Shaxsga sig‘inish balosi insoniyat tarixida abadiy muhrlanib qoladigan qora dog‘ bo‘ldi. Qo‘rquv saltanati sog‘lom kishini nogiron, osoyishta odamni bezovta, bulbuligo‘yoni gung qilgan edi. 30-yillarning mudhish fojialari “baxtli sovet xalqi”ga uzoq yillar mutlaqo oshkor etilmadi. Faqat mustaqillik zamoniga kelib, O‘zbekiston osmonidagi bahaybat qora bulutlar ketgandan so‘nggina o‘sha mash’um hodisalar xususida yurak yutib gapirish, yozish imkoni tug‘ildi. Hujjatgohlar tilga kirdi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, “millatlar turmasi” sanalgan sobiq ittifoq hududidan tashqarida, garchi jismi tutqunlikda bo‘lsa-da, ruhi nisbatan erkin kishilar o‘zlari guvoh bo‘lgan o‘sha voqealar to‘g‘risida ba’zi xotiralarni ham yozgan edi.
Ikkinchi jahon urushi vaqtida “Milliy adabiyot” jurnali bilan hamkorlik qilgan Abdulla Matyoqubov ismli ijodkorning hukmingizga taqdim qilinayotgan “So‘nggi kecha” voqeiy hikoyasi o‘sha qoralama — xotiralardan biridir.
Urush yillari Berlinda nashr etilgan “Milliy adabiyot” majmuasida M.R., Ravshan, A.M. kabi imzolar bilan qatnashgan Abdulla Matyoqubov “So‘nggi kecha”da ustozi Abdulhamid Majidiyning NKVD xodimlari tomonidan qanday olib ketilganligi xususida so‘zlaydi.
Abdulhamid Majidiy (1902—1939) 20-yillari Samarqand adabiy-ilmiy muhitida faol qatnashgan. Shu muhitda tarbiya topgan Majidiy “Abutanbal” taxallusi bilan ham bir qator hajviy asarlar yozgan. U 30-yillari Xorazmdagi okrug davlat teatri tashkil topishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shadi. Ayni chog‘da, Xorazm yosh ijodkorlari bilan ishlaydi. Fikrimizcha, Abdulla Matyoqubov Abdulhamid Majidiy bilan ana shu yillari tanishgan, unga shogird tushgan.
Garchand yangi hukumatga, qizillar matbuoti va madaniyatiga yurak-yurakdan xizmat qilgan bo‘lsa-da, qattol jamiyat Majidiyning bu xizmatlarini inobatga olmadi. “Aybdor”lar, “gunohkor”lar qatorida qatl etishga ko‘rsatma beradi. Gunohsiz bir inson shu zaylda siyosat qurboni bo‘ldi. 30-yillar oxiridagi ana shu mudhish qatag‘on-qirg‘in avjiga chiqqan davr manzarasi ushbu voqeiy hikoyada o‘zining haqqoniy ifodasini topgan.
SO'NGGI KECHA
17 yanvar kechasi men besh yashar qizim bilan uyda yolg‘iz qoldim. Dilbarning opasi xizmatchi xotin bilan birga ot o‘yiniga ketgan edi.
U o‘ta sho‘x edi. Bo‘ynimga minib olganini sezmay qolar edim men. U bo‘ynimga minib olgandan so‘ng ingichka qo‘llari bilan sochlarimdan ushlab, “tuya-tuya” qilar, uning aytganini qilmay, tushirib qo‘ysam, hech bir so‘zlashmasdan bir burchakka borib yig‘lar edi. Men uning yoniga borib ahvol so‘rasam, yupatmoqqa tirishsam, o‘zicha sira anglab bo‘lmayturgan bir tovush bilan so‘zlanar edi.
— Qizim, nima deyapsan, tushuntirib so‘yla! — der edim men.
— Nigorning dadasi yaxshi, har kun, har kun “tuya-tuya” qiladi! — der edi u.
— Nigor dadasining aytganini qiladi, aqlli qiz. Sen ham mening aytganimni qilsang “tuya-tuya” qilaman. Qani ayt, qilasanmi, ayt! — dedim.
Dilbarning yuzida quvonch paydo bo‘ldi:
— Qilaman, dada, ayting! — deganicha bo‘ynimga osilib, meni qayta-qayta o‘pti (suydi). Men uni ko‘tarib olib, ichkari uyga kiritdim. Patifonni qo‘yib “o‘yna” dedim. U ham “Xo‘p, dada!” deb o‘yinga tushdi.
