OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sami Abduqahhor. Odamlar qalbida qolgan odam (1983)

http://ziyouz.uz/images/albert_shveyser.jpg

... Parijning Orli aerodromidan ko‘tarilgan to‘rt motorli samolyot bir yarim soatdan keyin Marselga qo‘ndi. Ertalab uyg‘onganimda Afrika ustida uchib borardik. Ufq lola taqqan, buyuk qit’ada tong otmoqda. Parijdagilar: «Hozir Afrika tropik yomg‘irlar quchog‘ida», deyishgandi, yo‘q bizni yorqin va saxiy quyosh kutib oldi. Samolyot qanoti ostida sahro va qirlar... Uch ming metr balandlikda uchayotganimizdan afrikaliklarning kichik kulbalari ham, dov-daraxt va tepaliklar ham, quyoshda kumush kamardek yaltirayotgan Niger daryosi ham xuddi kaftda turgandek ko‘zga ravshan ko‘rinadi.

Mana, biz yosh respublika, Frantsiyaning sobiq mustamlakasi, Niger davlatining poytaxti Niamey shahridamiz. Bugun bu yerda xalq shodiyonasi — Respublika kuni bayram qilinmoqda edi. Aeroport do‘st mamlakatlarning davlat bayroqlari bilan bezatilgan. Ular orasida Sovet Ittifoqining qirmizi bayrog‘i ham mag‘rur hilpirab turibdi. Shahar bayram libosida: Ko‘cha va maydonlar yasatilgan. Hamma tomonda quvnoq muzika sadolari yangraydi...

U yerda uch kun mehmon bo‘lib, Togo respublikasiga uchib ketayotib, yo‘l ustida Dagomeya respublikasining Kotonu shahrida to‘xtab o‘tdik. Aeroportdayoq atrofimizni dagomeyaliklar o‘rab olishdi. Afrika yeriga eson-omon yetib kelganimiz bilan qizg‘in tabriklab, qo‘shiq aytib berishimizni iltimos qilishdi. Hayron qoldik. Keyin ma’lum bo‘ldiki, bizdan oldin bu yerda Pyatnitskiy nomidagi xor kontsert qo‘yib bergan ekan.

Togo respublikasining hayoti bilan yaqindan tanishmoq niyatida uning shahar-qishloqlarini borib ko‘rdik. Shahardan chiqishimiz bilan savannalar boshlandi. Biz shu mahalgacha Afrika asosan o‘tib bo‘lmaydigan butazor-changalzorlardan, inson qadami yetmagan tropik o‘rmonlardan iborat, deb o‘ylardik. Lekin uning turli rayonlarida iqlim ham, tabiat ham turlicha ekan.

Mana mashinamiz savannalarni, yashil cho‘llarni kesib o‘tgan yo‘ldan g‘izillab borayotir. Ikki tomonimizda o‘tloqlarning cheksiz dengizi yengil shabadada chayqalib turibdi. Goh u, goh bu yerda butalar va daraxtlar, ayniqsa mahalliy xalq «Non daraxti» deb ataydigan sershox, azim daraxt tez-tez uchrab turadi. Savannadagi baland, qalin o‘t qurg‘oqchilik yillarida qovjirab, kuyib ketarkan. Yo‘l qizil tuproqli, Mashinalar g‘ildiragi ostidan ham qizil chang ko‘tariladi. Yo‘l bo‘yidagi butalar xuddi birov bo‘yab qo‘yganday qirmizi tusda. Yo‘lda to‘p-to‘p ayollar uchraydi. Ularning boshlarida katta tugun, savat, o‘tin, allaqanday idishlar. Chamasi, shahar bozoriga ketishayotgan bo‘lsalar kerak...

Ekvatorga yaqinlashganimiz sari yam-yashil tropik o‘rmon quyuqlashib borardi. Namgarchilik tufayli bu yerda o‘simliklar juda tez va baland o‘sadi. Daraxtlarning bo‘yi 60 metrga yetadi. Qalin shoxlari osmonni qoplagan. O‘simliklarga chirmashib o‘sadigan arqon singari yo‘g‘on lianalar bir daraxtdan ikkinchi daraxtga o‘tib ketib, afsonaviy arg‘imchoqdek osilib yotibdi...

