yurtda oddiy kishilar ham uyg‘ongani, uyg‘onayotgani chindan-da, ulug‘ hodisa! Axir bir necha o‘n yillar mobaynida «Hamma narsa inson uchun, inson farovonligi uchun!» shiorini boshimiz uzra ko‘tardigu, aslida hagr bir individdagi shaxs imkoniyatlarini poymol etib keldik. Kollektivchilik psixologiyasining afzalliklarini ro‘kach qilib va uni biryoqlama tushunib, har bir inson avvalo mustaqil shaxs sifatida kamolotga erishmog‘i va mana shunday shaxslar kollektivigina qudratli, yaratuvchi kuch bo‘la olishini unutdik. Shaxsi — «men»i so‘ndirilgan kishilardan iborat soxta va zaif kollektivlardan faxrlanib qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib keldik. Soddalashtirib aytganda hammani bir xil, silliq fikrlaydigan qilib qo‘ydik. «Shaxsi qirqib tashlangan inson»larni (avstriyalik psixiatr B. Bettelgeym iborasi) «tarbiyaladik». Endi har bir sohadagi ishlarimiz pachavasi chiqqan, fosh bo‘lgan va har qadamda jamiyat-xalq-vatan manfaatini o‘z manfaatidek ko‘radigan shaxslar nihoyatda zarurligi sezilgan bir paytda aynan shunday kishilar anqoning urug‘iga aylangani butun murakkabligi bilan yo‘limizda to‘g‘anoq bo‘lib turibdi.

«Ilgari hech kim davlat ishi, xalq ishi uchun jonini ayamasdi (20-30-yillar komsomollarini eslaylik), endi dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan bo‘lib ketdi odamlar» qabilida ko‘p noliymizu, bunday hol yillar davomida insondagi shaxsni o‘ldirishimiz, yemirishimiz oqibati ekanini hisobga olmaymiz. Bog‘chada qirq va undan ortiq o‘g‘il-qizimizni bir xonaga qamab «tarbiyalaymiz». Sinfda yana shuncha o‘quvchiga «ta’lim beramiz». Bir auditoriyada yuzdan ortiq talaba tahsil olayotgan oliy o‘quv yurtlari oz emas... Bunday joylarda har narsa bo‘lsa bo‘laru, lekin zinhor-bazinhor shaxs tarbiya topmaydi, shaxs voyaga yetmaydi! Aksincha, shaxs — o‘ladi!...

Tabiatning eng oliy va mukarram zoti — Inson. Har bir inson yagona va takrorlanmas mo‘‘jizadir. Tabiat har birimizni har birimizga mo‘‘jiza qilib va ulug‘ boylik qilib yaratib qo‘yganini anglab yetmadik. Anglamaganimiz uchun ham 20-yillar, oxirida quloq (odam)larning bahridan o‘tdik, 30-yillar, so‘ng 50-yillarning boshlarida ulkan bir avlod (ayrim hisoblarga ko‘ra shaxsparastlik yillarida 40 million kishining yostig‘i quritilgan) qatli om etildi. Shundan so‘ng, bir necha o‘n yil osoyishta, farovon o‘tgandek edi — 80-yillar yetib keldi. Ezgulik va marazlik, qonuniy va noqonuniy degan tushunchalar qayta qurish davri nuqtai nazaridan kun tartibiga chiqdi va ... yoppasiga javobgarlikka tortishlar, qama-qamalaru, oliy jazoga mahkum etishlar boshlandi. Parda ko‘tarildi, bilsak, boyagi osoyishta o‘n yilliklarda ham kam odam nohaq qamalgan, nohaq nobud etilmagan ekan!

Kim haq-kim nohaq jazolangani mutlaqo bo‘lak mavzu, lekin yoppasiga qamash, yoppasiga otish, yoppasiga jismoniy va ma’naviy badnom etish — Insonlar, Taqdirlar yoppasiga tig‘i parronga uchrashining kasofati nimalarda ko‘rinmoqda?

Jamiyatning ich-ichidan parokandaligida, Shaxsning yo‘qolishida!.. Revolyutsiyaning dastlabki yillarida «shaxs— jamiyatga» printsipi rosa avjiga chiqqan. 20-yillarda ham shunday bo‘lgan. Boshqacha aytganda, sotsialistik inqilob portlash yo‘li bilan sotsialistik «men»ni tug‘dirdi. Ushbu «men» 50-yillarning oxiriga qadar shakllandi — yangi sifatiy o‘zgarishlarga uchradi. Basharti jamiyat rivoji marksizm-leninizm klassiklari ta’limi, bashoratlari asosiga qurilgan bo‘lganida, sotsialistik «men» ehtimol yanada yuksalishi mumkin edi. Biroq 60-yillarning boshlaridan, xususan, 70-yillarda juda tabiiy bir jarayonning vaqt-soati yetdi: «men» «qani, xo‘sh, jamiyat shaxsga nima beradi?» degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi va unga o‘zini qoniqtiradigan javob ololmadi.

Sotsialistik «men»ning inqirozi shundan boshlandi! «Men» inqirozga uchragan, singan, uning ishonchi oqlanmagan joyda poraxo‘rlik, ko‘zbo‘yamachilik, xalq va davlat haqqiga xiyonat va hokazo kasofatlar oddiy, jo‘n va tabiiy mashg‘ulotga aylandi. «Shaxs — jamiyatga» aqidasi hukm surgan paytlarda joni-jahonini ayamagan fidoyilar alal-oqibatda jamiyat tomonidan ro‘shnolik ko‘rmagani esa ertangi kunga ishonmaslikni, benihoya dahshatli xudbinlikni keltirib chiqardi. Jamiyatdan alamzadalik, xudbinlik hukm surgan, bu yetmagandek, nazorat izdan chiqqan joyda esa aql bovar qilmas darajadagi (keyingi 2—3 yilda ochilayotganga o‘xshash) dahshatli jinoyatlar sodir etilishi hech gap bo‘lmay qoldi!

