(«Drujba Narodov» jurnalining davra stolida so‘zlagan nutqdan)
Dunyodagi hech bir mamlakatda bizlardagidek ko‘p kitob tarjima qilinmaydi va hech bir boshqa adabiyotda bizning adabiyotdagicha badiiy tarjima masalasiga katta e’tibor berilmaydi. Bu masalada simpoziumlar chaqiriladi, tom-tom kitoblar nashr etiladi, gazeta va jurnal sahifalarida betinim bahslar qilinadi. Birgina «Drujba Narodov» jurnalining «Badiiy tarjima: problemalar, fikrlar» deb ataluvchi muntazam rubrikasida qanchadan-qancha masalalar muhokama etildi, necha «aqllar jangi» bo‘ldi. Bunday qaraganda, tarjima masalasida yangi gap qolmaganday. Lekin, halol gapni aytsak, masala masalaligicha turibdi. Negaki, bu ish muhokama qilgan bilan bitadigan ish emas. Agar badiiy asarni yaratish uchun bitta iste’dod kifoya bo‘lsa, badiiy tarjima uchun ikki iste’dod yulduzining bir-biriga yondosh kelishi kerak.
Har bir yangi talant egasining paydo bo‘lishi tarjimachilik oldiga o‘z-o‘zidan yangi muammoni qo‘yadi. Bu tabiiy, chunki talant — o‘xshashi yo‘qlik demak, qoliplarni inkor etish demak. Badiiy asar yozish uchun tayyor yo‘riq bo‘lmaganidek, tarjima uchun ham ma’lum dastur yo‘q. Samuil Marshak aytgan «istisno»ni talant yaratadi[1]. Mayakovskiyning xayqiriq she’riyati serjilo, rangin, musiqiy o‘zbek she’riyatiga tamoman begona bir hodisa edi. Shayxzoda, Asqad Muxtor iste’dodi bu begonalikni bartaraf qildi. Bu ham qoidaning istisnosidir.
Biz-ku, iste’dod yulduzlarining she’riyat osmonida qovushmog‘i haqida shoirona xayollar qilamiz. Lekin badiiy tarjimani bevosita amalga oshiruvchi nashriyotlarda bu masala juda oddiy va jo‘n hal qilinadi. Avval avtor ma’lum hajm va tiraj bilan nashriyot planiga kiritiladi, so‘ng tarjimon bilan shartnoma qilinadi. Qarabsizki, bechora shoirning balki umr bo‘yi yaratgan ijodi bir necha oy ichida boshqa tilga ko‘chib muharrir stoli ustida bir papka bo‘lib qappayib turibdi.
«Moskva ko‘z yoshiga ishonmaydi», degan gap bor. U aniqlikni yaxshi ko‘radi. Moskva nashriyotlari ham aniq, so‘zma-so‘z tarjimaga ishonadi. Lekin she’riyatda so‘zma-so‘z tarjima nima? U buzilgan imoratning uskunasi xolos. Imoratni o‘ziday qilib qayta qurish uchun milliy me’morlikdan xabardor bo‘lish kerak. Yo‘qsa muhtasham saroyning uskunasidan gugurt qutichasiga monand bir qolipdagi uylarni qurib tashlash mumkin.
Tarjima mehrtalab mehnat. «Muhabbatsiz imorat vayron bo‘ladi» deydi o‘zbeklar. Mehrsiz, yolg‘iz qalam haqi umidida qilingan tarjima muhabbatsiz nikohdan tug‘ilgan yetim boladay mung‘ayib turadi. Keling, do‘stlar, bu dunyoda g‘ariblarning sonini ko‘paytirmaylik.
Ko‘pincha tarjima haqida gap borganda til bilish masalasi o‘rtaga tushadi. Til bilganga-ku nima yetsin, lekin tarjimon-shoirdan buni talab qilish ham qiyin. Avvalo biror xalq she’riyatini butun nazokati bilan tushunish uchun shu tilni jo‘ngina bilishning o‘zi yetmaydi. Barkamol o‘rganish uchun esa umr kamlik qiladi. Men ham «Faust»ni nemis tilidan emas, balki rus tiliga qilingan so‘zma-so‘z tarjima va sharhlar yordamida, so‘ngra bir necha badiiy tarjimalarni chog‘ishtirib o‘rganish natijasida o‘zbekchalashtirganman. Nemis tilini tushunish va tushuntira olish darajasida bilish uchun bir-ikki yil shug‘ullanish kifoya. Lekin Gyotening «Faust»ini butun falsafasi, teran ma’no tovlanishlari bilan tushunish uchun nemis bo‘lib tug‘ilish ham kamlik qilsa kerak. Shoir-tarjimon, menga qolsa, boshqa tilni yuzaki o‘rganish o‘rniga ham o‘z ona tilini chuqurroq o‘rgansa yaxshi bo‘lar edi. Chunki tarjima san’atida o‘z ona tilini butun nozikligi va boyligi bilan bilmaslik ham, boshqa tilni chala bilish ham birday zararlidir.
Biz adabiyotlarning o‘zaro ta’siri benihoya kuchaygan davrda yashayapmiz. Bizning davrimizda tarjima ishi faqat oddiy san’atkorlik emas, balki katta vatanparvarlik ishi hamdir. Badiiy tarjimaning yana bir jihati bor. Tarjima ishiga qo‘l urgan yozuvchi ma’lum darajada o‘z ijodini qurbon qiladi. U boshqa yozuvchi ijod etgan asarga vaqtini, kuchini, iste’dodini bag‘ishlaydi. Shu ma’noda tarjima internatsionalizmga xizmat qiluvchi fidoyilik mehnatidir.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari she’riyatiga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazish uchun o‘lkamizga kelgan taniqli yozuvchi va tarjimonlarga, sevimli jurnalimiz «Drujba Narodov» kollektiviga minnatdorchilik izhor etamiz. Bu suhbat, ishonch bilan aytish mumkinki, respublikalarimiz she’riyatining rivojiga, ittifoq bo‘ylab yana ham balandroq, kengroq parvoz etishiga xizmat qiladi.
1981
______________
[1]Samuil Marshak: «She’riyat tarjimasi qoida bo‘yicha mumkin bo‘lmagan ish. Har bir muvaffaqiyatli tarjima — bu qoidaning istisnosidir», degan.