Qutilmaganda shamol ko‘tarildi. O‘rmon guvilladi, shu dam momaqaldiroq gumburi yangradi. Oradan sal o‘tmay, juda ko‘p eshitganimiz —tropik jala boshlandi. Mashinalarimiz taqqa to‘xtab qoldi. Berk oynalardan qaraymiz: bir qadam narini ko‘rib bo‘lmaydi. Go‘yo butun olam suvdan iborat!.. Bizning: «yomg‘ir chelaklab quydi», degan gapimiz bu manzaraga hatto yamoq ham bo‘lolmasdi. Go‘yo ko‘rinmas zabardast qo‘l to‘g‘onni darhol berkitdi-yu, tropik jala birdan tindi. Endi yo‘l bamisoli bir soyga o‘xshardi. Mashinalarimiz g‘ildiragi suvni yorib, zo‘rg‘a olg‘a intilardi. Goh palmazorlar oralab, goh okean sohiliga chiqib, mashinalarda respublikani uch kun tomosha qilgach, sayohatimizning so‘nggi nuqtasi — Gabon respublikasiga uchib ketdik. Biz ekvatordamiz. Endi issiqning nafasi zo‘rayib, havo namligi oshib borar, veshalkaga ilib qo‘yilgan ko‘ylaklar chala yuvilgan kabi nam tortib qolardi.

Gabonning markazi — Librevil ko‘chalari juda gavjum. Lekin, sal chetga chiqdingizmi, hammayoq qizil tuproq. Frantsuz yengil mashinalari qizil changni to‘zg‘itib, izg‘igani-izg‘igan. Serto‘zon bozorlarda kosiblar bolg‘achalarining ovozlari tinmaydi...

Mamlakatning asosiy boyligi o‘rmonchilik ekan. Territoriyasining o‘ndan to‘qqiz qismi dunyodagi eng qimmatbaho (uch ming xildan ortiq) daraxtlar bilan qoplangan. Gabon changalzorlaryda ayniqsa, xushbo‘y sandal, qizil, qora daraxtlar, bo‘yi 45 metrdan oshadigan zabardast Okume daraxtlari ko‘p uchraydi.

Lambarane qishlog‘iga uchib ketyapmiz. Bu yerda yarim asr davomida vrach va faylasuf, Nobel mukofotining laureati, doktor Albert Shveytser istiqomat qilishini va o‘zi tashkil etgan birinchi kasalxonada mahalliy aholini davolashini eshitgan edik. Endi uning o‘zini ko‘rgani, u bilan suhbatlashgani boryapmiz. Samolyot qanoti ostida ko‘ringan keng va sersuv Gabon daryosi sal yurilgach, bepoyon o‘rmon bilan almashindi. Shundan keyin, to manzilga yetib borgunimizga qadar, tabiat manzarasi o‘zgarmadi: o‘ngda ham, so‘lda ham o‘rmon — hammayoq yam-yashil o‘rmon...

Bir soatdan so‘ng Lambaranening kaftdek aerodromiga qo‘ndik. «Villis» mashinalari bizni Obove daryosi yoqasiga olib bordi. Bu yerda bizni motorli qayiq kutardi. Daryoning narigi sohilida doktor Shveytserning davolash bog‘i joylashgan. Novchadan kelgan, quyuq qosh, oppoq mo‘ylovli, tetik ko‘zlari ma’noli boquvchi chol:

— Marhabo, do‘stlar, Lambarane tuprog‘ida sovet kishilarini birinchi ko‘rayotganimdan benihoya mamnunman! — deb bizni kutib oldi. Mashhur olim Albert Shveytser shu kishi edi!

