OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Jamilova. Yaxshi so‘zning qudrati

Ertalab uydan chiqayotib, pastdan qattiq-quruq tovushlarni eshitdim. Birinchi qavatda eshiklari ro‘parama-ro‘para bo‘lgan ikki qo‘shnim yo‘lakni supurmaganlikda bir-birini ayblashardi. Zinapoyada to‘xtab qoldim. Uyga qaytib kiray desam ishga kechikaman. Pastga tushay desam, ikkoviyam meni to‘xtatib “dardi”ni to‘kib solishadi (ilgari bunday holatlar ko‘p bo‘lgan). Boshim qotdi. Janjal anchaga cho‘zildi, ikkovi uy-uyiga kirib ketishgandan so‘ng shoshib yo‘lga tushdim. Shu kuni ishim ham unmadi, ertalabki dilxiralik ruhiyatimga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi.

“Janjallardan chetga qoch, yaxshilarga ergashib, yomonlardan uzoq yur. Halol rizq topsang sog‘lom bo‘lasan, qanoat qilsang xotirjam yashaysan. O‘zgalarga baxt tilasang o‘zingga ham qaytadi. Har narsada me’yorni saqla, parhezkor bo‘l”, deyilgan Tibet donishmandlarining o‘gitlarida. O‘qiganlarim bolalikda Zulfizar momom aytgan hikmatlarni yodga soladi. “O‘zingga shukr”, degan so‘zni she’r qilib yodlab olgan momo hovlisida o‘rmakda gilam to‘qigan kezlari tomosha qilgani borardik. Qo‘li ishdan, og‘zi gapdan bo‘shamasdi, maqol-matallarga usta edi. Bizga: “Aslo urishmanglar, qanoatli bo‘linglar, odamlar bir-biriga yaxshilik qilishi, to‘g‘ri yashab halol pul topishi kerak, bu muqaddas kitobda ham yozilgan”, der edilar.

Balki eshitgandirsiz, yaponiyalik tadqiqotchi Masaru Emoto maxsus tajriba o‘tkazib, suvning ham xotirasi borligini isbotladi. Uning aniqlashicha, suv “ko‘radi, eshitadi va ta’sirlanadi”. Demak, biz ichadigan suv tirik biologik mavjudot ekan! Yapon olimi ikki stakanga toza suv soladi, so‘ng idishlarning biriga qarab jahl chiqqanda tilga olinadigan so‘zlarni aytadi, yana biriga mehr bilan tikilib yaxshi gaplarni pichirlaydi. Keyin elektron mikroskop yordamida suv kristallarini suratga oladi. Yaxshi so‘zni “eshitgan” idishdagi suv xuddi nilufar guli kabi chiroyli shaklda kristallashgan, yomon so‘zdan “ta’sirlangan” idishdagi suv kristallari esa aksincha, bulutdek qo‘ng‘ir tusli, ko‘proq loy parchasiga o‘xshash. Qarang-a, oddiy suvimiz aytilgan yaxshi-yomon so‘zni o‘z xotirasiga joylarkan! Inson tanasining yetmish foizi suvdan iborat ekanini ham hisobga olsak, uning qalbida bu jarayon qanday kechishi bizga kunday ravshan bo‘ladi.

Ancha yillar oldin mahallalardan birida yosh er-xotinning qo‘ydi-chiqdisiga guvoh bo‘lib qoldim. Ularning har ikkisi mahalla faollari oldida bir-birini shunchalik qattiq haqoratlashdiki, “Endi bular umrbod bir-birovining yuziga qaramasa kerak”, deb o‘ylagandim. Oradan biror oy o‘tib yana shu mahallaga yo‘lim tushdi, haligi kelin-kuyovni surishtirdim, “yarashib ketishdi” deyishdi. “Xayriyat” deya ko‘nglim yorishdi, lekin o‘shandagi janjal paytida men eshitgan so‘zlar birrov quloqlarimni yondirib o‘tdi.

