Ikrom domla, Mulla Ikromcha (taxalluslari; asl ismi Muhammad Ikrom ibn Abdusalom, 1847 — Buxoro — 1925) — Buxorodagi taraqqiyparvar ulamolardan, muftiy va mudarris. Buxoro madrasalarida tahsil olgan.
Ahmad Donishning ma’rifatparvarlik g‘oyalariga qo‘shilib, madrasalardagi ta’lim tizimini tanqid qilgan, uni isloh kilish yo‘llarini ishlab chiqqan. 20-asr boshlarida muftiy sifatida Buxorodagi jadid — yangi usul maktablarini mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimiychilarning guruxlaridan himoya qilgan.
«Bedorin xobidagan va ogahi nodonon» («Uyqudagilarning uyg‘onishi va nodonlarning ogoh bo‘lishi», 1910) risolasida Buxorodagi amirlik tuzumidan norozilik kayfiyatlari aks ettirilgan. Ushbu risoladan so‘ng Ikrom domla Buxorodan surgun qilinib, Peshkuga qozi qilib jo‘natilgan (1912—14).
Buxoroda 1917 yil aprel namoyishidan keyin Ikrom domla G‘uzorda qamoqqa olinadi. BXSR tuzilgach, qisqa muddat ma’muriy idoralarda xizmat qiladi.
Ikrom domla Buxoroda ko‘plab shoirlarga, jumladan, Ayniyga ustozlik va homiylik qilgan. Fayzulla Xo‘jaev va Ayniy o‘zlarining Buxoro inqilobi tarixiga bag‘ishlangan asarlarida Ikrom domlaning taraqqiyparvarlik faoliyatiga yuksak baho berishgan.