* * *

...Strasburg universitetida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi: ma’lum va mashhur falsafa professori, dongdor muzikachi-organist, atoqli yozuvchi, taniqli jamoat arbobi Albert Shveytser shu universitetning o‘zidagi meditsina fakultetining birinchi kursiga kirib o‘qiy boshladi. Egniga oq xalat kiyib, anatomiya darsida amaliy mashg‘ulotga berilib, tib ilmining sirlarini o‘rganayotgan olimning hamkurslari unga hayrat va havas bilan tikilishdi. Zero, o‘ttiz yoshli professor shu ilm dargohining falsafa fakultetida studentlarga Kant haqida g‘oyat qiziqarli lektsiya o‘qib bo‘lgach, meditsina fakultetida birinchi kurs studentlari qatorida lektsiya eshitardi. Shunday qilib, Strasburg universitetining falsafa va teologiya professori, Kantning diniy-falsafiy qarashlari to‘g‘risidagi ilmiy dissertatsiya muallifi, Yevropaga dong taratgan muzikachi-organist Albert Shveytser tibbiyot fakultetining tolibi bo‘lib auditoriyaga kirdi.

Bu voqeadan atigi ikki hafta burun, 1905 yilning 18 oktyabrida u ertalab Parij mehmonxonasidan chiqib, avenyu de la Gran Arme ko‘chasidagi pochta qutisi yoniga keldi. Bir necha lahza xayol surib turdi. Keyin shu kecha tun bo‘yi yozib chiqqan o‘nlab maktublarini pochta qutisiga tashladi. Bu xatlar uning eng yaqin oshna-og‘aynilari, yoru birodarlariga yo‘llangan bo‘lib, unda o‘zining uzil-kesil bir to‘xtamga kelgani — vrachlik diplomini olishi bilan ekvatorial Afrikaning uzoq changalzorida shifoxona ochib, mahalliy aholini davolash bilan shug‘ullanmoqchi ekani xabar qilingandi.

Ana shu maktublarni olganlar orasida uning yaqin do‘stlari Romen Rollan, Stefan Sveyg, Bernard Shou va Albert Eynshteynlar ham bor edi. Ota-onasi xatni o‘qib, o‘g‘illarining “nomunosib xatti-harakati”dan qattiq ranjishdi. Uning bu rejasini faqat bir odam — universitet tarix o‘qituvchisining qizi, bolalar yetimxonasida ishlovchi ko‘hlikkina Elen Breslau qo‘llab-quvvatladi. U ham professor bilan birga Afrikaga ketishga rozi bo‘lib, ataylab tibbiy hamshiralikka o‘qidi. Shveytser universitetni tamomlab, vrachlik diplomi olgan 1912 yilda ular o‘z baxtlarini topdilar — to‘y qilishdi.

Yosh doktor Afrikaga ketishga hozirlik ko‘ra boshladi. U kun bo‘yi magazinma-magazin yurar, bo‘lajak kasalxona uchun jihoz va asbob-uskunalar xarid etardi. Bu ishda uning eng yaqin yordamchisi, maslahatgo‘yi va hamqadami Elen bo‘ldi.

Ular 1913 yilning fevralida Yevropadan jo‘nab ketishdi. O‘zlari bilan 70 chamadon yuk — bo‘lajak gospitalning jihozlarini olib ketishdi. Ikki oy deganda ular ekvatorning qoq beliga joylashgan Ogove daryosi bo‘yiga yetib keldilar. Ana shu daryo bo‘ylab 200 mil yo‘l bosib, Lambarane qishlog‘iga yetib olishdi. Kelishdi-yu, ishga kirishishdi. O‘zlari joylashgan yog‘och “uy”ning yarmini jihozlab, dispanser tashkil qilishdi. Qayiq turadigan saroy birinchi palata bo‘ldi. Tovuqxonani tozalab, dorilab, yuvib, qabulxonaga aylantirishdi. Oradan bir necha hafta o‘tmay, ular har kuni o‘nlab bemorlarni qabul qila boshlashdi. O‘sha pallada mustamlakachilik sirtmog‘ida yotgan Gabonda tug‘ilgan har mingta boladan 160 tasi bir yoshga yetmay o‘lib ketar, bu o‘lkada 8 ming aholiga bitta vrach to‘g‘ri kelardi.

