OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mavjudsanu, yo’qsan…

Bir ko’rishdayoq sevib qolish bor narsa, ammo juda kam uchraydi. Ko’pchilik esa: avval bir-birlarini tanimaydilar, bir necha marotaba to’qnash kelgan bo’lsalar ham payqamaydilar, keyin ularni hayot turli vaziyatlarda uchrashtiradi. Bu shunchaki holat deb o’ylaydilar ular boshida. Ammo… aslida hayotda shunchaki narsaning o’zi yo’q. Xullas, ular sekin-asta bir-birlarini bila boshlaydilar. Asosiy qism mana shu yerdan boshlanadi. 

Qalblar yaqinlashadi, deysizmi? Yo’q, biri ikkinchisini yomon ko’ra boshlaydi! Xuddi u hayotida ortiqchadek, halaqit berayotgandek tuyuladi ba’zida. Nafratlanishi ham mumkin. Sevishini tan olgisi kelmaydi. Keyin esa… Keyin, nima desam ekan, u yog’ini o’zingiz ham bilsangiz kerak. Aytmoqchi bo’lganim, aksariyat sevgi to’satdan sahnaga chiqmaydi, avval yoqtirmaslik, keyin yaxshiroq bilish, undan ham keyin esa usiz yashay olmaydigan darajaga kelish!

Menda ham xuddi shunday bo’ldi. Uni umuman tanimasdim. Borligini ham bilmasdim. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, bir kuni ro’paramda paydo bo’ldi. O’shanda juda yosh edim. Yuqorida sanab chiqqanlarim yuz berdi. 

Ya’ni, sen menga yoqmading. Chunki sen judayam g’alati eding. Keragidan ortiq g’alati! Xuddi boshqa sayyoradan kelib qolgandek. Sen bir olamsanu, biz yashayotganimiz boshqa bir olam. Men bunaqasini orzu qilmaganman, balki yaxshidirsan, lekin menga loyiq emassan, deb o’yladim o’shanda. Sen esa meni o’zingga qaratishni, hayotingda, to’g’rirog’i, mening hayotimda bo’lishni xohlarding. “Yo’q!” dedim men. Sen yana ortimdan qolmading. Men sen bilan yashashni tasavvur ham qilolmasdim. Chunki sensiz hayotim yaxshi edi, sen bo’lgach tinchligim buzilishini bilardim. Ikkinchidan, sen mening atrofimdagi ko’pchilikka yoqmasding, shuning uchun ham qo’lingni tutolmasdim. Majburlama!

“Esingni yedingmi? – dedim bir kuni “portlab” ketay deb, - “Balki seni sevarman, ammo biz birga bo’lolmaymiz”. Seni bilaman, sevishimdan ham ko’ra, birga bo’lishimizni xohlarding. Aslida buni mening manfaatim yo’lida xohlarding. Shuning uchun ham bu javobim senga yoqmadi. Bir so’z demay orqa o’girdingu, ketding. Ketding… Yana hech narsa bo’lmagandek, avvalgi hayotimda yashashni davom ettiraman, deb o’yladim men. Ammo bunday bo’lmadi. Yo’qligingda hammasini angladim: seni sevishimni, sening kerakligingni, sensiz hayot aldamchi ekanligini. U yana qaytib keladi, degan ilinj paydo bo’ldi. Hanuz shu ilinj bilan yashayapman…

Mana, hozir sen yo’qsan. Bor bo’lganingda nimalar bo’lardi, a? Seni haydab solgan men va menga o’xshaganlar yo’lingga ko’z tikib sarson bo’lmasmidi. Yana ba’zilar sensizlikdan quvonib, “Baribir haqiqat yo’q” deya, razilliklarini davom ettirmasmidi. 

“Haqiqat bor!” dedim ularga. 
“Yo’q!” deyishdi ular. 
“Bor!” dedim bo’sh kelmay. 
“Qani unda?” 

Shu savollariga javob bera olmadim. Seni qo’lim bilan ushlab ko’rsatolmadim. Sen yashayadigan makonni ham ko’rsatolmadim. Chunki topolmadim. Baribir ular men bilan noto’g’ri bahslashishdi, men haqiqat umuman olganda mavjud degan edim, ular esa “O’zi yo’qning ko’zi yo’q” qabilida ish tutishdi. Menga ham shuni maslahat berishdi: “Ko’pam haqgo’ylik qilaverma, baribir bu dunyoda haqiqat yo’q!”. 

