OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qadimiy dard

Bu dunyo qanchalik qadimiyligini o‘ylab ketasan-da, uning shunchalik muammolari borligi va bu har bir shaxs hayoti davomida ilk ko‘rinishi bilan ko‘z-ko‘z bo‘lishini ko‘rib hayron. Tug‘ilish va o‘lim oralig‘ida bu insonning boshidan kechirgan dard va muammolarini qaytadan bosib o‘tishi, bu mo’jizalardan biri, demasdan iloj yo‘q. Mana, olib qaraylikchi, Tavrot sahifalarida tilga olingan Onan va uning hayotiy muammolari bugungi kunda ham deyarli har bir inson hayoti tarixida qayta-qayta takrorlanib turadi. Birovlar uni dard, shakkoklik, ma’naviy buzuqlik va boshqa salbiy tushunchalarda eslab tilga olishni xohlamasa, boshqalar uni hayotiy muammo, yoshlikning boshdan kechiradigan pog‘onasi, tarbiyaning yetishmaganidan yuzaga keladigan, oddiy fiziologik, hatto tabiatning Olloh tomonidan odam jismiga joylangan irsiy talablaridan biri va boshqa unchalik salbiy bo‘lmagan holat, deb qaraydi.Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, biz inson bolasining o‘z jinsiy ehtiyojlaridan birini boshqa jins ishtirokida emas, o‘zi qondirishi, Tavrotiy Onan afsonasidan bugungi kunda o‘z naqshini olib shu nomda yoshlar orasida uchraydigan holat, ilmiy adabiyotda onanizm deb nom olgan muammo ustida fikr yuritmoqchimiz. 
Muammoning qadimligini ta’kidlash bilan bir vaqtning o‘zida aytib o‘tadigan mulohazamiz shundan iboratki, ushbu muammo haqida yoshlar orasida kiroyi biron yaxshigina suhbat oilada, bog‘chada, maktabda, institutda va hatto boshqa biron tarbiya maskanida o‘z o‘rnida o‘tkazilmaydi va bu yo‘nalishda gap ochsangiz, nima qilasiz kerak emas dardni qo‘zg‘ab, boshqa mavzu quridimi sizga, deyishdan ham tortinmaydilar.
Mavzular ko‘p, ammo dardni yashirsang isitmasi oshkora qiladi, bor muammoni ko‘rmaslikka olishning o‘zi jaholat emasmi. Muammoni ko‘rib ko‘rmaslikka olish bilan u yoshlar orasidan o‘z-o‘zicha ko‘tarilib ketmaydi va yechimi osmondan tushmaydi. Demak, muammo muhokama qilinishi kerak va bugungi kun yutuqlaridan kelib chiqqan holda uning yechimi yoshlarga, tarbiyachilarga taqdim qilingani ma’qul.
Bu hodisa bilan birinchi bor to‘qnash kelgan yoshlarning ahvolini oladigan bo‘lsak, ular hayronlik, qo‘rqish, yechimini bilmaslik holatlariga tushadi. Kattalarni oladigan bo‘lsak, ular ham qo‘rqish, yechimini bilmaslik va bolani tarbiyasizlikda ayblashdan boshlashadi. Shu joyning o‘zida kattalarga nisbatan tug‘iladigan savol: nimadan qo‘rqdingiz, bolangiz o‘z jinsiy a’zosini qitiqlab jinsiy ehtiyojini qondiripti, yechimini bilasizmi, bu yo‘nalishda biron bilimga egamisiz, siz o‘zingiz bolangizga bu haqda biron bilim va tarbiya bermagan bo‘lsangiz, nimaga endi uni tarbiyasizlikda ayblamoqdasiz?
Ayni shu joyda masalaga aniqlik kiritish lozim. Ya’ni, biz aytgan yoshlar va kattalar qo‘rqib tushgan holat onanizmning ikkinchi bosqich ko‘rinishi bo‘ladi. 