II

Amerikalik sotsiologlar «Nimalardan ko‘proq xatardasiz?» degan savol tarqatganda bir guruh sovet yoshlari birinchi bo‘lib «yadro urushidan» deb javob berdi. Keyingi 60—70 yil mobaynidagi yalpi qirg‘in mavsumlarining yadro urushidan farqi kamligini nazarda tutsak, butun-butun avlodlardan judolik xatari ko‘ngillarning tub-tubiga hamon soya tashlab turganini ushbu javobdan ham ilg‘ash mumkin. Mamlakatimizda boshlangan ijobiy siljishlarga qaramay G‘arb davlatlariga, xususan, AQShga farovon turmush ilinjida ko‘chib (qochib emas) ketayotganlar ortayotgani ham muayyan toifa kishilar orasida ertangi kunga ishonchsizlik borligini ko‘rsatadi. Kelajakdan qo‘rqish, ishonchsizlik sabablaridan yana biri — bevosita bosh g‘oyaviy rahbarning shaxsiga dahldor.

Mamlakat tarixining turli davrlarida jamiyat rivojiga to‘g‘anoq bo‘lgan illatlarda Stalin, Xrushchev, Brejnevning partiya rahnamosi sifatidagi xatolari ko‘rsatilyapti. Biroq bunday holda mutlaqo parodoksal bir savol ham tug‘iladi: bundan chiqdi, partiya rahbarining shaxsi, qanday odamligi salkam 300 million kishining taqdirini hal qilar ekan-da?... Brejnev vafotidan so‘ng Yu. Andropov qisqa muddatda katta o‘zgarishlar yasagani, K. Chernenko davrida hammasi eski tos, eski hammomga qaytgani, M. S. Gorbachev tubdan o‘zgarishlar boshlagani va bular butun mamlakat ob-havosini yangilagani bir kishining amri nimalarga qodirligini ko‘rsatmayaptimi? Xo‘p, Brejnev rahbarligidagi yillar turg‘unlik davri ekan, Andropov katta turtki bergach ham, Chernenko «yili»da xalq yana qo‘l qovushtirib o‘tirganini qandoq tushunmoq kerak? Ertaga boshimizga «boshqacharoq» rahbar bitmasligiga kim kafolat beradi-yu, bitgudek bo‘lsa, xalq nima qiladi?

Yo‘q, xalq begona yurtlardan panoh istab yashamaydi. U yuragini hovuchlab ham yashamasligi kerak. U o‘z yurtining, o‘z taqdirining egasi — Inson bo‘lib yashamog‘i kerak!

Insonlik esa «men» qal’asining tynimsiz shakllanishidan, toblanishidan — uzluksiz o‘zgarib, ulg‘ayib turishidan — o‘zligini anglashdan boshlanadi. Bu shunday bir nozik, murakkab, injiq va chigal jarayonki, uni his qilish, tushunish, bilish, idrok etish, xususan, balog‘at pallasidagi yigit-qiz uchun had-hududsiz zavq-shavq, olam-olam taassurotlar, haya-jonli va masrur lahzalarini hadya etadi.

Jamiyat miqyosidagi muammolar, jumladan butun O‘zbekistonga taalluqli. Milliy tilga davlat tili huquqi berilishi inson va tabiat ekologiyasi, paxta yakkahokimligi, oshkoralik va erkinligi va hokazo muammolar hech qachon hozirgidek har keksayu yoshning birdek dardiga, tashvishiga aylanmagan. Mazkur masalalarning ijobiy yo salbiy hal etilishi juda ko‘plab kishilar, xususan yoshlar dunyoqarashida chuqur iz qoldirishi muqarrar. Milliy til, onazamin, inson erki, «men» qal’asining eng chuqur o‘z ildizlarini tashkil etishini hisobga olsak, ko‘rinishdan davlat miqyosidagi muammodek tuyulayotgan ushbu muammolar har bir shaxsga bevosita dahldorligini zinhor unutmasligimiz shart. Aks holda yana va yana shaxs kamoli yo‘liga yangi, yanada qo‘pol to‘siqlar tashlagan bo‘lamiz va Orolga yetib bormayotgan suv «men» sabr-kosasini to‘lib-toshishiga, milliy til, madaniyat, milliy ekologiya muammosining ijobiy hal etilmasligi «men» qal’asida to‘fonu bo‘ronlar ko‘tarilishiga olib kelishi hech gap emas.

Sanab o‘tilgan nozik va murakkab muammolar bahs mavzuiga aylangan joyda xilma-xil mulohazalar, e’tirozlar tug‘ilishi tabiiy. Akademik E. Yusupov, yozuvchi T. Po‘latov O‘zbekistonda ikki til davlat tili bo‘lishi tarafdori ekan, arxeolog olim A. Asqarov olimlik shartini faqat rus tilini egallashda deb bilishini aytdi, adib H. G‘ulom esa o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon etilishi tarafdorlarini «og‘ziga kuchi yetmagan qalamkashlar» deb ochiqdan-ochiq «zangori ekran» orqali aytdi (17 yanvardagi televideniyadagi chiqishida). Bunday mulohazalar jamoatchilik va keng omma orasida norozilik uyg‘otdi. (Hamid G‘ulomning «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasidagi keyingi mulohazalari esa adibning ijtimoiy pozitsiyasi omonat ekanligini ko‘rsatdi). 16 yanvar kuni K. Ushinskiy nomli respublika o‘qituvchilar malakasini oshirish markaziy institutida S. Rahimov rayon maktablari ona tili o‘qituvchilarining juda keng mundarijali seminar-kengashi bo‘ldi (Bu tadbirni tashkil etgan S. Rahimov rayon partiya komiteti va mazkur institut tashabbusi har qancha tahsinga sazovor). Shunda so‘zga chiqqan taniqli olimimiz professor Iristoy Qo‘chqortoev «O‘zbekistonda milliy til masalasiga qanday qaraysiz?» degan savolga «Bu ayrim kishilarning emas, balki hukumat hal qiladigan masala» deb javob qaytardi.