Albert juda iste’dodli bola edi. Besh yoshida, qadimiy oilaviy an’anaga sodiq qolib, organ chalishni o‘rgandi. U benihoya ko‘p kitob mutolaa qilar va a’lo baholarga o‘qirdi. Tabiat unga beqiyos nodir, g‘oyat kam uchraydigan xotira, musiqiy iste’dod, havas qilarli darajada salomatlik va olijanob qalb in’om etgan edi. Ana shu yurak uni o‘zgalar dardu hasratiga mayishadigan etib voyaga yetkazdi. Bolaligidayoq uning qalbida: «O‘zgalar baxti uchun yashash!» shiori tug‘ildi va maktab, gimnaziya quchog‘idan to umrining oxirigacha bu shiorga sodiq qoldi.

Gyunsbax gimnaziyasini tamomlagach, Strasburg universitetiga kiradi. Bu yerda ayni bir vaqtda ikki fakultetda — teologiya va falsafa fakultetlarida taxsil ko‘radi. U hamma narsaga qiziquvchan bo‘lib o‘sdi. Lev Tolstoy asarlarini o‘qish uning ma’naviy hayotida katta voqea bo‘ldi. «Lev Tolstoy asarlari, - deb yozgan edi Shveytser o‘sha mahalda,— o‘z hayotim to‘g‘risida chuqur mushohada qilishni o‘rgatdi va meni oddiy, ayni vaqtda chinakam gumanizm ruhi bilan sug‘ordi.» Parijga kelib mahalliy xalq Baxni yaxshi bilmasligini ko‘rib, uni propaganda qilish maqsadida Iogann Sebostyan Bax to‘g‘risida frantsuz tilida kitob yozdi. Kitob Germaniyadagi baxshunoslarni juda qiziqtirib qo‘ydi. Bax to‘g‘risida Shveytser ikkinchi marta, bu safar nemis tilida 850 sahifali kitob yozadi. Endigina 29 yoshga kirgan yosh iste’dod Kant falsafasidan tashqari muzika bilan ham shug‘ullandi, kontsert faoliyati muttasil davom etardi.

Kunlardan birida allaqanday jurnaldan Kongoda vrachlar yetishmasligi to‘g‘risida maqola o‘qib qoldi. Shu bo‘ldi-yu, uning qalbida o‘sha yoqqa borish, dardmand, bemor odamga yordam berish fikri tug‘ildi. Shu boisdan aynyqsa tropik kasalliklarni davolash usulini chuqur o‘rganishga ahamiyat berdi.

...Oq xalatli «oq doktor» haqidagi xabar atrofga juda tez tarqaldi. Uning oldiga 200—300 mil yo‘l bosib isitma, ichburuq, teri-tanosil, moxov va uyqu kasaliga mubtalo bo‘lgan kattayu kichik negrlar davo izlab, daryoday oqib kela boshlashdi. Ish boshidanoq talay qiyinchiliklar tug‘ildi. Uning tibbiy yordamchilari, xo‘jalikda ko‘makchilari yo‘q edi. Buning ustiga Shveytser mahalliy xalq tilini bilmasdi.

Bir safar Djozef ismli bemor negr Shveytser qabuliga kelib, frantsuz tilida unga murojaat etdi. Shu kundan boshlab Djozef Shveytserning ham tarjimoni, ham yordamchisi bo‘lib, kasalxonada qoldi. U mahalliy qabilaning olti tilini mukammal bilardi. Negrlar Shveytserni «OGANGA» — «Mo‘‘jizakor odam» deb atay boshladilar. O‘zaro suhbatda dardiga shifo topgan negrlar: «Oq doktor avval meni o‘ldirdi, keyin tiriltirdi», deb bir-birlariga hikoya qilishardi. Aslida Shveytser operatsiya oldidan ularga narkoz berardi...

Bemor negrlar bu orada davo topish bilan birga, o‘z makonlariga yangi madaniyat kurtaklarini, yangicha hayot uchqunlarini, dori darmon-u, eng muhimi, olijanob alloma, ziyokor shifokor — oq doktor to‘g‘risida bir umr esdan chiqmaydigan xotirani olib ketishardi. Oq doktor hammani bepul davolardi. Davolash jarayoni o‘sha mahalliy xalq hayotiga moslashgan bo‘lib, bemorlar o‘z uyida — oilasi bilan yashaganday, kasalxonada yashab, davolanishardi. Davolanib, dardiga malham topgan negrlar Shveytserga kasalxonani kengaytirish, yangi palata — hujralar, hatto bino-saroylar qurishda yordamlashishar, bu ishlarning barini ular bepul qilishardi. Ana shunday hamkorlik natijasi o‘laroq yurolmaydigan bemorlar uchun yangi yotoq-palata, operatsiya xonasi, poliklinika, xirurgiya bo‘limi va kengaytirilgan qabulxona binolari qad ko‘tardi.