U juda ham kelishtirib, ba’zan qiziqchilik qilib, boshini tebratib, qoshlarini chimirib, meni kuldira-kuldira birdan qulay fursat topib, xuddi chaqqon maymun bolalaridek bo‘ynimga minib olib, “tuya-tuya” deganicha oyoqlari bilan tepsinib, “hayt-hayt” der edi. Men bo‘lsam, uy ichida tuyadek lo‘killab, u yoq-bu yoqqa chopar edim.
Shu payt eshikdan kimdir kelib qoldi. Darrov yelkamdan Dilbarni tushirib, tashqi uyga chiqdim. Qarasam, Abdulhamid Majidiyning xizmatchisi ekan. U meni ko‘rishi bilan bir xatni berib, javob yozib berishimni ruschalab so‘radi. Men xatni o‘qib bo‘lib, xatga boshqa bir qog‘oz orqali javob berib jo‘natdim.
Bu vaqt kechki soat o‘n bir yarim edi. Xatda Majidiy meni oilam bilan uyiga taklif qilgan. Kelishimni ta’kidlab so‘rabdi.
— Dada, — dedi Dilbar, — qaerga borasiz?
— Nigorlarnikiga. Opangga xat yozib qoldiramiz. Uning o‘zi borar! — dedim. “Men ham boraman, dada”.
Men uni kiyintirdim. O‘rtog‘imga xat qoldirib, tashqariga chiqdik. Issiq uydan chiqish bilan izg‘irin shamol aralash achchiq sovuq yuzga urildi. Biz yugurib borib tramvayga mindik.
Biz tungi bir yarimgacha hangomalashib o‘tirdik. Ichimlik ham haddan ortiq, ozg‘in, chakka suyaklari bo‘rtib chiqib turgan, ojizgina Majidiy, bu safar hech ham qizarmadi. Avvallarda ikki ryumka ichish bilan tulumdek qizarib, har xil qiziq-qiziq hikoya, ertaklar, hikmatli so‘zlar va afandilar so‘zlab bera turgan kishi bugun qovog‘i solingan, rangi o‘chgan va zamonning bevafoligidan yongan qiyofada edi.
O‘rtog‘im bilan Majidiyning o‘rtog‘i Sharifaxon Xiva somsasi pishirish uchun chiqib ketganda Majidiy menga bir so‘zni qochirim qilib qo‘ydi:
— Ravshan! — dedi u, — shu kunlarda menda tinchlik yo‘q. Xavotir ichidaman!
Men unga dunyoning qayg‘ulari haqida kamroq o‘ylashni tavsiya qildim. U bo‘lsa, qo‘l siltab, menga zarda qilgandek boqdi:
— Ana! — dedi u qo‘li bilan uyning to‘rida qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirgan Nigor bilan Dilbarni ko‘rsatib, — ular dunyo haqida g‘am yemasa haqli. Chunki ular go‘dakchalar. Biz-chi? Ota bo‘lgan kishilarmiz, ota bo‘lgan kishilar!
U mening ustozim edi. 1930 yilda uni adabiy ishdan chetlashtirdilar. Poytaxtdan uzoq Xorazmga surgun qilgandek qilib haydadilar.
U Xorazmda bir qancha vaqtlarga qadar ishsiz yurdi. Keyin ko‘p qiyinchiliklar bilan Xorazm viloyat teatrini tashkil qilib, unda adabiy qism boshlig‘i bo‘lib ishga tutindi. Ana shu vaqtlarda men endigina gazetada ishlay boshlagan, mayda-chuyda adabiy narsalar yozishga kirishgan edim. “Abutanbal” va A.Majidiy deb mashhur ot chiqazgan bu yozuvchining qalami Xorazm gazetalari betlarida va teatrda mashhur bo‘lib ketdi. Men uning bilan tanishib olgandan keyin uni viloyat gazetasiga ishga joylashtirishga sababchi bo‘ldim. Shundan so‘ng u menga to so‘nggi kunlargacha o‘z yordamini ayamadi. Hatto bir qancha katta asarlarimni uning o‘zi tahrir etib, kamchiliklarimni ko‘rsatib berib, asarlarimning silliq — kuchli chiquviga sababchi bo‘ldi. U asarda adabiy nuqtadan nuqson bo‘luvini sira ko‘ra bilmas, adabiy nodonliqqa qarshi marhamatsiz kurashar edi. 1926 yilda bo‘lsa kerak, uning “Xandon lolalar” degan she’rlar to‘plami bosilib chiqqan edi. U bu to‘plamda o‘zining millatchilik qarashlarini ochiqcha yozgan. Va shu sababdan Xorazmga haydalgan!
