Genial ozarbayjon shoiri, gumanist va mutafakkir Nizomiy vafot etgan kunga 750 yil to‘ldi. Buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiyning nomi o‘lmasdir, uning ajoyib asarlari faqat ozarbayjon xalqigagina emas, shu bilan birga Sovet Ittifoqining barcha xalqlariga, butun tinchliksevar progressiv insoniyatga yaqindir.
Nizomiy XII asrda yashadi. U 1141—1142 yillar atrofida Ozarbayjonning Ganja shaharida tug‘ildi. Uning asli nomi Ilyos bo‘lib, Otasining nomi Yusuf edi.
Nizomiy yashagan va ijod qilgan tarixiy davrda Ozarbayjon to‘rt asosiy oblastga — Shirvon, Darband, Arron va Janubiy Ozarbayjon oblastlariga bo‘lib yuborilgan edi. Bu oblastlarda turli dinastiyalar hukmronlik qilardi. Ular o‘rtasida urushlar bo‘lib turar, bundan xalq g‘oyat ozor chekar, zulm va mashaqqat girdobida yashar edi.
O‘sha vaqtda hunarmandchilik va binokorlik sa’nati, savdo-sotiq ishlari rivojlana boshladi. Buning natijasida mamlakatning madaniyati rivojlandi. Fan va adabiyotning ilg‘or vakillari hukmronlarning qarshiliklariga qaramay, jahon madaniyatiga qimmatbaho hissa qo‘shdilar. Mehnatkash xalq bilan qattiq bog‘langan bu kishilar podsholarning saroylaridagi qasidaboz formalist shoirlardan farq qilar edilar. Chunonchi, Xoqoniy, Falakiy, Baylakoniy kabi shoirlarning ajoyib asarlar yozib, zulmga va zolimlarga qarshi isyon ruhidagi she’rlarini qo‘lyozma tarzida xalq ichiga tarqatganliklari ma’lum. Ularning asarlarida xalqni ezuvchilarning shafqatsizliklariga qarshi qattiq norozilik bayon qilingan, Nizomiy ham xuddi shunday xalqparvar shoirlardan edi.
Nizomiy o‘zidan avvalgi fan va adabiyot merosidan chuqur va barakali foydalandi, o‘z she’rlari bilan zamonasidagi eng yaxshi shoirlardan ham ustun ekanligini isbot qildi. Uning qalami, genial talanti xalqqa xizmat qilishga bag‘ishlandi.
Nizomiyning quyidagi to‘rt misra she’ri uning yuksak she’riy mahoratidan dalolat beradi:
Var boshad sad sitora dar pesh Ta’ziymi yak oftob azu besh, Garchi hama kavkabi batob ast, Afro‘xtagi dar oftob ast.(«Layli va Majnun»dan)
(Tarjimasi: Bir marta ishon: ishonganda ham quyoshga ishon. Chunki ro‘parangda bo‘lgan yuzlab yulduzlardan ko‘ra bittagina quyoshga ta’zim qilmoqlik ulug‘dir. Chunki bu yaltirab turgan yulduzlar o‘z jilosini oftobdan oladi).
Nizomiyning deyarli barcha asarlari ana shunday chuqur gumanistik filosofiya bilan sug‘orilgandir. Shoir bunga osonlik bilan erishmagan. Buning uchun u uzoq vaqt davomida qunt bilan bilim olgan, U o‘z davrining asosiy adabiy tillari bo‘lgan arab va fors tillariii mukammal egallagan, zamonasining filosofiyasi, yuridik fanlar, matematika, fizika, geografiya, astronsmiya, meditsinadan yetarli bilim hosil qilgan. Bilimning deyar-li hamma sohalarida Nizomiy XII asr uchun ilg‘or va progressiv bo‘lgan ideyalar bilan yashagan. Chunonchi, u amalga oshmaydigan afsonaviy alximiyani rad etgan.