Birinchi jahon urushi boshlanib, Frantsiya va Germaniya bir-birlari bilan dushman, frontning ikki sarhadida turib jang qilardi. Shveytser esa Germaniya fuqarosi sifatida vrachlik faoliyatidan chetlatildi, oradan uch yil o‘tib Frantsiyaga jo‘natib yuborildi. U yerdan Strasburgga qaytishga ruxsat berildi. Shveytser bu yerda munitsipalitet vrachi bo‘lib ishladi. Birinchi jahon urushi tamom bo‘lishi bilan Shveytser Lambaranega qaytish maqsadida pul yig‘a boshladi. 1924 yilda u Lambaranega qaytib kelganda kasalxona xarobaga aylangan, hamma narsani qayta tiklash kerak edi. Uning o‘zi yeng shimarib, ishga sho‘ng‘ib ketdi: daraxt kesdi, arraladi — yangi kasalxona binosi qurishga kirishdi. Ertalab vrach, tushdan keyin quruvchi. Tez orada qirqqa yaqin turli xil binolar qad ko‘tardi. Avvalgi tiklangan bo‘limlar qatoriga ayollar va bolalar poliklinikasi hamda tish kabineti qo‘shilib, bemorlarga xizmat qila boshladi.

Bemorlarni davolashda, ularga dori-darmon topishda, oziq-ovqat keltirishda, binolar qurishda, xullas barcha yumushda Shveytserga na biron davlat, na biron tashkilot, na biron biznesmen korchalon yordam qo‘lini cho‘zdi. «Kasalxona uchun kerakli mablag‘ni o‘zim topaman,— deb yozgan edi Shveytser,- yozgan kitoblarim (birgina Iogann Bax to‘g‘risidagi kitobi bir necha tillarda nashr etildi) Shvetsiya, Angliya, frantsiya, Shveytsariya, Chexoslovakiya hamda boshqa horijky mamlakatlar bo‘ylab yurib o‘qigan lektsiyalarim va qo‘ygan kontsertlarimdan tushgan mablag‘ kasalxona qurilishi va uning faoliyati uchun sarflanadi».

Shveytser 1927 yilning oktyabr oyida yana Yevropaga keldi. Frankfurt shahri 1928 yilning 28 avgustida «Insoniyat oldidagi olamshumul xizmatlari uchun» uni Gyote mukofoti bilan taqdirladi. U mukofotga olgan pulini ham ishsizlarga bo‘lib berdi. Mukofot olayotib so‘zlagan nutqida: «Insonning ozod ruhi sotsial va iqtisodiy adolatsizlik bilan hech qachon kelisha olmaydi», deb Gyotening quyidagi ikki satrini o‘qib bergan edi:

Hayotu hurlikka udir munosib,

Kimga shu deb etsa jang qilmoq nasib...

Oradan yillar o‘tdi. «Oq doktor» hamon Lambarane tuprog‘ida o‘zining olijanob faoliyatini davom ettirib, minglab, o‘n minglab bemorlar dardiga shifo topardi. 1963 yilda, Shveytsar kasalxonasi tashkil bo‘lganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan e’lon qilingan bir ma’lumotdan quyidagi raqamlarni keltirmoqchiman: kasalxonaga har yili o‘rta hisobda 5 ming bemor murojaat etadi. Ulardan 33 protsenti statsionarda qoladi. 1961—62 yillarda kasallar soni 6 mingdan oshib ketdi. Kasalxonada 342 o‘rin bo‘lishiga qaramay, Afrikaning uzoq burchaklaridan oq doktor oldiga davo izlab kelgan biron bemor qaytarib yuborilgan emas! Har yili kasalxonada 300—400 bola tug‘iladi. 1934 yilda 622 marta operatsiya o‘tkazilgan bo‘lsa, 1962 yilda qilingan operatsiyalar 950 taga yetdi!