Ajabo! Fan doktorining o‘z ona tili haqida qat’iy fikri, qarashi bo‘lmasa! O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti qoshida tashkil etilgan milliy masalalar bo‘yicha maxsus komissiya har bir oddiy kishilarning — xalqning fikr-mulohazasini o‘rganishga kirishgan bir paytda tilshunos-professorning dangal aytadigan so‘zi bo‘lmasa, g‘alatiku! Fidoyi olimimiz, milliy munosabatlar muammolarini tadqiq etayotgan Q. Xonazarovning «Tilimizning kamsitilishiga birinchi navbatda o‘zimiz, ya’ni o‘zbeklar sababchimiz», degani esga tushadi bunday paytlarda...

Kishining qitiq patiga tegadigan masalalarida xalqning, millatning ko‘zga ko‘ringan kishilari orasidan ikkilanuvchi, asossiz ehtiyotkor soxta ziyolilarning chiqishlari, ayniqsa, yoshlarda chindan-da, ehtiroslar portlashiga sabab bo‘lmoqda. O‘ziga og‘ir olmaslikning — «men»ni ruhiy zarbalardan saqlashning birdan-bir yo‘li bahs madaniyatini saqlashdir. Nomlari zikr etilgan kishilar shaxsi, dunyoqarashi, qolaversa, «men»i hamonki, mana shunday mulohazalar bildirishga loyiq ekan, ularni ham to‘g‘ri tushunmoq kerak. Zero, har qanday kishining muayyan qarashlari uning bir umrlik tarbiyasi, voyaga yetgan muhiti, ayniqsa jamiyatda tutgan mavqeining kvint-essentsiyasi — qaymog‘i sifatida namoyon bo‘ladi, zotan, qarama-qarshi qutbdagilarni fikridan qaytarish emas, balki ularning pozitsiyasini aniq belgilab olish muhimroqdir. O‘zgalarning hayotiy, mafkuraviy pozitsiyasini aniqlashtirib olish ham o‘z pozitsiyangizni mustahkamlash demakdir.

III

Stalin faoliyatnni baholashda kishilar uch guruhga bo‘linib ketdi: Stalinning nuqsonlarini ro‘yi-rost tan oluvchilar; uni aybsiz hisoblovchilar va betaraflar.

Shaxsning «men»i tarbiyasi xususida so‘z borar ekan, bahslashuvchi tomonlar fikriga mutlaqo tazyiq o‘tkazmagan holda munozara mavzusini o‘zgacharoq yo‘singa burishga to‘g‘ri keladi. Bu — kimligidan, ko‘rsatgan xizmatlaridan qat’i nazar, shaxsga sig‘inish kerakmi-nokerakmi mavzuidir!

Shaxsga sig‘inish, nima o‘zi? Nega odamlar tabiatida birovga sig‘inish mayli bor? Umuman sig‘inish ijobiy hodisami yo salbiy? Va nihoyat, inson bunday odatdan qutilishi mumkinmi yo yo‘qmi?..

Biz hammamiz o‘rta maktab yoki oliy o‘quv yurtida «Tarixda xalq va shaxsning roli» mavzuida saboqlar olganmiz. Bu saboqda tarixiy shaxsning xizmatlari e’tirof etilgani holda tarixning asosiy yaratuvchi kuchi — xalq ommasi ekani uqtirilgan. Hayotda esa... nuqul buning aksini qildik. Stalin, Xrushchev, Brejnev... Ne-ne avlodlar bunday zotlarni ko‘klarga ko‘tarib Yerdagi xudo darajasiga olib chiqmadi deysiz! (Shaxsga sig‘inish asosan sotsialistik jamiyatga xos qusur degan mulohazalar borki, bu chuqur o‘yga toldiradi kishini) 40-yillarning oxiri, 50-yillarning boshlarida Stalin shaxsparastligi avj pallasiga ko‘tarilganligi hammaga ma’lum. 1949 yili nashr etilgan «Xalqlar otasi»ga kitobining mualliflari (G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Oybek, O‘yg‘un, Ramz Bobojon, Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Shukrullo va boshqalar)ni ko‘rib ko‘zingga ishonmaysan kishi. O‘sha kezlardagi gazeta sahifalariga azbaroyi ko‘z yugurtirib bo‘lmaydi. Cho‘chqa bolalasa ham, Stalinning xizmati, plandan ortiq metall eritilsa ham xalqlar otasiga tashakkur, Abdulla Qahhordek to‘g‘ri so‘z adib ham «dohiyning yana bir marta nafas olishi uchun har bir sovet kishisi butun umrini berishga tayyor edi» («Qizil O‘zbekiston» 1953 yil 9 may) deb yozishdan qalamini tiyolmaganiga aql bovar qilmaydi...

Brejnev-chi? Vafot etganida go‘yo yer o‘z o‘qi atrofida aylanmay qoladigandek vahima ko‘tarildi. Xalqni tushkunlikka tushmaslikka chaqirildi, yer yuzida urushning oldini olishda Brejnev yo‘li mahkam ushlanajagi va’da qilindi. Vaholanki, haqiqiy ahvol mana endi-endi (birgina Afg‘oniston voqeasi Brejnevning tinchliksevar «dono» siyosatidan dalolat berib turibdi) ravshanlashayapti. Yokibo‘lmasa I. Usmonxo‘jaevning «Rashidov shaxsi bizni sehrlab qo‘ygandi» deyishi manman degan rahbar shaxslarda botiniy «men» zaif ekanligiga juda jonli misol bo‘lmaydimi?!