Nizomiy bolalik chog‘idan boshlab she’r mashq qildi va tez orada mashhur shoir bo‘lib tanildi. Shunda Shirvonshoh kabi hukmdorlar uni o‘z saroylariga tortmoqchi, zolimlarni maqtab qasidalar yozuvchi saroy shoiriga aylantirmoqchi bo‘ldilar. Ammo Nizomiy shoir Xoqoniyning Shirvonshoh tomonidan zindonga tashlanganini, Falakiyning qamoqda azob chekib jon berganini, Baylakoniyning qotillar tomonidan o‘ldirilganini, shoira Mahsatiy xonimning o‘lim jazosiga hukm qilinib, o‘z vatanidan badarg‘a etilganini yaxshi bilg‘ani uchun, saroyga bormadi va qattiq ta’qib ostida o‘z ijodini davom ettirdi.
Nizomiy o‘z xalqi bilan g‘oyat darajada yaqin edi. U mehnat va mahrumliklar yo‘lini tanlab, juda og‘ir sharoitda ijod qildi va o‘lmas asarlar yaratdi.
«Maqolati duvvum» asaridan olingan quyidagi to‘rt misra shoirning xalqparvarligini yorqin ifoda qiladi:
Xona bari mulk sitamkori ast, Davlati boqiy, zi kamozori ast, Rohati mardumtalab, ozor chist? Juz xijili xosili inkor chist?!(Tarjimasi: O‘z shaxsiy sha’n-shavkati uchun bino qo‘ymoqlik zulm qilmoqlikdir. Davlatning manguligi xalqning ko‘nglini topmoqlik, ozorsiz bo‘lmoqlikdir. Xalq rohatin ko‘zla. Ozor nimaga kerak bo‘lib qoldi? Ozor natijasi xijolatda» boshqa nima ham hosil bera olar edi?!)
Hukmdorlar Nizomiydan o‘ch olmoqchi bo‘ldilar. Chunonchi, Darband hokimi go‘yo Nizomiyning «Mahzan ul-asror» («Sirlar xazinasi») nomli poemasi uchun mukofot tariqasida unga qipchoq qul xotinni yubordi. Nizomiy shu qul xotinga uylandi, uni sevdi va o‘z sevgisini ro‘y-rost aytdi. U o‘zining mashhur «Xisrav va Shirin» poemasida o‘lmas Shirin obrazini yaratar ekan, o‘z xotinining portretini va xarakterini nazarda tutdi. Bu bilan u qullarning ham inson ekanligini, zolimlardan aqlliroq va vafoliroq chinakam kishilar ekanligini isbot qildi.
Nizomiy doim olg‘a intildi. U o‘z bilimi va talantini oddiy mehnatkash xalq xizmatiga bag‘ishladi, buyuk she’riy asarlari bilan xalqning ongini uyg‘otishga harakat qildi.
Nizomiy katta adabiy meros qoldirdi. Bu meros bir lirik devondan va beshta poema — «Xamsa»dan iborat.
«Xamsa»ning birinchi poemasi «Mahzan ul-asror» bo‘lib, 1173—1174 yillar atrofida yaratilgan. Bu asosan didaktik asardan iborat. Unda mamlakatni idora qilish yuzasidan podsholarga nasihatlar qilingan va maslahatlar berilgan. Poema 20 ta suhbatdan iborat. Mana shu suhbat-boblarning har birida shoir mehnatkashlarning og‘ir hayotini, huquqsizligini, zolimlarning zulmi va omonsizligini bayon qiladi. Bu poemada oddiy, sofdil kishilarning ruhiy ahvolini tasvirlashga katta e’tibor berilgan.
«Xamsa»ning ikkinchi poemasi — «Xisrav va Shirin» 1180—1181 yillarda yozilgan. Buni she’riy roman deyish mumkin. Nizomiy o‘zining bu poemasida muhabbat va vafo masalalarini talqin etadi. Uning ijobiy qahramonlari, shu jumladan Shirin adolat va muhabbat yo‘lida qahramonliklar ko‘rsatadilar. Shundan keyingi «Haft paykar» (Yetti go‘zal) va «Layli va Majkun» poemalarida ham haqiqiy, sof muhabbat tarannum etiladi.