Ikkinchi jahon urushidan keyin Albert Shveytser tinchlikni himoya qilish ishiga butun aujudi bilan kirishib ketdi. Meditsina doktori, falsafa doktori, teologiya doktori — Afrikadagi insonparvarlik faoliyati uchun Syurix, Praga, Edinburg, Oksford, Chikago, Kembridj, Berlin va Avliyo Endryus universitetlarining faxriy fan doktori ilmiy darajasini olgan olim-vrach 1953 yilda Nobel mukofoti laureati bo‘ldi. Bu oliy mukofot unga qadar meditsina sohasida faqat ingliz vrachi Boyd-Orr (1949), Xalqaro Qizil krest asoschisi Anri Dyunan (1901) va norveg sayyohi, gistolog olim Fritof Nansen (1922)larga berilgan edi. Hozir Lambaranedagi obod ko‘chalardan biriga Shveytser nomi berilgan. Siz Veymar ko‘chalaridan o‘tib qolsangiz, Shveytserga qo‘yilgan haykalni ko‘rasiz. Shveytser bola ko‘targan negr ayoli va o‘spirin qiz bilan suhbatlashib turibdi.

Unga Nobel mukofoti berilishi munosabati bilan studentlar o‘tkazgan tungi ulkan mash’alali namoyishlarda hamma bir og‘izdan: «Shveytser — davrimizning bayroqdori!», «Hamma uchun birday namunali hayot!», «Insoniyat dahosi!», «Albert Shveytser — insoniyat do‘sti!» deb xitob qilardilar, shu mazmundagi, shiorlarni ko‘tarib chiqqan edilar. Shveytser 1954 yilda shu mukofotni olgani Stokgolmga kelganda tantanali marosimda tinchlik to‘g‘risida yorqin nutq so‘zlab, bunday dedi: «Ahvolimizning g‘oyat ayanchli ekani mana endi bizga juda ravshan bo‘lib qoldi. Biz endi insoniyat kelajagi to‘g‘risida o‘ylamay ilojimiz yo‘q. Biz ikkinchi jahon urushi vaqtida odamlarning yoppasiga qirilishiga yo‘l qo‘yib berdik. Biz atom bombalari bilan butun-butun shaharlarni va ularning aholisini qirib tashlashlariga yo‘l qo‘ydik. Bularga qarshilik qilmaganimiz tufayli biz insonparvarlikka qarshi jinoyatda o‘zimizni aybdor deb bilmog‘imiz kerak».

1957 yil 23 aprel kuni Oslo radiostantsiyasi jahonning besh tilida, shu jumladan rus tilida atom bombasini taqiqlash to‘g‘risida Chaqiriq e’lon qildi. Bu Chaqiriq muallifi Albert Shveytser edi. Chaqiriqni eshitgan ba’zilar: «Bu qaysi Shveytser, haligi Iogann Bax to‘g‘risida klassik asar yozgan muzikachimi?», desa, (bu kitob 1934 yildayoq Moskvada, muzika nashriyoti tomonidan chop etilgan) boshqalar: «Yo‘q, u falsafa doktori, Kant haqida zo‘r asar yozgan mashhur olim» deydi. Uchinchi birovlar: «Menimcha, u ham emas, bu ham emas, «Iso payg‘ambar hayotining tahlili tarixi»ni yaratgan atoqli tarixchi», deb izoh berdi. Yana kimdir: «Suv va qo‘l tekkizilmagan o‘rmon» avtobiografik asarini yozgan iste’dodli yozuvchi-ku!», deb bildi. Va, nihoyat, yana bir guruh uni tropik kasallarni davolayotgan ziyokor hakim deb tanidi. Ha, ularning hech biri adashmagan — olim ham, yozuvchi ham, tarixchi ham, muzikachi ham, alloma vrach ham Albert Shveytserning xuddi o‘zi edi!

