OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Kitob shavq bilan o‘qilishi kerak (1968)

Ikki kunda o‘qib tashlash mumkin bo‘lgan ba’zi kitoblarimizni o‘quvchi haftalab o‘qiydi. Kitob stolning chekkasida og‘ir yuk bo‘lib yotaveradi. Har safar unga ko‘z tushganda uzib bo‘lmaydigan katta qarz yodga tushganday yurak orziqadi. O‘qishga fursat bo‘lganda kishi uni ne mashaqqat bilan qo‘lga oladi; xinin yutganday aftini burishtirib, sabri yetguncha o‘qiydi; avtorni ichida yoki barala so‘kadi... Bunday kitobni adabiyotchi o‘qisa adabiy hayotdan orqada qolmaslik uchun o‘qiydi, kitobxon nima uchun o‘qishi kerak — xudoning o‘zi biladi.

Mana shu xildagi kitoblar ozmi: hajmi xiyla salobatli, hozirgi zamon temasida, hozirgi zamon temasida bo‘lganda ham «mayda» emas, «yirik» temada. Qahramon «jamoat ishida aktiv», kundalik normasini yuz ellikdan kam bajarmaydi; ishdan keyin romanlar, o‘z kasbiga doir kitoblar o‘qiydi; qabr ustida nutq so‘zlasa, o‘lik bajarolmay ketgan ishlarni davom ettirishga hamma nomidan so‘z beradi; to‘yni ishlab chiqarish kengashiga aylantirib, o‘zining ajobiy rejalarini, takliflarini o‘rtaga tashlaydi... Hamma uning so‘zlariga quloq soladi...

Bu xildagi qahramon hammaga aql o‘rgatishi kerak, shuning uchun atrofdagi odamlar undan aqlsizroq bo‘lishi shart.

Ehtimol, bu sxema dag‘aldir, ehtimol, ba’zi bir yozuvchilarning izzat-nafsiga tegar, lekin ilhom, ya’ni qalb harorati bilan ilitilmagan, dardsiz, ehtirossiz yozilgan sovuq asarlar ko‘p. Bunaqa asarlarni maqtaydigan didsiz tanqidchilar ham topiladi. Bu toifa tanqidchilar o‘qib bo‘lmaydigan, badiiy jihatdan g‘oyatda g‘arib bo‘lsa ham ro‘y-rost «g‘oyaviy xatosi» yo‘q kitoblarni axtarib, ular to‘g‘risida madhiyalar yozib o‘rgangan, shuni kasb qilib olgan. Mazkur kitob shunday tanqidchilarning qo‘liga tushsa, yoziladigan taqriz ham kitobning o‘ziga juda mos bo‘ladi: taqrizchining ichki qanoati emas, har xil «foydali» mulohazalari natijasi bo‘lib vujudga keladi. Taqrizchi avval hozirgi zamon temasining ahamiyatini tushuntiradi, undan keyin ijobiy qahramon haqida juda to‘g‘ri muhokamalar yurgizadi, so‘ngra «asar ayrim kamchiliklardan qat’iy nazar, ijobiy va tarbiyaviy rol o‘ynaydi», degan xulosa chiqaradi.

Kitobni o‘sha ijobiy rolidan bahramand bo‘ladigan, tarbiya oladigan kitobxon o‘qiyolmasa, o‘qimasa-chi! Tanqidchining bu bilan mutlaqo ishi yo‘q.

Bizningcha, bu xildagi kitoblar hech qanday ijobiy va tarbiyaviy rol o‘ynamaydi, aksincha, adabiyotning tarbiyaviy roliga zaxa yetkazadi; zamonaviy temani, ijobiy qahramonni, umuman, adabiyotni kitobxon ko‘zida beburd qiladi.

Ertangi kishining ongini yetuk qilishda, shubhasiz, adabiyotning roli juda kattadir. Modomiki, shundoq ekan, o‘qib bo‘lmaydigan kitob, yozuvchi xalq hayotini naqadar chuqur o‘rganganiga va bu hayot unga qay darajada ilhom berganiga e’tibor qilmaydigan tanqid bunday rolni o‘ynay olmaydi.

Bizningcha, rangsiz, nursiz, haroratsiz yozilgan asarlar hayotni chuqur o‘rganmasdan, uning achchiq-chuchugini tatimasdan, o‘sha hayot odamlarining qalbiga qalbni payvand qilmasdan, dardsiz, ehtirossiz, ya’ni ilhomsiz yozilgan asarlardir.

Bundan bir necha yillar burun bizda hamma o‘zini poeziyaga urgan, o‘shanda: «Litfondga beriladigan ariza ham she’r bilan yozilayotibdi», deb kulishar edik. Keyingi yillarda proza janri taraqqiy qila boshladi, prozachilarning soni ko‘payib ketdi. Hozir adabiyotimizda mustahkam o‘rin olgan, shu janrda dadil-dadil qadamlar tashlayotgan yigirmadan ortiq prozachimiz bor. Bular, albatta, katta to‘lqin yaratdi. Ayrim prozachilarimiz, aftidan, shu to‘lqin ostida bir lahza bo‘lsa ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lmaslikka talpinib, ba’zan zo‘rma-zo‘raki asarlar ham yozishadi.