Ko‘pchilik oilaviy mojarolarda erkak va ayolning g‘azabu nafrati kuchayib, tillariga erk berishadi, bir-birining qalblarini ayamay jarohatlashadi. Jahl kelganda o‘zini bosa olgan kishi eng kuchlidir, deyiladi hadislarda. Keyinchalik har eslaganda uyalib yurmaslik uchun xayolimizdan o‘tgan yomon fikrni ovoz chiqarib aytishdan saqlanishimiz kerakmikin, deb o‘ylab qolaman. Negaki, bu narsa faqat ayni vaqtdagi kayfiyatimizga ta’sir etib qolmay, balki sog‘lig‘imizni ham izdan chiqaradi. Shifokor olimlarning ta’kidlashicha, yuragimiz xafagarchiliklarga eng sezgir a’zo bo‘lib, salbiy ta’sirlar tufayli uning qisqarish maromi buziladi, qon hamda tanadagi bir qancha suyuqliklar tarkibi o‘zgaradi, oqibatda immunitet (kasalliklarga qarshilik kuchi) susayadi. Shunday kezda odamga birorta xastalik “hujum” qilishi osonlashadi.

Rivoyatlarga ko‘ra, burungi zamonda ayolini har qadamda ayblab, tinmay haqoratlayveradigan bir kishi bo‘lgan. “Bu odamning og‘zidan chiqqan so‘zga ilon ham po‘st tashlaydi, tokaygacha uning so‘kishlarini eshitib yashaysan”, deyishibdi yaqinlari ayolga. Lekin toshdan sado chiqsa chiqarkan-u, ayol indamay yashayverarkan. Yillar o‘tib erkak dardga chalinibdi, mehr bilan parvarishlayotgan ayoliga shunday debdi:

— Bir umr so‘kishu haqoratlarimdan bo‘lak hech so‘z eshitmading, qanday qilib mendek odamga chidab yuribsan-a?

— Qiyomatda sabrlilar qatorida bo‘lmoqchiman, — debdi ayol.

— Sog‘ayib oyoqqa turganimdan so‘ng sendek ayolim borligiga doim shukrona keltiraman va bu bilan qiyomatda shukrlilar qatorida bo‘lurman.

Ayol bunga javoban shunday debdi:

— Tangrim shukrli bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi, lekin sabrlilarini behad sevadi!

Rivoyat zamiridagi hikmat shundaki, sabrning adog‘i — quvonch, lekin sabr uchun o‘zida kuch topa olgan insonga har qancha tahsin ham ozlik qiladi!

Aytishlaricha, chet ellik olimlar ba’zan oddiy yo‘lovchilarning o‘zaro suhbatlariga quloq tutisharkan. Xo‘sh, kim nimani gapirayapti? Kundalik sarf-xarajatlar va bozordagi narx-navo haqida shunchaki so‘zlashayotganlar ko‘pmi yoki ilm-fan va kelajakdagi o‘zgarishlar xususida kuyunib gaplashayotganlar ko‘proqmi — shu haqda bilishni istasharkan. Ularning nazarida o‘zaro muloqotlar kishilarning kayfiyati, orzu-umidi va ertangi kunga ishonchidan darak beradi.

Rivoyatda keltirilishicha, cho‘li biyobonda yoz jaziramasida halloslagancha bir yigit ketib borar edi. Orqasiga osilgan ko‘zachadagi suviga onda-sonda qo‘l tekkizib qo‘yar, so‘ng yana ilgari odimlardi. Ko‘kda parvoz qilib yurgan burgut bu odamni kuzatibdi. So‘ng: “Ey, inson bolasi, ko‘zachangdagi suvni ichsang-chi, aks holda nobud bo‘lasan”, debdi. Shunda yigit: “Suvim borligini bilaman, lekin uni hozir ichsam manzilga yetib borolmayman, chunki shu suv men uchun umid va kuch-quvvat”, deb javob qaytaribdi.

