OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Hindiston xotiralaridan (1966)

Men bu ajoyibot va g‘aroyibotlar mamlakati bo‘lmish Hindistonga ikki marta — 1955 yilning oxirida o‘zbek san’atkorlari delegatsiyasiga boshliq bo‘lib, 1961 yilning boshida sayyoh bo‘lib bordim.

1955 yilning dekabr kunlari edi. Bizda daraxtlar bulduruqday oppoq: Afg‘onistonda qora sovuq, izg‘irin; uch yarim soatlik yo‘l — Hindistonda esa qulf urib o‘sgan azim daraxtlar bizdagi saraton yoki asad oyidagi singari issiqdan entikib, boshini quyi solib turipti. Sholi bir joyda o‘rilmoqda, bir joyda o‘talmoqda, yana bir joyda endi sepilmoqda... Shakarqamish, sapsar, moy o‘simliklari sap-sariq bo‘lib gullab yotipti.

Bundan uch yarim soat burun bulduruqdan ham oqarib yotgan daraxtlarni ko‘rgan, po‘stinga o‘ranib yengini burniga tutib yurgan kishini bu alomat manzara, shubhasiz, hayratga soladi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Hindistonning tabiatidan ham ko‘ra hind xalqining hayoti bizni ko‘proq hayratga sola boshladi.

Hindistonning poytaxti Dehli. Minglarcha hindlar maysa-maydonlarda, yo‘lkalarda o‘tiribdi, yotibdi. Oq choyshabda yana ham qoraroq ko‘ringan, nihoyatda ozg‘in bu odamlar orasida teri-suyakdan iborat va yotgan yeridan tura olmaydigan, hatto xayr so‘rab qo‘lini ko‘tarishga majoli bo‘lmagan odamlar ham bor. Tarjimonimiz: «Ko‘chada tug‘ilib, qisqa umrini ko‘chada o‘tkazadigan va ko‘chada o‘ladigan bu xildagi odamlar million-million», — dedi.

Kalkuttada mening tobim qochib qoldi. Ovqatni yotoqxonamga chaqirdim. Hindi ofitsiant ovqatni butun anjomi bilan keltirib stolga qo‘ydi-yu, orqa tomonimga o‘tdi. Men uning chiqib ketishini kutib ovqatga qo‘l urmadim. Ofitsiant chiqib ketavermadi. Nima qilyapti, deb orqamga qarasam, mendan ikki-uch qadam narida g‘oz turipti. Ma’lum bo‘lishicha, men ovqat yeb bo‘lgunimcha orqamda qimirlamay g‘oz turishi kerak ekan.

Hamma mehmonxonalarda bir narsa ko‘zga tashlanadi: xizmatkorlar o‘tirib dam oladigan, tunab qolishi lozim bo‘lgan choqda yotadigan joyi yo‘q, ular hamma yotib uxlaganidan keyin yo‘lkalarda yotishi kerak. Poezdlarda ham shundoq; provodniklar o‘tiradigan, navbat bilan bo‘lsa ham dam oladigan, uxlaydigan maxsus kupe yo‘q, odamlar uxlagandan keyin ular ham, mehmonxonadagi singari yo‘lakda yotib uxlashar ekan.

Hamma joyda bir narsa ko‘zga tashlanib turadi: baland darajali to‘q odam bor, tubanlarning tubani och odam bor. Hamma narsa to‘q odamlarniki, hamma och odamlar mana shu to‘qlarning xizmatini qilish uchungina yashaydi, yashaydi emas, tuproqdan tashqarida umr kechiradi.

Qashshoqlik, tengsizlik, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan boshqa hamma narsa ham o‘tadi; uysiz uylik bo‘ladi, och to‘yadi, gap bunda emas, hamma gap shundaki, mana shu odamlarda odamlik g‘ururi karaxt bo‘lgan, bu odamlarda shunday hayotga qarshi isyon ruhi yo‘q, aksincha, bular shu hayotni qarilikday, tabiiy o‘limdek haq, deb bilnshar ekan.

Buyuk-buyuk fan kashfiyotlari asrida Yevropaning madaniy bir mamlakati, jahonga Nyuton, Darvin singari ulug‘ siymolarni bergan xalq yuz yillarcha idora qilgan bir mamlakatda million-million kishilar vahshoniyat davrining aqidasi bilan yashab, shu aqida bilan o‘lib ketganiga hozir har bir halol ingliz nomus qilsa kerak. Ingliz nomus qilmasligiga ishonmayman, chunki men bolaligimdan madaniy Yevropa xalqlariga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalanganman.

Madrasda matbuot konferentsiyasi bo‘ldi. Bu konferentsiyaga bir qancha hind jurnalistlari yig‘ilishdi. Biz san’at ahli bo‘lganimiz uchun jurnalistlarning bizga bergan birinchi savoli san’atga doir bo‘ldi: «San’at san’at uchunmi, san’at propaganda uchunmi?»

Biz javob bermasdan burunroq jurnalistlar o‘zaro munozara boshlab yuborishdi. Bulardan hech biri «san’at propaganda uchun» demagan bo‘lsa ham, har qalay, ko‘pchylik «san’at san’at uchun»ga qarshi chiqdi.