Lekin sen borsan-ku. Menga ro’baro’ kellgan, hayotimda mavjud bo’lishni xohlagan, axiyri meni sevdirgan sen emasmiding? Sen borsan! Ishonishmasa ishonishmas, baribir sen borsan. Bizni tark etgansan xolos, aslida mavjudsan!

Haqiqat, men sensiz qiynalyapmanu, ammo sensiz rohat-farog’atda yashayotgan son mingta. Ular doim “Haqiqat yo’q”ni hadik bilan aytishadi, bor bo’lib qolishingdan qo’rqishadi. Agar sen bor bo’lsang, ular yo’q bo’lishi kerak-da. Chindan ham sensiz hayot oson. Sen ko’pchilikning tinchlikda yashashiga, boy bo’lishiga, azoblardan qutulishiga halaqit berasan. Sening ularga keraging yo’q. Men ham ular qatoridan joy olishim, yolg’on va nohaqlik bilan yuqori cho’qqilarga chiqishim mumkin edi, ammo birgina narsa – sen uyg’otib ketgan sevgi meni bundan qaytaradi. Agar seni sevmaganimda, agar sen o’zingni sevdirmaganingda, men ham sensiz tinch turmush kechirayotgan bo’lardim, balki o’shalarga o’xshab seni yo’q degan va shu bilan birga bor bo’lib qolishingdan qo’rqqan bo’lardim. 

Seni sevib va shu holatda sensiz yashash qiyin, juda qiyin. Chunki bu yerda sening dushmanlaring bor. Nohaqlik ismli dushmaning har yerda o’rningni egallashga, insonlarni o’ziga jalb qilishga urinadi. Buni uddalaydi ham. U insonlarga juda ko’p va’dalar beradi, hashamat yaratib berishga harakat qiladi. Shundan so’ng kim ham uning ketidan ketmasin?! 

Bir kuni u mening ham qalbimni o’g’irlashga kirishib qoldi. Eh, nodon, o’g’irlangan qalbdan nimani izlaysan? Mening qalbim Haqiqatning qo’lida-ku. Aytishicha, unga qalbim kerak emas, aksincha, qalb va vijdoni yo’qlarni ketidan ergashtirishi oson ekan. Qaragina, sen ilk bor oldimga kelganingda, menga yoqmagan eding, dushmaningni bir ko’rgan odam yoqtirib qoladi. Ammo u hayotimga kirib kelaman, deb yanglishgan edi, to’g’rirog’i kech qolgan edi. Huddi senga boshida “Yo’q” deganimdek (eng katta xatoni qilganimdek) unga ham “Yo’q” dedim.  Bilasanmi, shunda nima bo’ldi? Kulgiga qoldim. Yana menga maslahatlar boshlandi: “O’zingcha nimalar qilmoqchisan?”, “Dunyoni o’zgartirolmaysan”, “Oqimga qarshi suzma” va yana o’sha mashhur gap: “Haqiqat yo’q!”

Men yana sening borligingni isbotlashga behuda urindim va sevgilisini yo’qotgan bevalardek hayot kechirishda davom etdim. Sen qaytib kelishingga ishonib, hayolan sevishganlar deb faraz qildim ikkimizni. Bu “axmoqona” sevgimdan voz kechsamu, sen kelsang, uyatga qolishimdan qo’rqdim.

Seni har kuni izlayman, natija yo’q. Yana dushmaning Nohaqlik atrofimda girdikapalak bo’la boshladi. Shunda men uning qo’lini tutdim! Senga hiyonat qildim! Nohaqalik bilan shirin hayot kechirish uchun emas, boshqalardek rohatga osongina erishish uchun emas, sendan hafa bo’lib, kutaverib sabr kosam to’lganidan, menga yordam bermaganing uchun alam ustida shunday qildim. Ha, Nohaqlikning joyi senikidek kulba emas, qasr ekan. Ammo men unda uzoq yashay olmadim. Haqiqatni sevib, Nohaqlik bilan yashab bo’lmas ekan. Shuningdek, Haqiqatni sevib, Haqiqat bilan ham yashab bo’lmas ekan. Chunki…