Boringchi, Stalinning ham, Brejnevning ham mamlakat va xalq oldidagi xizmatlari chindan-da buyuk deylik. Ular hozir oshkor etilayotgan nuqsonlarga yo‘l qo‘ymaganoq bo‘lsin. Biroq, o‘sha taqdirda ham, bu ular shaxsini ilohiylashtirishga izn bermasligi kerak edi. Aksincha biz hurmatni sig‘inishdan farqlamay qo‘ydik, davlat rahbarlarining hurmatini ko‘klarga ko‘tarishga odatlandik, u yetmagandek har sohaning o‘z «xudocha»larini yasadik. «Traktorga mindi» deb Tursunoy Oxunovaning nomini afsonaga aylantirdik, makkajo‘xoridan mo‘l hosil oldi deb Lyubov Lini ulug‘ladik. Bir mavsumda 1000 tonna paxta terdi deb Shoyimardon Qudratovni namunali odamga aylantirdik. Ha-ha, odamga emas, «namunali odam»ga aylantirdik. Xalqni va o‘sha «namunali odam»ning o‘zini aldaganimiz kamlik qilganidek (shaxsan men uchun Tursunoy Oxunovaning mexanizator sifatida o‘n karra qahramon bo‘lganidan, uning Ayol, Ona sifatida ulug‘langani ming chandon afzal edi!), el-yurtni bir-biridan ajratdik — tabaqalar keltirib chiqardik. Yuzlab, minglab mexanizatorlar Tursunoy Oxunovaning salobati oldida o‘zlarini, g‘oyibona bo‘lsa-da, pastroq qo‘ydilar. Shoyimardon Qudratovdek «po‘lat ot suvoriysi»ning rekordini eshitgan ne-ne zahmatkash terimchilar o‘zlarining noshudligidan ezilib yurdilar! Bunday hollarda soxta va halol ko‘rsatkichlardan qat’iy nazar bir kishini ulug‘lash evaziga minglarning izzat-nafsi, shaxsi poymol etildi. Hisobsiz «men»lar shikastlandi.

Ehtimol, bunday ishlardan ommani mehnatga jalb qilish ko‘zlangan deyish ham mumkindir. Rad etmayman, kimnidir namuna sifatida el nazarida ko‘z-ko‘z qilishning (boshqalarda ham «shunday bo‘laman!» degan niyatni tug‘dirish uchun) nafi bo‘lsa bordir. Lekin bu o‘rinda juda jiddiy savollar tug‘iladi: axir o‘sha rekordchining natijalari yolg‘on ekanligini hamma biladiku? Qolaversa, «mehnat bu o‘lkada sharofat, rohat» (G‘afur G‘ulom) qabilidagi ma’naviy targ‘ibot-tashviqotlar o‘zligini anglab borayotgan «men»ni mehnatga rag‘bat etishda tobora kam naf keltirayotgani ko‘rinib qolgan edi-ku?

Mehnatkash uchun «Inson huquqlari deklaratsiyasi»ning 23-moddasida qayd etilgan. «Har bir ishlovchi odam o‘zi va oilasi inson sha’niga munosib ravishda yashashini ta’minlovchi halol va qoniqarli taqdirlanish huquqi»ga ega bo‘lishidan ulug‘roq rag‘bat yo‘q. Afsuski, bizda ishchi, mehnatkash bunday huquqqa erishmadi. Siyosiy sharhlovchi S. Kondrashov yozganidek, «Oktyabr inqilobi dunyo oldiga ko‘ygan mehnatkashlarni sotsial muhofaza qilish, ularga meditsina xizmati ko‘rsatish va ta’lim berish, maosh va pensiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish masalalarini rivojlangan kapitalistik davlatlar bizdan ko‘ra yaxshiroq amalga oshirgan».

Shu paytgacha SSSR oziq-ovqat mahsulotlari eng arzon mamlakat deb o‘ylab, o‘ylab emas, faxrlanib kelardik. Sanoat mollari, xo‘jalik buyumlarining sifati pastligidan, yetishmasligidan kuyganimizda «dasturxonimiz to‘kin-ku» deb o‘zimizni ovutar edik. Oshkoralik davri matbuoti bu boradagi ovunishlarimizni ham puchga chiqardi. Ma’lum bo‘lishicha, «Bizda kartoshka GFRdagidan ikki marta, sut va go‘sht AQShdagiga qaraganda uch marta qimmat. Yog‘AQShdagiga nisbatan 10, Yaponiyadagiga nisbatan 5 marta qimmat... Hamma «arzon» deb o‘ylaydigan non Kanada nonlaridan ikki baravar qimmat» («Semya» gazetasi, 1989 yil, 2-son).

Moskva Xalq xo‘jaligi institutining professori taniqli ekonomist R. I. Xasbulatovning e’tirofi juda ko‘p narsani oydinlashtirib berdi. «Marks asosiy asarlarini yozgan davrda kapitalist ishchiga u ishlab chiqarganining 30—40 foizini bergan. Marks, ishlab chiqarilgan qiymatning 50—60 foizi maosh tariqasida berilishini kapitalistik jamiyat uchun ideal deb hisoblangan edi. Tasavvur qilasizmi, hozirgi paytda shved ishchisi o‘zi ishlab chiqarganining 80 foizini oladi! Bizda esa, mening hisob-kitoblarimga ko‘ra 8 foizi ishchiga tegadi» («Parus» jurnali 1988 yil, 11-soni).

Iqtisodchi olimning bu hisob-kitobini Surxondaryoning Qumqo‘rg‘onida yashovchi maktab o‘quvchisi Sh. Isoqov o‘z xatida tasdiqlagandek ko‘rinadi: «Momom Sotsialistik Mehnat Qahramoni, onam Qahramon ona — o‘n bir farzandmiz oilada. Otam sovxoz ishchisi. Yashashga qiynalib ketyapmiz. Kimdan moddiy yordam so‘rasak bo‘ladi»...

