Buyuk allomalarning ilmiy merosi bora-bora xalqning aziz mulkiga aylanib qoladi. Sharq xalqlarining ilmiy-adabiy, tarixiy va siyosiy qarashlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan 1943 yilda tashkil etilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti bamisoli xazinalar koni. Bu ilm dargohida saqlanayotgan qadimiy davrning avtograf asarlari nodir nusxalar bo‘lish bilan birgalikda o‘zining salmog‘i va ilmiy qimmati jihatidan jahonda ma’lum bo‘lgan Sharq qo‘lyozmalaridan qolishmaydi.
Shular jumlasidan institutda tarix, falsafa, til va adabiyot kabi fanlarga doir ko‘plab noyob asarlar saqlanadi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida 74324 nusxa qo‘lyozma hamda bosma asar bor. Shundan 42736 tasi bosma asar.
Nusxalarning 20000 dan ziyod qismi maxsus fondda saqlanadi. Ular qadimgi sharq mutafakkirlari tomonidan yozilib chop qilingan noyob nusxalardir. Bu asarlar sharq mamlakatlarining 32 shaharida 240 matbaada bosilgan. Masalan, Alisher Navoiyning 31 ta asari 60 marta, «G‘aroyib us-sig‘ar» asari esa birgina Toshkentning o‘zida 35 marta chop etilgan.
Institutda saqlanayotgan asarlar tarix, adabiyot, falsafa, astronomiya, til kabi fanlarga oid tarmoqlarga bo‘linadi. Chunonchi, ulardan 4428 tasi adabiyot, 1983 tasi falsafa, 2021 tasi tarix va geografiya, 479 tasi tib va hibzisihat, 526 tasi fanniy, 3883 tasi diniy asarlardir.
Mazkur kitoblar fors, turkiy, tatar, boshqird, ozarbayjon, dog‘iston, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpok, turkman, uyg‘ur, oltoy, mo‘g‘il, qo‘miq, rum, qipchoq, o‘g‘uz, urdu, pushtu, major va boshqa sharq xalqlarining yigirma olti tilida yozilgan.
Bular orasida mo‘g‘il tilida «Mo‘g‘ul din kitobi», o‘g‘uz tilida «Kitobi Dada Qo‘rqut», qo‘miq tilida «Bo‘z yigit», uyg‘ur tilida «Taranchilar tarixi», java tilida «Burnumotir», qoraqalpoq tilida «Edika» nomli asarlar bor.
Katalogda ko‘rsatilishicha, bu asarlar inqilobdan ilgari turli mamlakatlarga qarashli 32 shaharda nashr bo‘lgan.
Bu yerda mavjud o‘zbek tilidagi kitoblar esa Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Qo‘qon, Namangan, Marg‘ilon, Xiva, Qoshg‘ar, Istambul, Qozon, Boku, Moskva, Leningrad, Parij va Hindistonda nashr etilgandir.
Xorazm xoni Abulg‘ozi Bahodirxonning (1603-1664) O‘rta Osiyo tarixi haqida hikoya qiluvchi «Shajarai turk» nomli asari Qozon shahrida imperator universiteti tarafidan 1824 yil o‘zbek tilida nashr etilgan birinchi bosma asar hisoblanadi.
Undan keyin Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Tarixi muluki ajam» asarlari bir muqovada Parijda bosilgan. Shu yilning o‘zida Alining «Yusuf va Zulayho» nomli asari ham Qozon shahrida 1841 yilda chop etilgan. Institutda qo‘lyozma asarlarni o‘rganish va katalogini nashr qilish bilan birga bu yerda saqlanayotgan bosma asarlarning ham katalogini tuzib, ilmiy asosda nashrga tayyorlab yuzaga chiqarish maqsadida maxsus bo‘lim ochildi. Bu muhim ish faqat sharqshunoslarninggina emas, balki fan tarixi bilan shug‘ullanuvchi barcha olimlarni qiziqtirishi tabiiy.
Institutda saqlanayotgan qadimiy bosma asarlardan «Jihonnumo» bundan ikki yuz ellik yil avval 1732 yilda Istambul shahrida ochilgan matbaada chop etilgan.
«Tuhfat ul-olam» asarining Hindistonda bosilgan nusxasiga ham bir yuz sakson bir yil bo‘lgan. «Muhammadiya» nomli asarning esa bir yuz sakson olti yil muqaddam nashr etilgan musxasi bor.