Layli, Majnun, Shirin va boshqa sevguvchilar zolimlar zulmi ostida azob chekadilar, bir-birlaridan judo bo‘ladilar, muhabbatning tantanasi uchun kurashadilar, vafo va adolat bayrog‘ini baland ko‘tarib yuradilar.
«Xamsa»ning beshinchi, so‘nggi poemasi «Iskandarnoma»dir. Bu poemada zolim shoh Iskandarning tinch xalqlarga qarshi olib borgan urushlari, uning agressiv harakatlari, shafqatsizligi bayon qilinadi. Nizomiyning bu asarida urush va tinchlik masalasi buyuk filosofik masala darajasiga ko‘tarilgan. Shoir urushlarga xotima berish, barqaror tinchlik o‘rnatish ideyasini ilgari suradi, xalqlarning osoyishtaligi uchun kurashishga chaqiradi.
O‘z vatani, o‘z ozodligi uchun kurashgan har bir xalq ulug‘ shoir nazarida maqtovlidir — muhtaramdir. Shuning uchun ham Nizomiy xalqlarni ajnabiy zolimlarga qarshi birgalashib kurashishga da’vat etdi. Uning bu ideyasi «Iskandarnoma»da yorqin bayon qilingan.
Bu poemada rus xalqi haqida aytilgan fikrlar juda ham muhim va ibratlidir. U rus xalqini qahramon va zakovatli, odil xalq deb ko‘rsatadi. Nizomiy makedoniyalik Iskandarning rus yerini bosib olish uchun qilgan har yetti agressiv urushini betaraf turib hikoya qilar ekan, o‘z vatani uchun, o‘z ona yurtining himoyasi uchun jonbozlik qiluvchi rus askarini shunday deb ta’riflaydi:
Z-Rusi suvori daromad chu fil, Ruxi chun baqam, chashmho ham nil. Barun xost az Rumiyon ham nabard Hame kard mardi, hami gasht mard. Badin guna hiyli baxun dar kashed, Tani chandro jon zitan barkashed. Chi bas kushtan mardi jang ozmoy Nayomad kasiro save jang roy.(Tarjimasi: Bir otliq rus askari filday salobat bilan jang maydoniga kirdi. Oq tani quyoshda baqamdek kuygan, ko‘zlari nildek ko‘m-ko‘k edi. Rumliklar ham unga qarshi qo‘zg‘olib urush maydoniga birin-ketin kira boshladilar, biroq u (rus askar) mardlik ko‘rsatib, «mardman» deganlarni chekinishga yoxud jon berishga majbur qilar edi. Shunday qilib, bir qancha kishilar ustidan g‘alaba qildi. Janglarda chiniqqan bu qahramonning mahoratidan qo‘rqib, dushmanning qolgan askarlari urush maydoniga kela olmadilar.)
Chunki, Nizomiy ta’biricha, yengiltak g‘alabalardan kekkayib ketgan, mazlum xalqlarni xonavayron qilish bilan boyigan qo‘rqoq yasanchoq qo‘shin yenguvchi qudrat qarshisida g‘alaba qilishga ojiz edi.
Nizomiy xuddi shu holatni Iskandar qo‘shinining rus yeriga qilgan tajovuzida yana tasvirlab, ko‘zgudek yarqiratib ko‘rsatadi.
U ruslarning bir «terupal» — generali tilidan shunday deydi:
Chigarxo‘rdand oini ruson buvad, Mayu nuql kori aruson buvad.(Tarjimasi: Jang maydonini chimildiq deb o‘ylab, yasanib-tusanib chalakayf bilan kelish — nomardlar ishi; o‘z vatani himoyasi uchun jigar qonini yutmoq rus xalqining ishidir.)
Nizomiy o‘z geniysining kuchi, o‘z talantining qudrati va o‘z aqlining ziyrakligi tufayli shunday fikr-ni dadil bayon qila oldi.
