Uyat faqat insonga xos tuyg‘udir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, lekin inson uyatini yo‘qotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin.
Oyog‘i yoki tili bilan gandiraklab yurgan mastga, qo‘lga tushib yoki qo‘lga tushishdan qo‘rqib es-hushini yo‘qotgan o‘g‘riga, hiyla-nayrangi fosh bo‘lib bezrayib turgan tovlamachiga, duch kelgan ayolga eshak tili bilai «muhabbat» izhor qilgan maxluqqa razm soling, bularning qaysi biri va nimasi hayvondan ortiq? Til-jag‘i deysizmi? Shoirdan eshiting:
Qachon odam qatoriga sanarlar, Bor o‘lgan birla echkuning soqoli!..Bularning til-jag‘i echkining soqoliday gap — odamlik nishonasi emas.
Bir donishmand uyatni «vijdonning sirtqi ko‘rinishi» debdi. Demak uyatsizlik bilan beadablik, beadablik bilan axloqsizlik, axloqsizlik bilan jinoyatkorlik orasida qalin devor yo‘q, bularning har biri vijdonsizlikning turli bosqichidir. Modomiki shundoq ekan, uyatni jamiyatimizni balo-qazodan saqlaydigan buyuk posbon deyish mumkin.
Yov qal’ani olmoqchi bo‘lsa, hujumni posbonni bosishdan boshlaydi. Posbonni qo‘lga olish — qal’aga raxna solish demakdir.
Jamiyatimizga yov ot soldirmoqchi, shu maqsadda piyanistalar, fosiqlar, o‘g‘rilar, tovlamachilar, poraxo‘rlar, amalparastlar, bezorilar va boshqa chiqit odamlar qo‘li bilan ulug‘ posbonimizga hamla qilayotibdi. Bu xildagi odamlar ko‘p emas, lekin butun bir yig‘inning kayfini buzish uchun bitta uyatsiz kifoya, shuning uchun bular ko‘p ko‘rinadi; bular jamiyatimizga dahshat soladigan kuch emas, lekin niyati dahshatli: jamiyatimizning ulug‘ posboni bo‘lmish uyatning oyoq-qo‘lini bog‘lab, chetga surmoqchi, shu bilan jamiyatimiz qal’asiga raxna solmoqchi.
Biz odob uchun kurash olib borar ekanmiz, bu yo‘lda ko‘radigan choralarimiz, joriy qiladigan tadbirlarimiz birinchi navbatda ulug‘ posbonimiz bo‘lmish uyatni dushman hamlasidan mudofaa qilishga qaratilishi zarur.
Odobsizlik taraqqiy topib yetib boradigan joyi «jinoyat» degan narsa aytmoqqa oson, uning zamirida barbod etilgan salomatlik, nomus, nohaq to‘kilgan hovuch-hovuch ko‘z yoshi yotadi. Biladigan odamlarning aytishiga qaraganda hozir sodir bo‘layotgan jinoyatlarning 80 foizi ichkilik orqasida sodir bo‘lyapti. Modomiki, shundoq ekan, nima uchun avtobusga yalang‘och chiqish, dasturxon ustida ro‘molchaga burun qoqish beadabchiligu, odam gavjum joylarga ichkilik ichib borish, odamlarga jirkanch bir alfozda ko‘rinish beadabchilik emas? Nima uchun araqxo‘r mast holda militsiyaga ko‘rinishdan hayiqadi, hushyorxonaga tushishdan qo‘rqadi-yu, uyat degan narsani xayoliga ham keltirmaydi. Ichkilik ichish qachondan beri, nima uchun ayb bo‘lmay qoldi?
Biz ko‘pincha «yoshlarimizning tarbiyasi buzilayotipti» deymiz, holbuki, buzuq tarbiya osmondan tushayotgani yo‘q; o‘tmish qoldig‘i to‘g‘risida gapiramiz, holbuki, hech qanaqa o‘tmish qoldig‘i ma’lum shart-sharoit bo‘lmasa davom etolmaydi. Inqilobdan burun o‘zbeklarning jirkanch odatlari ham bor edi, sharoit o‘zgarishi bilan bu odatlardan nom-nishon qolmadi. Biz ko‘pincha aybni yoshlarga, o‘tmishga to‘nkaymizu, beadabchilik, axloqsizlik, jinoyatkorlikka yo‘llanma beradigan ichkilikni propaganda qiluvchi, turish-turmushi bilan «ichkilik ichish ayb emas» deb turgan odamlarni ko‘rib-ko‘rmaganday bo‘lamiz.
Har mahallada bo‘lmaganda ham o‘n mahallada, har bir korxona yoki mahkamada bo‘lmagan taqdirda ham o‘ntasida bitta oshkora araqxo‘r topiladi. Bu odamlar «o‘z puliga ichgani», «jamoat tartibini buzmagani» (bola-chaqasini qiyratgani tartibsizlikka kirmaydi), «planni bajarib turgani» uchun hech kimdan ta’na-dashnom eshitmaydi, ichkilikning propagandisti, ya’ni uyatning zavoli bo‘lib yura beradi.
Akademik Yunus Rajabiy va shoir Habibiylar yozgan maqolada aytilganidek, to‘ylarda «kattalar» «men senga aytsam»ga yetguncha ichishadi, oyoqlari ostida shisha yig‘ishtirib yurgan bolalarga parvo ham qilishmaydi. Bugina emas, o‘sha «kattalar» orasidagi eng hurmatli odamlar yoshlarga tilak tilagan bo‘lib qadah ko‘tarishadi, hammani ichishga, «oq ichish»ga undashadi, shu bilan hovlini, tomlarni tutib ketgan bolalarning ko‘z o‘ngida ichkilikka obro‘ tug‘dirib berishadi. Modomiki shundoq ekan, mehmonlar tarqalgandan keyin stolga bemalol o‘tirib shishalarning yuqini ichayotgan bolalarga qaysi til bilan «ichkilik ichish uyat» deb bo‘ladi?
Boshqa hamma odobsizliklar, axloqsizliklar, jinoyatlar to‘g‘risida ham shuni aytish mumkin.
«Muhabbat» degan olijanob tuyg‘uning boshiga ne balolarni keltirgan fosiq — axloqsiz o‘z kollektivida fosh bo‘lib, dakki yeganidan keyin ham bosh ko‘tarib yuraveradi, hech kimdan uyalmaydi; ilojini topsa yoshlarga va’z-nasihat qilish, majlislarda karillash bilan yuzidagi shaltoqni artmoqchi, shu bilan uyatning og‘ziga paxta tiqmoqchi bo‘ladi.
Biz odobsizlik, axloqsizlik, xilma-xil jinoyatlarga qarshi kurashda jamiyatimizning ulug‘ posboni uyatni dushman hamlasidan himoya qilish ishiga juda katta e’tibor qilishimiz kerak.
Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat ko‘zi tushganda, shubha paydo qilgandagina jinoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani qo‘ymaydi. Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi.
1966 yil