Said Ahmad (taxallusi; asl ism-sharifi Husanxo‘jayev Saidahmad) (1920.10.6, Toshkent - 1920) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘zbekiston Qahramoni (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968).
Toshkent rassomlik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940—43). «Mushtum» jurnali (1938—39; 1955—57), «Yosh leninchi» gazetasi (1940—41), O‘zbekiston radioqo‘mitasi (1941—43)da, «Qizil O‘zbekiston» gazetasi (1943—47) va «Sharq yulduzi» (1948—50; 1957—59) jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishlagan.
Birinchi hikoyalar to‘plami — «Tortiq» (1940). «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Cho‘l burguti» (1960), «Cho‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron» to‘plamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. Said Ahmad o‘z hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G‘afur G‘ulomning yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmdan o‘rganishga intilgan va ular ijodi Said Ahmadning yozuvchi bo‘lib yetishishida «darslik» vazifasini o‘tagan. Ayni paytda u hajvchi, yumorist sifatida tanilgan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. Romanlarida ham yumoristik yo‘nalish muhim o‘rin tutadi. Uning yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘lgan. «Kelinlar qo‘zg‘oloni»dagi xalqona yumor bilan yo‘g‘rilgan Farmon bibi millat mentalitetini, o‘zligini, kuchli va ojiz jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan betakror obraz darajasiga ko‘tarilgan.
«Ufq» trilogiyasi (1964—74), «Jimjitlik» romani (1988) adib ijodida alohida o‘rin tutadi. «Ufq» romani 20-asr millat hayotining o‘n yillik davri — 2-jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini o‘z ichiga oladi. Trilogiyada o‘sha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar ko‘ksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi iste’dodiga xos ehtiros, zo‘r ilhom bilan aks ettirilgan. Asarda Ikromjon, Jannat, Azizxon, Dildor, Asrora kabi teran, xalqchil, yorqin milliy obrazlar yaratilgan. «Jimjitlik» romanida esa sirtdan tinch, sokin ko‘ringan sho‘ro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan ko‘rsatilgan. Asardagi deyarli barcha yetakchi personajlar fojeiy qismat egalaridir. Roman o‘zining asov, «bebosh» ifoda tarzi bilan jozibalidir.
Said Ahmad istiqlol yillarida ham hayotdagi o‘zgarishlar haqida ko‘plab maqola, badialar yozdi, avvalgidek quvnoq yumoristik, jo‘shqin lirik hikoyalar yaratdi. «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kitoblari, 3 jildli «Tanlangan asarlari» (2000) chop etildi. «Yo‘qotganlarim va topganlarim»da G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Shayxzoda, Saida Zunnunova va boshqa bir qator zabardast o‘zbek yozuvchi va shoirlarining jonli qiyofasini badiiy bo‘yoqlarda ifodalab berdi. Istiqlol tufayli odamlar qismati va ruhiyatidagi evrilishlar haqida bahs etuvchi «Qorako‘z majnun», «Ot bilan suhbat», «Azroil o‘tgan yo‘llarda» hikoyalari, qatag‘on davri xotiralari bilan bog‘liq «Borsa kelmas darvozasi», «Taqdir, taqdir...», «Oftob oyim» hikoyalari, adibning o‘zi yaqindan muloqotda bo‘lgan ustoz adiblar, tengdoshlari, shogirdlari va, nihoyat, o‘z hayot va ijod yo‘li haqidagi xotira-esselari mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida muhim hodisa bo‘ldi.
Said Ahmadgagina xos nozik kuzatishlar, erkin, asov bir ruh, ham hazin, ham nurli, pokiza tuyg‘ular, beg‘ubor hazilmutoibalar bilan yo‘g‘rilgan xotira-esselar bu janrning zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi namunalari qatorida turadi. Feleton janrida xam samarali ijod qilgan. 1947 yili «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan so‘ng oqlangan.
«Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» komediyalari hozirgi O‘zbek milliy akademik teatrida, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. «Ufq» asari asosida dramalar, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida «Muhabbat mojarosi» filmi (1970) va boshqalar yaratilgan.
«Do‘stlik» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.
Umarali Normatov.