Men bu voqealarni xayolimdan o‘tkazib oldim. Xiva somsasi keltirildi. Tag‘in ichdik. Suhbat qizidi... Soat ikkidan 20 minut o‘tganda men ketish uchun ruxsat so‘radim. Abdulhamid ruxsat bermadi. U shunda bu kun qolib ketuvimizni taklif etdi. Uning so‘zini o‘ldirishni men istamas edim. Xotinlar ichkarigi uyda, biz bo‘lsak tashqarigi uyda yotdik.
Endi shirin uyquga ketganimizda, eshik qoqilib qoldi. Qarasak, bitta milisiya va NKVD xodimi kelib turibdi. Majidiy avvalo biroz oqarindi. Keyin o‘zini bosib ola bildi. Men ne qilarimni bimay, hayron bo‘lib turar edim.
— Siz kim bo‘lasiz? — dedi menga qarab NKVD xodimi.
Men dadillik bilan javob qaytardim:
— Men bu kishining birodariman. Kecha oila a’zolarim bilan mehmon bo‘lib kelgan edim!
— Qaerda ishlaysiz? Hujjatlaringizni ko‘rsating!
Men hujjatimni ko‘rsatdim. Shundan so‘ng mening ishtirokimda kelgan kishi uyni tintuvga kirishdi. Uy shunday tintildiki, qaralmagan ne shkaf, ne orja — sandiq, ne yostiq, ne karavat taglari qoldi! Ikki soatga cho‘zilgan tintuvdan so‘ng bitta qo‘lyozma asar chiqdi. Bu bir qancha shahar teatrlarida zo‘r yutuq qozongan “Otsiz” nomli piesa edi. Bu qo‘lyozmaning bir chekkasiga bir necha yil ilgari: “Akmal Ikromovga! Shu asarni sahnalashtiruvga (o‘ynatuvga) ko‘mak eting!” deb yozilgan ekan. Bu so‘z yozilgan choqda A.Ikromov firqa qo‘mitasining bosh sarkotibi bo‘lgan. Bu yozuvchining “aksilinqilobchilar” bilan yaqin munosabatda, aloqada bo‘lganini ko‘rsatuvchi katta (?) hujjat! Ikkinchi hujjat topilmadi. U A.Majidiyning 1919-1921 yillarda Istanbulga borib chet elda o‘qigani haqidagi guvohnoma edi.
— Siz qamoqqa olindingiz! Aybingizni shu yoqda e’lon qilamiz. Ko‘rpacha, pul-mul olingiz, zarar qilmas!
Nigor uni olib chiqayotganda uzala yotib, oyoq chalib yig‘lab, Dilbar bo‘lsa milisiyaga qarab, xo‘mraygancha turar edi.
Men ustozimning ko‘ziga boqdim. U menga boqdi. Buni sezib qolgan chekist:
— Xayrlashinglar, balkim qaytib ko‘rishmak nasib bo‘lmas! — dedi. Bu so‘zni eshitgandan so‘ng Sharifaxon bilan mening o‘rtog‘im ham, opasiga ergashib qizim Dilbar ham yig‘lab yubordi.
Majidiyning o‘tli ko‘zlari chekistga tashlandi:
— Ey bag‘ritosh odam! Ne uchun iljayasan?! Bu yig‘i senga rohatmi bag‘ishlaydi?
U shu so‘zlarnigina ayta oldi. Chekist unga so‘zlov uchun imkon bermadi. Oldiga solib olib chiqib ketdi. Uy ichi motamga aylandi.
— Nigor, endi bizlarnikiga yur, dadangni milisiya olib ketdi. Mening dadam seni ham, meni ham “tuya-tuya” qiladi! — dedi Dilbar. U bu so‘zni Nigorni tindirish niyatida aytgan edi. Ammo u bu bilan tinmadi.
Bu so‘nggi kecha meni ustozimdan ajratdi. Ertasi kitob magaziniga borsam, uning yangigina bosilib chiqqan “Qaldirg‘och”, “Hangoma” degan asarlari sotishdan to‘xtatilibdi. Bosilayotgan devoni, hajviy hikoyalari to‘plami ham bosuvdan to‘xtatilibdi.
Mana, xalq ichindan chiqqan bitta yozuvchi nima uchun yo‘q qilinib yuborildi. Odamni har narsadan “qimmat” sanayturgan Stalin zamoninda intelligentga nisbatan tutilgan yo‘l mana qanday!!!
Berlin. “Milliy adabiyot” jurnali 1943 yil, 1-son.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 30-sonidan olindi.