Bunday asarlar ilhom natijasi emas, yozuvchi bo‘lgandan keyin, umuman, yozib turish, iloji bo‘lsa mumkin qadar kattaroq narsalar bilan maydonga chiqish xohishidan tug‘iladi.

Bunaqa ilhomsiz yozilgan o‘lik asarlarni hech qanaqa yuksak g‘oya, hech qanday muhim tema, texnika, malaka tiriltirolmaydi.

O‘lik asarlar, xususan, ehtiros — ilhom, ya’ni yurak qoni bilan yozilib yashnab turgan asarlar yolqinida yana ham xunukroq ko‘rinadi.

Lermontov Pushkinning halokatiga yozgan she’rini shu dahshatli voqeaga o‘zining munosabatini aytib qo‘yish uchun yozgan emas. «Revizor»ni yozmaslik Gogol uchun hayotning ma’nosini yo‘qotish bilan baravar edi. Boris Polevoy «Chin inson haqida qissa»ni shu irodasi zo‘r kishiga o‘zining munosabatini bildirish uchungina yozgan emas, buni butun vujudi talab qilgan. «Inson taqdiri» hikoyasida sovet kishisiga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbat, uning urush yillarida chekkan azob-uqubatlari uchun kuyish, iroda va bardoshi, olijanob qalbi uchun faxr tuyg‘ulari Sholoxovning ko‘kragidan qo‘shiqday otilib chiqadi.

Daraxtni undiradigan, o‘stiradigan va mevasini laziz qiladigan quyosh, yer va suv bo‘lsa, badiiy mahoratni undiradigan va o‘stiradigan, samarasini jozibali qiladigan xalq hayotidan olingan ilhomlar. Buning yana ham yorqinroq misolini professional yozuvchi bo‘lmagan, hatto qo‘liga birinchi marta qalam olgan, lekin qalamni shuhrat yoki boshqa narsa tama qilib emas, qalbidagi muhabbat va nafrat olovini olamga sochish uchun olgan kishilarning asarlarida ko‘rish mumkin. Ilhom bilan yozilgan yaxshi kitoblarimizning ba’zan husnini buzadigan illatlaridan biri soxta monumentalizmdir. Bizda yozuvchilar tegishib kitobning hajmini list bilan emas, kilogrammlab o‘lchashadi: falonchining kitobi ellik gramm, falonchining kitobi uch kilo, besh kilo...

Biz ba’zan yaxshi ocherk bo‘ladigan materialdan yomon povest, o‘rtacha povestni shishirib, roman qilamiz. Nainki, reformadan keyingi rus qishlog‘i bu qadar yorqin va haqqoniy tasvir etilgan Chexovning «Mujiklar»i trilogiya, sovet kishilarining fikr-tuyg‘ulari, xislatlari va mamlakatimiz hayotining ulug‘vor manzaralari kuylangan «Uzoqlardan uzoqlarga» poemasi she’riy roman bo‘lganda husniga-husn, salmog‘iga-salmoq qo‘shilsa!

«Hamma laqmaliklar orasida eng yomon laqmalik, shubhasiz, adabiy laqmalikdir. Jo‘n laqmaga chap berishning iloji bor, unga otalarcha nasihat qilish, u bilan gaplashmay, salomlashmay o‘tish, uni kalaka qilish mumkin. Biroq bitta Ivanning, bitta Pyotrninggina emas, minglarcha odamlarning ko‘nglini ozdiradigan adabiy laqmalikdan qutulishning iloji bormi». (I. Shchedrin).

Afsuski, ko‘pimiz mana shu oltin so‘zlarga rioya qilmaymiz.

Kitob qaysi janrda yozilmasin, o‘qishli bo‘lishi kerak. Qitobning o‘qishli bo‘lishi avtorning kitobxonga aytadigan to‘la mag‘izli va juda zarur fikri bo‘lganini ko‘rsatadi. «Kitob o‘qishli bo‘lishi shart emas», dey-digan yozuvchilar o‘qishli kitob yozish qo‘lidan kelmaydigan yoki hayotni chuqur o‘rganib ilhom olishga erinadigan yozuvchilardir:

Rus klassik yozuvchilaridan qaysi biri o‘qib bo‘lmaydigan kitob yozgan? Bularni jahonga tanitgan kitoblari eng o‘qishli kitoblari emasmi?

O‘qishli kitob go‘zallikdir, lekin go‘zallikda ham go‘zallik bor. Qorong‘i kechada otilgan mushak ham go‘zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go‘zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar go‘zalligi ko‘zni qamashtirsa ham puch go‘zallik, shuning uchun bebaqodir. Gulning go‘zalligi esa to‘q go‘zallik, chunki uning bag‘rida hayot bor, shuning uchun abadiy go‘zallikdir. G‘uncha guldan ham go‘zalroq, chunki uning bag‘rida ikki hayot — o‘z hayoti va yana gul hayoti bor.

1968 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.