Bu munozaraga quloq solib, odamlarni kuzatib o‘tirib, ko‘nglimdan o‘tgan gapni o‘sha topda aytgani istihola qildim: Hindiston hukumati, Hindiston ziyolilari oldida million-million oddiy xalqni kolonializmning mana shu jirkanch merosidan qutqarish, ularda insonlik g‘ururini uyg‘otishdek og‘ir va murakkab vazifa turgan bir vaqtda nahot san’at bu kurashdan chetda tursa, nahot san’at kurash quroli emas, san’at san’at uchun bo‘lsa! O‘shanda shundoq desam, hind do‘stlarimiz buni ta’na gumon qilib, og‘rinishlari mumkin edi.

Bombayda Toj Mahal mehmonxonasi oldida bir odam menga uzoq tikilib turganidan keyin yaqin keldi va:

— Ma’zur ko‘radilar, janoblari o‘zbekmilar?—deb so‘radi.

— Ha, o‘zbekman,— dedim.

— Iznlaridagi kimsalar ham o‘zbekmi?

— O‘zbek.

— Hammalari o‘zbek tilini biladilarmi?

Men taajjublangan bo‘lsam ham, uning hamma savoliga javob beraverishga qaror qildim.

— Ha, hammasi o‘z tilini biladi.

— O‘zbekistonda hozir ham o‘zbek tili yuradimi?

— O‘zbekistonda hozir ham o‘zbek tili yuradigina emas, bu tilda 193 ta gazeta, 15 ta jurnal, million-million nusxa har xil kitoblar nashr qilinadi. Demak, o‘zbeklar o‘z ona tilida gapiradigina emas, o‘qiydi ham, o‘qiydigina emas, yozadi ham. O‘zbekistonda yozuvchi ko‘p. Men yozuvchiman, — dedim.

Bu odamning leksikonida «yozuvchi» degan so‘z yo‘q ekan, bu so‘zni, aftidan «yozuvchi», «xati chiqqan» degan ma’noda tushundi.

Gaplashib qoldik. Bu odam tagi marg‘ilonlik bo‘lib, inqilob yili otasi bilan Afg‘onistonga, keyin Hindistonga kelgan, Bombayda turib qolishgan, otasi o‘lib ketgan, o‘zi hozir ibtidoiy maktabda muallimlik qilar ekan.

Bu odam «Hindiston standart» gazetasining yozishiga ko‘ra, «San’atning oliy namunasini ko‘rsatgan», «o‘yini bilan Dehlini maftun qilgan» o‘zbeklar Bombayga kelgannni eshitib, ikki kundan beri Toj Mahal mehmonxonasiga qatnab, bizni uchratolmagan, bugun to‘rt yarim soatdan beri eshik oldida tikka turib kutar ekan.

Muallim — ziyoli, o‘z Vatanidan kelgan kishilarni ko‘rish, Vatani haqida vatandoshlari bilan ikki og‘iz gaplashishga mushtoq bo‘lib, Vatani haqidagi har bir so‘zni oltinga tortib olishga tayyor bo‘lgan bir kishi O‘zbekiston va undagi hayotdan shunchalik bexabar bo‘lsa, oddiy hindi to‘g‘risida nima deyish mumkin? Hindilarning ko‘pi O‘rta Osiyo shaharlaridan faqat Buxoroni eshitganiga, o‘zbeklar musulmon deganimda, «undoq bo‘lsa, O‘zbekiston Pokistonga qarar ekan-da», degan gaplariga hayron bo‘lish kerakmi?

Muallim O‘zbekiston haqida hech narsa bilmaganini, o‘zbek tili haqida bergan savoli juda ham behuda savol bo‘lib chiqqanini ko‘rib xijolat tortdi.

— Hindiston jumhuriyat bo‘lmasdan oldin u tomonlar haqida hech narsa eshitmas edik, eshitgan gaplarimizni hozir sizga aytgani tilim bormaydi, — dedi.

Angliya imperializmi Hindistonda hukmron bo‘lgan vaqtda O‘rta Osiyo xalqlari haqida hind xalqining qulog‘iga nimalar deganini o‘zimiz yaxshi bilar edik. Xalqning ko‘zi bog‘lansa, qulog‘iga qo‘rg‘oshin quyilsa, taqdir hukmi o‘limdek haq, degan aqidani uning zehniga singdirish osonroq bo‘ladi.

Hindistonga ikkinchi marta 1961 yilning boshida bordim, Seylonga sayohat qilib qaytishda tushdim. Bilmadim, Hindiston shaharlarini taqdir quchog‘iga tashlangan odamlardan xoliroq ko‘rish istagim ko‘zimni bog‘ladimi, yoki davlat biron tadbir joriy qilibdimi, har qalay ko‘chalarda och-yalang‘och odamlar kamroq ko‘rindi. O‘sha xildagi odamlar haqiqatan kamayibdimi, yo ko‘zimga shundoq ko‘rindimi, mening uchun buning ahamiyati uncha katta emas. Men bu safar boshqa bir narsani payqadim va bunga benihoyat xursand bo‘ldim: besh-olti yil ichida katta o‘zgarish yuz beripti: mustamlakachilik davri o‘rnatgan qullik ruhiga raxna tushibdi. Men gaplashishga, anglashishga muvaffaq bo‘lgan odamlarning ko‘pchiligi respublikaning sanoati to‘g‘risida iftixor va yaqin yillarda qishloq xo‘jaligining taraqqiy qilishi, dalalarga traktor chiqishi to‘g‘risida g‘urur va zo‘r ishonch bilan gapirishdi. Modomiki, odamlardagi o‘sha ruhga raxna tushgan ekan, xalq qashshoqlikdan chiqish uchun kurash yo‘liga kirgan ekan, bu xalqning g‘alaba qozonishiga shubha yo‘q.

1966 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.