Ranglarni, tovushlarni sekin-asta farqlay boshlagan go‘dak quralay ko‘zchalarini goh katta-katta ochgancha, goh uzun-uzun kipriklarini pirpiratib, atrofga cheksiz qiziqish va hayrat ila boqadi. Bu — Olam va Odamni anglash sari ilk intilish! Ana-mana deguncha tili chiqadi, ota-onasi, yaqinlarini holi-joniga qo‘ymaydi: “Nega unday?”, “Nega bunday?..” Hamma narsaga qiziqadi. Hamma narsani bilgisi keladi. Sir-sinoatga to‘la olamni shu tariqa anglay boradi, shabnamdek shaffof ongida yoshiga xos tasavvurlar zohir bo‘ladi, xayolot dunyosining sarhadlari tobora kengayaveradi.
Bolalikda shitob bilan kechadigan bu jarayon koshki umrning oxirigacha shunday davom etsa! Unda Inson tafakkuri ne mo‘‘jizalar ko‘rsatgan bo‘lardi?!
Tog‘ qoyalari orasidan pastlik tomon oshiqib kelayotgan daryo tekis va keng o‘zanga tushgach, yoyilib, sekin oqadi. Yoinki o‘rnidan qo‘zg‘alayotgan samolyot avval juda katta tezlik ila yelib, osmonga ko‘tarilib oladi-da, so‘ngra manzil tomon bir maromda intiladi. Bolalikdan keyingi bilish va anglashga bo‘lgan qiziqishni ana shularga qiyoslagim keladi.
Bolalikning beg‘ubor onlarida shiddat bilan kechayotgan soddagina fikrlash jarayoni hali TAFAKKUR bosqichiga ko‘tarilib ulgurmay sokin bir holga kelib qolishining sababi nimada? Ehtimol, bola “Nimaga shunday?”, “Nima uchun?..” degan ko‘pdan-ko‘p savollarga biz, kattalardan jo‘yali bir javob ololmagach, bilim va anglash sari qiziqishi susayib borar. Ehtimol...
Yillar o‘taveradi, bolalarimizning yoshiga yosh qo‘shilaveradi. U yoki bu masala xususida endi ular o‘z munosabatlarini bildirishni xohlaydilar. Biroq ularning shaxsiy fikrlarini tuzukroq qadrlaymizmi, inobatga olamizmi? Fikr yuritishini qay tarzda rag‘batlantiramiz?
— Yaxshi bilasiz, oila davrasida eru xotin biror masalani muhokama qilib turganimizda, —deydi bu mavzu yuzasidan fikrini bildirgan bir o‘qituvchi tanishim, — suhbatimizga quloq tutib turgan yosh bolamiz ham beixtiyor o‘z munosabatini bildiradi. Shunda ko‘pincha nima qilamiz deng? “Jim o‘tir, kattalarning gapiga suqilishni kim qo‘yibdi senga!” yoki “Sen o‘zi nimani ham bilarding, boshimni qotirma, qoch!” qabilidagi dashnomlar bilan hafsalasini pir qilamiz. Oiladagi urush-janjallar natijasida bolaning ruhan iztirob chekishi ham fikrlashiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ota-onalar borki, vajohatidan ot hurkadi. Bolalari ustiga o‘shqirib kelsalar ular qo‘rqqanlaridan qaltirab, duduqlanib gapira olmay qoladilar. Bu juda yomon, zararini hatto tasavvur qilish ham qiyin!
Bunday munosabatlar bolaning ko‘nglini majruh qiladi. Bejizga buyuk olmon adibi Romen Rollan “Tafakkurni nobud etgan odam uch karra qotildir” deya ta’kidlamagan edi.
“Bizning oilada bunday emas, bolaga munosabatimiz o‘zgacha” deysizmi? Yaxshi. Xo‘sh, farzandlariga huda-behuda tanbeh bermay, ularning fikrini Siz kabi sabr va e’tibor bilan tinglab, to‘g‘risini qo‘llab-quvvatlaydigan, noto‘g‘risini esa “Unday emas, bolam, bunday bo‘ladi” deya yotig‘i bilan tushuntiradiganlar ko‘pmi, ozmi?