Seni sevishimning negadir boshqalarga og’irligi tushadi. Ensalari qotaverib, yaqinda muzlab qolishsa kerak. “Nima, sen har doim halol yashaysanmi?” deb so’rashadi qoshlarini chimirib. Nega tushunishmaydi, men o’zimni halol yoki haqgo’y demayapman-ku. Haqiqatni sevaman xolos. O’zingiz ayting, kimnidir sevsangiz, bu bilan ish bitadimi? Unga erishish kerak. Erishish uchun esa nafaqat sevish, balki sevilish, unga loyiq bo’lish va eng muhimi sevganingiz oldingizda bo’lishi kerak. O’shanda u sizniki, siz uniki bo’lasiz. Endi mening sevgimni faraz qilib ko’ring. U oldimda emas, demak erisha olmadim. Bir oshiqman xolos. Bu esa deyarli hech narsani hal qilmaydi. 

Sevgi hammada har-xil bo’lar ekan. Aslida sevishganlar rashkchi bo’lishadi. Rashk qiladimi, demak sevar ekan, deyishadi. Ishonasizmi, menda rashk yo’q. Seni boshqalar bilan birga ko’rsam, jahlim chiqmaydi, quvonaman. Borligingni o’zi kifoya menga. Yonimda bo’lmasang ham mayli. Faqat “Haqiqat yo’q” deganlarga qarshi chiqolmayotganim alam qiladi-da. Sen haqingda yana bir gap bor-ku, “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” degan, shu gap menga sira yoqmaydi. Chunki meni sening egilishing, bukilishing, sinishing qiziqtirmaydi. Borliging qiziqtiradi. 

Bir paytlar Abdulla Oripovning “Yolg’iz Allohim mening – birinchi muhabbatim” misralari bilan tugovchi she’rini o’qiganimda hayron bo’lgandim, birinchi muhabbat Alloh bo’lishi mumkinmi deb. Mana endi o’zim ham Haqiqatga oshiq bo’lib, sizlarni hayron qoldiryapman. 

Ajoyib kunlarning birida (!) siz bilgan sevgiga duch kelgan taqdirimda ham, aniqki, men uni Haqiqat orqali sevaman va Haqiqatdan ortiq sevolmayman…

 Sevgi bilan bu gaplarning nima aloqasi bor deysizmi? “Rayhonga uylanaman”ga jo’r bo’lasiz-u, “Haqiqatni sevaman”ga quloqlaringiz o’rganolmayaptimi? Uzr, unda!

Agar o’qishda davom etayotgan bo’lsangiz, keling, bir zumga hammasini unutamiz. Eslab ko’ring, balki mavhum tushuncha bo’lib tuyulayotgan Haqiqat sizning ham oldingizga kelgandir. Ko’rmagan bo’lishingiz mumkin, lekin “ko’rmadim” bilan “yo’q”ning farqi bor-ku. Ho’p, siz aytgancha bo’laqolsin, Haqiqat yo’q, chunki siz uni ko’rmagansiz. Siz faqat ko’rganingizga ishonadigan salohiyatli insonsiz! Hech bo’lmasa, Nohaqlikni ko’rgandirsiz, a, labbay? Shoshmang, javob berishdan oldin, eng qalin niqoblaringizni yechib turishingizga (yechib tashlashingizga demayapman) to’g’ri keladi.

Ikkilanib qoldingizmi? Agar “Ha, men haqiqat bilan yashaganman” deb javob beradigan bo’lsangiz, sizga ishonaman! Shu bilan birga havas qilaman, siz haqiqatni sevish barobarida sevgingizga erishibsiz ham! 

Men sen bilan yashashni, sening borligingni isbotlashni niyat qilgandim. Tushunishni xohlamayotganlarni ayblash ham noo’rin bir tomondan. Chindan ham sen yo’qsan-da. Umuman mavjudsan, lekin bizning ko’z oldimizda yo’qsan! Eshityapsanmi, yo’qsan! Mavjudsanu, bor emassan. 

Haqiqat, balki buni talab qilishga haqli emasdirman, ammo o’tinchim, senga qanday munosabatda bo’lganlariga parvo qilmaginda, oldimizga kel. Sevgini sarobga aylantirma. Biz albatta baxtli bo’lamiz!

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.