Tag‘in o‘z joniga qasd qilganlar gunohini dinga ag‘daramiz, o‘ziga o‘t qo‘ygan qizlarimiz xunini uyalmay-netmay islomdan da’vo qilamiz. Aslida esa mutlaqo teskari — bular islomdan bexabarlik, johillik kasofati ekanini tan olmaymiz. SSSRda birinchi sutsidologiya xizmati (o‘z joniga qasd qilganlarni davolash) markazining tashabbuskori meditsina fanlari doktori Ayna Amburova «Ma’lum bo‘lishicha, turmush mashaqqatlariga, yo‘qchilikka eng sabr-toqatlilar dinga ishonuvchilar ekan. Biz esa uzoq yillargacha ateistik tarbiya vositalarimiz bilan asossiz mag‘rurlanib keldik» deb (1987 yili SSSR bo‘yicha 54105 kishi o‘zini o‘ldirgan) tan olgani ham bugungi oshkoralik siyosatining sharofatidir.

Sovet kishilarining chinakam iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini ko‘rsatuvchi bunday raqamlar bugungi yoshlar mafkurasida murakkab yangilanishlar yasashi tabiiy. Hatto bevosita xalq hayotiga, turmushiga dahldor bo‘lmagan, masalan, turli sportchilarning chet ellarga ketayotgani ham ko‘p sonli ishqibozlarni yangicha fikrlashga, yangi hodisalar zamiriga chuqurroq kirib borishga undamoqda. Komandadan komandaga, shahardan-shaharga ko‘chib yuradigan sportchilar sadoqatsizlikda ayblanar edi. Endi esa biz shu choqqacha fidoyi deb kelgan. taniqli sportchilarimiz turli xorijiy komandalarpa o‘tib ketmoqda. Ana endi, o‘zimizda shakllangan, ma’lum ma’noda qotib qolgan tushunchalarimizdan kelib chiqib ularni qoralamog‘imiz kerakmi? Masalaning mohiyati (boylik, buyum haqida so‘z yuritganlarni meshchandan olib meshchanga solamizu, bu yog‘iga xolis bo‘lmaymiz) yana iqtisodiy ta’minotga borib taqaladi. Misol tariqasida aytsak, Yevropaning mohirlikda eng 1-basketbolchisi deb tan olingan A. Sabonisning oylik maoshi 400 so‘m. Yevropaning 3-o‘yinchisi Petrovichning («Real» Madrid) oylik oladigani esa 42 ming dollar».

Qani, bordiyu, vatanimiz basketbolining yulduzi biron yoqlarga borib o‘ynash taraddudiga tushib qolsa, bu biz ishqibozlarda qanday taassurot qoldirmog‘i kerak?... R. Xasbulatov kuyunib yozganidek, «Nega endi bizning bolalarimiz jin urgur jinsi shimni 100 so‘mga amal-taqal qilib oladiyu, xorijda istalgan o‘g‘il-qiz shu shimni duch kelgan magazindan 5—10 dollarga xarid qilib ketaveradi? Bizning farzandlarimizning ularnikidan qaeri kam?» Yapon magnitofoni, videomagnitofonini-ku, asti qo‘yavering!.. Kundalik ro‘zg‘or buyumlarini, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini aytmaysizmi?.. Ertalabdan xayolda «Falon narsani qaerdan olsam ekan?», «Kimga iltimos qilib borsam ekan?» degan o‘y tinchimizni o‘g‘irlaydi. Kasalga chalinib qolishdan emas, poliklinikaga chiqib shifokorning (shafqat hamshirasining!) qosh-qovog‘iga qarashdan qo‘rqasan, kishi — qorasini ko‘rding deguncha tiling o‘zingdan beso‘roq iltimosni boshlab yuborgan bo‘ladi; Televizor so‘rab iltimos qilamiz, mebel so‘rab iltimos qilamiz; palto, ko‘ylak... shim so‘rab iltimos qilamiz; go‘sht so‘rab, kartoshka so‘rab, qand, sovun so‘rab iltimos qilamiz; kitob so‘rab, jurnal so‘rab iltimos qilamiz...

Darvoqe, 1989 yil uchun obuna mavsumidagi cheklashlardan asab buzilib yurganda bir ombor mudiri, «Bir og‘iz aytmaysanmi, istagan jurnalingga yozdirib beraman» deb qoldi. «Rahmat» deyman unga, minnatdorchilik bildiraman. Muruvvat ko‘rsatish uning uchun oddiy hol, uning stixiyasiga aylangan, hojatbarorlik. Kvitantsiya kelib qo‘limga tegar, lekin men — jamiyatning ishongan ziyolisi kim degan odam bo‘laman?! Ko‘ylak-ishtongacha iltimos bilan olayotganim yetmaganday, gugurt-tuzgacha iltimos qilib olayotganim kamdek, endi o‘zimning gazeta-jurnalimni ham kimdandir iltimos qilib olamanmi?!

Biz so‘rovchilarga, iltimoschilarga aylanib qolganmiz! Uyalmaymiz, insoniy qadr-qimmatimizni oyoq ostiga olib tepkilayotganimizni his qilmaymiz — butun muomala madaniyatimizni, uddaburonligimizni, so‘z san’atimizni, aqlu-idrokimizni nimalarnidir so‘rashga — undirishga isrof qilamiz. Tirik jon sifatida zarur bo‘lgan eng oddiy manfaatlarimiz quliga aylanib qolganimizni yashirmaymiz, bizni — odamlarni shu ko‘yga solgan muhit illatlarini ro‘y-rost ochib tashlashni o‘ylamaymiz!.. Abdulla Oripovning «Mayli o‘tda yongil, mayli suvda cho‘k. Hargiz iltimosga kuning qolmasin!» degan satrlaridan jo‘shib ketmaymiz...