Xullas ana shu va boshqa ko‘p sabablar tufayli bolalarimiz fikrlashga, fikrini emin-erkin aytishga rag‘bat sezmaydilar. Oqibatda narsalar, voqea va hodisalar mohiyatini chuqurroq anglashga, to‘g‘ri xulosalar chiqarishga yordam beradigan savollar endi ularni kamroq va yana... yana kamroq qiziqtira boradi, nazarimda. Bildirilgan fikrga bepisandlik hukmron bo‘lgan, tafakkur rag‘batlantirilmaydigan oilada o‘sadigan bola kelajakda tez va to‘g‘ri fikrlaydigan, fikr-muddaosini dadil va ravon bayon qila oladigan inson bo‘lishi haqiqatdan uzoq.
Balog‘at yoshiga yetganda va undan keyin aksariyat yigit-qizlar aql-idrokda o‘zlarini kattalardan kam emasdek his qila boshlaydilar. Nima, bu yoshga kelib, ular uchun hamma narsa ayon, tushunarli bo‘lib qoldimi? Hamma narsaga aql-shuurlari yetadimi? Ortiqcha fikr-mushohada yuritib, “miyani qotirishning” hojati qolmadimi endi? Aslo!
Inson KOMILLIK sari intilar ekan hech qachon teran mushohada yuritishdan, taxayyul dunyosida sayr etishdan, tafakkur sarhadlarini kengaytirishdan to‘xtamaydi. Zero Abu Ali ibn Sinodek qomusiy bilim sohibi bo‘lgan alloma umrining oxirlarida quyidagi satrlarni bejizga bitib qoldirmagan:
Hech bir gap qolmadima’lum bo‘lmagan,Juda oz sir qoldima’lum bo‘lmagan,Bilimim haqidachuqur o‘ylasam,Bildimki, hech narsama’lum bo‘lmagan.“Mu’jam al-udabo” (“Adiblar qomusi”) kitobida yozilishicha, buyuk olim Abu Rayhon Beruniy “ancha keksayganligi va munkayib qolganligiga qaramay... qo‘li qalamdan, ko‘zi kitobga qarashdan, ko‘ngli fikrlashdan bo‘shamagan”. Shu kitobda Beruniyning zamondoshi, qonunshunos al-Volvolijiyning hikoyasi ham keltirilgan: “Bir kuni Abu Rayhonning oldiga kirdim, —deb yozadi Volvolijiy, — qarasam u jon berayotgan, g‘arg‘ara bilan nafas olib, ko‘kragi siqilayotgan edi. O‘shanday holda turib, menga qarab:
— Sen bir kuni menga “al-jaddat al-fosida” hisobi haqida nima degan eding? — dedi.
Men uning qiynalayotgan holiga rahmim kelib:
— Shunday holatda-ya? — deb so‘radim.
— Ey sen, — dedi Abu Rayhon, — men bu dunyo bilan xayrlashayotibman, o‘sha masalani bilmay ketganimdan ko‘ra bilib ketganim yaxshiroq emasmi?!
Men o‘sha masalani unga tushuntirib berdim, u bo‘lsa, uni yodlab oldi va o‘zi ham va’da bergan narsasini menga o‘rgatdi. Shu bilan men uning oldidan chiqdim, hali uyga yetmay, yo‘lda ketayotganimda Abu Rayhonning uyidan yig‘i ovozini eshitdim...”
Darhaqiqat, ulug‘ ajdodlarimiz “Beshikdan qabrgacha ilm izla” deyilgan hadic hikmatini dillariga ana shunday jo etganlar. Bu, avvalo, ularning teran tafakkur salohiyatiga musharraf bo‘lganliklari natijasidir. Fikrlashi sust kishilardan bunday holni kutish qiyin.