Masala bunday kechadi: 
Onanizmning birinchi ko‘rinishi inson bolasida birinchi bor ularning eng yoshlik chog‘laridan boshlanadi. Z. Freyd tili bilan aytganda,  u irsiy holat bo‘lib bizning qadimiy jinsiy talabimizdir. Bolaning barmoqlarini og‘ziga olib so‘rishi, 5- 6 oylik paytidayoq o‘zi bilmagan holda jinsiy a’zolariga qo‘li tegib ketganida ulardan lazzat olishi va bu lazzatli holatni qaytarishga urinishidan boshlanadi. Demak, yoshlarda bu talab tabiiy bo‘lib, yoshlik chog‘ida qattiq baqirib yig‘lash va uning natijasida bolaning butun tana a’zolarining tarang holatga kelishi, qizarishi va undan keyin birdan bo‘shashib sekin uxlab qolishlari, keyinchalik “gorshokda” ko‘p o‘tirishni yoqtirib qolish, “gorshokdan” ko‘tarsangiz yana o‘tiraman deb xarxasha qilish hollari  o‘sha davrdagi tabiiy holat bo‘lib,  ayni biz muhokama qilmoqchi bo‘lgan onanizmning ilk ko‘rinishlaridan biri ekanligini ko‘pchilik ota-onalar bilmaydilar. Boladagi bu talablar patalogik ko‘rinish emas, undan hali qo‘rqmaslik kerak. Lekin bu holatga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan ota-onalar, uning tabiiy holat ekanini bilmagan kattalar bolalarining bu harakatlaridan qo‘rqib, do‘xtirlarga ko‘rsatib, bezovtalanib yurishadi. Ularning fikricha farzandlari qandaydir yomon ish qilganday, uning xulqida yomon harakatlardan nishona borday tuyuladi. Bu qo‘rqish ko‘pincha bolalarga ham o‘tib ularda ham ichki bir qo‘rqish, men yomon ish qilayapman degan, hali o‘zi tushunib yetmagan tushuncha boshlaridan o‘tadi va bu qo‘rquv o‘z vaqtida oldi olinmasa, kattalarga ishonmaslik, inson hayotidagi seksual kechinmalarning katta noxush hollariga olib kelishi mumkin. 
Ayni shu joyda biz bu qadim muammoning inson hayotida uch xilda ko‘rinishini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Birinchisi, bu biz yuqorida aytib o‘tgan bolalikdagi ko‘rinish. Bolaning o‘zi o‘z tanasini, jismi jonini tushunib yetmagan holda o‘z jinsiy a’zolariga teginib lazzat olishi va bu lazzatni qayta-qayta takrorlashga intilish. Bu holat bolgar professori B. Bratanovning ilmiy ishlarida keltirilishicha, erkaklarda yuz foiz, ayollarda 4 dan 3 foizda uchraydi. Ushbu holni amerikalik psixiatr G. Kaplan ham tasdiqlab,  bolalarda bu 15 oydan 19 oygacha keng tarqalgan bo‘lib hech qanday salbiy tushunchaga olib kelmasligi kerak, aksincha, jinsiy a’zolarga qon to‘lishi, ularning o‘sishini, tabiiy holda profilaktika qilib turilishini ta’minlaydi, deb hisoblaydi. Bu holat rus tilidagi adabiyotlarda qoralansa, bizda bu yo‘nalishdagi ishonarli adabiyotlarning o‘zi umuman yo‘q. 
Bu o‘rinda bolalikdagi onanizmni xulqibuzuqlik va seksuallik bilan aralashtirmaslik kerak. Ilk seksual talab va ikkinchi ko‘rinishdagi onanizm bu bolaning jinsiy yetilish davrida bo‘lib o‘tadigan hol va bizningcha onanizmdagi murakkab bosqichdir. Biz bolalar o‘rtasida keng tarqalgan va ayni shu bosqichdagi onanizm haqida batafsilroq to‘xtalmoqchimiz.
