«Sharq yulduzi» jurnalining anketasiga javob
Avvalo «Sharq yulduzi» jurnalining adabiy jarayon haqida ko‘ngildagi gaplarni so‘rab adiblarga murojaat qilishining o‘zi ayni ko‘ngildagi gap. Shu savol bahonasida ko‘p gaplarni aytish mumkin. Gaplashishga, bahs qilishga, katta talablar qo‘yishga arzigulik adabiyotimiz bor.
Men adabiy tilimiz haqida ko‘ngildagi ba’zi gaplarni aytmoqchiman.
Keyingi paytda aktuallik, zamonaviylik haqida, adabiyotning, shubhasiz, asosiy masalalaridan bo‘lgan ko‘p problemalar haqida ancha gaplar aytilayapti. Ammo adabiyotning joni bo‘lgan, uning san’at ekanini belgilaydigan til haqida adabiyotshunoslarimiz ham, adiblarimizning o‘zi ham yetarli darajada qayg‘urmayotirlar. O‘qish mumkin bo‘lmagan darajada tili g‘aliz va nochor asarlar haqida gapirganda munaqqidlar uning aktualligi, zamonaviyligi to‘g‘risida uzundan-uzoq maqtov so‘zlarini aytib, oxirida «tili jindak g‘alizroq, qashshoqroq» deb qo‘yadilar. Yana «bu kamchilikdan qat’i nazar asar zavq bilan o‘qiladi, katta ahamiyatga molik va h. k.» deb qo‘shib qo‘yadilar.
Yoshlarning so‘nggi yillar ichida yozgan xoh she’riy, xoh nasriy asarlarini o‘qiganda, ularning darajasidan qat’i nazar, ko‘pchiligida tilning u qadar boy emasligi, shirasi kamligi ko‘zga tashlanadi. Ba’zilarining tili rasmiy yozlshmalar tilidan farq qilmaydi. Na biror tashbih, na bir obrazli ibora... Butun kitob sanoqli so‘zlar atrofida aylanayotganga o‘xshaydi.
Ba’zi yoshlar tajribasizlikdan, «holi qudrat» yuzasidan shunday qilsa, ba’zilar maqtanishadi ham. Ular mana shu mening stilim, shu zamonaviy uslub, deyishadi. Bu epidemiyaga aylanishi mumkin bo‘lgan xavfli kasallik. Chunki hamma vaqt ham ijodiy mashaqatdan lazzat topguvchilarga qaraganda oson yo‘l bilan obro‘ va daraja olishga moyil kishilar ko‘proq bo‘ladi.
O‘zbek adabiy tilini payhon qiluvchilarni tushovlab qo‘yish vaqti kelmadimikin? Ular so‘nggi yillarda ayniqsa ko‘payib qoldi. Mahalliy matbuot, radio uchun shoshilinch material yetkazib beruvchi bunday kosiblar tilimizga benihoya katta «xolis xizmat» qilishyaati. Biz har kuni radiodan, masalan, bobo dehqonlarning ahd-paymon qilishayotganini, cho‘l shaydolarining obi hayot olib kelayotganini eshitamiz, televizordan raqqosalarning navozishini ko‘rib, oynai jahonga nigohbon bo‘lamiz.
Tilimiz benihoya boy, go‘zal, nazokatli til. Buni hammamiz tushunamiz. Lekin uni qunt bilan astoydil o‘rganmaymiz. Odamlar ichida kam bo‘lamiz. Bir yilda bir-ikki bo‘ladigan ijodiy komandirovkaning hech narsa bermasligi aniq. Chunki o‘shanda ham dehqonlar davrasiga galstuk taqib, shlyapa kiyib, Yozuvchilar Soyuzining mashinasida muxbir bo‘lib boramiz. Odamlar biz bilan o‘zining jonli, uchirmalarga boy ajoyib tilida emas, o‘zimizning yuz ellikta so‘z atrofida «qoidalik» qilib, «adabiy tilda» gaplashadilar.