Jamiyatning taraqqiyoti, Vatanimizning har tomonlama yuksalishini aqlan, jismonan va ruhan yetuk, fan cho‘qqilarini dadil zabt etib borayotgan, yangicha fikrlovchi, tafakkur doirasi keng yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu sababli yoshlar kamoloti vazifasi davlatimizning izchil va uctuvor siyosatiga aylangan. Ilmu fan, san’at, sport va boshqa sohalardagi natijalari, yutuqlari bilan bizning zamonda ham butun dunyoni qoyil qilayotgan shunday yoshlarimiz borki, buyuk bobolarimizga xos bo‘lgan o‘tkir zakovat va tafakkur, noyob iste’dod ular uchun ham begona emasligini ko‘rib faxr etamiz.
— Tafakkur shunchaki o‘ylash onlari emas, bu jarayon chuqur fikrlash, mushohada yuritish va mantiqiy xulosalar chiqarishdir, — deydi psixologiya fani mutaxassislaridan biri.
Uning fikricha, tafakkur jarayoni idrok etish, qiyoslash, tahlil va sintez qilish, abstraktsiyalash, umumlashtirish, konkretlashtirish va to‘g‘ri deb hisoblangan biror to‘xtamga, fikrga kelish kabi bosqichlardan iborat. Ana shu jarayonlarda obdon pishitilmagan u yoki bu masala haqidagi fikr jo‘yali, mantiqli chiqmasligi mumkin.
Afsuski, ko‘p hollarda fikrlashimiz yengil-elpi, mohiyatga teranroq kirib bormaymiz, yuzaki xulosalar chiqaramiz. Nega?
Negaki, chuqur o‘ylash, mushohada yuritish ham ozmi-ko‘pmi mehnat, mashaqqat talab qiladi. Biz ana shu mashaqqatdan qochamiz, miyamizni ishlatgimiz, charchatgimiz kelmaydi! Natijada fikrat tanballigi deb nomlasa bo‘ladigan kasallikka mubtalo bo‘lamiz. Endi biz uchun ham boshqalar o‘ylasin, boshqalar fikrlasin, boshqalar munosabat bildirsin! Biz esa ularning to‘g‘riyu noto‘g‘ri, ma’qulu nomaqbul fikrlarini ko‘r-ko‘rona qabul qilamiz. Nima desalar tasdiq ma’nosida boshimizni qimirlatib o‘tiraveramiz. Tafakkur chig‘irig‘imizdan mundog‘ o‘tkazib ko‘rmaymiz. Negaki, bu chig‘iriq anchadan buyon yaxshi aylanmay qolgan!..
Ishxonada boshliqlar “U ishni ana unday, bunisini mana bunday bajarishimiz kerak, to‘g‘rimi, siz nima deysiz?” deb fikrimizni so‘raganda ham ko‘pincha “to‘g‘ri-to‘g‘ri” deb qo‘l qovushtirgancha turaveramiz. Rahbar oldida istihola qilganimiz, nojo‘ya fikr aytib qo‘yishdan hadiksiraganimiz uchun emas, balki bama’ni, ko‘pchilikka manzur bo‘ladigan fikrimiz yo‘qligi uchun ham o‘zimizni shunday tutamiz. To‘g‘ri, xodimining fikrini eshitishga toqati yo‘q boshliqlar ham uchrab turishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ba’zan biror muammo, mushkulot tug‘ilganda “Mendan kattalar (yosh va lavozimda) bor-ku, o‘shalar bosh qotirsinlar” deb o‘z halovatini ko‘zlaydiganlar topiladi. Bundaylar eng avvalo shaxsiy manfaat ko‘rinmagani uchun taklif va mulohazalarini pinhon tutadilar.