O‘zbekistonda kitob nashr qilish ishi XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan. Toshkentda dastlabki matbaa 1867 yilda ochilib, 1868 yili unda rus olimi va sayyohi N. A. Severtsovning «Tog‘ o‘lkasi to‘g‘risidagi xotiralar» nomli asari rus tilida bosilgan. Bu matbaa Turkiston Harbiy okrugi shtabining bosmaxonasi edi. Unda 1871 yilda arab harfi bilan ilk bor o‘zbek tilida besh yuz nusxada Shohimardon Ibrohimovning o‘sha yil uchun tuzgan kalendari chop qilingan. Bu kalendar hozircha topilgani yo‘q. U 1872 yilda ikkinchi marta besh yuz nusxada nashr bo‘lgan. O‘sha nashrning bir nusxasi Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasida saqlanadi.
Toshkentda Turkiston harbiy okrugi matbaasidan keyin 1876 yilda Petuxov matbaasi, 1887 yilda Laxtin matbaasi ochilgan. Laxtin matbaasida 1881 yilda bosilgan «Fikhi kaydoniy» va «Chahor kitob» hamda 1883 yilda chop etilgan «Farziy ayn» nomli asarlar qadimiy nashrlardan hisoblanib kelinadi.
Xiva shahrida 1874 yilda litografiya-toshbosma vujudga keltirilgan. Shu matbaada 1880 yilda Navoiyning «Xamsa»si, Rojiy va Munislarning devoni nashr qilingan. Nemis tilida yozilgan bir maqolada Munis devonining bir nusxasi Germaniyada saqlanadi degan ma’lumot keltiriladi. «Xamsa» bilan Munis devonining o‘sha nusxasidan biri institutda ham bor. Shunisi muhimki, Munis devonining 1813 yilda ijodkorning o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan asl qo‘lyozma nusxasi institutda 11194 raqam bilan saqlanmoqda.
1920 yil Xorazm inqilobigacha Xiva shahrida faqat 43 nomdagina kitob nashr bo‘lgan. Oktyabr inqilobigacha hozirgi O‘zbekiston zaminida yigirma oltita matbaa bo‘lgan. Chunonchi Toshkentda o‘n to‘rtta. Buxoroda beshta, Qo‘qonda to‘rtta, Marg‘ilon, Namangan va Xivada bittadan matbaa bo‘lib kelgan.
Alohida qimmatga ega bo‘lgan nodir kitoblarning institut fondida saqlanayotgan nusxalaridan biri Abu Rayhon Beruniyning «Mashohiri Xorazm» nomli asari bo‘lib, u Xorazmning X asrdagi siyosiy-ijtimoiy tarixiga oid nodir ma’lumotlarga ega. Uning asl nusxasi yo‘qolgan. Kitobning bir qismigina fors tiliga tarjima qilinib, Bayhaqiy «Tarixi»ning oxiriga muallif tomonidan bir munosabat bilan qayd qilingan, u 28 betdan iborat.
Shuningdek, institutda saqlanayotgan Fazlullo Ro‘zbehoning 1509 yilda Hirotda fors tilida yozilgan «Mehmonnomai Buxoro» asari ham o‘zbek xalqi tarixini o‘rganish uchun asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Uning Tehron nashri 403 bet.
Abu Rayhon Beruniyning «Osori al-boqiya», Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Ibn Arabshohning «Ajoyib al-maqdur», Rashidiyning «Jomi ut-tavorix», Muhammad Solihning «Shayboniynoma», Bobirning «Bobirnoma», Abu Tohir Samarqandiyning «Samariya», Forobiyning «Oroy ahli Madina» singari asarlari ham institut fondini boyitib turibdi.
Geografiya va sayohatnomaga oid asarlardan biri — muallifi noma’lum «Xudud ul-olam» mamlakatlarning iqlimi, tabiati, xalqlari, urf-odatlari haqida ma’lumot beradi. U fors tilida yozilgan.
XIV asrda arab sayyohi Ibn Battutaning sharq mamlakatlari bo‘ylab 25 yil qilgan sayohati, jumladan O‘rta Osiyoga (Xorazm, Buxoro, Samarqand, Termiz) qilgan safari munosabati bilan yozilgan «Tuhfat un-nuzzor» asarida tarixiy, geografik dalillar bilan birgalikda turli xalqlarning urf-odatlari, obodonchiligi va olimlar bilan qilgan suhbatlari xususida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
«Hindiston sayohatnomasi» Sayidalixonning Hindistonga qilgan o‘n yillik safari taassurotlari asosida yozilgan. Turkiy tilga tarjima bo‘lgan.