Oradan bir yil o‘tib, uning Murojaati ikkinchi marotaba yana butun dunyo bo‘ylab yangradi. Xuddi ana shu buyuk insonparvarlik ruhi, tuyg‘usi, intilishi, sadoqati butun hayotining ma’nosi, bezagi ajralmas bo‘lagi bo‘lib qoldi. Daniyalik biograf u haqda: «Olamda shunday odamlar borki, ularning hayoti mukofotdan iborat bo‘ladi. Lekin o‘zlari uchun emas, butun insoniyat uchun mukofotdir», deb yozgandi. Albert Eynshteynning: «Nihoyat ushbu fojiaviy asrda ulug‘ inson paydo bo‘ldi!», deb xitob qilgani hammaning yodida.

...Ana shu ulug‘ inson, o‘zgalar baxti deb o‘z baxtini tikkan, insoniyat do‘sti, ziyokor alloma, mo‘‘jizakor shifokor Albert Shveytser shu topda bizni zo‘r mamnuniyat bilan kutib olmoqda edi:

— Yaxshi keldinglarmi? Yo‘l olis, qiynalmadinglarmi? — har birimiz bilan birma-bir qo‘l olishib ko‘risharkan, Shveytser chollarga xos muloyim, yoqimli ovozda bizdan hol-ahvol so‘rardi.

Doktor yashayotgan Lambarane Gabon davlatining poytaxti, Librovil va Port-Jantildan keyin uchinchi shahar. Shveytserni ziyorat qilgani kelayotgan sayyohlarning soni yil sayin oshib borayotganidan Lambaraneda yangi aerovokzal qurilmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarida chop etilgan yo‘l ko‘rsatkich — sayohatnomalarda «Afrika qit’asida diqqatga sazovor joylardan birinchisi — mashhur Viktoriya shalolasi, ikkinchi Albert Shveytserning ana shu kasalxonasi», deb qayd etilgan.

Biz Ogove daryosi sohilida turib, daryoning ikki qirg‘og‘idagi nafis manzarani tomosha qilmoqdamiz. Bu manzarani Shveytser o‘zining «Suv va qo‘l tekkizilmagan o‘rmon» kitobida bag‘oyat ustalik bilan, iste’dodli rassom singari ajib bo‘yoqlarda ta’riflab bergan edi. Biz hozir ana shu rango-rang manzarani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.

Quchoqqa smg‘mas yo‘g‘on daraxtlar tanalarini chirmab pastga tushib ketgan lianalar daryo suviga sho‘ng‘ib ketib cho‘milayotganday tuyuladi. Tarnovsimon palma shoxlari iliq shamoldan yengil chayqaladi. Yam-yashil manzarador daraxtlar viqor bilan ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Odam bo‘yi keladigan, shoxlari yelpig‘ichni eslaguvchi papiruslar ko‘eni qamashtiradi. Qurib yotgan yirik shoxlari tarvaqaylab ketgan azim daraxt tepasidan ohista ko‘tarilgan qarqara qushi issiqdan eringanday, havoda uch-to‘rt qanot qoqib, yana o‘z joyiga qaytib qo‘ndi. Mayda ko‘k qushchalar daryo tepasida g‘ujg‘on o‘ynashadi. Eng tepada, ko‘k gumbazida, bir juft oqquyruq — dengiz burguti salobat bilan uchib yuribdi. Palma shoxida allanima qimirlab qoldi. Oldin uzun dum, so‘ng maymunning o‘zini ko‘rdik. Ogovo — Afrikaning eng yirik daryolaridan biri. Uning suvi Lambaranega yetguncha ming kilometrdan ortiq yo‘l bosib o‘tadi. Yana 250 kilometrdan so‘ng Atlantika okeaniga borib quyiladi. Uning sohidida katta-kichik yashil o‘rmon, palmazorlar, botqoqlik va papirus maydonlari yastanib yotibdi. Ulkan daraxtlarning ildizlari ba’zi joylarda suvdan chiqib turibdi. Bu yerdagi hayvonot olamining sevimli joylari — daryo o‘rtasidagi orolchalar tez-tez uchrab turadi.