Ba’zan radio qulog‘ini burasangiz, ma’lum to‘lqinda eshittirish olib borayotgan dunyodagi turli radiostantsiyalar bir-birining ovozini “bosib”, o‘zinikini “tiqishtirish” holatiga guvoh bo‘lasiz. Katta-kichik davralarda ham shunga o‘xshash manzaralarni — bir-birining so‘zini bo‘lib, o‘z fikrini tezroq aytib qolishga urinishlarni va “meniki to‘g‘ri” qabilidagi uqtirishlarni ko‘p kuzatamiz. Birovning o‘z muddaosini bildirishiga hamisha ham imkon bermaymiz. Yana bir qusurimiz shuki, so‘zlovchining nima demoqchiligini emas, nima deganini inobatga olamiz. Axir “Tushunamanu lekin aytib berolmayman” deguvchi kishilar ozmi? Fikrini chiroyli ifodalash — fazilat. Biroq buning uddasidan chiqa olmaslik ayb emas, bu, nari borsa, bir kamchilik, xolos. Donishmand bobolarimizning so‘zlovchining o‘ziga emas, so‘ziga boq, degan o‘gitini keng ma’noda tushunishga intilmaymiz. Xullas, bizda o‘zgalarning fikriga e’tibor va hurmat, eshitishga sabr yetishmaydi. Bularning hammasi hali fikrlash, fikrimizni ifoda etish hamda tinglash madaniyatimiz tarbiyaga va takomilga muhtoj ekanligini anglatadi.
Fikrlash uchun ham avvalo aql-zakovat zarur. O‘tkir zakovat irsiy omillardan tashqari teran fikrlashlar, mushohada yuritishlar, o‘ta ziyrak va nozik kuzatishlar natijasi hamdir.
Ehtiyojlar, hal etilishi oson kechmaydigan turli-tuman muammolar kuchli fikrlashni talab etadi. Ana shu jarayonda, tabiiyki, aqlimiz ham o‘tkirlashib boradi. Kitoblar o‘qish, turli ilmlarni o‘rganish aqlni peshlaydimi? Shubhasiz! Biroq buyuk donishmandlardan Dekart aytganidek, “Aqlni o‘stirmoq uchun hadeb o‘qiyvermay, ko‘proq fikrlash kerak”. O‘nta kitobni shunchaki o‘qib, mushohada etmagandan ko‘ra, bittasini o‘qib va uqib, chuqur fikr yuritgan ming bora afzal. Yana shuni aytish kerakki, fikr yuritishda mo‘‘tadillik, ya’ni me’yor bo‘lgani ma’qul. Behuda, uzuq-yuluq, noizchil fikrlash — miyani g‘ovlatishdan boshqa narsa emas. Hadeb o‘ylayvergan bilan ish bitmaydi. “O‘ychining o‘yi bitguncha — tavakkalchining ishi bitadi” degan naqlni ham unutmasligimiz kerak.
Yoshlarni chuqur fikr yuritishga o‘rgatish uchun adabiyot muallimlari asar voqealarini bayon etishdan ko‘ra ko‘proq tahlil etishni o‘rgatsalar, tez-tez insholar yozdirib tursalar foydasi beqiyos bo‘lishi shubhasiz. To‘g‘ri, test savollari ham o‘quvchilarni fikrlashga o‘rgatadi. Lekin, nazarimda, inshoning foydasi testdan ko‘proqdir.
Maktablar, litseylar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan “Zakovat”, “Nima? Qachon? Qaerda?” deb ataluvchi bahslarda savol-javoblarning asosiy qismi “Falon voqea qachon ro‘y bergan?” mazmunidagi statistik ma’lumotlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Bu bilimni oshirishga ozmi-ko‘pmi yordam bersa-da, fikrlash qobiliyatini o‘stirishga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Asosiy e’tiborni mazmunida “Nega shunday?”, “Nima uchun?”, “Qanday qilib?” degan so‘roqlar mujassam bo‘lgan va ularga javob talab qilinadigan, fikrlashga undaydigan savollarga qaratish kerak.
Odam qorni ochganda ovqatlanadi, uyqusi kelsa, uxlaydi va bu tabiiy ehtiyojdir. Fikrlash ham aslida ana shunday ehtiyoj. Nafaqat ehtiyoj, balki lazzat hamdir. Lazzat bo‘lganda qandoq — tengi yo‘q lazzat! Afsuski, fikrlash lazzatini his qilmaydiganlar va hatto undan bebahralar oz emas.