Onanizmning uchinchisi, bu ba’zi holatlardagi kattalar orasida tarqalgan ko‘rinishi bo‘lib, u haqda keyinroq fikr yuritamiz.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek bolalikdagi onanizm bilan salkam hamma shug‘ullangan va shug‘ullanadi. Ammo buni axloqiy buzuqlik, yoshlikdagi tez yetilgan seksuallik, umuman xulqiy buzuqlik, deb talqin qilmaslik kerak. Yoshlikdagi jinsiy tez yetilish, patalogik seksuallik, erta homiladorlik va boshqa shunga o‘xshash jinsiy g‘ayriholatlar o‘rtasida onanizm eng og‘ir bo‘lmagan ko‘rinishdir. Onanizmning bola xulqida paydo bo‘lish sabablaridan biri uning jinsiy o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi va asosiy sabab bolaning noto‘g‘ri ijtimoiylashuvidir. Ya’ni, bola xulqida onanizmning paydo bo‘lish sabablarini uning jamiyat orasiga kirishi va bu yo‘nalishlardagi tarbiyasi bilan bog‘liq holatlardagi ijtimoiy munosabatlarda qandaydir uzilish borligidan axtarish kerak. Bola xulqidagi onanizmning ko‘rinishlari har xil bo‘lishi mumkin. 
Masalan, yoshroq bolalarda qo‘l barmoqlarini so‘rib yurish, keyinroq esa o‘zida bo‘lgan va ko‘pincha tasodifiy topilgan biron erogen zonasini topgan holda o‘sha joyni qashlash, uqalash, doimo biror harakatda ushlash va shunga o‘xshash ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Shunday ko‘rinishlardan birini yuqorida “gorshokda” uzoq o‘tirish, deb aytib o‘tgan edik.
Aytmoqchimizki, onanizmning bu turlari odatda kattalarda unchalik qo‘rqish hollarini keltirib chiqarmaydi, chunki bu holdagi onanizmning ko‘rinishlarini kattalarning ko‘pchiligi o‘zlari bilishmaydi. Demak, onanizm va unga bo‘lgan munosabatlarda ko‘proq ushbu tushunchaga kattalarning qanday munosabatda bo‘lishi yotadi. Aslini olganda bu munosabatlar tagida o‘sha katta kishining o‘zidagi yoshligidan qolgan munosabatlar yotganini aytsangiz, bu kattalar o‘zlariga ham ishonishmaydi. 
Ayni holda shuni ham aytib o‘tish kerakki, onanizm va uning turli xildagi ko‘rinishlarini yuqori avlod pedagog va ota-onalar o‘ta salbiy qabul qilishadi. Bu bizning yaqin va uzoq o‘tmishimiz bilan va ularning bu hodisalarga munosabatlari bilan bog‘liq. Chunki, yoshroq, bugungi pedagoglar va ota-onalar bu narsalarga ancha yengilroq qarashlari sezilmoqda. Bugungi kunda tele va boshqa, shu jumladan internet aloqa vositalaridan olinayotgan ma’lumotlar tezligi yoshlarning bu masalalarda ham tez yetilishiga sabab bo‘layapti, deb yengilroq qaramoqdalar. Umuman olganda bu mulohazalarda jon bor. Demak, ushbu ma’lumotlar ko‘paygan holatlarda yoshlarning faqat televizor va internetdan chala-chulpa ma’lumot to‘plashiga yordam bergan holda ma’lum yo‘nalishda suhbatlar uyushtirish, bu narsalar yoshlarni jismonan bevaqt kuchsizlantirishi, holsizlantirishi, seksual hayotga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishi va boshqa bir qancha salbiy holatlarga olib kelishini tushuntirsak yaxshi bo‘ladi.
Bugungi kunda kattalar tomonidan ayni mana shu masala, bolalarning jinsiy aloqa masalalarida “bezbet” bo‘lib borayotgani, seksual, jinsiy aloqa masalalariga qiziqishning erta uyg‘onayotganligi va bu masalada kattalarning, bizlar bu masalada kattalar oldida biron narsa deyishga uyalardik, deb o‘zlarining bez bo‘lib turishlari ikkala tomonni ham oqlamaydi. Kattalarning bor narsani yo‘q, deb turishi va yoshlarning bu narsaga o‘ta mukkasidan ketishlari ham ikkala tomonning munosabati sifatida noto‘g‘ri holatdir.