Orzu qilib, umid bilan yashash va o‘z kuchiga ishonish insonni oldinga yetaklovchi kuch ekanini bilamiz. Shu uchalasi hayotimizning mazmunini ham belgilaydi. Ko‘zlari ojiz bo‘lsa-da ingliz shoiri J.Milton bu haqiqatni uch yuz yil avval ko‘ra olgan va “Inson tafakkuri qalbidadir, uning o‘zi jannatni do‘zaxga, do‘zaxni jannatga aylantira oladi”, degan ekan. Eshitish, ko‘rish va gapirish qobiliyatlari bo‘lmagan amerikalik mashhur adib Elen Kller esa: “Hayotim naqadar ajoyib o‘tayapti”, deb tinmay ta’kidlagan. Har qanday og‘ir davrda ham orzu qilishdan to‘xtamagan, umidsizlikka berilmasdan manzil tomon dadil boravergan xalqning farzandlarimiz. Tomirlarimizda jo‘sh urayotgan barcha insoniy fazilatlar bizga ajdodlarimizdan merosdir. Hayotsevarligimiz ham aslida shundan. O‘ylab ko‘rsak, hayotimiz aslida u haqda nimani o‘ylayotganimizning o‘zginasi ekan. Agar biz baxt haqida xayol sursak, o‘zimizni baxtli his etamiz. O‘ylarimiz g‘amgin bo‘lsa, tushkunlik girdobida qolamiz. Nuqul kasalliklar haqida o‘ylayversak chindan ham dardga chalinamiz. Demakki, salbiy fikrlarimiz moddiylashib bizni yomonlikka boshlamasligi uchun hushyor bo‘lganimiz ma’qul. Aytilajak har bir so‘z oldidagi mas’uliyatni unutmasligimiz joiz.

So‘zning qudratini qarang! Jon olguvchi ham so‘z, jon berguvchi ham so‘z. Jonbaxsh so‘zimiz bilan dunyoni bezatib yashasak qani edi? Qishlog‘imiz donishmandi Zulfizar momom esa: “Jonini saqlayin deb molini qurbon qiladilar, aslida birovga aytilgan yaxshi so‘z ham sadaqa o‘rniga o‘tadi”, der edilar. Dunyoni suyab turguvchi bizning yaxshi so‘zimizdir, demoqchi bo‘ladi momom.

Bir mahalladan chiqaverishdagi ko‘cha darvozasi tepasiga katta harflar bilan “Oq yo‘l, sizni oilangiz kutadi”, deb yozilgan. Ertalab yo‘lga otlangan kishi shu yozuvga, albatta, ko‘zi tushadi. U qay yoshda bo‘lmasin, yozuvni o‘qigach oilasiga mehri yanada ulg‘ayadi, shu lahzadayoq yaqinlari hayotiga mas’ul ekanini yana bir karra fahmlaydi. Oilasidagilar quvonchi uchun o‘zini yanada ko‘proq asrashi lozimligini tushunadi.

O‘ylab qolaman. Yashashdan asl maqsad o‘zgalar yukini yelkalashib, yon-atrofdagilarning baxtli bo‘lishiga ko‘maklashish ekan, buning uchun nechun so‘z kuchidan foydalanmaymiz? Axir, biz yuzlab-minglab yuraklarga so‘z bilan kirib boramiz, ularni uyg‘oq so‘zimiz bilan zabt etishimiz mumkin-ku.

Albatta, hoyu havaslar ro‘yobini baxt deb biladigan ayol ilmu ijod bahslari qaynagan davralarga sig‘maydi. Bordiyu u ikki-uch bora shu davralar suhbatini oxirigacha jimgina tinglab o‘tirsa, shubhasiz, dunyoqarashi o‘zgaradi. Ro‘zg‘oridagi kamchiliklarni gapirib ado qilolmaydigan yoxud duch kelganga dardini aytib ko‘z yosh to‘kaveradigan ayolga: “Ba’zi birovlar qayg‘usi oldida seniki hech gapmas, hadeb obidiyda qilavermay yaxshi kunlar haqida o‘yla”, desak kifoya, ayol o‘sha vaqtning o‘zida bo‘lmasa ham uyiga borgach bu gapning mag‘zini chaqadi. Goho ishi yurishmay alamini ichkilikdan oladigan odamga kimdir: “Qo‘lingdagi shayton suvini to‘kib tashla, o‘zingni falokatdan qutqar” desa, harholda u keyingi safar ichayotganida biroz mulohaza qiladi, yomon odatini tashlashiyam mumkin.

Xulosa o‘rnida aytganda, har birimiz ham yon-atrofimizdagilarning hayotini o‘zgartirishga qodirmiz. Chunki biz aytajak so‘z ulkan quvvat manbai, kuchli qudratga ega. Olamga go‘zalliklar tilasak, u yanada chiroyli bo‘la boradi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 47-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.