OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yolqin To‘raqulov (1916-2005)

http://www.ziyouz.uz/images/ziyoli/yolqin_turaqulov.jpgTo‘raqulov Yolqin Xolmatovich (1916.10.11, Qozog‘iston Respublikasi Marki shahri — 2005.1.3, Toshkent) — biokimyogar olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1965). Biologiya fanlari doktori (1959), professor (1962).

ToshTIni tugatgach (1936), shu institut biokimyo kafedrasida assistent (1936-38), aspirant (1938-41), ayni vaqtda Toshkent farmatsevtika instituti direktori (1939—41). Urush qatnashchisi (1941-44), yana shu institut direktori (1944). SSSR Tibbiyot Fanlari akademiyasi Biologiya va tibbiyot kimyosi institutida (Moskva) ilmiy xodim (1944—47). ToshTI rektori (1947—50), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jalik institutida katta ilmiy xodim (1950—54), Andijon tibbiyot instituti prorektori va kafedra mudiri (1954— 56), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida bo‘lim mudiri (1957), direktor o‘rinbosari (1960—62). O‘zbekiston Sog‘liqni saklash vazirligi O‘lka tibbiyot (hozirgi Endokrinologiya) ilmiy tadqiqot instituti direktori (1957-60, 1962-63, 1976-96), ayni vaqtda laboratoriya mudiri (1957-97; 1998 yildan ilmiy maslahatchi), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1970—72), vitseprezidenti (1963—66), biologiya fanlari bo‘limi raisi (1966—79). ToshDUda kafedra mudiri (1967 yildan), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Biokimyo instituti direktori (1967—69), laboratoriya mudiri 1967—70). SamDU rektori (1970—72), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tibbiyot fanlari bo‘limi raisi (1994—97) bo‘lib ishlagan.

Yolqin To‘raqulovning ilmiy ishlari qalqonsimon bez patologiyasining ba’zi turlarida tireoid gormonlar biokimyosiga oid. Uning tadqiqotlari zamonaviy biologiya, tibbiyot, biokimyo, biofizika, radiobiologiya va endokrinologiya fanlarining original yo‘nalishlariga bag‘ishlangan. Qalqonsimon bez kasalliklarida radioaktiv yod yordamida o‘tkazilgan klinik-biokimyoviy ishlari uchun nufuzli Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1964). Biokimyodan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, lug‘atlar tuzgan.

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1985), «El-yurt hurmati» (1998) va «Buyuk xizmatlari uchun» (2003) ordenlari bilan mukofotlangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.