IV

Shaxsga sig‘inish keng omma ruhidagi «har bir individ o‘zicha mustaqil shaxs» degan tuyg‘uni qisib chiqarishi nechog‘li zararli bo‘lmasin, biz buni qanchalik inkor etmaylik, xalq, omma otadek mehrli, otadek talabchan rahnamoga muhtojlik ham sezaveradi. Yana psixologiya atamalari bilan aytsak — kichkina «men» ulg‘ayishi, o‘z maslagida sobit qolishi uchun katta (rahnamo) «men» daldasidan, qo‘llab-quvvatlashidan ma’naviy suyanchiq izlaydi. Har qanday davrda, xususan fikrlar, qarashlar tinimsiz o‘zgarib, yangiliklar ketidan yangiliklar yopirilib kelayotgan hozirgidek paytda odatda xalq dardi, el-yurt orzularini chuqurroq, bevosita his qiluvchi toifa kishilari orasidan rahnamolar yetishib chiqadi. Mashhur tunis shoiri Abdulqosim ash-Shaabbiy (1909—1934) «Tuyg‘ularning uyg‘onishi va uning inson va jamiyatga ta’siri» degan ajoyib maqolasida xalq dardini eng avvalo (hatto xalqning o‘zidan ilgariroq) shoir, so‘ng yozuvchi, so‘ng rassom va hokazo san’at ahli his qilishi haqidagi asosli farazlarni ilgari surgan. Va 25 yoshda vafot etgan bu insonning o‘sha farazlarini dalillovchi misollarni biz o‘zimizda (O. Yoqubov, B. Ahmedov, M.Solih ijtimoiy faolligi) topa olamiz. Xuddi shu nazardan qarasak, O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo turli adolatsizliklarni ko‘ra-bila turib indamasak, hayqirmasak «Bizning yozuvchiligimiz, xalqqa xizmatkorligimiz qayoqda qoladi?» degan da’vatida biz hech qanday g‘ayritabiiylik ko‘rmaymiz, shoirning dard-nolasini to‘g‘ri tushunamiz. Shuning barobarida shoirning (u kishi nohaq qamalgan kezlari) «Kitobxonlar, tanish yoru birodarlarni qo‘ya beraylik, o‘z tug‘ishgan qarindosh-urug‘larim yot, begona bo‘lib qolishdi. Uyda ikki bolasi, qornida homilasi bilan qolgan xotinimning holidan biror kishi xabar oldimi? Yoki biror qarindoshim meni yo‘qlab, qamoq eshigiga kelib, ikkita non kiritdimi? Xo‘sh, nega? Qani aytinglarchi, nega? Bu mehrsizliklarning sababi nimada? Qaerdan paydo bo‘ldi? Sababchisi kim? Menga shu savollar hamon tinchlik bermaydi» degan alamli hasratidan ham yuragi eziladi kishining, ham... andek tushunmovchiliq tug‘iladi. Daho adib Frants Kafka do‘sti Maks Brodga nima sababdan «yozganlarimni yoqib yubor» deb vasiyat qilganini, negaki Kafka odam odamlar boshiga aql bovar qilmas kulfatlar solishi mumkinligini, ya’ni inson eng yovuz tubanliklarga qodirligini nihoyatda chuqur his qilgani va undan xalos bo‘lishning birdan-bir chorasi yolg‘izlik, tanholik ekanini (har kim o‘z taqdiri, kulfati oldida yolg‘iz!) o‘z asarlarida bashorat qilgani va qazo vaqti yaqinlashgach, o‘zidan keyin yashaydigan odamlar bu achchiq haqiqatdan voqif bo‘lmasynlar, degan andisha va hadikda boyagi vasiyatni qoldirganini eslaymiz.

Shoir o‘z qalbining oltin mevalarini xalqqa hadya etgani sayin uning o‘zi, shaxsi yolg‘izlanib qolishidek achchiq haqiqatni eslaymiz. Shoir o‘z tuyg‘ulari, ehtiroslari-la, oddiy, jaydari odamlardan o‘zgacharoq (sverxchelovek), o‘z yolg‘izligi bilan buyukroq, ustivorroq ekanini yodga olamiz. Ammo o‘z baxti uchun jonini fido qilayotgan shaxsni himoya qila olmagani («Qachon xalq bo‘lasan, ey, sen olamon») uchun ham shoirning, fidoyining yolg‘izligi yuksak, ham beminnat yolg‘izlikdir. Bu falsafani tushungan kishilarga, «sadag‘ang ketay» deymiz. Va... hozirgi kunda ana shunday qudratli rahnamo «men» o‘zligini to‘la namoyon etmayotganidan afsuslanamiz. Chunonchi, akademik E. Yusupov «Qush parvoz etishi uchun mag‘rur bo‘lmog‘i kerak» maqolasining o‘zi bilanoq el og‘ziga tushdi, olim siymosida yana bir rahnamo, otaxon «men» paydo bo‘ldi, biroq u kishining keyingi chiqishlarida mazkur maqoladagi fikrlaridan qaytishi rahnamo «men»i hali to‘la, pishiq-puxta mustahkam qal’aga aylanmaganini ko‘rsatdi. Keng omma qalbida uyg‘ona boshlangan iliqlik «men» qal’asiga sovuq shabada bo‘lib urildi...

Sotsialistik Mehnat Qahramonlari, jumhuriyatda mashhur ikki kolxoz raislari Miraziz Ro‘zmatov va Mahmud Ismatovning jumhuriyat paxtakorlariga Ochiq xati ham nufuzli rahnamo «men» ko‘payayotganiga misol bo‘la oladi. Xususan M. Ismatovning «Axir bolalarimiz biz bilan birga yashab, paxta ichida o‘ssa-da, lekin uni qanday yetishtirishni bilishmasa? Bunisi qanday bo‘ladi? Xo‘sh, bizning ishimizni kimlar davom ettiradi?» deb tashvishlanishi o‘rinli. Chindan ham bolalarni qishloq xo‘jaligi ishlaridan mutlaqo ozod qilish ularni mehnatdan mahrum qiling kampaniyasiga aylanib ketmasligi kerak. Ochiq xatdagi «Paxtakorlar ham turli farmoyishlar, ko‘rsatmalardan qattiq charchagan edilar. Axir, qachongacha yerni shudgorlash uchun yuqoridan buyruq kutamiz, chigit ekish muddatini nega endi poytaxtdagi shinam kabinetda o‘tirgan qaysidir amaldor belgilaydi? Bularning hammasi — dehqonning ishi» (Qishloq haqiqati» 1988 yil 6 dekabr) degan gaplardan qanchalik ruhlansak «Asosiy yo‘nalishlar loyihasini muhokama etish chog‘ida paxta yetishtirishni 6 million 250 ming tonnaga qadar yetkazish ko‘zda tutilgan edi. Markazga qilingan murojaatlardan keyin plan 5 million 750 ming tonnaga tushirildi. 1987 yilda planni yana 750 ming tonna kamaytirish to‘g‘risida yangi taklif o‘rtaga qo‘yildi. Ammo plan faqat 500 ming tonna kamaytirildi» («Sovet O‘zbekistoni» 1989 yil 24 yanvar) degan so‘zlardan shunchalik ajablanamiz. Axir plan, imkoniyat pastdan, dehqonning o‘zi tomonidan («Bularning hammasi — dehqonning ishi») belgilanmog‘i kerak bo‘lgani holda planni reallashtirish uchun yana markazga murojaat qilishni qanday tushunmoq kerak?..