Nizomiy ijodining asosiy ideyalari — xalqparvarlik, taraqqiyparvarlik, tinchliksevarlik, erksevarlik, vatanparvarlik — jahon adabiyotining o‘lmas ideyalaridir. Bu ideyalar bilan xalqlarning eng yaxshi, eng ilg‘or yozuvchilari o‘z asarlarini o‘lmas yodgorliklar darajasiga ko‘targanlar. Nizomiy bilan bir davrda yashagan buyuk gruzin shoiri Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» nomli asarida ham xuddi shu ideyalar talqin qilingan. Nizomiy yashagan davrda Rossiyada ijod etilgan buyuk xalq epopeyasi —«Igor polki qissasi» asari ham ana shu olijanob ideyalarning yuksak badiiy formada bayon qilinganligi bilan o‘lmasdir.
Nizomiy asarlari umumjahon progressiv madaniyati xazinasiga bebaho hissa bo‘lib qo‘shildi. Bu asarlar kishilik madaniyatini bir pog‘ona ko‘tarishga xizmat qildi. Bu jihatdan Nizomiy Gomer, Shekspir, Dante, Servantes, Shota Rustaveli, Aleksandr Pushkin, Alisher Navoiylar bilan bir qatorda turadi.
O‘zbek xalqining genial shoiri Navoiy Nizomiyni o‘zining birinchi ustozi deb hisobladi. Navoyining «Xamsa»sida — har bir poemaning muqaddimasida Nizomiyga alohida boblar bag‘ishlangan.
Nizomiyning «Xamsa»si sharq klassik adabiyotining traditsion temasi va epik poeziya formasi bo‘lib qoldi. Nizomiydan keyin Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa ustoz shoirlar o‘z «Xamsa»larini yozdilar. Forma jihatidan deyarli bir xil bo‘lgan bu poemalarda har bir xalqning o‘z hayoti, mehnati va kurashi, o‘ziga xos orzu-umidlari, eng yaxshi ideallari ifodalab berilgan.
Oktyabr revolyutsiyasidan ilgarigi deyarli yetti asr davomida genial so‘z san’atkori Nizomiyning asarlari ham faqat qo‘lyozma shaklida, juda oz nusxada tarqalgan edi. Ularni juda oz kishilar o‘qir edilar. Shunga qaramay, uning poemalarini ko‘p xalqlarnnng eng yaxshi vakillari o‘z tillariga tarjima qilishga uringanlar. Chunonchi, «Xisrav va Shirin» poemasini Qutb, «Maxzan ul-asror» poemasini Haydar Xorazmiy, «Yetti go‘zal» poemasini Ogahiy o‘zbek tiliga tarjima qilganlar. Lekin bu tarjimalar oz nusxada qo‘lda yozib tarqatilgan.
Endilikda yozuvchilarning asarlari katta-katta tirajlarda nashr etilmoqda. Bir xalq madaniyatidan boshqa hamma xalqlarning bahramand bo‘lishi hayotbaxsh traditsiyaga aylandi. Umummadaniyat xazinasidan zavqlanib bahra topayotgan barcha xalqlar endilikda Nizomiy Ganjaviy asarlarini ham o‘z tillarida sevib o‘qimoqdalar.
Sovet Ittifoqidagi hamma xalqlar bilan birgalikda aktiv mehnat va ijod qilayotgan ozarbayjon xalqining buyuk farzandi, genial shoiri va mutafakkiri Nizomiyning nomi o‘lmasdir. Bu nom do‘stlik va birodarlikka, samarali mehnat va ijodga, tinchlik va sadoqatga chaqiruvchi simvol bo‘lib qoldi.
Nizomiyning yubileyi — mamlakatimizdagi barcha xalqlarning to‘yidir. Bu to‘y qardosh xalqlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning hayotiyligini yana bir marta namoyish qilib ko‘rsatadi.
“Qizil O‘zbekiston”, 1953 yil, 15 dekabr