«Mo‘‘jam al-buldon» Yoqut Hamaviy asari. XIII asrda yaratilgan. Sharq mamlakatlariga oid geografik qomus. 10 jild, arabcha.
Gardiziyning «Zaynul-axbor» asarining ham ahamiyati katta. Institutda til va adabiyotga oid nodir namunalardan Mahmud Qoshg‘ariyning 1071—72 yilda yozilgan «Devoni lug‘otit turk» asari saqlanmoqda. Bu asar Solih Mutallibov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, 1960-1963 yillarda Toshkentda nashr etilgan.
Zamahshariyning «Muqaddimatul-adab» arab tili ilmiga oid qomusi ham institut fondidagi noyob asarlardan hisoblanadi. Shuningdek, Ibnul Mahnoning 1424 yilda yozilgan «Hulyatul-inson» nomli turkcha-mo‘g‘ilcha-forscha lug‘ati, Mirzo Mahdixonning «Sangloh» («Maboniy al-lug‘a») nomli o‘zbekcha-forscha lug‘ati, Muhammad Yoqub Changiyning «Kitobi zaboni turkiy» nomli o‘zbek tili grammatikasiga doir asari institut xazinasini bezab turadi.
Institutda qadimgi o‘zbek tili va adabiyotiga oid yodgorliklardan Ahmad Yugnakiyning «Hibatul-haqoyiq», O‘rxun kitoblari, «Muhabbatnoma», Amiriyning «Dahnoma», Alining «Yusuf va Zulayho» dostonlari hamda o‘g‘uznomalar qimmatli xazina sifatida avaylab saqlanadi.
Buxorolik Rabi’ binni Ahmad tomonidan 980 yilda fors tilida yozilgan nabotot va tibga oid «Hidoyatul-mutaallimin» asari ham eng nodir qo‘lyozmalar sirasiga kiradi. (918 bet. Mashhad nashri).
X asrda yashab ijod qilgan buxorolik genial olim Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid «Al-Qonun» nomli kitobining nusxalari hamda boshqa asarlaridan iborat 33 xil kitobi mavjud.
Hozir institutda sharq tabobatida mashhur bo‘lgan hakimlarning 400 ga yaqin qadimda nashr bo‘lgan asarlari saqlanib kelinadi.
Ahloq bilan falsafaga oid Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy, Ibn Rushd kabi sharqning buyuk allomalari yozib qoldirgan asarlarni sanab tugatish qiyin. Shulardan biri «Ahloqi Jaloliy» nomli kitobning muallifi Jaloliddin Davvoniy. U XV asr da yashab ijod etgan. Yusuf Xos Hojibning 1070 yilda yozilgan mashhur «Qutadg‘u bilik» asarining 1910 yilda Radlov tomonidan nashr qilingan nusxasi ham noyob qo‘lyozmalar sirasiga kiradi. Institutda sharq mamlakatlari geografiyasiga bag‘ishlangan bir qator noyob asarlar ham mavjud. Jumladan shunday jo‘g‘rofiy asar «Mirotul mamolik» X asrda Said Ali Rais tarafidan turkiy tilda yozilgan. Istambulda nashr etilgan. U muallifning Movarounnahrga qilgan sayohati asosida yozilib, unda o‘sha davrga oid muhim va qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Kitob o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Toshkentda nashr etilgan.
«Xiva sayohatnomasi va tarixi». Ingliz tilidan turkchaga o‘girilib, 1876 yilda Istambulda chiqarilgan.
«Movarounnahrga sayohat» — Muhammad Zohir Begeev asari. 1897 yilda O‘rta Osiyoga qilgan safari asosida yaratilgan. Tatar tilida Qozonda chop qilingan.
«Turkiston tarixi va sayohatnomasi» — Sheller asari. 1873 yilda yozilgan. Turkcha tarjimasi tarixiy rasmlar bilan Istambulda bosilgan. Unda Toshkentga doir ko‘pgina ma’lumotlar berilgan.