Fan va texnika taraqqiyotining ayrim qulayliklari bolalarimizning bilim egallashlarida tengsiz imkoniyatlar ochayotgan bo‘lsa-da, fikrlash ehtiyojlarining susayishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Oddiygina misol. Bugun kalkulyator, nazarimda, o‘quvchilar, talabalarning eng zarur o‘quv quroliga aylanib qoldi. Vaqtni tejashi jihatidan bu yaxshi, albatta. Biroq yomon tomoni shuki, ozgina fikrlab ko‘rilsa, javobi osongina topiladigan sodda amallarni ham ular kalkulyator yordamida yechmoqdalar. Shu sababli 1 dan 9 gacha bo‘lgan sonlarni yoddan ko‘paytirishni bilmaydigan bolalar (hatto yuqori sinflarda ham!) uchrab turishiga ajablanmasa bo‘ladi. Biroq ularning aksariyati to‘rt amalga doir sodda hisob-kitoblarni kalkulyator yordamida bemalol bajara oladilar. Bunday holni kattalar misolida ham ko‘rish mumkin. Aytaylik, 200 so‘mga 300 so‘mni qo‘shish uchun ham qo‘liga kalkulyator oladigan ba’zi kishilar borki, bu hol ulardagi tafakkur tanballigidan boshqa narsa emas.
Bugun inson tafakkuri mahsuli bo‘lmish kompyuterlar, ta’bir joiz bo‘lsa, inson aql-zakovati bilan bahslashmoqda. Kompyuter bilan shaxmat o‘yinlari, kompyuter tarjimalarini eslash kifoya. Hatto inson miyasidagi fikrni o‘qiydigan va “aytib beradigan” kompyuterlar ixtiro qilinganidan ham ehtimol xabardorsiz. Lekin “sun’iy aql” degan nom olgan bu qulaylikdan aksariyat yoshlar asosan har xil o‘yinlar o‘ynash, bir-birlariga maktublar yo‘llash maqsadida foydalanmoqdalar. Internet-kafelarga kirsangiz bunga yaqqol guvoh bo‘lasiz. Internet sahifalaridagi materiallar bilan tanishganda ham ularning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi, nima maqsadda berilgani xususida chuqur fikr yuritib ko‘radiganlar kam. Vaholanki, “dunyo o‘rgimchak to‘ri” deb atalayotgan bu tarmoqda kishini chalg‘itadigan, g‘oyaviy-axloqiy jihatdan zararli bo‘lgan ma’lumotlar ham uchrab turadi.
Bugungi globallashuv jarayonida, axborot xurujlari chalg‘ituvchi, maftunkor jilolarda namoyon bo‘layotgan bir davrda bunday ma’lumotlarni tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib, sarasini sarakka, puchagini puchakka ajrata olish uchun avvalo kishining fikrlashi va dunyoqarashi to‘g‘ri shakllantirilgan bo‘lishi kerak.
Har bir kishining tafakkur jarayoni o‘z saltanatidir. Bu saltanat sirlarini bilishga urinuvchilar qanchalik harakat qilishmasin, hatto eng “aqlli” kompyuterlarga-da umid bog‘lashmasin, o‘zgalar uchun u qorong‘u dunyoligicha qolaveradi. Faqat Yaratgangayu fikrlovchining o‘ziga ravshan. Nima haqida, qay tarzda fikr yuritadi, qanday xulosalar chiqaradi — erki o‘zida. Bir qarashda, hech kim bu erkka daxl qilolmaydi va haqi ham yo‘q. Biroq, dunyo sahnasiga nazar tashlasangiz, qanchadan-qancha ezgu ishlar bilan birga ana shu daxlsiz saltanatga tajovuzkorlikning turli ko‘rinishlarini ham ilg‘ab olasiz. Bu g‘oyalar kurashida, e’tiqodlar va axloqiy qarashlar targ‘ibotida namoyon bo‘lmoqda. Shunday tajovuzlar ta’siriga tushib qolgan kishi o‘zgacha fikrlay boshlab, sekin-asta fikrini, dunyoqarashini va hatto e’tiqodini mutlaqo o‘zgartirishi ham mumkin. Zombilar, kamikadzelar, terror ijrochilari, eng avvalo, daxlsizlik saltanati bo‘lmish fikrlash erkini tajovuzkorlarga boy berib qo‘ygan kishilardir. Xotira va tafakkurdan mosuvo bo‘lib, manqurtga aylanishning oqibati qanchalar dahshatli ekanligini ulug‘ qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov “Asrga tatigulik kun” asarida yuksak mahorat bilan ko‘rsatib bergan.