Tropik shlem ostidan oppoq sochlari ko‘rinib turganiga, nuroniy yuzlariga og‘ir o‘tmish soya tashlaganiga qaramay, Shveytser 85 yoshli odamga o‘xshamasdi. U hamon tetik, ishchan, kasalxonada eng oldin o‘rnidan turadi, bemorlarni ko‘radi, qurilishdan xabar oladi, ilmiy ish bilan shug‘ullanadi. Goho do‘stlari taqdim etgan fizgarmoniyada mashq qiladi, yangi kitob sahifalariga qo‘l uradi, jahonning hamma tomonidan keladigan son-sanoqaiz maktublarga javob yozadi, keti uzilmas mehmonu sayyohlarga mezbonlikdan charchamaydi. Uning kunlari hamisha shunday: zavqli, samarali va sermazmun.

Gruppamiz bir tibbiy hamshira hamkorligida butun shaharchani aylandi. Kasalxonani ko‘rib bo‘lgach, doktorning o‘zi turadigan kichik uychaga keldik. O‘rtamiyona zinadan doktor xonasiga chiqiladi. Yonboshda oldi ochiq katta ayvon. Mana, oddiy va kamtarona jihozlangan xona. Agar to‘rparda osib qo‘yilgan eshikdan ichkariga qarasangiz, turli-tuman maktublar, qog‘ozlar, kitoblar qalashib yotgan stol yonida mutolaa qilib o‘tirgan doktorni ko‘rasiz. O‘ngda uning karavoti. Tepasida pashshaxona. Stol ustida shamchiroq. Kasalxonaning kichik elektrostantsiyasi faqat kasallarni davolash ishida foydalaniladi. Chap tomonda kitob to‘la javon va etajerkalar. Boshqa biron mebel qo‘yish uchun joy ham yo‘q.

Orqa eshikdan ikkinchi xonaga o‘tasiz. Bu yerda fizgarmoniya turibdi. Undan naridagi xonalarda Shveytserning eng yaqin yordamchilari — kasalxona xizmatchilari istiqomat qilishadi. Shveytser yozuv stolida ishlab o‘tirganida chap tomondagi katta derazadan Ogove daryosiga tushiladigan yo‘lni, uning ortida ko‘kish tog‘ tizmalarini va changalzorni ko‘rish mumkin. To‘g‘ridagi derazadan pastga qaralsa, uyga kelib tutashuvchi so‘qmoq, keng maydonda o‘t chimdib yurgan Shveytserning sevimli hayvonlari — maymun va antilopa, ohular ko‘zga tashlanadi. Xonada to‘tiqushlar, yunglari yaltiroq mushuk. Eshik tagida ikkita it yotibdi...

* * *

Oradan yillar o‘tdi. 1965 yilning 14 yanvar kuni Albert Shveytser 90 yoshga to‘ldi. O‘ninchi o‘n yillikka qadam qo‘yib ham Shveytser o‘z hayoti maromini buzmadi, o‘rganish bo‘lib ketgan kun tartibidan chekinmadi. Shu yilning avgusg oyida ham palatalarni aylanib, bemorlarni ko‘rishda davom etdi. Uzoq-yaqindan kelgan muxbir va mehmonlarni iltifot bilan qabul qilar, jahonning hamma tomondan oqib kelayotgan maktublarga javoblar yozardi. Shunday kunlarda uning yurak urishi susaya boshladi. 4 sentyabr yarim tunda bu olijanob, saxiy qalb urishdan to‘xtadi...

Shzeytserni shu yer — Gabon tuprog‘idagi shifoxona yaqiniga, 1957 yilda qazo qilgan umr yo‘ldoshi Elen Breslau yoniga dafn etishdi. Qabr ustiga Shveytserning o‘zi yasagan oddiygina yog‘och xoch qo‘yildi.

Darhaqiqat, Albert Shveytserdek odam biron haykalga, xotira toshiga muhtojmi?! Shunday ham uning xotirasi, jasorati, sadoqati, nomi o‘z qo‘li bilan bunyod etgan shifoxonada, yozgan ajoyib kitoblarida qoldi.

Eng muhimi, uning nomi odamlar qalbida qoldi!

“Sharq yulduzi” jurnali, 1983 yil 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.