Biz hammamiz ham biror jamoat idorasida — radio, televidenie, gazeta, jurnallarda ishlaymiz. Umrimizning asosiy qismi bir-birimiz bilan gaplashishga ketadi. Yozuvchilar Soyuzining ko‘p qavatli uyida turuvchilar bo‘lsa qolgan umrini ham bir-birlari bilan o‘tkazishadi. Hammamizning cho‘ntagimizdagi gap bir-birimizga ma’lum. Xalq tilining toza bulog‘iga yuragini ochib qo‘ymagan ijodkorning ko‘lmakka aylanib qolishi tabiiy.
Shu munosabat bilan bir fikrni adabiy jamoatchilik mulohazasiga havola qilmoqchiman.
Hammamiz aytamizki, adabiy ijod umrning yarmini emas, hammasini talab qiladigan ish. Hatto umrning hammasi ham kamlik qiladi, deymiz. Bas, shunday ekan, nega xalq ko‘ziga ko‘ringan, bir nechta kitoblarini elga manzur qilgan yosh yozuvchilar, shoirlar ijodiy ishni va ijodiy ish bilan bog‘liq bo‘lgan talay mehnatni sakkiz soatlik jamoat ishidan bo‘shagan vaqtda qilishi kerak? Yoki ijod jamoat ishi emasmi? Ijodiy ishni qo‘yib turganda, mutolaaning o‘ziga bitta umr kamlik qiladi. Ilmiy va boshqa informatsiyaning kun sayin ko‘payib borayotganini hisobga olsak, yozuvchining joni sabilmi, deging keladi.
Bizda, negadir, jamoat ishida ishlamaydigan adiblarga bo‘lakcharoq nazar bilan qarash bor. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Chunki adabiyotga bo‘lgan bu kunning talabi nihoyatda katta. Bir varaq narsa yozguncha o‘nlab varaqlarni qoralash kerak. Qancha yurish, ko‘rish, odamlar bilan gaplashish, arxivlarni titish kerak (gazeta, jurnal, nashriyot redaktsiyalariga qatnashni gapirmayoq qo‘yay). Darhaqiqat, umr kamlik qiladi. Biz esa yoshlarga ijodiy imkoniyat tug‘dirish haqida gapiramiz-u, biror joyda yilt etib ko‘ringan talantni hiqildog‘idan bo‘g‘ib markazdagi birorta kursiga o‘tqizib qo‘yamiz. Tabiat qo‘ynida yurgan kuychini radio, teleapparatlar oldida kun bo‘yi o‘tirishga, tipografik mashinalarning moyini hidlashga, korrektura o‘qishga majbur qilamiz. Yana uni adabiyotga olib kirdik, deb faxrlanib yuramiz. Bu xuddi tug‘ma qobiliyatli yugurik bolaning yelkasiga besh pudlik tosh osib, endi yuguraver, haqiqiy chopqir bo‘lding, deganga o‘xshaydi.
Ha, albatta, bizga ustoz bo‘lgan atoqli yozuvchilarimizning ko‘plari bizning yoshimizda gazeta chiqarganlar, harf terganlar, hatto kechalari postda turganlar. Shu bilan birga ajoyib ijod namunalarini ham qoldirganlar. Ha, ular o‘sha vaqtda kadrlarning kamligidan shunday qilganlar. Hozir bunday emas. Radioga keluvchi materiallarni ko‘rish, tayyorlash, programma tuzish uchun O‘lmas Umarbekovning talanti shart emas. Yoki nashriyot kursisida o‘tirib granka o‘qish, qo‘lyozmalarning imlosini to‘g‘rilab oqqa ko‘chirtirish uchun Abdullaning qobiliyati talab qilinmasa kerak.
Bunday yoshlar beqadr bo‘lgudek ko‘p emas. Ularning bir nechtasini ortiqcha yukdan xoli qilib, ko‘proq ijod bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat tug‘dirish vaqti kelgandir, deb o‘ylayman. Men yosh yozuvchilarni jamoat ishidan bo‘shashga chaqirmoqchi emasman. Bu juda nozik masala. Birinchidan, qalamning xipchagina beliga tirikchilik yukini ham ortib qo‘yish yaxshi natijaga olib kelmas. Ikkinchidan, jamoat ichida bo‘lish uchun jamoat ishida ham bo‘lish kerak, birorta kollektiv bilan hamnafas bo‘lish kerak. Bu ishga Yozuvchilar Soyuzi bosh qo‘shib, biror chora o‘ylab topilsa ko‘ngildagi ish bo‘lur edi.
1969