Inson, eng avvalo, aql-zakovati, tafakkuri bilan — Inson! Fikrlashdan uzoqlashish insonlikdan chekinishdir. Xalqimizda kishini fikrlashga undovchi naqllar ko‘p. Jumladan “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”, “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil”, “Fikrli odam zo‘r bo‘lur, fikrsiz odam g‘o‘r bo‘lur”, “O‘n o‘yla, bir so‘yla” kabi maqollarda fikru mushohada bilan ish tutish inson uchun nechog‘lik muhimligi o‘z ifodasini topgan. Shunday ekan tafakkur uning doimiy hamrohi bo‘lmog‘i lozim. Mashhur muhaddislardan Hasan Basriy bir soatlik tafakkur ibodat uchun tun bo‘yi qoyim turishdan yaxshiroq ekanligini ta’kidlagan edi. Atoqli adib Oybek ham “Navoiy” romanida shunga o‘xshash fikrni bildirgan.
Fikrdan fikr tug‘iladi, fikr fikrdan quvvat oladi, deydilar. Haqiqatan tafakkur mo‘‘jizalari yangidan yangi mo‘‘jizalarga yo‘l ochadi. Chunonchi Nizomiddin Ganjaviyning yuksak tafakkuri durdonasi bo‘lmish “Xamsa” asari shu mavzudagi qanchadan-qancha bebaho dostonlarning yuzaga kelishiga turtki bo‘lganidan voqifsiz.
Buyuk mutafakkir shoir Jaloliddin Rumiy:
Narsa yo‘qkim, xoriji olam erur,Har ne istarsen, o‘zingda jam erur,degan ekanlar. Bu baytning tasavvufiy va falsafiy ma’nosi benihoya keng bo‘lsa-da, fikr yuritayotgan mavzuimizga ham daxldordir. Istaganimiz o‘zimizda jam ekan, har ishga tadbiru imkoniyatni, eng avvalo, o‘zimizdan izlaganimiz ma’qul.
Nima, o‘zimizda imkoniyat, yashirin quvvat shu darajada ko‘pmi? Ha, ko‘p! Tasavvur qilgan darajamizdan ham ko‘p! Buni yuzaga chiqaruvchi kuch, shubhasiz, fikrlashdir.
Fikrlash bosh miyamiz faoliyati ekan, biz uning imkoniyatidan qanday foydalanayapmiz? Miyamiz qay darajada ishlayapti?
Dunyoda bir qancha insonshunoslik tadqiqot markazlari bor. Olimlarning aniqlashicha, normal rivojlangan odamning bosh miyasi o‘rtacha 3-5 foiz (!), daholar, ya’ni geniylarniki 15 foiz quvvat bilan ishlar ekan. Tabiiyki, bu ko‘rsatkich turli vaqtlarda ko‘tarilib yo tushib turadi.
E’tibor bering: bosh miyamizning juda katta quvvati “zahirada”! Undan foydalanishni 100 emas, aytaylik 70-80 foizga yetkaza olsak, nelarga qodir bo‘lishimizni his eta olasizmi? Tasavvurimizdagi oddiy inson darajasidan yuksalib, mukammallik timsoliga, beqiyos salohiyat sohibiga aylanmaymizmi?!
