Porso Shamsiyev (1897.10.2, Buxoro — 1972.21.3, Toshkent) — navoiyshunos va matnshunos olim. Filologiya fanlari doktori (1970), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1972). Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan.
30-yilarga qadar madrasa, maktab va maorif yo‘nalishidagi muassasalarda xizmat qilgan. O‘zbekiston Davlat nashriyoti (1931—36) va O‘quvpedagogika nashriyoti (1936—40) da muharrir, O‘z FAN nashriyotida muharrir (1941—45), Til va adabiyot intida katta ilmiy xodim (1945—72).
«Adabiyotdan ish kitobi», «Adabiyot darsligi», «O‘zbek tili darsligi», «O‘qish kitobi» (1- va 2-kitoblar) muallifi. Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub» va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol katnashgan. «Xamsa»ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan tekstologik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan.
Porso Shamsiyev, bundan tashqari, Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan, Boburning «Boburnoma» (S.Mirzayev bilan hamkorlikda) asarining ilmiy nashrini yaratgan, 5 kitobdan iborat «O‘zbek adabiyoti» majmuasini tuzish, tahrir etish va izoxlar yozishda ishtirok etgan. Sh. Britaniya muzeyida saqlanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan «Tuhfat ul-salotin» asari mikrofilmini o‘rganib, uning Navoiy g‘azallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan ko‘chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo‘yicha 45 faslga bo‘linganini aniqlagan.
Porso Shamsiyev G‘afur G‘ulomning 4 jildli «Tanlangan asarlar»i va 2 jildli «Adabiy-tanqidiy maqolalar»ini ham nashrga tayyorlagan. Porso Shamsiyev shuningdek, S.Ibrohimov bilan hamkorlikda «O‘zbek klassik adabiyoti lug‘ati» (1953) va «Navoiy asarlarining lug‘ati» (1972)ni tuzgan.
Toshkent ko‘chalaridan biriga Porso Shamsiyevnomi berilgan.