Bu yo‘nalishda g‘arb mamlakatlaridan birida shunday eksperiment o‘tkazilgan edi, viloyatning bir qismida matbuotda erkak va ayollarning ochiq badanlari ko‘rinishi keltirilgan rasmlar, seksual adabiyot va boshqa shunga o‘xshash nashrlar vaqtincha taqiqlangan, qolgan tumanlarida esa aksincha, jurnal va gazetalarda, boshqa nashrlarda bu holat kuchaytirilgan. Eksperiment natijasi shuni ko‘rsatganki, rasmlar ko‘proq bosilgan mintaqada ayollarni zo‘rlash holatlari birqancha pog‘onaga kamaygan. Buning sabablarini psixolog va psixiatrlar shunday izohlashadiki, ko‘pchilik kishilar bu rasmlarni qarash va ulardan o‘z jismi uchun ma’lum lazzat olish paytida o‘z jismida yig‘ilib qolgan seksual holatga olib keladigan kuchlar boshqa yo‘llar, bilan shu jumladan onanizm yo‘li bilan ham chiqarilib turilgan. 
Jamiyatdagi seksual axloqsizlik asosan ijtimoiy sabablar bilan bog‘liq holdir. Yoshlarning o‘z jismlarida seksual holatga olib keluvchi kuchning yig‘ilishi, ushbu shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini izlab topolmaganidan, jismoniy va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmaganidan, ya’ni, bolaning tanasida yig‘ilgan kuchning boshqa biron yo‘nalishda sarflanmaganligidan yuzaga keladi. Aslini olganda bola tanasida yig‘ilgan kuch jismoniy mashg‘ulot, foydali mehnat va boshqa yo‘llar bilan faoliyatga chiqarilsa u tezgina tinchlanib qoladi va onanizm bilan shug‘ullanishga ehtiyoj qolmaydi. Boshqa holatni aytadigan bo‘lsak, bola to‘planib qolgan seksual kuchini sarflashga yo‘l va yo‘nalish topolmasa va bu to‘plangan kuchni sarflash uchun onanizm bilan shug‘ullansa, bu holatdan keyin u tezda tinchib uxlab qolganini ko‘rish mumkin. Demak, uning bu davrda jamiyat orasiga  ijtimoiylashuvidagi faoliyatning kamchiliklari bartaraf qilinsa, o‘sha siz va bizning oramizga yomon xulq tushunchasi sifatida kirib qolgan onanizmning ham bola xulqida kamayishi va hatto butunlay ro‘y bermasligini ko‘rish mumkin.
Onanizm to‘g‘risida yoshlarga keraklicha ma’lumotlarni bilim va madaniyatga asoslab berish kerak. Berilmagan, o‘rgatilmagan xulq va unga bog‘liq holatni boladan talab qilmaslik va ayniqsa bu holat uchraganda berilmagan tarbiya, o‘rgatilmagan xulq uchun ularni ayblamaslik, gunohkor qilmaslik  kerak. Hayotiy tajribasida bo‘lmagan harakatni bajargani uchun, bu hol uning jismida tabiiy talab bo‘lgani holda uni bajarganligi va bu faoliyat nimagadir jamiyatda axloqsizlik deb qaralishi va uni bola bilmagani uchun bola aybdor emas. 
Yoshlarda onanizm qachon salbiy tuslar ola boshlaydi? 
Bu bolaning onanizm bilan o‘ta ko‘p shug‘ullanishi natijasida darmonsizlanishi  uning jismoniy o‘sishiga salbiy ta’sir qila boshlaganda, tez-tez ijtimoiy foydali faoliyatdan chetlab yakka qolishga urinishi, asabiylashuvidagi xulqiy o‘zgarishlar, seksual ob’ekt qidirishi va uni turlicha ko‘rinishlarda va yo‘llarda topishlari, bu ishtiyoqni qondirishdagi xavfli yo‘llarga duch kelishi, jamiyatdagi o‘z burchlaridan susayishi va shunga o‘xshash holatlar. Bunday hollarda yosh bolaning ijtimoiy muhitini, oilasi va oilasidagi muhitni o‘rganish nafaqat bolaga, ayniqsa ushbu bola yashayotgan oilaga, oilaning kattalariga  zarur tarbiyaviy yordam berish o‘ta muhimdir. 

Mahmud Yo‘ldoshev,
psixologiya fanlari nomzodi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.