Diqqat aro fikri qayonkim ketib,Nuqtai mavhumni yuz qism etib.Hazrat Navoiy tafakkur qudratiga ana shunday yuksak baho bergan. Inson hatto mavhum nuqta(!)ni ham idrok etib, aql-zakovati bilan uni yuz qismga bo‘lib tahlil etishga qodir.
Ko‘hna tarix yurtimizda noyob salohiyatga ega qanchadan-qancha aziz avliyolar, mutafakkirlar yashab o‘tishganidan guvohlik beradi. Ular komillikning shunday cho‘qqisiga ko‘tarilganlarki, ko‘p narsalarga botiniy nigoh tashlab, qalb ko‘zi ila ko‘rganlar, yaqin va uzoq kelajakda sodir bo‘ladigan voqea-hodisalarning qachon, qay tariqa ro‘y berishini oldindan bashorat qila olganlar.
Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiyning “Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil” degan hikmatli so‘zlarida ana shu fikr isboti mujassam. Shuning uchun ba’zi mo‘‘tabar kitoblardan aziz avliyolarimizning qay birlari haqida “Falon voqeani butun mohiyati va tafsiloti bilan yoki kimningdir qanday maqsadda qachon kelishini oldindan aniq aytib bergan edilar” degan so‘zlarni o‘qiganimizda ajablanmasligimiz, bu hol bizga ertakdek tuyulmasligi kerak. Ko‘ngil ko‘zi ila ko‘rish dunyoni nurdayin pok, munavvar va beg‘ubor ko‘rishdir.
Umuman, insonni kamolotga chorlovchi, komillikka musharraf etuvchi ta’limotlarimiz zamiriga eng avvalo O‘zingni angla, o‘zingni kashf et, degan g‘oya singib ketgan.
Mashhur olim va ixtirochi Tomas Edison “Sivilizatsiyaning buyuk vazifasi odamni fikrlashga o‘rgatishdir” degan edi. Nazarimda tamaddun o‘zining hozirgi bosqichida ana shu vazifani uddalay olayotgani yo‘q. Negaki insoniyatning katta qatlami TYeRAN fikrlashga u qadar ehtiyoj sezmayapti. Shuning uchun olimning yuqoridagi fikriga bugun kimdir qo‘shilishi, kimdir qo‘shilmay “Bunday qarashlar endi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi”, deyishi ham mumkin. Zamonaviy texnika vositalari, ish va turmush sharoitidagi huzurbaxsh qulayliklar yalqovlikni yuzaga keltirmoqda. Yalqovlik faqat vujudimizga xos emas. Vujud yalqovligi fikrlash yalqovligidan boshlanadi.
Ba’zi mulohazalarimizga e’tiroz bildirib, chuqur fikr yuritish davom etayotgan ekanki, taraqqiyotda hozirgi natijalarga erishildi, deya qator misollar keltirishingiz, bugungi kunni o‘tmish bilan qiyoslashingiz mumkin. Siz haqsiz! Shubhasiz XX asr boshidagi taraqqiyot ko‘rsatkichlarini, aytaylik, XV asr, hatto XX asr avvali bilan taqqoslaganda ham juda ko‘p sohalarda, ta’bir joiz bo‘lsa, yer bilan osmoncha farqni ko‘rish mumkin. Lekin taraqqiyotning hozirgi darajasi, fikrimcha, ko‘p ham hayratlanarli emas. Masalan, tibbiyot sohasidagi beqiyos yutuqlarni aslo inkor etmagan holda, bir qancha kasalliklarga hanuzga qadar samarali davo choralari topilmaganligi ilmiy tafakkur ko‘lami va rivoji qay holatda ekanligini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.
Xullas, har bir davr kishilarning fikru dunyoqarashiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu asnoda odamlar jamiyatni takomillashtirishga intilaveradilar. Tafakkur tirik ekan, zamin aylanishdan to‘xtamay, “quyosh falakda kezib yurarkan”, taraqqiyot to‘xtamaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 23-sonidan olindi.