OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Unutilmas daqiqalar (1983)

Ochig‘i, men ustoz G‘afur G‘ulomning shaxsiyatini u kishi haqida xotira yozgulik darajada yaxshi bilmayman. Lekin kichik bir tafsilotni aytib o‘tmoqchiman, toki u dilimda qolib ketmasin. 1965 yil ba’zi o‘rtoqlarning taklifi bilan televidenie orqali bir she’rimni o‘qidim. U “Yuzma-yuz” deb atalardi. Ertasiga qandaydir voqea sabab bo‘lib Yozuvchilar uyushmasiga borishimga to‘g‘ri keldi. Uyushma u mahalda Xadicha Sulaymonova nomli ko‘chadagi bir binoda joylashgan (u imorat hozir buzilib ketgan), yo‘lagi nimqorong‘i edi. Yozuvchilar uyushmasining o‘sha vaqtdagi rahbari Komil Yashinning qabulxonasi oldida turardim. Daf’atan qabulxona eshigi ochilib, ostonada G‘afur G‘ulom domlaning siymosi ko‘rindi. Boshlarida do‘ppi, bir yelkasi sal ko‘tarilgan domla o‘ktamlik bilan chiqib kelardi. Men o‘sha zahoti o‘zimni bir burchakka urdim. U yerda qisinganimcha G‘afur akadan ko‘z uzmay turaverdim. Domla shundoq yonimdan o‘tayotganlarida qimtina-qimtina salom berganim xotiramda. G‘afur aka to‘xtadilar. Bir muddat menga tikilib turib:

— Kecha televizorda she’r o‘qigan bola senmisan? — deb qoldilar.

— Ha, — dedim.

G‘afur aka yelkamga qoqdilar-da:

— Yozaver, o‘g‘lim, — dedilaru, o‘sha o‘ktam qadam bilan yo‘llarida davom etdilar.

Men, albatta, G‘afur G‘ulomni avval ham turli yig‘inlarda juda ko‘p ko‘rganman. Umuman, biz yoshlar G‘afur G‘ulom yoxud boshqa ustoz adiblarimiz qatnashadigan mushoiralardan, majlislardan sirayam qolmasdik. O‘tirishga joy yetishmas, ularning so‘zlarini biz tik turib eshitardik. Lekin G‘afur aka bilan, boya aytganimdek, hayotimda bir martagina, shundoq yaqindan, bir og‘iz bo‘lsa-da, gaplashganman. U damlar men uchun bir umr unutilmas daqiqalardir. Ikkinchi marotaba esa (oradan bir yil o‘tgach) ustozning tabarruk tobuti qoshida “Alvido ustoz” she’rimni o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Ha, tabiat qonuni shunaqa ekan...

Men ustoz G‘afur G‘ulom suhbatida ishtirok eta olmaganligimni keyinroq yozilgan “Bahor” nomli she’rimda birmuncha o‘kinch bilan qayd etib:

Suhbatdosh bo‘lmadim, kim edim zotan,
Tavof ham qilmadim gulshan makoning,

tarzida ifoda etganman.

G‘afur G‘ulom haqida keyingi yillarda ko‘plab xotiralar yozilayotir. Bu, albatta, zarur! Bu, albatta, u zotni ko‘rgan va bilgan odamlarning tarix oldidagi sharafli burchlaridir. Lekin ba’zi xotiralarni o‘qiganimda bir hol menga sal erish tuyuladi. U ham bo‘lsa, ba’zi memuarlarda ustoz G‘afur G‘ulom negadir xotira yozuvchi muallifning uslubida gapira boshlaydi. Holbuki, G‘afur G‘ulomning sirayam takrorlanmas nutqiy uslubi, manerasi bor edi.

Yuqoridagi hol, balki, xotiranavis yozuvchining ortiqcha ehtirosga berilib ketganidan bo‘lsa kerak...

Men ushbu gaplarni ustoz G‘afur G‘ulomni yaxshi bilgan kishilar uchun emas, balki keyingi yillarda tug‘ilib o‘sgan she’rxon do‘stlarim uchun yozmoqdaman. Zero, adabiy avlodlarning davomdorligida ko‘z ilg‘amas bir halqaning ham o‘z o‘rni bo‘lishi mumkin.

“Yosh leninchi”, 1983 yil, 17 may.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.