«Yodgori safari Toshkent» («Toshkent safari xotiralari») Tehron. 1944. Forscha. Tehrondan Toshkentga qilingan sayohatning taassurotlari hikoya qilingan. Institutda qishloq xo‘jaligi sohasiga oid turli mamlakat va shaharlarda har xil til va har xil vaqtlarda nashr bo‘lgan bir qator asarlar ham saqlanmoqda, Bular sug‘orish ishlari, paxtachilik, ipakchilik, asalarichilik chorvachilik, mevachilik, yer ishlari, ziroat masalalari kabi qishloq xo‘jaligining ko‘p tarmoqlari haqidadir. Ulardan ayrimlari O‘zbekistonda turli vaqtlarda bir qator tillarda nashr qilingan. Xususan, 1917 va 1920 yillar atrofida chop etilganlari qiziqarli hisoblanadi.
Shuningdek, institutda rus klassik ijodkorlaridan Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Krilov, Turgenev, Chexov asarlarining tatar va ozarbayjon tillariga tarjima bo‘lgan nusxalari bilan birga Shekspir, Lamartin, Vamberi, Jyul Vern hamda hind mualliflarining asarlari mavjud.
XIX asrning ikkinchi yarmida rus klassik adabiyotidan o‘zbek tiliga birinchi marta tarjima qilingan asarlardan Tolstoyning 1887 yilda Toshkentda chop qilingan «Odamlar nima bilan tirik?» nomli asari ham saqlanmoqda.
Oktyabr revolyutsiyasi arafasida (1915-1917) nashr bo‘lgan asarlardan institutda Navoiyning «Majolis un-nafois» va «Muhokamatul-lug‘atayn» nomli kitoblari hamda Hamzaning Qo‘qonda nashr bo‘lgan 7 risolasi bor. 1917-1920 yillar mobaynida nashr bo‘lgan asarlardan 61 nusxa saqlanmoqda. Jumladan, o‘zbek tilida chop qilingan «Guldastai hurriyat», «Mardikorlar ashulasi», «Toza hurriyat», «Tikonli gul», «Hurriyat mevasi», «Rusiya inqilobi», «Toshkent musulmonlari» kabi asarlar namunali nusxalardir.
Institutda Oktyabr inqilobidan azval (1862-1917) qozoq, qirg‘iz hamda boshqa tillarda Qozon shahrida nashr bo‘lgan yuzga yaqin asar mavjud. Shulardan «Halvopurush qissasi», «Hamro va Xisrav», «Qizjibek» kitoblari qozoq tilidagi adabiy asarlarning muhimlari.
Institutdagi kitoblar fondida qo‘lyozma asarlar bilan bir qatorda bosma asarlarning ham salmog‘i katta. Mazkur
bosma kitoblar turli vaqtlarda har xil yo‘llar bilan to‘plangan.
1919 yilda Toshkentning eski shahar qismida Turon nomidagi kutubxona ochilgan edi. Hozirgi Toshkent oblast kutubxonasi. O‘sha vaqtda bu dargohga hadya etish va sotib olish yo‘li bilan bir qancha kitoblar jamlangan. 1924 yilda Orsk shahridagi mashhur kitobfurush Ahmad Ishoqiy degan kishining 5000 atrofidagi har xil fanlarga doir xususiy kutubxonasi sotib olingan. Ana shu oblast kutubxonasidagi kitoblarning bir qismi keyinroq Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasiga o‘tkazilgan. Shu bilan birga Akademiyaning asosiy kutubxonasidan ham bir qancha kitoblar keltirilgan.
Keyinchalik esa institut Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Hindiston va bir qator arab mamlakatlaridan turli yo‘llar bilan kitoblar olib kelingan. Institut huzurida tuzilgan maxsus komissiya orqali respublikamizning turli joylariga borib, nodir kitoblarni sotib olish yo‘li bilan ham uning fondi boyitilmoqda. Shunday yo‘l bilan buxorolik Saidjonovdan ham bir qancha qo‘lyozma, bosma asarlar, hujjatlar sotib olingan.
Institut fondida mavjud bo‘lgan asarlar qimmati va ilmiy ahamiyati jihatidan Leningraddagi qo‘lyozmalar fondidan keyin mamlakatimizda ikkinchi o‘rinni egallagan nodir namunalar xazinasidan biri hisoblanadi. Shu bilan birga bosma asarlarning son va salmog‘i ham yuqori darajada. Bu qo‘lyozmalar turli fanlar bilan shug‘ullanuvchi ilm ahllari uchun borgan sari qimmat kasb etib boraveradi.
Abdulla Nosirov,
ilmiy xodim
“Sharq yulduzi” jurnali, 1983 yil 3-son.