Shu o‘rinda Ochiq xat mualliflariga e’tiroz ham yo‘q emas. Hamonki, otaxon rahnamo «men» sifatida murojaat qilinayotgan ekan, xalqni paxtakor bo‘lishga chaqirish bilan bir vaqtda ularni ma’rifatga, ziyoga, turmush darajasini hozirgidan behad oshirishga da’vat etsalar nur ustiga nur bo‘lur edi. Ayrim joylarda farzandlarimizni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etishni cheklashga erishganimiz biz kattalarning kelajak oldidagi muqaddas vazifalarimizning yuzdan, boringki mingdan biri ekanini, binobarin o‘g‘il-qizlarimizni hali juda ko‘p o‘qitishimiz, ularning qalbini yuksak ma’rifat shu’lalari bilan nurafshon etish borasida bo‘g‘zimizgacha qarzga botib yotganimizni bot-bot takrorlasalar, behad ulug‘ va savob ish qilgan bo‘lur edilar. Afsuski, «butun umrimiz paxtazorda o‘tmoqda» deb e’tirof etgan otaxon raislarimizdan bunday da’vat kutish nojoizdir, xoynahoy...

Yoshlar mafkurasini, dunyoqarashini shakllantiruvchi eng ta’sirchan vosita — muzika, kino, badiiy asardir. Butun dunyoda kuzatilayotgan mutolaadan bezish kasalligi jadvali tuzilgudek bo‘lsa jumhuriyatimiz yuqori o‘rinlardan birini egallashiga shubha yo‘q. O‘rta maktablarda, hunar-texnika bilim yurtlarida texnikumlarda yoshlar bilan uchrashamiz, deyarli har kuni yoshlardan («Yosh kuch» jurnaliga) kelgan o‘nlab xatlarni o‘qiymiz. Uchrashuvlarda ham, adabiyot mavzuida bitilgan maktublarda ham katta va jiddiy adabiyot xususida ikki og‘iz salmoqli mulohaza bildirgan bironta yigit yo qiz maktubi uchramaydi.

Chet el, sovet, o‘zbek estradasi ijrochilari haqida maqola berilishini so‘rab yozilgan xatlar tog‘-tog‘ bo‘lib yotibdi redaktsiya stollarida. Birgina «Modern Toking» ansambliga munosabat bildirilgan 1300 dan ortiq xat olindi, olinmoqda. Uning 500 dan ko‘prog‘ida e’lon qilingan maqola takror bosilishi so‘ralgan. Amitabx Bachchan haqidagi maqola chiqqach 500 dan ortiq maktub oldik, uning 200 tachasining mallifi... yana shu aktyor haqida maqola chiqarilishini so‘rab xat jo‘nattan. Jahon kinosan’atining gultojilaridan bo‘lmish yapon filmlari, mashhur kinorejissyor Tosiro Mifune haqidagi maqola qariyb birorta jurnalxonni qiziqtirmaydi. «King-Kong» yoki «Disko raqqosi»ni sakkiz martadan ko‘rgan andijonlik o‘smir Tengiz Abuladze, Andrey Tarkovskiy fylmlariga, Nizom Mahmudovning «Kosmogoniya» hujjatli filmiga qiziqqanini, jilla qursa «ularni ko‘rdim, lekin tushunmadim» deb yozganini bilmayman. Yoki bo‘lmasa eldan burun ancha shov-shuv ko‘tarilgan, lekin hujjatli film sifatida, ijodiy asar sifatida nihoyatda zaif-nochor ishlangan «To‘xtatilgan vaqt tadriji» filmi xususida lom-mim degan yosh ko‘rinmadi.

Italiyalik Sabrina, amerikalik Djeksonning suratini so‘rab ustma-ust xat yo‘llayotgan surxondaryolik singlimiz Turg‘un Alimatov yoki Abduhoshim Ismoilovni xayoliga ham keltirmaydi.

Keyingi paytda bunday hol keskin kuchayganining asosan ikki katta sababi bor: biri — o‘g‘il-qizlarimiz ertalab uyqusi o‘chmasdan shovqin-suronli, yengil-elpi (120 minutli) muzikali programma bilan «yuvmoqda», betini. Ikkinchisi — videotexnika imkoniyatlaridan mutlaqo g‘ayriaxloqiy tashviqot yurgizilmoqda.

G‘arb estradasining kishini jazavaga solib, tafakkurini qaqshatib qo‘yadigan ohanglari quloqlarimizni qoqib qo‘limizga berayotganiga mutlaqo qarshi emasman (tavbalar bo‘lsinkim, o‘shalar ham kerak-da!). Lekin milliy soz va ohanglar tarbiyasiga, tashviqotiga ham fursat ajratish zarurku, axir?

Teleko‘rsatuvlardan birida, «Diskotekalar qishloq yoshlarining mazmunli hordiq chiqaradigan tarbiya o‘choqlariga aylanmoqda» degan gap aytildi. Uni eshitib yoqa ushlaysan kishi! Diskotekada qanaqa mazmunli hordiq chiqariladi? Yoki bo‘lmasa qanday tarbiya o‘chog‘i diskoteka? Kirish pattasi 2—5 so‘m turadigan, tun bo‘yi yarim qorong‘i, yo‘q yerdagi filmlar ko‘rsatilayotgan, muzikalar chalinayotgan zalda ko‘r ehtiroslar izmidagi yigit-qiz tong ottirgan joyni «tarbiya o‘chog‘i» deyishga qanaqasiga til boradi?! Qachondan beri o‘zbek yoshlari uchun diskoteka yo videobar tarbiya maskani bo‘lib qoldi, axir?!

Hayotning eng chirkin lavhalari badiiy film sifatida ekranlardan keng o‘rin olayotgani ham oshkoralik sharofati. «Kichkina Vera», «Mening nsmim Arlekino», «Qonundagi o‘g‘rilar», o‘zimizning «Bo‘rilar» va hokazo. Boshqa shaharlarda bilmadimu, Toshkentda bu filmlar faqat kattalar uchun sharti bilan dastlab «San’at saroyi»da katta shov-shuv bilan namoyish etildi. Matbuot mazkur kartinalarning sovet kinosida yangilik ekanini takrorlab millionlab yoshlarning qiziqishini orttirgandan orttiraverdi. Shu tariqa qiziqish, intilish obdon tarang tortilib turdi-da, «ol, ana ko‘rganingcha ko‘raver» qabilida ish tutilib, filmlar barcha kinoteatrlarda ko‘rsatila boshlandi.

Odamning boshi qotib qoladi... Bu kartinalar nimalarni tashviqot qilyapti? Jamiyatimiz shunday bo‘lib qoldi deb bong uryaptimi ular? Qizlarimiz Veradek tubanlashib uning oilasidek hayvonlashib (rus tilida «ozverenie» degan ma’nosi ham bor film nomining) ketdi yo ketadi deyilmoqchimi? Ehtimol qaerlarda bo‘lsa bordir bunday oilalar, bunday qizlar, qaerlardadir bordir minglab Arlekinolarni voyaga yetkazayotgan (Vera va Arlekino shaxsini poymol etgan, insoniy nafsoniyatini toptagan muhit chirkinligi, tubanligi yaxshi ifodasini topgan) shunday muhitlar, lekin ularning o‘zbek oilalariga, o‘zbek yoshlari tarbiyasiga qanchalik dahliyu nafi bor? Ehtimol, «hushyor bo‘lmasanglar sizlar ham shunday bo‘lib ketasizlar» deyilmoqchidir? U holda, rahmat, lekin qanday bo‘lmaslik emas, qanday bo‘lishning go‘zal namunalari namoyish etilgani afzalmasmi sog‘lom tarbiya uchun?!

Biz milliy an’anaga oid odatlarni zararli aqidalarga chiqarib nimaiki yangi bo‘lsa ikki qo‘llab qabul qilishga o‘rganib qolganmiz (bu ham «men» poydevoriga zimdan putur yetayotganiga yorqin misol bo‘la oladi). Qizlarning go‘zallik konkursi ham ana shunday bo‘ldi. Uning yangilik sarqiti ekaniga e’tibor berilmadi. Men «sarqit» deganda sof milliy axloq mafkurasidan baholayapman bu yangilikni. Yaqin-yaqin-gacha xorijda o‘tkazilgan bunday konkurslar sovet matbuotida istehzo bilan eslanar edi. Oshqoralik bo‘ldiyu, «Moskva go‘zali», «Tallin go‘zali» degan gaplar chiqib qoldi. Va bunday qarasak «Men Toshkent go‘zaliman» deb o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga hoziru nozir qizlar ham topilib qolyapti! Vo ajabo, hazrat Navoiy nigohi bilan qaranglar u qizlarimizga. Mavlono Qodiriy ko‘zi bilan tamosho qilinglar o‘sha sahnani!.. Nima, «Toshkentda inqilob qachon g‘alaba qozongan?» yoki bo‘lmasa «Pushkinning qaysi she’rini yoddan ayta olasiz?» degan savolga javob olish uchun qizlarni qip-yalang‘och qilib yechintirib qo‘yishimiz shartmi? Yo egnida libosi bo‘lsa bilganini yutib yuboradimi, uyaladimi, kiyinib sahnaga chiqishga ular?

Takror aytay: bunday urflar kimlar uchundir go‘zallik o‘lchovi bo‘lsa bordir — qandini ursin o‘shalar! — Lekin biz uni ko‘r-ko‘rona qabul qilolmaymiz. Biz qizlarimizni bunaqangi go‘zallikdan asramog‘imiz darkor.

Oshkoralik, demokratiya, jamiyatimizda ulug‘ o‘zgarishlarni boshladi. M. S. Gorbachev Kievda bo‘lgan paytida ta’kidlaganidek, mamlakatimizda qayta qurish, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, biroq bunday ko‘tarilish bevosita hayotda, turmushda o‘z ifodasini topmog‘i uchun va yanada rivojlanmog‘i uchun hayotbaxsh evrilishlar, har bir shaxs «men»ida — tafakkurida, ongida, idrokida yuz bermog‘i lozim. Negaki odamlar, xususan yosh avlod «men»i o‘zgarmay turib jamiyat gullab-yashnamaydi. Fuqarosi o‘z qadr-qimmatini tanigan taqdirdagina yurtning qadr-qimmati baland bo‘ladi, mustahkamlanadi. Hozirgidek dolg‘ali — revolyutsion davrda qarama-qarshi qarashlar, mulohazalar shamollari orasida o‘zligimizni yo‘qotib qo‘ymasligimiz uchun botiniy qal’amiz — «men»imizni mustahkamlaydigan zarurni nozarurdan, xudni behudadan, kerakni nokerakdan ajrata bilmog‘imiz kerak.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 12 aprel.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.